OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Do‘ppi afzalmi yoki beretka?

Bir birodarim bor. Goh-gohida o‘ziga mehr qo‘ygan birodarining arzimas mayda-chuyda narsalarni deb "devor suyatib" ketishini hisobga olmasak, o‘zi ochiqko‘ngil odam. Bir zamonlar hammamiz ham-ku shunday edik, biroq bu muhtaram zot o‘zini chinakam baynalmilal daholar kabi tutadi. Qachon qaramang, boshida yortiqalpoq (beretka)! Do‘ppi yoki qirrali shapka, yo bo‘lmasa soyaboni kengroq shlyapa kiyishni maslahat bersang, baloga qolasan. "O‘zingizning boshingizga xo‘jayinlik qiling, meniki bilan ishingiz bo‘lmasin", deydi dangaliga. Kunlarning birida ustozni telestudiyaga (kamina o‘sha chog‘lar televidenieda ishlar edim) davra suhbatiga taklif qilsam, "Bir shartimga ko‘nsangiz boraman. Yo‘qsa kerakmas!" dedi.

- Ayting-chi shartingizni, agar qo‘limizdan kelsa...

- Sizlarda erkinlik degan narsaning o‘zi yo‘q. Rossiyalik telejurnalist­lardan o‘rnak olsalaring bo‘lmaydimi? Mana masalan, studiyada bemalol yonboshlab chekib muloqot qilishga ruxsat bermaysizlar. Ana NTVnimi, ORTnimi, RTRni ko‘rasanmi, marhamat, yozuvchilar gurullagan gulxan yonida trubka chekib, tutunini burqsitib to‘rvadek soqollarini tutamlab, salmoqlab-salmoqlab gapiradilar. Sizlar esa bosh qichiganda qashisak ham, bexosdan aksa ursak ham"stop!", "stop!" deb o‘shqirasizlar. Bunaqada "il­hom parisi" uchib ketadi-ku, deydi.

Xullas, ustoz bilan gulxan va papiros masalasida kelisha olmadik. Ha darvoqe, yana yorti qalpoq "masalasi" ham chala qoldi. Bundan bir yil burun uni studiyaga taklif etgandim. O‘sha aziz boshlariga qiya qo‘ndirilgan beretka (yortiqalpoq) yana mashmashaga sababchi bo‘ldi. Lola ismli injiqroq rejissyor qizimiz "Amaki, iloji bo‘lsa bosh kiyimingizni yechib qo‘ysangiz" deganida ustoz: "Aslo! Yaxshisi studiyadan chiqib keta qolay. Zapis-mapislaringizni menga keragi yo‘q! Shuni yaxshi bilib qo‘yinglarki, musulmonchiligimizda bosh kiyimsiz o‘tirilmaydi!" dedi keskin ohangda.

Rejissyori tushmagur gapdan qoladiganlardan xilidan emasdi: "Axir bu sizlarning milliy bosh kiyimingiz emas-ku!" deb baloning tagida qoldi. Birodarim shartta o‘rnidan turdi-yu hay-haylashimizga parvo ham qilmay studiyadan chiqib ketdi...

Beretka (yortiqalpoq) va ustoz bilan bog‘liq tag‘in bir muxtasar hangoma: bu odam O‘zbekiston xalq rassomi, rahmatli Ro‘zi Choriev bilan go‘yo ota-boladek qadrdon edi. Buyuk musavvirning guzari qachon kindik qoni tomgan manzil makoniga og‘sa, uni o‘zgacha ehtirom ila kutib olar va mashinasida olib yurardi. Ro‘zi og‘a ham uni go‘yo o‘z inisidek ko‘rardi. Ro‘zi og‘a o‘shanday tashriflaridan birida unga "Leningraddan sovg‘a" deya to‘q kulrang beretka hadya qiladi. Ustoz ham uni  "Ro‘zi og‘aning sov­g‘asi" deya uzoq vaqt kiyib yuradi. Onda-sonda ko‘zlariga to‘tiyo etib surardi. Kelgusi yili mehmonga kelgan Ro‘zi og‘a inisining boshida "tabarruk" bo‘lib turgan beretkaga ishora etgancha uzr­xohlik qiladi:

- Izvini, ya zab?l tebe skazat, chto, eto beryotka b?la jenskaya...

Xullas, aziz mehmon o‘z e'tirozini shunday izohlaydi. Ya'ni bu savil yortiqalpoq (beretka)ning ayolcha yoki erkakchasini ajratish bir qadar mushkul ish. Baland tomoni chapda bo‘lsa - ayollarniki, o‘ngda bo‘lsa erkaklarniki, yoki aksincha emish.

Alqissa, bu yortiqalpoqdan ko‘ra, o‘zimizning boboki do‘ppiyu kallapo‘sh­larning o‘lsa o‘ligi ortiq. Qaysi tomonini kiysang ham "mujskiy" bo‘lib turaveradi. Afsuski, buni "baynalmilal ustoz"ga uqtirib bo‘lmaydi. "O‘zingizning boshingiz bilan bo‘ling..." deb jerkib tashlaydi. Nachora, chidaymiz-da.

Iqbol Tangriberdi
“Hurriyat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.