OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qizil sayyora jumboqlari

http://ziyouz.uz/images/mars.jpg

Yevropa kosmik agentligi Marsning Prometey deb atalayotgan hududidan Mars Express apparati orqali tushirilgan suratlarni e’lon qildi. Suratlarda qachonlardir to‘lib oqqan daryoning qurigan o‘zani yaqqol aks etib turibdi. Saqlanib qolgan o‘zanning eni 7 kilometr, chuqurligi 300 metr va uzunligi 1500 kilometrni tashkil etadi. Daryo o‘rnida oqim izi va cho‘kindi qatlamlar ham mavjud.

Xo‘sh, bu daryo qachon va qancha muddat oqqan? Hozircha bu savollarga aniq javob yo‘q. Ikki milliard yil muqaddam Marsda issiq harorat, nam iqlim va zich atmosfera bo‘lgan. O‘shanda tog‘lardan tekislik tomon obihayot oqqan bo‘lishi mumkin. Biroq Reull Vallis deb atalayotgan bu o‘zan umuman daryo o‘rni bo‘lmasligi ham ehtimoldan xoli emas. Ya’ni, sayyoradagi baland tog‘lar ustiga yirik meteorit urilib, muz qatlamlarini eritib yuborgach, qisqa muddatli kuchli oqim paydo bo‘lgan, Shunday uzun va chuqur o‘zan hosil qilgandir, ehtimol. Suv muz qatlamning tagidan oqqan bo‘lishi ham mumkin, deb taxmin qilinmoqda.

O‘rni kelganda aytish kerakki, bir necha yil avval Xyustonda (AQSh, Texas shtati) o‘tgan Oy tadqiqiga doir 39-konferentsiyada NASA olimlari Marsda juda katta suv zahiralari mavjudligi haqida shov-shuvli ma’lumotni e’lon qilishgandi. Mars Resonnaissanse Orbiter kosmik apparatiga o‘rnatilgan Sharad radari yordamida olingan ma’lumotlar Qizil sayyoraning o‘rta kengliklari yuzasi bir necha yuz metrli muz qatlami bilan qoplanganidan darak bergandi. Tabiiyki, suv bo‘lmagan joyda muz ham bo‘lmaydi.

— Tekshirilgan geologik qatlamlardagi suv miqdori 50 foizdan oshishiga shubha yo‘q, — deb ishontirgandi o‘shanda Sharad radari bo‘yicha bosh mutaxassis Jeff Plot.

— Mars yuzasining uchdan bir qismidan yarmigacha bo‘lgan hududlarda qumlar tagida muzga aylangan suv bo‘lishi mumkin, — deya uning fikrini quvvatlaydi Arizona universiteti tadqiqotchisi Joshua Bandfild. — Bu qatlam bir santimetrdan bir necha metrgacha.

Olimning fikricha, yoz, kuz, qish va bahorda bu zonalar issiq nurlarni turlicha akslantirar ekan. Shunga ko‘ra, muz qatlami qaerda yaqin, qaerda uzoq joylashganini ko‘rsa bo‘ladi. Amerikalik olimlarning mazkur ma’lumotlarini Yevropaning Mars Express avtomatik stantsiyasi radarlari yordamida olingan ma’lumotlar tasdiqlamoqda. Marsning o‘z Antarktidasi bor — Janubiy Qutbdagi muz qatlami deyarli 4 kilometrga yetadi. Uning 90 foizi muzlagan suvdan iborat ekan. J. Plotning fikricha, sayyoraning Shimoliy qutbida ham bundan kam bo‘lmagan miqdorda suv zahiralari bor. Agar u erisa, sayyora yuzasini bir necha o‘nlab metr qalinlikda suv qoplaydi.

NASA tadqiqotchilari Marsdagi yirik suv havzasini Quyosh sistemasidagi eng katta ko‘l, deb ta’riflashmoqda. Ularning tasdiqlashicha, Marsdagi eng yirik krater dastlab o‘n million kub kilometrlab suv bilan to‘la bo‘lgan. Bu gigant ko‘l Qizil sayyoraning Janubiy yarim sharidagi Ellada tekisligida joylashgan. NASA huzuridagi sayyorashunoslik instituti mutaxassislari shunday xulosaga kelishdi. Doktor L. Blimaster hamkasblari bilan mazkur tekislikdagi qatlamli cho‘kmalarni tahlil etib, ular ko‘lni qurshagan tog‘lar va qoyalarning asta-sekinlik bilan nurashi tufayli hosil bo‘lgan, degan fikrga kelishdi. Qolaversa, Mars orbitasidan olingan suratlarda sayyora yuzasining ayrim joylari balchiq bilan qoplangandek ko‘rinadi.

Ellada tekisligi ulkan meteoritning sayyoraga zarb bilan urilishidan hosil bo‘lgan. Ehtimol, bu meteorit emas, kometa bo‘lishi ham mumkin ekan. Paydo bo‘lgan krater Quyosh sistemasidagi mavjud kraterlarning eng yirigi. Uning diametri — 2 ming kilometr, chuqurligi — 8 kilometrga yaqin. Agar olimlarning taxminlariga ishonadigan bo‘lsak, ana shu ulkan rezervuar suv bilan to‘la bo‘lgan, ya’ni krater o‘z bag‘riga bir necha million kub kilometr suvni sig‘dirgan.

Xo‘sh, Marsning issiq va nam iqlimi hozirgi quruq va sovuq iqlim bilan almashgunga qadar sayyora yuzasi qanday bo‘lgan? NASA ma’lumotlaridan foydalangan britaniyalik programma tuzuvchi Kevin Gill o‘sha olis davrni ko‘z oldiga keltirib, sayyora tasvirini yaratdi. Sayyora yuzasidan olingan suratlar va joy relefiga doir ma’lumotlardan foydalanib, modellashtirish asosida kompyuter yordamida yaratilgan manzaradan Marsda qulay iqlim sharoitlari mavjud bo‘lgan zamonlar nafasi ufurib turganday. Unda tog‘ va sahrolarga tutash, olmalar gullagan yam-yashil tekisliklar, daryolar, ko‘llar va qizil qumli ajoyib plyajlarga ega ummonlar aks etgan. Eng so‘nggi ma’lumotlardan ayon bo‘lishicha, Marsda obihayot yetarli darajada bo‘lgan va sayyora manzarasi ham Yernikiga juda o‘xshab ketgan. Hozir esa... uning qiyofasi butunlay boshqacha. Dengizlar ham, mars­liklar ham uni tark etishgan.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 5-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.