OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Baxt kaliti nimada?

Dugonalar bilan tez-tez uchrashib turamiz. Suhbat orasida bir dugonam ikkinchisidan: “Katta qizing nechanchi sinfga boryapti?”, deb so‘radi. U ikkilanibroq: “Uchinchi sinfga boryapti shekilli”, dedi. Savol uncha yoqinqiramaganini yuzidan bilish qiyin emasdi. Chunki u shu qiziga yig‘ayotgan sarpo-seplarni maqtayotgan edi: “Voy, o‘rtoqjon, bilasanmi, tilla uzuk, ziraklargacha olib qo‘yganman. Agar moda o‘zgarsa, zargarga beramanu boshqatdan zamonaviy qilib yasatib olaveraman. Paxta gulli chinnilarning har biridan 50-100 tadan olib qo‘ydim. Agar bilsang, paxta gulli chinni modadan qolmaydi. Yana yangi chiqqan ko‘rpa-to‘shaklar ham tashlab qo‘ydim. Katta sandig‘im dasturxonu sochiqlarga to‘lgan. Hatto “kelin salom”ga beradigan patnislarim ham taxt turibdi”, dedi dugonam og‘zi to‘lib-toshib. Boshqa bir dugona esa: “Men o‘g‘limni bu yil maktabga chiqaraman, uy vazifasini tayyorlashga qiynalmayaptimi, qizing necha bahoga o‘qiydi?” deb savolga tutdi. Undan maktab haqida, qizining o‘zlashtirishlari to‘g‘risida ma’lumot olmoqchi edik. Sababi, farzandlarimizni shu yil maktabga chiqarmoqchi edik. Dugonamiz esa bamaylixotir sovuqqina jilmayib: “Voy, bilmayman, qaynonam o‘sha maktabda o‘qituvchilar, ular bilsalar kerak”, deb javob qaytardi.

Xullas, savolimiz ochiq qoldi. Dugonamiz allaqachon orzu-havas, lattaparastlik quliga aylangandi. U o‘quvchilik payti ham shunday edi. O‘qishdan ko‘ra savdogarlik qilib o‘ziga sep yig‘ish bilan ovora bo‘lgan.

“Qizingni beshikka tiq, sepini sandiqqa”, degan maqolni hammamiz eshitganmiz. Demak, sep yig‘ish odati yangi emas. Lekin hozirgi kunda ko‘proq boyvuchcha ayollar tomonidan o‘ylab topilayotgan, urf bo‘layotgan ayrim ortiqcha hashamlar odamning tinkasini quritadi. Aksariyat hollarda to‘ylardagi bu dabdababozliklar ikki tomon orasiga sovuqchilik solib, oila buzilishiga, bolalarning tirik yetim o‘sishiga sababchi ham bo‘lyapti.

Bobo-momolarimizning to‘ylari karnay-surnay sadolari ostida o‘tgan, kelin-kuyov ot-aravada kelgan. Tokchalarni ikkita samovar, bir juft patnis, besh-oltita piyola va choynaklar bezagan, xolos. To‘g‘ri, endi zamon boshqa. Lekin hamma narsani zamonga yuklamay, aql bilan ish ko‘rsa bo‘ladi-ku. Hozir qiz tomon sandiq to‘la sep, gilamlaru “chemodan”li ko‘rpa-to‘shaklar, yotoqxona garniturlari, stenka, billur idishlar, rang-barang tovlanadigan “Madonna”lar, yetmaganiga stol-stul va so‘nggi modadagi “Elita” pardalar... To‘ydan keyin “haftalik”, “chaqiriq”, “tug‘ilgan kun” degan rusmlar ham bor: televizormi, changyutgichmi, muzlatgichmi olib boriladi.

Mahallamizga yangi tushayotgan kelinning mebeli 25 ming dollar turarkan, degan gap tezda tarqaldi. Afsuski, to‘yning ertasi kuni kuyov to‘satdan olamdan o‘tdi. Necha kundan beri to‘yning hashami bilan ovora bo‘lgan kuyov o‘pka shamollashini o‘tkazib yuborgan ekan.

Bir qo‘shnimning aqlli, odobli qizi bor. Eshitishimcha, kelgan sovchilarni xonadon egasi xontaxta atrofida kutib olgani uchun, qizdan aynishibdi. Stol-stuli yo‘q ekan, deb qo‘shniga arz ham qilishibdi. Sodda qo‘shnim esa ertasigayoq bozordan yangi stol-stul sotib oldi. Aytgancha, yana boshqa yangi udum ham “bolaladi”. Unga ko‘ra “Sovchi stoli” o‘rtasida uch qavatli likopchalarda har xil shokoladlar, ikki yonda katta idishda ho‘l mevalar, atrofida xandon pistayu bodomlar, kalit bilan ochiladigan hind yong‘og‘i, chiroyli o‘ramda marmelad, ikki-uch idishda turli pishiriqlar qo‘yiladi. Har kelgan sovchini tandirdan yangi uzilgan shirmoy non bilan kutib olish kerak. Birinchi ovqatga somsa, keyin qo‘y go‘shtidan sho‘rva... va hokazo... Bunday “Sovchi stoli”ni ko‘rgan qudalar bo‘lajak qudalarini “dasturxonli” deb ta’riflashadi. Agar qizining baxti ochilavermasa, ona sho‘rlikning bu “sovchi stoli”ni yillar mobaynida yangilab turishini tasavvur qilavering.

Ayrim oilalarda uchrashuvdan qaytgan qizdan yaqinlari “Kuyovning gap-so‘zi ma’nilimi”, “O‘qigan, odoblimi?”, deyish o‘rniga “Qo‘lingga uzuk kiydirdimi”, “Bo‘yningga zanjir osdimi” yoki “Qulog‘ingga zirak taqdimi?” deb so‘rashadi. “Kelin salom”da qaynona keliniga biror-bir tilla taqinchoq hadya etishiga nima deysiz? Ertasiga taqilgan tilla taqinchoq barcha qarindoshlarga, mahallaga ovoza bo‘lib, oshib-toshishi turgan gap. Buni ko‘rgan boshqa to‘y egalari “Men sendan qolamanmi” qabilida ish yuritishadi.

Hozirgi kunga kelib yangi rusm ham paydo bo‘la boshladi. Bu chaqaloqni tug‘ruqxonadan olib chiqish. Shifoxonaga karnay-surnaychilarni boshlab kelish, o‘g‘il bo‘lsa kostyum-shim, qiz bo‘lsa oq kelin ko‘ylak kiydirish urf bo‘layotir. Ko‘zni qamashtiruvchi qop-qora “Limuzin”da shifoxonadan parvarishtalab bo‘lib chiqqan kelin ertasiga boquvdan nolisa, kuyovbolaning: “Qancha sarf-xarajat qilganimni ko‘rding-ku”, deb turishiga kamqonlikdan aziyat chekayotgan, boshi aylanib, holsizlanayotgan kelinchak chidaydi. Oqibati esa hammamizga ma’lum.

Ilgari eshikdan “Farzandli bo‘ldik”, deb kelgan kuyovga qaynona-qaynota bo‘lmish suyunchisiga bitta to‘n kiygazishi lozim edi. Hozir to‘nga qo‘shimcha yoniga ellik, yuz ming so‘m “suyunchi puli” berish urf bo‘lgan. Nabirali bo‘lgan qaynonaga ham kelinning onasi bir kiyimlik adras bilan yana ellik “ko‘ki”da suyunchi berarkan.

Endi ikki og‘iz beshik to‘ylari xususida. Onalarning vazifasi beshik to‘yiga birgina beshik olib borishmi yoki... Kundan kunga beshik to‘ylar ham kengayib bormoqda. Bolaning yotishi uchun karovat, belanchagi bilan. Kichik va katta “aravacha”. Cho‘miladigan tog‘orasiyu, cho‘michidan tortib “shampun”gacha... So‘rg‘ichdan “pampers”gacha va hokazo... Oilada qiz farzand dunyoga kelsa: “bitta garnitur”ga tushding, deb jo‘ralar yangi otani o‘rtaga olishardi. Hozir birgina “Garnitur” “xamir uchidan patir” bo‘lib qolyapti. Yon qo‘shnimning “o‘g‘il to‘yi”da hamma bilan “salom-alik” qilib, to‘y egalari va bolalar bilan rasmga tushib, “o‘rtani qizdirib yurgan” “mikki-maus”ga ko‘zim tushib, yoqamni ushladim. Bu urfga nima deysiz?

Yosh oilada egizak farzand — Hasan-Zuhra tug‘ildi-yu, kelinning boshi g‘avg‘odan chiqmadi. Nima emish: “Bizning oilaga bitta farzand ham yetardi, nega ikkita tug‘asan, boqa olmayapmiz”, deb qaynona kelinni holi-joniga qo‘ymadi. Shunday ahvolda kelin ancha qiynaldi. Orada beshik to‘yi ham o‘tdi. Kelinning o‘sha yili opasi, undan so‘ng otasi vafot etib, yosh onaning suti qochib, egizaklarni sun’iy taomlar bilan boqishga majbur bo‘ldi. Tabiiyki, bunga ikki hissa mablag‘ sarf bo‘ladi. Afsuski, bu oila o‘ziga to‘q bo‘lishiga qaramay, qaynona bunga chiday olmay, kelinning oilasidagilar ham boqishsin, dedi. Kelin onasining og‘ir xastaligiga ham qaramay, majbur bo‘lib Zuhrasini boqish uchun onasiga berdi. Xudo o‘zi birlashtirib yaratgan egizaklarni qanday yurak bilan ajratish mumkin, bilmadim.

Ayrim hollarda o‘g‘limizni urintirgimiz kelmaydi-da: “O‘g‘lim, falonchining qizini kelin qilaylik, zo‘r lavozimda ishlaydi-da o‘ziyam. Qizini uzatsa, rosa eriydi. Manavi yangi qurgan to‘rt xonali uyimizni to‘ldirib olarmidik, bahonada...”, degan orsiz gaplarga qulog‘i o‘rganib, to‘ydan keyin qaynotasi berib yuborayotgan pullarni “vaqtincha ishlamayotgan” o‘g‘limiz bemalol sarflaydi va biz buni tomoshabin bo‘lib shunchaki kuzatamiz... Aksincha, tekin joydan undiriladigan narsalarni o‘ylashdan ko‘ra, o‘g‘illarimizga ro‘zg‘orning kam-ko‘stini qanday to‘lg‘azish, oilani oqilona tebratish yo‘llarini yoshligidan o‘rgatishimiz, o‘zimiz ularga o‘rnak bo‘lishimiz lozim emasmi? Oilani manfaatlar makoniga aylantirishning oqibati ko‘pincha voy bo‘ladi.

Shifokorlarning ta’kidlashicha, hozirgi yoshlar orasida bo‘yi past, vazni yengil, kamqon, nimjonlari tez-tez uchrarkan, ba’zilarida o‘pka shamollashi, bo‘qoq, yurak va buyrak xastaliklari mavjud. Bundan ko‘rinadiki, har xil ortiqcha xarajatlarga chek qo‘yib, o‘zaro kelishilgan holda “Ko‘rpaga qarab oyoq uzatsak”, asosan farzandlarimiz ilmiga, sog‘lig‘iga e’tibor berib, ularni kasbli-hunarli qilib tayyorlasak ayni muddao bo‘lur edi.

Xoh qiz bo‘lsin, xoh o‘g‘il bola — ularni katta qilar ekanmiz, ota-onaning vazifasi faqat qiziga sep, o‘g‘liga sarpo yig‘ishdan iborat emas. Ota-ona, eng avvalo, farzandlarini sog‘lom holda voyaga yetkazishi, ilm egallashi, yurtga foydasi tegadigan hunar egallashiga e’tibor berishi kerak. Axir, Yurtboshimiz Islom Karimov istiqlolning ilk yillaridan boshlab barkamol avlodni kamolga yetkazish, farzandlarimizni sog‘lom va ma’nan yetuk qilib tarbiyalash yo‘lida izchillik bilan jon kuydirib kelmoqda-ku. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga, g‘amxo‘rliklarga hammamiz guvoh bo‘lib turibmiz-ku. Sog‘lom, ma’nan yetuk va barkamol farzand faqat ota-onasininggina emas, butun millatning boyligi. Ilmli, hunarli farzandlar to‘kis baxtni o‘zlari yaratadigan bo‘lib kamol topadi. Biz farzandlarimizning kelajagi uchun qancha “qaqir-ququr” yig‘maylik, tarbiyasidagi asosiy mohiyatni unutsak, buning uchun zarur bo‘lgan qimmatli vaqtni boy bersak, bolalarimizning baxtini butun qila olmaymiz. Oshib-toshgan seplar, antiqa urf-odatlar baxtga kalit bo‘la olmaydi.

Muyassar Islomova

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 34-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.