OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yo‘ldosh Sulaymon. Bag‘ri qon Farg‘ona (1989)

Ona Farg‘onam, onajonim, nega yig‘layapsan, nega ingrayapsan, nega titrayapsan? Musibat qaerdan kela qoldi, uni kim olib keldi? Ana shu xunrezlikni, birodarkushlikni boshlab bergan, tinchingni o‘g‘irlagan, seni qon qaqshatgan kim o‘zi? Mehr-muhabbatning, qon-qardoshliknig yuziga oyoq qo‘ygan, o‘ziga yozilgan dasturxonga oyoq uzatgan, boshimizga g‘am toshini otayotgan yuzi qora kim o‘zi? Nahotki, sening suvingni, havongni, mehringni ichib ulg‘ayganlar orasida shunday betavfiqlar bor bo‘lsa?!

Butun Farg‘onaning azador hovliga o‘xshab qolganiga chidolmay hayqirgim kelyapti Bu alamli nido tomog‘imga tiqilib-tiqilib, butun vujudimni ayovsiz og‘ritgani bilan, nega ovozimni chiqara olmayapman? Gapirish navbati kelganda tilim lol bo‘lib, ko‘zlarim yoshga to‘lyapti. Farg‘onada qon, to‘kilganiga, 2 mingdan ortiq hamyurtimiz boshpanasidan ayrilganiga, mingga yaqin uzoq-yaqinlarimizning jarohatlanganiga, ko‘plab kishilarning halok bo‘lganiga, hovli-joylarining kuli ko‘kka sovrilganiga o‘zim shohid bo‘lib turibman-ku! Qani endi bularning barchasi yolg‘on bo‘lsa? Qani, bolalar va onalar faryodini eshitmayotgan bo‘lsam? Bu shafqatsizliklar uchun ich-ichim kuyishga kuyyapti, ammo kimni la'natlay, kimga yalinib-yolvoray? Axir, turk bilan o‘zbek nima uchun, nima talashib, bir-birlariga tajovuz qilishdi? Nahotki, bir hovuch beboshlarning qasdma-qasdi ikki xalqni - tili bir, dini bir, urf-odati bir, hatto qoni bir ikki xalqni bir-biriga yov etib qo‘ysa? Yo‘q, bu hech aqlga sig‘maydi...

U yoki bu xalqni yomon otliqqa chiqarish nodonning ishi. Katta yo kichik bo‘lishidan qat'iy nazar, har bir xalq hamisha ulug‘ va qudratli. Yomon, ichiqora, janjalni pulga sotib oladigan, nomard, xudbin, pastkash, maydagap, xulqi buzuq, xoin odamlar har bir xalqdan ham topiladi. Go‘daklarning, onalarning, otalarning, «hech kimga tili ham, jag‘i ham tegmagan» mehnat ahlining gunohi nima?! Ba'zilar bu voqealarni «to‘qlikka sho‘xlik» deb baholayapti. Vaholanki, unchalik to‘q ham emasmiz. Iqtisodiy, ijtimoiy, ma'naviy qiyinchiliklarni tezroq tugatish yo‘llarini birgalashib izlash, bir-birimizga madadkor bo‘lish o‘rniga, yetti uxlab tushga ham kirmagan dahshatli manzaralarning tomoshabini bo‘lib o‘tiribmiz. Janjalning tagini surishtirmay, o‘zimizcha xulosa chiqaryapmiz. Ba'zan vaziyatni to‘liq anglab yetmay, «qildan qiyiq qidirganlar»ning ur kaltak, sur kaltakni davom ettirishlariga bahona topib beryapmiz. Boshqa joylardagi hamma mesxet turklari Quvasoydagi o‘z urug‘lari bo‘lgan o‘sha beboshlarni qoralashyapti. Bunday qahrli ovozni men Qo‘qonda, Frunze nohiyasining Naymancha qishlog‘ida, O'zbekiston nohiya Lenin nomidagi jamoa xo‘jaligining Kattag‘on qishlog‘ida, Farg‘ona nohiyasining Usmon Yusupov nomidagi bog‘dorchilik sovxozida, Marg‘ilonda eshitdim. Mesxet turk eng ko‘p yashaydigan Quvasoyda o‘zi nima bo‘lgan edi?.

Qeyingi vaqtlarda bu yerda istiqsmat qiladigan o‘zbek, tojik, qirg‘iz va boshqa millatlarga mansub kishilar tez-tez:

- Bularning dastidan yosh-yalanglarimiz ko‘chada bemalol yurolmay qolishdi, - deb ayrim mesxet turklari ustidan arz etishardi.

Bu haqli ovozlarga quloq tutadigan topilmadi. 1989 yil 23 may kuni mesxet turklari restoranda o‘zbek yigitlarining izzat-nafslariga tegdilar. Bu xabar tez tarqaldi. Ko‘pdan alam bilan yurgan o‘zbek yigitlari baqiriq-chaqiriq bilan o‘sha kuni soat 19 dan 30 daqiqa o‘tganda to‘plandilar. Shaharning Budyonniy ko‘chasida ikki taraf bir-biri bilan yuzma-yuz bo‘lib, bir-birini haqoratlashdi, qichqirishdi. Gij-gijlash kuchayib, jahl kelib, aql yo‘qoldi, bir-birlarining ustiga toshlardan yomg‘irlar yog‘dirishdi. O'zbek, tojik, mesxet turklaridan to‘rt kishi jarohatlandi. Viloyat va shahar partiya, sho‘ro tashkilotlari, militsiya xodimlari kuchi bilan janjal bostirilganda, vaqt yarim kechadan o‘tgan edi. 24 may kuni soat 11 larda mesxet turklaridan 300 kishi shaharning Lenin maydoniga to‘planib, o‘z yurtlariga qaytish haqidagi va boshqa so‘rovlarni o‘rtaga qo‘yish bilan birga, janjal sababchilarini jazolashni talab etdilar. Ular bilan yuzma-yuz yig‘ilgan 500 dan ortiq o‘zbek va tojik millatiga mansub shaxslar ro‘parasidagilarga asablari qo‘zg‘ab intildilar. Partiya, sho‘ro, jamoat tashkilotlarining rahbarlari, tinchligimiz soqchilari, obro‘-e'tiborli oqsoqollar o‘rtaga tushishi bilan, soat 13 dan 30 daqiqa o‘tganda tarqalgan olomon, soat 19larda yana yig‘ila boshladi. Ammo bular faqat o‘zbek va tojik yigitlari edi. Ular qarshisida mesxet turk oqsoqollaridan - halol mehnati va odamlarga mehri bilan hurmat topgan Toshton aka Aslonov so‘zga chiqib, o‘z vatandoshlari orasidagi ba'zi yengiltak va xulqi buzuq yigitlarni qoraladi, ularning haddan oshgan xatti-harakatlari uchun vujudi titrab-titrab kechirim so‘radi. Undan keyin so‘zga chiqqan ko‘p kishilar hozirgi voqealarni ongsiz harakat deb baholab, aql-idrokni yig‘ib olishga chaqirdilar.

Bu yurak so‘zlari, hatto yalinib-yolborishlar, qonun bunga yo‘l qo‘ymasligi, hech kim undan qochib qutulolmasligi haqidagi jiddiy ogohlantirishlar nega ozgina bo‘lsa ham ta'sir etmadi? Nega olomonning qulog‘i kar bo‘lib qoldi, jazavalari oshib-toshdi? Temiryo‘lchilar ko‘chasidan yurish boshlagan olomonni bu yerda ko‘pchilik bo‘lib yashaydigan mesxet turklari g‘azab bilan kutib turardi. Toshlar, portlovchi paketlar va tayoqlar bilan bir-biriga tashlangan jaholat jangida 58 kishi jarohatlandi, 32 kishi kasalxonaga yotqizildi. Quvasoyning Vali qishlog‘ida yashovchi 29 yoshli tojik yigiti Ikrom Abdurahmonov kasalxonada vafot etdi. Kimlarningdir, rosti, qaysidir ko‘rinmas sharpalarning vahimasiga, milliy his-tuyg‘uga teguvchi chaqiriqlariga, qutqusiga uchib, qulog‘i kar, dili va ko‘zi sovuq bo‘lib ketgan har ikki tarafning olomoni haqida gapirishdan oldin Quvasoy rahbarlariga, militsiya xodimlariga ta'na toshini otmay bo‘ladimi? Quvasoyda mesxet turklarining bir to‘da «valat»lari keyingi vaqtlarda beboshlik ko‘chasiga kirib, boshqalarning izzat-nafsiga tegib yurishi ma'lum bo‘lib, ko‘p shikoyatlar tushib turgan ekan, nega chora ko‘rilmagan? Militsiya xodimlari, jamoat tashkilotlari, Sizlar qaerda edingiz? Ayniqsa, militsiya xodimlari, yana takrorlayman, o‘zboshimchalikni ko‘rib turib, nega ko‘rmaslikka olganlar?

Quvasoyliklarning aytishlaricha, bu yerdagi militsiya xodimlari ayrim mesxet turk yigitlaridan qo‘rqishar ekan. Nega? Tillari qisiqmidi? Bosar-tusarini bilmagan o‘sha 10-15 takasaltang vaqtida jilovlab qo‘yilganda, imonim komilki, hozir boshimizga bunday og‘ir ko‘rgulik tushmagan bo‘lar edi. Janjalning ilk kuni olomon jinoyatchilarning jazolanishini talab etganda, kallani ishlatib, to‘polonchi o‘ntadir, yigirmatadir, o‘ttiztadir, nega darrov ushlanmadi? Ular o‘sha kuni ko‘pchilik ko‘zi oldida tergov qilinsa, sudga berilsa, hamma falokatning oldi olinmasmidi? Ishsizlarni kim o‘ylab ko‘rdi? Qo‘lga tosh, tayoq, pichog‘u xanjar tutgan yoshlarning ko‘pchiligi hech qaerda ishlamayotgan, hech kim hisobini olmayotgan bekorchilar ekanini kattalar bunday o‘ylayaptilarmi?

Quvasoydagi bor voqea mana shu. Ammo mish-mishlar yeru-ko‘kka sig‘maydi. Farg‘ona viloyatining qaeriga bormang: «Nima deysiz, mesxet turklari Quvasoyda bolalar bog‘cha-yaslisiga kirib, go‘daklarni o‘ldirib, panshaxaga ilib ketibdi, bolalarning ikki oyog‘ini ikki tomonga tortib, bo‘lib, devorlarga mixlabdi, qizlarni zo‘rlabdi, ko‘ringan o‘zbekni o‘ldiryapti» va hokazo va hokazo gaplar. Axir, bularning hammasi kimlarningdir o‘ydirmasi-ku! Viloyat partiya qo‘mitasi mafkura bo‘limi mudiri Abdusamadjon Shermatov bog‘cha-yasli voqeasini sharhlab dedi:

- Shahar ijroiya qo‘mitasi binosi yonida janjalkashlar bilan munozara qilib turganimizda, orqa tomondan ayol kishining «dod, kelishyapti», degan ovozi kelib qoldi. - Ko‘pchilik o‘sha tomonga yugurdik. Yetib borsak, jimjitlik. Bog‘cha-yasli mudirasi:

- Meni kechiringlar, - dedi, - o‘ynab yurgan bolalar skameykalarning taxtalarini tortishayotgan ekan. Yog‘ochning qarsillaganidan qo‘rqib ketibman!

Bog‘cha-yasliga oid voqea ham shu, xolos. Boshqa mish-mishlar ham xuddi shunday, uydirma! Farg‘ona shahrida, Farg‘ona nohiyasida, Marg‘ilonda, Qo‘qonda, Frunze nohiyasida va boshqa joylardagi o‘zbek, tojik, qirg‘izlardan so‘rang, hammasi mesxet turklaridan yomonlik ko‘rmaganliklarini, inoq yashayotganlarini aytishadi. Bu joylardagi mesxet turklari esa, o‘zbeklardan bir umr minnatdor ekanliklarini izhor etishadi. O'zingiz o‘ylang, ikki xalqning bir-biriga qanday adovati bo‘lishi mumkin?! Mesxet turklariga mehr-muhabbatdan bo‘lak his-tuyg‘umiz yo‘q desam, barcha yurtdoshlarim qo‘shilishlariga ishonaman. Biz, urush yillarining qiyinchiliklarini ko‘rgan bolalar, ota-onalarimiz mesxet turklarini qanday hurmat-izzat bilan kutib olganliklarini yaxshi bilamiz. O'zbekiston nohiya Lenin nomidagi jamoa xo‘jaligidagi Qattaqum qishlog‘ining bundan 45 yil burungi o‘sha kechki payti hech yodimdan ko‘tarilmaydi. Urushdan og‘ir yarador bo‘lib, kasallanib kelgan, ko‘rpa-to‘shak qilib yotgan dadamni urushdan bir ko‘li yaroqsiz qaytgan Mamarahim aka yo‘qlab kelib:

- Qani, Sulaymonqul, bir amallab o‘rningdan turmasang bo‘lmaydi, - dedi. - Kavkazdan mehmonlar kelyapti.

-Hozir mehmondorchilik vaqtimi,-dedi dadam boshini ko‘tarib, - tinchlikmi?

- Kavkazdan qaysidir xalq surgun qilinibdi.

- Nahotki, butun bir xalq surgun qilinsa?

- Qrimlar ham shunday bo‘ldi-ku?

- Yo rabbim, - deb dadam xuddi soppa-sog‘ odamdek turib, Mamarahim akaga ergashdi.

O'sha kuni shom qorong‘usidan boshlab, o‘ndan ortiq oila uchun, ikkitagina sinfi bor, pastak tomli maktabimiz, yana bir necha xonadonlar, mehmonlar poyiga shoshilinch hozirlandi. Uyma-uy yurib, ularga yemish yig‘ildi. Ochlar o‘zlarining ochliklarini sezdirmay, topgan-tutganlarni berishdi. O'sha, nihoyatda achinarli, ammo mehru muhabbatli manzaralarni jo‘ngina yozib ham, gapirib ham bo‘lmaydi. Ilk kunlardanoq, Oydin va Aloiddin Bayramovlar, Rustam tog‘a Azizov, Gunash Chkalov, Seyfad aka, Bilol aka, Fezlat, Shirvat, Shirvon opa va boshqalarning oilalari qishlog‘imizga xuddi o‘z qarindosh-urug‘imizday singib ketdi. Borimiz ham, yo‘g‘imiz ham o‘rtada, o‘zbek tengdoshlarim qatori Muhammad, Ummat, Yulduz, Nochora, Gulbotin, Ilmdor, Sarvar singari mesxet turk o‘rtoqlarim, yig‘lasam yig‘lab, kulsam kulib hamisha madad berganliklarini unutsam, o‘z o‘tmishimni oq osti qilgan bo‘laman-ku? Yigirmadan ortiq nevara-chevarasi bor oppoq soqolli, gavdali, xushro‘y, gapi keskir va lekin mehrli Bayram bobo vafot etganda, butun mahalla o‘z otasidan ayrilganday yig‘lagan edi?! Yurakning bu titrog‘ini o‘lchay oladigan mezon bormi? Hozir shularni eslab yuragim ezilyapti.

60-yillarda qishlog‘imizdagi mesxet turklaridan Fezlat opa, Seyfad aka va marhum Gunash Chkalov oilasi Farg‘onaga ko‘chib kelgan. Men bular bilan ko‘rishib turardim. Paxta zavodi orqasidagi ko‘chalarda yashardi. Ular orasida onamga tengdosh, qadrdon Fezlat opa bilan ko‘p vaqt uchrasholmadik. Bir kuni yoz payti Farg‘ona bozorida meva xarid qilib yursam, kimdir peshtaxtadan o‘zini tashlab, meni quchoqladi. Qarasam, o‘sha o‘zimning xolam o‘rnida xolam bo‘lib qolgan Fezlat opa. U meni o‘pib-o‘pib yig‘layapti. Bu mehrni tushuntirib bo‘larmidi?

Cheksho‘rada yashaydigan Shirvat opa «etajda o‘tirasizlar» deb shaftoli yo uzumlari pishsa, oldin mening oilamga olib kelardi. Bilardimi, bu oqibat men uchun emas, marhum dadamga, zahmatkash onamga bo‘lgan mehrlarining izhori edi. Eh, biz qanday saxovatli, ko‘ngli keng, o‘zini emas, hamisha boshqalarni o‘ylab yashagan ulug‘ insonlar farzandimiz!

Nurxon ismli qiz Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi idorasiga kirib kelib, Toshloqdagi «Avrora» kinoteatri metodisti - Baxtli ismli mesxet turk ayolini topishga yordam berishimizni so‘radi... U o‘zini tutolmay yig‘lardi:

- Baxtli opamdek yaxshi ayolni kam uchratganman, tug‘ishgandek edik.

Nurxon yig‘layapti. Bugungi yovuzlik orasida yurib, xuddi qo‘rqinchli tush ko‘rayotgandekman. Koshki, bu tush bo‘lsa? Koshki uyg‘onib, Farg‘ona nohiyasi Lenin nomidagi jamoa xo‘jaligining viloyatga mashhur paxtakori, tosh ustida dur undirayotgan brigadir, Lenin ordenli Ummat Ko‘chievni yana o‘sha dashtdagi o‘zi qurgan dala shiyponida uchratsam. O'tgan yili kuzda bu shiyponda san'atkorlar va shoirlarning paxtakorlar bilan uchrashuvi bo‘lib, uni jumhuriyat televideniesi to‘la-to‘kis ko‘rsatgan edi. Usmon Yusupov nomidagi bog‘dorchilik sovxozining o‘nlab gektar yerlarida bog‘ yaratgan sohibkor Seyfad Ulfanovni nega yashirib qo‘yishga majbur bo‘ldik. Hozir uning giloslari qiyg‘och pishib yotibdi.

Men bilan yonma-yon yashayotgan nevara-chevarali Muso og‘a, quruvchi Farmonjon va Anvarjon, haydovchi Azizjon, tarbiyachi Mo‘minaday halol, ochiq ko‘ngil, zahmatkash qo‘shnilarim sovxoz bosh agronomi Kaxo Muchaidze nega o‘z uylaridan quvilishdi, nega sarson-sargardon bo‘lishdi? Ularni o‘ylab turib, yana bir haqiqatni alam bilan aytgim keladi. Farg‘onada, juda ko‘p millat vakillari yashaydilar. Ammo dalada ishlayotgan, dala mehnatining azobini o‘zbek va tojiklar bilan birga tortayotgan) ham faqat mesxet turklari edi-ku!

Quvasoyda boshlangan bu dovulni boshqa taraflarga kim olib o‘tdi? G'alayonni bostirish uchun shunday jiddiy choralar ko‘rilar ekan, shuni ilgariroq boshlasa bo‘lmasmidi? Nega chora ko‘rish kechiktirildi? Bu oqimni Quvasoyning o‘zida to‘xtatib qolish mumkin edi-ku!

Hozir o‘zbeklar bilan mesxet turklarining qon-qardoshligi tarixini varaqlab o‘tirmoqchi emasman. Bu haqda juda ko‘p gapirilyapti. Bu ikki xalq nomidan ish ko‘rayotganlar fojiasi borgan sari og‘irlashib borayotgan bir paytda sof niyatli, ochiq dil, mehrli kishilar nigohlaridan taskin olamiz. O'zbeklarning ham, mesxet turklarining ham ahli donishlari bu beyuzlik qarshisida ko‘zlarida yosh bilan bosh egib, beboshlik ko‘chasiga kirganlar uchun bir-birlaridan dil ichida kechirim so‘rayotganlarini his etyapman.

Donishmandlar aytganidek, dunyoda do‘stlikdan afzalroq va qimmatlirrq hech narsa yo‘q. Umrdan do‘stlikni o‘chirib tashlash quyosh nuridan mahrum etish bilan barobar. O'zgalarning qayg‘usiga loqayd qaraganlar hech qachon haqiqiy inson sanalmaganlar. Hozir kimning kimligi bilinadigan eng og‘ir sinovlar bag‘rida turibmiz. Bunday paytda har bir odam o‘z aql-idrokini ehtiros ixtiyoriga topshirib qo‘ymasligi kerak. Xalqda shunday gap bor: «Ehtirosni tizginla, aks holda, u seni tizginlaydi». Hayotda ehtirosning quliga aylangan kishilarning umri hamisha ayanchli bo‘lganiga oid voqealar juda ko‘p!

Qadimda shunday nizo chiqqanda xalq ulug‘lari, ko‘pni ko‘rgan oqsoqollar yarash-yarash chaqirig‘i bilan chiqib, ikki tarafni bir-biriga yaqinlashtirib, o‘rtalariga non qo‘yib, bir-biridan uzr so‘ratib, hamisha do‘st yashashga ont ichirganlar. Mening yoshi ulug‘ hamyurtlarim! Sizlar nima qilyapsizlar? Aql-idrok, og‘ir vazminlik, donishmandlik, kechirimli bo‘lish singari ota meros fazilatlarimizni yo‘qotib qo‘yganimiz yo‘q-ku! Shunday paytda ham katta rahbarlarning toishiriqlarini, ularning ish buyurishlarini kutyapsizlarmi? Nega farzandlaringiz, nevara-chevaralaringiz yo‘lini to‘smadingizlar? Ko‘p rahbarlarimiz tuzukroq gap ham topisholmayapti. Hatto davraga chiqishganda, hamon qog‘ozga qarab, birov yozib bergan gapni takrorlashyapti. Ular yurakdan gaplashishni bilishmayapti.

Yurtimning ko‘pni ko‘rgan ulug‘lari, endi umidimiz Sizlardan. Militsiya va ichki ishlar qo‘shini soldatlari qurshovida turibmiz. Jinoyatchilar, mayli, jazolansin. Ammo laqmalarning ko‘zini ochib qo‘yishni, ogohlantirishni unutmaylik. Negadir ba'zi yoshlarimiz oyog‘i tagidan narini ko‘rmayapti.

Hech bir millat hech qachon yolg‘iz o‘zi baxtli bo‘lolmagan. Qardoshlik, do‘stlik, qo‘ni-qo‘shnichilik, qarindosh-urug‘chilik, mehr-oqibat, - axir bu baxtimizku! Jahl kelganda, aqlini yo‘qotganlarning yana aqllarini yig‘ib olishlariga ko‘maklashaylik. Farg‘ona - shafqat, muhabbat, mardlik vodiysi! Biz ana shu go‘zal vodiyning diyonatli kishilari farzandlarimiz. Otalar sha'niga, vodiy sha'niga dog‘ tushirmaylik. Mardlar hamisha kechirimli bo‘lgan.

Aziz hamyurtlarim, tug‘ishganday bo‘lib ketgan mesxet turk qarindoshlar, jazavaga tushgan beboshlarning gapini gap qilmaylik, ular tashlagan sovuqchilik uchun, kelinglar, bir-birimizni kechiraylik!

«Fitna san’ati» (1-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.