OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ko‘rishishning ham odobi bor

Hurmatli tahririyat!

Gazeta sahifalarida e’lon qilinayotgan ma’naviyatimiz, urf-odatlarimiz, xalqimiz milliy qadriyatlariga doir chiqishlarni o‘qib, ko‘pdan buyon taajjubga solib kelayotgan bir muammo haqida fikrlashgim keldi. Agar e’tibor qilgan bo‘lsangiz, qishin-yozin, issig‘u sovuq kunlarda ham to‘y marosimlarida ayrim kishilarning to‘y egasiyu boshqa tanish-bilishlar bilan, ularni ko‘rmaganlariga atigi ikki-uch kun o‘tgan bo‘lsa ham, quchoqlashib, hatto o‘pishib ko‘rishayotganlariga guvoh bo‘layapmiz.

Endi o‘ylab ko‘ring: kunning issig‘ida o‘zingiz terlab-pishib, arang nafas olib turgan bo‘lsangiz-u, bu ham yetmaganday duch kelgan odam bilan soniya o‘tmayoq quchoqlashib ko‘rishaversangiz. Ko‘rishgani quchoq ochib kelayotgan odamning kuylagiyu yuz-ko‘zi terdan jiqqa ho‘l bo‘lib, yo o‘tkir atir, yoxud ichilgan arog‘uachimsiq ter hidi anqib ko‘nglingizni behuzur qilsa, qanday ahvolga tushasiz?

O‘zi bu odatni kim chiqargan? Men yoshim yetmishdan oshgan nafaqadagi odamman. Bunday xunuk odatlarni xalqimiz orasida ilgari sira ko‘rmaganman. Yaqin qarindoshlarning quchoq ochib ko‘rishishlarini tushunsa bo‘lar. To‘yu ma’rakada hammaning tadbir egasi bilan va hammaning bir-birlari bilan yoppa quchoqlashib ko‘rishishi ham eskidan qolgan odatmi? O‘ o‘zimiz kashf etgan yangi udummi? Nazarimda bunday quchoqlashib ko‘rishishlarda mehru sog‘inchdan ko‘ra namoyishkoronalik, ba’zan qandaydir ta’ma mujassamdek tuyuladi.

Bu yangi odatning xuddi “gripp xuruji”day hammaga, keksayu yoshga qayoqdan kelib “yuqqani“ga aqlim hayron. Sho‘ro davri amaldorlari an’anaga kiritgan bu xunuk odatdan xalos bo‘lishning vaqti kelmadimikin? Xalqimiz ming-ming yillardan buyon e’zoz etib kelayotgan milliy qadriyatlarmiz, urf-odatlarimizga bunday yangicha odatlar nechog‘li munosib o‘zi?!

Darvoqe, bu masalaga tibbiyot xodimlari qanday qarasharkin? Kuz-qish va erta bahorda gripp, shamollash epidemiyalari kuchaygan paytda og‘iz-burunga uch qavat doka o‘rab yurishni maslahat beruvchi tibbiyot xodimlarining ham bu masalada o‘z fikr-mulohazalari bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Gripp xuruji bo‘lmagan taqdirda ham ayrimlarda har xil, ehtimol yuqumli xastaliklar bo‘lishi mumkin-ku...

Bu gaplarni aytishdan maqsad mazkur muammoga mushtariylar e’tiborini jalb etish, shu bilan birga mahallalarning mutasaddilari, shifokorlar va olimlarning ham muayyan fikr-mulohazalarini bilishdir. Negaki, istiqlolimiz sharofati bilan yurtimiz obod, elimiz farovon bo‘lib borayotgan ekan, ayrim yangi rasm-rusumlar ham uzukka ko‘z qo‘ygandek go‘zal ­hayotimizga yarashib tushsin deyman.

Davlat Qo‘ldoshev, professor

MYeHR-OQIBAT RAMZI

O‘zbek xalqida ko‘rishish, salomlashish, hol-ahvol so‘rashish kishilarning bir-biriga mehr-oqibatini, hurmat-izzatini bildiradi. Albatta, ko‘rishish shakli turlicha bo‘lishi mumkin: kichiklarning qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib kattalarga salom berishi, yaqinligini bildirish ma’nosida ayollarning kift qoqib ko‘rishishi, qarindosh-urug‘lar va qadrdonlarning quchoqlashib salom-alik qilishi, yoshi ulug‘ otaxonu onaxonlarimizning nabiralari boshini silab peshonasidan o‘pib qo‘yishi...

Men salkam chorak asr pedagoglik faoliyati bilan shug‘ullandim. Yoshlarga ta’lim-tarbiya berish va mahalla-kuyga aralashish, to‘yu ma’rakalarda ishtirok etish jarayonida salomlashish va ko‘rishish bilan bog‘liq an’analarimizni ko‘p kuzatganman. Bu haqda gapiradigan bo‘lsam, ko‘nglim to‘lgan-to‘lmagan joylari bor. O‘quvchilik yillarimizda, talabalik davrimizda qizlar bir-biri bilan qo‘l berib salom-alik qilishardi. Shunda ham hammasi emas, yaqin dugonalar. Yigit va qizlarning aksariyati shunchaki hol-ahvol so‘rashish bilan cheklanishardi. Yoshi kattaroq ayollar kift olib, kiftiga qoqib ko‘rishardi. Bir tom ostida yashaydigan oila a’zolari o‘sha kezlarda ham ertalabki nonushta oldidan va kechki payt ishdan, o‘qishdan qaytganda salomlashardi. Bizga buva-buvilarimiz ko‘chadan hovliga, uyga kirgan odam yoshidan, jinsidan qa’tiy nazar ichkaridagi kishilarga salom berishi joiz, deyishgan. Xuddi hozirgidek 60-70-yillarda ham yaqin qarindoshlar ma’lum sabablarga ko‘ra uzoq vaqt diydorlasha olmasa, uchrashganda quchoq ochib ko‘rishishardi. Lekin ularning bir-birini qayta-qayta bag‘riga bosib, silab-siypab yuzlaridan cho‘lpillatib o‘paverganini hecham ko‘rmaganman. Nazarimda, salomlashib ko‘rishishda ham ma’lum me’yorni saqlash kerak. Yodimda, buvilarimiz yengi uzun ko‘ylak kiyib yurishardi. Hatto salomlashayotganda ham qo‘llarini yeng uchidan chiqarmasdi. Buni kim nimaga yo‘yadi, bilmadim. Menimcha, shu birgina yeng vositasi orqali ko‘rishish ham ularning shaxsiy gigienaga qattiq rioya qilganini bildiradi.

O‘quvchi va talaba qizlar orasida o‘pishib ko‘rishish, adashmasam, o‘tgan asrning 80-yillari oxirida boshlangan edi. Bu odat asta singishib, bugun tobora urfga kirib borayapti. Qarang-a, kimgadir taqlid qilish faqat to‘tiqushga emas, odamzodga ham xos ekan-da. Ayollarning bir-birining bag‘riga singib ketgudek bo‘lib, yuz, og‘iz-burun o‘pishib ko‘rishish usuli, balki dunyodagi qaysi bir xalqda bo‘lsa bordir. Lekin ularga ko‘r-ko‘rona ergashish kimga, nimaga kerak?

Men ilk marta ikki yigitcha avval qo‘l ushlashib, so‘ng quchoqlashib kalla to‘qishtirganini ko‘rganimda, ular hazillashyapti, deb o‘ylagandim. Keyin bilsam, bu salomlashishning yangi suzong‘ich usuli ekan. Tashqaridan qaraganda juda xunuk ko‘rinadi: ikki qo‘chqor janjallashayotganga o‘xshaydi. Yoshlarni yosh desak, afsuski, bugun kap-katta erkaklar orasida ham bunday holat kuzatilayapti. Odatda kichiklar kattalarning qilig‘ini qilishga havasmand bo‘lishadi. Hozirda o‘rin almashgan, shekilli, kattalar kichiklardan salomlashish “odob”ini o‘zlashtirib olayapti.

Bu borada qiz-juvonlarimizning xatti-harakatini-da oqlab bo‘lmaydi. ­Aytaylik, ular ertalab kiyim-boshlariga atir sepib, yuzlariga upa-elik, lablariga bo‘yoq surtib, ishga, o‘qishga borishadi. U yerda qiladigan birinchi ishlari nima? Albatta, dugonalari bilan ko‘rishish. Endi shu holatni bir tasavvur qiling! Ayni saraton kunida terlab-pishgan, ustiga-ustak egnilaridan turli hid taralyotgan ikki qiz yoki juvon qayta-qayta o‘pishib ko‘rishayapti. Axir, bunaqa paytda odam ko‘rishish tugul bir-biriga yaqin borishga ham istihola qilmaydimi? Tag‘in yuzlarida iz qoldirgan lab bo‘yog‘ini dastro‘molchalarida o‘chirib, bir-biridan uzr so‘rashlariga nima deysiz?!. Shuncha ortiqcha tashvish qilib o‘tirmasdan, qo‘l berib ko‘rishib, hol-ahvol so‘rashsalar yaxshi emasmi!

Bizning “Bahor” mahallamizda 14 millat vakillaridan iborat besh yarim mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Hududimizda 40 ta ko‘pqavatli uy va hovlili turar joylar bor. Ochig‘i, ko‘chada bolalarning salom berishiga qarab ham ularning ota-onasi qanday odamlar ekanini bilish mumkin. Ba’zilari bor, yoshi ulug‘ otaxonni ko‘rsa, indamay o‘tib ketadi. Yana birlari to‘xtab “Assalomu alaykum!” deydi. Buning har ikkisi oiladagi tarbiyadan dalolat beradi. Mahallamizdagi xotin-qizlar bilan ma’naviy-ma’rifiy mavzularda suhbatlashganimizda, salomlash va ko‘rishish odobiga ham ko‘p to‘xtalamiz. Misol uchun, to‘y-ma’rakada bir uy ayol o‘tirsa, keyin kelgan mehmon ularning har biri bilan ko‘rishib chiqishi shart emas. Ichkariga kirganida “Assalomu alaykum” desa, barchaga salom bergan hisoblanadi.

Muxtasar qilib aytganda, xalqimiz tarixi qanchalar uzoqqa borib taqalsa, milliy an’analarimiz va urf-odatlarimiz ham shunchalik chuqur ildizga ega. Ular ma’naviy ehtiyojlar zamirida paydo bo‘lib, shakllanib, sayqallanib, o‘z mazmunida xalqimizning turmush tarzi, axloq me’yorlarini mujassam etgan. Shunday ekan, millatimiz ma’naviyatining ajralmas qismi bo‘lgan salomlashish odobini o‘pishish, kalla suzishish kabi xunuk ko‘rinishlardan asrashimiz lozim.

Muyassar Rahimjonova,

Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Bahor” mahallasi xotin-qizlar qo‘mitasi raisi

SALOMATLIK UCHUN ZARARLI

Quchoqlashib ko‘rishish uzoq vaqt ko‘rishmagan yaqin qarindoshu birodarlarga xos odat. Biroq so‘nggi paytda ayrim kishilar, bilib-bilmay yoki kimlargadir taqlid qilibmi, quchoqlashgandan so‘ng o‘pishib ko‘rishishni ham odatga aylantirishdiki, masalaga tibbiy jihatdan, salomatlikni saqlashga doir muayyan sanitariya-gigiena talablari va epidemiologik nuqtai-nazardan qaraganda bu holning xunuk tomonlari ro‘y-rost ko‘rinib qolayotir.

Odamlar quchoqlashib yoki o‘pishib ko‘rishganda ko‘rishuvchilarning birortasi yuqumli xastalik bilan og‘rigan bo‘lsa, u biridan ikkinchisiga juda oson yuqishi mumkin. O‘pishib ko‘rishganda yuqumli infektsiyalar o‘zini klinik jihatdan namoyon etib, lablar, lunj va milklarning shilliq qavatini, tilni shikastlashi, stomatologik xastaliklarga olib kelishi mumkin.

Hozirgi vaqtda o‘pishish paytida gerpesviruslarning yuqishi ham o‘z isbotini topgan. Bemor kishining tupugida gerpesviruslar yuqori kontsentratsiyada uchrashi tufayli bu guruhdagi viruslar o‘pishganda bir kishidan ikkinchisiga oson o‘tadi. Shuning uchun ham 4 tip gerpesvirusning yuqishi “o‘pich xastaligi” deb atalmoqda.

Bu juda ko‘plab ilmiy tadqiqotlarda o‘z isbotini topgani uchun ham AQSh kasalliklarni nazorat qilish markazi tomonidan homilador ayollar uchun o‘pishishni ta’qiqlash bo‘yicha tavsiyalar qo‘llanmoqda. Negaki, ana shu taxlitda tsitomegalovirus infektsiyasi yuqadigan bo‘lsa, homiladorlik jarayoni og‘ir kechar ekan.

1 va 2 tipdagi oddiy gerpes infektsiyalari ham o‘pishish paytida yuqishi mumkinligi tadqiqotlar jarayonida aniqlangan. Hatto 2009 yili e’lon qilingan “O‘lim bo‘sasi” sarlavhali ilmiy maqolada 23 yoshli yigitning sayohat payti bemor ayol bilan o‘pishishi natijasida oddiy gerpes virusini yuqtirib fulminant gepatitiga yo‘liqqani va hayotdan ko‘z yumgani aytiladi. Tadqiqotlarda V gepatitining bo‘salar orqali yuqish hollari ham qayd etilgan. Hatto 1997 yili stomatologik periodontit bilan xastalangan bir ayol bo‘sa orqali OITS xastaligini orttirgan.

O‘pib ko‘rishish va bir-birini qattiq bag‘riga bosish kabi vaziyatlarda yangi va eski tanosil kasalliklari viruslari bir odamdan ikkinchisiga yuqishi ko‘p kuzatilgan. Shuning uchun ham har bir odamning uyda o‘z shippagi, sochig‘i, sovun ko‘pirtirgichi alohida bo‘lishi kerak. O‘sh bolalar, katta yoshdagi immuniteti zaif kishilar, agar bunga rioya etishmasa, yuqumli xastaliklarni tez orttirib olishi hech gap emas. Shuning uchun ham odamlar jamoat joylarida, xoh to‘yu-tomosha, xoh ta’ziya marosimlari bo‘lsin, bir-biri bilan ko‘rishayotganda umumiy gigienik talablarni suiiste’mol qilmasliklari zarur. Bu endilikda bir-birlari bilan uch martadan o‘pib ko‘rishish odatini o‘zlashtirib olgan yosh qizlarga ham taalluqli, deb o‘ylaymiz

Ko‘plab tibbiy qo‘llanmalar hamda tanosil xastaliklariga oid darsliklarda o‘pishish orqali zaxm va so‘zak xastaliklarini yuqtirish mumkinligi aytib o‘tilgan. Shuningdek, tish kariesini keltirib chiqaruvchi streptokokklar, bolalarda uchrovchi bo‘g‘ma (difteriya) xastaligi viruslari ham mana shunday ko‘zga juda oddiy va arzimas bo‘lib tuyulgan vaziyatlar orqali yuqishi mumkin.

O‘zning issiq kunlarida jiqqa terga tushgan holda quchoqlashib ko‘rishish har ikki tomon uchun ham ancha noqulayligi shundoq ayon ko‘rinib turibdi. Bunday usulda ko‘rishish hammaning ham sog‘lig‘iga to‘g‘ri kelavermaydi. Achchiq ter hididan kimningdir ko‘ngli ozishi, o‘zini behuzur his etishi, qon bosimi ko‘tarilishi, eng yomoni kayfiyati ko‘tarilishi o‘rniga tushishi mumkinligini hisobga olmasdan bo‘lmaydi. Inson o‘zini behuda qiynab qo‘ymasligi kerak.

Demak, sog‘lom turmush tarzi mezonlariga rioya etish, namunali tibbiy madaniyatni egallash orqali yuksak ma’naviy-axloqiy muhit yaratish va shunday muhitni barqaror etishga hissa qo‘shish hammamizning insoniy burchimiz.

Doniyor Mirazimov,

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining boshqarma boshlig‘i

QO‘SHQO‘LLAB SO‘RASHISHDA HIKMAT KO‘P

To‘g‘risini aytsam, kundalik hayotda tevarak-atrofdagi kishilarning o‘zaro munosabatlarini, shu jumladan, salomlashish odatlarini kuzatar ekanman, bir qo‘lni ko‘krakka qo‘ygancha hurmat bajo keltirgan holda so‘rashish yoki o‘zidan yoshi ulug‘ kishilarning qo‘lini siqqancha qo‘shqo‘llashib ko‘rishish o‘rniga quchoqlashib, boshni urishtirib, hatto o‘pishib salomlashish odatlari tobora keng yoyilib borayotgani e’tiborni tortadi. Achinarlisi, ko‘pchiligimiz ana shu kabi salomlashishni odatiy tusga kiritdik yoki atrofimizda shunday so‘rashish urfga kirib borayotganiga befarq, bee’tibor bo‘lmoqdamiz. To‘g‘ri, anchadan buyon ko‘rishmagan do‘stimizni uchratsak yoki olis safardan qaytgan jigarimiz bilan sog‘inib so‘rashayotganda uni bag‘rimizga bosib o‘z mehrimizni ifoda etamiz. Ammo erkak kishilarning bosh urishtirib, qo‘l bilan turli xatti-harakatlarni, ishoralarni bildirib, shuningdek, o‘pishib ko‘rishishlari asriy qadriyatlarimizga to‘g‘ri kelmaydigan odatlardan.

Shuning uchun ham bobolarimiz, momolarimiz nabiralari tili chiqa boshlashi bilanoq bolaning ikkala qo‘lchalarini ko‘ksiga qo‘yib “Assalomu alaykum” deb salom berishga o‘rgatadilar. Chunki salom berish – insoniy munosabatlarning beshigi, odamlar o‘rtasida bo‘lajak ezgu aloqalarning sarchashmasidir.

Salomlashishning xosiyati haqida o‘ylaganimda, beixtiyor bolaligimning osuda damlari kechgan yoz oqshomlari hovlidagi so‘ri ustida rahmatli Yaxshigul momomning ertaklarini tinglab dunyoning sehrli mo‘‘jizalari bilan sirlashgan damlarim yodimga tushaveradi. Bir kuni momom “Yo‘ldami, daladami, o‘zingdan katta odamni ko‘rsang, qo‘ling ko‘ksingda bo‘lsin, bolam, salom bersang savob olasan!”, deb Kenja botir haqidagi g‘aroyib ertakni so‘zlab bergandilar. Kenja botir kimsasiz o‘rmonda kezib yurganida nogahon yalmog‘iz kampirga ro‘para kelib qoladi va: “Assalomu alaykum!” – deb salom beradi. Yalmog‘iz: “Haq saloming bo‘ldi, yo‘qsa, seni ikki yamlab, bir yutardim!”, deydi va odob bilan salomlashganligi tufayli u Kenja botirning yaqin ko‘makchisiga aylanadi. Oradan ko‘p yillar o‘tib, sochimga oq oralaganiga qaramay, momojonimning “Ko‘rdingmi, bolam, “haqning salomi” hatto qahri qattiq yalmog‘izning ham ko‘nglini yumshatgan ekan”, degan so‘zlari qulog‘im ostida hamon yangrayotganday bo‘laveradi.

Men folklorshunos bo‘lganligim uchun mamlakatimizning turli viloyatlarida tez-tez ilmiy safarlarda bo‘laman. Qay bir hududga bormay, obod bo‘layotgan shaharu qishloqlar hamda yaratuvchilik va bunyodkorlik yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning qiyofasida qadriyatlarimizga bo‘lgan ulkan muhabbatni ko‘raman. Shu yilning aprel oyida Farg‘ona vodiysi bo‘ylab folklor ekspeditsiyasida bo‘lganimda, to‘raqo‘rg‘onlik bir otaxondan qadimiy rivoyatlarni yozib olayotgan edim, bir payt u kishining bir birodarlari kelib qolishdi. Men o‘rnimdan turib otaxonlar bilan qo‘shqo‘llab ko‘rishdim. Shunda otaxonlardan biri qo‘shqo‘llab ko‘rishish odatining kelib chiqishi haqida quyidagi rivoyatni so‘zlab berdi: “Aytishlaricha, hazrati Xizr har bir odamga umr bo‘yi yetti marta duch kelar emish. U har gal turli xil qiyofada, ko‘pincha keksa chol, navqiron yigit, bola bo‘lib ko‘rinarkan. Garchi har bir kishi o‘z hayoti davomida yetti marta Xizrga ro‘para bo‘lsa-da, odatda odamlar Xizrga duch kelib qolganini bilishmas ekan. Xalq inonchlariga ko‘ra, Xizrning o‘ng qo‘lining bosh barmog‘ida suyagi bo‘lmas emish. Shuning uchun nogahon nuroniy cholga ro‘para bo‘lgan kishi u bilan albatta qo‘llashib ko‘rishishi kerak ekan. Agar u kishining bosh barmog‘i besuyak bo‘lsa, qo‘lini qo‘yib yubormay, ushlab turaverish kerak emish. Shunda Xizr buva: “Tila tilagingni!” der ekan. Shu paytda so‘ragan uchta tilagingiz ro‘yobga chiqadi, deydilar. Ana shundan qo‘shqo‘llashib so‘rashish odati kelib ­chiqqan ekan.

Chindan-da, qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘yib hurmatni ifoda etish hamda qo‘shqo‘llab ­salomlashishga nima yetsin!

Mamatqul Jo‘rayev,

filologiya fanlari doktori

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 31-son

MUNOSABAT

Sevimli haftalik gazetamiz tomonidan shu mavzuda bahs ochilgani ayni muddao bo‘ldi, deb o‘ylayman. Negaki, mualliflarimiz gazetxonlar ko‘nglida anchadan buyon yig‘ilib kelgan masalani o‘rtaga tashlashgan. Xalqimizning ko‘p asrlik qadriyatlarida atrofdagi odamlar bilan qanday salomlashish, ko‘rishish odobi allaqachon me’yorga tushgan qoidalarga bo‘ysunadi. Xususan, salomlashish, avvalo, muomalaga kirishayotgan odamning do‘stona munosabati belgisi.

Ammo ikki tarafning ko‘rishish darajasi hayot tajribasida ularning o‘ta yaqinligi belgisi sifatida baholanmaydi. Qo‘l siqishishning quyuqligi bilan ko‘rishayotgan birodarlar o‘rtasidagi munosabat yaqinligini aniqlash qiyin. Aslini olganda, odamlar o‘rtasidagi muomalani bildirilayotgan niyatlarning samimiyligi belgilaydi. Shuning uchun ham ota-onalarimiz hamisha qarindosh-urug‘, yaqin kishilarimiz bilan ko‘rishish qoidalarini esimizga solib turishgan.

Xalq og‘zaki ijodini o‘rganishga doir ekspeditsiyalarda viloyatlarda ko‘rishishning o‘ziga xos mahalliy udumlariga guvoh bo‘lganmiz. Jumladan, Farg‘ona vodiysida yoshi kichik mehmon yoshi katta ayollarga kift tutadi. Ayol ikki qo‘li bilan yigitning yelkasini silab kift oladi, duo qiladi. Xorzmliklarning ko‘rishishida “xo‘sh” yoki “yaxshi” so‘zi ko‘p qo‘llanadi. Tilshunos mutaxassislarning ma’lumotlarida aytilishicha, islomdan oldin turkiy xalqlar vakillari ko‘rishishda “iyy” yoki “iyi” so‘zini aytishar ekan. Bu so‘z “yaxshi” degan ma’noni ifodalagan.

Ammo afsuski, hozir yoshlarimiz o‘rtasida turli quloq eshitmagan, ko‘z ko‘rmagan salomlashish hollari ko‘payib ketdi. Kimdir o‘pishib ko‘rishsa, kimdir qorin urishtirib ko‘rishadi. Kimdir quchoqlashsa, kimdir peshonasini urishtiradi. Haqiqatan ham, Davlat Qo‘ldoshev yozganidek: “Ko‘rishgani quchoq ochib kelayotgan odamning ko‘ylagiyu, yuzi-ko‘zi terdan jiqqa ho‘l bo‘lib, yo o‘tkir atir yoxud ichgan arog‘u achimsiq ter hidi anqib ko‘nglingizni behuzur qilsa, qanday ahvolga tushasiz?” Muyassar Rahimjonova qayd etganidek: “Axir, bunaqa paytda odam ko‘rishish tugul bir-biriga yaqin borishga ham istihola qilmaydimi?” Shaxsan menda Doniyor Mirazimov tilga olgan ma’lumotlar yangilik bo‘ldi. Shifokor aytganidek, yaxshi niyatli ko‘rishish xastalikni yuqtirish joyiga aylanmasligi kerak-da.

O‘ylaymanki, ko‘rishish madaniyati odamlarning umumiy madaniy saviyasini ko‘taradi. Otalarimiz bizga: “Avvalo ichma, mabodo yigitlar bilan ulfatchilik qilib qolsang, uyga kechroq kelgin”, deb bejiz aytishmagan. Ular o‘z farzandlarining kunduz kuni mahalladagilar oldida atrofga qulansa hid taratib, oyoqni beso‘naqay tashlab kelishini xohlamaganlar. Unda nima uchun biz bugungi o‘z jigarbandlarimizga to‘g‘ri maslahat bermayapmiz?

Xalqimiz yaratgan og‘zaki ijod namunalari, xususan, ertaklarda ham “ko‘rishish odobi” aniq tasvirlangan lavhalar ko‘p. “Uch og‘a-ini botirlar”da o‘qiymiz: “Shu orada kenja botir ichkariga kirib keldi. Salom berib, hammasi bilan so‘rashib, tiz bukib o‘tirdi”. “Mohistara” ertagida esa keksa kishi “Mehmon, keling!”, deb qo‘l uzatadi. “Gungila” ertagida bunday voqea tasvirlangan: “Akasi aksa urib, o‘rnidan turib, ko‘zini ochib qarasa, girdida tamomi savlatli odamlar boshining ustiga qarab turishibdi. Bola: “Assalomu alaykum!” deb, to‘rt tomonga ta’zim qilib, bir tomonga o‘tirdi. Akobirlardan biri “Vaaleykum assalom, — deb alik olib: — Ey yigit, siz qaysi joyning farzandi bo‘lasiz, — dedi”. “Shamshirboz” ertagida bunday yoziladi: ­“Assalomu alaykum, bir kam qirq chilton. O‘g‘ri bo‘lsangiz — o‘g‘riman, to‘g‘ri bo‘lsangiz — to‘g‘riman”, deb ko‘rishib chiqdi-da, bir chekkaga o‘tirdi”. Shuningdek, ”Rustamzod va Sherzod” ertagida: “Zambil ichidan ovoz chiqdi: “Assalomu alaykum, ey ahli jamoalar!”, deyilgan...

Ma’lum bo‘lyaptiki, ko‘rishishning eng maqbul ko‘rinishi sodda, samimiy, aniq salom berish ekan. Shu o‘rinda bir voqeani aytib o‘tmoqchiman. Yaqinda maktabdagi sinfdoshimni uchratib qoldim. Beixtiyor quchoq ochib bir-birimizni bag‘rimizga oldik. Undan so‘ng qo‘l ushlashib ko‘rishdik. Hol-ahvol so‘rashdik. Qisqa fursatda farzandlarimiz, nabiralarimiz, abiralarimiz haqida axborot almashdik. Undan xushbo‘y mushki anbar anqib turardi. Ko‘p o‘tmay bu xushbo‘y hid menga ortiqcha ta’sir qila boshladi. Suhbatni tezda yakunladim-da, choyxonadagi mahalladoshlar davrasiga oshiqdim. Choyxonachi do‘stim ­Isroilga choy buyurdim. Choynakdagi choyni qaytarib, atrofimdagilarga tarqata boshladim. Ammo daqiqa o‘tmay yaqinimda o‘tirganlardan biri nimanidir bahona qilib mendan nariga o‘tib o‘tirdi. ­Soniya o‘tmay ikkinchi ulfat turib ketdi. Keyin uchinchisi va to‘rtinchisi ham mendan uzoqlashdi. Ularga quygan choyim ham ichilmadi. Ko‘p o‘tmay odamlar asta-sekin choyxonadan chiqib ketishdi. Xullas, Isroil bilan ikkimiz qoldik. Mening hayotimda bunday holat avval ro‘y bermagani uchun o‘zimni juda noqulay his qildim. Gapni aylantirib choyxonachidan do‘stlarning nega mendan zudlik bilan uzoqlashgani sababini surishtirdim:

— Men haqimda mahallada biron ­nojo‘ya gap bo‘ldimi?

— E, aka, — dedi Isroil, — nimalar qilib yuribsiz? Yaqiningizga borib bo‘lmaydi. Hammayoqni mushki anbarning hidi bosib ketdi. Kiyimlaringizga ham quyganmisiz?

Shundan keyin o‘zimga bir oz e’tibor bersam, haqiqatan ham qo‘limdan tortib kiyimimgacha hid bo‘lib yotibdi. Odam o‘zidan hid taratib alohida diqqat qilmasa, u qadar sezmas ekan. Shoshilib choy quygan piyolamni ko‘tarib o‘zimga yaqinlashtirdim. Endi aniq sezdim, piyoladagi choyni ichish emas, qo‘lga olib bo‘lmayapti. Sinfdosh do‘stim bilan quyuq ko‘rishganim esimga tushdiyu ko‘nglim loxas bo‘la boshladi. Do‘stimning o‘zi qanday chidayotgan ekan bu o‘tkir hidga, deb hayol surdim. Yuz-qo‘llarimni yaxshilab yuvib uyga kelgach, kiyimimni almashtirdim. Shundan beri mahallamdagilar: “Sinfdoshingni ko‘rib turibsanmi?”, deb hazil qilishadi. Men shu zahoti: “Choy quyib beraymi?”, deb so‘rab qo‘yaman.

Xullas, “ko‘rishishning ham odobi bor”, degan gapda hikmat ko‘p!

Omonilla Madayev

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 33-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.