OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sherali Turdiyev. Ma’rifat qaldirg‘ochlari (1989)

Germaniyada o‘qigan turkistonlik talabalar.

Berlindagi «Ozod Sharq» nashriyotida turkistonlik talabalar tomonidan nashr etilgan o‘zbekcha «Ko‘mak» (1923 yil, 1-son) nomli ilmiy, adabiy, ijtimoiy jurnalning birinchi sahifasidan ko‘chirib bosilmoqda.

Oktyabr inqilobiga qadar va 20-yillar boshlarida xorijiy Sharqning Qohira, Istambul kabi shaharlari dorilfununlarida o‘qib qaytgan G‘oziolim Yunusov, Abdurauf Fitrat, Xolid Said Xo‘jaev, Miyon Buzruk Solihov, Mullo Bekjon Rahmonov va boshqalarning yangi o‘zbek madaniyatini rivojlantirishdagi xizmatlari va so‘nggi fojiali taqdirlari haqida bir qadar ma’lumotlarga egamiz. Lekin o‘sha yillari G‘arbga, ayniqsa, Germaniyaga o‘qishga ketgan turkistonlik talabalarning o‘qish va ishlari bizga qorong‘u, Germaniyaga Turkistondan talabalar yuborish harakati qachon boshlangan? Bu harakatning tashabbuskorlari, homiylari kimlar edi? Dastlab Germaniyaga borganlar kimlar, ular qaysi shaharlarda va qanday mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qishgan?

20-yillardagi ayrim matbuot materiallarining xabar berishicha, Turkistondan chetga, masalan, Germaniyaga o‘qishga yuborishni dastlab 1921 yilda «O‘zbek bilim hay’ati» tuzgan «Ko‘mak» uyushmasi boshlagan. Bu haqda «Turkiston» gazetasining 1923 yil 27 yanvar sonida «Xumsonlik» taxallusli muallif «So‘nggi ko‘makni kimlardan kutishimiz kerak?» maqolasida shunday yozadi: «Turkistondan chetga borib o‘qish uchun 21-yil boshlarida «O‘zbek bilim hay’ati» tomonidan bir loyiha tuzilib, boshda student Saidalixo‘ja bo‘lgan holda bir necha o‘quvchilarning ro‘yxati olinib, hukumatga topshirilgan edi. Bir necha muddat buning ketidan yurib, natijada hukumatimizning moddiy ko‘mak beraolmaslig‘i biling‘ach, bu masala o‘z-o‘zidan to‘xtaldi. Lekin o‘qig‘uvchilarning orasida ko‘tarilgan chetga ketib o‘qish havasi esa buning bilan bitmadi. O‘qig‘uvchilardan qaysi bir o‘ziga to‘qlari (garchi borliq narsalarini sotib bo‘lsa-da) yana chetga ketmak orzusida bo‘lindilar.

Bularning o‘zaro tashabbusini ko‘rgan «Bilim hay’ati» chetdan tomoshachi bo‘lib turaolmadi. Va chetga ketuvchi studentlarning o‘zlaridan bir komissiya tuzib va o‘z a’zosi Saidalixo‘jani shul komissiyaga boshliq etib, «Ko‘mak» ostida bir uyushma tuzdi. Uyushma kecha-kunduz ishlab bir kishini chetga jo‘nataoldi».

«Ko‘mak» uyushmasining yordami bilan Germaniyaga o‘qishga ketgan o‘sha birinchi o‘zbek talabasi kim edi? U Germaniyaga qachon ketdi va qaysi o‘quv yurtida o‘qidi, uning o‘qishi, moddiy ahvoli, Turkiston bilan aloqasi qanday bo‘ldi?

«Qizil bayroq» gazetasining 1922 yil 29 iyul va 1 avgust sonlarida bosilgan xatga qaraganda shu vaqtga qadar Germaniyadagi Ziroat akademiyasida faqat toshkentlik Abdulvohid Murodov ismli talaba o‘qib turgan. Xat muallifi ham ayni shu Abdulvohid Murodiy bo‘lib, Toshkentdan olgan maktublaridan birida vatandoshlari tomonidan Ovro‘paga talabalar yuborish maqsadida uyushma tuzilganligi xabarini o‘qib g‘oyat xursand bo‘lganini, bir yildirki, Yevropada yolg‘iz o‘zi o‘qiyotganligidan o‘ksinganligi va jahon yoshlarining qiziqishi va intilishlari Turkiston yoshlari uchun ham ibrat ekanligini izhor qilib yozgan edi: «Bir yildirkim, Ovro‘pada yashamoqdaman, ilm-maorifda Ovro‘paning birinchisi bo‘lg‘on Germaniya dorilfununlarida butun dunyodan, hatto tatarlardan o‘nlab, turklardan esa minglab talabalar bo‘lg‘ani holda bizning Turkistondan mendan boshqa talaba bo‘lmasligi yuragimni parchalamoqda, boshqalarga hasad sezgisi uyg‘otmoqda edi. Mana sizlarning bu xayrli muborak tashabbusingiz ko‘p yillardan beri kulmagan ko‘nglimni kuldirdi. Va ruhimga jon berdi.

Germaniyaga kelganimdan so‘ng Ovro‘polilarni yaqindan tanimoqqa muvaffaq bo‘ldim... Maorifda, ilmda bular butun Ovro‘pada ustod hisoblanadilar. Nemislarning oliy maktablarida yuzlab amerikalik, frantsuz va inglizlarning bo‘lishi va bu yerda muhandis to‘plamoq uchun birmuncha Hay’atlarning kelishi mening bu da’vomni isbot etar.

So‘ngra boshqa Ovro‘pa davlatlariga qarag‘anda eng yaqini ham shudir. Sho‘rolar hukumatining Germaniya bilan yaxshi aloqada bo‘lishi va Germaniya bilan Sho‘rolar Rossiyasi orasidagi muvohadalar yana bizni Germaniyaga tortar. Shul sabablarga ko‘ra Ovro‘pag‘a yuborilaturg‘on talabalarning eng avval Germaniyaga yuborilmog‘i har to‘g‘ridan aqlga muvofiqdir. Bunga muvaffaq bo‘lmoq ham uncha qiyin emas. Bizning o‘z tilagimiz ham, Sho‘rolar hukumatining bu kungi siyosati ham bu fikrga to‘g‘ri keladir».

Revolyutsiyadan keyin G‘arbiy Yevropada o‘qiyotgan birinchi o‘zbek yigiti Abdulvohid Murodiyning bu maktubi, rag‘bati va Turkiston yoshlariga qizg‘in targ‘ibini ko‘rgan toshkentlik bir guruh maorif va madaniyat xodimlari uning moddiy ta’minoti uchun pul to‘plab jo‘natadilar. Bular orasida turkistonlik Saidnosir Mirjalolov (20 ming so‘m), shoir Abdulhamid Sulaymon (Cho‘lpon) (7500 so‘m), Munavvar Qori Abdurashidxonov, Shokirjon Rahimiylar bo‘lgan. Bundan tashqari Toshkent ziyolilari 2 dekabrda bir adabiy kecha uyushtirib, undan tushgan foydani (75 ming so‘m) ham Germaniyaga, Abdulvohidga yuborganlar («Turkiston» gazetasi, 1922 yil, 18 dekabr.)

Abdulvohid Murodiyning zamondoshlaridan biri, marhum sharqshunos olim Laziz Azizzodaning xotirasida uning inqilobdan burun Mannon Uyg‘ur, Abdulhay Tojilar bilan birga 1916 yiliing yozida Shayxontahurdagi Mergancha mahallasida ochilgan muallimlar kursini tamomlaganini bilamiz; xolos. (Laziz Azizzoda. «Sarguzashtimdan bir lavha» (Ko‘lyozma, 20-bet. Shaxsiy arxivdan.)

Shunday qilib, o‘zbek sovet teatrining asoschisi Mannon Uyg‘ur, tannqli jamoat arbobi Abdulhay Toji va sharqshunos olim Laziz Azizzodaning maktabdoshi toshkentlik Abdulvohid Murodiy Berlindagi Ziroat akademiyasiga borib o‘qigan birinchi o‘zbek talabasidir. Bu tashabbus sal keyinroq, 1922 yylning avgustidan boshlab Turkistondan Germaniyaga bir guruh mahalliy yigit va qiz qaldirg‘ochlarni o‘qishga otlantiradi. Bu harakatning sabab va maqsadlari, kelgusidagi ahamiyatlarini shu davrda birinchilardan bo‘lib, mashhur o‘zbek shoiri Abdulhamid Sulaymon Cho‘lpon, Berlin universiteti talabalari Ahmad Shukriy, Ahmadjon Ibrohim o‘g‘li va Xayrinisoning otasi Majidxonlar o‘z maqola va xatlarida faxrlanib yozadilar.

«Qizil bayroq»ning so‘nggi sonlaridan birida Ovro‘pag‘a o‘qimoq maqsadida bir o‘zbek qizining ketmakka hozirlang‘anlig‘i yozilg‘andir, — deb yozadi bu haqda shoir Cho‘lpon. — Biz so‘nggi vaqtlarda o‘zbek yoshlarining uzoq ellarg‘a, yot yurtlarg‘a ketib bilim orttirmoq uchun juda qiziqib borg‘anliklarini ko‘rib sevinmoqdalar. Bu harakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashaolmag‘anlarning vazifasi vosita bilan bo‘lsa-da ko‘mak qilmoq, qo‘llashmoqdir. Bu hol bizning kelgusimiz uchun katta umidlar berganligini unutmaylik.

Chor hukumati vaqtida ichki Rossiya musulmonlarini cho‘qintirmoq ishida Rustami zol bo‘lgan bizning ma’lum Ostroumov to‘ramizning ustodi sanalgan mashhur Ilminskiy cho‘qintirish siyosatining piri bo‘lg‘an Pobedonosovg‘a yozg‘an xatida: «Yerliq xalq orasidan bizning uchun foydalik va hech bo‘lmaganda zararsiz kishilar o‘ruscha tilni tutilib, uyalib gapiraturg‘on, o‘ruscha yozg‘onda birmuncha xato bilan yozaturg‘on, bizning gubernatorimizdan emas, hatto ustal boshlig‘i (mirza)mizdan ham qo‘rqaturg‘on kishilardir», — degan edi.

Bunga qarshi biz rus tili bilan emas, hatto Ovro‘pa madaniy millatlarining tili va bilimi bilan javob bersak, odam qatori yashamoqqa albatta haq qozonamiz.

Endi bu ezgu harakatga tariximizda ko‘raolmag‘animiz bu narsa qo‘shilsa, ya’ni o‘zbekning erkin yigitlari emas, tutqun qizlari ham Ilminskiy vasiyatiga qarshi isyon boshlasa, o‘zi uchun eng totli bo‘lgan elidan, ota-onasidan kechib necha ming chaqirim yerga ketsalar, odam qatori yashash haqqini, turtki yemasdan, urulmasdan kun ko‘rish huquqini ortig‘i bilan qozonaolamiz.

O‘zbek xotin-qizlig‘i huquq va erk uchun kurash boshlamoqda. O‘zbek qizining G‘arbga, g‘arbning chin bilim, chin madaniyatiga qarab yurishi uning haq-huquqini butun elning haq-huquqi bilan birga tez va tez fursatda qo‘lg‘a kelturg‘usidir» (Abdulhamid Sulaymon. «Istiqbol uchun kurash». «Qizil bayroq» gazetasi, 1922 yil, 2 sentyabr.)

«Ko‘mak»ning tashabbusidan cheksiz shodlangan otalardan biri toshkentlik Majidxon ismli kishi o‘z xatida qizi Xayriniso bilan faxrlanib, ma’rifatparvar ziyolilardan olgan tabriklari uchun tashakkur izhor etadi: «Ezilgan millatlar qorong‘ulikda qolgan yurtini kelgusida chin bilim bilan yoritmoq uchun bu yil xorijga ketgan talabalar orasida qizim Xayriniso ham bor edi.

Bilim uchun uzoq ellarga birinchi o‘zbek qizini yuborish sharafi, shukrlar bo‘lsinkim, menga nasib bo‘lmish. Hozir men shu munosabat bilan har yerdan qutlash xatlari olmoqdaman. Ularning hammasiga birdan, ayniqsa, qizg‘in tuyg‘ulari bilan qutlagan Maskov va Bokudagi talabalarimizg‘a, Qozon va Orenburg madaniyat va maorif xodimlariga, yosh shoirimiz Botu o‘rtoqqa tashakkurimni bildirib, bilim istab dunyoning har tomoniga yoyilaturg‘on yigit va qizlarimizni «Ko‘paysin!» — deyman. («Turkiston» gazetasi, 1923 yil, 18 dekabr).

«Qizil bayroq» gazetasining muxbiri Sirojiy, Berlin dorilfununi talabalaridan A. Ibrohimov, mahalliy ziyolilardan Salimjon Tillaxoniy va boshqalarning maqolalarida esa shu yillarda Turkiston, Xeva va Buxorodan Germaniyaga o‘qishga borgan talabalar, ularning milliy sostavi va jinsi, nemislarning ularga bo‘lgan munosabatlari, talabalarning o‘qish va madaniy, ma’rifiy ishlari va bu sohadagi turli muammolar o‘rtaga tashlanadi.

Sirojiy «Germaniyada o‘qig‘uvchi musulmonlar» («Qizil bayroq» gazetasi, 1922 yil, 21, 31 avgust) maqolasida Germaniyada o‘qiy boshlagan turkistonlik yoshlar, ularning milliy mansubiyati, jinsi va soni, xorijiy sharqdagi Arabiston, Hindiston, Turkiya talabalariga nisbatan qiyosiy miqdori, bu yerdagi turkiy qavm talabalariga nemislarning munosabati va buning ahamiyati haqida birmuncha batafsil to‘xtalib, yozadi: «Maktabga qabul qilingandan keyin Rusiya musulmon o‘quvchilari uchun kechinishga pul topmoq g‘oyat darajada qulaydir. Yevropa urushidan keyin turk qavmining tillarini o‘rganmakka nemislar orasida buyuk bir maroq qo‘zg‘aldi. Har bir o‘qig‘uvchi o‘z qavmining tilini olmonlarg‘a o‘qitib, maishatini ta’min qilarlik pul topaolur. Ikkinchi yo‘l esa Sharq kechalari yasashdir. Biletlari juda qimmatbaholik bo‘lsa ham nemislar Sharq kechalariga zo‘r maroq bilan kelurlar. Shuning uchunda Germaniyag‘a borg‘uvchi talabalarning milliy kiyimlar olib bormoqlari lozimdir...

Germaniyada musulmon talabalari: Usmonli turklari — 1000. Bularning ham aksariyati xususiylardir. Misr arablari — 400, tatarlar — 40. Bularning 12 tasi hukumat tomonidan ta’min qilinadir. Ozarboyjon turklaridan — 701, Qrimlardan — 2; kavkazlik tog‘ xalqlaridan — 6; o‘zbeklardan xususiy bo‘laroq bir o‘quvchisi bor. Shunisi ajablanarliki, usmonli turklar bilan tatarlardan boshqa hech bir qavmdan Germaniyada o‘quvchi qiz-xotinlar yo‘qdir.

Hozirda boradigan o‘quvchilar hisobi: Buxorodan — 46, bulardan 2 tasi tatarlar, qolgani o‘zbeklar; Xevadan — 5; Qozog‘istondan — 15; Boshqirdistondan — 10; Tatariston — 10; Turkistondan boraturg‘on o‘quvchilarning soni hozir ma’lum emas... Bulardan tashqari Toshkentdan xususiy bo‘lib 5 o‘zbek (bularning biri qiz), tatarlardan 14 (bularning 8 tasi qiz) ketadurlar».

Salimxon va A. Ibrohimov o‘rtoqlarning xatlarida esa birinchi marta Germaniyaga Turkiston va Buxorodan hukumat va xususiy hisobdan kimlar o‘qishga ketganligi, ularning amalga oshirmoqchi bo‘lgan madaniy-ma’rifiy tadbirlari, niyatlari ko‘rsatiladi. Ularning yozishiga qaraganda, bu o‘lkalardan Germaniyaga Buxoro hukumati hisobidan Saidalixo‘ja, Ahmad Shukriy, Abdusattor Abdujabbor o‘g‘li, Vali Qayumlar o‘qishga ketishgan. Bundan tashqari Ibrohim Ahmadjon o‘g‘li, Sulton Mamatqulov, To‘lagan Mo‘min o‘g‘li, Temirbek Qozibek o‘g‘li, Betleev, Azimbek Bayramjon o‘g‘li, Abdurahmon Munibboy o‘g‘li, Xayriniso Majidxon qizi, Solih Muhammad o‘g‘li, Abduvohid Ishoq o‘g‘li, Abduvahob Murodiy kabi yoshlar har turli o‘quv yurtlarida bilim olishgan.

O‘zbekistondan Parij sanoat vistavkasnga vakil bo‘lib borgan Majid Qodiriy Berlindagi talabalar davrasida. «Qizil O‘zbekiston» gazetasi, 1925 yil.

O‘z ta’minoti bilan o‘qiydiganlar Maryam Jumaniyoz qizi, Tohirshoh Giriy, Saida Sherahmad qizi, Nasriddin Sherahmad o‘g‘li, Fuzail Sherahmad o‘g‘li bo‘lganlar. (Salimxon. «Ko‘makning javobi», «Turkiston» gazetasi, 1923, 29 iyul). Ular Saidalixo‘ja rahbarligida Toshkentdagi «Ko‘mak» uyushmasining Berlin bo‘limini ochib, Germaniyada o‘qiyotgan turkistonlik talabalarning madaniy va ma’rifiy ehtiyojlari, maqsad va intilishlarining dastlabki samarasi o‘laroq «Ko‘mak» nomli bir ijtimoiy-siyosiy, adabiy va ilmiy jurnal nashr etmoqqa kirishganlar. «Ko‘mak» uyushmasining faoliyati faqat o‘zbek yoshlarining o‘qishlari uchungina emas, balki umuman Turkistondan kelgan barcha mahalliy yoshlar uchun ham foydali bo‘lganligi sababli bu uyushmaning nomini «Yerlik xalq «Ko‘mak» uyushmasi» deb atashni taklif etishgan. (O. Ibrohimov. «Ko‘mak» uyushmasidagi o‘rtoqlarimga», «Turkiston» gazetasi, 1923, 14 mart). Shundan keyingi yillarda Buxoro xalq respublikasi hisobidan ketgan Berlin dorilfununi talabasi Saidalixo‘ja, Ahmad Shukriy va boshqalar tomonidan Turkistondan borgan mahalliy talabalar ishtirokida Berlindagi «Ozod sharq» nashriyotida «Ko‘mak» nomli (o‘zbekcha ilmiy, adabiy-ijtimoiy) jurnal, Fitratning «Hind ixtilochilari» (1923), S. Ayniyning «Qiz bola yoki Xolida» (1924) nomli axloqiy-didaktik asarlari ham nashr etilgan. Bu jurnal va kitoblar o‘sha davrda faqat Sovetlar Rossiyasi va Turkiston respublikasi, Xeva va Buxoro ziyolilari orasidagina emas, balki Germaniyadagi barcha Turkiston, Qrim, Kavkaz, Tatariston talabalari, nemis ziyolilari orasida ham tarqalib, o‘qila boshlagan. Turkiston tarixi, adabiyoti, tiliga katta qiziqishi bo‘lgan nemis xonadonlarida ham ushbu nashrlarni o‘qib berishgan.

«Ko‘mak»ning birinchi soni Berlinda Saidalixo‘ja muharrirligida chiqadi. Jurnalda talabalarning «Tilaklarimiz» va «Olmoniyada Turkiston talabalari» nomli bosh maqoladan tashqari, muharrirning «Aql va sezgi, yoki miya va yurak», «Osiyoning oq o‘g‘li» maqolalari va «Ovro‘pada» nomli she’ri, Berlin universiteti falsafa fakultetining talabasi Ahmad Shukriyning «Turk adabiyotida idealizm va realizm», «Cho‘lpon — Cho‘lpondir» nomli maqolalari va shoir Cho‘lponning «Ketganda» nomli lirik she’ri bosilgandir.

«Tilaklarimiz» maqolasida Ovro‘poga o‘qishga kelgan turkistonlik talabalarning ilm yo‘lidagi buyuk maqsadlari, kelgusi orzulari izhor qilinsa, Ahmad Shukriyning «Turk adabiyotida idealizm va realizm» maqolasida ozarboyjonlik fojianavis Husayn Jovidning «Shayx San’on» va o‘zbek yozuvchisi Fitratning «Hind ixtilochilari» asarlari qiyosiy solishtirilib, ularning har biriga xos badiiy-ijodiy xususiyat va mushtarak tomonlar tahlil etiladi. Ahmad Shukriyning «Cho‘lpon-Cho‘lpondir» maqolasida esa o‘zbek shoiri Cho‘lpon she’rlarining lirik jo‘shqinligi bilan buyuk ingliz dramaturgi Shekspir asarlarining ruhiy yo‘nalishlaridagi mushtarakliklar va o‘ziga xosliklar ko‘tarinki bir ilhom bilan talqin qilinadi: «Cho‘lpon oti qulog‘imga kirdikcha ko‘zimga Shekspir ruhi ko‘rinadir-da turadir. Shekspir lirizmasi bilan Cho‘lpon she’riyati orasida naqadar ayirma axtarsam-da, oni topaolmadim. «Uyg‘onish»ni necha topqirlar o‘qib chiqdim. Shekspirni mutolia etdim.

Eng so‘ng «Shekspir Cho‘lpon yoxud Cho‘lpon Shekspirdir» fikriga keldim. Cho‘lpon she’rlari Shekspir jo‘shqinlig‘i bilan to‘ladir. Cho‘lpon oq ko‘ngilligi Shekspir samimiyligidan o‘tadir. Cho‘lpon bizda sevgi tangrisi, sezgi yaratg‘uvchisidir, Cho‘lpon lirik. Cho‘lpon shoirdir. Cho‘lpon Cho‘lpondir» («Ko‘mak», Berlin, 1923, № 1. 19—20-betlar).

Saidalixo‘janing «Osiyoning oq o‘g‘li» maqolasida esa Germaniyaga Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Eron, Afg‘onistondangina emas, balki Buxoro, Turkiston, Kavkaz, Qirg‘iziston, Tataristondan talabalarning ko‘plab kelishi sabablari ko‘rsatiladi. Sho‘rolar hukumatining Germaniyaga Turkistondan talabalar yuborishga yordamlarini sobiq chor mustamlakachilarining mazlum xalqlarga nisbatan tutgan millatchilik siyosatiga qarshi adolatli, dono Sharq siyosati sifatida baholanadi. Va Osiyodan Yevropaga borib o‘qish istagining kuchayish sabablariga to‘xtab: «Kommunizm fikri burun qaerdan chiqqan? Kommunizmning otasi Karl Marks qaerda tug‘ilib, qaerda yashagan? Rusiyada Kommunizmni vujudga chiqarg‘an Lenin o‘z fikrlarini Ovro‘pada o‘ylab yurgan emasmi?» — deydi va davom etadi: «Sho‘rolar hukumati Ovro‘pag‘a Osiyodan talabalar yuboruv bilan ishda o‘zining Osiyog‘a yaxshi qarashini butun yer yuzig‘a ko‘rsatmadimi? Rusiya millatchilari — kolonizatorlarining yuraklarini shul ish bilan ezmadimi? Shul ish bilan eski hukumatning yuziga qora surkamadimi? (O‘sha jurnal, 15-bet).

Shu yillar Turkiston Kommunistik partiyasi Musbyurosining raisi va Turkiston ASSR Xalq Komissarlar Sovetining raisi (1921—1924) Turor Risqulov bir oy Germaniyada bo‘lib, u yerdagi Turkiston va buxorolik talabalar ahvoli, g‘oyaviy-siyosiy kayfiyatlari to‘g‘risida o‘sha vaqtlari tarqalgan ba’zi mish-mishlarning yolg‘onligini ko‘rsatib, u yerdagi haqiqiy ahvol haqida shunday deb yozgan edi:

«...Germaniyaga yuborilgan o‘quvchilar maktabga kirolmay Turkiyali va boshqa siyosiy qochoqlarning ta’siriga berilgan degan xabarlar tarqaldi. Ikkinchidan, Germaniyadagi o‘quvchilar moddiy muhtojliklarini yozib yordam so‘radilar...

Turkiston o‘quvchilari 11, Buxoro o‘quvchilari 47 kishidir. Turkistonlilarning 7 tasi o‘zbek, 4 tasi qozoqdir... Turkiston o‘quvchilari o‘z vazifalarini yaxshi tushunadilar, undan keyin yurtlariga qaytnb o‘z xalq va hukumatiga foyda keltnrish harakati bor. 4 o‘zbek texnika akademiyasida, 2 qirg‘iz qishloq xo‘jalik akademiyasida, ikki o‘zbek (biri qiz) gimnaziyada va bir o‘zbek dorilfununda (tib sho‘‘basida) o‘qimoqdalar.

Berlin dorilfununida 7 kishi bo‘lib, har qaysi turli fakultetlar (tib, falsafa, siyosiy iqtisod, oliy texnikalar maktabining binokorlik sho‘‘basi)ga bo‘lingan.

Buxorolilardan o‘zbeklar 35, tatarlar 8 (bularning 4 tasi qiz), turkistonlilar 5, yahudiylardan 1 kishi...

Nemis tilini tezroq o‘rganish uchun butun o‘quvchilar oilalarg‘a joylashganlar... Rus siyosiy qochoqlari bilan muomalada bo‘lmasalar ham, sharq siyosiy qochoqlarn (turklar, tatarlar va boshqalar) bilan uchrashganlar, biroq ularning o‘quvchilarg‘a biror ta’siri tegmagan» (Turor Risqulov, «Germaniyadagi o‘quvchilarimiz», «Turkiston» gazetasi, 1923, 19 dekabr).

1924 yillarning oxirlariga kelib, Germaniyada o‘qiyotgan O‘rta Osiyolik talabalarning nemis oilalari va o‘quvchilari bilan munosabatlari, nemnslarning Turkiston tarixi, tili va uning talabalariga qiziqishlari haqida turkistonlik Berlin dorilfununining talabasn Ertoyning maqolasida yana ham batafsilroq ma’lumot beriladi: «Germaniyaga endigina kelganimizda ko‘p millat muxbirlari biz bilan ko‘rishib ham ketdilar... Har qanday nemis bizni oilasiga qo‘shib olish uchun eshiklarini ochib qo‘ydi. Oddiy muallimdan boshlab, do‘xturi, professori til o‘rganishimiz uchun qo‘lidan kelgan yordamini ayamadi.

Germanlar dunyoni sevganlari kabi Turkistonga ham juda qiziqqanlardan ekanlar. Ko‘zimiz bilan ko‘rganimiz uchun bu yerda ochiq aytishimiz kerakki, ular mamlakatimizni, tariximizni, istiqbolimizni bir turkistonlikdan ortiq biladurlar, taniydirlar. Yurtimiz to‘g‘risida biz uchun eng muhim bo‘lg‘an kitoblar yozib, boshqa tillardan ham tarjima qilg‘anlar...

Har millat madaniyatining tub bulog‘i bo‘lg‘an oddiy maktablar Germaniyada mukammal yo‘sunli rejag‘a olinish barobarida o‘zicha bir dunyodir. Bu xayrlik dunyoda kelg‘usiga tayyorlanib turg‘an german yoshlari orasida bizning o‘quvchilarimiz ham yetishib kelurlar... Yana biz uchun unutilmas bir yaxshilik qildilarki, turkchamizni Ovro‘pa tillari qatoriga qo‘shdilar. O‘rta maktab imtihonlarida frantsuz yoki inglizcha o‘rnida o‘z ona tilimizda sinash beramiz» (Ertoy, Berlin, «Germaniyada O‘rta Osiyo talabalarining 2-yili», «Turkiston», 1924 yil, 2 sentyabr). Maqolada Germaniyadagi turkistonlik ilg‘or talabalarni nosog‘lom mafkura ta’siridan qutqarish haqidagi ayrim o‘rinsiz tashvishlar hamda «Turkiston talabalari birligi»ning vazifalari haqida bunday deyiladi: «Bilol va Murod o‘rtoqlar bir yildan so‘ng maktablarini bitirishlari kerak, Ahmadjon katta imtihonga tayyorlanib turadir... Dorilfunun professorlari turkistonlik studentlardan xursanddirlar.

Germaniyadagi Turkiston o‘quvchilari orasida bnrinchi gal yaxshi sinashlar bilan Berlin Ober (yuqori) real maktabini bitirgan Solih Muhammad va Primag‘a tayyorlang‘an Bahoviddin Amin ham Sattor Jabbor kabi o‘rtoqlar chiqdi.

Oramizda Maryamxon, Xayriniso, Saidaxon otliq o‘qish uchun mamlakatimizdagi to‘siqlarg‘a qarshi Ovro‘pag‘a otlangan fidoyi qizlarimiz ham bor. Ularning o‘qishlari yaxshi. Biroq, Xevalik Maryamxon moddiy tomondan yaxshi ta’min qilinmagani uchun yo‘llarida ko‘p chatoqliklar ko‘radir. Chindan hayot xotini bo‘lmoq va Turkistonda qolg‘on opa-singillarining istiqboli uchun hech kim ko‘rsatmas qahramonlik qilib kelgan qimmatlik qizimizg‘a Xorazm jumhuriyatining shunday sovuqqonlik bilan qarashig‘a Turkiston yoshlari taassuf etaolmay turaolmaydurlar. Buxoro ta’minotidagi tatar qizlaridan Ruqiya va Gulsum opalar Drezden qizlar gimnaziyasidadirlar. Yot ellarda bir-birlaridan daraksiz bo‘lib ketmasliklarini ko‘zda tutub, kelgusida «Umumturkiston talaba birligi» tuzish niyati bilan ikkinchi yil bo‘ldi Germaniyada «Turkiston talaba birligi jamiyati» qurilib ishga boshladi.

Jamiyat Germaniya hukumati tomonidan rasmiy tasdiq qilinib, student dunyosig‘a o‘zini tanitish bilan bukun O‘rta Ovro‘padag‘i turli millatlar talabalari birligi sirasig‘a qo‘shdi.

1. Jamiyat butun turkistonlilarni (o‘zbek, qozoq, turkman) o‘z ichiga olur va Turkistonning ma’orif va madaniyati uchun yo‘llar ochar.

2. Ovro‘pa ilm-urfonini Turkistong‘a tanitmoqqa va Turkiston talabalarini Ovro‘pag‘a jalb qilmoqqa va maktablariga yerlashtirmoqqa kirisharlar. Turkiston qo‘l sanoatini tadrijan bo‘lsa ham faniylashtirmoqqa, bu yo‘l bilan Turkiston fuqarosini kapitalistlar asoratidan qutqarmoqlikni birinchi maqsad deb bilar, hamda Turkistonni Ovro‘pag‘a tanitmoqqa harakat etar...

Turkiston, Ozarboyjon, Rusiya jumhuriyatlari talabalari[1], Turkiyadag‘i o‘qig‘uvchi o‘rtoqlar bilan aloqa bog‘lab tanishmoqdamiz...

Yaqin zamondan beri Turkiston jumhuriyati va Sho‘rolar Rossiyasida «talabalar Ovro‘poning buzuq fikrlik kishilari ta’sirida, ularni qaytarib olmoq lozim, yo‘qsa bir kun boshimizg‘a balo bo‘lur» kabi bo‘lmag‘an so‘zlar tug‘ulg‘onini eshitib hayron qolmoqdamiz. Hammaga ma’lumki, Turkiston talabalari Ovro‘pag‘a siyosat bilan aralashmoq uchun kelmadilar, Germaniyaga kelganimizga ikki yil bo‘ldi. Shu vaqtg‘acha oramizda biror kimsa siyosat bilan shug‘ullanmadi. Ammo Berlindagi Rusiya Sho‘rolar saforati bilan juda yaqin aloqamiz bor...»

Gazetada Ertoy maqolasiga qo‘shimcha tarzda «Germaniyada Turkiston va O‘rta Osiyo hisobidag‘i studentlar tubandagicha» degan nom ostida bir jadval ham beriladi. Jadvalga ko‘ra, Turkistondan shu davrda Germaniyadagi Berlin Oliy Ziroat maktabida Abdulvahob Murod, Azim Bayramjon, Solih Muhammad, Temirbek, Oliy texnika maktablarida Saidalixo‘ja, Ahmadjon Ibrohim, Sultonbek, Bilol, To‘lagan Mo‘min, tarix-falsafa fakultetida Ahmad Shukriy, tibbiyotda Shamsulbarot xonim, muallimalikda Gulsun Muzaffar, Buxoro Sovet Xalq respublikasidan Berlindagi oliy texnika maktabining arxitektura bo‘limida Afzal, tibbiyotda Ahmad Noyim va boshqa mahalliy o‘zbek, tatar, qozoq yigit va qizlari o‘qib turganlar.

Lekin ularning ko‘pchiligining keyingi o‘qishlari, so‘nggi mehnat va ilmiy faoliyatlari, sovet O‘rta Osiyosining yangi maorifi, madaniyati, ilm-fani, ma’rifati tarixidagi o‘rni va ishlari haqida hozircha yetarli ma’lumotlar yo‘q.

So‘nggi yillarda e’lon qilingan ba’zi manbalarga qaraganda 20-yillarning boshida «Ko‘mak» uyushmasining yordami bilan Germaniyaga o‘qishga ketgan Vali Qayumxon kabi ayrim talabalar keyinchalik nemis razvedkasiga ishga o‘tib ketganlar. (Mahmudbek Olqarli, Said Ma’ruf Karimiy «Turkistonni ozod qilmoqchi bo‘lganlarning haqiqiy basharasi», T. 1961, 31-bet) Solih Muhammad, Maryam Sultonova, Zaynab Allashukurova kabi yigit va qizlarimiz esa, aksincha, hech qanday gunohlari bo‘lmagani holda faqat Germaniyada o‘qib kelganliklari uchungina nohaq josuslikda ayblanib, davrining qurbonlari bo‘lganlar (Islom Usmonov. «Qaytmas to‘lqinlar», «Yosh leninchi», 1987, 14 mart). M. Hasanov, Fayzulla Xo‘jaev haqidagi «Xalqqa baxshida umr» maqolasida yozishicha («O‘qituvchilar gazetasi», 1989,11 mart), ularning nomlari uzoq yillargacha qatag‘on qilinib, hatto tilga ham olinmagan. Xullas, 20-yillarning o‘rtalarida Germaniyaning turli oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida o‘qigan o‘zbek, tatar, qirg‘iz, qozoq yigit va qizlarining keyingi taqdirlari qanday kechdi, ularning hammasi ham shunday fojiaga uchradilarmi, turli sabablar bilan omon qolganlari ham bormi? Bu masalalarni o‘rganish va Zniqlash ziyolilarimiz «Vatandosh» jamiyati a’zolari va keng jamoatchilikning navbatdagi muhim vazifalaridan biridir.

“Yoshlik” jurnali, 1989 yil, 7-son

---------------

[1]Abdulla Qamchinbekning «Turkiston» gazetasi 1924 yil 17-fevral sonida bosilgan «Rusiyada Turkistonlik o‘quvchilar» nomli maqolasida aytilishicha, o‘sha vaqtda «Moskva, Leningrad va Qozonda Turkiston o‘quvchilari: o‘zbeklar — 43; qirg‘iz-qozoqlar — 84; turkman — 2; tojiklar — 12; uyg‘ur — 8; hammasi 271. (Shulardan 4 yerlik xotin-qiz bo‘lgan). Bundan tashqari Sharq dorilmuallimida o‘quvchilar: o‘zbeklar — 32; qozoq-qirg‘izlar — 34, uyg‘ur — 14; tatarlar — 27; turkmanlar — 19; ovro‘palilar 2 kishi (bundan bittasi yerlik xotin-qizlardan bo‘lgan).

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.