OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Ulug‘ov: “O‘zbek xalqi singari buyuk tarixga ega xalq dunyoda kam” (2013)

http://ziyouz.uz/images/abdulla_ulugov.jpgBarcha sohalarda bo‘lganidek, mustaqillik yillarida matbuot va ommaviy axborot vositalari ham jadal taraqqiy etib, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijtimoiy-ma’naviy hayotimizda erishilayotgan yutuqlarning o‘ziga xos ko‘zgusiga aylandi. Taniqli adabiyotshunos olim va publitsist Abdulla Ulug‘ov bilan suhbatimiz jurnalistikaning bugungi globallashuv zamonidagi o‘rni, yutuq va muammolari xususida.

Kuni kecha Yurtboshimiz soha xodimlariga Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida yangi hayot qurish, yangi marralarni egallash yo‘lidagi sa’y-harakatlarimiz, shuningdek, aholining tezkor va haqqoniy axborot olishga bo‘lgan ehtiyojini yuksak darajada ta’minlab borishda soha xodimlari oldida turgan vazifalarga to‘xtalib, alohida ta’kidlaganlaridek: “Ma’naviy hayotimizni, bu yo‘nalishda olib borayotgan siyosatimizni, bugun shiddat bilan o‘zgarib borayotgan zamon bilan uyg‘un va hamohang rivojlantirish maqsadida bizning o‘zligimiz, hayot va tafakkur tarzimizning ifodasi bo‘lgan milliy qadriyatlarni ko‘z qorachig‘idek asrab, shu bilan birga jahon miqyosida erishilgan, e’tirof etilgan umumbashariy yutuqlarga tayanib, ularni o‘zlashtirib ish olib borishimiz zarur. Va aynan ana shunday mezonlar matbuot va ommaviy axborot vositalari faoliyatining asosiy tamoyillarini tashkil qilishi kerak”, deya ta’kidladi. Demak, O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarining jahon axborot maydonida o‘zini namoyon eta olishi bizning ana shu tamoyillarni nechog‘li teran idrok eta olishimizga bog‘liq.

— Darhaqiqat, ommaviy axborot vositalarining bugungi kunda “to‘rtinchi hokimiyat” sifatidagi o‘rni va ta’siri ortib bormoqda. Shu bois, mamlakatimizda hozirgi kun talablariga javob bera oladigan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanmoqda, bir nechta tilni puxta egallagan jurnalistlarning yangi avlodi shakllanib kelmoqda. Zero, ommaviy axborot vositalari yuksak g‘oyaviy minbar, jamiyat ko‘zgusi. U odamlarni yangicha fikrlashda, buyuk tarixga ega ekanligimizni anglatishda, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda hal qiluvchi kuch ekanini esdan chiqarmasligimiz lozim. Qolaversa, milliy matbuotimiz odamlarda o‘z-o‘zini anglab yetish, milliy qadriyatlarni qadrlash, urf-odatlarimizga sodiq qolish kabi ma’naviy-ma’rifiy mezonlarni shakllantirishga xizmat qiladi. Ya’ni fuqarolarimizda ijodkorlik va bunyodkorlik imkoniyatlarini kengaytiradi.

— Sobiq tuzum davrida jurnalist o‘z dilidagi gaplarni emas, undan talab etilayotgan narsalarni yozishga majbur edi. Istiqlol sharofati bilan jurnalistlarimiz qo‘lini bog‘laydigan mafkuraviy tushovlardan ozod bo‘ldi. Ayni chog‘da, jamiyatda jurnalist­ning mavqei ham oshdi. Qanchadan-qancha tanlovlar, unvonu mukofotlar jurnalist mahoratini baholovchi mezon bo‘lib xizmat qilmoqda. Siz jurnalistning ayni shu jarayondagi o‘rnini qanday izohlaysiz?

Har qanday kasb egasi fidoyiligi tufayli obro‘-e’tiborga, mavqe­ga erishishi mumkin. Jurnalist ham faqat mehnati va jonkuyarligi bilan jamiyatda izzat topadi. Agar u halol, fidoyi bo‘lmasa, aytayotgan so‘zi salmoq kasb etmaydi, boshqalarga ta’sirli bo‘lmaydi. Millat va el-yurt manfaati yo‘lida yonib qalam tebratayotgan jurnalistning mehnati, albatta, qadr topadi. “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvonining ta’sis etilgani, matbuotimizda samarali mehnat qilgan jurnalistlar hukumat orden va medallari bilan taqdirlanayotgani, qalam ahlini rag‘batlantirish maqsadida turli tanlovlar o‘tkazilayotgani bugun soha vakillarining ijodiy izlanishlari uchun keng yo‘l ochilganidan dalolatdir. Mavjud imkoniyatlardan foydalanish esa har bir muxbirning sa’y-harakati, izlanishiga bog‘liq, albatta. O‘tmish hodisalari va bugungi o‘zgarishlar qiyoslangan, tahlil qilingan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslanib xulosalar chiqarilgan, material — maqola deymizmi, ocherk deymizmi, reportajmi, albatta, ko‘pchilik e’tiborini tortishi shubhasiz.

— Jamiyatda kechayotgan jarayonlarga matbuotdan ko‘ra tezroq ta’sir ko‘rsatadigan qudratli vosita yo‘q. Shu ma’noda, publitsistika — jamiyat qalbining aks-sadosi, odamlar ko‘nglining ifodachisi, degan nuqtai nazarni siz qanday tushunasiz?

— Hayotimizning har kuni yangiliklarga boy. Aynan ana shu yangilanishlar, o‘zgarishlar jurnalistlar tomonidan hozirjavoblik bilan, ishonarli tarzda aks ettirilsa, odamlarning hayotdagi o‘zgarishlar mohiyatini anglab yetishiga muayyan darajada ko‘maklashadi. Publitsistikaning maydoni avval gazeta va jurnallar sahifasi edi. Fan-texnika taraqqiyoti tufayli uning maydoni kengaydi. Teleko‘rsatuvlar, radio eshittirishlar, internet katta auditoriyani qamrab oldi. Ammo gazeta-jurnallardagi ocherk, fel’eton, esse, publitsistik maqola, agar haqiqatdan ham, mazmundor, tahlilga boy bo‘lsa, tarix sahifalarida qoladi. Chunki publitsistikaning bunday namunalarida o‘sha zamonning nafasi, jamiyatdagi o‘zgarishlar “ob-havo”si aks etadi. Masalan, Nazir Safarov, Yo‘ldosh Shamsharov, Sunnatulla Anorboyev kabi adiblarimizning o‘tgan asrning 60 — 80-yillarda matbuotda chop qilingan maqola, ocherk, esselarida o‘sha davr nafasi, garchi o‘z davrining mezonlari doirasida bo‘lsa-da, aks etgandi. Istiqlol davri publitsistikasida hayotimizdagi ijtimoiy-siyosiy islohotlar, ma’naviyatimizda yuz bergan tozarish, ulkan bunyodkorlik ishlari keng va chuqur aks etayotir. Bugungi davr publitsistikasiga xos xususiyat — bu yaratuvchilik jarayoni odamlar qalbida qanday aks-sado berayotganini, ularni nimalarga da’vat etayotganini teran ilg‘ash va ko‘rsata bilmoqdan iborat.

— Publitsistika Chingiz Aytmatov, Abdulla Qahhor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Shukur Xolmirzayev kabi yozuvchilar ijodida juda muhim o‘rin tutgan. Bugun publitsistlarimiz ular ijodining bu boradagi qaysi jihatlarini o‘rganishlari maqsadga muvofiq, deb o‘ylaysiz.

O‘quvchilar e’tiborini tortgan, adabiyot tarixida iz qoldirgan talaygina asarlar ocherkdan “unib” chiqqan. Hamid Olimjonning “Zaynab va Omon”, Abdulla Qahhorning “Shohi so‘zana” asarlari, Odil Yoqubovning “Diyonat”, Pirimqul Qodirovning “Qadrim”, “Meros” kabi qissalari, adabiyotdagi yana ko‘pgina asarlar bunga misol bo‘la oladi. Ushbu mashhur asarlar zamirida ocherk turadi. Adiblar ayni asarlardagi qahramonlar hayotini obdon o‘rgangan, ularning turmush tarzi bilan tanishib, fe’l-atvorlarini yaqindan kuzatgan. Hayotning chuqur o‘rganilishi esa badiiy asarlarning ta’sirchan bo‘lishiga poydevor yaratadi. Aslida ham ijodkor hikoya, qissa, roman, drama, komediya yozayotganida, albatta, uning ko‘z oldida turli xarakterli odamlar turadi. U o‘zi tanigan, bilgan, kuzatgan odamlarini xayolidan o‘tkazib, adabiy qahramonlar obrazini yaratadi. Adabiyotimizda bugungi kun qahramonlari obrazi biz kutgan darajada yetarli emasligi sababi ham adiblarimizning mashhur yozuvchilarimiz singari hayotning ichiga kirib borolmayotganidir. Ya’ni, yangi asar yozish uchun shaharu qishloq, dalayu dasht kezib, qisqa fursatda bir ko‘z tashlab kelishning o‘zi kamlik qiladi. Zero, turli taqdirli, kasb-kori turlicha bo‘lgan kishilar bilan astoydil muloqotda bo‘lish, ular sirtiga chiqarmayotgan gaplarni ilg‘ab olishgina yozuvchi uchun yaxshi asar yaratishga puxta zamin bo‘ladi.

Bu borada ibratli misollar ham yo‘q emas. Masalan, Abdulla Oripovning “Buyuk kelajak manzaralari” (“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”), Anvar Obidjonning “Tinchlikning ta’mi” (“Xalq so‘zi”), O‘rozboy Abdurahmonovning “Kindik qoni tomgan yer” (“Hurriyat”), Oybuvi Ochilovaning “Umr o‘tkinchidir, hayot abadiy” (“Ma’rifat”), publitsistik maqolalari ozod yurtning obod maskanlari haqida o‘ziga xos kuzatishlar bilan yozilgani o‘quvchini Vatanni sevishga, ozodlikni ko‘z qorachig‘idek asrashga da’vat etadi. Muhammad Alining “Kenja qiz” ocherki (“Yoshlik”), G‘ulom Mirzoning “Istiqlol va ma’naviyat“ (”Sharq yulduzi”), Farruh Hamroyevning “Prezident orzusidagi qishloq uylari”(“O‘zbekiston ovozi”), Ulug‘bek Hamdamning “Inson bilan yuksalar zamin” maqolasida zamondoshlarimizning bunyodkorlik faoliyati to‘laqonli aks ettirilgan. Bunday tahliliy ocherklarga gazetxonlarda hamisha ehtiyoj katta. Qutlibeka Rahimboyevaning “Xalqning gulso‘zli kitobi” maqolasida esa o‘zbek oilasi, urf-odatlari, qadriyatlari o‘ziga xos tarzda ochib berilganki u har bir o‘quvchida katta taassurot qoldirishi, shubhasiz.

Kishilarning hayot yo‘li chuqur tahlil etilgan, orzu-intilishlari haqqoniy yoritilgan, hayotiy misollarga asoslangan publitsistik maqola, ocherklar bo‘lg‘usi badiiy asarlarga “xamirturush” bo‘lishi barobarida, kimningdir hayotda o‘z yo‘lini topib olishiga, turmush sinovlariga bardosh berishiga, duch kelgan mashaqqatlardan muvaffaqiyat bilan o‘tib olishiga yordam beradi. Ocherk, maqola qahramonining boshidan kechirganlari, intilishlari odamlarga ibrat, ma’naviy madadga aylanadi.

— Jurnalistlarni, odatda, davr solnomachilari, deyishadi. Shu ma’noda bugungi publitsistikamizning yutuq va kamchiliklari nimalardan iborat?

— Jurnalistlarni “davr solnomachilari” deydigan bo‘lsak, ular olis qishloqlardagi islohotlarni quruqdan-quruq qilib emas, odamlar taqdiri orqali ko‘rsatishi, yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlikning mohiyatini, qishloq va shaharlarimizdagi o‘zgarishlarni tahlil orqali insonlarning ong va shuuriga yetkazishlari kerak. Albatta, “u kerak”, “bu zarur” deyish oson. Jonkuyar jurnalistlarimizning intilishu izlanishlarini inkor etmagan holda ular yurtimizda kechayotgan jarayonlar ichiga chuqurroq kira olmayotganlarini ham aytishga to‘g‘ri keladi. Ayrim maqola va ocherklarda, radioeshittirish va ko‘rsatuvlarda mavjud muammolarga juda yuzaki munosabat bildiriladi, ularning ildizlari teran tahlil etilmaydi va muammolarni qanday yechish yuzasidan takliflar o‘rtaga tashlanmaydi. Ba’zan kimning­dir mas’uliyatsizligi bois kelib chiqqan kamchiliklarni xaspo‘shlash hollari ham uchrab turadi. Yillar davomida tuzukroq tanqidiy-tahliliy maqola yozmagan jurnalistlarimiz ham borligiga nima deysiz!

Publitsistika uchun hayotda bo‘layotgan barcha hodisalar mavzu bo‘la oladi. Jamiyat hayoti ma’naviy-axloqiy muammolardan xoli emas. Bu o‘rinda bugun jiddiy tashvish uyg‘otayotgan “ommaviy madaniyat” bilan bog‘liq muammolarni eslashning o‘zi kifoya. Faqat ularni sinchkovlik bilan o‘rganib, tahlil qilish va shu orqali ijtimoiy fikr uyg‘otishga munosib hissa qo‘shish kerak. Shu ma’noda, jurnalistlarimiz dolzarb masalalar, o‘z yechimini kutayotgan muammolar haqida xolisona va atroflicha yondashib yozilgan ocherklar, publitsistik maqolalarga bugun ehtiyoj kattaligini har doimo yodda tutishlari lozim, deb bilaman.

— Publitsist biror mavzuni qalamga olar ekan, millat va jamiyat manfaatlari uyg‘unligini ko‘rsata bilsa, so‘zning ta’sir kuchi o‘n chandon kuchayadi. Bugun xal­qimiz mustaqilligimizning 22 yillik dovonidan oshib o‘tayotir. Dastlabki paytlardagi og‘ir kurashlar, mashaqqatlar ortda qolgan bo‘lsa-da, yurt tinchligi, farovonligini ta’minlash dunyo qalqib turgan bugungi kunda ham hamon dolzarb bo‘lib turibdi...

— Matbuotda, teleko‘rsatuv, radio eshittirishlarda mustaqillik yillaridagi islohotlar jarayoni haqidagi chiqishlar kishilarimiz dunyoqarashini tubdan o‘zgartirdi. Mustaqillikka erishilmasdan ilgari tilimiz qanday ahvolda edi? Dinimiz, muqaddas qadamjolarimiz qanaqa holatda edi? Milliy qadriyatlarimizga munosabatimiz qanday bo‘lgan? Tariximizni qay darajada bilar edik, degan savollarga javob bersak, istiqlol yillarida milliy ma’naviyatimiz qay miqyosda o‘zgargani yaqqol seziladi. Biz milliy ma’naviyatimiz tiklangani va yuksalgani tufayli tarixan qisqa davrda siyosatda, iqtisodiyotda yuksak natijalarga erishdik. O‘tgan davr Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi davlat Mus­taqilligining 22 yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorida ta’kidlanganidek, chinakam ma’naviy tiklanish va yuksalish davri bo‘ldi. Ma’naviyat bamisoli toza havoga o‘xshaydi. Havo hamma joyni qamrab olgani singari ma’naviyat ham kishilar hayotining barcha sohalarini ishg‘ol etadi. Millatning ma’naviy darajasi qanday bo‘lsa, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy holati xam shunga mos bo‘ladi. Chunki ma’naviyat mamlakat har bir fuqarosining fikri, dunyoqarashi, hayotga ­munosabati, bir-biri bilan o‘zaro munosabati, iymon-e’tiqodi, ­vijdoni, or-nomus tuyg‘ularining ­mujassamidir.

Biz mustabid tuzum davrida toptalgan ma’naviyatimizni tiklashda o‘zimizga xos va mos yo‘ldan bordik. Boshqalardan andoza olmadik. Shonli tariximizga tayandik. O‘zbek xalqi singari buyuk tarixga ega xalq dunyoda kam. Biz yunonlar, xitoylar, hind­lar singari qadim tarixga, yuksak madaniyatga ega xalqmiz. Bu bilan faxrlanishga, g‘ururlanishga haqlimiz. Ammo har birimiz shunday beqiyos madaniyatni meros qoldirgan ulug‘ ajdodlarimizga munosib voris ham bo‘lishimiz kerak. O‘zini yuksak madaniyat egasi sanaydigan ayrim mamlakatlardagi behayo turmush tarzi ular axloq bobida qanchalik tanazzulga tushib qolgani, ma’naviyati tubanlashganini ko‘rsatib turibdi. Jurnalistlarimiz ajdodlarimiz ardoqlagan qadriyatlarda ko‘p asrlik turmush tajribasi mujassamligi, kattalarga hurmat ko‘rsatish, kichiklarni izzat qilishda, teran hikmat mavjudligini obrazli ifodalar hayotiy misollar asosida talqin etishlari zarur. Chunki ma’naviyat barcha zamonlarda ham insonning o‘zligini saqlash omili bo‘lgan.

Odamlar orasidagi hamjihatlik, bir-biriga ishonch-hurmat mamlakatning har jihatdan taraqqiy etishini tinchlik va osoyishtalik mustahkam qaror topishini ta’minlaydi. Vatan va millat manfaati hamisha shaxsiy istak-xohishdan ustun turishi kerak. Binobarin, jurnalist o‘z ijodida doimo xalqchillik, haqqoniylik, umuminsoniylik tamoyillariga Vatan va xalq manfaatlari ustuvorligiga asoslanishi lozim. Shundagina xalq oldidagi farzandlik burchini bajargan, vijdon amriga quloq tutgan bo‘ladi. Haq so‘z hamisha qadr topadi.

Gulchehra Ashurova suhbatlashdi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 27-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.