OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Umrzoqlik sirlari

Bugun Yaponiyada o‘rtacha umr ko‘rish darajasi dunyo bo‘yicha eng yuqori sanalib, 81,25 ni tashkil etadi. Frantsuzlar esa o‘rtacha 77,7 yil yashaydi va Yevropadagi eng uzoq umr ko‘ruvchi xalq hisoblanadi. Skandinaviyada bu ko‘rsatkich — 75-78, Italiyada — 77, Kubada esa 76 yoshni tashkil etadi. Ayni chog‘da, har bir xalqning sog‘lom va uzoq yashash bo‘yicha o‘zlariga xos sirlari ham ko‘p.

Shu narsa taajjubliki, 1941 yilga qadar Yaponiyada o‘rtacha umr qirq yoshdan oshmagan. Biroq ikkinchi jahon urushidan so‘ng ahvol o‘zgargan. Bu mamlakatda dengizbo‘yi iqlimi uzoq yashashning muhim jihatlaridan biri hisoblandi. Negaki, dengiz havosi organizmga ta’sir ko‘rsatadigan zararli moddalarni tozalab, qulay sharoit yaratadi. Taomlarda soya miqdori ko‘pligi esa yurak xastaliklarining oldini olib, suyaklarni mustahkamlaydi. Ko‘k choy modda almashinuvini yaxshilaydi. Dengiz mahsulotlari (baliq va boshqa jonivorlar, turli suv o‘tlari) tarkibida yod va ftorning ko‘pligi ham salomatlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat aholisining atigi uch foizigina ortiqcha vaznga ega.

Sog‘lom va uzoq yashash uchun yaponlardan ko‘k choy ichishni, soya va pishgan baliqni ko‘p iste’mol qilishni o‘rgansa bo‘lar ekan. Frantsuzlar esa taomlarni juda kam iste’mol qilishadi. Hatto restoranlarda kosaga solib beriladigan bir kishilik ovqat miqdori ham boshqa mamlakatlardagiga qaraganda ancha kam. Buning ustiga taomni mayda chaynab, sekin iste’mol qilish urf bo‘lgan. Ayni chog‘da, ular pishloq, qaymoq, go‘sht, yog‘, turli pashtet va vinoni xush ko‘rishadi, shoshilib ovqatlanishga esa madaniyatsizlik belgisi deb qarashadi. Shoshilmay ovqatlanish tufayli bir oyda 4-5 kilogramm ortiqcha vazndan xalos bo‘lish va organizmni oz miqdordagi taomlarga qanoat qilishga o‘rgatish mumkin ekan.

Skandinaviyada qish qattiq keladi, yoz esa qisqa. Iqlim ancha noqulay hisoblanadi. Biroq mamlakat aholisi yog‘li baliq go‘shtini ko‘p iste’mol qiladi. Baliq yog‘i yurak, qon tomirlar, bo‘g‘imlarni himoya qilib, altsgeymer xastaligining rivojlanish jarayonini susaytiradi. 1970-yillarning boshiga qadar bu mamlakat aholisi yurak xastaligi bilan bog‘liq o‘lim holatlari bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinda turardi. Toza havoda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish targ‘iboti keng yo‘lga qo‘yilgach, ahvol o‘zgardi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat aholisining yetmish foizi sport bilan faol shug‘ullanadi. Ulardan ko‘p baliq iste’mol qilish va sport bilan yopiq zallarda emas, ochiq havoda shug‘ullanishni o‘rgansa arziydi.

Italyanlar esa Yevropadagi eng ko‘p chekuvchilardir. Shunga qaramay, Apennin yarim orolida yashovchi bu xalq orasida yurak-qon tomir va saraton xastaliklari kam uchraydi. Uzoq umr ko‘rish sirlarini italyanlar mo‘‘tadil dengiz iqlimi, achchiq qizil qalampirni ko‘p iste’mol qilish hamda oilaviy-qarindoshlik munosabatlari mustahkamligi bilan izohlaydilar. Ulardan kengfe’llikni, yayrab yashash, ishga mukkasidan ketmaslikni o‘rganish mumkin.

Kubada asosiy oziq-ovqat turlari talon orqali sotiladi, odamlar eng o‘tkir sigaralarni ko‘p chekishadi, kofeni litrlab ichadi. Shunga qaramay, aholining o‘rtacha umr ko‘rishi yuqori. Mamlakat sog‘likni saqlash tizimi samarali ishlaydi. Kubaliklar nihoyatda optimist odamlar. Ulardan depressiyalarga berilmaslik va omadsizlikdan aziyat chekmaslikni o‘rganish kerak.

* * *

Boris Bolotov yoshi saksondan oshganiga qaramay, sog‘ligidan shikoyat qilmaydi, xotirasi mustahkam, o‘zi bardam va tetik. Shu sababli o‘zini o‘smirlarday yengil his qiladi. Uning uzoq vaqt sog‘lom, bardam va baquvvat yashashining o‘ziga xos sirlari ko‘p. U uyida tarkibi to‘rt xil kuchsiz kislotadan iborat vino tayyorlaydi. Turli kvaslar tayyorlash ham uning “xobbisi”. Uning fikricha, bu ichimliklar organizmdagi viruslar, zamburug‘lar va bakteriyalarni o‘ldiradi. “A’zoi badanimdagi suyaklar xuddi yosh bolalarnikidek egiluvchan. Nahang, osetra, kambala baliqlari, kalmarlar, agar birorta yirtqich hamlasiga duch kelmasa, juda uzoq yashaydi. Angliyada vazni o‘n uch kilogrammlik kambala tutilganda uning 850 yil yashagani aniqlangan”, deydi u.

B. Bolotovning fikriga ko‘ra, odam tanasidagi limfalar hamisha tuzga to‘yingan bo‘lishi kerak. Shunda bironta kasallik yo‘lamaydi, limfalardagi tuzning kamayishi immunitetning susayishiga olib keladi. Biroq e’tibor beradigan jihat shundaki, o‘sha tuzlar tarkibi kaltsiysiz bo‘lishi kerak. Shifokorlar ko‘pincha suyaklarni mustahkamlash uchun kaltsiy qabul qilishni maslahat berishadi. To‘g‘ri, kaltsiy suyakni mustahkamlaydi. Biroq ayni shu jarayonda tog‘aylar va qon hosil bo‘luvchi iliklar ziyon ko‘radi. Shuni yoddan chiqarmangki, kaltsiy miqdori osh tuzida 17 foiz, oddiy suvda 15 foiz, ko‘pgina dori-darmonlar tarkibida esa 40 foizni tashkil etadi. Kaltsiyni me’yordan ortiq qabul qilish tufayli biz o‘z tog‘aylarimizni shikastlab, qarilikni yaqinlashtiramiz.

B. Bolotov ko‘p yillar shifoxonalarda bo‘lib, vafot etgan kishilarning kasallik tarixini o‘rgangan va turli xastalikdan ko‘z yumganlarning aksariyati qonining quyuqlashishidan qazo qilganiga e’tibor qaratgan. Shunda odamlar xastalikdan emas, ko‘pincha qonining quyuqlashishidan o‘ladi, degan xulosaga kelgan. Uning o‘zi esa organizmidagi kaltsiyni muttasil ravishda turli kvaslar, vinolar bilan yuvib turadi. Shu sababli tog‘aylari mayin va egiluvchan. U a’zoi badanidagi kaltsiysiz tuz me’yorini saqlash evaziga turli shishlar va qonning quyuqlashishi oldini olishga harakat qiladi. Negaki, qonning quyuqlashishi ishqoriy muhitdagina ro‘y beradi. Organizm har kuni 500 gramm miqdorida ishqoriy muhitli o‘lgan to‘qimalarni ishlab chiqaradi. Radiatsiya, nitratlar, zaharli moddalar ta’sirida zararlangan to‘qimalar ham ana shunday ortiqcha chiqit bo‘lib, ulardan qutulish uchun organizmga har kuni 8-9 litr me’da shirasi (kuchsiz kislotalar) zarur bo‘ladi. Ekologiyadagi o‘zgarishlar tufayli organizm bundan kamroq miqdorda me’da shirasi ishlab chiqaradi. Me’da shirasi yetishmasligi tufayli organizmdan chiqib keta olmagan ortiqcha chiqitlar shishlarni hosil qiladi.

Buning ustiga biz ko‘katlar va dori-darmonlar bilan organizmimizni yanada ishqorlaymiz. Odam ichagining uzunligi echkinikidek 35 metr emas, atigi besh metr xolos. Shu sababli o‘tlar ichaklarda achib ulgurmaydi. Bunda achitilgan karam, sabzi va lavlagi iste’mol qilish organizmga yordam beradi.

Qadimgi misrlik kohinlar va shifokorlar fir’avnlarni tuz singdirilgan papirus matosiga o‘rab qo‘yish, tuzlamalar va maxsus taomlardan iste’mol qildirish yo‘li bilan yashartirishga muvaffaq bo‘lishgan. Buning ustiga misrliklar zamonaviy tibbiyotdan farqli o‘laroq, xastalikning asoratini emas, uning sabablarini davolashda mohir bo‘lishgan.

“AiF“ning 2010 yil 47-sonidan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.