OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hajvchining iztiroblari (Said Ahmad va Qulman Ochilov suhbati) (1992)

(O‘zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad bilan jurnalist Qulman Ochilov suhbati)

Keksalari go‘dagu go‘daklari keksa yurt

– Domla, tarjimai holingiz bilan yaxshi tanish bo‘lmagan odam sizni qishloqda tug‘ilgan, deb o‘ylaydi. Dalani, qishloq hayotiyu odamlarini shunday ishonch va muhabbat bilan tasvirlaysizki, asarlaringizni o‘qigan kishi muallifning katta shaharda tug‘ilgan «oq bilak» inson ekanligini xayoliga ham keltirmaydi. Yo rostdan ham qishloqda tug‘ilganmisiz?

– Yo‘q. Men Toshkentning qoq markazida Samarqand darvoza mahallasida tug‘ilganman. Adabiyotga, rassomlikka juda erta qiziqdim. Uyimizga Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qodiriy, Ziyo Said, Komil Alievlar tez-tez kelib turishardi. Chunki shoir Elbek tashqari hovlimizda yashardi. Uning ismi familiyasi Mirmashriq Yunusov bo‘lib, asli Bo‘stonliqdan edi. Dadam u kishi bilan Chimyon taraflarga ovga borganda tanishib qolgan va Toshkentda boshpanasiz qiynalayotganini bilib, tashqari hovlimizga ko‘chirib kelgan edi. Shoiru yozuvchilarning adabiy gurunglari shu yerda o‘tardi. Men ularga choy tashib, bir chetda o‘tirgancha, suhbatlariga quloq solardim.

Elbek aka har gal qishlog‘iga borganda, menga qurut olib kelardi. Endi mening «qishloqi»ligimning sabablarini aytay. Bolaligimda rasm chizishga juda usta edim. O‘rtoqlarim meni «rassom» deb chaqirishardi. O‘sha yillari o‘zbek alifbosi birinchi bor o‘zgargan, arab alfavitidan lotin grafikasiga o‘tish jarayoni davom etayotgan edi. Kolxozlar, idoralar va turli tashkilotlarda peshlavhalar (viveskalar) o‘zgarayotgan edi. Ayniqsa, shior haddan tashqari ko‘p bo‘lardi. Bulardan tashqari, choyxonalarda, klublarda «Lenin burchagi» degan joy bo‘lardiki, u yerni ham bezash lozim edi. Xullas rassomga ish oshib-toshgan zamon. Otda kelishib meni shior yozdirish uchun qishloqqa olib ketishardi.

– Demak, maktabingiz qishloqqa yaqin joyda bo‘lgan ekan-da?

– Unchalik yaqin bo‘lmasa ham, otda, piyoda bemalol borsa bo‘lardi. Hozirgi Yangi ToshMIning o‘rni kolxoz edi. Unga Hayitvoy oqsoqol degan go‘daktabiat bir kishi rais edi. U maktabimga, uyimga to‘p-to‘p qizil alvon tashlab ketardi. Kechasi bilan uxlamay shior yozib chiqardim. Kunduzi esa maktabimiz devoriga alvon tortib yana yozardim. Boshqa bolalar darsga kirmay, hovlida «maza qilib» shior yozayotgan «rassom»ga ham havas, ham alam bilan qarab o‘tirishardi.

Shior, ayniqsa, bayramlarda juda ko‘p yozilardi. Oktyabr bayrami, 8 Mart, 1 May... Eh-he, men shior yozgan alvonlarni bir-biriga ulab, ko‘rpa qavilsa, Orolga yopqich bo‘lar-ov!.. Ba’zan raislar o‘rtasida talash bo‘lib ketardim. Uyimizga aravada kartoshka, sabzi-piyoz ham olib kelishardi.

– Demak, pul ham berishar ekan-da?

– Dadam pul olmaysan, deb tayinlagandi. Sabzi-piyoz mening «ish haqim» edi.

– Rasmlar ham chizarmidingiz?

– Ha-da. O‘sha paytda xalqning tashqi siyosatdan bilgani Angliya Bosh ministri Chemberlenning, Xitoy Bosh ministri Chan Kay Shining, Italiya Bosh ministri Mussolinining nomi edi. Ular Sho‘ro hukumatiga nima yomonlik qilgan, aybi nimada bilishmasdi. Majlislarda gap makkajo‘xori ekish to‘g‘risidami, qisir qolgan sigirlarni sotish to‘g‘risidami, kimni «Qizil taxta»ga, kimni «Qora taxta»ga yozish to‘g‘risidami, notiq, baribir, so‘zini Chemberlenni so‘kib tugatishi kerak edi. Hatto mana bunday qo‘shiq ham chiqqan:

Chemberlen, Mussolini
Bilmas o‘ngu so‘lini.
Xo‘p yaxshilab tuziblar
Fashistlar usulini.

Bu qo‘shiqni paradlarda ko‘pchilik bo‘lib aytardik. Kolxozlarga borganimda devorlarga ham Chemberlenning suvratini chizdirishardi. Yuzlab odamlar kelib bu suvratni tomosha qilardi, hatto Hayitvoy oqsoqol kolxoz idorasi devoriga o‘zining Chemberlenni ketmon ko‘targancha quvlab ketayotgan suvratini ham ishlatgan edi.

Xullas, mendagi dalaga, qishloqqa bo‘lgan mehr o‘sha paytlarda tug‘ilgan bo‘lsa ajab emas. Go‘dakfe’l Hayitvoy oqsoqolni esa haligacha mehr bilan eslayman.

«Qizlarni yomon ko‘rardik»

– Adabiyotga, san’atga berilgan o‘spirin ko‘ngliga muhabbat ertaroq keladi, deyishadi. Siz ham bundan mustasno bo‘lmagansiz, chog‘i?

– Aksincha. Qizlarni juda yomon ko‘rardim. Ularni qiyqirtirib quvib yurardim. Hatto urardim ham. Nihoyatda sho‘x, tizginsiz bola bo‘lgan ekanman. Bir qarasang, artist bo‘lgim, bir qarasang, darboz bo‘lgim, bir qarasang, masxaraboz bo‘lgim kelardi. Qaerda biron qiziq odamni ko‘rsam, o‘shanga o‘xshagim kelaverardi. Samarqand darvoza mahallasiga dor kelganda bir masxaraboz qopdagi shisha siniqlarini bo‘yraga to‘kib, ustida yalangoyoq o‘yin tushgan. Men ham o‘ntacha shishani sindirib, ustiga devordan sakraganman, so‘ng ikki-uch haftacha qo‘ltiqtayoqda yurganim esimda. Dor o‘ynab yiqilib oyog‘im singan. Daraxtdan, tomdan qulab, besh martacha qo‘lim chiqqan. Har gal qo‘lim chiqqanida, Labzakdagi Mahsum tabibga olib borib, qo‘limni taxtakachlatib kelishardi.

– Gaplaringizga qaraganda, o‘tganning o‘rog‘ini, ketganning ketmonini olib qochadigan bevosh bola bo‘lgan ekansiz. Oilada nechta farzand edingizlar?

– Uch akam, uch opam bor edi. Men kenjatoy edim.

Darvoqe, birinchi muhabbat to‘g‘risida gapirayotgan edik. U paytlarda qizlarda ham, yigitlarda ham ibo, sharm-hayo baland edi. Ko‘chada qiz kishining o‘g‘il bola bilan gaplashib turishi katta ayb sanalardi. Ovruponing behayo odatlari hali biz tomonlarga yetib kelmagandi. O‘pishish qayoqda, qo‘ltiqlashib yurish qayoqda, hatto qo‘l berib ko‘rishish ham gunoh sanalardi. Bechora yigitlar yaxshi ko‘rgan qizlari o‘tgan ko‘chalarning havosini hidlab, g‘ingshib yurishardi. Xudoga ming qatla shukrki, men voyaga yetganimda ba’zi qizlar uncha-muncha «behayo»lashib, yigitlar bilan kinoga borish, hilvat bog‘larda sayr qilish ayb bo‘lmay qolgandi.

Endigina bo‘yga yetib, qizlarga gap tashaydigan paytim kelganda, urush boshlanib ketdi. Kiyim-boshim to‘zigan, rang-ro‘yim bir alpozda... Menda qizlarning ko‘zini o‘ynatadigan husn ham yo‘q. Unaqa notavonni qizlar boshiga uradimi. Shu alpozda yoshligim ham o‘tib ketdi. Biron qizni o‘pmaganman, desam, albatta ishonmaysiz. Ishonmay to‘g‘ri qilasiz. Nasibamga yarasha xudo yetkazganini o‘pgan bo‘lsam, o‘pgandirman. Esimda yo‘q. Xotiramning mazasi qochgan, skleroz boshlanyapti, shekilli...

– Bolalik chog‘laringizni eslaganingizda, entikib ketadigan biron voqeani aytib bera olasizmi?

– Bolaligim, yoshligim og‘ir yillarga to‘g‘ri kelgan. Kattalar tortgan ko‘rgiliklarni biz, bolalar ham tatib ko‘rganmiz. 33-yilda uyimizni tortib olib, detdom qilishdi. Kesak qo‘rg‘ondan bir choldevor hovli topib, ko‘chib bordik. Baribir tinch qo‘yishmadi. Uyimizni tez-tez tintuv qilishib, qo‘llariga ilingan narsalarni olib chiqib ketaverishardi. Ana shunday kunlarning birida uyimizdagi yozuv stolini moliya idorasiga kerak, deb opchiqib ketmoqchi bo‘lishdi.

– Kimlar?

Moliyachilar-da. Onam dod solib, stolga yopishdi. Moliya agenti uni turtib yuborgan edi, onam bechora stolga urildi-yu, hushidan ketdi. Keyin bilsak, biqini ezilgan ekan. Sal kundan keyin bir oyog‘i uzilib ketgan qiz tug‘di. Singlim juda chiroyli qiz edi. Besh yoshga yetar-etmas olamdan o‘tdi. Eslasam, butun vujudimga titroq kiradi.

«Qachon qurultoy bo‘lar ekan?»

“Bir umr yirtiq-yamoqdan boshi chiqmagan chorikorning uyida endi dutor, tanbur kabi ko‘ngilochar asboblari bor”.

(Yo‘ldosh Oxunboboevning gramplastinkaga yozilgan nutqidan.)

– Siz bir suhbatda, mashhur Dadaxo‘jaboyning nevarasiman, degan edingiz. Bobongiz to‘g‘risida nimalarni bilasiz?

– Bilganim shuki, bobom inqilobdan oldin Toshkentda ikkita rus-tuzem maktabi ochgan, ma’rifatparvar kishi bo‘lgan. 20-yillardagi o‘zbek ziyolilarining ko‘pchiligi shu maktablarda ta’lim olishgan edi. Dadaxo‘jaboy muallimlarning maoshini, o‘quvchilarning stipendiyalarini o‘z hisobidan berib turgan. Maktabning barcha sarf-xarajatlarini o‘z zimmasiga olgan.

Dadam, amakilarim ham shu maktabda ta’lim olishgan edi. Dadam Husanxo‘ja rus tilini mukammal bilardi. Hatto ayrim o‘rislar ham xat yozishsa, dadamga o‘qitib, tuzattirib olishardi. Rahmatli, ayniqsa, ovni yaxshi ko‘rardi.

Yana bir bobom, onamning otasi Taxtapul dahasining qozisi ekan. U kishining xususiy toshbosmasi bo‘lgan.

Bobomning nomi - «Mulla G‘ulom Rasul» muhri bosilgan Jomiy, So‘fi Olloyor, Huvaydo kitoblarini ko‘rganman. 1913 yilda Qozi buvamning muhri bilan nashr qilingan Qur’ondan bir nusxasi javonimda saqlanadi.

Onam Zulfixon G‘ulomxon qizi savodxon ayol edilar. Kechalari Huvaydo g‘azallarini o‘qib o‘tirardilar, eshitib yig‘lagim kelaverardi.

Katta akam Imomxon Husanxo‘jaev birinchi o‘zbek stenografiyasini ijod qilgan. Maktab ochib, o‘zbeklardan stenograflar tayyorlagan. Ahmad Shorahmedov, keyinchalik xalq artisti bo‘lib yetishgan Nazira Alieva va o‘rtancha akam Zuhurxon Husanxo‘jaev shu maktabda ta’lim olishgan. Ular yigirmanchi-o‘ttizinchi yillarda bo‘lib o‘tgan jami qurultoylarda, plenumlarda Akmal Ikromov, Fayzulla Xo‘jaev, Yo‘ldosh Oxunboboevning dokladlarini, nutqlarini so‘zma-so‘z yozib olishgan. O‘sha yillarning tarixini yozib qoldirishgan, desam xato bo‘lmaydi.

Men qachon qurultoy bo‘larkin, deb sabrsizlik bilan kutardim. Chunki akam qurultoydan konfet, pechene va suvratli kitoblar olib kelardi.

«Bag‘ri butun yozuvchiman»

– Otangizdan Sizga qanday fazilatlar o‘tgan?

– Qiziquvchilik. Otam rahmatli gul «jinnisi» ekan. Hovlimizda, bog‘imizda xilma-xil gullar bo‘lardi. Bog‘imizni shaharliklar «Gulbog‘» deb atashardi. Dadam temir-tersakka ham o‘ch edi. Ovchilik jon-dili edi. Shundan bo‘lsa kerak, chap ko‘zini qisibroq qarashga odatlanib qolgandi. Keyingi paytlarda u serzarda, jahldor, tajang bo‘la boshlagan. Darsdan qochgan paytlarimda bir-ikki marta kaltaklagan ham. O‘sha kezlari mol-dunyosi qo‘ldan ketgan, o‘zi qatori ziyolilar birin-ketin qamalayotgan edi. Bir noxushlikni kutib, tajang bo‘layotgani bilinib turardi. Meni yetaklab kinoga, parklarga olib borganda ham birovga qo‘shilmas, salom berganda alik olib, indamay qaytib kelardi.

Uni 1938 yilning erta bahorida olib ketishdi. Labzak ko‘chasigacha ko‘rpasini ko‘tarib chiqqandim. Yuk mashinasi orqasidan ko‘nglim vayron bo‘lib qarab qolganman. Dadam qiynoqlarga chidolmay, Toshkent turmasida jon bergan.

– Nevaralaringizga qaysi fazilatlaringiz o‘tishini istaysiz?

– Qanday fazilatim borligini o‘zim ham bilmayman. Ammo mehmonsiz yashay olmasligimni bilaman. Odamlarga yaxshilik qilgim keladi. Ellikka yaqin yosh yozuvchiga oq fotiha bergan, gazeta, jurnallar orqali «oq yo‘l» tilagan ekanman. Kitoblariga so‘zboshi yozibman. Ne’mat Aminov, O‘lmas Umarbekov, O‘tkir Hoshimov, Nosir Fozilov, Xudoyberdi To‘xtaboev... Shularsiz turolmayman. Kunda bo‘lmasa ham, kunora uchrashib turamiz. Ba’zan hazillashib: «Mabodo, o‘lib-netib qolsam, ostonamda bel boylab turadiganlarim ko‘p», deb qo‘yaman. Bag‘rim butunligidan quvonaman. Nevaralarimning ham atrofida shunaqa vafodor do‘stlari ko‘p bo‘lsin, deb niyat qilaman.

Feletonchining bir poy boshmog‘i

– Ilk yozgan asarlaringizni eslay olasizmi?

– Eslayman. Feletonchilar sardori Komil Aliev «Mushtum»da ishlardi. Unga «Ishqiboz» degan birinchi hikoyamni olib borgandim. Komil aka hikoyaga ko‘z yugurtirib, bir poy tuflisini yecha boshladi:

“Tuflimni O‘rdaga oborib yamatib kelsang, hikoyangni mana shunday qilib (u bosh barmog‘ini ko‘rsatdi) tuzatib beraman”.

Men xo‘p dedimu ustozning «tabarruk boshmog‘i»ni ko‘targancha O‘rdaga qarab yugurdim. Qaytib kelsam, domla hikoyamni tahrir qilib qo‘yipti. O‘qidim. Nihoyatda zo‘r. «Birov itga, birov bedanaga ishqiboz...» deb yozgandim. Xo‘rozning ham ta’rifi bor edi. Komil aka uni mana bunday qilib tuzatibdi: «Kal chuchchi, qora tomoq, tepsa devorni yiqitadi, cho‘qisa, toshni uzuk qilib qo‘yadi».

Hikoya bosilib chiqqach, Abdulla Qahhordan boshqa hammaga yoqdi...

«Badavlat kelin»

– Bir hikoyangiz to‘g‘risida «Qizil O‘zbekiston» gazetasida tanqidiy maqola bosilgan ekan. Qaysi hikoya edi, u?

– «Badavlat kelin» degan hikoyam.

O‘zbekning qiz uzatishi qursin. Umr bo‘yi yiqqaning bir kunga yetmaydi. Qiz bola o‘g‘ri bo‘ladi, deb bekorga aytishmagan. Shuning uchun ham qiz tug‘ilgan kundan boshlab onasi mol yig‘adi. Urushdan tutdek to‘kilib chiqqan oila, qandoq qilib qiz uzatadi?

Hikoyada erga tegolmay yurgan qizning zayomdan katta pul yutib olishi-yu katta to‘y qilib, kuyovga chiqishi tasvirlangan. Hikoya xomgina, nochorgina, bo‘shgina chiqqan, ammo gazetaga urilishning sababi boshqa yoqda. Tanqidchi hikoyadan siyosiy xato topmoqchi bo‘lgan: ya’ni, Sovet oilasi to‘q, badavlat yashaydi. Zayomdan pul yutishga zor emas. Bu sovet voqeligiga tuhmat. Zararli hikoya...

«Hoy, insofing bormi, urush kecha tugadi. Hali biring ikki bo‘lishiga qancha qovun pishig‘i bor. Tovuq so‘yib uylangan o‘rtog‘imizning to‘yiga borganimiz esingdan chiqdimi? Frontdan qaytib kelgan qancha yigitlar uylanolmay yurganini, qancha qizlar erga tegolmay, qari qiz bo‘lib qolayotganini ko‘rib turibsan-ku!..»

Ana shunday iztirobli o‘ylarga borib tursam, G‘afur G‘ulom kelib qoldi:

«Nima bo‘ldi? Sal boshqacharoqsan?»

Men unga gazetani ko‘rsatdim. U yelkamga qo‘lini qo‘yib dedi:

«Obbo tentag-e, shunga xafa bo‘lib o‘tiribsanmi? Qo‘y, xafa bo‘lma. Bu endigi yeydigan kaltaklaringning birinchisi. Eh-he, hali qancha kaltaklar seni kutib turibdi. Bilasanmi, o‘ttiz yettinchi yilda meni urmagan gazeta qolmagan. Hatto Achavotdagi lo‘lilar ham gazetasiga «G‘apir G‘ilom virag narod» deb yozgan. Yur, pivo olib beraman».

Qarang, G‘afur G‘ulom karomat qilgan ekan. Gazeta tanqidi keyingi ko‘rgiliklarim oldida holva bo‘lib qoldi.

Birinchi qor

– Stalin qamoqlari, urush, qahatchilik... sizni ham chetlab o‘tmagan. «Xalq dushmani» bo‘lib qamalgansiz. Bunday kulfatlarga sherik bo‘lgan ayrim tengdoshlaringiz «qayta qurish» deb atalgan jarayon boshlanishi bilan kechmishlari haqida xotiralar, hatto qissalar yozdilar. Ammo Siz negadir jimsiz. Nohaqlikni ko‘rmagandek, bilmagandek yuribsiz.

– Yozgim kelmaydi.

– Hech bo‘lmasa, o‘sha kunlar to‘g‘risida gapirib bering.

Uylanganimga olti oy bo‘lganda qamashgan. Odamlar, nimaga qamagan ekan, deb so‘rashadi. Ochig‘ini aytsam, o‘zim ham haligacha bilmayman. Nazarimda, aybimni tergovchilarning o‘zlari ham bilmasalar kerak. Faqat o‘zing ayt, o‘zing aytsang, sud iqror bo‘lganingni hisobga oladi, deyishardi. Qancha qiynashmasin, aybim yo‘q, deb turib olganman. Oxiri shoir Yong‘in Mirzoni guvohlikka olib kirishdi. U ko‘zimga qarab turib: «1949 yilning 5 noyabr kuni Ramz Bobojonning uyida «o‘rislar yaxshi yashaydi, ayniqsa leningradliklar maza qilyapti, o‘zbeklar xor», deb aytgansan. O‘sha kuni birinchi qor yoqqan edi», dedi.

Esladim. Haqiqatan ham, birinchi qor beshinchi noyabr kechqurun yoqqan edi. Men o‘sha paytda O‘rta Chirchiq rayoniga, Qahramon paxtakor Zamira Mutalova to‘g‘risida ocherk yozgani borgandim. U bilan gaplashib o‘tirganimda qor yog‘a boshlagan edi. O‘sha kecha raykom kotibi Qahhor Po‘latovning uyida tunab qoldim. Kechasi o‘sha yerdan redaktsiyaga telefon qilib, stenograf Ahmad Shorahmedovga ocherkni diktovka qildim. Ertalab nonushtadan keyin Po‘latov meni Toshkentga mashinada opkelib qo‘ydi.

Birinchidan, 5 noyabr kuni Toshkentda emasdim. Ikkinchidan, Leningrad blokadadan chiqib, hali o‘zini o‘nglamagan, odamlari ham vayronalarda yashardi. Ular qanday qilib «maza qilib» yashashlari mumkin? Bu da’voda mutlaqo mantiq yo‘q edi. «Guvoh» esa aytgansan, deb turib oldi. Tergovchi mening gaplarimni yozmadi, faqat uning gaplarini yozdi. Tergovchi undan, Said Ahmad to‘g‘risida yana nimalarni bilasan, deb so‘radi. U og‘ziga kelgan gaplar bilan meni ayblay boshladi. Tergovchi mendan ham so‘radi: «Yong‘in Mirzo to‘g‘risida, uning aksilinqilobiy ishlari to‘g‘risida nimalar bilasan?»

Men unga Yong‘in to‘g‘risida biror yomon gap bilmayman, u bilan faqat Yozuvchilar soyuzida, redaktsiyalarda ko‘rishganman, deb javob qildim. Shunda Yong‘in birdan jazavaga tushib qoldi. O‘zini mushtlab, dodlay boshladi: «Men seni agent, meni sotgan, deb o‘ylagan edim. Shuning uchun senga tuhmat qildim. Aytganlarimning hammasi yolg‘on, hammasi bo‘hton», deb bo‘kirib yig‘lab yubordi. Bu gaplarning birontasini yozib olishmadi. Yong‘inni so‘kib-so‘kib, kamerasiga tushirib yuborishdi.

– Sizni tergovchilar urganmi?

– Urmagan. Urgani ming marta yaxshi edi. Uxlatmasdi. Ba’zan kechasi-yu kunduzi kabinetida olib o‘tiraverardi. Uyiga jo‘nayotganida yonimga soqchi qo‘yib ketardi. Ikki oyog‘im shishib, tuflimga sig‘may qolardi. Boshim g‘uvillab, qanday qog‘ozlarga imzo chekkanimni ham bilmasdim. To‘g‘ri, bir marta urgan. Po‘lat lineyka o‘ralgan gazeta bilan. Nega urasan desam, «Pravda» («Haqiqat») qattiq tegdimi, deb masxara qilgan.

Meni sud qilishmagan. «Delo»mni Moskvaga yuborishgan. Troyka (Osoboe soveshanie) o‘n yilga hukm chiqargan. Shunday qilib sudsiz, prokurorsiz, oqlovchisiz, guvohlarsiz o‘n yilni «bo‘ynimga olib» ketganman.

Hech kim aytmagan gap

– Hech yig‘laganmisiz? Go‘daklik paytingizni aytayotganim yo‘q. Voyaga yetib, esingizni taniganingizdan keyin yig‘laganmisiz, demoqchiman. Ko‘p ko‘rguliklar boshingizga tushgan, zamon zarbalariga duch kelgansiz. Shunday paytlarda, xo‘rligingiz kelib, yig‘lagan paytlaringiz bo‘lganmi?

– Men ham insonman. Eng aziz, eng qadrdon kishilarimni yo‘qotganimda o‘kirib-o‘kirib yig‘laganman. Ammo har qanday nohaqlikka ko‘z yoshsiz turib berganman. Faqat... Faqat bir marta o‘ksib-o‘ksib yig‘laganman.

1950 yili qamoqxonaning bir kishilik kamerasida to‘qqiz oy o‘tirganimdan keyin Saidaxon bilan o‘n minutlik uchrashuvga ruxsat bo‘lgan. (Siyosiy mahbuslar qamoqxonada yotmas, o‘tirardi. Akademik Ivan Pavlovning itiga o‘xshab, hushtak chalganda yotish, hushtak chalganda turish refleksga aylanardi. Bu joyda devorga suyanishning ham iloji yo‘q, faqat o‘tirish mumkin edi.) Ko‘zim qorong‘iga moslanib qolganidanmi, Saidaxon juda uzun, novcha bo‘lib ko‘rindi. Rangi bir hol bo‘lib qolganga o‘xshardi. U mening ko‘nglimni ko‘tarish uchun bo‘lsa kerak, «sizga yaxshi pijama olib qo‘ydim» dedi. Bu gapni eshitib, tomog‘imga nimadir tiqilgandek bo‘ldi-yu, ovozim chiqmay qoldi. Shuncha urinaman, qani ovozim chiqsa. Bir og‘iz ham gapirolmadim. Ko‘zimdan duv-duv yosh oqaverdi. Uchrashuvga ajratilgan 10 minutlik vaqt ham tugadi. Gaplarim ichimda qolib ketdi. Yakka joy kamerada o‘y o‘ylab o‘tiribman. Nega yig‘laganimning sababini bilmoqchi bo‘laman, bilolmayman. Saidaxon menga atab olgan pijama tushimga kiribdi. Ajoyib, hech kimda yo‘q havorang pijamani kiyib Yozuvchilar soyuziga borgan emishman. Yozuvchi o‘rtoqlarim qaerdan olding, deb so‘rashar emish. Saidaxon olib berdi, deyar emishman. O‘shanda Saidaxon menga hech kim aytmagan gapni aytdi. Esimni taniganimdan buyon bunaqa iliq gapni hech kimdan eshitmagan edim. «Xalq dushmani»ning o‘g‘liga birov mehribonchilik qilmagan, boshini silamagan. Bolaligini boladek o‘tkazmagan. Bolaligini tirikchilik ko‘yida isrof qilgan kishi uchun bunday so‘z jahonning jami xazinasidan qimmatroq, o‘ksik qalbga oqib kirgan shaffof tog‘ havosidek qadrli edi...

O‘sha zamonlarda qamoqxona ostonasidan hatlab o‘tgan biron kishining qaytib chiqqanini ko‘rmaganman. Endi men ham qaytib kelishim gumon yo‘lga ketayapman. Saidaxonning iltifotida, bardam bo‘l, diydor ko‘rishamiz, bu kunlar o‘tib ketadi, degan ma’no bor edi. Bu so‘zning yo‘qlik qa’riga singib ketayotgan odamga qanday ta’sir qilishini bilasizmi? Diydasi qattiq odamni ham yig‘latadigan so‘z edi u.

Mushuk bolalari

– Lagerda kechgan hayotingizni eslash Sizga juda og‘irligini bilaman. Shunday bo‘lsa-da, ko‘rgan-kechirganlaringizni gapirib berishingizni iltimos qilardim.

– Jezqozg‘onda dunyoga mashhur mis konlari bor. Mahbuslar ochiq karerlardan, yer ostidan ruda qazib chiqaradilar. Tutqunlarning ko‘pi mis gardidan o‘pka kasaliga mubtalo bo‘ladilar. Mis samovarni ko‘rganmisiz? Zangdan ko‘karib ketadi. Konning atrofi ham bahorda ko‘m-ko‘k bo‘ladi. Bu ko‘kat emas, zanglagan tuproq. Rassomligim ish berdi. Lagerda kim ko‘p, o‘g‘ri-yu kalla-kesar ko‘p. Avvaliga o‘shalarning ko‘kragiga, bilagiga igna bilan har xil nakolkalar (suratlar) ishladim. Ular «ne zabudu mat rodnuyu» (tuqqan onamni unutmayman) degan yozuvni yaxshi ko‘rishardi. Keyin ko‘kraklariga bir shisha aroq, karta va ayol suratini ishlatib, tagiga «mana shular bizni xarob qiladi», deb yozishimni buyurishardi. Rassomligimdan xabar topgan boshliqlar mahbuslarning kiyimlariga nomer yozadigan qilib qo‘yishdi, har bir mahbusning o‘z nomeri bo‘lardi. Tutqunlar ham ismi familiyasi bilan emas, nomeri aytib chaqirilardi.

Xullas, och qolmadim. Rojdestvo, pasxa bayramlarida mahbuslar uylariga otkritka jo‘natishardi. O‘sha otkritkalarga suratlar chizib berardim. «Daromadim»ni hamshahar mahbuslar bilan baham ko‘rardim.

Boshliqlarimizning ayrimlari haddan tashqari shafqatsiz kishilar edi. Kimdir mushuk olib kelib boqa boshladi. Barakdagi qolgan sakson mahbus ham topgan-tutganini olib kelib shu jonivorning og‘ziga tutadigan bo‘ldi. Mushuk ularga uzoqda qolgan, unutilayozgan oila a’zolarini, bola-chaqalarini eslatardi. Bir kuni mushugimiz yettita bola tug‘di. Ular sal kunda ko‘zga ko‘rinib qoldi. Barchaga ermak, barchaning quvonchi edi ular! Kutilmaganda, navbatchi ofitser kirib, hammasini xaltaga solib olib chiqib ketdi va novvoyxona o‘chog‘ida lovullab yonayotgan alangaga ularni navbati bilan bitta-bitta otib, yonishini tomosha qildi!..

Lagerdagi baraklar qulflab qo‘yilardi. Bir tong barakdan yong‘in chiqdi. Olov pech yoniga quritish uchun yoyib qo‘yilgan paytavaga ilashib, qator terib qo‘yilgan piyma (valenka)larga o‘tibdi.

Men kutubxonada yangi yil plakatini ishlayotgan edim. Yonayotgan barakka yugurib keldim. Nazoratchiga, ochmaysanmi, desam, boshliqlar buyruq bermaguncha ochmayman, dedi.

“Odamlar tutundan bo‘g‘ilib o‘ladi-ku!” – deyman yalinib.

“O‘lsa o‘laversin, menga nima. Menga sanaganda tirikmi, o‘likmi, ikki yuzta kuygan kalla bilan to‘rt yuzta oyoq chiqsa bo‘ldi. Qolgani bilan ishim yo‘q”.

Bunday dahshatli manzaralar uzoq vaqtgacha xayolimdan o‘chmadi. Esimga tushganida seskanib ketardim...

«Majruhlar onasi»

– Ana shu ko‘rgan-kechirganlaringizni kitob qilib yozsangiz bo‘ladi-ku?

– Bo‘ladi. Lekin men yozmoqchi emasman. Yozaman, deb bir-ikki marta urinib ham ko‘rdim, yuragim ko‘tarmaydiganga o‘xshaydi. Bilasizmi, Mopassanning «Majruhlar onasi» degan mashhur hikoyasi bor. O‘qiganmisiz?

– Yo‘q.

– Bir ayol har gal bola tug‘ishi oldidan qornini chandib, siqib bog‘lab oladi. Keyin majruh bola tug‘adi. Qiyshiq-qing‘ir tug‘ilgan bolalarni ajoyibotlar ishqibozlariga sotadi. Ular esa majruhlarni ajoyibxonalarda namoyish qilishadi. Xotin o‘z azoblarini, iztiroblarini pulga sotadi. Azoblardan kelgan daromaddan boyimoqchi bo‘ladi.

Lagerda ko‘rgan-kechirganlarimni, tortgan azoblarimni yozmoqchi bo‘lsam, xayolimga majruhlar onasi kelaveradi. Men ham unga o‘xshab azobu iztiroblarimni pulga sotadigandek bo‘laveraman. Yozishga qo‘lim bormaydi.

...Ko‘ksimda alamlar qalashib yotibdi. Bolaligim o‘ksib o‘tdi. Otam, akam, o‘zim «xalq dushmani» bo‘ldik. Deyarli bir umr bo‘ynimni qisib, o‘ksib yashadim. Oqlanib, qaytib kelganimdan keyin ham baxtim ochilmadi. Yozuvchilar soyuzida biron xayrli ish bo‘lsa, ro‘yxatdan o‘chirishardi. Majlislardan boshimni egib chiqib ketardim. Boshimdan o‘tganlarni yozish uchun xayolan bo‘lsa-da, yana qamoqqa borishim, jami iztiroblarni yana ruhan tortishim keraq. Buni endi yuragim ko‘tara olmaydi, deb cho‘chiyman.

Erkaklar hammomi

– Sizni farg‘onacha askiyaga juda usta deyishadi...

- Askiya xalq ijodida eng murakkab janr. Bu tez fikr qilish musobaqasi. Raqib tomonidan berilgan zarbaga bir-ikki lahzada undan o‘tkazib javob qilish kerak. Javob mavzudan chiqmasligi, kishini hayron qoldiradigan darajada mantiqli, so‘z tagiga raqibni «fosh» qiluvchi so‘z yashiringan, ayni paytda juda aqlli, kulgili bo‘lishi shart. Javobi qandoq bo‘larkin, deb tikilib turgan yuzlab ko‘zlar qarshisida dovdiramasdan, o‘zini yo‘qotmasdan, raqibining «salomi»ga shunday «alik» olish kerakki, davra ahli bomba portlagandek, gumburlab kulib yuborsin.

Farg‘ona tomonlarda usta askiyachilar ko‘p. Men ham yigitlik paytlarimda, ishqibozlik qilib, ular bilan askiya aytishganman. Ammo askiya faqat erkaklar davrasida aytishga mo‘ljallangan janr. Abdulla Qahhor bir maqolasida, «askiya go‘ng ustida ochilgan gul» deb aytgan edi. Bu – juda aniq va to‘g‘ri baho.

Askiya zamirida ayollar oldida aytib bo‘lmaydigan uyat gap yotadi. Ba’zan televizorda askiya musobaqalarini ko‘rsatishadi. Unda ayollarning ham gurra-gurra kulishayotganini, ba’zan ularni ham askiyaga aralashayotganlarini ko‘rib hayron bo‘laman. Askiya bamisli erkaklar hammomi, unga ayollarning kirishi mumkin emas.

Umr hisobi

Qanoatda Saida filcha bo‘lurmu hay-xay.

(Qo‘shiqdan)

Domla, sevimli adibimiz, rafiqangiz Saida Zunnunova qazo qilganlariga 20 yildan oshdi. Yolg‘iz o‘zingiz qiynalib qolmayapsizmi? Issiq-sovug‘ingizdan kimlar xabar olib turibdi?

– Boya aytganimdek, uyimdan mehmon uzilmaydi. Qizim, kuyovim, nevaralarim holimdan xabar olib turishadi. Yolg‘izlikka ko‘nikib ham ketdim.

– Shunday bo‘lsa-da, uylanganingiz ma’qulmidi? Yosh bir joyga borganda yotish bor, turish bor, degandek, qiyin-da?

– Uylanish.... Bu gapni ikkinchi og‘zingizga olmang. Endi turmushga chiqib, o‘ynab-kulaman, degan kelinchakning navqiron umri qiynoqlarda o‘tdi. Bu azoblarga u men tufayli giriftor bo‘lgan. Men qamalganimda unga gazeta, jurnallar, nashriyotlar eshigi berkitildi. Soyuz a’zoligidan o‘chirildi. Ikki diplomli bo‘laturib, ishsiz, sargardon bo‘lib yurdi. Eringdan kechsang, hamma yo‘llarni ochib beramiz, deyishdi...

Bunaqa ko‘rguliklarga u ayol boshi bilan bardosh berganda, nahotki men – er kishi chidamasam?..

Dunyoda har bir ishning o‘z hisob-kitobi bor. Har bir aytilgan so‘zning javobi bo‘ladi. Dunyodan ko‘z yumib ketguncha hisob-kitob qilib qo‘yish kerak. Aytilgan gapga javob berib qo‘yish kerak.

Bundan tashqari Xudodan tilab olgan bittagina qizimiz bor. Yolg‘iz bolamning dili og‘rishini istamadim. Saidaxonning kino lentalariga olingan qiyofasi, suratlari, gramplastinka va magnitofonga yozilgan ovozlari, javon to‘la kitoblari, qo‘lyozmalari menga qolgan qimmatbaho xazinadir.

«Suyanadigan chinorlarim bor»

– Bir kuni Siz ustozingiz G‘afur G‘ulomdan, tengdoshlaringizdan qaysi birining asarlarini yaxshi ko‘rasiz, deb so‘raganingizda u kishi, gapni hazilga burib yuborgan ekanlar. Endi shu savolni o‘zingizga bersam, nima deysiz?

– Qariganimda tengdoshlarimning biri yaxshi, biri yomon deb baloga qolmay. Yaxshisi shogirdbachchalardan so‘rang.

– Mayli, shogirdlaringizni ayting, bo‘lmasa...

– U «bezobrazniy»larni shogird deyishga tiling bormaydi. Qolaversa, ularning o‘zi endi katta ustoz bo‘lib qolishgan. Erkinning qanchadan-qancha shogirdlari bor. O‘tkirning ortidan qancha yosh talantlar ergashib yuribdi. Ne’matni aytmay qo‘ya qolay. U hajvchilikda o‘ziga xos maktab yaratyapti.

– Pensiyaga chiqqan kishining biron ermagi bo‘lishi kerak. Masalan, Ayniy domla bo‘sh vaqtlarida nisholda pishirgan ekanlar. Siz-chi?

– Men ellik yildan beri surat olaman. Qaerga bormay, yelkamda fotoapparat osig‘liq. Temir-tersakni yaxshi ko‘raman, radio, magnitofon, telefon apparatlarini kavlab-kavlab oxiri buzib qo‘yaman. Ustaga tuzattirib kelgandan keyin ham kavlayveraman. Ichida nima borligini bilgim keladi-da.

– Abdulla Oripov bilan devor-darmiyon qo‘shni ekansiz. Ko‘rishib turasizlarmi?

– Ha, albatta. Abdulla bolalari kanikulga chiqqanda boqqa ko‘chib keladi. Bog‘imizni guldor panjara ajratib turadi. Unikiga shoirlar, menikiga nosirlar kelishadi. Dam olish kunlari unikida she’rxonlik, menikida askiya, latifago‘ylik bo‘ladi.

– O‘rtadagi o‘sha panjara olib qo‘yilsa bo‘lmaydimi?

– Bo‘lmaydi. Nazm bilan nasr o‘rtasida chegara bo‘lishi kerak. Taqdir taqozosi bilan Yozuvchilar soyuzi ikki ijodiy uyushmaga bo‘linib qolgan. Baribir ijodkorlar bir-birlarini sog‘inib qolishadi. Yaqindagilar tishlashadi, uzoqdagilar kishnashadi, deganlaridek, ular kishnashib qolgan paytlarda mening bog‘imda uchrashib dillarini yozib ketishadi.

– Demak, bog‘ingiz «pom» chiqqanlarni yarashtiradigan joy ekan-da?..

– Shunday desangiz ham bo‘ladi.

– Shogirdlaringiz bilan qandoq til topishasiz?

– Ularning fe’l-atvorlari menga ma’lum. O‘tkir donolik qilib kuydiradi. Nosir gapni chimchilab-chaqib aytadi. Ne’mat gunoh qilib qo‘yganda Buxoro lahjasida ikkita latifa aytib, kuldirib qutuladi. Xudoyberdi «pora» beradi. Uzoq kelmay ketsa, biron paqir shaftolimi, shotut murabbosimi olib keladi. Yegan og‘iz uyalar, deganlaridek uni koyishga tilim bormay qoladi. Do‘st safarda bilinadi. Bu shogirdbachchalar ko‘p safarlarda sinalganlar. Shunday, suyansam bo‘ladigan chinorlarim borligidan quvonaman.

Mashhurlik martaba emas

– Domla, Siz jumhuriyatimizning mashhur ijodkorlaridan birisiz. Qaerga bormang, oldingizdan muxlislaringiz chiqib kelaveradi. Bu Sizga yoqadimi?

– Ustoz Abdulla Qahhor hazillashib, «men qilgan mehnatni maymun qilganda u ham yozuvchi bo‘lib ketar edi», degan. Nimagaki erishgan bo‘lsam, faqat mehnatim orqali erishganman. Mashhurlik masalasida bir nima deyishim qiyin. Kim biladi, u balki mas’uliyat deganidir. Mashhur kishi xalqning ko‘zida bo‘ladi. Har gapi, har bir harakati el nazarida turadi.

Xudo meni mehnatdan judo qilmasin.

(O‘zA).

“O‘zbekiston ovozi” gazetasi, 1992 yil oktyabr

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.