OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Suv — bebaho ne’matning beqiyos imkoniyatlari

Ona zaminimizdagi elektr va issiqlik energiyasi hosil qilishda asqatadigan neft, gaz, ko‘mir kabi tabiiy boyliklar cheksiz emas, ular ertami-kechmi, baribir, tugaydi. Ayniqsa, odamzodning ularga nisbatan “ishtahasi” tobora “karnay” bo‘lib borayotgani bu jarayonni yanada tezlashtirmoqda. Shu bois energiyaning muqobil manbalaridan imkon qadar ko‘proq foydalanish hozirgi davrning eng dolzarb vazifalaridan sanaladi. Mazku muammoni ijobiy hal etishda esa Yerdagi tiriklik asosi sanalmish suv ham juda qo‘l keladi. Chunki u qachonlardir ro‘y berishi muqarrar bo‘lgan murakkab vaziyatdan qutulish imkonini beruvchi omillar sirasiga kiradi. Eng muhimi, obi hayotning afzalliklari quyosh, shamol va havo singari qayta tiklanadigan energiya manbalarinikidan aslo qolishmaydi.

Aslini olganda, suv energiyasi inson o‘z maqsadlari yo‘lida o‘zlashtirgan eng dastlabki beminnat quvvatlardan biri hisoblanadi. Masalan, ibtidoiy ko‘rinishdagi eski tegirmonlarni eslaylik. Ularning ishlash tartibi o‘ta oddiy, ayni chog‘da, juda g‘aroyibdir: g‘ildiraklar oqim ta’sirida harakatlanishi asnosi oqarsuvning kinetik energiyasi mexanik energiyaga aylanadi. Mohiyatan qaraganda, hozirgi barcha gidroelektrostantsiyalar ham aynan shunday tartibda ishlaydi. Faqat bitta muhim farqi – bu jarayonda mexanik energiyadan elektr energiya olinadi.

Suv energiyasining boshqa energiyaga aylanishini, ko‘rinishiga qarab, taxminan uch turga bo‘lish mumkin.

Birinchisi – okean suvlarining ko‘tarilish-pasayish energiyasi. Nafsilambrini aytganda, bu juda qiziqarli jarayon. Shu bois uni fan va texnika rivojlanmagan zamonlarda tushunish qiyin bo‘lib kelgan. Endilikda esa hammasi kunday ravshan: Quyosh va Oy kabi yirik hamda Yerga yaqin fazoviy jismlar o‘z gravitatsiyasi, ya’ni tortishish kuchi ta’sirida okeanlarda ulkan o‘rkachlar hosil qilib, suvning notekis taqsimlanishiga sababchi bo‘ladi. Ayni holatda Yerning o‘z o‘qi va Quyosh atrofida aylanishi tufayli suv harakatga keladi va to‘lqinlarga aylanib, qirg‘oqlar sari surila boshlaydi. Lekin xuddi shu damlarda okeanning Oyga nisbatan o‘rni tortishish ta’sirini kamaytirgan holda o‘zgaradi.

Eng muhimi, sayyoramiz yuzasining 70 foizi okeanlar bilan qoplangan. Ularda to‘lqinlar doimiy ravishda mavj uradi, suv ko‘tarilib pasayadi yoki turli oqimlar ro‘y beradi. Ana shu jarayonda juda quvvat yuzaga keladi. Agar undan foydalana olsak, atigi ikki foizi jumlai jahonni elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun kifoya qiladi. Shu bois oxirgi paytlarda okean to‘lqinlari kuchidan ayni maqsadda foydalanish bo‘yicha dunyo miqyosida keng ko‘lamli izlanishlar olib borilayapti. Masalan, Amerikadagi Ocean Power Technologies kompaniyasi bundan sal oldin qiymati 12 million dollarga teng loyiha asosida Gavayya orollariga okean to‘lqinlari vositasida elektr energiya ishlab chiqaradigan generatorlar o‘rnatishga kirishdi.

Darvoqe, ushbu imkoniyatdan foydalanish uchun qirg‘oqlar bo‘ylab dambalar va texnik qurilmalardan iborat maxsus havzalar quriladi. Ko‘tarilish chog‘ida ular suvga to‘ladi. Pasayish chog‘ida esa yana orqaga, ya’ni ummon sari harakatlanayotgan suv o‘z oqim kuchi bilan turbinalarni aylantiradi. Bu elektr energiyasi hosil qilishda qo‘l keladi. Muhimi, suvning ko‘tarilish balandligi imkon qadar yuqori bo‘lishi kerak. Aks holda, ezgu umidda barpo etilgan elektr stantsiyasi o‘zini oqlamaydi. Shu bois bunday inshootlarni suv o‘zining doimiy sathiga nisbatan eng kamida o‘n metrcha balandlikka ko‘tariladigan tor o‘zanlarda barpo etish maqsadga muvofiqdir. Faqat bitta tashvishlanarli jihati – dambalar okeandan ko‘tarilgan suvning chor tarafga yoyilishiga sababchi bo‘ladi. Oqibatda qirg‘oq bo‘yidagi quruqliklarni sho‘r suv bosib, o‘sha hududning biologik tizimini o‘zgartirib yuboradi.

Ikkinchisi – dengiz to‘lqinlari energiyasi. Uning solishtirma quvvati nihoyatda katta bo‘lib, okean to‘lqinlarinikiga nisbatan besh-besh yarim baravar ortiqdir. Agar dengiz to‘lqinining balandligi ikki metr atrofida bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 80 kVt/m.ga ko‘tarilishi mumkin. Ammo uning hammasini to‘la-to‘kis ravishda elektr tokiga aylantirish mushkul, faqat 85 foizidan foydalanish mumkin. Ustiga-ustak, bu energiya asosida ishlaydigan qurilmalarni bunyod etish ancha murakkab ish. Shu bois hozircha dengiz to‘lqinlari quvvatidan foydalanish unchalik keng yoyilmay, tajriba tadqiqotlari darajasida qolib kelmoqda.

Uchinchisi – yomg‘ir suvlari vositasida ishlaydigan gidroelektrstantsiyalar. Energiyaning bu turi uchta muhim unsur – suv, havo va quyoshning o‘zaro hamkorlikdagi “faoliyati” tufayli insoniyat koriga yaraydi. Binobarin, ko‘llar, dengizlar va okeanlar suvining muayyan qismi oftob nurida bug‘lanib, havoga ko‘tariladi. Shamol esa ularni bulut sifatida jamlanadigan balandlikka olib chiqadi. Keyin gazsimon suv yomg‘irga aylanib, yana yerga qaytib tusha boshlaydi. Uning yo‘liga beminnat manbani bir joyga to‘plab, elektr tokiga aylantiruvchi inshootlar tiklanadi. Ular ishlab chiqaradigan energiya miqdori ko‘p jihatdan yomg‘ir suvlarining nechog‘li balanddan tushishiga bog‘liq bo‘ladi. Shu bois GESlar oqim kattaligini ham boshqarish imkonini beruvchi dambalar bilan o‘raladi. Albatta, bunday ulkan inshootni qurish uchun juda katta mablag‘ kerak bo‘ladi, ammo GES, ishlatiladigan resurslarining bitmas-tuganmasligi va undan bemalol foydalanish mumkinligi sharofati o‘laroq, o‘ziga sarflangan xarajatlarni to‘la-to‘kis qoplaydi.

Tabiiy, “Har to‘kisda – bir ayb!” deganlaridek, suv energiyasining yuqorida bayon etilgan turlarining ijobiy jihatlari bilan bir qatorda, salbiy tomonlari ham bor. Misol uchun, suvning ko‘tarilishidan paydo bo‘ladigan energiyadan foydalanish uchun GES qurish tufayli katta maydonlar suv ostida qoladi. Oqibatda mahalliy nabotot va hayvonot olami jiddiy zarar ko‘radi. Biroq, bunday talafotlarga sababchi bo‘lishidan qat’i nazar, o‘sha inshootlar ekologik jihatdan ancha afzal ekanligini unutmaslik lozim. Harqalay, ular atmosferani ifloslantirmaydi, faqat muayyan joygagina ma’lum darajada ziyon-zahmat yetkazadi.

Shu bois hozir ushbu stantsiyalarning zararini imkon qadar kamaytirish choralari ko‘rilayapti. Ulardan foydalanishning yangi-yangi usullari yaratilib, turbinalar tuzilishi izchil ravishda takomillashtirilayapti. Taklif etilgan usullardan biriga ko‘ra, turbinalardan o‘tgan suv boshqa yoqqa oqib ketmaydi, balki stantsiya poyidagi yirik havzaga borib quyiladi. Zarur hollarda u atom yoki issiqlik energiyasi yordamida yana yuqoriga haydaladi va takroran elektr toki hosil qilish maqsadida ishlatiladi. Bu usul ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan ancha samaralidir.

Yana bir ajabtovur g‘oyaning mualliflari Frantsiyadagi atom energetikasi bo‘yicha komissiya ekspertlari bo‘lishdi. Ular yomg‘ir zarbidan unumli foydalanish taklifini olg‘a surdilar. Mazkur g‘oyaga ko‘ra, pezokeramik elementga kelib urilgan yomg‘ir tomchilari ularga fizik ta’sir ko‘rsatadi va potentsial elektr quvvat vujudga kelishi uchun zamin yaratadi. Aniqrog‘i, bu elektr zaryad, xuddi elektr signal mikrofonda tebranishga aylanganidek, shaklini o‘zgartirib, tok olish imkonini beradi. Shu tariqa inson manfaatiga xizmat qila boshlaydi.

Darhaqiqat, suyuqlik, bug‘, gaz va muz kabi turli shakllarga kira oladigan suv elektr energiyasi hosil qilishda har tomonlama katta ahamiyatga egadir. Shuning uchun ham bugungi kunda gidroenergetika juda yaxshi rivojlangan va dunyo miqyosida ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 25 foizi uning hissasiga to‘g‘ri keladi.

Beqiyos imkoniyatlariga qarab, baralla aytish mumkinki, energetika sohasida suvdan foydalanish g‘oyat istiqbolli yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Abdunabi Haydarov

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.