OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qodiriy. Ijmoli sayosiy (1922)

Kichkina feleto‘n

Yuqoridagi sarlavhani o‘qug‘ach miyangizga Genuya kanferensiyasi[1], Lo‘yd Jo‘rjning ich og‘rig‘i-yu Puanqaraning itlanishi va boshqa shuning kabi bir birisiga zid bo‘lg‘an fikrlar qatorlasha boshlar. Agar chindan ham shunday fikrlar qatorlashqan, cho‘chitkan va yuragingizni bezillatkan bo‘lsalar, siz tinchlana ko‘ringiz. Chunki maning «Ijmoli sayosiy» sarlavhasi ostida yozaturg‘an maqolam boshqa to‘g‘ridadir. Agar ichingiz kelmay «Ijmoli sayosiy»imni hozirdan bilib olmoqqa yuragingiz shopirinib, ishtibohingiz kuchaygan bo‘lsa, berdisini ham aytib qo‘ya qolay:

Oting qurub, egasiz qolg‘ur masalaning ta’biri ham qiyin... nima deb ta’bir etsam ekan?!

Masalaning mavzui — «Imloyi ijmoli sayosiy»; yo‘q, bu kelishinqiramadi; «Ijmoli sayosiyi imlo»; endi bu ta’bir uttasidan ham qo‘polroq chiqdi. Bundagi ta’birlarning ikkalasi ham o‘zimga yoqmaydir. Lekin siz bu ikki to‘mtoqda bir narsa sezgan bo‘lsangiz faqiringizga yetar. Joyi kelganda shuni ham aytib o‘tay: faqiringiz janob Ali hazrat darvesh kabi alsabasnai, sharqiyai, g‘arbiyai, qalmoqiyalardan ta’birlar to‘qumoqqa va suxan gulistonining bulbuli xush alhoni bo‘lmoqqa qo‘limdan kelmas.

Maqsadg‘a ko‘chaylik:

Sharq siyosat dunyosining aynuqsa, turklik olamining miyasini aylandirgan masalalardan biri va birinchisi imlo sayosatidir. Sharq sayosiyunlarining ba’zilarining so‘zlarig‘a qarag‘anda Sharqning butun ozodlig‘i ham shu imlo sayosatiga kelib bog‘lanur ekan.

Bu kungacha imlo politikasi qochiq urushuvlari kabi, undan-bundan part-purt tovish chiqarib qo‘ysa ham, lekin keyingi kunlarda, aynuqsa, Toshkandda jiddiy suratka kirib ketdi. Toshkandda ma’orif qurultoyi bo‘lub, belgulangan qurultoy «Imlo-harb maydoni» tusini olib yubordi. Butun qish bo‘yi bir birisiga qarshi tishini g‘ijirlatib kelgan ikki firqa ixtiyorsiz suratda bir-biriga hujum qilishdi.

Ahvolning bitishiga qarag‘anda, chaplarning muvaffaqiyati ochiq ko‘riiib qoldi. Chunki chaplarning avang‘ardlaridan bo‘lg‘an Fitrat xalfa Buxorog‘a ketkanidan beri kecha-kunduz tinmay, o‘zining negiz qo‘yg‘an masalasiga muvaffaqiyat tilab hazrat Bahovaddinning daxmasidan bir qarish ham ajralmag‘an. Rivoyatlarga qarag‘anda, uning duosi mustajob bo‘lg‘an deydirlar. Biroq o‘nglarning boshliqlaridan sanalg‘an Munavvarqori garchi hazrat Shayxhovanditaxur mozoridan bir qarish ajralmay tunab va kunab chiqqan bo‘lsa ham, lekin buzrukning nazari asnosida ko‘pincha mudrab g‘ofil qoldi, deydirlar. Xo‘qand atrofi Ashurali Zohiriy ishoratida bo‘lsa ham, biroq ul amaliy ishlar ishlay olmag‘an. Chunki bu kungacha ul chaplar bilan birinchi to‘qnashuvda olg‘an jarohatini tuzatmak bilan sargardon bo‘lub, boshqa hozirliqlar ko‘ra olmag‘an ekan.

Ishonchliq manbalardan oling‘an xabarlarga qarag‘anda, bu dahshatlik foji’ani o‘z foydalari bilan bitirmak uchun har ikki tomon o‘z vakillarini duogo‘y Nazir maxzum uzlatxonasiga kirgizib, nazir berib, xolisona duolar olg‘an ekanlar. Birinchidan, Nazir maxzumning ko‘nglining yumshoqlig‘i, ikkinchidan, o‘zining ham qaysi yoqqa o‘tmakka bo‘lg‘an taraddudi sabablari bilan hali bir tarafka ham duoi xayr qilg‘anlig‘i ma’lum bo‘lmay, bir tomonning muvaffaqiyati va ikkinchining mag‘lubiyatiga yo‘l bermay qolg‘anlig‘i ma’lum bo‘ldi.

Imlo politikasidan boshqa masalalarga o‘tkanda qurultoy ag‘zolarining turluk tomong‘a turub ketib, ustol yonida prezidiumning yolg‘uz qolg‘an vaqtlaridag‘i tinchliklardan ko‘z yumub o‘tilsa «Muxoraba — qonliq bordi», demakka arzig‘uliqdir.

Bu to‘g‘ridag‘i afkori umumiyaga kelganda ishlar bundaydir:

Toshkandning Yahyaxo‘ja eshon, Etemas eshon va Cho‘pqo‘ymas eshonlari kecha-kunduz yig‘lab-sixtab Munavvarqori va Avloniy haqqig‘a duo qilib, chaplarga la’nat yog‘dirib yotadirlar.

Sharqda imlo sayosati va xorijiy davlatlarning qarashi masalasiga to‘xtag‘anda ish bunday boradir:

Lo‘yd Jorj lo‘rdlar palatasida: «Sharqdagi yangi imlo politikasi agar ishka oshsa, Hindistonning isyonig‘a ham buyuk ta’siri bo‘lmay qolmas», degan. Puanqara o‘zining oliy sho‘roda so‘zlagan so‘zi orasida: «Genuya kanferensiyasi biz uchun na daraja mash’um bo‘lsa, Sharqning imlo politikasi ham shunchaliqdir» degan.

«Narimon Narimonov o‘zining bir to‘rba lotin harflarini orqalab, Turkiston yo‘lig‘a chiqdi», degan xabarlar yursa ham, biroq bu ishonchliq manbadan oling‘an xabarga o‘xshamaydir.

Har holda imlo muhorabasi juda dahshatlik bir ravishga kirib butun dunyoning diqqatini o‘ziga tortmoqdadir.

Har ikki tomonning qahramonlari safka!

Julqunboy

«Qizil bayroq» — 1922 yil, 15 aprel, 164-son

 

[1] Genuya konferentsiyasi — 1922 yilning 10 aprel 19 may kunlari Italiyaning Genuya shahrida o‘tkazilgan xalqaro iqtisodiy, moliyaviy konferentsiya. Unda 29 davlat qatnashgan. Konferentsiya birinchi jahon urushidan so‘ng Markaziy va Sharqiy Yevropa iqtisodiyotini tiklash programmasini ishlab chiqish maqsadida chaqirilib, unda asosan Sovet hukumatini kapitalistik mamlakatlarga iqtisodiy va siyosiy jihatdan bo‘ysundirishga urinilgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.