OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ulug‘bek Hamdamov. She’riyatimizda Qodiriy an’analari (2014)

Abdulla Qodiriy va Erkin Vohidov

E.Vohidov ijodining A.Qodiriy merosiga aloqadorligi bir qarashda ko‘zga yaqqol tashlanmasligi mumkin, lekin sinchiklab ko‘zdan kechirilganda ustoz-shogird ma’nosidagi ijodiy ta’sirlanishni ko‘rmaslik mumkin emas. Umuman olganda esa, Qodiriydan keyin o‘zbek adabiyoti maydoniga kirgan jiddiy ijodkorlarning deyarli hammasi bu ulug‘ yozuvchi siymosi va merosidan bevosita yoki bilvosita ta’sirlangan, deb aytish to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki Qodiriy iste’dodining kuchi shu darajada ko‘lamli ediki, u nafaqat o‘zbek romanchiligiga asos soldi, nafaqat Behbudiy, Fitrat, Hamza va Cho‘lponlar bilan birgalikda yangi o‘zbek adabiyoti tamal toshini qo‘ydi, ayni damda, qardosh turkiy xalqlar nasriga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Bu fikrlarni zamonamizning zabardast ijodkori, O‘zbekiston qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov ham tasdiqlaydi. Uning Qodiriy bilan bog‘liq fikr-mulohazalari “Iztirob”[1] va “Shoiru she’ru shuur” nomli adabiy-tanqidiy maqolalari, suhbatlari jamlangan kitob­larida o‘z aksini topgan. “Iztirob” to‘plamidan joy olgan “Qadrimiz, qadriyatimiz” nomli mo‘‘jaz maqolasida E.Vohidov Qodiriyyu Cho‘lponlar qismati bilan, dastlab, asosan, ustozlarning hikoyatlari vositasida tanishganini aytadi: “Otaning, uztozning muqaddas vazifasi farzand, shogird qalbiga haqiqat urug‘ini ekmoqdir. Domla G‘ayratiy ana shunday ota va ustoz edi. U elliginchi yillarning boshida, Cho‘lpon, Qodiriylar to‘g‘risida so‘zlashish ham qatag‘on bir zamonda biz – yettinchi, sakkizinchi sinf o‘quvchilari bo‘lgan “dildoshlari”ga ularning hayotini, ijodini so‘zlab berardi. “O‘tgan kunlar”ning boblari ustoz ovozi bilan qulog‘imda qolgan”.[2]

Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabi talay Istiqlol fidoyilarining asarlari millatimizning chinakam mard ziyolilari, kitobxonlari tomonidan uzoq vaqt mobaynida uylarining yerto‘lasi, tomboshisi va og‘ilxonalarining ko‘zdan pana kunjlariga berkitilgan, ba’zan esa xotiralar qa’rida saqlangan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki mening o‘zim ham taxminan 1988-89 yillarda xuddi shunga yaqin bir holning guvohi bo‘lganman. Avvalgi ToshDU, hozirgi O‘zMU filologiya fakultetidagi darslardan birida professor A.Aliev A.Cho‘lponning ulug‘ rus shoiri A.S.Pushkindan o‘girgan “Gul va bulbul” nomli she’rini yoddan o‘qib, so‘ng bu she’rni u bolalik chog‘ida yod olgani, she’rning quyma ohangdor va mazmundor bo‘lgani uchun sirayam yodidan chiqarmaganini aytib bergan edi. Chunki adabiyot tarixidan yaxshi bilamizki, Cho‘lponning ilmiy-badiiy va tarjima asarlari chop etilmas, qachondir chop etilganlarining mutolaasiga ham mutlaqo ruxsat yo‘q edi. Xuddi shunday, A.Qodiriyning asarlari ham necha o‘n yilliklar mobaynida xalqdan olisda tutildi. Shunga qaramasdan, odamlar qaysi bir yo‘llar bilan ulug‘ adibdan qolgan merosga talpinib, o‘z badiiy-estetik zavqini qondirishga urinib keldi. Erkin Vohidov yozadi: “Eski qorong‘i qaznoq shiftidan topib olganim (belboqqa tugib o‘ralgan) “Mehrobdan chayon” meni bir hafta burchak jinnisi qilib qo‘ygan edi. Ko‘zlardan yiroq joyni topib olib muk tushgancha o‘qiganim o‘qigan edi.

 Agar Farhodning Shirin, bo‘lsa Majnunlarning
 Laylosi,
 Nasib etmish menga gulshan aro gullarning
 Ra’nosi.

Hozir shu satrlarni o‘qisam, o‘sha qaznoqning nimyorug‘ burchagi yodimga tushadi, sarg‘aygan varaqlar ko‘zimga ko‘rinadi, chang hidi dimog‘imga uriladi”. Bu satrlar shoirga bir umr yod bo‘lib kelgani, uni ilhomlantirgani, Navoiyyu Fuzuliylarning ijodidagi shohbaytlar yanglig‘ aruz vazniga mehr bog‘lashiga turtki bo‘lgani, umuman, uning ijodiy kredosini ko‘p jihatdan belgilaganini E.Vohidovning o‘zi e’tirof etadi: “Kishi umrida o‘qigan kitoblar ichida shundoq kitoblar bo‘ladiki, ular umrining bir qismiga, inson o‘zligining tarkibiga aylanib qoladi. “O‘tgan kunlar” va “Mehrobdan chayon” men uchun ana shunday kitoblardan. Ular meni odam qilib shakllantirgan. Dunyoqarashimni, yuragim holatini belgilagan, umrim boyligi bo‘lgan kitoblar sirasiga kiradi”.[3] Ko‘rinadiki, Qodiriyning yuqorida ismlari zikr etilgan ikki romani O‘zbekiston Xalq shoiri ijodining shakllanishida juda katta o‘rin tutgan. Aslida, ushbu fikrni rivojlantirib, yanada kattaroq miqyoslarda aytish mumkin va kerak. Chunki bir qarashda, Qodiriy va Vohidov ijodlarida hech qanday zohiriy mushtaraklik yo‘qdek. Ammo masalaga ichkaridan, ijodkorning badiiy-estetik didining tadriji nuqtai nazardan qaralsa-chi? Bunda vaziyat butunlay o‘zgacha manzara kasb etadi. E.Vohidovning o‘z e’tirofi bo‘yicha, “O‘tgan kunlar” va “Mehrobdan chayon” asarlari shoir umrining bir qismiga, uning o‘zligi tarkibiga aylanib ketgan. Bu degani shuki, tashqaridan bu ikki ijodkor asarlari har qancha tafovut qilsa-da (biri XX asr avvalida, nasrda, boshqasi XX asrning oltmishinchi yillaridan keyin, nazmda ijod qilgan), botinan uzviylik kasb etib, vorisiylik xalqalarini paydo qiladi. Shu tomondan boqilganda, Qodiriy, Cho‘lpon va Hamza kabi asoschi san’atkorlarning asarlari butun boshli XX asr o‘zbek adabiyotining ravishiga Yangi o‘zbek adabiyoti tongi otgandan beri zalvorli ta’sir ko‘rsatib kelayotir, deya baralla aytish mumkin va zarur. Bu ta’sir Qodiriy va Cho‘lpon asarlari o‘qilishi man etilgan chog‘larda ham to‘xtagan emas, to‘xtashi mumkin ham emasdi. Chunki ular Navoiy asos solgan yozma o‘zbek adabiyotida yana bir yangi yo‘lni boshlab bergan yo‘lboshchilar edi. Bu ta’sir, avvalo, dunyoni badiiy-estetik idrok etishda, adabiy metodda, qolaversa, obrazlar tizimiyu badiiy priyomlarda, uslubda seziladi. Mana, E. Vohidovning o‘zi bu haqda nima deydi: “Abdulla Qodiriy ruhi bizni uyg‘oqlikka chaqiradi. Qo‘ydek yuvvosh tarqoq va bechorahol bo‘lmaslikka undaydi. O‘z haqi, huquqini tanigan inson – butun inson. O‘z qadru qiymati, shonu sharafini asrayotgan xalq – butun xalqdir”.[4] Ko‘rinadiki, Qodiriy o‘z hayoti va asarlari bilan kelgusi avlodni uyg‘oqlikka chaqirar, uni o‘z haqini bilib yashashga undar ekan. Shundan kelib chiqqan holda, E.Vohidov qalamiga mansub “Ruhlar isyoni”[5] dostoni qatlaridagi isyon motivini eslasangiz, hammasi yanada tushunarli bo‘ladi. Dunyoqarashining shakllanishida Qodiriyning o‘rni va ta’sirini shoir ikki jabhada ko‘radi. Biri taqdiri, boshqasi ijodi misolida. “Isyonkor she’rlarim zimnida ana shu ta’sir bor. Shu ma’noda men – men ko‘rgan, yaqin muloqotda bo‘lgan odamlardan, asarlarini o‘qigan ijodkorlardan iborat bo‘lsam kerak, deb o‘ylayman”, deydi u kaminaning savollariga javob berarkan.

E.Vohidov she’rlarida Qodiriy asarlari (romanlari)dan bevosita ta’sirlangan o‘rinlarni topib ko‘rsatish, albattaki, mushkul. Ammo XX asrning ikkinchi yarmida g‘azal janriga yangi zamon to‘nini kiydira olgan (“Yoshlik” devoni bilan) shoirning o‘zi aytadiki, “mening mumtoz she’riyatimizga qiziqishimda Navoiyyu Fuzuliylardan keyin Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romanida keltirilgan g‘azallar benihoya katta ta’sir qilgan. Shu ma’noda, Qodiriy asarlari ruhi ijodimda sezilib turadi, deya bemalol ayta olaman”, deydi. Buning isbotini yana shu dalilda ko‘rsa bo‘ladiki, shoir Qodiriy romanlarini isloh qilingan alifbolarning barchasida (arab, lotin va kirill imlolarida) o‘qib chiqqanligini ta’kidlab aytadi. “Qodiriy asarlari, nazarimda, proza emas, poeziyadir. Ular she’rdek o‘qiladi. Qodiriy va Cho‘lponlarga tuzumning munosabati, aslida, mening va tengdoshlarimning tuzumga bo‘lgan munosabatlarimizni ma’lum ma’noda belgilagan edi”, deydi shoir suhbat chog‘ida.

“Qodiriyni Yevropa unchalik yaxshi qabul qilmaydi. Chunki Sharq va G‘arb dunyoqarashi va falsafasi o‘rtasida katta farqlar mavjud. Masalan, Yevropa va hatto rus kishisi “O‘tkan kunlar” romani bosh qahramoni Otabekni muhokama qilgan bo‘lardi, “Nima uchun u o‘z erkini ota-onasiga topshirib qo‘ydi, o‘z baxti va muhabbati uchun kurashmadi?” degan bo‘lardi. Albatta, bu e’tirozlar G‘arb dunyoqarashi va falsafasi nuqtai nazaridan to‘g‘ridir, lekin Qodiriy asarlarini, uning rango rang qahramonlari ruhiyatini to‘g‘ri tushunish uchun o‘quvchi Sharq insoni bo‘lishi shart. Yevropa kuch-qudratni yaxshi ko‘radi. Majnun tabiatida ojizlik bor, bo‘ysunishga moyillik bor. Ammo bu shunchaki ojizlik emas, balki Olloh oldidagi ojizlik bilan bog‘liq falsafaga borib taqaladi. Bunday ojizlikni G‘arb qabul qilmaydi, tushunmaydi. Shuning uchun Qodiriyni Yevropalik to‘g‘ri baholay olmaydi”,[6] deydi shoir. Ya’ni, boshqacha aytganda, Qodiriy asarlari shoirning G‘arbu Sharq haqidagi o‘y-mulohazalariga, umuman, ijodining kamol topishiga ulkan ta’sir qilgan.

Asrning ilk choragida Abdulla Qodiriy, Erkin Vohidov ta’biri bilan aytganda, “butun inson” sifatida yashab, ijod etgan ko‘yi xalqining butunligiga munosib hissa qo‘shgan esa, asrning so‘nggi choragiga kelganda, Vohidovning o‘zi ulug‘ salaf adib yo‘lidan borib, millat dardi aks etgan yoniq she’rlar, dilrabo g‘azallar, qalbu ong­larga muhrlanadigan dostonlar bitdi, natijada, bu ikki ijodkor “hamkorligi” misolida avlodlar o‘rtasidagi vorisiylik an’anasining davom etib kelayotganini kuzatishimiz mumkin bo‘ldi.

Abdulla Qodiriy va Muhammad Yusuf

O‘zbek adabiyotida juda ko‘plab shoirlar Qodiriyga, uning o‘lmas romanlari qahramonlari – Otabek, Kumush, Anvar, Ra’nolarga she’rlar bag‘ishlaganlar. Lekin bu borada M.Yusufning xirmoni uzoq-uzoqlardan ham ko‘zga yaqqol tashlanib turadi: shoirning bir necha o‘nlab go‘zal va haroratli she’rlari ayni mavzuda bitilgan. Muhammad Yusufning Qodiriy siymosiga, uning asarlariga, xususan, “O‘tkan kunlar” romaniga, uning qahramonlari – Otabek, Kumush va Zaynabga murojaat tarzida yozgan she’rlari, ayniqsa, ko‘pchilikni tashkil etadi. “Vatanim”, “Tushimga kiradi Qodiriy bobo”, “Muhabbat”, “Kundoshli uy”, “Laganbardorlar”, “Yurtim, ado bo‘lmas armonlaring bor”, “Sodda Muhammadman”, “Kinoga kirmayman”, “Zaynab qo‘shig‘i”, “Bibi”, “Ot­­­­­a­bek qo‘shig‘i”, “Tushimga kiradi Qodiriy bobo” (shoir bir xil nom ostida ikkita she’r bitgan), “Toshkent”, “Ona tilim” kabi she’rlarida bevosita yoki bilvosita Qodiriyning o‘ziga va asarlariga, ularning qahramonlariga murojaat bor bo‘lib, buning ma’nosi g‘oyat teranlarda ekanligi, ya’ni ikki ijodkor ruhining xalq ruhiyatiga yaqinligi bilan izohlanadi. Xususan, Istiqlolga erishgan millatning estetik, ijtimoiy, siyosiy, madaniy va ruhiy jihatdan qaddini tiklashi pallasida Qodiriydek yurt ozodligi va millat ravnaqi yo‘lida jonini fido qilgan qahramonlar nomini eslanishi, ularning yodi va ishlariga suyanilishi alaloqibatda maqsadu intilishlar mushtarakligidan dalolat bo‘lib, M.Yusufning ayni mavzudagi she’rlari so‘zimizning yaqqol misolidir. Shu ma’noda, shoir she’rlarini mazmun-mundarijasiga ko‘ra bir necha guruhga ajratishimiz mumkin. Chunonchi, bevosita “Otabek qo‘shig‘i”, “Kumush”, “Zaynab qo‘shig‘i” kabi she’rlar “O‘tkan kunlar” romani qahramonlari tilidan yoki ularga murojaat tarzida bitilgan. Shunisi e’tiborga loyiqki, shoir har bir she’r qahramoni ko‘zi bilan dunyoga qaraydi, ularning dardini (o‘z nazarida davom ettirgan holda) she’r tili bilan izhor aylaydi:

Sen Shirinu men ham Farhod emasman,
Sen achchig‘u men ham novvot emasman.
Zaynab, Zaynab, menga aytma zoringni,
Sen dilxunu men ham dilshod emasman...
 
Boshga neki tushsa, ko‘kdan atomish,
Biz bir qafas aro giryon bir juft qush.
Bir go‘shada sen xomushsan, men xomush
Sen vayronu men ham obod emasman...[7]

 Shu tarzda shoir Otabek tilidan romanda bayon etilgandan o‘zgacharoq manzaralarni chizadiki, natijada o‘quvchi Otabekning chorasizlikda qolgan holatini, dardini teranroq, ko‘lamliroq anglaydi, ayni damda, Zaynab tushib qolgan vaziyatga, uning fojiasiga ham boshqa nuqtai nazardan razm soladi, unga salbiy qahramonga qaragandek qarashni bir zumga qo‘yib, sho‘rlik ayolni “ko‘kdan ato” taqdirga bo‘yin sungan bir bechora o‘laroq taniy boshlaydi. Boshqacha aytganda, M.Yusufning yuqoridagi she’rlari misolida roman voqeligi va qahramonlar xatti-harakatlari o‘ziga xos yo‘sinda talqin qilinadi.

Tengim boshqa, dedi yor,
Topdim desam tengimni.
Marg‘ilonlik bir dildor
Tortib oldi begimni...
 
Nima bo‘ldi bek yigit,
Bekangizga qarash yo‘q?
Kumushdan ming o‘rgilib,
Zaynabdan hol so‘rash yo‘q...[8]

“O‘tkan kunlar” romanini o‘zini ziyoliman degan o‘zbek o‘quvchisi borki, o‘qigan, uqqan, mag‘zini chaqqan. Odatda, asarni o‘qib bo‘lishi bilan o‘quvchi qalbini Kumushga nisbatan muhabbat va achinish hissiyu Zaynabga nisbatan nafrat tuyg‘usi qamrab oladi. M.Yusuf she’rlari esa o‘quvchining ana o‘sha ilk munosabatiga tahrir kiritadi, hammasini boshqatdan o‘ylab ko‘rishga, Zaynabni ham bir inson o‘laroq tushunishga undaydi. Buning uchun esa voqelikka aynan Zaynab ko‘zidan qarash talab etiladi. Bu, Zaynabning mudhish qilmishini oqlashga intilish emas, balki u tushib qolgan vaziyat chigalligini va kundoshli ayol boshiga yog‘ilgan sho‘rish zalvorini yurak-yurakdan his qilishga da’vat etish deganidir.

Marg‘ilonda Kumushni ko‘rdim,
Ko‘ziga yosh olib turibdi.
Sochlarini maydalab o‘rib,
Otabekni izlab yuribdi...[9]

“Kumush” deb nomlangan she’rida shoir ana shunday manzarani chizadi. Bu bilan esa o‘quvchi xayolini yana o‘sha buyuk sevgi qissasiga, bag‘oyat go‘zal va sadoqatli Kumush obraziga – sochini mayda o‘rib, ko‘zi to‘la yosh bilan Marg‘ilonda Otabekni izlab yurgan Kumushga qaratadi. Natijada, o‘quvchi ko‘z o‘ngida yana “O‘tkan kunlar” romani voqealari, qahramonlari jonlanadi-da, beixtiyor, asarning badiiy olami chashmasidan estetik didi chanqoqligini qondirib oladi.

She’rlarning boshqa bir guruhi esa Qodiriyning nomi bilan bog‘liq. “Tushimga kiradi Qodiriy bobom”, “Vatan”, “Yurtim, ado bo‘lmas armonlaring bor”, “Toshkent”, “Ona tilim” deb nomlangan she’rlar ijtimoiy mavzularda bo‘lib, o‘quvchi e’tibori o‘rni-o‘rni bilan Qodiriy siymosiga yo‘naltiriladi: 

O‘tkan kuning o‘tkan kundir,
O‘z boshingga yetgan kun.
Qodiriyni bergan zamin,
Qodiriyni sotgan kun.
Qo‘lin bog‘lab,
Dilin dog‘lab,
Yetaklashib ketgan kun,
Voh bolam! deb aytolmagan
Dudug‘imsan, Vatanim.[10] 

Qodiriy qo‘lini bog‘lab, dilini dog‘lab ketgan o‘tkan kunni eslash bu Vatanimiz tarixini, kechagi qora kunini xotirlash va tarixdan to‘g‘ri saboq chiqarishga yuzlanishdir. O‘sha vaqtlarda Vatan va millat dushmanlari bag‘oyat kuchli bo‘lib, Qodiriy kabi millatning ma’naviy gullari payini qirqqani, qolganlarni esa duduq bo‘lishga majbur qilgani yaqin kechmishimizdan ma’lum. Demak, she’r tarixni kinotasma yanglig‘ o‘quvchi ko‘z o‘ngidan qayta kechirib, xayolida jonlantirgan ko‘yi badiiy idrok etishga chorlayapti.

Uchinchi guruh she’rlar esa u yoki bu mavzu haqida bo‘lib, yo‘l-yo‘lakay Qodiriy asarlari va asarlari qahramonlarining nomlari yodga olinadi, bundan kerakli xulosalar chiqariladi. “Yurtim, ado bo‘lmas armonlaring bor, Toshlarni yig‘latgan dostonlaring bor, O‘tmishingni o‘ylab og‘riydi jonim, Ko‘ksing to‘la shahid o‘g‘lonlaring bor”.[11] Tarixiy harakatda ma’lum bosqichga yetgan millat shoiri ortga o‘girilib, o‘tmishni yodga oladi, uni anglamoqchi, anglaganlariga ko‘ra xulosalar chiqarmoqchi bo‘ladi. Chunki bu millat yangi tarixiy burilish oldida turibdi, bu tarixni yaratish uchun esa kechagi kun sarhisob etilishi shart: “Alhazar, alhazar, ming bor alhazar, Ana, yurishibdi kiyganlari zar. Qodiriyni sotib shoir bo‘lganlar Mehrobingdan chiqqan chayonlaring bor...” Bu bilan shoir kechagi davrning fojialariga e’tiborni qaratib, undan kerakli, bugungi va ertangi kun uchun zaruriy o‘gitlar chiqarishga undayotgandek bo‘ladi. Ya’ni Qodiriyga, uning achchiq qismatiga va asarlariga murojaat orqali shoir kelajak avlod ma’naviyatiga xizmat qiladi. She’r “Qodiriyni sotib shoir bo‘lganlar – Mehrobingdan chiqqan chayonlaring bor...”[12] degan alamangiz misralar bilan yakunlanadi. Bu misralarning birinchisida, Qodiriyning achchiq qismatiga va uni sotganlarga, o‘sha murakkab davrga ishora bo‘lsa, ikkinchisida, buyuk adibning “Mehrobdan chayon” nomli ikkinchi romani nazarda tutiladi. Ayni damda, yana bir ma’noki, roman nomi Qodiriyni sotganlarga epitet sifatida xizmat qildiriladi. Ko‘rinadiki, tarix kitobini varaqlash, tarixni idrok etishning yagona yo‘li emas ekan. Tarix kitoblarini uqib- o‘qish yonida badiiy adabiyot qahramonlari qismatlari va dardlarini anglash ham millat o‘tmishini his qilib anglashga olib borarkan. Aytilgandan shunday xulosa qilish mumkin: badiiy adabiyot tarixga olib borguvchi yana bitta yo‘l – his va tafakkur bilan yo‘g‘rilgan muqaddas yo‘l.

Shoirning yana shunday she’rlari borki, ularni to‘rtinchi guruhga oid, deb atash mumkin. Chunki ularda shoir Qodiriy qahramonlariga murojaat vositasida o‘z ahvoliga nazar tashlaydi, uni o‘quvchi ko‘z o‘ngida bor bo‘yicha gavdalantirmoqchi bo‘ladi. Chunonchi, “Bibi” nomli she’rdan o‘qiymiz:

Marg‘ilon havosi elitdi andak,
Ma’yus ko‘chalarda yurdim dovdirab.
Hozir Kumush chiqib qoladigandek
Har eshikka boqdim ko‘zim jovdirab.
Chiqsa, Bibi derdim,
She’rga yor bo‘ldim,
U bir yuho yanglig‘ domiga tortar,
Shuhrat yo‘liqqanda do‘stga zor bo‘ldim,
Qalbimni yolg‘izlik azobi o‘rtar.

Ya’ni Kumushbibiga dardini izhor aylarkan, el aro mashhur shoirning oddiy inson sifatida bir do‘stga zorligi, ustiga ustak, yovlarining ko‘p va ulkanligi quyiroqda bayon etiladiki, natijada shoir qismati “O‘tkan kunlar” romani qahramoni Kumush obrazi bilan qiyos etiladi:

Aslida-ku, shaharga yo‘lim chap edi,
Netay, poytaxtdaman, nasibam ekan.
Sening-ku, dushmaning bir Zaynab edi,
Mening kundoshim ko‘p, yovlarim ulkan.
 
Bulardan qo‘rqqulik. Bular dog‘uli,
Zaynab nima? Zaynab bir rashk bandasi.
Bular dushmanlarning eng nomard xili,
Bular kundoshlarning eng sharmandasi...[13]

Alamli va achchiq ayblov shoir bilan zamondosh ayrim olchoq, ichiqora va tuban kimsalarning asl basharasini, yovuz siyratini ochib tashlaydi, ayni damda, M.Yusufdek ulkan shoir dardini, armon va iztiroblarini elga oshkor aylaydi.

Ko‘rinadiki, Muhammad Yusufdek xalqga, uning ruhiyatiga eng yaqin shoirlardan biri butun ijodi davomida ulug‘ yozuvchi Abdulla Qodiriy va uning asarlariga murojaat qilganligi sira bejiz bo‘lmay, bu avvalambor, adib va shoir dunyoqarashida, olamni badiiy-estetik qabul qilishida muayyan mushtarak jihatlar borligini ko‘rsatadi. Qolaversa, Qodiriy ijodi M.Yusuf she’riyati suv ichgan ko‘plab zilol chashmalardan biri ekanligini bildiradi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 4-son

----------------------------------------------------

[1]Iztirob. Toshkent. O‘zbekiston. 1992.

[2] O‘sha asar. 

[3]Iztirob. Toshkent. O‘zbekiston. 1992.

[4]O‘sha asar.

[5] E.Vohidov. Saylanma. Ikkinchi jild. Toshkent.”ShARQ” NMAK.2001.

[6]Suhbatdan.

[7]M.Yusuf. Saylanma. Toshkent, "Sharq" 2007. B 180.

[8] M.Yusuf. Saylanma. Toshkent, "Sharq" 2007. B 144.

[9]O‘sha asar, B.249.

[10] O‘sha asar, B 11.

[11]O‘sha asar, B 64.

[12] O‘sha asar, B.63

[13]O‘sha asar, B.169.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.