OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aminjon Mamatov. Kosa tagida nim kosa (1991)

Milliy munosabatlarning keskinlashuvi kutilmagan hodisa emas, uni demokratiya va oshkoralik natijasi deyish ijtimoiy hodisalarni bir yoqlama talqin qilishdir. Jamiyat taraqqiyotini hech qanday ziddiyatlarsiz, fikrlar kurashisiz faraz qilish va bunday sokinlikni yer yuzining oltidan birini egallagan ulkan mamlakatda kutish mantiqqa zid. Ziddiyatlarsiz jamiyat kishilarning fikrlashi, yashash tarzi, hodisalar mohiyatini anglashi bir xil bo‘lganda yuz berishi mumkin. Hozirgi ziddiyatlarga faqat iqtisodiy qiyinchiliklargina sabab emas, balki ular ijtimoiy-siyosiy sohada yo‘l qo‘yilgan xatolar, xususan, teng huquqlilikning amalda bo‘lmaganligi, uzoq yillar davomida hammaning har qanday buyruqni so‘zsiz bajarishga ko‘nikib qolgani oqibatidir. Hamma gap ziddiyatlarning chegaradan chiqib, qonli to‘qnashuvlarga aylanib ketmasligida, mag‘lub hamisha aybdor bo‘lganidek, mavjud ziddiyatlar manbaini quyidan, kichiklardan qidiravermaslikda. Endi turli davrlardagi tarixiy va iqtisodiy-siyosiy hodisalarni qiyosan o‘rganmasak, hozirgi milliy ziddiyatlar negizini to‘g‘ri anglab bo‘lmaydi.
Bizning bu haqda fikr yuritishimizga, yaqinda Ittifoq Mudofaa vazirining Baliqchi tumani partiya qo‘mitasi birinchi kotibi Bekjon Rahmonov maktubiga javobi turtki bo‘ldi. Ayonki, armiyadagi vaziyat Ittifoq miqyosidagi umumiy ahvol bilan bog‘liq. Albatta, o‘lim hammaning boshida bor, ammo tinchlik sharoitida shahardan-shaharga o‘lik tashish katta fojia. O’tgan yillar ichida harbiy xizmatda halok bo‘lgan birorta yigitimizning o‘limi haqida markaziy matbuotning o‘z tashabbusi bilan chiqqani, biror boshliqning jiddiy jazolangani ma’lum emas. To‘g‘ri, Moskva harbiy tribunali qurilish «oqsoqol»laridan Umarbek Magamadovni rus askari Igor Ivanovni urgani uchun 7 yilga hukm qilgan («Komsomolskaya pravda», 1990 y. 23 noyabr).
Javobda yigitlarimiz o‘limi tan olinsa-da, ammo ayb ularning o‘zlariga qo‘yiladi, jiddiy harbiy islohot zarurligi esa tilga olinmaydi: «O’zbekiston SSSRdan chaqiralyotgan yoshlarning ko‘pchiligi umumiy va texnik tayyorgarligi bo‘sh, rus tilini yaxshi bilmaydi. Bu esa ularga harbiy mutaxassislikni egallashlariga qo‘shimcha qiyinchiliklarni tug‘diradi. Shuning uchun ular harbiy qurol va texnikani egallashda boshqa harbiy xizmatchilardan orqadi qolishadi. Bularning hammasi halokatsiz ishlashlariga to‘sqinlik qiladi». Bu yerda uchta muhim masala bor: umumiy va texnik tayyorgarlik, til bilish hamda harbiy mutaxassislikni egallash. Bulardan muhimi til muammosidir, chunki u xalqlarning o‘zaro aloqalariga borib taqaladi va milliy munosabatlarning keskinlashuvida ham, barqarorlashuvida ham, muhim o‘rin tutadi. Binobarin, harbiy xizmatdagi fojialarga yigitlarimizning nimjonligi bosh sabab emas.
Javobdan anglaymizki, yigitlarimiz rus tilini biladi, faqat «yaxshi bilmaydi». Xo‘sh, qaysi millat vakillari o‘rta maktabda o‘zga tilni ommaviy ravishda mukammal egallab chiqdi? Harbiy xizmatga olingan har bir yigitdan esa o‘sha ondayoq ruscha javob birish talab qilinadi, bilmasa ta’na eshitadi, kamsitiladi, hatto til bilganlar so‘z o‘yini, qochiriq, istehzo qilib til bilmaganlarni haqorat qilishi, ustidan kulishi mumkin. Milliy ziddiyatlar kuchayishidan oldin ham o‘zbeklarni «bosmachi» deb ataganlari sir emas. Shunda tushunsa-da, vaqtida javob berolmasa, kishi ruhan eziladi. 1989 yilning o‘n oyi ichida o‘z joniga qasd qilgan 73 yigit («Yosh leninchi», 1990 y. 8 dekabr) ana shunday kamsitish, ruhiy ezilish qurboni bo‘lsa kerak. Allaqachondan beri partiya va hukumat hujjatlarida sovet fuqarolari bolalarini istagan tilda o‘qitishlari mumkin deyiladiki, bu boshqa tilni bilish majbur emasligini ko‘rsatadi.
Shu o‘rinda O’zbekistondagi davlat tili Qonuni talabini eslab ko‘raylik. Agar askarlardan til bilish shu onda talab qilinsa, bizdagi Qonunning 4,7 va 8-moddalari boshqalarning davlat tilini o‘rganishlari uchun 8 yillik muddat belgilagan, boz ustiga bepul o‘rgatish va o‘qitishni ko‘zda tutgan. Yana bu muddat o‘zbek tilini bilmagan har bir kishi uchun emas, balki rahbarlar uchun mo‘ljallangan. Ayniqsa, Qonunning davlat tilini harbiy qismlarga tatbiq qilmaslik haqidagi ko‘rsatmasi, hatto tuman harbiy idoralari ham Qonunni tan olmasligiga asos bo‘lgan. Davlat tili Turkiston harbiy boshqarmasiga daxldor emas, deb izoh berilganda ham boshqa gap edi. Bular Qonunning shoshilib qabul qilinganligini, jumhuriyat mustaqilligi va harbiy islohot lozimligini avvalroq ko‘rolmaganimiz oqibatidir.
Javobdan kelib chiqadigan boshqa masalalar ham, aslida til muammosi bilan bog‘liq. Albatta, vazirning yigitlarimizda «umumiy va texnik tayyorgarlik bo‘sh» deyishi to‘g‘ri, ammo bu talabni bajarish bir soniyalik ish emas. Hali biror kasbni aniq tasavvur qilmagan, maktabni endi bitirgan turli tilli yoshlarni boshqa til muhitiga — harbiy xizmatni o‘z tilida o‘taydigan yoki shu tilni yaxshi biladiganlar orasiga qo‘shib qo‘yib, yana ularning «umumiy va texnik tayyorgarligi bo‘sh» deyish noo‘rin. Ana shunday vaziyatda «harbiy mutaxassislikni egallash» mumkin emas. Bitta mutaxassislikni egallash uchun hatto 5—7 yillab o‘qitamiz va shunda ham hamma birdek bo‘lavermaydi. Gap shundaki, biz hozirgacha hech kimning imkoniyati, qobiliyati, kasbini hisobga olmay, bir xil talab qo‘yib keldik. O’rta va oliy ta’lim ham shunga asoslangan. Aftidan, harbiy boshliqlar xuddi ana shu ommaviylik usulidan voz kechib, markaziy rahbarlikni qo‘ldan chiqarishni xohlashmayapti. Ular Rossiya armiyasida uzoq o‘tmishda shakllangan tartibni, umuman, davlat va istamaslikka sabab ham mana shunda.
Ma’lumki, Sovet Ittifoqi sobiq chor imperiyasi zaminida vujudga keldi. Bu imperiya tarkibidagi xalqlarning ko‘pchiligi tarixan shakllangan mustaqil davlat tuzumiga, boshqaruv usuliga ega bo‘lib, jahon tarixida nom qoldirgan edi. To‘g‘ri, chorizm rus xalqini ham ezdi va ayni chog‘da mazlum xalqlar ustidan yakkahokimlik o‘rnatib, ulardan chor amaldorlariga so‘zsiz itoat qilishni talab etgan. Mamlakat doirasida davlat ishlarini imperiya tilida olib borish bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Ayrim zoobitlar buning salbiy tomonini anglaganlar. Masalan, chor general-gubernatorlaridan S. M. Duxovskiy rus amaldorlari o‘zbek tilini o‘rganishi zarurligini ta’kidlagan edi. Biroq davlat boshqaruv ishlari rus tilida olib borilganidan bunga ehtiyoj qolmagan. Boshqa bir general — A. Korolkov podshohga yozgan maktubida O’rta Osiyo aholisini ruslashtirishni, buning uchun Muhammad Ali (Dukchi eshon) qo‘zg‘oloni bahonasi da Andijon bilan Mingtepa orapigidagi barcha aholini imperiya ichkarisiga surgun qilish, tabiatan miroblik kasbiga mohir aholini sug‘orish ishlariga jalb etish uchun Rossiyaning Ovro‘po qismiga ko‘chirib yuborish, aksincha, siyosiy jihatdan Farg‘onada rus ta’sirini kuchaytirish (bu sohada talay ishlar qilingan), mahalliy amaldorlar besh yil ichida rus tilini o‘rganib olishini, mansabga da’vogarlarni esa 15 yildan keyin tayinlashni tavsiya qilgan («Fan va turmush», 1990 y. 2-son). Bu zobitning andak ehtiyotkorligi shundaki, u rus tilini besh yil ichida egallashni amaldorlardan talab etgan, biz esa oddiy ommadan ham til bilishni, hatto yaxshi bilishni talab qildik. Ko‘ramizki, bizning davrimizda kishilarning dunyoqarashi, siyosiy tuzum, ishlab chiqarish vositalariga munosabati o‘zgargan bo‘lsa-da, davlat hududi, asosiy rahbariyat tarkibi o‘zgarmagan, boshqaruv ishlarini yagona tilda olib borish esa ancha kuchaygan.
Tarix va ma’naviyatdan shu qadar uzoqlashib ketganmizki, hatto mustamlakachi generallar va ularning homiylari aytgan g‘ayriinsoniy g‘oyalarni ham bayroq qilib olganimiz, jumladan, madhiyamizning bosh satridagi «buyuk og‘a» iborasi ijodkorlarini bilamizmi? Mana ular: general A. N. Kuropatkin 1916 yil 21 avgust kuni o‘z istiqboliga chiqqan Toshkent jamoatchiligi vakillariga qarata: «Bu ko‘p sonli oilada ruslar boshqalarga nisbatan katta og‘a bo‘lishlari lozim», degan bo‘lsa, rus aholisi, rus amaldorlari va savdogarlari vakillariga: «Xuddi avvallaridek (oldingi general-gubernator davrida bo‘lganidek — A. M.) hozir ham Turkiston xalqlari o‘rtasida o‘zlaringizni katta og‘alardek his etishlaringiz uchun men sizlarga g‘amxo‘rlik qilaman», degan («Fan va turmush», 1990, 3, 14-bet). Bu g‘oya Sovet hukumatining dastlabki yillarida ham yo‘qolmagan.
Davlat tili haqidagi Qonunning kuchga kirganiga bir yildan oshgandan so‘ng ham Toshkent charm va poyabzal ishlab chiqarish birlashmasi rahbarlaridan biri A. S. Taranov ishchi F. Ahmedovning o‘zbekcha hujjatini «o‘zbek tilida yozilgan bunday qog‘ozni tushunmayman, ko‘tar spravkangni...» («Sovet O’zbekistoni», 1990 y. 11 dekabr) deb jerkishdan cho‘chimadi. Yoki oddiy rassomning «ishdan bo‘shashga ariza bersam beramanki, lekin o‘zbekcha yozmayman» deyishi (o‘zbek tilini o‘rganish, o‘zbekcha gapirishga emas, tayyor matnni yozib berishga shunchalik e’tiroz) nimani ko‘rsatadi? Hali dunyoqarashi, siyosiy-ijtimoiy va tarixiy hodisalarni tahlil qilish darajasi to‘liq shakllanmagan kashshofning jumhuriyatimiz matbuotida bir necha bor qayd etilgan «Yo‘qolsin o‘zbek tili (shukrki, o‘zbek tili Moskva yoki Kievda qo‘llanmaydi) va chet tillar! Ular bizga nima uchun kerak?» degan gapini qanday baholaysiz? Albatta, bunday qarashlar bilan do‘stikni mustahkamlab bo‘lmaydi, shuning uchun ular o‘z bahosini olishi kerak. Bu boradagi har qanday loqaydlik g‘animlar tegirmoniga suv quyish bo‘ladi va milliy ziddiyatlarni kuchaytiradi. Shu jihatdan toshkentlik A. Kojevnikov haq gapni aytgan: «Rossiyaning o‘zida yashayotgan ko‘plab oddiy ruslarda ham bosqinchilik qutqusi bor. Moskvaning «beshinchi kolonnada», «O’zbekistonda yashayotgan ruslarga nima daxli bor? Men, masalan, moskvalik siyosatdonlar va millatchilar o‘rtasida oilam bilan o‘ziga xos «qalqon» bo‘lishni xohlamayman...» («Komsomolskaya pravda», 1990 y. 28 dekabr). Buni hamma bilishi kerak.
Darhaqiqat, «buyuk og‘alik» g‘oyasi na rus, na mahalliy xalq ongida ijobiy fikr uyg‘otdi. Bu g‘oyani, xususan, rus tilida so‘zlashuvchilarning hammasi ham, ayniqsa, ularning yosh avlodi to‘g‘ri qabul qilmadi va hatto ba’zilarida shovinistik qarashlarni uyg‘otdi. Biroq biz bunga e’tibor bermadik, vaholanki, «ulug‘ rus shovinizmi» mavjudligini V. I. Leninning o‘zi aytgan edi. O’sha kashshofning gapi aslida bir millatni ulug‘layverish, «ulug‘ xalqning ulug‘ tili»ni matbuot vositalari orqali to‘xtovsiz targ‘ib qilish, amaliy-rasmiy va ilmiy ishlarda rus tilini yetakchi o‘ringa chiqarib qo‘yish kabi bir yoqlama harakatlar ruhida tarbiyalangan aqli raso odamlarning fikridir. Siz bu g‘oya yo‘qolib ketgan, deb o‘ylamang. Achinarlisi shundaki, o‘sha kashshof bilan birga o‘qiyotgan mahalliy yoshlar ham ana shu ruhda tarbiyalanmayapti, deb kim ayta oladi? Yoki oliy minbardan turib, «biz oilamiz bilan ruscha gaplashamiz», deguvchilar shular xilidan emasmikin? Milliy ziddiyatlar kuchayib turgan bir vaqtda rus tilini umumdavlat tili darajasiga ko‘tarishga intilish o‘tmishda amalga oshmagan orzularni ro‘yobga chiqarishdek tuyuladi. Bu esa jumhuriyatlar mustaqilligini hamda ularning davlat haqidagi qonunlarini inkor etishga olib keladi.
Xullas, milliy teng huquqlik barcha sohada qamrab olmasa, xalqlar o‘zini kamsitilgan sanayveradi va o‘zligini tanish oshgan sari kishilarning ijtimoiy-siyosiy masalalarga munosabati o‘zgarib, milliy ziddiyatlarni bartaraf qilish murakkablashaveradi, chunki avvalgi andishali, itoatkor avlod o‘tib borayotir. Yangi avlod bevosita muloqotda shunday savollarni o‘rtaga qo‘ymoqdaki, unga javob berolmay boshingiz garang. Ular mitti davlatlarning qanday qilib bexavotir va mustaqil yashayotganiyu bizning nima uchun boshqa xalqlar harakatini quvvatlaganimizgacha qiziqadilar. Yoshlarni endi avvalgi aqidalar bilan qoniqtirib bo‘lmaydi. Ha, fikrlar kurashini majburan to‘xtatish mumkin emas. «Hamma bir xilda fikr qildimi,— degan ekan faylasuf Gegel,— demak, jamiyat fikr qilishdan to‘xtabdi». Bu esa tanazzul belgisidir.

Aminjon MAMATOV, 
fililogiya fanlari nomzodi, dotsent
«Sharq yulduzi» jurnali, 1991 yil, 10-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.