OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qodiriy. Nega kim (1920)

Kichkina feleto‘n

Elbekga bagishlab

Elbek o‘zining maqolasida nega «negakim»ni ko‘b yozadir?

—     Negakim, Elbekning tuprog‘i «negakim» degan yerdan olinub «kim-kim» degan daryoning suvidan aralashdirilib, loy qiling‘ani uchun.

Mirmulla aka nega Hamza Hakimni ilgarigidek yerga urmay maxtiy boshladi?

—     Negakim, Hamza Hakim jonidan to‘yg‘anidan so‘ng Mirmullag‘a sohnada afsun o‘qub, dam urgani uchun.

Janob saodatmaob, muhtaram «Nomakob»ning yozg‘an falsafalariga nega men tushunmayman?

Negakim, janob «Namakob»[1] o‘tacha olim bo‘lg‘ani uchun.

Nega xalq betoblanub, sayohat jabdug‘ini tuziy boshladi?

—     Negakim, ramazon oyi yaqinlashgani uchun.

«Ishtirokiyun» gazetasi nega bir kun chiqub, bir kun chiqmay oqsay boshladi?

Negakim, harf teruvchi xizmatchilarni hukumat ortiqcha tuydurub, qorun soldirg‘ani uchun.

Nega gazetalarda turklar borasida dahanaki ur-ur, sur-sur, janjal, to‘polonlar bosilub qoldi?

—     Negakim, hamma janjal afandining choponi ustida bo‘lg‘ani uchun.

Nega men «Nashriyoti G‘ozi Yunus» haqinda yozmadim?

—     Negakim, bunga xos qasidaning borlig‘i uchun.

Nega so‘zingni shu yerda to‘xtatmoqchi bo‘lasan?

—     Negakim, bundan ortiqni zamon ko‘tarmag‘ani uchun.

Julqunboy

«Ishtirokiyun» — 1920 yil, 8 may, 91-son, 1-bet

[1] Nomakob — sovet partiya va davlat arbobi, tilshunos va jurnalist Nazir To‘raqulovning taxallusi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.