OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sanjar Tursunov. Adabiyot muallimi

http://ziyouz.uz/images/kitob.jpg

Qo‘ng‘iroq chalindi. O‘quvchilar istamaygina xonaga kirib kelishdi. Biroz muddat o‘tib kirib kelgan o‘qituvchiga bolalarning yarmi salom berdi, yarmi o‘rnidan ham turmadi. O‘qituvchi avval xonaga, derazaga va o‘quvchilarga razm soldi. O‘tirdi. “Xo‘-o‘-shsh. Bugun kim navbatchi? Nega doskadagi yozuv o‘chirilmagan? Qani, tez bittang chiqib o‘chir-chi.” Kimdir zo‘rg‘a o‘rnidan turdi. Doskani artdi. O‘qituvchi esnab nimalarnidir titkiladi. Ruchkasini peshonasiga nuqib yo‘qlama qildi. O‘quvchilarning yarmi yo‘q. “O‘tgan darsda qanday mavzuni o‘tgandik? Qani kim javob beradi? Kim? Ie, hech kim yo‘qmi? Essiz, bekorga ketgan vaqtim. Demak, tartib bilan chaqiramiz...”

O‘quvchilar navbatma-navbat o‘rnidan turishdi. Darsga hech kim tayyor emasdi. “Birinchidan, Abdulla Qodiriy emas, Abdulla Qahhor ijodini o‘tgandik. Senlar Qodiriy bilan, Qahhorni ajratib olmasalaring... Ikkinchidan... to‘xta... Xursandov, ko‘ylagingni shimning ichiga tiq. Hoy, Beknazarov, nega telefonni o‘chirib qo‘ymaysan? Senlar... odam bo‘lmaysanlar.”

Mana, sizga adabiyot o‘qituvchisining bolalarga munosabati. Nega darsda ko‘pchilik o‘quvchi yo‘q? Chunki, ular adabiyot darsidan qoniqmaydi. Nega bolalar darsga tayyor emas? Chunki o‘qituvchi darsni esda qoladigan qilib o‘tmagan.

Yo‘q! Menga u adabiyot o‘qituvchisi dars o‘tmagan. Faqat uni taniyman. Ha, uni siz ham taniysiz. Bir eslab ko‘ring, kim ekan u? Axir, ularni unutib bo‘ladimi? Men hozir ­boshqa bir adabiyot o‘qituvchisi haqida gapirmoqchiman. Siz uni ham taniysiz. Ha, siz uni sevasiz...

Har millatning shon-shavkatini, o‘lmas qadriyatini belgilab beradigan shunday mezon bor, bu — adabiyot. Adabiyot dunyo xalqlarida mamlakat, millat nomidan so‘zlaydi. Shu o‘rinda mamlakatimiz rahbarining “Adabiyot masalasi — bu ma’naviyat masalasidir” deya qayg‘urganini alohida ta’kidlash joiz. Odatda endigina she’r yoza boshlagan o‘spirin yoki qizaloq uyatchan bo‘ladi. Ayni shu lahzada bir insonning, adabiyot o‘qituvchisining yordami kerak bo‘ladi. Iste’dod yoki talant o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlansa, yo‘nalish to‘g‘ri belgilab berilsa yuzaga chiqadi. Bu vazifani esa faqat o‘qituvchigina bajaradi.

Bir ijodkor do‘stim aytib bergandi: “Maktabda yozuvchilar bilan uchrashuv bo‘ldi. Odatda bunday tadbirlar jo‘shqin, qizg‘in bahs-munozaralarga boy o‘tardi. Bu uchrashuvda eska qatnashchilarga biror o‘quvchi savol bermadi. Yozuvchilarimiz “O‘quvchilar hali hayajonlarini bosib olishmabdi”, degan mulohazaga borib, qiziq voqealarni aytib bersa ham hech narsa o‘zgarmadi. Bir mahal adabiyot o‘qituvchisi:

— Hozir o‘quvchilarimiz o‘qiydigan asarlar bosilmayapti, — deb qoldi.

Men uning boshqa gapini eshitmadim. U go‘yoki o‘quvchilar savol bermayotganiga yaxshi kitoblar kamligini ro‘kach qilib o‘zini oqlayotgandek edi.

Aslida, adabiyot o‘qituvchisi qanday bo‘lishi kerak? Avvalo, uning har bir so‘zida, fikrida chuqur ma’no, go‘zallik ufurib turmog‘i lozim emasmi? Axir u bolalarga orzu qilishni, savol berishni va eng muhimi kitob o‘qishni o‘rgatadi. Orzu qilindimi — u qachonlardir amalga oshadi. Savol berildimi — javob topiladi. Bolaga kitob o‘qi deyish, matnni yodlatish bilan o‘quvchi kitobxon bo‘lib qolmaydi. Biz odatda, keng va chuqur mushohada yuritadigan odamlarga havas qilamiz. Biz havas qilayotgan o‘sha odamning tafakkuri bolaligidanoq shakllanishiga adabiyot o‘qituvchisi sabab bo‘ladi.

* * *

Eng baland tog‘ — Himolay. Eng uzun tog‘ tizmasi — And. Eng uzun daryo — Nil. Eng suvi ko‘p daryo — Amazonka. Eng katta ummon — Tinch okeani. Eng uzun... Eng uzun tun — yaldo kechasi. Bir kechada, bir necha ertak qahramonlarini “murod maqsadiga” yetkazish mumkin. Bir tunning o‘zida “Alpomish”ni o‘qib tugatish mumkin.

Toshkentdan uyga borganimda dast­lab adabiyot o‘qituvchisi bilan uchrashdim. Suhbatlashib o‘tirdik. Gap mavzusi yana adabiyotga ko‘chdi. O‘qituvchim menga shunday savol berdi:

— To‘ra Sulaymonning “Chaman ichinda bir gul, gul bir yon, chaman bir yon”, deb boshlanadigan go‘zal bir she’ri bor. O‘sha she’rning yakuni “Go‘ro‘g‘li sulton bir yon, To‘ra Sulaymon bir yon”, satrlari bilan tugaydi. Nega muallif Go‘ro‘g‘li Sultonga ishora qilgan? Alpomishga emas, Rustamga emas, nega aynan Go‘ro‘g‘liga?

Men bu savol qarshisida tilsiz qolaman. Xayolan javob izlab o‘qigan kitoblarim oralab kezaman.

* * *

Adabiyot darsi. Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasini muhokama qilayapmiz. Xona jim-jit. Yurak urishini eshitsa bo‘ladi. Nafas olishga qo‘rqamiz. Bexosdan qilich ovozi va shu bilan birga orqa partadagi bir qizning piq-piq yig‘lagani eshitiladi. Yig‘i asta-sekin boshqalarga ham ko‘chadi. Bolalarning qo‘lini musht qilib xo‘rsingani uzoq vaqt eshitilib turadi. Nega axir? Inson o‘z otasiniyam o‘ldiradimi? Yuragimizda, tiniq tafakkurimizda bu savol chuqur ildiz otadi. Abdulatifni yomon ko‘rib qolamiz.

— Demak, keyingi darsda asarni qahramonlarga bo‘linib o‘qiymiz, sahna ko‘rinishi tayyorlaymiz. Bu ham tez yodlanadi, ham uzoq vaqt xotirada qoladi.

Hammamiz Ulug‘bekni tanlaymiz. Abdulatifga nafratimizning chegarasi yo‘q. Rahmonberdi muallim nazarimda xiyla kengayib ketgan xonaga teran nigoh tashlaydi.

— Abdulatif, Abbos kabi qahramonlardan ham yaxshilik axtaring...

Biz angrayib qolamiz. Nahotki, o‘z otasini o‘ldirgan padarkush qahramonidan ezgulik axtarsak? Muallim nimalar deyapti?

— O‘ylab ko‘ring. Abdulatif yosh bola bo‘lganida Ulug‘bek tizzasiga olib o‘tirmaganmidi? Bolaning shirin erkalanishiga otaning bor quvonchi esh bo‘lmaganmidi? Ota-bolaning shu holatini ko‘z o‘ngingizga keltirsangiz — Abdulatif beozor bolaga aylanadi-qoladi. Men ­Abdulatifni oqlamoqchi emasman. Faqat salbiy qahramonlarning ham holati-harakatini tushunishga harakat qiling, demoqchiman xolos.

Men Ulug‘bek bo‘laman. Bunga she’r yozishni yaxshi ko‘rishim sabab. Orqa partada o‘tirib yig‘lagan Munisaning Feruza bo‘lishini juda-juda xohlayman. Muallim dilimdagini sezgandek deydi:

— Munisa, sen — Feruza bo‘lasan. Nurali — Ali Qushchi, Hamid — ­Abbos, Usmon — Abdulatif.

... Keyingi dars. O‘sha asrga, o‘sha asrni yig‘latgan qora tunga kirib boramiz. Shamdonlar, fisqu fasodga to‘la saroy. Va olis kelajakka nurli yo‘l bo‘lib turgan kitoblar, osmon to‘la yulduzlar... Va nihoyat meni — Ulug‘bekni “o‘ldirishadi”. Feruzaning ko‘z yoshlari...

Boshqa bir darsda Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanidan Otabek va Kumushbibining bir-biriga yozgan maktublarini o‘qiymiz. Bu gal Munisa — Kumush. Otabek — Hamid... Men esa hech kim.

Mirtemirning “Surat” dostonini yoddan bilaman. Boshidan oxirigacha aytaman. Toshlonman. Xiyonatkor Oysuluv — Munisa. U yana orqa partada o‘tirar, lekin bu safar yig‘lamasdi...

* * *

Rahmonberdi Tursunov. Surxondaryo viloyatining, Sariosiyo tumanida, tog‘li Sangardakdagi 16-maktabning adabiyot o‘qituvchisi...

Bizning adabiyot o‘qituvchimiz...

U bizga salbiy qahramonlarni ham tushunishni o‘rgatgan ustoz...

Uning dars o‘tish uslubi boshqacha edi. Yuqorida aytganimdek, qanaqa asar bo‘lmasin, avval o‘qib, keyin qahramonlarga bo‘linib ketardik. Bir gal muallimimiz “Kecha va ­kunduz”ning yozilmagan davomi ­“Kunduz”ni yozishni bizga mustaqil topshiriq qilib berdi.

— Shunchaki dilingizdan kechayotgan tuyg‘ularni yozing, istasangiz yana qahramonlar qo‘shing.

Birinchi navbatda, O‘lmas bilan Zebini Sibirdan qaytaramiz. Yolg‘iz otning changi chiqmas, deganlaridek Razzoq so‘figa bitta aka topamiz. Ismi — Umrzoq. Qishloqda dehqonchilik qiladi. Ukasini tushida ko‘rib izlab kelib, qishloqqa olib ketadi. Davolaydi. Bu orada Miryoqub jadidchilik harakatini boshlab yuboradi. So‘fi Zebini shu yerda ko‘radi...

Yozamiz. Maqtov, gohida tanbeh eshitamiz. Yana yozaveramiz — daftarlar to‘lib ketaveradi...

* * *

Ehtimol, men hozir aytmoqchi bo‘lgan gap kimgadir yoqmas, kimningdir ensasini qotirar. Albatta, bu mening shaxsiy fikrim. Gapning indallosi shuki, bugun qaysi maktabdan shoir chiqmayotgan bo‘lsa, demak o‘sha maktabning adabiyot o‘qituvchisi yo‘q. Bo‘lsayam — diplomda adabiyotchi. “Hozir yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi!”, degan gaplar tez-tez quloqqa chalinib turadi. Xalqimizda bir gap bor: Bola boshdan... Demak, adabiyot o‘qituvchisi qaerdadir xatolikka yo‘l qo‘ygan. Demak, yana sabab — o‘qituvchining mas’uliyatida. Biz ertaklar, matallar, dostonlar og‘ushida ulg‘ayganmiz. Qahramonlar makoni bo‘lgan o‘sha ertaklar bizni kitoblarga oshno tutishgan. O‘sha ertaklarga ergashib kitob bilan, adabiyot o‘qituvchisi bilan ko‘ngildosh bo‘lganmiz. Demak, adabiyot darslarida ertak, dostonlardan keng foydalanishimiz kerak. U iqtisodchimi, uchuvchimi, quruvchimi, qaysi kasbni tanlashidan qat’iy nazar, birinchi navbatda, kitob bilan, adabiyot o‘qituvchisi bilan yaqin bo‘lishi kerak. Adabiyot o‘qituvchisi — har bir bolaning ko‘nglida ezgulik uyg‘otadigan eng birinchi inson. Uning kamol toptiradigan kasbi shuning uchun ham mas’uliyatli, zahmatli va sharaflidir. U shuning uchun ham adabiyot o‘qituvchisi, shuning uchun — hayot o‘qituvchisi, orzu o‘qituvchisi. Men unutolmaydigan bir voqea bor. O‘sha voqea butun hayotimni o‘zgartirib yubordi.

Maktabni tugatgan yilim, ota-onam aniq fanlarga asoslangan o‘qishga borishimni xohladi. Orzu orzuligicha qolib ketadigan bo‘ldi. Erta-indin ketaman deb turganimda adabiyot o‘qituvchisi bir chimdib, ko‘zimni ochib qo‘ydi:

— Olov yoqay desam o‘tin tamom bo‘pti. Senda qog‘oz ko‘p. She’riy daftarlaringni ber. Ha, she’ring chiqqan gazetalarniyam.

— She’rlarimni? Ular o‘zimga kerak...

—Ularning endi senga keragi yo‘q, — dedi kinoya aralash, — sen boshqa sohani tanlading.

Bo‘ldi. U boshqa gapirmadi. Indamay ketdi. Men jim qolaverdim. Otamning ra’yiga qarshi chiqib, o‘sha yili o‘qishga bormadim. Otam ­keyingi yili ham yumshamadi, ammo men yozishdan, orzu qilishdan to‘xtamadim. Baribir, o‘zim orzu qilgan jurnalistika fakultetiga hujjatlarimni topshirdim.

* * *

Yo‘lchi bir qadam bo‘lsayam yurgani yaxshi! Men bugun yo‘ldaman. Har qadamda bir insonning, menga orzu qilishni, savol berishni, umuman yashashni o‘rgatgan adabiyot o‘qituvchisining nigohini sezaman. U ona tili bo‘yicha darslik-qo‘llanma yozgani uchun emas, ustozim bo‘lgani uchun ham emas, u — oddiy, o‘zgacha adabiyot o‘qituvchisi bo‘lgani uchun uning oldida o‘zimni qarzdor sezaman. Bugun ko‘plab iste’dodli yigit-qizlarning kitoblari chop etilmoqda. Ular, eng avvalo, adabiyot o‘qituvchisining shogirdlaridir. Ular do‘stim aytgan, “o‘qiydigan kitob yo‘q” deydigan o‘qituvchining shogirdlariga o‘xshamaydi. Ular mening ustozimning shogirdlariga juda-juda o‘xshab ketadi.

O‘qishni tugatib, bir kursdosh do‘stim bilan uyga bordim. Suhbatimiz yana adabiyotga bog‘landi. Ustozim yana o‘sha savolni berdi: “Go‘ro‘g‘li sulton bir yon, To‘ra Sulaymon bir yon”. Nega?

Men ham, do‘stim ham yer chizib qoldik. Taxminlar bor, lekin aniq to‘xtam yo‘q. Men shu savolga javob izlab “Go‘ro‘g‘li” dostoniga, To‘ra Sulaymon ijodiga qayta-qayta murojaat qildim. Ammo... Men izlagan — adabiyot o‘qituvchisi kutgan javobni hali-hanuz topganimcha yo‘q... Baribir topaman. Negaki men, savol bormi, demak qaerdadir uning javobi borligini ham bilaman. Adabiyot o‘qituvchimiz shunday degan edi...

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 18-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.