OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ko‘zgu siniqlari yoxud aytilmagan so‘z qudrati (Uzoq Jo‘raqulov bilan suhbat) (2013)

– Dunyo adabiyoti tarixidan ma’lumki, hikoya prozaning keng tarqalgan va shunga mos ravishda kuchli taraqqiy etgan janrlaridan biridir. Adabiyot tarixida bor mahoratini ishga solib, hikoya janrining eng go‘zal namunalarini yaratgan adiblar ko‘p uchraydi. Aytish mumkinki, J.London, S.Sveyg, P.Merime, H.Hesse, O.Genri, Mopassan kabi adiblarni yirik hajmli asarlaridan ko‘ra hikoyalari ko‘proq mashhur qilgan. Bu holat mazkur janrning ichki imkoniyatlari bilan bog‘liqmi?

– Har qanday adabiy janr asosini Yaratganning buyuk san’ati – makon-zamon kengliklarida aylanib turuvchi voqelik tashkil etadi. Ammo uni qamrovlash, badiiy aks ettirishning yo‘llari, darajalari xilma-xil va o‘zaro tubdan farq qiladi. Bunday farq milliy adabiyotlar, davrlar, avlodlar va bir ijodkor hayotiga oid turli bosqichlar, kayfiyatlar diopozonida ko‘proq kuzatiladi.

Voqelikni anglash, talqin etishning inson tomonidan kashf etilgan minglab usullari bor. Bularning ba’zilari falsafa, ba’zilari fan, ba’zilari esa hayotiy tajribalar negizida shakllangan. Inchunun, bunday vositalarning barchasi o‘z maqsadi, imkoniyatlari doirasida, inson va inson uchun yaratilgan borliq olam(“to‘qquz aflok”)ni tushunish, anglashga qaratiladi. Navoiy hazratlari “Lison ut-tayr” debochasida yozadilar:

Aylagach doir to‘quz aflokni,
Qosir etdi fahmidin idrokni...

Ya’ni Alloh taolo “to‘qquz aflok”, demakkim, butun moddiyat dunyosini yaratdi. Uni makon-zamon o‘lchovida harakatga keltirdi. Ammo borliq aro zarra misol – inson, uning uchun yaratilgan “to‘qquz aflok”, ularda kechmish va kechajak voqeotlar mohiyatini, dunyoning avvali-yu oxirini to‘la anglash, idroklash imkoniyati Odam bolasiga berilmagan.

Insoniyat o‘z tarixi davomida erishgan barcha kash­fiyotlar, ilmlar, falsafalar mana shu “imkoniyat” doirasida tug‘ilgan. Jarayon esa davom etyapti. Bu jarayon qachon boshlangan va qachon tugashini bir Zotdan o‘zga hech kim bilmaydi. Xususan, adabiyot ham shu jarayonda maydonga kelgan idroklash vositalarining eng to‘ng‘ichi, ta’bir joiz bo‘lsa, eng mukammalidir. Chunki fan, falsafa singari bilish vositalari, asosan, tafakkur bilan ish ko‘radi. Voqelikni idroklashning ratsional yo‘lidan boradi. Shu bois ham fan va falsafa qamrovi tafakkur chegaralari qadar. Illo, ulug‘lardan biri aytganidek: “Aql Ka’baga bormoqqa tuya hozirlaguncha, qalb uni ming bor ziyorat qilib keladi”. Adabiyot bilish vositalari ichida hissiyot va tafakkurni, tana va ruhni o‘zida jamlash ehtimoli ortiqroq bo‘lgan birdan-bir fenomen. Bunday qo‘sh qanot imkoniyati esa uning makon-zamon chegaralari bo‘ylab kengroq ko‘lam egallashini ta’minlaydi.

Agar biz asl adabiyotni voqelik aks etgan bir ko‘zguga qiyoslaydigan bo‘lsak, hikoya janri ushbu ko‘z­gu­ning siniqlaridir. Ammo hikoyaning bor qudrati ham aynan shu siniqligida. Zarrada borliq, qatrada ummon, nur tolasida quyosh aks etishini yodga olsak, hikoyaning asl qudratini teran his qilamiz. Insonga xos ulug‘vorlik va shariflik butun borliqdan ko‘ra ustunroq bo‘lganidek (Barchasini garchi latif aylading, Boridin insonni sharif aylading... Navoiy), ba’zan qatra imkoniyati ummon imkoniyatlaridan us­tunlik qiladiki, jahon adabiyoti tarixida siz kuzatgan holatlar shu bilan izohlanadi.

Jahon adabiyoti tarixida A.P.Chexov, S.Moem, J.London, H.Hesse, O.Genri singari mashhur hi­koya­navislar bilan bir qatorda L.N.Tolstoy, U.Folk­ner, M.Sholoxov kabi bu janrga kamroq murojaat qilgan, ammo bir-ikki hikoyasi misolida betakror san’at namunasini meros qoldirgan yozuvchilar ham uchraydi. Tolstoyning “Avliyo Sergiy”, Folknerning “Qora musiqa”, Sholoxovning “Xol” hikoyalari mana shunday noyob badiiy kashfiyotlar hisoblanadi.

Endi ichki imkoniyat masalasiga keladigan bo‘lsak, u janrda emas, yozuvchida bo‘ladi. Har bir adabiy janrning kashf etilgan va yuzaga chiqmagan bitmas-tuganmas imkoniyatlari bor. Badiiyati yuksak hikoyaning maydonga kelishi soddagina – xuddi ot va chavandoz mu­nosabatiga o‘xshaydi. Xalqimiz orasida bor-ku, ot o‘ziga munosib chavandozni topsa, maydon uniki. Xuddi shunday iste’dod, haq so‘z, mos voqea, shunga munosib kayfiyat, ayniqsa, fikr va amal uyg‘unlashgan nuqtada hatto romanlarni dog‘da qoldiruvchi hikoya dunyoga kelishi mumkin.

– Adabiyot yaralganidan buyon unda “ustoz-shogird” an’anasi davom etib kelmoqda. Shunday adiblar borki, ular o‘zlariga “uvays” us­tozlar tanlashgan va bu tanlov o‘zini to‘la ma’noda oqlagan. Nazarimda, mazkur an’ana aynan hi­koya­chilikda ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Fikrimni oqlash uchun ba’zi misollarni keltirsam. O‘zbek hikoyachiligining ustozlaridan bo‘lgan Abdulla Qahhor hikoyachilikda Chexov uslubiga yaqin bo‘lgan siqiqlik, so‘zni qizg‘anish va real hayotga iloji boricha yaqinlashishni ma’qul ko‘rgan. Milliy hikoyachiligimizning yana bir yorqin namoyandasi – Sh.Xolmirzaev esa o‘zi tug‘ilgan Surxon dashtlariday keng va xotirjam yozgan. Uning “hikoya” degan nom ostida chop ettirgan ba’zi asarlari, hajmiga ko‘ra qissaga yaqin turadi. Buning boisi shuki, u jahon adiblari orasida Tolstoy boboga o‘xshash ezmaroqlarini ko‘p o‘qigan, inson taqdirini keng va har tomonlama talqin etgan adiblarga yaxshi ma’noda ergashgan. Umuman, hikoyachilikda hajmning ahamiyati bormi?

– Adabiy ta’sir adabiy-tarixiy jarayonning o‘zak muammolaridan. Ammo, taassuflar bo‘lsinki, bu muhim hodisaga xos ma’naviy mezonlar, adabiy-es­tetik kriteriylar bizda aniq, ilmiy-nazariy tushuncha o‘laroq shakllanmagan. Bu masalada, bizda bo‘l­ganidek, yondosh yoki qardosh adabiyotlar negizida ishlab chiqilgan kriteriylarni etalon qilib olish tamoyili o‘zini oqlamaydi. Adabiy ta’sir yoki komparativistika jarayoni har bir milliy adabiyot doirasida o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi. Bizda aynan shu – adabiy ta’sir tamoyillarini milliy estetik tafakkur mezonlari negizida tayin etishda oqsash bor.

Siz adabiy ta’sir namunasi sifatida eslagan holatning, “ustoz-shogird an’analarining” ham poydevori u qadar mustahkam emas, og‘izdan-og‘izga o‘tib yurgich bu gaplarning teran ilmiy asosi yo‘q hisobi. Hatto bunday fikrlar adabiy jarayon botinidan emas, balki kimlarningdir xohish-istaklaridan tug‘ilgan, unchalik obro‘ keltiravermaydigan “sayyor luqmalar” de­yilsa ham, haqiqatga xilof bo‘lmaydi.

Holbuki, Chexov hikoyachiligi misolida bizda ko‘k­ka ko‘tarilgan jihatlar jahon adabiyoti kontekstida u qadar noyob hodisa sanalmaydi. Chexov hikoyalari zalvorini ich-ichidan his qilgan, o‘zini uning haqiqiy shogirdlaridan hisoblagan, hatto bu bilan faxrlangan Somerset Moem o‘ta kichik hajmli, chexovcha siqiq hikoyalarning maydonga kelishini o‘sha davr matbaachiligidagi iqtisodiy tanqislik muammolari bilan bog‘lab izohlaydi. Uning yozishicha, dastlab asosan siyosiy, tijoriy xabar va reklamalarni chop etish uchun mo‘ljallangan gazetalarda badiiy asarlarga o‘rin ajratish rasm bo‘lmagan. Faqat gazeta maketlari chizilib, reklama va xabarlardan ortib qolgan, reklama sig‘dirishning imkoni bo‘lmagan burchak-burchakdagi g‘arib joylarda keyinchalik biror badiiy asar bosish rasmga kirgan. Shuning uchun ham asarini matbuotda chiqarishni xohlagan yozuvchi reklamadan ortgan o‘sha kichkina joyga mos jajji hikoya yozishga majbur bo‘lgan. Kichik hajmli hikoyalarning ayanchli tarixi shu xolos.

Qolaversa, Chexov hikoyachiligi darajasi, unga xos ulkan poetik qamrov, insoniy ulug‘vorlik va tubanlik, hayot va o‘lim, jamiyat va shaxs masalalari, dramatik va tragikomik holatlar tasviri uning A.Qahhor ergashgan “mayda” hikoyalarida emas, balki “O‘qituvchi”, “Anyuta”, “Agafiya”, “Birinchi klass passajiri”, “Tutqanoq”, “Knyaginya” kabi “katta” hikoyalarida ko‘rinadi.

Endi Tolstoy masalasiga keladigan bo‘lsak, mening kuzatishimcha, unda artistizm, sun’iy zo‘riqishdan asar yo‘q. Voqelikni kuzatish, uni tarkiban saralash, mushohada-muroqaba etish va, eng muhimi, badiiy ifodalashda mustahkam tayanch, ulug‘vor bir nuqtai nazar, komil e’tiqod Tolstoy asarlarining darajasini an­cha balandga olib chiqadiki, XX asrning sho‘roviy tuzumi qolipida shakllangan bizning yozuvchilarimiz orasidan bunday mutafakkir shaxsni topishga urinishning o‘zi mantiqqa zid. Shubhasiz aytish mumkinki, Lev Tolstoy o‘zining romanlari, qissa va hikoyalari, umri poyonida yozgan tazarru va naqllari bilan butun boshli badiiy sistema. XX asr o‘zbek prozasi, xususan, hikoyachiligi tarixida esa “Uloqda”, “Bodom qishda gulladi”, “Urushning so‘nggi qurboni”, “Anoyining jaydari olmasi”, “Etakdagi kulba”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi” kabi bir nechta hikoyalarnigina sanash mumkin.

Har qanday yaxshi hikoya o‘zining shakli va hajmi bilan tug‘iladi. Yozuvchi uni ataylabdan kichik yoki katta hajmli qilib yoza olmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, bu jajji janrning kichik yoki katta ekanini katta adabiyotga naqadar dahldor ekaniga qarab belgilansa, to‘g‘riroq bo‘ladi. Katta adabiyot esa, menimcha, Navoiy, Servantes, Shekspir, Gyote, Pushkin, Tolstoy, Dostoevskiy, Qodiriylar mansub adabiyotdir.

– Zamon evrilishlari insonning ichki, ru­hiy eh­tiyojlarida ham namoyon bo‘ladi. Misol uchun, o‘tgan asr o‘quvchisi voqeaband asarlarga ko‘proq moyil edi. Shu bois insonning botiniy, hissiy hayoti tasvirlangan hikoyalarga “tishi o‘tadigan” kitobxonlar hatto ijod ah­li ora­sida ham unchalik ko‘p emasdi. Jahon hi­koyachiligi namunalari, xususan, insonning ru­hiy to‘lg‘oqlariga bag‘ishlangan hikoyalar tarjima qilinib, ularning ilk namunalarini matbuotda chop etilganda, dastavval bu “zerikarli” asarlarni qabul qilolmadik. (Bu hikoyalarning ak­sariyati Lotin Amerikasi adabiyoti vakillari ijodidan edi) Hali o‘zbek adabiyotida bu toifa hikoyalar deyarli yo‘q edi. Ko‘p o‘tmay, milliy adabiyotimizda ham shunga o‘xshash asarlar paydo bo‘ladi boshladi. Aytish mumkinki, A.A’zam, E.A’zam, X.Do‘stmuhammad, N.Eshonqul, L.Bo‘rixon, U.Hamdam, A.Yo‘ldosh, B.Qobul, B.Abdurazzoq kabi adiblarimiz zamonaviy prozaga chin ma’noda yangilik olib kirishdi. Shu ma’noda “Tugmachagul”, “Anoyining jaydari olmasi”, “Jajman”, “Maymun yetaklagan odam”, “Qo‘lga tushgan qorbobo”, “Tosh”, “Puankare”, “Qora ki­yik ta’qibi” kabi qator hikoyalar misolida o‘zbek hi­koyachiligida ro‘y bergan tadrijiy o‘zgarishlarni ham kuzatish mumkin. Siz nima deb o‘ylaysiz, prozada vo­qeabandlikdan bir oz yiroqlashib, asosan ru­hiyatga, sezgiga urg‘u berilishi kitobxonni asl adabiyotdan uzoqlashtirib qo‘ymasmikan?

– G‘alvir bilan suv tashib bo‘lmaydi. Suv tashish uchun chelak kerak. Yoki shamolni yuganlashga, hushtakka tugma qadashga urinishda hech bir mantiq yo‘q. Ammo jahon adabiyoti maydonida shunga o‘xshash holatlar mavjud ekan, buni avvalo tushunishga, imkoni bo‘lsa tushuntirishga urinishning zarari yo‘q.

Agar siz aytgandek, hikoya janri doirasida “insonning botiniy, hissiy hayoti”ni tasvirlash tamoyili mavjud bo‘lsa, bu ham hushtakka tugma qadashga urinishdek bir gap.

Nima uchun bunday deyapman?

Azal-azaldan ulkan qamrovli, ko‘p va egri chi­ziqli voqelikni proza yo‘lida tasvirlash vazifasini epos, epopeya va roman bajarib keladi. Hikoya joriy voqelikdan bir parchani tanlab oladi va tasvirlaydi. Botin olami, hissiyot kengliklari xususida so‘z aytish esa qissa janrining vazifasiga kiradi. Hatto “Qur’on”da ham yagona shaxs zohiriy va botiniy hayoti haqidagi xabarlarga nisbatan “qissa” istilohi qo‘llanadi(masalan, Ismoil alayhissalom, Yusuf alayhissalom, Ayyub alayhissalom qissalari kabi). Xalq nasrida bo‘lsa, “Ibrohim Adham qissasi”, “Shoh Mashrab qissasi”, “Zufunun qissasi” singari mashhur kitoblar bor. Ularda ham xalq badiiy tafakkuri keng­liklarida ifodalangan ayni tamoyil aks etadi. Demak, azaldan botiniy hayot tasviri qissa janriga tegishli. Shu bois ham bu vazifani hikoyaga yuklash yoki shunday ifoda tarziga ega asarlarni hikoyaga nisbatlash g‘alvirda suv tashish yo hushtakka tugma qadashga urinishga o‘xshaydi.

Modomiki, umuman adabiyotda bunday holatlar bor ekan, buning yana bir grotesk-izohini keltirishim mumkin. Deylik, uyida chelagi yo‘q odamning amal-taqal qilib g‘alvirda suv olib kelishi haqida “Chorasizlik” degan hikoya yozish mumkin bo‘lganidek, botin olami va hissiyotlarini tugal anglamagan, boshqacha aytganda, botini butun bo‘lmagan ijodkorlarning hikoya ustiga bunday yuk qo‘yishini ham tushunish mumkindir, ehtimol.

Lekin, har qanday istiora o‘yinlarini chetga surib aytishim mumkinki, voqelikka ko‘chmagan botin, vo­qelikda ifodalanmagan hissiyot bo‘ronlari haqiqiy hikoyaga aylanishi mumkin emas.

– So‘nggi yillarda e’tirof etilgan hi­koya­larni ko‘zdan kechirayotib, xayoldan bir fikr o‘tadi. Bugun zamonaviy proza vakili uchun so‘zni his eta bilish iste’dodidan ham ko‘ra inson psixologiyasidan xabardorlik layoqati zarurroqqa o‘xshab qoldi. Chunki adabiyot, xususan, uning zabardast qismi bo‘lgan proza inson ruhiyatiga tobora chuqurroq kirib bormoqda. Lekin har qanday asar avvalo kitobxon uchun yoziladi. Xo‘sh, kitobxon bunday murakkab asarlarni o‘qishga tayyormi? Agar tayyor bo‘lmasa uni yangi davr asarlari mutolaasiga qanday hozirlash mumkin?

– Zotan, insoniyatga ruh haqida juda kam bilim berilgan. Yuqorida ham aytdimki, insonshunoslik, demak, ruhshunoslik vazifasiga loyiq birgina talqin vositasi bor, u ham bo‘lsa faqat adabiyot. Shu bois, hat­to qilni qirq yoradigan Z.Freyd, K.Yung, E.Fromm, J.Lakan kabi psixoanalitiklar ham, garchi asosiy tad­qiqot ob’ektlari tirik odam bo‘lishiga qaramasdan, o‘z xulosalarida badiiy adabiyotga tayanadilar.

Ming yillik sharq-islom lirikasi, xamsachiligi, voqeotnavislik, holotnavislik va manoqibotlardagi nozik psixologizm mohiyati haqida biz hali o‘ylab ham ko‘rganimiz yo‘q. Gomer, Sofokl, Esxil, Yevripid, Shekspir, Servantes, Gyote, Pushkin, Tolstoy, Dostoevs­kiy, Qodiriy, Oybek, G‘.G‘ulom, A.Oripov, R.Parfilar asarlari ham aynan shu fazilati sabab yashab turibdi. Demak, bu sifat adabiyotning o‘zagini tashkil etishi bugunning gapi emas. Hatto bugungi adabiyot turli “degumanizatsiya”larga chalg‘ib, asl missiyasidan bir oz chalg‘igandek tuyuladi menga.

Agar ayni zamon o‘quvchisining o‘sha “chuqur”likka da’vo qilayotgan ba’zi asarlarga “tishi o‘tmayotgan” ekan, buning sabablarini o‘quvchidan emas, ijodkor ma’naviyatidan izlash to‘g‘riroqqa o‘xshaydi. Holbuki, inson psixologiyasining xolis va to‘g‘ri tasviri o‘quv­chini badiiy asardan uzoqlashtirishi emas, aksincha, yaqinlashtirishi lozim.

Garchi, qalamning vazni qamish poyasi, g‘oz pati bi­lan o‘lchansa-da, insonshunoslik mas’uliyatini bo‘y­niga olgan odam pokiza, sohibi hikmat, xalq dostonlaridagi bahodirlardek alp bo‘lishi lozim. Yo‘qsa, “So‘z vodiylarida” adashib qoladi, qalamni ko‘tarolmay arosat sahrosida nobud bo‘ladi.

– Jahon adabiyoti tajribalarini o‘rganib borish va olgan bilimlari asosida yangi an’analarni yaratish har bir millat adabiyotining muhim fazilatlaridan biridir. Shu ma’noda o‘zbek hi­koyachiligi ham dunyo novellestikasining yaxshi an’analaridan ko‘p narsani o‘rgandi. Sizningcha, qaysi hikoyalarni “jahon standartlari”ga mos keladigan hikoyalar deb atasak bo‘ladi?

– Xuddi Nobel mukofotlari singari “jahon standartlari” degan gap ham o‘ta nisbiy tushuncha. Chunki bu o‘rinda, avvalo, ushbu “standart”lar qanday mezonlarga tayanadi, degan savolni qo‘yish, unga munosib javob topishga urinish muhimroq. Biz, birinchi nav­batda, standart nima ekanini bilib olishimiz, standart mezonlarini belgilashimiz, shundan so‘nggina o‘z “standart”larimiz haqida so‘z yuritishimiz lozim.

Bizda chin ma’nodagi standartlar bo‘lgan. Buni Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Yusuf xos Hojib, Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab, Zokirjon Furqat kabi sharq shoirlari yaxshi bilishgan. Bir asrdan ortiq uzilish davri, ma’naviy-ruhiy tobelik oqibati o‘laroq biz XX asr kishilari bunday barhayot ilmlardan uzoqlashdik. Standartlarimizni yo‘qotib qo‘ydik. Bugun o‘z adabiyotimiz tarixini jiddiy o‘rganish, badiiylik mezonlarini tiklash, amal va so‘z uyg‘unligiga erishish, zamonaviy adabiyotimiz, ijodkorlarimiz uchun eng muhim vazifa hisoblanadi. O‘ylashimcha, o‘shandagina biz o‘z standartlarimizga ega bo‘lamiz. Shundagina G‘arb va boshqa sharq xalqlari zamonaviy adabiyoti tajribalarini o‘z asarlarimizga sintezlay olamiz. Balki shunda “jahon standartlari” degan kalima ham o‘zgacharoq, kengroq ma’no kasb etar. Illo, o‘zbek adabiyoti uchun XXI asr umidlar, izlanishlar, o‘zgarishlar asri bo‘lishiga shubha qilmayman.

– Jon Golsuorsi o‘zining “Adabiyot va hayot” nomli maqolasida shunday yozadi: “...muallifi hayot ekan, uning asarini hali adabiyot deb hi­soblamaymiz”. Bir oz telbanamo tuyulgan bu fikr qatida hayot, yanayam to‘g‘rirog‘i adabiyot ha­qiqati mujassam. Ya’ni asarning asl qiy­ma­tini vaqt belgilaydi. Vaqt asarlarni abadiyat kutubxonasi uchun saralab oladi. Adabiyotshunoslar ham ma’lum ma’noda vaqtning ko‘makchilaridir. Ba’zida adabiyotshunoslarni “ada­biy bashoratchilar” deb ataging keladi. Sizningcha, zamona­viy o‘zbek hikoyalari orasida 22 asrga hech bir to‘siqsiz “oshib” o‘tadiganlari bormi?

– Aytganingizdek, vaqt degan narsa shu qadar in­jiq, murakkab va shafqatsizki, u har qanday asarni uning “bashoratchilari” bilan qo‘shib tarix sahnasidan supurib tashlashi mumkin. Shuning uchun ham bashorat salohiyati faqat payg‘ambarlarga, karomat esa avliyolarga beriladi.

Binobarin, XX asrdan XXI asrga “oshib” o‘tgan hi­koyalarni ham, hatto XXII asrda muhaqqaq o‘qilish ehtimoli bo‘lgan asarlarni ham tom ma’noda abadiyat “ro‘yxat”iga kirgan asarlar deb bo‘lmaydi. Asar o‘qilyapti degani ham, uning tom ma’noda yashayotganiga kafolat bo‘la olmasligi mumkin. Asl adabiyot vaqt va vaqtdan-da ulkan mezonlarda o‘lchanadi. Bu mezon mohiyatini Yusuf xos Hojib, Yassaviy, Navoiylar davrida yaxshi anglashgan. Asl adabiyot kengliklarida biz bilgan mezon tushunchasining o‘zi ham mezon sanalmay qoladi. Shuning uchun bu masala talqinida bizning qarichlarimiz judayam maydalik qiladi.

Bugungi hikoyachilik haqidagi real kuzatishlar asosida xulosa qiladigan bo‘lsak, bu janrdagi muhim yangilik istioraviylikda ko‘rinyapti, deyish mumkin. Bunda voqelik yozuvchi tomonidan o‘zining makon-zamon doirasidagi real vazifasidan ajratib olinib, istiora shakli o‘laroq qayta modellashtiriladi. Natijada kichik bir hikoya ulkan ma’naviy ahamiyat, salmoqdor umuminsoniy mazmunni ifodalay oladi. Bunday ho­latning bugungi o‘zbek hikoyachiligida ko‘rinayotgani quvonarli, ammo tom ma’noda yangilik emas. Negaki, ular bizga Rumiy va Navoiy ko‘p bor murojaat etgan hikoyatlar – naql-istioralarni eslatadi(fil, uzum, dengiz haqidagi hikoyatlarni eslang).

Nurulloh Muhammad Raufxonning “Etakdagi kulba”, Luqmon Bo‘rixonning “Temir sandiq”, Rahimjon Rahmatning “Adashvoy”, U.Hamdamning “Safar”, I.Sul­tonning “Suvdagi kosa”hikoyalarida mana shunday jiddiy va xayrli an’analarning izi ko‘rinadi. Nasrimizning o‘n besh-yigirma yil ichida erishgan jiddiy yutug‘i ham ehtimol shudir.

Ammo muammo shundaki, hali bizda qadim istiora maktabi an’analarining tom ma’nodagi zamonaviy shakli maydonga kelgani yo‘q. Istioraviylik, shubha tug‘dirmaydigan darajada, zamonaviy hikoyamiz libosiga aylanmagan. Ehtimol, shu jarayon bosib o‘tilsa, yangi o‘zbek hikoyasi ma’lum badiiiyat kengliklari tomon harakatlana olar.

– O‘zbek hikoyachiligining yangi avlodidan ko‘ng­­lin­giz to‘ladimi? Yosh hikoyanavislardan qay biri sizga ma’qul bo‘lyapti?

– Agar Nazar Eshonqul, Luqmon Bo‘rixon, Ulug‘bek Hamdam, Isajon Sultonlarni yosh yozuvchilar safi­dan chiqqan deb hisoblaydigan bo‘lsak, bu safga man­­sub ijodkor sifatida bir-ikki hikoya yozgan yosh qa­lamkashnigina ko‘rsatishim mumkin. Illo, sanalgan yozuvchilardan keyin maydonga chiqqan yosh hikoyanavisni ko‘rsata olmayman.

Shularning o‘zi ham chamamda ikki toifaga bo‘­linadi.

Birinchi toifaga – o‘ta “faol” va adabiyotning alifbosini o‘rganib-o‘rganmay adabiy jarayon maydoniga o‘zini urayotganlar kiradi. O‘zingizga ma’lum, “sariq matbuot” degan balo bularni qizg‘in tarzda qo‘l­lab-quvvatlab turibdi. Ammo bu fojiaviy ham, kutilmagan holat ham emas. Bundan qo‘rqmaslik kerak. Vaqt to‘fonining o‘zi ularni sahnadan surib tashlaydi. Badiiy xotira ularni saqlab qolmaydi, balki bir tatib ko‘rib, axlat chelagiga uloqtiradi. Chiqindi bari bir chiqindi-da, shunday bo‘lgach, undan qanday yangilik kutish mumkin.

Ikkinchi toifani – adabiyotning alifbosini o‘r­ganishga urinayotganlar, qarib qolishdan qo‘rqmay o‘z ustida ishlayotgan, o‘rganayotgan yosh qalamkashlar tashkil etadi. Balki asl adabiyot uchun eng muhim narsa bu emas, Yaratgan bergan iste’doddir. Ammo o‘rganish, izlanish, anglash uchun ham iste’dod kerak. O‘ylashimcha, adabiyot alifbosini o‘rganish, birinchi navbatda, “kechikkan kashfiyot” (B.Qosimov) sohibining holiga tushmaslik, yangidan amerika ochmaslik, yangi gap aytish uchun zarur. Dunyodagi eng buyuk ijodkorlar ham mana shu bosqichni chin ma’noda bosib o‘tganlardan chiqqan. Adabiyot tarixida bunga misollar juda ko‘p. Juda uzoqqa bormasdan o‘z adabiyotimizdan Navoiyni, rus adabiyotidan Tolstoyni kuzatsak ham savolga o‘rin qolmaydi.

Ochig‘i, mening butun umidim mana shu ikkinchi toifadan. Xotirjam, shon-shuhrat bodiga aldanmasdan, qorin g‘amiga bog‘lanib qolmasdan, katta maqsadlar sari intilayotgan yoshlardan. Bundaylar qatorida bir-ikki nomni sanashim mumkin edi. Ammo keling, shu nomlar sirligicha qola qolsin. Zotan, aytilmagan so‘z, oshkor bo‘lmagan sirning qudrati ulkan bo‘ladi...

Suhbatdosh: Gulnoz Mo‘minova

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 5-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.