OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ijodkorlarning metin irodasi

Asar yozish bu so‘zdan imorat qurishga o‘xshaydi. Har bir ijodkor o‘zining qalbidagi va miyasidagi g‘oyalarni,fikrlarni va dardlarini yaxlit syujetga birlashtirib, kompozitsiya asosida “badiiy imorat” barpo etadi. Har bir so‘z ustida erinmasdan ishlasa, asar yanada sifatli chiqishini buyuklar amalda isbotlashgan. Ammo, yozuvchilik odamdan eng avvalo sabr-toqat va matonat,metin iroda talab qiladi. O‘zining asariga vaqti va kuchini ayamagan ijodkor irodali ijodkordir. Bunday adiblar adabiyot tarixida ko‘p uchraydi. Masalan:

Nikolay Vasilevich Gogol (1809-1853)

 

Buyuk rus satirik adibining yozgan asarlari son jihatdan emas, balki sifat darajasiga qarab ahamiyatlidir. Har bir qo‘lyozmasi ustida oylab ter to‘kkan. Ba’zi qissalarini yillar davomida ishlaganini eshitganmiz. Ayniqsa pesalarini yozib tugatgandan so‘ng, o‘zining 3-4 ta do‘stini to‘plab har biriga qo‘lyozmaning dastlabki variantini o‘qitgan va qizg‘in muhokamaga qo‘ygan ekan. Bahs va munozaralar tugagandan keyin esa o‘tirib, qo‘liga qalam olgan va pesaning ikkinchi variantini yozishga kirishgan...

Lev Nikolaevich Tolstoy (1828-1910)

Graf Tolstoy esa o‘z nomiga mos keladigan yirik jildli asarlar yozgani barchaga ma’lum. “Urush va tinchlik” 4 jilddan iborat bo‘lib, 2000 dan ortiq sahifaga ega.  “Anna Karenina” ham tahminan 1050 varaqni tashkil qiladi. Ulardan tashqari Tolstoyning barcha asarlari umumiy 90 jildni qamrab olishi adibning kuchli irodasidan dalolat berib turibdi. Lev Nikolaevich  har bittasi 500 sahifali “Urush va tinchlik”ni bir necha bor qaytadan ko‘chirib chiqqani ham fikrimizga dalil bo‘la oladi.

Onore de Balzak (1799-1850)

Fransiyalik bu adib haqida esa har qancha gapirsak ham oz. “Insoniyat komediyasi” reja bo‘yicha 100 jildli romandan iborat bo‘lishi va u Frantsiyaning XIX asrdagi umumiy manzarasi bo‘lishi lozim edi. Adib o‘z chidam va irodasi bilan kuniga 18 soatlab, kuniga bir mahal ovqatlanib, qorong‘i xonada,sham yorug‘ida ijod etgani barchaga ma’lum. Balzak uyquni yengish uchun tinimsiz qahva ichavergan.  Garchi, Balzak rejasini to‘liq tugallamagan bo‘lsa ham, o‘z qalam kuchi bilan 88 ta romanni, qisqa 20 yil ichida (1830-1850) yozib bitirdi.

Jyul Vern (1828-1905)

Bu  ulug‘ fransuz qalamkashi ham matonat borasida barcha ijodkorlarga namuna bo‘la oladi. Vern 77 yil yashadi. Umrining so‘nggi yillarida qandli diabet bilan hastalanib qoldi. Hatto, uning ko‘zi ham ojizlashib qolgan edi. Lekin, hech qanday kasallik Jyul Vernga ijod qilish uchun to‘sqinlik qila olmadi. Adib o‘shanda o‘z o‘g‘liga aytib turib, asar yozdirgan va so‘nggi kitoblarini tugallagashga muvaffaq bo‘lgandi.

Gerbert Uells (1866-1946)

Ingliz fantasti -  bolalik paytida ham,balog‘atga yetganda ham oyog‘ini sindirib olgan va natijada Gerbert Uells bir umrga nogiron bo‘lib qolgan. Lekin, yozuvchilarga shunaqa temir iroda ato etilgan-ki, buyuk asarlar har qanday sharoitda ham  yaratilaveradi.

Ernest Xeminguey (1899-1961)

 

XX asrning eng mashhur adiblaridan biri bo‘lgan Xeminguey ham  yozmasdan turolmasdi. O‘tirib yozaverganidan oyoqlari uvushib qolgan. Ammo, shundayam  u  tik oyoqda turib qog‘oz qoralayvergan...Bunday tashqari yozuvchi  urushda yaralanib, bir necha bor turli  hastaliklar tufayli aziyat chekkan shaxs edi. Xeminguey vafot etganidagina yozishdan to‘xtagan.

Matonatli adib va shoirlar faqat G‘arbda uchramaydi. Bizning yurtda ham ijodkorlar adabiyotning og‘ir sinovlariga bardosh berib,qiyin davrlarda ham ajoyib asarlar yaratishganini ta’kidlash lozim.

Jadidlarning murakkab ijodiy faoliyati, Cho‘lpon va Usmon Nosirning shimoliy o‘lkalardagi she’rlar bitganlari, Abdulla Qahhorning misqollab so‘z tergani va mustahkam asarlar yaratgani, Oybekning tildan qolib, o‘ng qo‘li ishlamay qolganida, chap qo‘lda ham asarlar yozavergani, Odil Yoqubovning Sovet-Yapon urushidagi jang maydonlarida ham qog‘oz qoralagani, Ozod Sharafiddinovning mashaqqatli mehnatlarini aytish joiz... Umuman,qaysi davr bo‘lishidan qat’iy nazar adabiyotga vijdonan  va qalban yondashgan ijodkorlar G‘arbda ham, Sharqda ham ko‘p uchraydi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi  Abdulla Qahhor: “Agar yozuvchining ahloq kodeksi tuziladigan bo‘lsa, halollik va shijoatni birinchi moddaga qo‘yardim, chunki, yozuvchining boshqa hamma xislatlari uning qay darajada halol, naqadar shijoatli zehniga bog‘liqdir ” deganida ham aynan shijoat va matonatni nazarda tutgan edi . Zero, adabiyot  ijodkorlarning shunday yuksak hislatlari bilan tirikdir.

Temur Tangriberganov

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.