OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nusratillo Naimov, Alinazar Egamnazarov. Amirning avlodlari (1992)

Buxoro Arkidagi o‘lkashunoslik muzeyiga kirsangiz, ko‘pgina ashyolar qatori soqol qo‘ygan, serviqor, basavlat kishining kattakon suratiga nazaringiz tushadi. Bu mang‘itlar sulolasining so‘nggi vakili amir Said Olimxondir. Zamona zayli bilan 1920 yilning sentyabrida taxtidan qulatilgan bu shaxsning Buxoro amiri bo‘lganligi, yurtini tark etganidan so‘ng o‘zi va bola-chaqasining taqdiri qanday kechganligi so‘nggi davrlargacha jamoatchilikdan sir tutib kelindi. Aslida esa bu o‘z yurti tarixiga loqayd bo‘lmagan har bir kishini qiziqtiradigan hodisadir.

Buxoroda 1885-1910 yillarda amirlik qilgan Abdulahadning rafiqasi Davlatbaxt oyim farzand ko‘rgach, unga Olimxon deb ism qo‘yishini hazratlaridan iltimos qildi. Jufti halolining tilagi ostida yashiringan maqsadni sezmagan amir bunga rozilik berdi. Onaning esa bu ismga ixlosining pinhona sababi bor edi. Davlatbaxt oyimning bobosi Olimbek Hisor tumanining hokimi bo‘lgan. O‘z davrida Muzaffarxon zulmidan ezilgan xalqining amirga qarshi isyoniga boshchilik qilgan.

Bundan g‘azablangan Muzaffarxon tog‘li tojiklar yurtiga katta qo‘shin tortib borib, isyonkorlarni qilichining tig‘idan o‘tkazdi. Qamaritdin Olimbekning ko‘z o‘ngida uning urug‘iga mansub bo‘lgan butun erkak zotining boshi tanasidan judo qilindi. Shundan keyin isyonkor bekning o‘zi ham ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan qiynoqlarga solib o‘ldirildi.

Amir Muzaffar Olimbek qo‘rg‘onining ichkarisidagi barcha xotin-qizlarni Buxorodagi haramiga olib keldi. Olimbekning eng go‘zal nevarasi Davlatbaxt oyim Muzaffarxonning o‘g‘li Abdulahad to‘raga sovg‘a qilindi. Keyinchalik u pushti panohining ijozati bilan nikoh o‘qitdirib, Davlatbaxt oyimni o‘ziga xotin qilib oldi.

Biroq hisorlik qiz qalbida qasos uchqunlari so‘nmagandi. U yakkayu yagona o‘g‘liga bu nomni qo‘yib, qachonlardir o‘sib-ulg‘aygan Olimxon mang‘it hukmdorlaridan bobokalonining o‘chini oladi, deb umid qilgan edi.

Falakning gardishi bilan Abdulahad xuddi mana shu o‘g‘lini taxt vorisligiga tanladi. Otaning niyatlari bo‘lakcha edi. U bu o‘g‘lidan mang‘it sulolasining buyuk davomchisini tarbiyalashni o‘yladi. Shuning uchun ham hali to‘qqiz yoshga ham to‘lmagan Olimxonni Nikolay I saroyiga harbiy ilmni o‘rganish uchun jo‘natdi. Amin zuryodini oqposhsho saroyiga quruq jo‘natgani yo‘q. Sharq an’anasiga binoan rus podshosiga o‘n bir turdagi sovg‘adan o‘n bir donadan olib borildi.

Jumladan, shahzodani Peterburgga kuzatib borgan buxorolik elchilar o‘zlari bilan o‘n bitta nasldor arab tulporini olib borishdi. Otlarning har biri boshiga tilla toj kiygazilgan, dumi tilla gardishdan o‘tkazilgan, bo‘yniga marvarid-marjonlar taqilib, jabduqlari zar bilan ziynatlangan edi.

Nikolayning chavandozligini bilgan Abdulahad, ayniqsa, shu sovg‘ani topib tanlagandi. Podsho elchilardan otlarning nasl-nasabi, yoshi, xislatlari to‘g‘risida uzoq surishtirdi. Yuborilgan sovg‘alar manzur ekanligini elchilarga ordenlar berish bilan izhor etdi.

Shunday qilib, Olimxon to‘ra saroy huzuridagi pajlar korpusiga o‘qishga qabul qilindi. Bu rus zodagonlari farzandlarining hamma joyda podsho hazratlarini kuzatib yuradigan harbiylashtirilgan uyushmasi edi. Buxorolik yosh shahzodaga rus armiyasining polkovnigi Demin janoblari ad’yutant etib tayinlandi.

Olimxon balog‘at yoshiga yetgach, podshoning ko‘rsatmasi bilan pajlar korpusidan saroy huzuridagi kadetlar korpusiga o‘tkaziladi. Kadetlar harbiy bilimlarni egallash bilan bir qatorda saroyni qo‘riqlash xizmatini o‘tashar, bo‘sh vaqtlarida esa bu yerda o‘tkaziladigan bazm va ziyofatlarda qatnashar edilar.

Olimxon kadetlar korpusidagi o‘qishni muvaffaqiyatli tugatgach, kazak polkining ofitseri etib tayinlandi. Bu polk podshoga sodiq kubanlik kazaklardan tashkil topgan edi. Keyinchalik Olimxon Buxoro amiri bo‘lgach, xuddi shunday polkni o‘z saroyida ham tashkil etdi. Faqat unda Terek daryosi bo‘yida yashagan kazaklar emas, balki amirning g‘ulombachchalari xizmat qilishar edi. Buxoroda bu polk «dumbalapur» deb atalib, Ark, Sitorai Mohi xosa kabi amir hazratlari istiqomat qiladigan joylarni qo‘riqlar edi.

Olimxon rus armiyasida bir necha yil xizmat qildi. Oxiri qarib qolgan otasining ko‘pdan-ko‘p da’vatlari bilan Buxoroga qaytib, Qarshi tumaniga hokim etib tayinlandi.

Bu paytga kelib keksayib, kasalmand bo‘lib qolgan Abdulahad Toshko‘prik va Sultonobod o‘rtasida qurdirgan qasrida yashab, butun hokimiyatni amakivachchasi bo‘lmish Nasrullo qushbegi qo‘liga topshirib qo‘ygan edi. Juda chuqur bilimli, jahongashta Nasrullobek davlatni hukmdorning Buxoroda yo‘qligini bildirmay boshqarar edi. Vos-vos kasaliga mubtalo bo‘lgan amir ko‘p o‘tmay vafot etdi. Bundan birinchi bo‘lib voqif bo‘lgan Nasrullobek pinhona Qarshiga chopar yubordi. Hukmdorning vasiyatidan xabardor bo‘lgan qushbegi aka-ukalar o‘rtasida taxt uchun kurash boshlanib ketishidan xavotirda edi.

1910 yil 4 dekabr, juma kuni Said Olimxon sulola an’anasiga ko‘ra, Arkdagi ko‘rinishxonada barcha amaldorlarning ishtirokida oq kigizga ko‘tarilib, amirlik taxtiga o‘tqazildi. Ammo u shundan keyin deyarli o‘n yil davlatni boshqarib, yurtni obod qilish o‘rniga ayshu ishrat bilan mashg‘ul bo‘ldi. Olimxon otasi Sitorai Mohi xosada qurdirgan saroyga qanoat qilmay, Peterburgdan taklif etilgan ustalar ishtirokida yangi uslubda muhtasham saroy bunyod etdi. Mamlakatga rahbarlik amalda hamon Nasrullo qushbegi, joylardagi bek va qozilar qo‘lida edi.

* * *

«Amirning uch xotinidan uch o‘g‘li bor edi,— deb yozadi o‘z esdaliklarida yoshligida amir saroyida raqqosa bo‘lgan, marhum O‘zbekiston xalq artisti Mariyam Yoqubova. — Birini Sultonmurod deyishardi, mendan ikki yashar katta edi, ikkinchisi Shohmurod men bilan tengqur edi. Kenjatoy o‘g‘li Rahim 1917 yilda tug‘ilgan. Sultonmurodning bir oyog‘i yoshligida sinib, rosmana tuzalib ketmagandi, shuning uchun oqsoqlanib yurardi. Rahimning esa bo‘yni qiyshiq edi. Faqat Shohmurod bekami-ko‘st bo‘lib, uni hamma yaxshi ko‘rardi. Lekin menga u bilan o‘ynash uchun ruxsat berishmasdi: qizlarga o‘g‘il bolalar bilan o‘ynash qat’iy taqiqlangan edi. Amirning, xuddi o‘g‘illari singari, turli xotinlaridan tug‘ilgan uch qizi ham bor edi. Bu qizlar tug‘ilganlaridan keyin onalarini hech ko‘rmagan edilar. Ularni qayoqqa jo‘natishardi, bu noma’lum. Amirning to‘rtta rasmiy xotini bor edi...»

Amirning uch o‘g‘li uchta xotinidan tug‘ilgan edi. Shohmurod Murshalina oyimning farzandi edi. Murshalina oyim o‘g‘il ko‘rgach, qaynonasiga murojaat qilib, ismini Shohmurod qo‘yishni amir hazratlaridan iltimos qilishni o‘tinib so‘radi. Said Olimxon rafiqasining bu iltimosiga monelik qilmadi.

Murshalina oyim o‘g‘liga nega bunday ismni tanlaganiga aniqlik kiritish uchun endi mang‘itlar sulolasi hukmronligining boshiga, ya’ni bir yarim asr muqaddam Buxoroda sodir bo‘lgan voqealarga qaytishga to‘g‘ri keladi.

Mang‘itlarning Movarounnahrdagi hukmronligi boshlangunga qadar bu yerda har bir urug‘ boshlig‘i yoki zodagon o‘zini amir deb e’lon qilishi rasm bo‘lgan edi. Muhammad Rahimbiy otaliq (1744-1758 yillar) bu urug‘larning barchasini birlashtirib, o‘zini amir deb atash to‘g‘risida farmon chiqardi. Uning davrida Buxoro davlat sifatida ancha kuch-quvvatga to‘ldi. Ammo Rahimbiyning vorisi Doniyolbiy (1758-1789 yillar) davrida amirlik yana inqirozga uchray boshladi. Sababi, asosiy vaqtini maishatbozlik va ov bilan o‘tkazishni xush ko‘rgan Doniyolbiy hokimiyat ishlarini butkul sobiq qulvachchasi Davlatshoh qushbegiga topshirib qo‘ydi. Makkor Davlatshoh esa mamlakat ravnaqini o‘ylash o‘rniga amirni yo‘q qilib, taxtni egallash payiga tushdi. Shu maqsadda amirlikdagi ikkinchi shaxs — qozi Nizomutdin bilan pinhona til biriktirib, davlat to‘ntarishiga hozirlik ko‘ra boshladi. U amirning o‘g‘illari maqsadidan voqif bo‘lib qolishidan qo‘rqar edi. Shahzodalar orasida, ayniqsa, Shohmurod bo‘lakcha edi. U o‘zini buzuqliklardan uzoq tutib, shahardagi madrasalardan biridagi hujrada taqvodorlar singari oddiy hayot kechirardi. Fikr-mulohazalari ham juda teran edi.

Shohmurod asosiy vaqtini diniy va ilmiy kitoblar mutoalasiga bag‘ishlab, dunyoviy ishlardan chetlashganday ko‘rinardi. Shaxsiy tirikchiligi uchun zarur bo‘ladigan mahsulotlarni ham yozgi tatil paytlari dehqonchilik qilib topardi. Shuning uchun ham u xalq o‘rtasida Shohmurod ma’sum, ya’ni pokiza, degan nom olgan edi.

Qarib qolgan Doniyolbiy Davlatshoh qushbegining istagiga zid ravishda xuddi mana shu o‘g‘lini hokimiyat vorisi deb e’lon qildi. Unga Minorai Kalon maydoni yonidan katta hovli ajratib, davlat ishlariga aralashish uchun barcha vakolatlarni berdi. Shundan keyin Shohmurod atrofiga yetuk din va fan arboblarini, ishonchli mullavachchalarni to‘plab, davlat ishlariga sho‘ng‘ib ketdi. Hovlisi fuqaro vakillari bilan gavjumlashdi. Boy va amaldorlardan jabr ko‘rgan biron-bir kishining arzini yerda qoldirmadi, qushbegi va qozikalonning nojo‘ya ko‘rsatmalarini birin-ketin bekor qila boshladi. Bu esa o‘rtadagi ziddiyatni kuchaytira boshladi.

Qushbegi va qozikalon hokimiyat jilovi qo‘ldan chiqib ketayotganini sezib, atroflariga o‘zlariga hamfikr saidlarni to‘plab, o‘zboshimcha to‘rani yo‘q qilish taraddudini ko‘ra boshladilar. Shohmurod to‘ra yashil sallali g‘animlarining (buxorolik zodagonlar oddiy fuqarolardan ajralib turish uchun yashil salla o‘rashardi) barcha xatti-harakatlaridan o‘z vaqtida voqif bo‘ldi.

Kunlarning birida amirning zodagonlar bilan ko‘rinishxonadagi uchrashuvi oxiriga yetgach, Shohmurod ma’sum tizzalari qaltirab turgan padari buzrukvorini qo‘ltig‘idan suyab taxtidan tushirdi-da, besh-olti eng yaqin maslakdoshlari bilan taxtapul (Ark darvozasi oldidagi maydoncha)ga o‘tib, amaldorlarning chiqishini poylab turdi. Odatdagi tartibga ko‘ra, amirga salom berilganidan keyin qushbegidan tashqari barcha amaldorlar Arkdan chiqib ketishlari lozim edi. Faqat qushbegi va to‘pchiboshi amir qatori Arkda muqim yashaydigan amaldorlar sanalishardi.

Hech narsadan bexabar qozi Nizomutdin amaldorlar oldida beparvo dolondan yurib borar ekan, to‘satdan qarshisida Shohmurod to‘rani ko‘rib sarosimaga tushdi va tezda otiga minib, undan uzoqlashishga urindi. Biroq, shunda Shohmurod raqibiga yo‘lbarsdek tashlanib, kumush sopli hanjarini qozining meshdek qorniga sanchdi. Asov ot hurkib, oldinga intildi. Egardan qulab, bir oyog‘i uzangida qolgan qozi Nizomutdin Ark maydonida to‘plangan xaloyiq ko‘z o‘ngida moldek bo‘kirib jon taslim qildi. Qozikalonning ketidan tavoze bilan borayotgan shahar kazo-kazolari bu manzaradan dahshatga tushib, Shohmurod to‘ra qarshisida tiz cho‘kishdi. Paytdan foydalangan Shohmurod to‘ra oldindan tayyorlab qo‘yilgan amir farmonini o‘qib eshittirishni udaychiga buyurdi. Mazkur farmonga binoan qozikalon to‘plagan butun mol-mulk xalq taloniga berilgan edi.

Shu voqeadan keyin Shohmurod to‘ra jur’atli va adolatparvar hukmdor sifatida shuhrat qozondi, Qozi Nizomutdinning tarafdori bo‘lgan saidlar qasos kuni yaqinlashayotganligini sezib talvasaga tushishdi. Davlatshoh qushbegi esa eng yaqin tayanchi bo‘lgan qozikalondan judo bo‘lib, voqealar rivojini jon tahlikasida kutmoqda edi. Ammo Shohmurod xuddi hech narsa sodir bo‘lmagandek, qushbegiga qadimgidek iltifot ko‘rsatib, bosh vazir sifatida uning hurmatini joyiga qo‘yishda davom etdi. U qudratli raqibi bo‘lgan qushbegini yo‘qotishga shoshmayotgan edi.

Ark darvozasi qarshisida sodir bo‘lgan dahshatli voqeadan keyin bir necha oy o‘tib, ko‘p narsa unitilgach, bir kuni Shohmurod saroydagi qushbegi hazratlari boshliq barcha saidlarni hovlisiga ziyofatga taklif etdi. Davlatshoh qushbegini eng aziz mehmon sifatida to‘rga chiqarib, yoniga o‘tqazdi. Dasturxon turli xil noz-ne’matlarga to‘la edi. Ziyofat nihoyatda zo‘r bo‘ldi, sharobu musallas daryo bo‘lib oqdi. Eng yaxshi hofizlar dilrabo qo‘shiqlari bilan davraga fayz bag‘ishlashdi. Kayflari oshib, ochilib-sochilib o‘tirgan saidlar Shohmurodni ko‘klarga ko‘tarib maqtashdi.

Davra oxirlab qolayotganda Shohmurod qushbegining belidagi chiroyli qilichga ikki-uch razm soldi. Qushbegi esa buni o‘zicha tushunib, qilichim shahzodaga yoqib qoldi, degan xayol bilan uni belidan olib, Shohmurod to‘raning oldiga qo‘ydi. Shohmurod xuddi shu harakatni kutmoqda edi. U qilichga mahliyo bo‘lgandek, uni ohista qinidan sug‘urib, damiga havas bilan tikilgan bo‘ldi-da, keyin shartta o‘rnidan turib, «Ur!» deya bir zarb bilan qushbegining boshini tanasidan judo qildi. Mehmonxona dahlizida to‘raning da’vatini kutib turgan odamlari xonaga yopirilib kirishib, dasturxon atrofida xotirjam o‘tirgan saidlarni qo‘ydek bo‘g‘izlab tashlashdi. Xona qonga belanib, o‘lim talvasasidagi tanalarning ohu fig‘oniga to‘ldi.

Buyuk faylasuf va tarixchi Ahmad Donish o‘zining «Mang‘itlar sulolasining tarixi» asarida bu voqealarning to‘la tafsilotini berib, saroydagi qora kuchlarga qarshi mardona kurashib, g‘alaba qilgan Shohmurodning jasorati, aqlu farosatini ko‘klarga ko‘tarib maqtagan. Darhaqiqat, Shohmurod aqlli va dovyurakligi tufayli tezda barcha muxoliflaridan xalos bo‘lib, amirlik taxtini egalladi. Uning hukmronligi davrida mamlakatda turli urug‘lar o‘rtasidagi adovatga chek qo‘yilib, osoyishtalik o‘rnatildi. Amirlikda ilmu fan, hunarmandchilik ravnaq topdi, dinga e’tiqod kuchaydi.

Shohmurod ma’sum Buxoroda o‘n besh yil hukmronlik qilib (1785-1800 yillar), o‘zi yaratgan qudratli davlatni o‘g‘li amir Haydarga topshirdi. Amir Haydar ham otasidek nihoyatda taqvodor hukmdor bo‘lsa-da, davlat ishlarini yoqtirmas edi. Shu sababli uning davrida (1800-1826 yillar) mamlakat yana inqirozga yuz tuta boshladi.

Amir Haydardan keyin qisqa vaqt Buxoroda hukmronlik qilgan amir Umar (1826—1828 yillar) ichkilikbozligi tufayli ukasi Nasrullo tomonidan taxtdan ag‘darilib, musofirlikda vafot etdi. Nasrullobiy (yoki Botirxon) Qo‘qondan Shahrisabzgacha bo‘lgan yerlarni amirlikka bo‘ysundirib, o‘zbeklarga ko‘chmanchilikni man qildi. Undan keyin amir Muzaffarxon (1860—1885 yillar) hukmronlik qilgan davr Buxoro tarixidagi eng fojiali davr bo‘ldi. Bu davrda amir qo‘shinlari mustamlakachilarga qarshi kurashda yengilib, Buxoro amirligi rus chorizmining vassaliga aylandi. Abdulahadxon davrida esa ikki tomonlama zulm tufayli xalqning turmush sharoiti yanada yomonlashdi (1885—1910 yillar). Amir Said Olimxon davrida Buxoroning rus chorizmiga har tomonlama tobeligi kuchaydi. Aslida davlatni amir yoki qushbegi emas, rus podshosining Kogondagi vakolatxonasi amaldorlari boshqarar edilar. Bularning hammasini sezib, bilib yurgan Said Olimxonning aqlli rafiqasi Musharlina oyim mamlakatda Shohmurod amirlik qilgan davr qaytib kelishini orzu qilib, o‘g‘liga Shohmurod deb ism qo‘ydi. Lekin orzu boshqayu, qismat boshqa ekan. Ona orzularining teskarisi yuz berib, Shohmurod Olimov otasini taxtdan ag‘darib tashlagan Qizil armiya generali bo‘ldi. Biroq bungacha uning hayotida ko‘pgina voqealar ro‘y berdi.

* * *

Asr boshida Rossiyada tobora avj ola boshlagan inqilobiy harakat olis Buxoroning ijtimoiy hayotida ham aks sado bermoqda edi. Dastlab ilmiy-ma’rifiy maqsadlarda vujudga kelgan jadidchilik harakati amirdan demokratik siyosiy islohotlarni talab qila boshladi. Rossiyadagi 1917 yil fevral burjua-demokratik inqilobi bu harakatga kuchli turtki berdi.

Ayniqsa Rossiyada Oktyabr to‘ntarishidan keyin hokimiyat bolsheviklar qo‘liga o‘tgach, amirlikdagi siyosiy tuzum ham katta xavf ostida qoldi. Amirlikni qulatish uchun birinchi urinish 1918 yilning bahorida bo‘ldi. Tarixga «Kolesov yurishi» degan nom bilan kirgan, Yosh buxoroliklar partiyasi Markaziy Qo‘mitasining tashabbusi bilan boshlangan bu jang amir qo‘shinlarining g‘alabasi bilan tugadi.

Said Olimxon katta jang oldindaligini, bolsheviklar kuchli tayyorgarlik ko‘rib, bugun bo‘lmasa ertaga amirlikni tugatish uchun yana kurash boshlashlarini bilardi. Shuning uchun ham Arkni himoya qilishga butun imkoniyatlarini ishga solib tayyorgarlik ko‘rdi. Afg‘oniston hukumati yaxshi qurollangan ikki diviziyani yordamga yubordi. Ammo baribir amirlikdagi armiyani zamonaviy deb bo‘lmasdi. Uning qo‘shinlarida hamon feodal tartiblar hukmron bo‘lib, intizomi ham mustahkam emasdi. Sarbozlar orasida oltmishga kirib, harbiy ishga yaroqsiz bo‘lib qolganlari anchagina edi. Armiyadagi zambaraklar esa almisoqdan qolgan edi.

Arkdagi amaldorlar mamlakatni bolsheviklardan saqlab qolish, adolatli boshqaruvni yo‘lga qo‘yish emas, ko‘proq boylik orttirish payida bo‘ldilar. Amirlikning ertangi taqdiri ko‘pchilikni durust tashvishga solmadi.

Bolsheviklar esa Buxoro amirligini Turkistondagi aksilinqilobiy harakat markazi deb bilib, uni tugatishni eng birinchi vazifa qilib qo‘ydilar. Buxoro Kommunistik partiyasi va Yosh buxoroliklar partiyasi vakillari 1920 yil yozida Chorjo‘y shahrida o‘z qurultoylariga to‘planib, amirlik tuzumiga qarshi kurashda hamkorlik qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishdi. Ular Turkiston fronti qo‘shinlaridan madad so‘rab, M. V. Frunzega murojaat etishdi.

Mang‘itlar sulolasi hukmronligining so‘nggi kunlari yaqinlashmoqda edi. Said Olimxon shahar himoyasiga rahbarlikni qushbegi va to‘pchi boshiga topshirdi. Avgust oyining oxirida inqilobiy qo‘shinlar hujumga o‘tishdi. Kuchlar nisbati teng emas, qizil askarlar ko‘p va yaxshi qurollangan, jang qilish tajribalari ham katta edi. Ammo amir qo‘shinlari strategik jihatdan qulay yerda — qadimdan yaxshi mudofaa joyi bo‘lib kelgan shahar qal’asida joylashgandi. Bu yerdan tevarak-atrof xuddi kaftdagidek ko‘rinib turardi. Shu boisdan ham dastlabki kunlarda qizil askarlarning shahar qal’asiga ketma-ket hujumi behuda bo‘ldi, har gal talaygina kuchlarini yo‘qotib ortga chekindilar. Ularning ayrimlariga amir qal’asini ishg‘ol qilish amalga oshirib bo‘lmaydigan ishday tuyula boshladi. Faqat V. I. Lenin Polsha frontidan shoshilinch yuborgan aviatsiya yetib kelgach, vaziyat o‘zgardi. Samolyotlar pastlab uchib, shahar qal’asi va uning atrofini bombardimon qila boshladilar. Said Olimxon Frunze huzuriga o‘z vakilini yuborib, sizlar aeroplanlarni ishlatib, urush qoidasini buzayapsizlar, deb ogohlantirdi. Lekin qizil askarlar amirning ogohlantirishiga e’tibor berishmadi. Aviatsiya shundan keyin ham shaharni bombardimon qilishni davom ettiraverdi. Amir qo‘shinlarida esa samolyotlar hujumini qaytarish uchun qurol yo‘q edi.

Qal’a Turkiston fronti qo‘shinlari tomonidan olinishi aniq bo‘lib qolgach, Said Olimxon eng yaqin amaldorlari va sarbozlari bilan Arkni tark etdi. Hatto u oila a’zolarini birga olib ketishga ham ulgurmadi. Afg‘onistonda muhojirlikda yashashni va xavfsiz joydan turib, bolshevizmga qarshi kurashga rahbarlik qilishni o‘yladi.

Afg‘oniston hukumati Said Olimxon va uning hamrohlarini yaxshi kutib oldi. Amir sarbozlariga Mozori Sharif va Xonoboddan joy berildi. Uning o‘ziga esa shohning Kobul yaqinidagi bog‘i — Qal’ai Fatudan manzilgoh ajratildi.

Dastlabki davrda Qal’ai Fatuda amir bilan yashagan kishilar orasida Karmana beki Yovqochbek, Sherobod beki Abdulhafizbek, Mirfattohbek udaychi, amirning savdo bo‘yicha Londondagi vakili bo‘lib ishlagan Yusufboy Muqimboev, Qori Mizrob, amirning harbiy vaziri Ibrohimbek, Abdullabek toqsabo, A’zamhoji kabi kishilar bor edi.

Buxoro inqilobidan keyin Buxoro amirligidagi musulmonlarning boshlig‘i, o‘sha paytda faqat Turkistonda emas, balki butun musulmon olamida islom va shariat, fikh ilmining bilimdoni sifatida tanilgan, notiqlik san’atiga ham ega bo‘yagan mulla Ibodulla mufti ham Afg‘onistonga qochgan edi. Bu odam Qobulda yashardi va amir huzuriga tez-tez kelib turardi. Bundan tashqari, amir huzuriga Buxoro Xalq Jumhuriyati Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining sobiq raisi, 1922 yilda Afg‘onistonga qochgan Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jaev, Buxoro Xalq Jumhuriyatining sobiq moliya noziri, 1922 yilda Turkiyaga qochgan Nosir Hakimov, Buxoro Xalq Jumhuriyatining Afg‘onistondagi sobiq elchisi, 1922 yilda elchilikdan, SSSRga qaytishdan voz kechib, Afg‘oniston hukumatidan siyosiy boshpana so‘ragan Hoshim Shayx Yoqubov ham kelib turishardi. Asli inqilobchi va Yosh buxoroliklar partiyasining a’zosi bo‘lgan bu kishilar Buxoro inqilobi kutilgan natijani bermaganligini va o‘lkada hur fikrni bo‘g‘ish, kishilarni o‘rinsiz hibsga olish boshlanganligini ko‘rib bilishgach, o‘zga yurtni o‘zlariga vatan qilgan edilar.

Sovet hukumati dastlabki yillarda Afg‘oniston hukumatiga bir necha marta rasman murojaat qilib, sobiq Buxoro amiri Said Olimxonni Afg‘onistondan chiqarib yuborishni talab etdi. Afg‘oniston hukumati esa mamlakatda qo‘zg‘olonchilik harakati mavjudligini, agar Said Olimxon Afg‘onistondan chiqarib yuborilsa, bu harakatning kuchayib ketishiga sabab bo‘lishini bahona qilib, sovet tomonining talabini bajarishdan bosh tortdi. Ayni paytda Afg‘oniston hukumati Sovet Ittifoqi bilan munosabatlarini yomonlashtirib qo‘yishdan hadiksirab, amirning qurol-yaroqdan yordam ko‘rsatishni so‘rab qilgan iltimoslarini ham paysalga sola boshladi.

Said Olimxon hali Buxoroga qaytish, taxtiga yana egalik qilish niyatida edi, albatta. U shu maqsadiga yetish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soldi.

Amir butun dunyo jamoatchiligiga murojaat etdi. Reyter agentligi bu murojaatnomani dunyodagi barcha matbuot vositalariga tarqatdi. Biz mazkur murojaatnomaning 1923 yil, 4 iyunda «Manchester Gardian» ro‘znomasida e’lon qilingan matni bilan tanishishga muvaffaq bo‘ldik. Unda, jumladan shunday deyiladi:

«...Bolsheviklarni Buxoro, Xiva, Turkiston va umuman butun O‘rta Osiyodagi siyosati eng pastkash va razil xislatlarga ega... Bolsheviklar hali temir yo‘l tarmoqlari ular ixtiyorida ekanligidan foydalanib, Buxoroga 20 ming qurollangan qizil askarlarni jo‘natishdi. Vaholanki, sho‘rolar hukumati tashqi ishlar komissariati vakili Gopner o‘zaro do‘stlik bitimini tuzish to‘g‘risida biz bilan muzokaralar olib bormoqda edi.

Mening Buxorodan jo‘nab ketganim bosheviklarga ma’lum bo‘lganiga qaramay, himoyasiz qolgan shahar to‘rt kun mobaynida bombardimon qilindi, aholining uchdan bir qismi nobud bo‘ldi, barcha muqaddas joylar, mashhur minora, jomi masjidi vayron qilindi.

...Buxoroga Botumi orqali yetib kelgan mashhur G‘ozi Anvar poshsho musulmonlarni iztirobga solayotgan tuyg‘ularni his etib, mendan o‘ziga qandaydir lavozimni berishni iltimos qildi. Men unga mujjahatdinlar armiyasiga qo‘mondonlik qilishni ishonib topshirdim. Janglarning birida Anvar shahid bo‘ldi...

Menkim, Buxoroning o‘tmishdagi va hozirgi qonuniy hukmdoriman, shu kunlarda mujjahatdinlarning ham yo‘lboshchisi hisoblanaman, mamlakatdagi ahvol to‘g‘risida adolatni sevuvchi, tinchlikni istovchi barcha kishilarga murojaat etib, bu masalaga o‘z munosabatini izhor qilishini so‘rayman».

Xalqaro hayotda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan mazkur maktub Millatlar Ligasi bilan bir qatorda Buyuk Britaniya, AQSh, Yaponiya va yana bir qator davlat boshliqlariga ham jo‘natilgan edi. Buyuk Britaniya hukumati shundan keyin Sovet hukumatiga rasmiy bayonot bilan murojaat qildi. Masalaga aniqlik kiritish maqsadida Sovet Ittifoqi vakili Krasin bilan lord Kerzon o‘rtasida bu to‘g‘rida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Sovet tomoni Said Olimxonning barcha da’volari asossiz, deb isbotlashga harakat qildi.

Sankt-Peterburgda Oktyabr to‘ntarishidan keyin Turkiston o‘lkasida ham bolshevizm xavfi kuchaya boshlaganini ko‘rib-bilgan Said Olimxon birinchi navbatda Angliyaga katta umid ko‘zi bilan qarab, qanday qilib bo‘lmasin, bu davlat bilan amirlik o‘rtasida harbiy Ittifoq tuzish, agar buning iloji bo‘lmasa, harbiy yordam so‘rashni vazifa qilib qo‘ygan, Qori Mizrob boshliq ishonchli vakillarini Londonga jo‘natgan edi. Lekin bu delegatsiya Angliya hukumati vakillari bilan muzokaralarni yakunlamay, Buxoroda inqilob yuz berdi va amir Afg‘onistonga qochishga majbur bo‘ldi.

Shunday keyin, Qori Mizrob Buxoroga emas, Afg‘onistonga qaytib, Qal’ai Fatuda amir bilan birga yashadi va amirning maxfiy yozishmalarini amalga oshiradigan kotibiga aylandi.

Lekin amir Buxoroga qaytish maqsadidan ham, Buyuk Britaniyadan harbiy yordam olish umididan ham voz kechmagandi. Shu niyatini amalga oshirish uchun Londonga va Angliyaning Hindistondagi vitse-qiroli huzuriga vakillarini yana va yana yubordi. Lekin Angliya hukumati amirga yalchitib yordam bermadi. Buning o‘z sabablari bor, albatta. Birinchidan, o‘tgan asrning ikkinchi yarmida dunyo yetakchi kapitalistik davlatlar o‘rtasida deyarli taqsimlanib bo‘lingan, bunda Angliya o‘ziga yetarli «ulushini olishga birinchi navbatda ulgurgandi — unga yangi mustamlakaning keragi yo‘q edi, desa bo‘lardi, sanoat mahsulotini istagan narxida sotishi mumkin bo‘lgan bozorlari bisyor edi. Ikkinchi sabab — Oktyabr to‘ntarishini Ovro‘padagi mamlakatlar, shu jumladan Angliya ishchilar sinfi ma’qullab kutib olganligi bo‘ldi. Bunday sharoitda Turkistonda fuqarolar urushining avj olishida faol ishtirok etish Angliyaning o‘zida ijtimoiy tanglikni yuzaga keltirishi mumkin edi. Uchinchi, bizning nazarimizda eng asosiy sabablardan biri esa, Angliya tomonining amir Said Olimxon haqidagi fikri yaxshi emasligida edi. Inglizlar uni cheklangan, xarakteri bo‘sh, SSSRga jiddiy zarba berishga qodir bo‘lmagan shaxs hisoblashardi. O‘sha paytda aniq manbalardan olingan ma’lumotlarning birida yozilganidek, inglizlar «Turkistonni boshqarishda boshqaruvning zamonaviyroq shakllaridan foydalanish payti kelganligini, xalqni shariat asosida va feodal usullar bilan boshqargan, buning ustiga... nodon, chor generali — amir Said Olimxonni yana taxtiga olib borib o‘tqazib qo‘yishni bema’nilik hisoblashgan». Shu boisdan, inglizlarni Amir Olimxon shaxsi vaqt o‘tgan sari tobora kam qiziqtirgan. Lekin shunga qaramasdan, Angliya tomoni amir bilan ilgarigi do‘stona munosabatlarini saqlab qolgan edi. Angliyaning Kobuldagi elchixonasi xodimlari, shu jumladan elchi Gouldning o‘zi ham muntazam amirning huzurida bo‘lib turardi.

Qal’ai Fatuda asli buxorolik Narzulla degan kimsa yashagan. Uning vazifasi amirga choy damlab berishdan iborat edi. Shu odam ingliz razvedkasining agenti ham edi. Har kuni amir oldiga kimlar kelib ketganligini ma’lum qilib turganligi uchun inglizlardan oyiga 500 kaldor olardi.

O‘sha paytda Qal’ai Fatu Sharqiy Buxorodagi qarshilik (bosmachilik) harakatining norasmiy shtabiga aylangan edi. Bu yerga Buxoroning o‘zidan ham, Ibrohimbek, Abdul Qahhor, Xurrambek, Abduqodirbek kabi qo‘rboshilarning yigitlari harakat qilgan tumanlardan ham maxsus odamlar kelib-ketib turishardi. Bu kishilardan nafaqat harbiy ma’lumotlar, balki butun O‘zbekiston xalqi hayoti bilan bog‘liq barcha muhim yangiliklarni bilib olish va butun dunyoga tarqatish mumkin edi. O‘sha davrda Davlat xavfsizligi qo‘mitasi xodimlari qo‘rboshilar bilan amir va uning yaqin kishilari o‘rtasidagi yozishmalarning bir qismini qo‘lga tushurishga muvaffaq bo‘lishgan. Hozir tegishli idoralarning arxivida saqlanayotgan, qayta qurish, oshkoralik tufayli tarixchilar va matbuot xodimlari ko‘rishi mumkin bo‘lib qolgan bu xatlar bilan tanishganingizda, ular o‘sha davr voqealari haqida keyingi 50—60 yilda bizda shakllangan tasavvurlarni mutlaqo o‘zgartirib yuboradi. Vatanidan quvilgan yurtdoshlarimiz o‘n yildan ortiq davom etgan bu kurashni madad kuchlari yetarli bo‘lmagan, buning ustiga oziq-ovqat, qurol-aslaha kamchil bo‘lgan juda qiyin sharoitda olib borganliklarini ko‘z o‘ngimizda gavdalantiradi, «bosmachilar»ning ma’naviy qiyofasi ham, ularning harbiy harakatlar bo‘layotgan tumanlardagi oddiy xalqqa munosabatlari ham bizga shu paytgacha uqtirib kelinganidan boshqacharoq bo‘lganligini ko‘rsatadi.

Sharqiy Buxoroda 1920 yildan 1932 yilgacha davom etgan qarshilik harakati chetda mustahkam tayanch manba’lariga ega bo‘lmaganligi uchun muvaffaqiyatsiz tugadi. Lekin bu Buxoro xalqining qarshilik harakatiga jahon jamoatchiligi loqayd munosabatda bo‘ldi, degan so‘z emas. Aksincha, jahon jamoatchiligi bu kurash ishtirokchilariga xayrixohlik bilan munosabatda bo‘ldi. Buni yuqorida biz keltirgan amirning jahon jamoatchiligiga Murojaatidan keyin butun dunyoda ko‘tarilgan shov-shuv ham, quyidagi maktub ham ma’lum darajada isbotlaydi. Bu maktubni amirning Peshovardagi vakili To‘raqulboy 1924 yil 4 avgustda Buxorodagi Kamolboy Nosirboevga yozgan:

«...Bizning yaqin vaqtlardagi vazifamiz Buxoro va uning atrofida ota-bobolarimiz e’tiqodini maqkam tutgan, yaratganga ishonadigan, lekin baxtsiz, dushmanlarimiz tomonidan yo‘ldan urilgan, joylardagi oqsoqollar, aminlar, qozilar, raislar, boylarning yozishicha esa, hamon oliy hazratlariga sodiq bo‘lgan xalqni uyushtira oladigan kuchlarni tutib turishdan iboratdir.

Xalqning Olloh taologa, tug‘ilib o‘sgan yeriga va oliy hazratlariga sadoqatini so‘ndirmaslik uchun do‘stlar bilan bundan keyin ham mumkin bo‘lgan barcha ishlarni qilinglar.

Keyingi yillarda men Afg‘onistonda, Hindistonda, Angliyada, Farangistonda, Istambulda, Misrda bo‘lib, ko‘pgina taniqli kishilar bilan uchrashib, ular bizning baxtsiz amirimizni hurmat qilishlariga va biz taraqqiyparvar millatlar va butun dunyo musulmonlarining qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘z vatanimizni qutqarib, olloh taolo panohida va amir boshchiligida diydor ko‘rishajagimizga amin bo‘ldim.

Biz qar gal Hindistonning vitse-qiroliga[1] murojaat etganimizda, u Angliya qiroli va hukumati oliy hazratlarini va butun Buxoro xalqini hurmat qiladi, deb ishontirdi va davlatingizning boshiga tushgan sinovlar yaqin vaqtlarda tugaydi, deb umid bildirdi.

Biz kun sayin butun dunyoda yangidan-yangi ishonchli do‘stlar va homiylar topayapmiz. Bu do‘stlar va homiylar faqat musulmon birodarlarimiz orasida emas, balki ovro‘paliklar orasida ham bor.

Men qaerda bo‘lmay o‘sha mamlakatlarning hukumatlari rahbarlari e’tiborini bizning bebaxt xalqimiz taqdiriga qaratishga harakat qilayapman.

Ko‘pgina sabablarga binoan men hamma gapni xat orqali ayta olmayman, nainki bunga oliy hazratlaridan maxsus ruxsat olgan emasman. Ikkinchidan, bu maktubni ikkimizning eski qadrdonimiz bo‘lgan juda ishonchli odam olib borayapti, u mendan eshitgan hamma gaplarni jafokash hamyurtlarimizga yetkazadi, deb ishonaman».

1928 yilning martida amir o‘z vakili Yusufbekni Millatlar Ligasiga yubordi. Bundan kutilgan maqsad Parijning banklaridan birida saqlanayotgan 180 million oltin frank hajmidagi pulini qaytarib olish edi. Yusufbek bundan oldin ham xuddi shu masalada London va Jenevaga borib kelgan edi. Lekin bu safarlari muvaffaqiyatli o‘tmadi. Frantsiya hukumati Buxoroning sobiq amiriga pullarini qaytarishdan bosh tortdi. Bunga asosiy sabab qilib esa Said Olimxon hozir Buxoro amiri emasligi ko‘rsatildi. «Pullar Buxoro xalqining o‘zi talab qilsagina qaytarilishi mumkin», deyishdi Frantsiya hukumati vakillari Yusufbekka. Masalaning chigalligi shunda ediki, amir Buxorodan qochayotganida bu pullarning hujjatini yo‘qotgan edi. (Bu pullarning keyingi taqdiri nima bo‘lganligini aniqlash imkoniyati bo‘lmadi. Nazarimizda, O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qilgan bugungi sharoitda jumhuriyatimiz hukumati ushbu masalaga aniqlik kiritish uchun Frantsiya hukumatiga rasman murojaat etsa maqsadga muvofiq bo‘lardi).

Amir belidagi oltin kamarini Omonulloxonga, oltin tojini Nodir shohga tuhfa etgan edi. Bundan tashqari, yigirmanchi yillarning oxirida bir odam Hindistonda do‘konlar ochib, tijorat ishlarini yo‘lga qo‘yishni va’da qilib, amirning ikki million so‘mga yaqin pulini olib, mazkur mamlakatga ketgancha qaytib kelmadi. Shundan keyin amir ancha kambag‘allashib qoldi. Lekin uning bu «kambag‘alligi» nisbiy edi. Uning Peshovardagi bankda 2 million rupiy puli, Kobulda zargarlik buyumlari do‘konlari bor edi. Afg‘oniston hukumati xalqaro qoidaga binoan unga oyiga 11 ming afg‘oniy nafaqa to‘lab turardi.

* * *

1920 yilning 2 sentyabrida Buxorodagi shahar qal’asi qizil askarlar tomonidan ishg‘ol qilinganida, u yerdagi amaldorlar bilan bir qatorda amirning oila a’zolari ham qo‘lga olingan edilar. Ammo ularga hech bir ziyon yetkazilmadi. Buxoroda daxlsiz yashay boshlashdi. To‘g‘ri, inqilobchilar orasida qo‘lga tushgan qushbegi, qozikalon, rais va boshqa yirik amaldorlar qatori amirning oila a’zolarini ham yo‘q qilish tarafdorlari anchagina edi. Lekin Fayzulla Xo‘jaev, Abdurauf Fitrat va ularga hamfikr bo‘lgan kishilar so‘llarning insonparvarlikka zid bunday takliflariga qat’iyan qarshi chiqdilar.

Buxoro Sho‘rolar Xalq Jumhuriyati Ijroqo‘mi byurosining 1923 yil 15 may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida shu masala muhokama qilindi. Yig‘ilishda ma’ruza qilgan Atoxo‘ja amir tomonidan Afg‘onistondan yuborilgan Ali Rizo Termiz va Karki shaharlaridagi bosmachilar rahbarlari bilan uchrashib, ularga sovg‘alar ulashib, kelgusida katta mansablar va’da qilib, sho‘rolarga qarshi faol kurashishga, amir oilasini ozod qilib, o‘zini taxtga qaytarishga da’vat etganligini ma’lum qildi.

Ijroqo‘m byurosi xavfning oldini olish maqsadida amir oilasi a’zolarini shahardagi hovlisidan Xiyobon madrasasidagi qamoqxonaga ko‘chirish, ularni qo‘riqlashni kuchaytirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu ishni tashkil etish uchun Qori Yo‘ldosh Po‘latov, Abbos Aliev, Abdurauf Fitratdan iborat komissiya tuzildi.

Biroq ularni uzoq muddat bunday sharoitda saqlab bo‘lmas edi. Oradan bir oy o‘tar-o‘tmas bu masala jumhuriyat Nozirlar Kengashidagi yig‘ilishda yana muhokama qilindi. Kengash amirning o‘g‘illari Sultonmurod, Shohmurod va Rahimni Moskvadagi Buxoro Maorif uyiga o‘qishga yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Amirning onalari To‘raoyim, Shamsiyaoyim, To‘tioyim, qizlari Xosiyatoy, Saodatoy, xotinlari Muharramoyim, Muborakoyim, Xursandoyim, amakilari va boshqa yaqin qarindoshlari (jami 51 kishi) o‘z ixtiyorlari va amirning talabiga binoan Afg‘onistonga jo‘natildilar. Amir oilasi a’zolari va qarindoshlaridan 64 kishi esa Buxoroda qolish xohishini bildirdilar. Hokimiyat ularning daxlsiz yashashlari uchun sharoit yaratdi.

Fayzulla Xo‘jaev va uning atrofidagilarning amir va uning oila a’zolari, qarindosh-urug‘lariga munosabati insoniy bo‘lganligini yana shu dalil isbotlaydiki, 1923 yilning yozida amir oilasi va qarindoshlaridan bir qismi Afg‘onistonga jo‘nab ketishayotganida Fayzulla Xo‘jaev amirga 19 ta brilliant ko‘zli uzukni sovg‘a qilib yuborgan ekan. Amir bu sovg‘ani olgach, juda xursand bo‘lgan va Fayzulla Xo‘jaevga nisbatan qilgan yomonliklariga afsuslangan ekan.

Amirning uch o‘g‘li ko‘p o‘tmay maxsus kuzatuvchilar bilan Moskvaga jo‘nab ketishdi.

Moskvadagi Buxoro Maorif uyi shaxsan Fayzulla Xo‘jaevning tashabbusi bilan sobiq fabrikant Ryabushinskiyning Kropatkin ko‘chasidagi uyida tashkil etilgan edi. Buxoro Xalq Jumhuriyatining Moskvadagi vakolatxonasi ham shu binoda faoliyat ko‘rsatar edi.

Buxoro Maorif uyida, asosan, buxorolik kosib va dehqonlarning, halok bo‘lgan inqilobchilarning farzandlari ta’lim olishar edi. Fayzulla Xo‘jaev har gal Moskvaga borganida bu yerga kelib, talabalarning issiq-sovug‘idan xabardor bo‘lib turardi. O‘sha yillari Moskvada hammasi bo‘lib 290 buxorolik, shu jumladan 35 qiz ta’lim oldi. Qish paytlari bolalar shu yerdagi internatda o‘qishib, istiqomat qilishar, yozgi ta’tilni esa Klyazma daryosi sohilidagi oromgohda o‘tkazishar edi. Amirning farzandlari keyinchalik jumhuriyatimizning taniqli madaniyat va san’at arboblari bo‘lgan Sora Eshonto‘raeva, Sa’dixon Tabibullaev, Mariyam Yoqubova va boshqalar bilan birga tahsil ko‘rishdi.

O‘rta Osiyoda milliy chegaralanish o‘tkazilganidan keyin Buxoro Maorif uyi rabfakka aylantirildi va ko‘p o‘tmay O‘zbekistonning o‘sha davrdagi poytaxti Samarqandga ko‘chirildi. Said Olimxon farzandlari esa Moskvada qolishdi.

Amir farzandlari Moskvada saqlanayotganligidan norozi edi. Lekin dastlabki yillarda butun xayoli Sharqiy Buxoroda fuqarolar urushini kuchaytirib, yana taxtga o‘tirish maqsadi bilan band bo‘lganligi uchun farzandlarini ozod qilish ikkinchi darajali masala bo‘lib turgandi. Lekin yillar o‘tib, birinchi maqsadi sarob bo‘lib qolayotganligini anglagan sari amirning ko‘ziga Moskvada garovga ushlab turilgan farzandlari ko‘rina boshladi.

Said Olimxon xalqaro Qizil Krest va Qizil Yarim Oy jamiyatiga murojaat qilib, o‘g‘illarini qaytarib berishda Sovet hukumatiga ta’sir ko‘rsatishni talab qildi. G‘arb matbuotida yana uning murojaatnomalari paydo bo‘la boshladi. Uning o‘rinli talabini xalqaro jamoatchilik ham qo‘llab-quvvatladi. Sovet tomoni bunga javoban amir oldiga o‘lkadan olib ketgan boyliklarni qaytarib berish shartini qo‘ydi.

1932 yilda amir Afg‘oniston tashqi ishlar vazirligi orqali Afg‘onistonning Sovet Ittifoqidagi elchisi Muhammad Azizxonga shaxsiy maktub yo‘llab, farzandlarini qutqarishda yordam berishni iltimos qildi. Muhammad Azizxon Kobulga kelganida Said Olimxon u bilan ikki-uch marta uchrashib, suhbatlashdi. Amirning «Mening farzandlarimni Afg‘onistonga qaytarish masalasi nima bo‘layapti?» deb bergan savoliga Muhammad Azizxon shunday dedi:

— Menga yozgan maktubingizni olishim bilan bu masalani Tashqi ishlar xalq komissariati orqali hal etishga harakat qildim, lekin hech bir natija chiqarolmadim. Sizga shu narsani aytishim kerakki, — deb so‘zini davom etkazdi elchi, — erkin sovet tarbiyasi sharoitida o‘g‘illaringiz yangi muhitga ko‘nikib ketishgan, ularning ruslardan farqlari kam. Sovet ta’lim-tarbiyasi zararli e’tiqod va qarashlarni o‘g‘illaringizning qon-qoniga singdirib, ularni inglizlarning ashaddiy dushmaniga aylantirgan. Shu boisdan men ular Rossiyani ixtiyoriy ravishda tark etib, bag‘ringizga qaytishga rozi bo‘lishadi, deb ayta olmayman.

— Bundan tashqari, — deb davom etdi Muhammad Azizxon, — hozir Rossiyada xudoni unutishgan, ichkilik daryo bo‘lib oqib yotibdi, deyish mumkin, xotin-qizlar ozod, ular orasida yosh, ko‘zga yaqinlari ham ko‘p. Bugungi yoshlarda tabiatan bunday ko‘ngil yozar ishlarga moyillik kuchli. O‘g‘illaringizni rasmiy yo‘l bilan qaytarishning hech bir iloji yo‘q.

Muhammad Azizxonning bu so‘zlariga javoban Buxoro amiri shunday degan edi:

«Men o‘g‘illarimga to‘la ishonaman. Ular o‘z e’tiqodlarini hech qachon o‘zgartirmaydilar va xudoni bilmagan, aldamchi ruslarning ta’siriga berilmaydilar. O‘g‘illarimni ruslar garov tariqasida ushlab turishibdi, ular asirlar singari yashashayapti. O‘g‘illarim hayotlarini quvnoqroq o‘tkazish uchun tashqi jihatdan ruslarga o‘xshab ketgan bo‘lib ko‘rinishlari mumkin, lekin bu ma’lum vaqt, muddatgacha davom etadigan hodisa. Agar imkoniyat tug‘ilsa, ular bir daqiqa ham o‘ylab o‘tirmay bag‘rimga qaytib kelishadi».

Shundan keyin Said Olimxon Muhammad Azizxondan Moskvadagi elchixona kotibi Muhammad Siddiqxonga va SSSR hududidagi Afg‘oniston konsulxonalariga maxfiy ko‘rsatma berib, Moskvada yashayotgan, sinalgan, tayinli afg‘on, o‘zbek, turkman, tojik yoshlaridan tanlab, bolalari orasiga (do‘st, o‘rtoq, hamsuhbat tariqasida) qo‘yishni iltimos qildi. «Bu yoshlarni yetarlicha mablag‘ bilan ta’minlang, — dedi amir, — ular o‘g‘illarim bilan iloji boricha yaqinlashib, ishonchiga kirishsin, ulardagi yangi e’tiqodni yo‘qqa chiqarib, sovet hayotiga nisbatan nafrat uyg‘otib, o‘z ota-onalari bag‘riga qaytishlari zarurligini uqtirishsin».

— Bu ish amalga oshirilgach, ularni Afg‘oniston chegarasigacha olib kelish lozim bo‘ladi, — deb so‘zini davom etkazdi Said Olimxon. — O‘g‘illarim chegaraga yetib kelgunlariga qadar Afg‘oniston konsulxonasi xodimlari ularga pul, oziq-ovqat va boshqalardan yordam berishlari kerak.

Ayni paytda Said Olimxon barcha chegarachilarga farmoyish berib, Buxoro amiri o‘g‘illari kelishi bilan, ulardan pasportlari, vizalari va boshqa hujjatlarini so‘rab-surishtirib o‘tirmay, darhol Kobulga jo‘natilishini iltimos qildi.

Muhammad Azizxon Buxoro amirining so‘zlarini oxirigacha tinglagach, iltimosini bajarib, Moskvadagi elchixonaga va Sovet Ittifoqi huddudidagi Afg‘oniston konsulxonalariga tegishli ko‘rsatma berishni va’da qildi.

Amirning yuqoridagi so‘zlariga shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, u o‘g‘illari to‘g‘risida bildirgan fikrlarida haq edi. Moskvada amir bolalarini qayta tarbiyalab, «ezuvchi sinf»ning ashaddiy dushmaniga aylantirishga qancha harakat qilishmasin, ulardagi ota-ona, qarindosh-uruqqa, tug‘ilib o‘sgan yurtga muhabbat so‘nmadi. Biri (Rahim) shu orzu yo‘lida qurbon bo‘ldi, ikkinchisini esa Sovet davlati dushmanining o‘g‘li sifatida qamab, yo‘q qilishdi. Uchinchisi omon qoldi-yu, ammo dardini birovga aytolmay dunyodan bir umr ma’yus bo‘lib yashab o‘tdi.

O‘sha davrda Buhoroda Muhammad Hoji degan odam yashardi. Bu odam amirning yaqin kishilaridan bo‘lib, uning rafiqasi Shohmurodni emizgan edi. Amirning o‘g‘illari mana shu oila bilan xat yozishib turishgan. Bundan tashqari, o‘sha paytda Buxoroda yashagan, amirga xayrixoh bo‘lgan bir qator boylar, savdogarlar vaqti-vaqti bilan Moskvaga borib yoki o‘z odamlarini yuborib, amir bolalarining holidan xabar olib turishgan, ularga moddiy yordam ko‘rsatishgan. Bular orasida taniqli boylar va savdogarlar Ne’matjon Shamsibekov, Kamolboy Nosirboev, Mirza Muhitdin va boshqalarni aytib o‘tish mumkin.

Muhammad Azizxon Moskvaga qaytgach, amirdan olgan maxfiy topshirig‘ini bajarishga kirishdi. Belgilangan tadbirlar tez vaqtda o‘z natijasini berib, amirning kenja o‘g‘li Rahim ikki-uch marta Afg‘oniston elchixonasiga keldi. Bir kelganida elchi u bilan yakkama-yakka uzoq suhbatlashib, Afg‘onistonga ketish masalasini rasmiy yo‘sinda qo‘yishni maslahat berdi.

Shundan keyin, Rahim SSSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi va SSSR Xalq Komissarlar Kengashiga ariza yozib, chet elga ketishga ruxsat berilishini iltimos qildi. Uning bu arizasi Moskvadagi O‘zbekiston vakolatxonasiga yuborildi. Vakolatxona boshlig‘i Rahimni huzuriga chaqirib, u bilan suhbatlashdi. Shunda Rahim sobiq Buxoro amiri bo‘lgan otasi oldiga ketishga qat’iy ahd qilganligini bayon etdi. Vakolatxona boshlig‘i uning bu iltimosini bajarib bo‘lmasligini ma’lum qildi.

Shundan keyin, Rahim yana Afg‘oniston elchisiga murojaat qilib, Afg‘onistonga vizasiz jo‘natishni so‘radi. Lekin elchi bu ishga jur’at etmadi. Rahim bu orada Kobulga borayotgan Afg‘oniston elchixonasi xodimlari orqali otasi bilan ham aloqa o‘rnatishga ulgurgandi.

Uning shundan keyingi taqdiri haqida ikki xil ma’lumot bor. Rasmiy ma’lumotlarda, Rahimning chet eldagi aksilinqilobiy kuchlar bilan aloqa bog‘laganlikda ayblanib, 1937 yilda qamalib, otib tashlanganligi yoziladi. Odamlar og‘zida yurgan, ya’ni amirning bolalarini bilgan kishilar bergan ma’lumotlarga qaraganda esa, o‘sha paytda Afg‘oniston elchisi qonuniy yo‘l bilan biron-bir natijaga erishish qiyin ekanligiga yana bir ishonch qosil qilgach, Rahimning vizasiz Afg‘onistonga ketish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan. Lekin bu ish muvaffaqiyatsiz tugab, Rahim chegarada qo‘lga tushgan va otib tashlangan. Bizningcha, shu fikr to‘g‘ri bo‘lsa kerak.

Amirning to‘ng‘ich o‘g‘li Sultonmurodning bir oyog‘i nogiron bo‘lganligini aytib o‘tgan edik. U Moskvadagi nogironlar fabrikasida ishlardi. Ochiq, dali-g‘uli yigit edi, 30-yillarda nima uchundir bir sidra ingliz tilini o‘rganishga harakat qilib yurgan.

Bu yigitni 40-yillarda Sovet davlati dushmanining o‘g‘li sifatida qamashdi. U o‘ziga nohaq ayblar qo‘yilganligi uchun qamoqxonada ochlik e’lon qilib, ko‘p o‘tmay vafot etdi. Sovun zavodida ishlaydigan rafiqasi esa bu judolikni ko‘tara olmay, ish joyida sovun qaynatilayotgan katta qozonga o‘zini tashlab halok bo‘ldi.

Ikkinchi o‘g‘il Shohmurod Olimovning taqdiri esa boshqacha bo‘ldi. 1929 yil 16 iyun kuni «Izvestiya» ro‘znomasi Shohmurod Olimovning otasiga ochiq xatini e’lon qildi. «Buxoro amirining o‘g‘li o‘z otasiga shunday deydi» degan sarlavha bilan e’lon qilingan bo‘ xatga tahririyatning quyidagi kirish so‘zi ilova qilingan edi:

«Biz o‘g‘ilning o‘z otasiga maktubini e’lon qilmoqdamiz. Uning otasi — sobiq Buxoro amiri, oq poshshoning sodiq malayi — rus chorizmining qo‘llab-quvvatlashi bilan Buxoro amirligida hukmdorlik qilgan. Mehnatkash omma tomonidan Buxorodan quvib chiqarilgan ota Afg‘onistonning qaysidir burchagida ko‘p yillardan beri musofirlikda yashamoqda. Yaqinda u Sovet hukumatiga qarshi «fosh qiluvchi» murojaatnoma e’lon qildi. Xuddi shu vaqtning o‘zida bosmachi to‘dalari G‘arm shahri yaqinida bizning hududimizga hujum qilishdi. Bu to‘g‘rida ilgari xabar qilgan edik.

O‘g‘il — Shohmurod boshqa lagerda. U moskvalik rabfakchi. Sobiq o‘g‘il o‘z otasining yangi qilig‘i to‘g‘risida unga birinchi va so‘nggi maktubini yo‘llamoqda. Biz bu xatni sotsialistik g‘oyalarning siyosiy jihatdan chirib ketgan mustabid oiladagi o‘rta asrchilik munosabatlariga ham rahna solganligiga misol, insoniyat tarixida kamdan-kam uchraydigan hujjat sifatida e’lon qilmoqdamiz».

Shohmurodning «Izvestiya» ro‘znomasida bosilgan maktubini jumhuriyatimizdagi ko‘pgina ro‘znomalar, jumladan «Ozod Buxoro» ham ko‘chirib bosdi. Bugungi kunda stalincha «g‘oyaviylik» va zo‘ravonlikning o‘ziga xos namunasi sifatida baholanadigan bu ochiq xatda o‘g‘il tilidan quyidagi so‘zlar bitilgan:

«Men senga umrimda birinchi va so‘nggi marotaba xat yozayapman. Men xat yozishni, oramizda hech qanday aloqa o‘rnatilishini istamagan edim. Lekin keyingi kunlarda yuz bergan voqealar meni senga yuragimning qoni bilan xat yozishga majbur etdi. 1917 yilda dunyo insoniyat tarixida birinchi marta ikki lagerga bo‘lindi: Kapitalizm lageri va sotsializm lageri.

1918 yil keldi. Bu vaqtda sening krepostnoy hokimiyatingda teskarichilik juda kuchaydi. Registon kambag‘al kosiblar va dehqonlar qattiq zulmga qarshi bosh ko‘tarishga jur’at etgan va sen hukmronlik qilgan vaqtda butunlay talangan kishilarning qoni bilan to‘ldi.

Sen esa aysh-ishrat bilan mashg‘ul eding. Ota-o‘g‘il bo‘lganimiz holda sen bilan yiliga bir marotaba uchrashar, boshqa vaqtlarda bizlar (uch birodar) o‘z onalarimiz bilan birga yashar edik. Sen o‘g‘illaring borligini bilmas eding! Sen ularni anglamas eding. Lekin onamning shikoyatlari hali esimda turibdi. 1920 yil keldi. Buxorodagi mustabid, krepostnoy, yarim mustamlaka va teskarichi hokimiyat qulatildi. Mullalarning, boylarning hokimiyati, sening hokimiyating qulatildi. Amir hokimiyati yo‘q bo‘ldi. Uning o‘rniga yangi hokimiyat — xalq hokimiyati keldi. Yangi tashkil etilgan Buxoro Xalq Sho‘rolar Jumhuriyati bizlarni o‘z bag‘riga oldi. U bizlarni boqdi va kiyintirdi. 1923 yilda bizlar o‘qimoq uchun Moskvaga bordik. Bu vaqtga kelib Turkiston sho‘rolari, Buxoro va Xorazm jumhuriyatlari birlashib, O‘zbekiston Sho‘rolar Jumhuriyatini tashkil etdilar. O‘zbekiston jumhuriyati boshqa jumhuriyatlar bilan teng huquqqa ega bo‘lgan holda SSSR tarkibiga kirdi. Yolg‘iz sengina emas, balki sening xo‘jayining bo‘lgan Rusiya samoderjaviesi tomonidan ham ezilgan amir Buxorosi tugadi. Buxoro yangi, boshqa bo‘ldi. Hozir u yerda zo‘rlik va zulm yo‘q, u yerda nodonlik, savodsizlik yo‘qolmoqda, maktablarning soni ko‘paymoqda. Batraklar va mehnatkash xalqning o‘n minglab bolalari bu maktablarda har xil ilmlarni o‘rganishmoqda. Bolsheviklar firqasining to‘g‘ri rahnamoligi ostida xalq xo‘jaligi rivojlanmoqda va mustahkamlanmoqda.

Men olti yildan buyon Butunittifoqning siyosiy va iqtisodiy markazi bo‘lgan Moskvada o‘qimoqdaman. Men ishchilar fakultetida bilim oldim. Bu yerda orttirgan o‘rtoqlarim bilan birga o‘qib va yashab katta sho‘rolar jamoasining a’zosi bo‘ldim. Men seni yomon ko‘raman. Men otam yo‘q, deb hisoblayman va senga ham o‘g‘ling borligini yodingdan chiqarishingni taklif etaman. Men sening ilgarigi o‘g‘ling emasman, u yangi til bilan gapiradi. U hur fikrli va turmushga yangicha qaraydigan kishiga aylandi. Dunyo ikki lagerga bo‘lindi. Inqilobiy harakat yolg‘iz G‘arbda emas, balki Sharqda ham o‘smoqda. Xitoy qullari mustamlakachilik zulmiga qarshi qo‘zg‘oldilar, Hindilar mustaqillik uchun intilmoqdalar. Inqilob o‘ti butun yer yuziga yoyilmoqdakim, u shubhasiz alangaga aylanib, zindonlarni yondiradi. Mustamlakachilar millatlar o‘rtasiga nifoq soladilar, ularni o‘z qullariga aylantirish uchun aldaydilar... Sen, inidan quvilgan tulki, Sho‘rolar Tojikistoniga hujum qilishni, keyin esa mustamlakachi homiylaring himoyasi ostida Buxoroga kelishni o‘ylabsan. Sen shu yo‘l bilan Sho‘ro hukumatini yiqitib, yana amir Buxorosini tuzmoqchi bo‘layapsan. Bu yerda farq faqat bitta: ilgari sen xalqni ezib, topganlaringni Rusiya hokimi mutlag‘i bilan bo‘lishar eding. Endilikda esa ochofatligi bilan tanilgan dunyo yirtqichi — Angliya bilan hamtovoqlik qilmoqchisan. Lekin sen chuchvarani xom sanayapsan. Tojikistonda Sho‘ro hokimiyati yashaydi va yashayajak. Sho‘ro hokimiyatini barpo qilish oson bo‘lmadi. Senday iflos, ahmoq va darbadar odam Sho‘ro hukumatini osonlik bilan yo‘qota olmaydi. Sen 1920 yilda Buxorodan qochayotib butun Sharqiy Buxoroga bosmachilik urug‘ining sepding. G‘olib ishchi-dehqon qizil qo‘shini va ko‘ngilli askarlar bosmachilarni tor-mor keltirdilar. Lekin bosmachi shaykalari sho‘ro tuprog‘ida yana paydo bo‘la boshladilar. Bu gal ham Qizil qo‘shin aldangan kishilar to‘dasini tor-mor qilajak. Sho‘rolar Tojikistonining ortida ,140 million kishilik kuchli Sho‘rolar Ittifoqi turibdi. Sho‘rolar Ittifoqini G‘arbdagi ishchilar sinfi va butun mustamlaka Sharqi himoya qiladi. Bular mening senga aytgan eng so‘nggi so‘zlarimdir. Sen bilan abadiy ajralishamiz. Agar o‘zim istamaganim holda taqdir meni sen bilan uchrashtirsa, unda sen bilan dushmanlarcha uchrashamiz.

Sening sobiq o‘g‘ling: Shohmurod».

Mana shunday qilib, shaxsga sig‘inishning ayni avjiga chiqayotgan pallasida yana bir sovet o‘spirini «g‘oyaviylik» siyosati tufayli ota va o‘g‘il o‘rtasidagi insoniy munosabatlarni poymol qilib, Pavlik Morozovning «jasorati»ni takrorladi. Shu maktubi tufayli Shohmurod Olimov nafaqat pushti panohi, balkim butun o‘tmishi, qilmish-qidirmishi, insoniy ildizlari bilan vidolashib, zaminidan ayrilgan daraxtday bo‘lib qoldi.

Xo‘sh, Shohmurod nima uchun bu maktubni yozdi?

Shohmurod rabfakni tamomlagach, harbiy bilim yurtiga kirmoqchi bo‘ldi.

Unda bu bilim yurtini tamomlagach, harbiy akdemiyaga kirib o‘qish orzusi ham bor edi. U shu orzularini do‘stlariga aytganida, ular:

— Seni bu sohaga o‘qishga olishmaydi,— deyishdi.

— Nima uchun? — deb so‘radi yosh yigit beixtiyor.

— Axir sen Sovet hokimiyatining ashaddiy dushmani bo‘lgan odamning — sobiq Buxoro amirining o‘g‘lisan-ku.

— Bu gap to‘g‘ri. Lekin men o‘z hayotimni harbiydan boshqa sohada tasavvur etolmayman-da. Otam general bo‘lgan, men ham shunday bo‘lishni xohlayman.

— Buning bitta yo‘li bor,— dedi davradagilardan biri.

— Bu qanday yo‘l ekan?

— Matbuot orqali otangga xat yozib, undan, go‘yo voz kechgan o‘g‘il bo‘lasan. Shunday qilsang, seni harbiy bilim yurtiga qabul qilishadi, kelgusidagi hayoting har xil xavf-xatarlardan ham holi bo‘ladi.

Shohmurod o‘ylanib qoldi. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach esa, «Izvestiya»da e’lon qilingan yuqoridagi xat paydo bo‘ldi. O‘g‘il shunday qildiyu, bir umr o‘zini vijdon azobiga qo‘ydi.

Shohmurod Olimovning yoshligida Moskvada rabfakda birga o‘qib, keyin zavodda birga ishlashgan Musaxon Zokirov ismli do‘sti bo‘lgan. Bu odam Shohmurod bilan tengqur bo‘lib, Qarshi shahri yaqinidagi Mahalliyot qishlog‘ida, asli Qozondan ko‘chib kelgan boy tatar oilasida tug‘ilgan. Musaxon urush boshlanib ketgach, Moskvadan Dushanbega ko‘chib kelib, non mahsulotlari kombinatida ishlagan. Shu odamning hikoya qilishicha, u Moskvada yashagan paytlarda Shohmurod rafiqasi Lidiya Mixaylovna bilan unikiga tez-tez mehmonga kelar, qattiq mast bo‘lib qolgan paytlarida ota-onasini eslab yig‘lar ekan. Ayni paytda Musaxon Zokirov Shohmurodning juda ham savodli va fikr-mulohazali odam bo‘lganligini ta’kidlaydi.

— Sovet hokimiyati xavf ostida bo‘lsa, bizday kishilar xotirjam yashasak bo‘ladi,— degan ekan bir kun Shohmurod shu do‘stiga. — Aksincha, bu hokimiyat o‘ziga tinch bo‘lsa, bizday ijtimoiy kelib chiqishi «nobop» kishilarni yo‘q qila boshlaydi. Ro‘znomalarda farzand ota uchun javob bermaydi, deb yozishayapti. Bu bo‘lmagan safsata. Bu hukumatning changaliga tushib qolsang, otanggina emas, bobong uchun ham javob talab qilishi mumkin.

O‘zbekiston xalq artisti, marhum Mariyam Yoqubovaning qizi Tamara Yoqubova bizga bir voqeani gapirib berdi. Uning aytishicha, 30-yillarning o‘rtalarida Mariyam Yoqubova bir ish bilan Moskvaga borganida rabfakda birga o‘qigan do‘sti Shohmurod bilan uchrashibdi. U do‘sti bilan suhbatlashib o‘tirib:

— Shohmurod, yomon zamonlar bo‘layapti. Sizni sobiq Buxoro amirining o‘g‘li, deb bir kunmas bir kun hibsga olishmasaydi,— debdi.

Shunda Shohmurod kulib:

— Hali xabaringiz yo‘qmi? Men buning ehtiyotini qilganman,— deb «Izvestiya» ro‘znomasining o‘sha xat bosilgan sonini olib ko‘rsatibdi.

Darhaqiqat, otasiga xati e’lon qilinganidan keyin Shohmurod Olimovning yo‘li ochildi. U avval harbiy bilim yurtiga, keyin Kuybishev nomidagi harbiy-injenerlik akademiyasiga kirib o‘qib, Sovet armiyasining generali darajasiga yetdi.

Shohmurod Olimov harbiy-injenerlik akademiyasini a’lo baholar bilan tugatgach, qobiliyatli ofitserga yana bir himmat ko‘rsatildi. U shu akademiyada o‘qituvchi qilib qoldirildi.

Ulug‘ Vatan urushi boshlanishi bilan esa Shohmurod Olimov birinchilar qatorida frontga jo‘nab ketdi. Fashistlar tajovuzkorona yurishini tabora kuchaytirayotgan damlarda temir yo‘llar, ko‘priklarni portlatishga rahbarlik qilib, dushmanning olg‘a harakatini sekinlashtirishga hissa qo‘shdi. Janglardagi jasorati uchun orden va medallar bilan mukofotlandi. O‘z sohasini yaxshi bilgan mutaxassis sifatida Sovet Armiyasi Bosh shtabidagilarning nazariga tushgan edi.

1944 yilda Qrim yarim orolini dushmandan tozalash chog‘ida Shohmurod Olimov og‘ir yaralandi. Shu munosabat bilan Moskvada maxsus samolyot ajratildi. Lidiya Mixaylovna shu samolyotda eri oldiga borib, harbiy vrach, hamshira hamrohligida uni Moskvadagi gospitalga olib keldi. Bu yerda Shohmurod Olimovning bir oyog‘ini kesib tashlashga to‘g‘ri keldi. Unga akademiyaga qaytib, o‘qituvchilik kasbini davom ettirishiga ruxsat berishdi.

Hassaga tayanib, yog‘och oyog‘ini do‘qillatib auditoriyaga kirib keladigan istarasi issiq bu kishining millati, nasl-nasabidan akademiyada sanoqli kishilar xabardor edilar. U o‘tmishi, hayoti to‘g‘risida gapirishni yoqtirmas edi. Hatto uzoq yillar u bilan yonma-yon ishlashgan hamkasblari ham general Olimovning g‘aroyib tarjimai holidan bexabar edilar.

Amirning boshqa ikki o‘g‘li — Sultonmurod va Rahimning taqdiri bilan solishtirganda, Shohmurodning taqdiri bir qarashda birmuncha yorqinroq bo‘lganday tuyuladi. Aslida, uni ham baxtli deb bo‘lmasdi. Dunyoda o‘z bolaligini qo‘msamaydigan, tug‘ishganlarini, jonajon yurtini ko‘rishni istamaydigan kishi bo‘lmasa kerak. Shohmurod esa o‘z yurti bilan juda erta xayrlashdi. Tug‘ishganlarini ko‘rishni esa xayoliga ham keltiraolmas edi. U bir umr o‘tmishini eslashdan qo‘rqib, xesh-aqrabolari bilan uchrashuvdan qochib yashadi. Buxoroga esa bolaligida ketganicha qaytib kelmadi. U kamgap va g‘amgin odam edi.

Kuybishev nomidagi harbiy-injenerlik akademiyasining kafedra mudiri, general mayor Shohmurod Olimov urushdan keyingi yillarda qatag‘onning yangi to‘lqini ko‘tarilganida o‘zi va oilasi taqdiri to‘g‘risida ko‘p tashvishlandi, hatto familiyasini o‘zgartirmoqchi ham bo‘ldi. Darhaqiqat, o‘sha qaltis yillarda Sovet hokimiyati dushmanining farzandini yo‘q qilish uchun beriyachilarga sal narsa bahona bo‘lishi mumkin edi.

1985 yilda 75 yoshida Moskvada vafot etgan general Shohmurod Olimov umrining oxirigacha o‘zini ko‘rinmas zanjirlar bilan kishanlangan bandidek his qilib yashadi. U ildiziga bolta urilgan, o‘tmishi bo‘lmagan inson edi.

Xo‘sh, amirning 1923 yilda Afg‘onistonga ketishni istamay, Buxoroda qolgan, 64 nafar oila a’zolari va qarindosh-urug‘larining keyingi taqdiri qanday bo‘ldi? Bunga hozir Jumhuriyat Davlat xavfsizlik qo‘mitasining arxivida bir nusxasi saqlanayotgan, Davlat xavfsizligi xalq komissariati Buxoro viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, ichki ishlar katta leytenanti A. Filimonov imzo chekkan maktubda aniq-ravshan javob berilgan. Yuqori idoralarning so‘roviga binoan 1940 yil iyun oyida yozilgan bu maktubda sobiq amirning Buxoroda qolgan oila a’zolari va qarindosh-urug‘larining hammasi 1937—38 yillardagi qatag‘onda qamab, yo‘q qilinganligi yozilgan.

* * *

Tarixchilar M. Hasanov, V. Germanov, K. Shodiev aniqlagan ma’lumotlarga qaraganda, ikkinchi jahon urushi yillari Afg‘onistondagi buxorolik muhojirlarga turk, yapon, nemis razvedkasining qiziqishlari ortadi. Ular 1941—1943 yillarda buxorolik muhojirlarni o‘z maqsadlari yo‘lida xizmat qildirish bo‘yicha faoliyatlarini kuchaytirdilar. Ayniqsa, nemis razvedkasi bu borada zo‘r faollik ko‘rsatdi. Buning o‘z sabablari bor edi, albatta. Sovet Ittifoqi bilan bo‘layotgan urush cho‘zilishi muqarrar bo‘lib qolganligini anglagach, sovetlarga qarshi buxorolik muhojirlardan foydalanish istagi nemis razvedkasiga tinchlik bermay qo‘ygan edi.

Nemis razvedkachilari Rasmus va Vittsel amirning o‘g‘illari Said Umarxon va Said Ibrohim, shuningdek buxorolik muhojirlarning boshliqlari — Mubashirxon Taroziy, Shermuhammadbek, uning ukasi Nurmat va boshqalar orqali Said Olimxon bilan aloqa o‘rnatdilar. Nemis razvedkasi SSSRga janubdan zarba berishga chog‘lana boshladi. Ular Afg‘onistondagi buxorolik muhojirlar bilan kifoyalanmay, O‘rta Osiyoda sobiq Buxoro amiriga moyil bo‘lgan kishilar o‘rtasida ham targ‘ibot ishlarini yo‘lga qo‘ya boshladilar. Buxorolik muhojirlarning «Faol» markazi tuzilib, unga Mubashirxon Taroziy boshchilik qila boshladi. Harbiy kuchlarga qo‘mondonlik qilish vazifasi esa Shermuhammadbek zimmasiga yuklatildi.

Nemis razvedkasi buxoroliklar uchun mablag‘ni ayamadi. Afg‘onistonning shimoliy viloyatlariga targ‘ibot ishlarini kuchaytirish uchun maxsus odamlar yubora boshlashdi. Ayni paytda Sovet Ittifoqining janubiy tumanlariga ham yashirin ravishda odamlar tashlana boshlandi.

Buxorolik muhojirlar bolsheviklardan qasos olib, yana Vatanga qaytish soatlari yaqinlashayotganiga qattiq ishona boshladilar. Ular o‘zlarining bu harakatlarini Afg‘oniston hukumati ham qo‘llab-quvvatlaydi yoki hech bo‘lmaganda, bu masalada betaraf yo‘l tutadi, deb qattiq ishonardilar.

Nemis razvedkasi buxorolik muhojirlar orasida olib borayotgan ishlardan Afg‘oniston Davlat xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari yaxshi xabardor edilar, albatta. Ayni paytda ular amir Said Olimxon va uning atrofidagi kishilar xatti-harakatlarini sovet razvedkasi ham diqqat bilan kuzatib turganligini, zarur bo‘lsa, sovet tomoni qarshi chora-tadbirlar ko‘rishi mumkinligini ham yaxshi bilishardi. Afg‘oniston tomonini, ayniqsa Sovet qo‘shinlari mamlakat xavfsizligini ta’minlash bahonasida, xuddi Eronda bo‘lgani singari, Afg‘oniston hududiga kirib olishi ehtimoli ko‘p tashvishlantirayotgan edi.

1943 yilning boshida Stalingrad jangi Sovet Armiyasining g‘alabasi bilan tugagach, Afg‘oniston tomoni ikkilanib o‘tirishning vaqti o‘tganligini bildi va mart oyida Afg‘oniston Davlat xavfsizligi xodimlari «Faol» markazi rahbarlarining hammasini (50 kishiga yaqin) bir kechada qamab, uy-joylarini tintuv qilib, nemis razvedkasi yetkazib bergan qurol-yaroq, pul mablag‘lari va boshqa narsalarning hammasini tortib oldi. Shundan keyin «Faol» markazining faoliyati tugadi.

Afg‘oniston hukumati mehmondo‘stlik an’analariga amal qilib, Said Olimxonga tegmadi. U ilgarigiday Afg‘oniston hukumati belgilagan nafaqani olib, tinch yashay berdi.

Yuqoridagi voqeadan keyin buxorolik muhojirlarning ruhi tushib ketdi. Ularning orasida Turkiyaga, Saudiya Arabistoniga ketish yoki qanday jazo berilmasin, ona yurtga qaytish kayfiyatlari paydo bo‘la boshladi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Said Olimxon xuddi otasi Abdulahadxon singari vos-vos kasaliga yo‘liqdi. U bir joyda o‘tirolmaydigan bo‘lib qoldi. Atrofidagilarga tinchlik bermay, hali u yoqqa olib bor, hali bu yoqqa olib bor, deyaveradigan odat chiqardi. Shundan keyin, amirning to‘rt o‘g‘li (Said Umarxon, Said Ibrohimxon, Said Fattohxon, Said Murodxon) o‘zaro maslahatlashib, otalari nomidan Afg‘oniston Bosh vaziri Said A’zamga yengil avtomobil so‘rab ariza yozdilar. Said A’zam bu arizani o‘qigach, amirning o‘g‘illariga: «Aftidan, faqat amirning emas, siz buxorolik muhojirlarning hammangizning miyangiz aynib qolganga o‘xshaydi. Sizlar bizning mamlakatimiz xuddi Eron singari ahvolga tushishini istaysizlarmi, deyman. Yengil avtomobilda sayr qiladigan paytlar o‘tdi», deb javob qilgan ekan.

Buxoroning so‘nggi amiri Said Olimxon 1944 yil 30 aprelda vafot etdi. Uni ko‘mish marosimida Afg‘oniston hukumatining deyarli barcha rahbarlari, buxorolik muhojirlarning rahbarlari ishtirok etdilar.

Amir dafn etilganidan keyin oradan bir necha kun o‘tgach, Qal’ai Fatuda ko‘pchilik ishtirokida Said Olimxonning to‘ng‘ich o‘g‘li Said Umarxonga taxt merosxo‘ri sifatida amirlik libosini kiydirish marosimi bo‘ldi.

Said Umarxon shu marosim oxirida nutq so‘zlab, buxorolik muhojirlarning birinchi navbatdagi vazifasi Vatanni Sovet hokimiyatidan ozod qilish uchun kurashdan iboratligini ta’kidladi.

* * *

— 70-yillarning boshida Afg‘onistonda «Tog‘lar va afsonalar mamlakati» filmini suratga olayotganimda afg‘on hamkasblarimdan go‘zal bir qizni topishni iltimos qildim,— dedi bizga kinorejissyor Malik Qayumov.— Bir mahal ular oldimga Kobul dorilfununinning tolibasi bo‘lgan g‘oyat go‘zal bir qizni boshlab kelishdi. Qarasam, u o‘zbek tilini biladigandek tuyuldi. Men undan:

— Singlim, siz o‘zbekmisiz? — deb so‘radim. U:

— Ha, men sizning hamyurtingizman, amir Said Olimxonning nevarasiman,— dedi.

Bu qiz birmuncha vaqt biz bilan ishladi. Bir kun u:

— Malik aka, oyim siz bilan uchrashmoqchilar. Xo‘p desangiz, ertaga mashina olib kelib, uyimizga olib boraman,— dedi.

Men rozi bo‘ldim. Shunday qilib, ertasi Said Olimxonning qizinikida mehmon bo‘ldim. U Buxoroda tug‘ilgan ekan. Hozirgi Buxoro, O‘zbekiston haqida so‘radi, gapirib berdim.

— 70-yillarning oxirida hamkasbim Turdi Modirov bilan Afg‘onistonda bo‘lganimizda Said Olimxonning yana bir nevarasi Said Ali Olimiy bilan tanishdik, — deydi Malik Qayumov.— Bu yigit Bombeyda o‘qigan bo‘lib, ingliz tilini yaxshi bilar, Kobul kinostudiyasida ovoz operatori bo‘lib ishlar edi. Said Alining ukasi, 1952 yilda tug‘ilgan Said Temur Olimiy 1986 yilda Kiev Davlat dorilfununining falsafa fakultetini tamomlagan. U rus tilini puxta biladi. Toshkentda ham bir necha marta bo‘lgan.

1983 yilda Said Temur Olimiy Moskvada shahar adreslar byurosi orqali amakisi Shohmurod Olimovni qidirib topib, uyiga boradi. Shohmurod jiyanini ancha sovuq qabul qiladi. U gapni qisqa qilib: «Nima qilasan mening ham, o‘zingning ham hayotingni xavf ostiga qo‘yib? Davlat xavfsizligi qo‘mitasi xodimlari sening bu yerga kelganingni bilishadi», deb jiyanini kvartirasidan chiqarib yuborgan ekan.

Said Ali va Said Temur amir Afg‘onistonga qochib borganidan keyin tug‘ilgan o‘g‘illaridan birining farzandlaridir. U bu o‘g‘liga Badaxshon hokimining qizini olib bergan edi.

Said Temur Sovet Ittifoqida o‘qishni bitirgach, Toshkentda qolishga ko‘p harakat qildi. Sababi, bu paytda Afg‘onistonda borar joyi yo‘q, ota-onasi uy-joyini sotib, yetti farzandi bilan Amerikaga ko‘chib ketishgan edi. Lekin unga Toshkentda qolishiga ruxsat berilmadi. Shundan keyin, Said Temur Afg‘onistonga jo‘nab ketdi. Aytishlaricha, u Kobulga emas, tikka G‘azna shahriga borib, u yerdan Pokistonga o‘tib, so‘ngra Amerikaga — ota-onasining oldiga jo‘nab ketibdi.

Hozir Afg‘onistonda amir Said Olimxon avlodlaridan deyarli hech kim yashamaydi. Aprel inqilobidan keyin ularning hammasi Amerikaga ko‘chib ketishgan.

Amir Said Olimxon Kobul shahri chekkasidagi ko‘rimsizgina bir qabristonga dafn etilgan. Qabr toshiga ism-sharifi, tug‘ilgan va vafot etgan yillari, shajarasi dariy tilida yozib qo‘yilgan.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1992 yil, 3-son

----------------------------------

[1] O‘sha davrda mustamlaka Hindistonning vitse-qiroli Angliya qirolining muovini — vitse-qirol sanalgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.