OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qatiq zardobining shifosi

http://ziyouz.uz/images/zardob.jpg

Ko‘pchilik qatiq zardobi eng shifobaxsh ne’matlardan ekanini yaxshi bilmaydi. Vaholanki, uning organizm uchun foydasi suzma (tvorog), pishloq, qatiq va yogurtnikidan kam emas. Qatiq zardobi A, Ye, S darmondorilari, V guruhidagi vitaminlar, shuningdek, eng kamyob bo‘lgan V4 va V7 darmondorilariga juda boy. Zardob tarkibidagi xolin moddasi miya qobiliyatini oshirib, xotirani kuchaytiradi. Bir litr zardob katta yoshdagi odamning kaltsiyga bo‘lgan bir kunlik ehtiyojini, kaliyga ehtiyojning esa 40 foizini ta’minlaydi, Zardob fosfor va magniy kabi noyob mineral tuzlarga ham boy. Mazkur suyuqlik tarkibida 200 nomdagi biologik faol moddalar mavjud bo‘lib, ular organizmdagi barcha a’zolar faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Zardob iste’moli taom hazmi yo‘llariga yaxshi ta’sir etib, me’dani tozalaydi, florasini me’yorga soladi, zaharli moddalar, xiltlarni tashqariga haydaydi, jigar va buyrak faoliyatini yaxshilaydi. Buyrak usti bezlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Qatiq zardobi tarkibidagi qimmatli aminokislotalar organizmga juda zarur bo‘lib, oqsillar almashinuvi va qon hosil bo‘lishida faol ishtirok etadi. Zardob me’da-ichak yo‘li, oshqozon yarasi, ich qotish, pankreatit, enterokolit, disbakterioz, qorinning damlash xastaliklarida juda foydali. U aterosklerozning oldini oladi, qon bosimi, yurakning ishemik yetishmovchiligida, bosh miyada qon aylanishi buzilganda ham tavsiya etiladi. Zardob pardoz-andozda ishlatiladi, u bilan yuvilgan soch yaxshi o‘sadi, to‘kilmaydi. Yaralar bitishiga yordam beradi, oftobda kuygan terini sog‘aytiradi.

Qatiq zardobini uy sharoitida, suzma-tvorog tayyorlash jarayonida ham hosil qilish mumkin. Buning uchun 1 litr yangi sut qaynatilib, qo‘r solingandan so‘ng issiqroq joyga qo‘yiladi. Sut qaynagach, issiq joyda saqlanganda ham undan zardob va tvorog ajraladi. Biroq bu jarayonni tezlatish uchun qaynagan sutga bir qoshiq qaymoq yoki qatiq qo‘shasiz. Qatiq tayyor bo‘lgach, uni emalli idishga solib, past olovda sekin (qaynatmasdan) qizdirasiz. Qatiq 60-70 daraja qiziganda tvorog massasi zardobdan ajraladi. Hosil bo‘lgan mahsulotlarni doka yoki elakda suzib olsangiz foydalanish uchun ham suzma-tvorog, ham qatiq zardobi tayyor bo‘ladi. Zardobni shu zayl sovutib ichish, ayrim taomlarga solish, achitqi sifatida foydalanish ham mumkin. Meva-sabzavot sharbatlariga qo‘shib, bolalarga ham ichirish mumkin.

Immunitetni mustahkamlash uchun kuniga 1 stakan zardob ichish kifoya. Zardob organizmdan ortiqcha xolesterin va zaharli moddalarni chiqarishga yordam beradi. Gippokrat qatiq zardobi bilan teri kasalliklari, gepatit va silni davolagan. Zamonaviy olimlar undan yurak-qon tomir xastaliklarining oldini olishda a’lo darajadagi vosita sifatida foydalanmoqdalar. Siydik yo‘llarida tosh hosil bo‘lganda kun davomida 1 stakan zardob ichish tavsiya etiladi. Zardob bronxit bilan og‘riganda balg‘am ko‘chishini osonlashtiradi. Buning uchun kuniga 100 ml.dan 3-4 mahal qatiq zardobi ichish yoki 1 stakan tuyilgan buydoyiq (g‘allasimon o‘simlik)ni 2 stakan zardobda qaynatib, kuniga taomdan avval yarim stakandan ichish kerak.

Bosh og‘rig‘ining oldini olish uchun kuniga 1 stakan zardob ichgan ma’qul. Qorin dam bo‘lsa, 100 ml. sabzining yangi sharbatiga teng miqdorda zardob qo‘shib, ertalab och qoringa ichiladi. Me’dani tozalash uchun 1 stakan zardobga 2 choy qoshiq osh tuzini aralashtirib, ertalab och qoringa ichiladi.

Mobil telefonlar saraton o‘smasiga sabab bo‘ladimi? Isroildagi Tel-Aviv universiteti olimlari mobil telefonlardan tez-tez foydalanish qalqonsimon bez saratoniga sabab bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelishdi. Mazkur ­muammoni tadqiq etishga so‘nggi yillarda olingan noxush statistik ma’lumotlar — Yevropa va Isroilda qalqonsimon bez saratoniga uchraganlar soni oshgani sabab bo‘lgan. Masalan, 1990 yilda har yuz ming nafar yahudiy millatiga munsub kishidan 4,2 nafari shu xastalik bilan og‘rigan bo‘lsa, 2007 yilga kelib, bu raqam 4,7 kishiga yetgan. Ayollar o‘rtasida esa xastalik 9,7 dan 16,3 nafarga ko‘paygan. Olimlar qalqonsimon bez hujayralariga elektromagnit to‘lqinlari ta’sirini aniqlash uchun maxsus eksperiment o‘tkazishdi. Sog‘lom odamlarning shunday hujayralari ajratib ­olinib, ularga mobil telefonidagi kabi elektromagnit to‘lqinlari bilan ta’sir o‘tkazildi. Taxmin qilinganidek, nazoratdagi, ya’ni elektromagnit to‘lqini bilan ta’sir ko‘rsatilmagan hujayralarga nisbatan ta’sir ko‘rsatilgan namunadagi hujayralar tezda farqlandi.

Radiatsion biologiya va ionlashmagan nurlanishga doir gigiena laboratoriyasi xodimlarining izoh berishlaricha, 2011 yilning may oyida Saraton xastaligi bo‘yicha ­xalqaro agentlik qo‘l telefonlarining elektromagnit to‘lqinlarini 2V toifali kantserogen xavflilik darajasi bilan belgilagan. Aynan ana shu kantserogenlar saraton xastaligi kelib chiqishiga sabab bo‘larkan.

Buyraklar uchun shifoli yetti ne’mat. Olimlar buyrak xastaliklarining oldini oladigan yetti xil taomni aniqlashdi. Agar bu taomlar doimo dasturxonda bo‘lsa, buyrak xastaliklari rivojlanishi nisbatan kamayib, bu a’zolar sog‘lom va muttasil ishlashi mumkin ekan.

Bunda a’zoi badanimizni buyraklar uchun nihoyatda ­zarur bo‘lgan A darmondorisi bilan to‘yintiruvchi ko‘katlar eng birinchi o‘rinda turadi. Tarkibida efir moylari ko‘p ­shivit esa buyrakdagi toshlarni eritib yuboradi.

Buyraklar sihatligi uchun noyob ne’mat hisoblanuvchi olma va olma po‘sti ikkinchi o‘rinda. Ular siydik haydash xususiyatiga ega.

Uchinchi o‘rinda buyraklar sihatligi uchun baliq zarur ­mahsulotdir. Kuchli siydik haydovchi ne’mat — tarvuzda ham hikmat ko‘p. Oshqovoq esa bu jihatdan beshinchi ne’mat bo‘lib, uning tarkibida suv va kaliy tuzlari serob. S darmondorisiga boy bo‘lgan na’matak oltinchi o‘rinda turadi.

Ayni chog‘da, buyraklarning me’yorida ishlashi uchun ­tegirmonda yirikroq tortilgan qora bug‘doy (javdar) unidan pishirilgan non mahsulotlari ham zarurki, u taomlarning hazm bo‘lishi va modda almashinuvini tezlashtiruvchi kletchatkaga juda boydir.

Demak, buyraklar sog‘lom bo‘lishi uchun: ko‘katlar (ko‘proq shivit), olma va olma po‘sti, baliq, tarvuz, oshqovoq, na’matak va javdar nonini taomlar ro‘yxatidan kanda qilmaslik kerak.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 13-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.