OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Britaniya matbuotiga bir nazar

 Butun bir mamlakatning OAVlari haqidagi ma'lumotlarni bitta maqolada jamlashning imkoni yo‘q. Shuning uchun bugungi Britaniya matbuoti xususida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Britaniya matbuotidan andoza olsa bo‘ladigan, qolaversa, ularga o‘zimizning tanqidiy fikrlarimizni bildiradigan joylari bor.

Angliya OAVlari dunyodagi eng shafqatsiz OAVlaridan hisoblanadi. Omma e'tiboridagi taniqli shaxslar jurnalistlar tomonidan kechayu-kunduz kuzatiladi. Shuning uchun hukumat rahbarlari orasida sharmanda bo‘lishdan qo‘rqib o‘z joniga suiqasd qilish hollari ham uchrab turadi.

Birinchi bor Londonga qadam qo‘yganimda, meni Xitrov aeroportida do‘s­tim Akmal kutib oldi. O'shanda uning qo‘lida A3 formatdagi "Metro" gazetasi bor edi. Salom-alikdan so‘ng undan gazetani ko‘rib chiqish uchun so‘radim. U menga gazetani uzatar ekan. "Bepul tarqatiladi", - deya kulib qo‘ydi. Kundalik rangli gazetaning sahifalariga ko‘z yugurtirar ekanman, nahotki shunday gazeta bepul tar­qatilsa, deya hayratlandim. Keyin bilsam bepul tarqatiladigan gazetalar soni 20 ga yaqin ekan (Ulardan 2 tasi rus tilida).

Mavzularni sahifalarga joylashtirishda Angliya gazetalarining bizning matbuotimizdan keskin farqi yo‘q. Ammo masalaga yondashuv, sifat hamda tahlil nuqtai nazaridan katta tafovutlar mavjud. Yevropa jurnalistikasidan xabari borlar yaxshi bilishadiki, ularda biror mavzuni yoritishda avval yangilik, reportaj, undan keyin esa tahliliy maqola janridan foydalaniladi. Shuning uchun yoritilayotgan mavzu yuzasidan beriladigan yangiliklar seriyasi haftalarga cho‘zilishi mumkin. Agar gap xalq yaxshi ko‘rgan model, aktrisa yoki futbolchi ustida borayotgan bo‘lsa, o‘quvchi ertangi voqealar jarayonini yaxshi ko‘rgan serialining davomini kutgandek kutadi hamda o‘zining ijtimoiy fikrini ham bildiradi. Masalan, yaqinda "Chelsi" futbol jamoasining chap qanot yarim himoyachisi Eyshli Kol hamda uning rafiqasi qo‘shiqchi, model Cheril Kol o‘rtasida bo‘lib o‘tgan voqeani olaylik. Eyshli Kolning ishqiy maktublari hamda begona qizlarga mobil telefoni orqali tushirib yuborgan yarim yalang‘och rasmi matbuotga chiqib ketdi. Bu paytda Cheril Kol Gollivudda safarda edi. U turmush o‘rtog‘ining bu xiyonatini kechirmasligini, qayt­gunicha uyni bo‘shatib ko‘yishi lozimligini aytdi. Voqealar jarayoni naq ikki haftaga cho‘zildi.

Yoki bo‘lmasa, futbol bo‘yicha Angliya terma jamoasi sobiq kapitani Jon Terrini o‘z jamoadoshining sobiq qallig‘i bilan ishqiy munosabatda bo‘lganini matbuot keskin qoralay boshladi. Bunga javoban Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Kapello Jon Terrini jamoa kapitanligidan chetlatdi. Voqealar rivoji shu darajaga borib yetdiki, bunga UIFA prezidenti Mishel Platini ham o‘z munosabatini bildirdi. Angliya matbuoti yangiliklarga asoslangani sababli so‘nggi yangilik munosib baholanadi. Misol uchun, AQShdagi Prezident saylovining so‘nggi kunida butun matbuot nigohi AQShga qaratilgan edi. Eng so‘nggi saylov uchastkasi Alyaskada joylashgan bo‘lib, London vaqti bilan 9 soat farq qilar edi. Shunda ko‘pgina ingliz gazetalari saylov natijalarini e'lon qilishni ertangi songa qoldirishdi. Birgina «The Independent» gazetasi saylov natijasiga ko‘ra, Barak Obama g‘alaba qozonganini e'lon qilishga ulgurdi.

Ertasi kuni soat 8 lar chamasida kioskalarda The Independent gazetasi tugadi, soat 10 larda mazkur gazetaning narxi 80 funtga, bir haftadan keyin esa 200 funt­ga chiqdi. Har kuni axlatga tashlanadigan minglab The Independent gazetasi Barak Obamaning g‘alabasi tufayli qadr topdi. Keyinchalik The Independent gazetasini rossiyalik milliarder Aleksandr Lebedev sotib oldi, ammo gazetaning mazmun-mohiyatida hech qanday o‘zgarish ro‘y bermadi. Hayotining ko‘p qismini elchixonada gazeta o‘qish bilan o‘tkazganini ta'kidlagan rossiyalik milliarder o‘tgan yili Evening Standart gazetasini sotib olgan edi. Uning aytishicha, erkin matbuot jamiyat rivoji uchun muhim omil bo‘lishi bilan birga o‘zini o‘zi nazorat qilish imkoniga ham ega.

Har bir gazeta o‘z yo‘nalishi, muxlislarining qiziqishlariga ko‘ra, bir-biridan farq qiladi. Jumladan, Financial Times nashri e'tiborini dunyoda bo‘layotgan iqtisodiy jarayonlar va unga ta'sir etuvchi ijtimoiy-siyosiy voqealarni keng yoritish hamda tahlil qilishga qaratsa, The Guardian gazetasi dunyodagi ijtimoiy-siyosiy voqealarga o‘z pozitsiyasidan turib baho beradi, tahlil qiladi. Shu nuqtai nazardan Britaniya bu nashr bilan faxrlansa arziydi.

Angliya matbuoti qanchalik erkin bo‘lmasin, uning bosh ob'ekti Britaniya fuqarolaridir. Ular ham o‘z millati va qahramonlari bilan faxr­lanishni yaxshi ko‘rishadi. Ba'zida imperialistik qarashlarni ham his qilishingiz mumkin. Hatto Britaniya manfaatlariga zid ish qilgan davlatlarni ochiqchasiga qoralashdan ham tap tortishmaydi.

Britaniya matbuotida axloq masalalarining yoritilishiga havas qilib bo‘lmaydi. Deylik, The Sun gazetasining uchinchi sahifasida yarim yalang‘och qizlar suratining doimiy berib borilishini mutlaqo qabul qila olmadim. Yoki voyaga yetmaganlarni jinsiy zo‘rlash masalasi matbuotda ko‘tariladigan bo‘lsa, aniq faktlar bilan yozishning o‘zi katta axloqsizlik deb bilaman. Eng achinarlisi, britaniyaliklar jinsiy mavzularni yoritishda Sharq xalqlariga ham shunday yondashadi. Bu esa katta ixtiloflarni keltirib chiqarishi mumkin. Chunki Sharq­da oriyat masalasi har doim nozik sanaladi.

Britaniya matbuotining uzoq yillik rivojlanishi natijasi o‘laroq, u yerda chop etilayotgan nashrlarni quyidagicha tasniflash mumkin:

1. Yuqori sifatli hamda tahliliy nashrlar: Daily Telegraph ( adadi-817 000), Financial Times (adadi-401000), The Guardian (adadi-350 000), The Independent (adadi-200 000), Times (adadi- 586 000).

2. O'rta bozor uchun mo‘ljallangan nashrlar: Daily Express (adadi- 774 000), Daily Mail (adadi- 2 203 000).

3. Ommaviy bozor uchun mo‘ljallangan nashrlar: The Sun (adadi-3 029 000), Daily Mirror (adadi-1 541 000), Daily Star (adadi-750 000).

Yuqorida nomlari keltirilgan nashrlar nafaqat Britaniyada, balki butun dunyo­da sevib o‘qiladigan nashr­lardir. Bundan tashqari, 1994 yilda yuqori sifatli hamda tahliliy nashrlarning umumiy adadi 2 560 000 dan ortiq, o‘rta bozorga mo‘ljallangan nashrlarning umumiy adadi 3 709 000, ommaviy bozor uchun mo‘ljallangan nashrlarning umumiy adadi 7 316 000 dan ko‘proqni tashkil etgan bo‘lsa, 2005 yilga kelib yuqori sifatli hamda tahliliy nashrlarning umumiy adadi 2500 000 dan ortiq, o‘rta bozorga mo‘ljallanganlarning adadi 3 037 000, ommaviy bozordagi nashrlarning umumiy adadi 5 660 000 dan ortiq bo‘lgan. O'z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, 10 yil ichida Britaniya gazetalarining umumiy adadi ancha kamaygan. Mutaxassislar bu yo‘qotishni internetning keng ommalashayotgani bilan baholamoqdalar.

Bunyod Abdullayev

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.