OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Elyor Nosirov: “Teatrga mehrim bo‘lakcha” (2012)

O‘zbekiston xalq artisti Elyor Nosirovni mushtariylarimizga batafsil tanishtirishning hojati yo‘q. Teatr, kino va dublyajda yaratgan rang-barang obrazlari bilan allaqachon el hurmatiga cazovor bo‘lgan san’atkor bilan suhbatimiz aktyorlik kasbi, uning mas’uliyati va mashaqqatlari haqida bo‘ldi.

— Aktyorlik san’ati azaldan teatr bilan bog‘liq ijod turi bo‘lsa-da kino, televidenie, estrada kabi san’at turlarining taraqqiyoti ushbu kasb egalarining faoliyatida katta o‘zgarishlar yasagani ham rost. Elyor aka, ayni paytda kino, teatr va dublyaj sohasida birdek samarali ijod qilayotgan san’atkor sifatida bu jarayonga qanday baho berasiz?

— Aktyorlik sohasining tarmoqlashuvi ancha oldin, XX asr boshlaridayoq yuz bergan. Bu qisman kino, televidenie kabi san’at turlarining rivojlanishi bilan bog‘liq. Qizig‘i shundaki, jarayon hamon davom etmoqda. Ilgari aktyorlar ijodini teatrdan boshlab, keyinchalik kinoda o‘zlarini sinab ko‘rgan bo‘lsa, endilikda kinoda tanilib, so‘ng teatrda faoliyatlarini davom ettirishmoqda. Sababi, kino san’atida mashhurlikka erishish, rejissyorlar nazariga tushish oson bo‘lib qoldi. Teatrda esa vaziyat boshqacha. Aktyor oddiy bir kichik rolni ham yillar davomida kutadi. Kinoda muxlislar mehrini qozondingmi, bas, maydon seniki. Har bir rejissyor seni o‘z kartinasida ko‘rishni istaydi.

Ammo aktyorlik san’atining barcha yo‘nalishlari asosida teatr tajribalari mujassam ekanini unutmaslik lozim. Siz menga uch sohada faoliyat yuritayotgan ijodkor sifatida baho berdingiz. Biroq ich-ichimda o‘zimni teatr aktyori deb hisoblayman. Bu bilan teatrni boshqa san’at turlaridan ustun qo‘ymoqchi emasman. Gap shundaki, aktyor qanchalik serqirra ijodkor bo‘lmasin, ma’lum bir sohaga mehri bo‘lakcha bo‘ladi.

— Turli xarakter va qiyofadagi qahramonlar obrazini yaratish jarayonida aktyor ular bilan ruhiy yaqinlikni va mushtaraklikni his etadi. Shu ma’noda o‘z tabiatingizga qanday obrazlar yaqin deb hisoblaysiz?

— Yoshlikda hissiyotga boy, jo‘shqin qahramonlarni ijro etishni xush ko‘rardim. Tomoshabinlar orasida ilk bor Shillerning “Qaroqchilar” tragediyasida tanilganim sababi shunda. Vaqt o‘tishi bilan murakkab xarakterli qahramonlarni ijro etish ehtiyoji kuchaydi. Shu tariqa Otello, Iskandar kabi obrazlar dun­yoga keldi. Ayni paytda jiddiy, o‘ychan qiyofadagi obrazlarni ijro etishga moyilligim kuchli. Menimcha, bunday holat yosh o‘tishi bilan barcha aktyorlarda sodir bo‘lsa kerak.

Muxlislar masalasiga kelsak, ular meni ko‘proq ijobiy rollarda ko‘rishga o‘rganib qolishgan. Yodingizda bo‘lsa, “Ko‘ngil ko‘chalari” videofilmida salbiy obrazda chiqqanman. Ana shu film ekran yuzini ko‘rgach, ba’zi muxlislarim menga “yovqarash” qilayotganini sezdim. Bir kuni Xadra maydonida bir ayol meni tanib qolib: “Elyor aka, sizning ashaddiy muxlisingizman, barcha rollaringizni sevib tomosha qilaman. Lekin “Ko‘ngil ko‘chalari”dagi ma’naviy tuban, suyuq erkak rolini emas”, dedi. Undan “Bu obraz mohiyatini maromida ochib bera olmadimmi?” deb so‘radim. “Aksincha, — dedi ayol, — obraz shu qadar ishonarli chiqdiki, odamning nafratini qo‘zg‘aydi. Lekin, baribir, sizga hammaga o‘rnak bo‘luvchi ijobiy obrazlar yarashadi.” To‘g‘ri, bu tan­qid men uchun biroz kutilmagan bo‘ldi. Shunga qaramay, ekranda yaratgan obrazim tomoshabinlarni befarq qoldirmaganidan xursand­man.

— Yanglishmasam, “Ko‘rgulik” filmida ham salbiy obrazda namoyon bo‘lgansiz. Tomoshabinlarning munosabati qanday bo‘ldi?

— Ayub Shahobiddinovni bilimli va izlanuvchan kinorejissyor cifatida qadrlayman. Filmga taklif etganida teatrda ham, dublyajda ham ishim ko‘p edi. Shunga qaramay, rol menga ma’qul kelgani sabab, rozi bo‘ldim. Film ekranga chiqqandan so‘ng tomoshabinlar uni iliq kutib olishdi. “Ko‘ngil ko‘chalari”dagi “yovqarash”­lar bo‘lmadi. “Ko‘rgulik” filmidagi bu obrazimni u qadar salbiy deb bo‘lmaydi. Sababi, qahramonim bir marotaba o‘ylamay bosgan qadami tufayli butun umr vijdon azobida yashaydi. Hayotida duch kelgan barcha ko‘rguliklar sababini ana shu gunohida deb biladi.

Har bir sohaning o‘ziga yarasha mashaqqatlari bor. Shu jumladan, san’atning ham yuki og‘ir. Aktyor o‘ziga topshirilgan har qanday obrazni me’yoriga yetkazib ijro etishi shart. Tomoshabinga yoqish-yoqmaslik ikkinchi darajali masala. Aktyorda o‘z kasbining ustasi bo‘lish fikri birinchi o‘rinda turishi kerak. Agar qoyillatib o‘ynasangiz, tomoshabin salbiy obrazda ham sizga tan beraveradi. San’at olamida bunga misollar juda ko‘p.

— Yaratgan obrazlaringizdan o‘zingiz ham ma’naviy oziq olasizmi?

— Bo‘lmasam-chi... Ijro etayotgan har bir rolim men uchun hayot maktabi vazifasini o‘taydi. Sabr, qanoat, shukronalik hissini, insoniylik va mehr-oqibat tuyg‘ularini qayta-qayta yuragimga singdiradi. Sahnadagi 37 yillik ijodim mobaynida ko‘plab rollarni o‘ynadim. Ular orasida, ayniqsa, “Ro‘yxatlarda yo‘q” spektaklidagi leytenant Plujnikov roli xotiramda o‘chmas iz qoldirdi. Sahnada urush va uning dahshatli ofatlarini ko‘rsatib shu qadar ruhiy bosimni his qildimki, spektakl­dan so‘ng sahnaga chiqishga ham madorim qolmadi. Shunda urush davrida Vatani, ota-onasi, yori, opa-singlisining nomusi uchun jangga kirgan ota-bobolarimizning bardoshi va mardligiga qoyil qoldim.

— Bugun aktyorlik sohasida ko‘pgina yoshlar kuchini sinab ko‘rmoqda. Bu yaxshi albatta. Yosh, yangilik olib kirishga qodir ijodkorlarga hamisha talab katta bo‘lgan. Biroq ular orasida aktyorlik ma’lumoti yo‘q, havaskorlar ham ko‘paygandek. Ustoz maqomiga erishgan ijodkor sifatida bu haqda qanday fikrdasiz?

— Yaqinda televizor orqali bir qo‘shiqchi qizimiz badiiy film­da o‘ynagan roli haqida to‘lqinlanib gapirdi. Jurnalist ham ancha quv ekanmi, “Agar teatrda rol ijro etishga taklif qilishsa, borarmidingiz?” deb so‘radi. Intervyu berayotgan qiz “Ha”, desa bo‘ladimi? Teatrda rol ijro etish shu qadar oson bo‘lib qoldimi! Nahotki qo‘shiqchi qizimiz Olim Xo‘jaev, Lutfixonim Sarimsoqova kabi ulkan can’atkorlar yaratgan maktabga yo‘l-yo‘lakay kirib o‘tish mumkin emasligini tushunmasa!

Hozir ko‘pincha o‘zimni san’atkor, deb atashga iymanaman. Bir-ikki qo‘shiq kuylab yoki biror filmda suratga tushib birdaniga o‘zini san’atkor, aktyor deb atayotgan “ijodkorlar”ga sohaga biroz jiddiy qarashlarini maslahat bergan bo‘lardim.

Shu o‘rinda kinorejissyorlarga ham e’tirozim bor. Avvallari teatrda yurib yangi chehralarni izlashardi. O‘zim ham ana shunday tanlov asosida televideniega taklif qilinganman. Afsuski, bugun yosh ijodkorlar orasida shunday betakror qiyofalar tanlanmayapti. Ko‘p holatlarda telenovellalarda rollarni ijodiy yoki texnik xodimlar ijro etishmoqda.

— Aktyor bo‘lish oson emas. Bu kasb katta kuch-g‘ayrat, mehnatni talab qiladi. Sizningcha, hayotda ham, san’atda ham birday omadli bo‘lish mumkinmi?

— Albatta, shaxsan men o‘zimni ana shunday baxtga erishgan insonlardan biri deb hisoblayman. Omadim — oilam, meni tushunadigan rafiqam, farzandlarim. Hayotda menga yaxshi hamroh uchradi. O‘ttiz yillik turmushimiz mobaynida sen-menga bormadik. Oilasi tinch, ro‘zg‘ori but bo‘lsa, inson uchun bundan ortiq baxt yo‘q. San’atda ham meni qo‘llab turuvchi, men bilan hamfikr ijodkorlar davrasida “O‘zbekiston xalq artisti” unvoniga sazovor bo‘ldim. Bu ham katta omad. San’atkorni kasbdosh va muxlislari yaxshi bir inson sifatida tanishi, oilasining a’zosidek ko‘rishi muhim ekan.

— Kirib kelgan yangi yilda muxlislaringizni qanday obrazlar bilan kutib olmoqchisiz?

— Yangi yildan jamoamizning ham, o‘zimning ham umidlarim katta. Teatrda bir necha yangi spektakllar ustida ish boshlash arafasidamiz. Oldindan biron narsa deyish qiyin-u, lekin o‘zimga mos yaxshi obrazlar bo‘lsa, bajonidil ishga kirishaman. Ayni kunlarda “O’zbekiston” teleradiokanalida koreys seriallariga ovoz berish bilan bandman. Ikkita badiiy filmda suratga tushishga ulgurdim. Xullas tinim bilish yo‘q, doim ijodda, izlanishdamiz.

Dildora Rizayeva

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 1-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.