OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

«Millat otasi»ning soyasida (Temur Po‘latov bilan suhbat) (1988)

L. Brejnevning «yozuvchilik» faoliyati hammaga yaxshi ma’lum. Unga birinchi nomerli yozuvchilik guvohnomasini berish uchun SSSR Yozuvchilar Soyuzining a’zolik biletlarini almashtirishga tayyorgarlik ko‘rishayotgan edilar. Afsuski, ulgurishmadi. Sh. Rashidov esa bu borada yuksak martabali homiysini ancha ortda qoldirgandi. Ko‘p yillardan buyon SSSR Yozuvchilar Soyuzining spravochnigida uning ismi sharifi qayd etilar, «asarlari» esa eng yaxshi jurnallarda hamda alohida kitob holida ketma-ket nashr qilinardi. Har qanday shaxsni ortiqcha ulug‘lash, unga sig‘inishning mantiqiy asosi mana bunga o‘xshash: respublikaning «eng ulug‘ odami» «yozuvchi» bo‘lsa, demak, eng yaxshi yozuvchi ham xuddi uning o‘zidir. Shunday ekan, unga zamondosh, u bilan yonma-yon yashagan «yaxshi» bo‘lmasa-da, chinakam o‘zbek yozuvchilarining ahvoli qanday edi? Ana shunday yozuvchilardan biri — Temur Po‘latov bilan suhbatni e’tiboringizga havola etayotirmiz.

Bugungi kunda Temur Po‘latovni O‘zbekistonning eng taniqli yozuvchilaridan biri deb tan olishadi. Ammo uni elga tanitgan, ijodiga katta qiziqish uyg‘otgan asarlari — «G‘oyibning ikkinchi safari», «Mulk», «Kunda-shunda», «Buxoro xonadonining kechmishlari», «Toroziy toshbaqasi» va boshqa kitoblarining birontasini ham yozuvchi o‘z vaqtida, o‘z vatani — Toshkentda nashr ettira olmadi. Ularning bari Moskvada chop etildi. Temur Po‘latov yashab, ijod etayotgan respublikada uni, go‘yoki unutib qo‘ydilar. Bu hol yigirma yilcha davom etdi.

Bunday kun faqat Temur Po‘latovning boshigagina tushgani yo‘q. Bunday kun, ming afsuski, Rashidov va uning tevaragidagilar sha’niga madhiyalar to‘qishni istamagan, o‘z ocherk, doston va romanlarida O‘zbekistonning «gullab-yashnaganini» kuylamagan, respublikaning «dono rahbarini» ulug‘lamagan barcha o‘zbek yozuvchilari uchun tipnk qismat bo‘lib qoldi. Respublika hukumatiga sira yoqmaydigan bunday yozuvchilar tazyiq ostiga olindilar, ularning asarlarini nashr etish to‘xtatib qo‘yildi. Yaqinda Moskvada bo‘lib o‘tgan SSSR Yozuvchilar Soyuzining plenumida ham ana shular haqida keng, atroflicha gapirildi.

Men endilikda respublika Davlat mukofotining laureati, O‘zbekiston Yozuvchilar soyuzi pravleniesi Prezidiumining a’zosi Temur Po‘latovdan Rashidov davridagi adabiy hayot haqida yanada batafsilroq so‘zlab berishni iltimos qildim. Bu mavzu shuning uchun ham qiziqarliki, o‘sha yillari Rashidov respublikaning yetakchi adibi hisoblanar, uning asarlari maktablar va oliy o‘quv yurtlarida majburiy tartibda o‘rganilar edi.

Suhbatnn boshlar ekanman, u hamsuhbatim uchun bunchalik uzoq va og‘ir bo‘lishini sira kutmagan edim. Biz bir necha bor Toshkentda, keyin esa, Moskvada, Temur Po‘latov Yozuvchilar Soyuzi plenumiga kelganida qayta-qayta suhbat qurdikki, tobora yangi-yangi faktlar, voqealar va nomlar bilan boyib borayotgan bu o‘tmishning go‘yo chek-chegarasi yo‘qday tuyulardi...

— U davr haqida so‘zlash og‘ir, ammo gapirish kerak. Shaxsiy hisob-kitob uchun emas, balki tavba-tazarru uchun, so‘zdagina, «tildagina» emas, balki qalb va vijdonning tub-tublarigacha tozarish uchun gapirmoq kerak. Bizning O‘zbekistonda negadir qattiq ishonar edilar: Rashidov, agar uni yomon rahbar desalar, chidashi mumkin, ammo, xudo saqlasinki, uni yomon yozuvchi deb aytsalar bormi... Uni yomon rahbar deyishga kim jur’at qildi ekan, bilmayman. Chunki L. I. Brejnev ikki marta — 1974 va 1977 yillarda, respublikada qo‘shib yozish va boshqa ko‘zbo‘yamachiliklar avjiga chiqqan bir paytda Rashidovning ko‘ksiga Sotsialistik Mehnat Qahramoni nishonini taqib qo‘yar ekan, uni respublikaning «ishonchli, ko‘p yillik sinovlardan o‘tgan yo‘lboshchisi» deb baholagan edi.

Sharqda hukmdorlarga xos qadim an’ana mavjud — ularning ko‘pchiligi she’riyatga xizmati bilan xalq ko‘zi oldida o‘zlarini ezgulik tarafdorlari qilib ko‘rsatishga urinadilar. Bir qator hukmdor-shoirlarni sanab o‘tish mumkin. Ularning shon-shuhrati, ehtimol, Rashidovga ham tinchlik bermagandir...

— Ammo barcha davrlarda ham zulm va istibdodga qarshi turuvchi she’riyat ham bor edi-ku. Deylik, Epikur izdoshiUmar Xayyom, yorning bir tabassumi uchun Samarqandu Buxoroni berishga tayyor turgan Hofiz, «Shohnoma» dostoni uchun in’om etilgan boylikni kambag‘allarga ulashgan Firdavsiy...

— Ammo bunday shoirlarni kamsitish uchun hukmdorlar ularni kim deb atashganini bilasizmi? «Devona» — bu olamga begona. Rashidov ham o‘z asarlari qimmatini shubha ostiga olgan barcha haqiqatgo‘y yozuvchilarni «devonalar» deb hisoblar edi.

Taniqli yozuvchi, SSSR Davlat mukofotining laureati A. Qahhor Rashidovning «Bo‘rondan kuchli» romanining Lenin mukofotiga tavsiya etilishiga qarshi so‘zlagani uchun laganbardor adabiy amaldorlar tomonidan tazyiq ostiga olindi. Kechagina uning do‘stlari va shogirdlari bo‘lganlar yozuvchilarning yig‘ilishlarida, gazetalar sahifalarida A. Qahhorni «gullayotgan O‘zbekistonni badnom qiluvchi», «o‘z xalqining baxt-saodatiga soya tashlovchi» deb atay boshladilar. Ular uchun, go‘yoki, «qattiq haqoratlangan», kek saqlovchi va o‘ch oluvchi Rashidov O‘zbekistonning, o‘zbek xalqining sinonimi edi. Hatto o‘sha yillari Toshkentda yashagan K. Simonov va V. Ovechkinlar ham A. Qahhorni himoya qila olmadilar. Ta’qib va tuhmatlar ostida qolgan adib o‘z reja va orzu-o‘ylarini to‘laligicha qog‘ozga tushirolmay hayotdan bevaqt ko‘z yumdi. Hatto tor davralarda ham Rashidov sha’niga nomaqbul gap aytib bo‘lmay qolgandi. Har yerda uning ayg‘oqchilari yurardi. Adabiyotshunos E. Rustamov o‘z aspiranti bilan suhbatlashayotib, «Rashidov bizning tanqidchilarimiz aytayotganlaridek zo‘r yozuvchi emas», deganini ayg‘oqchilardan biri «yo‘lboshchi»ga yetkazadi. Buyuk rus olimi Ye. E. Bertelsning shogirdi, Turkiya va Italiyada ham e’tibor topgan ajoyib asar — «O‘n beshinchi asrning birinchi yarmida o‘zbek she’riyati» nomli tadqiqot muallifi Rashidov ko‘rsatmalariga binoan chalasavod tanqidchilar tomonidan «g‘oyaviy beqarorlik» va «ilohiyotchilik»da ayblandi. Endigina 50 yoshga to‘lgan professor E. Rustamovni ruhiy xastaliklar shifoxonasida nobud qildilar. Kompozitor, O‘zbekiston SSRning Gimni muallifi Mutal Burhonov respublika Kompozitorlar soyuzi raisligiga Rashidov tavsiya etgan odamning nomzodiga qarshi ovoz bergani uchun uzoq yillar jamoatchilikdan, ijtimoiy hayotdan majburan chetlashtirib qo‘yildi. O‘zi yoqtirgan, o‘zi «tarbiyalagan» kishilarga kimki qarshi chiqmasin, u Rashidovga ham qarshi chiqayotir deb qabul qilinar edi. Iste’dodli kinorejissyor A. Hamroev boshqa respublikalardan ish axtarishga majbur bo‘ldi. U «Oq, oppoq laylaklar» filmida hayot mashaqqatlarini tasvirlashga jur’at etgandi, «rashidovcha» O‘zbekistonda esa turmush murakkabliklari, fojialar allaqachon tarixga aylangan, unutilgan deb hisoblanar edi-da.

Men yana Rashidov asarlarini ijodda ergashish uchun namuna qilib olmagan, adabiyot degan tushunchani bulg‘ab, oyoq osti etilishiga, xalqning madaniyatini, odob-axloqini ongli ravishda, jinoyatkorona yemirayotgan voqelikka qarshi isyon qilgan adiblar Shuhrat, S. Zunnunova, Shukrullo, P. Qodirovlarni ham aytib o‘tmog‘im kerak. Shunday bo‘lsa-da, Rashidovning zehni, idroki yetmagan, lekin ilhom, yuksak ma’naviyat va mahorat bilan yaratilgan asarlar mualliflari ta’qib va quvg‘inga duchor qilindi.

Agar men: Rashidov boshchilik qilgan yillar — bu davr qariyb chorak asr davom etdi — san’atda yana o‘z uslub va maqsadlari bilan «stalinchilik» hukmronlik qildi, desam, haqiqatga qarshi gapirmagan bo‘laman. Unchalik uzoq davom etmagan «Xrushchev mo‘‘tadilligi» davrida noqonuniy repressiya qilingan yozuvchilarimizdan ayrimlarigina kitobxonlarga qaytarildi, xolos. Qolganlarini esa, masalan, Cho‘lpon va Fitrat kabi vafot etgandan so‘ng oqlangan yozuvchilarni Rashidov qaytadan taqiqlab qo‘ydi.

Ma’lumki, Rashidov badiiy ijodi juda ko‘p ilmiy monografiyalar, dissertatsiyalarda «tadqiq etilgan», to‘g‘rirog‘i, qech uyalmasdan oshirib maqtalgan. Ana shunday «ilmiy» ishlardan ayrimlari Moskvada himoya etilgan edi. Bugun Rashidov asarlariga astoydil va ob’ektiv baho berish mumkin. Sizningcha, ular qanday asarlar?

— Rashidov ijodi bo‘yicha dissertatsiya yoqlagan fan nomzodlari va doktorlari meni kechirsinlar: Rashidov nimaiki yozgan bo‘lmasin, ilk she’riy to‘plami «Qahrim»dan tortib, to nasriy asarlari — «Bo‘rondan kuchli», «Qudratli to‘lqin» romanlarigacha — hammasi takroriy va zamonasoz hayotdan nusxa ko‘chirishga asoslangan, printsipsiz asarlardir. Na syujetda, na yozish uslubida biror originallik bor. O‘z romanlari mavzusini u «O‘zbekiston SSRni rivojlantirishning besh yillik planlaridan, asosiy yo‘nalishlaridan» olar edi. Bu hech mubolag‘a emas. «Eng ulkan, qamrovli» mavzularni o‘zi olar, qolganlarini esa mehribonlik bilan o‘ziga yaqin yozuvchilarga tarqatib berardi. Chunki bu mavzular nufuzli, e’tiborli va mukofottalab hisoblanardi. Rashidov adabiyot, hayotni uning murakkabliklari va fojialarini keskin rad etgan holda, faqatgina ko‘kka ko‘tarib maqtash, ulug‘lash yo‘sinida tasvirlashi lozim deb qattiq ishonardi. Bu uning adabiy-tanqidiy maqolalarida ham yaqqol ko‘rinadi. Rashidovning, bu «voqelikni pardozlash ustasi»ning o‘tkir tadqiqotchilardan biri — yozuvchi V. Kojevnikov uning 1977 yilda nashr etilgan kitobi so‘zboshisida yozgan edi: «Sharof Rashidov romanlarida harakat o‘rni doimo aniq. «Qudratli to‘lqin»da — Farhod GESi qurilishi (kitobda G‘alaba GESi), «G‘oliblar» va «Bo‘rondan kuchli»da — Mirzacho‘l. Ammo avtor tasvir etgan voqealarni butun O‘zbekiston miqyosida, butun respublika uchun xarakterli bo‘lgan yutuqlar, o‘zgarishlar, rivojlanish bosqichlari bilan chambarchas bog‘lanishda ko‘rib chiqmoq lozim...»

A. Qodiriy, Ayniy, Cho‘lpon, Oybek, A. Qahhorlarning talantli asarlaridan keyin adabiyotimizda konfliktsizlikning «vulgar-sotsiologik nazariyasi» paydo bo‘ldi. U «respublikaning yetakchi yozuvchisi» himmati bilan o‘z hukmini o‘tkaza boshladi. Ko‘p millatli sovet adabiyotida F. Abramov, V. Bikov, I. Drutse, G. Matevosyan kabi rostgo‘y so‘z ustalari ijod etayotgan bir paytda bizda ana shunday bo‘ldi. O‘zimizda «tirik klassik» ijod qilayotgan ekan, boshqa adabiyotlar bilan qanchalik ishimiz bor? Rashidovning 50 yilligi sharafiga o‘sha paytdagi respublika madaniyat ministri V. Zohidov «Guliston» jurnali sahifalarida yozgan edi: «Qanday soz! Bizning voqeligimiz, hayotimiz, Vatanimiz va bizning mehnatimiz shonli 50 yoshga to‘ldi... Xalqimizda aytilganidek, «dunyo turguncha turing!» Biz esa Sizning ijodingiz chamanzoridan ajoyib gullar terib, ajoyib guldastalar tizish baxtiga muyassar bo‘laylik!» Rashidovni «bizning hayotimiz» «bizning Vatanimiz» deb ulug‘lash uchun rostdan ham o‘z-o‘zidan xursand bo‘laverish, qandaydir asossiz xushnudlik baxsh etgan o‘y-xayollar egasi bo‘lmoq kerak. Ammo bu xayollar respublikaning eng go‘zal chamanzoridan gullar terish uchun qaerlarga uchmadi deysiz?! Zohidov esa juda nodir gulni topib uzdi — u tez orada akademik bo‘ldi.

Fojia faqatgina Rashidovning «shon-shuhratga ishqibozligida emas, «respublikaning atoqli yozuvchisi» degan nomni xushomadgo‘y adabiyotshunoslar, tanqidchilar ham zo‘r berib tasdiqlar edilar. Ehtimol Rashidov shaxsni ulug‘lovchi muhitni yaratganlar faqatgina o‘zbek «yozuvchi»lari emasdir. Hozirgina Siz V. Kojevnikovning nomini tilga oldingiz. Bu «Znamya» jurnalining sobiq bosh redaktorimi?

— Ha, bu o‘sha. Rashidov uchun uning asarlariga shubha bilan qarovchilarni ishontirishda faqatgina o‘zbek tanqidchilarining fikrlari kamlik qilar edi. U butunittifoq va hatto jahon adabiyoti miqyosida ham nom qozonishni juda-juda istardi. «Znamya», «Ogonyok» jurnallaridagi chiqishlari, «Voprosы literaturы» kabi obro‘li jurnallarda bosilgan maqolalar, «Pravda», «Literaturnaya gazeta» va boshqa markaziy nashrlarning sa’y-harakatlari bilan Rashidov faqatgina siyosiy va jamoat arbobi emas, balki ko‘p millatli sovet adabiyotining oldingi safida turuvchi adib sifatida ham obro‘ qozondi.

Biz hamisha inqilobdan so‘nggi adabiyotimizning shakllanishini atoqli rus yozuvchilari ijodi bilan bog‘laymiz. Gorkiy, Mayakovskiy, Fadeev, Tixonov o‘zbek adabiyotida kimki talantli bo‘lsa, barchasini qo‘llab-quvvatlar edilar. Turli yillarda Sergey Yesenin, Lugovskoy, Axmatova adiblarimiz davrasida bo‘ldilar, bizning badiiy madaniyatimizda sezilarli iz qoldirdilar. A. Platonovning «Jan» qissasi bizni o‘zimizga yangicha qarashga majbur etdi. V. Dudintsov, A. Tarkovskiy, S. Lipkin ko‘p asrlar mobaynida xalq ruhi, aql-zakovati bilan yaratilgan adabiyotimizning fazilatlarini ta’kidlab, klassiklarimizni ham, zamondosh adiblarimizni ham sevib tarjima qildilar. Afsuski, Rashidov davriga kelib baholash mezoni, o‘lchovlari o‘zgardi, o‘zbek adabiyoti haqida e’tiroz bildirib bo‘lmaydigan fikrlar aytuvchi Moskva yozuvchilarining ham davrasi o‘zgardi.

Rashidov sha’niga madhiyalar to‘qigan yurtdosh tanqidchilarning maqsadini tushunsa bo‘ladi — unvonlar, izzat-hurmat, mukofotlar... Ammo moskvalik adabiyotchilar nimani ko‘zlagan edilar? Axir ular hech bir borada Rashidovga mute’ emasdilar-ku! Shunday bo‘lsa-da, Rashidovni ulug‘laganlar Moskva adiblari orasida ham ko‘p topiladi: A. Safronov, N. Gribachev va boshqalar...

— Adabiyotning roli borasida Rashidov bilan bir xil fikrda bo‘lganlarning barchasi uni qo‘llab-quvvatladilar. Xalqimizning ko‘p asrlik qadimiy madaniyati bilan qattiq qiziqqan va O‘zbekistonga kelish niyatida yurgan F. Abramovning Rashidov yoqlamasligi tayin edi. Adibning shu masalaga aloqador ayrim xatlari menda saqlanmoqda. Abramovdek yurak-yuragigacha haqgo‘y yozuvchining kelib-kelib iste’dodsizlikni quvvatlashini tasavvur ham qilolmayman! K. Simonov ham, garchi unga katta boylik va’da qilgan bo‘lsalar-da, Rashidov asarlarini tarjima etishdan voz kechdi. Atayin u quvg‘in qilgan Abdulla Qahhorning kitoblarini ruschaga o‘girdi. Garchi «alohida» namunali xo‘jaliklar bo‘ylab sayr ettirishgan va unga: «Siz «Rayonning kundalik tashvishlari» kitobingizda nima uchun kurashgan bo‘lsangiz, ularning barchasi ana shu yerda, millioner kolxozda allaqachon ro‘yobga chiqqan» deb ayyorlik bilan shivirlashgan bo‘lsalar ham, V. Ovechkin Rashidovni, uning atrofidagilarni, respublikadagi «farovonlikni» maqtab o‘tirmadi. Aksincha, ana shunday sayohatnamo safarlardan so‘ng yozuvchi bu ko‘zbo‘yamachiliklar ortida yolg‘on va jinoyat yashiringanini o‘ylab, o‘zini yolg‘iz qoldirishlarini istar, haftalab o‘z xonasidan tashqariga chiqmas, noxush kayfiyatda yurar edi. Yu. Karasev esa, o‘zining «Yolg‘on mohiyat» nomli g‘alvali maqolasida Boris Pasternakni «fosh etib» tashlashga uringan o‘sha mashhur Karasev tashqi olam shov-shuvlaridan bekinib olganicha, xuddi Bog‘i Eramdagi kabi huzur-halovat og‘ushida Rashidov asarlarini rus tiliga tarjima qildi. Uning yuqorida eslatilgan maqolasi o‘z vaqtida «juda kerakli», ammo o‘z saflaridan B. Pasternakni o‘chirgan yozuvchilar soyuzining a’zosi bo‘lish uchun juda kamlik qiladigan bir qadam edi. Yana nima bilandir o‘zini ko‘rsatishi lozim edi. Moskvada uni Yozuvchilar Soyuzi a’zoligiga qabul qilishmadi. Nima bo‘pti? Shunday qilib Rashidovning buyrug‘iga ko‘ra, Ustav qoidalarini ochiqdan-ochiq buzishgani holda tarjimon Karasevni Toshkentda soyuz a’zoligiga qabul qildilar. SSSR Yozuvchilar soyuzining sekretariati ham go‘yoki bu buzmagarchilikni ko‘rmagandek respublika Yozuvchilar soyuzi qarorini tasdiqlaydi. Mana sizga hisob-kitob! «Xo‘jayin» — saxovatli. Kimki Rashidovni va uning yaqinlarini butun mamlakatga ovoza qilib maqtasa, uning O‘zbekistonda ketma-ket kitoblari chiqadi, yuksak unvonlarga ega bo‘ladi. O‘z navbatida ularning asarlari ham o‘zbekchalashtiriladi.

  1. Kojevnikov bo‘lsa, bizning respublikamizdan SSSR Oliy Sovetiga deputatlikka saylanish baxtiga ham muyassar bo‘ldi.

«Yuksak martabali mehmonlar» — SSSR Yozuvchilar Soyuzi sekretarlari, Markaziy gazeta-jurnallar bosh redaktorlarining respublikamizga kelganliklarini biz ular jo‘nab ketganlaridan keyin — gazetalarda bosiladigan va televidenie orqali yangrovchi shirin so‘zga boy intervyular orqaligina bilib qolardik. Ularning bari Rashidovning «dono» rahbarligi ostida respublika hayotining barcha jabhalarida erishilayotgan yutuqlar va, ayniqsa, Rashidovga yaqin bo‘lgan namoyondalarning doimiy ro‘yxatini keltirishib, adabiyot va san’atda qo‘lga kiritilayotgan natijalarni jo‘r bo‘lishib maqtashar edi. Ularni olib o‘tishgan o‘sha «deputatlar marshrutlari»da faqatgina yutuqlar ko‘zga tashlanishi tabiiy hol bo‘lib, marshrutlar real hayot yo‘llaridan juda uzoqda edi. Bu yo‘llar dehqonlar ertadan-kechgacha terga botib ishlayotgan va samolyotlarda tinimsiz inson salomatligi uchun falokatli, zaharli ximikatlar sepilayotgan dalalarga, qashshoqlik va og‘ir mehnat iskanjasida sun’iy hosil qilingan savodsizlik bilan yonma-yon turgan, shundoq ham ko‘p jabrsitam ko‘rgan xalqni ordenlar, unvonlar, mansablar, oltin va zeb-ziynatlar uchun shafqatsizlarcha ekspluatatsiya qilayotgan «yangi boyvachchalar» dastidan nolish, ularga nafrat nidolari yangrayotgan qishloqlarga yaqin ham kelmasdi.

Andrey Bitov o‘z yo‘lini sayyohlik so‘qmoqlaridan hayot ichkarisiga burib, «sharqona mehmondo‘stlik»ni «hurmat qilmagani» uchun eshitgan tanbeh va dashnomlari — Xiva safari taassurotlarini hikoya qilib, asar yozsa yaxshi bo‘lar edi. Bella Axmadullina-chi? U ham «rashidovcha mehmondo‘stlik»ning mohiyatini anglab yetgani va o‘z chiqishlaridan birida bu haqda ochiq gapirganligi uchun shunday ahvolga tashlab qo‘yildiki, oqibatda safar muddati tugamasdanoq respublikani tark etishga majbur bo‘ldi.

Demak, O‘zbekistonga kelgan adabiyotchilar — tiyiqsiz maqtovga to‘la maqolalarnnng mualliflari sodir qilingan tartibsizliklarni ko‘rib-ko‘rmaslikka olganlar, shundaymi?

— Hamma hollarda qam shunday deb bo‘lmaydi. Masalan, respublikamizda bo‘lgan yozuvchi D. Kalinovskaya, 1982 yilda «Literaturnaya gazeta»da Pop agrosanoat birlashmasi bosh direktori A. Odilov to‘g‘risida ocherk e’lon qilganida, ehtimol, o‘zi maqtayotgan qahramon o‘g‘rilar uyushmasining boshlig‘i va ko‘plarning boshiga yetgan zobit shaxs ekanini xayoliga ham keltirmagandir. «Znamya», «Ogonyok» jurnallarida yoritilgan «ijobiy» ocherklarning mualliflari o‘zlari madh etayotgan kishilarning ashaddiy jinoyatchilar va g‘azna o‘maruvchilar ekanini, ehtimol, bilishmagandir. Bu jurnalistlarning o‘z ocherklari uchun material to‘plash usuli juda oddiy edi. Zotan ular oldindan umidbaxsh bahamjihatlikka hozirlik ko‘rib qo‘yilgan, «tanqiddan xoli zona»ga borar edilar-da. Ularni aeroportdan to‘ppa-to‘g‘ri respublika Kompartiyasi Markaziy Komitetiga olib borishar, qaerda va qaysi «ijobiy qahramon» haqida yozish kerakligini aytishardi. Oblast partiya komitetlarida esa «yuqori»ning ko‘rsatmasi bilan hurmatli yozuvchini kutib olish yanada shodiyona ruhda o‘tardi. Tabiiyki, mehmonni obkomning bog‘-mehmonxonasiga joylashtirishar, shu lahzadan boshlab uning har bir qadami nazorat ostiga olinar, oldindan belgilab qo‘yilar edi. Oliy va o‘rta partiya-sovet tashkilotlarining xodimlari, ministrlar bosh rollarda o‘ynaydigan dabdabali, teatrlashtirilgan marosimlar, to‘kin-sochin ziyofatlar, xayr-ehsonlar ham o‘sha qabih mexanizmni iiqoblash vositalari edi.

Ha, O‘zbekistonga borgan jurnalistlar «sharqona» mehmondorchilik»ni o‘z tanalarida yetarli darajada snnab ko‘rdilar. Ayni vaqtda sharqona zo‘ravonlikning ham kuch-qudrati mevalarndan totib ko‘rdilar!

— Markaziy matbuot sahifalaridagi madhiyabozliklar, ertasigayoq respublikaning barcha nashrlarida bosilib chiqardi. Yolg‘on-yashiq maqtovlardan to‘yib ketgan xalq rayonlarda, oblastlarda, Markazkomda, Ministrlar Sovetida o‘zining qanday ajoyib rahbarlari ishlayotgani haqidagi uzundan-uzoq maqolalarni takror va takror o‘qishga majbur edi. Goho qichqirgisi kelardi odamning: «E, xudo, nahotki «hamma narsadan avval so‘zlar bor bo‘lgan» dunyo kelib-kelib, yolg‘on so‘zlardan barbod bo‘lsa-ya?!» Bu aldamchiliklarning fojiali doirasidan chiqish uchun tevarak-atrofga «Volga»ning oynalari orqali emas, ochiqda turib, oddiy ko‘z bilan tikilibroq qarash kifoya edi. Tuz bosganidan oqarib ketgan dalalarda yayov yurib, Buxoro oblastida «buyuk meliorator» joriy etgan sug‘orish usuli «sharofati» bilan ming-minglab gektar hosildor yerlarning xarob qilinganini, shaharlarning ichimlik suviga zor bo‘lganligini ko‘rish sira qiyin emasdi. Yer o‘lib borar, «rashidovchilar» bo‘lsa yildan-yilga oshirilgan sotsialistik majburiyatlar qabul qilishar, yarmidan ko‘prog‘i qo‘shib yozish va boshqa ko‘zbo‘yamachiliklar hisobidan bo‘lsa ham, oblast paxta xirmonini 1986 yilgacha 1 million tonnaga yetkazish uchun «kurashardilar». Takror aytamanki, Rashidovni respublika rahbari va yetakchi adib sifatida ko‘kka ko‘targanlar, uni qurshagan amaldorlar sha’niga madhiya o‘qiganlar, ehtimol, ularning jinoiy ishlaridan bexabar bo‘lishgandir, ammo shunday maddohlar va homiylar ham bor edilarki, ular bu haqda gap bo‘lishini hech istamasdilar. Shunisi achinarliki, A. Odilov jinoyatlarining fosh bo‘lgani haqida mish-mishlar tarqalishi bilanoq, «O‘zbekistonning ulkan do‘sti» bosh redaktor bo‘lgan jahonning ko‘plab tillarida chiqadigan «Sovetskiy Soyuz» jurnali (1981 yil, 8-son) Odilov rahbarlik qilayotgan xo‘jalik hayotidan bir necha sahifalik fotoreportaj e’lon qildi. Bunday hol faqat Odilov bilangina bo‘lgani yo‘q. Odamning qanday qo‘li boradi bunday ishlarga?

Respublikada esa bu vaqtlar g‘alaba sadolari ostida «tanqiddan holi zona»ning atrofini yanada mustahkamroq o‘rab olish uchun so‘nggi «qaysarlar»ni yo‘qotish tadbirlari avj oldi. «Izvestiya» gazetasining maxsus muxbiri G. Melikyants, respublika rahbariyatiga uning tanqidiy chiqishlari yoqmaganligi bois O‘zbekistondan chiqib ketishga majbur bo‘ldi. «Murosa qilishni bilmaydigan» SSSR Yozuvchilar soyuzining ayni kundagi birinchi sekretari V. Karpov ham shunday ahvolga tushgan edi.

Juda ajablanarli, Rashidov bularning barchasiga qanday ulgurdi ekan-a! Respublikaga rahbarlik, romanlar ustida ishlash, kimga unvon bernsh kerak, kimni pravleniega kiritish kerak, kimni Moskvaga delegat qilib jo‘natish lozimligini ko‘rsatish — Yozuvchilar soyuzi ishiga bunchalnk aktiv aralashish — qanday uddasidan chiqoldi jan bularning!

— Faqatgina adabiy hayotda emas. U arxitektorlarga turar-joy fondi hisobidan qanday qilib dang‘illama saroylar qurishni, rassomlarga — «aktual» kartinalar yaratishni, kompozitorlarga — «zamonaviy» asarlar yozishni maslahat berar, o‘rgatar edi. Bundan minnatdor va ruhlangan san’at arboblari uning g‘amxo‘rliklariga javoban kitoblari asosida baletlar sahnalashtirishar, kinochilar filmlar suratga olishar, rassomlar bo‘lsa mana bu ko‘rinishga o‘xshash suratlarni qatorlashtirib chizib tashlashardi: «L. I. Brejnev O‘zbekiston bayrog‘iga navbatdagi Xalqlar do‘stligi ordenini qadab qo‘ymoqda. Tantana. O‘z mavqei, obro‘siga ko‘ra Rashidov atigi ikkinchi o‘rinni egallagan shodiyona...» Yozuvchi Abdulla Qahhor va kompozitor Mutal Burhonovning ko‘pgina shogirdlari birin-ketin Rashidov huzuriga bosh egib keldilar, uni «ustozimiz» deb atadilar. «Ustoz» ham o‘z navbatida ularga mehr ko‘rsatdi, mukofotlar berdi. Chinakam talant egalari ham tillarini tiyib turdilar, ruh cho‘kdi — adabiyotda nimaiki yaratilmasin, bari Rashidov saviyasidan bir pog‘ona quyiroq, uning asarlaridan bir oz yomonroq bo‘lishi kerak edi. Rashidov o‘ziga yaqin yozuvchilarni taqdirlashning yangi-yangi usullarini izlab topdi. Ularning har biri oltmish yoshga to‘lishi bilan Xalq yozuvchisi unvoniga ega bo‘lar va albatta «tanlangan asarlar»i bosmadan chiqar edi. Shunday yo‘l bilan u o‘z yaqinlarining ham ma’naviy, ham moddiy tomondan boshqalardan «ustun» ekanini namoyish qilardi. Esimda, ana shunday «xalq yozuvchilari»dan biri o‘zining navbatdagi romani uchun mavzu so‘rab Rashidovga borganini menga to‘lqinlanib gapirib bergan edi. Rashidov saxovat bilan mavzu berar va roman yozib tugatilishi lozim bo‘lgan muddatni ham tayinlar edi. Belgilangan kunlardan so‘ng ko‘p vaqt o‘tmay, respublika Davlat mukofotining yangi laureatlari ro‘yxati tayyor bo‘lardi. Tez orada Rashidov obrazi ham turli romanlarda paydo bo‘la boshladi. Ammo «rahbar» kamtarlik qilib, bu shon-shuhratni boshqalar bilan ham «baham ko‘rdi», ya’ni asarlarda Karimov, Odilov va boshqalarning ham «badiiy» obrazlari yaratildi. Ularni hujjatli film ekranlarida «abadiylashtirgan»lar ham faxriy unvonlar va mukofotlardan quruq qolishgani yo‘q.

Rashidovning oltmish yilligi bir-biridan unchalik farq qilmaydigan madhu sanoga boy ko‘plab maqolalar va uning ijodiga bag‘ishlangan kattagina monografiya bilan nishonlandi. Oldindan bunday «tadqiqot»ni yozishi mumkin bo‘lgan moskvalik olimlarning ro‘yxatini tayyorlashdi. Rashidov o‘zi xohlagan muallif nomini qizil qalam bilan belgilab qo‘ydi. Sharqda oltmish uch yosh — «payg‘ambar yoshi»ga to‘lgan kishilar aql-zakovat va yetuk fazilatlar egasi sifatida hurmatlanadilar. «Xo‘jayin»ni ham ana shu yoshdan boshlab «otaxon» — «millat otasi» deb atay boshladilar. Bu davrga kelib «millat otasi» Yanning tarixiy romanlarini va Kalashnikovning Chingizxon haqidagi «Beshafqat asr» kitobini ko‘p o‘qiydigan bo‘lib qoldi. Ehtimol, u butun yer yuzining sohibi bo‘lish orzusida xayol ham surgandir. Zamonaviy yozuvchilardan faqat Chingiz Aytmatovni yoqtirar edi. Qirg‘iziston bilan O‘zbekiston o‘rtasida suv xo‘jaligi borasidagi bahsga adibning aralashuvidan so‘ng bu «fazilat» ham barham topdi. Rasul Hamzatov bir gal Toshkentga kelganida Rashidov sha’niga yog‘dirilgan olqish-maqtovlardan ensasi qotib, «Yo‘q, sizning o‘z Qaysiningiz, o‘z Rasulingiz bo‘lishiga hech qachon ishonmayman!» deya hayqirgan edi. Bu gapni Rashidovga yetkazishganida «millat otasi»ning qanchalar g‘azablanganini tasavvur qilsa bo‘ladi.

1980 yilda «Xudojestvennaya literatura» nashriyotida chop etilgan Rashidov asarlarining 5 tomlik saylanmasi «yozuvchi» ijodiga «umumxalq muhabbatining isboti» bo‘ldi. Besh tomlikning chop etilishi ko‘p jihatdan tabiiy bir hol edi. SSSR Fanlar Akademiyasi vitse-prezidenti Fedoseev Rashidov asarlarining mashhur nashriga so‘ng so‘zida yozganidek, biz «san’atkor, nazariyotchi va publitsistni chambarchas uyg‘unlikda» o‘qish baxtiga muyassar bo‘ldik.

— Ha, Rashidov ommaga barcha asarlarida bo‘lganidek, «Do‘stlik bayrog‘i», «Toshkent — birodarlik shahri» kabi kitoblarida ham qizil ip singari ajralib turadigan bosh mavzu — proletar internatsionalizmini ulug‘lovchi ulkan publitsist deb taqdim qilinar edi. Vaqti-vaqti bilan, ma’lum sanalar oldidan «Pravda» gazetasida ham uning xalqlar do‘stligi haqidagi maqolalari bosilib turardi. Garchi bu maqolalar siyqa iboralar, umumiy, yuzaki fikrlar yig‘indisidan iborat bo‘lsa ham, ular avtorga qo‘shimcha «siyosiy kapital» keltirar edi. Endilikda biz o‘n besh qardosh respublika davlatini aldash uchun niqob vazifasini o‘tagan «rashidovcha» internatsionalizmning nima ekanini yaxshi bilamiz. Rashidov ijodiy taqdiri ma’lum joyga borib qolgan yili orziqib kutilgan Lenin mukofotini ham qo‘lga kiritdi. To‘g‘ri, adabiyot sohasida emas, balki geologiya sohasida va buning ustiga bir guruh do‘stlari bilan birgalikda. Ammo respublika janubidagi qadimdan ma’lum bo‘lgan oltin koni va undan xom ashyo olishga Rashidovning qanday aloqasi borligini hech kim so‘rab o‘tirgani yo‘q. Nimaga u badiiy asarlari uchun bu mukofotni olishni istamadi ekan, tushunib bo‘lmaydi. Holbuki, uning SSSR Yozuvchilar Soyuzi sekretarlari, markaziy gazeta va jurnallarning bosh redaktorlaridek martabali homiylari bor va harakat qilsa niyatiga erishuvi tayin ediku... Buning ustiga Lenin mukofoti Davlat komitetining raisi G. Markovni bizda o‘zbek adabiyotining ko‘p yillik va ishonchli do‘sti deb bilardilar. U adabiyotimizning «eng yaxshi» — Rashidovga yaqin bo‘lgan yozuvchilarning asarlarini rus tiliga o‘girishda jonbozlik ko‘rsatgan edi.

Bilamizki, Siz ham o‘sha yillari ancha jabr tortdingiz. SSSR Yozuvchilar soyuzining yaqinda bo‘lib o‘tgan Plenumida Odil Yoqubov Sizning har bir asaringizni tanqidchilar nayza bilan kutib olishganini aytib o‘tdi. Shunday sharoitlarda Sizning ijodiy faoliyatingiz qanday kechgani haqida ham so‘zlab bersangiz.

— Dastlab hammasi joyida edi. Toshkentda ilk qissam chop etildi, ikkinchisini nashrga tayyorladim. Matbuot sahifalarida ijobiy mulohazalar bildirildi. Shunday qilib, men daf’atan to‘xtab,— qayga ketayapman o‘zi? — deb o‘ylab ko‘rmasimdan oldin, go‘yo hozirgina tushgan g‘ildirak izidan yurayotgandek barcha ishlarim yaxshi ketayotgan edi. Men tevarak-atrofni sinchkovroq kuzata boshladim va hayotni uning barcha murakkabliklari bilan tasvirlashga kirishdim. Hammasi shundan boshlandi. Bu o‘rinda 1968 yilda «Drujba narodov» jurnalida bosilgan qissam — «Bo‘lak manzilgohlar»ni nazarda tutyapman. Yozuvchilar uyushmasining kotiblaridan biri unda «fitna» alomatlarini ko‘radi va Rashidovni bundan xabardor qiladi. U esa topshiriq beradi: ko‘rib chiqilsin! Kechiktirmay «Literaturnaya gazeta»ga ham ko‘rsatma yuborishadi va tez orada o‘sha kitobning bir oz qisqartirilib, tahrir etilgan qat’iy ohangda jaranglovchi «Net takogo punkta — Gajdivan» sarlavhali chaqimchilik ruhidagi xati gazetada bosilib chiqdi. Bu maxsus signal edi. Ko‘p o‘tmay ijodiy soyuzlarning Rashidov ishtirokida o‘tgan plenumida meni «voqelik»ni qoralovchinlikda aybladilar. Qissaning bosilib chiqishi yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar sababli oshib borayotgan xalq noroziligidan qutilish uchun boshlab yuborilgan yangi «tanobini tortib qo‘yish» kampaniyasi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelib qoldi. Hukumat omma noroziligi sabablarini ijodkor ziyolilarga bog‘ladi va intellegentsiyani «gunohlari kechirilgan echki»ga aylantirdi. Ayniqsa, hayotni, narsa va hodisalarni «qora bo‘yoqlarda» tasvirlayotgan, «oh-voh» chekaverib xalqqa yangi-yangi g‘alabalarni qo‘lga kiritish oldidan yanada uyushish, ruhlanish imkonini bermayotgan yozuvchilarga nisbatan juda noto‘g‘ri, teskari munosabat paydo qilindi. Tanqidlarga izma-iz amaliy choralar ko‘rildi. Navbatdagi kitobim nashrini to‘xtatishdi, o‘zimni muharrir bo‘lib ishlayotganim — kinostudiyadan ketishga majbur qildilar. Tabiiyki, rejissyorga voqealarni butunlay boshqacha talqin etish talabini qo‘yib, «Bo‘lak manzilgohlar» asosida suratga olinayotgan filmning yo‘liga ham g‘ov tashladilar. Moddiy qiyinchiliklarga qaramasdan, men tushunib yetdimki, xizmat kursisiga va kimningdir amaldorlarcha irodasiga tobe bo‘lmaslik ham juda ulug‘ baxt ekan. O‘z ijodini men bilan bir vaqtda boshlaganlarning ko‘pchiligi mansab pog‘onalaridan tobora yuksalayotgan bo‘lsalar-da, «o‘z qo‘shiqlarini o‘zlari bo‘g‘ib o‘ldirishayotganidan» ularning nigohlarida hasrat va qo‘rquv sharpalari borgan sari tez-tez ko‘rinadigan bo‘lib qolmoqda edi. Men esa qanchalar qiyin bo‘lmasin, chidashga qaror qildim. «Xayrxohlar» menga ham Rashidov haqida maqtov maqolalari yozishni, shundagina hammasi yana joyiga tushishini maslahat berdilar. Men esa hayron bo‘lardim: hali hech kim tanimaydigan yosh yozuvchining maqtov so‘zlari Rashidovga nima keragi bor ekan? O‘z adresiga yog‘ilayotgan madhiyalar xoriga qo‘shib qo‘yish uchunmi?! Ammo keyinchalik bildimki, Rashidovdek zo‘ravonlik talabgori bo‘lgan rahbarga mening maqtovlarim emas, balki shoshqaloqlik bilan, «chuqur o‘ylamay» adabiyotda o‘z yo‘lini topishga intilayotgan yana bir yosh yozuvchi gunohkorona bosh egib, o‘zining «romantik o‘y-xayollari» ustidan kulib, uning huzuriga kelishi — shu faktning o‘zi juda muhim ekan. Agar men «xayrxohlar» maslahatiga ko‘ra ish tutsam, «xo‘jayin»: «Eh, soddadil yosh do‘stim»,— deb mehribonlik bilan jilmayar, shu ondayoq nashriyotlarga kitoblarimni chiqarish haqida buyruq bergan bo‘lardi. Mening bunday yo‘lga kirmasligimga ishonch hosil qilishgach, xavf solish, turli tazyiqlar ishga tushib ketdi. Bu «ehson»lardan mening yaqinlarim, qarindoshlarim ham «bebahra» qolmadilar. Xuddi o‘sha kunlari M. Gandining «Mening hayotim» nomli kitobi qo‘limga tushib qoldi. Uni qayta-qayta o‘qib, men yomonlikka qarshi aktiv xujumga o‘tmagan taqdirda ham, omma oldida uni fosh qilib tashlamasam-da, faqatgina u bilan hamkorlikka kirishmay turib ham ko‘p narsaga erishuvim, sabr-bardosh qilib, oxir-oqibatda yengib chiqishimga ishondim. Axir har qanday yomonlik ham qandaydir tuganmas kuch-qudrat hisobiga emas, balki bizning tubanlashuvimiz, maydalashuvimiz hisobiga, yurak intilishlarini boy berishimiz hisobiga yashaydi. Qabohatning ildizlarini, maqsadini payqadingmi, undan nafratlanish, uzoqroq turish kerak. Albatta, men tutgan yo‘l Rashidov qilmishlariga ochiqdan-ochiq qarshi chiqqan Abdulla Qahhor va boshqa adiblar yo‘liga qaraganda zaif, lekin bu ijtimoiy mijoz bilan bog‘liqdir. Yillar o‘tgani sayin mening atrofimda paydo bo‘lgan bo‘m-bo‘shlik kengayib bordi, Rashidov tashmachilarining har yerda hozir nazaridan qo‘rqib, kechagina do‘stingman deb yurganlar ham mendan uzoqlashdilar. Yozganlarimni Toshkentda nashr etmay qo‘ydilar, Yozuvchilar soyuzida meni esdan chiqardilar...

Biz bugun butunlay barham berishga harakat qilayotgan har qanday jinoiy ishlar — poraxo‘rlik, qanday qilib bo‘lmasin yuksak planlarni bajarish uchun uyatsizlarcha siquvga olish, qo‘shib yozish, ochiqdan-ochiq ko‘zbo‘yamachiliklar — hayotimizning butun illatli ko‘rinishlarini Rashidov nomi bilan — «rashidovchilik» bilan bog‘laymiz. Hayronman, Rashidovdek shaxsiyati o‘rtamiyona, saviyasi past va qo‘pol odam qanday qilib hukumat tepasiga chiqdi va xalq boshiga shuncha ko‘rguliklarni soldi ekan? Nahotki, turli «obro‘li» aloqalar, xushomadgo‘ylar, o‘eidan qudratli odam oldida jim turish va o‘zidan kuchsizlarni o‘z vaqtida qulatish qobiliyati orqali erishgan bo‘lsa? «Rashidovchilik»ning paydo bo‘lish mexanizmi qaerlarga, qanday manbalarga borib taqaladi?

— Demokratiya va oshkoralikning yo‘qligi «tanqiddan xoli» zonalar, «tanqiddan xoli» rahbarlarni yuzaga keltirdi. Oliy, yuksak mansablarga nomzodlar ko‘rsatishda, ko‘pincha ikkinchi darajali faktorlar, hatto tasodif ham katta rol o‘ynaydi. Respublika Kompartiyasi Markaziy Komiteti sekretarligini ham boshqa biror munosib odam emas, aynan Rashidov egallashida ham tasodifning hissasi bor. O‘sha davr voqealarining aktiv ishtirokchisi, keksa bolshevik R. G‘ulomovning aytishicha, Byuroda birinchi sekretarni saylash masalasi hal etilayotganda Rashidov nomzodini yoqlaganlar va unga qarshi chiqqanlar teng kelib qolgan ekan. Markaziy Komitet Plenumi o‘tadigan kun ham aniq bo‘lishiga qaramay, Byuro a’zolari bu borada bahslashishni davom ettiraverishibdi. Shu payt, xuddi afsonadagidek, Toshkentga kelgan KPSS MK vakillari N. S. Xrushchevga qo‘ng‘iroq qilishib, «o‘zbek do‘stlarimiz sira bir qarorga kelisholmayaptilar»,— deyishadi. Nomzodlar ro‘yxatida kimlar bor?,— so‘raydi Nikita Sergeevich. Ro‘yxatni o‘qiydilar. «Men bular orasida faqat Rashidovnigina bilaman, Hindiston safarida birga bo‘lgan edik»,— deydi Xrushchev. Uning Byuro a’eolariga yetkazilgan mana shu gapi saylovning Rashidov foydasiga hal bo‘lishini ta’minlaydi. Bu o‘rinda Rashidovni hukumat tepasiga chiqargan davrni ham hisobga olish kerak — 1959 yilning o‘rtalari «eruvchanlik» yana izg‘irinlar bilan o‘rin almashgan, ufqlarda turg‘unlik aysberglari ko‘rina boshlagan murakkab va ziddiyatli davr edi. Boshqacha aytganda, Rashidov rahbarlikning avtoritar, byurokratlarcha buyruqbozlik, «Stalinsiz stalinizm»ga xos usullarini qayta tiklagan Brejnev «saroyi»ga tashrif buyurgan edi. Qirqinchi yillarning oxirida «Qizil O‘zbekiston» gazetasi redaktsiyada Rashidov bilan birga ishlagan yozuvchi Mirzakalon Ismoiliy respublikaning bo‘lajak rahbari o‘sha yillari Stalindan, uning «xalq dushmanlari»ni fosh etganidan qanchalik faxrlanib yashaganini so‘zlab bergan edi. O‘zbekiston Yozuvchilar soyuzi raisligi lavozimida ozgina fursat ishlasa ham, Rashidov yozuvchilar o‘rtasidagi «kosmopolitizmga qarshi kurash» va «millatchilikni tugatish» kabi bir-birini sotgan kompaniyalar ishida aktiv qatnashadi.

Aytishlariga qaraganda, bu qancha ajablanarli bo‘lmasin, xalq orasida hamon Rashidov xotirasiga hurmat saqlashar ekanlar. Nahotki shu rost bo‘lsa!..

— Afsuski, «rahbarga nisbatan munosabatning ijtimoiy fenomeni», uning barcha bosqichlari, ko‘tarilish va past tushish hollari bizning sotsiologlarimiz tomonidan o‘rganilmagan. Bu narsa, ayniqsa, rahbarlik lavozimidagi xodimlar uchun konstitutsion yo‘l bilan chegaralangan muddatlar bo‘lmagan jamiyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Ma’lumki, har bir yangi tayinlangan rahbarni omma avval boshda binoyidek tanqidiy ruh bilan kutib oladi, ammo ko‘p o‘tmay bu ruh sovib, keyinchalik, jamoatchilik fikri «tanqid ostonasi»dan toshib o‘tganida butunlay yo‘qoladi. «Tanqid ostonasi»ning yo‘qligi rahbarning ayblari va kamchiliklari uning fazilatlariga aylanishiga sabab bo‘ladi. Brejnev davrida biz ham hayotning tobora og‘irlashayotganini go‘yo bo‘lishi muqarrar hodisadek qabul qilgan edik. Rashidov bilan ham xuddi shunday bo‘ldi. O‘zbekistondek ulkan paxta monokulturasi maydonida hayot yildan-yilga chidab bo‘lmas darajada og‘irlashar, Rashidovga bo‘lgan izzat-ikrom, «dono, saxovatli, xalq baxtini o‘ylaydigan «millat otasi» deb uning «shaxsini ulug‘lash» tobora avj olardi. Bunda Rashidovning shaxsiy sifatlari — o‘zini tuta bilish qobiliyati, so‘zda va amalda turlana olishi ham juda qo‘l keldi. Uning portretiga qarab, saxovatpesha chehrasidan, mayin nigohlaridan boshqa sotsial sharoitlarda bu odam ulkan masjidning imomi bo‘lishi va keluvchilar orasida hurmat qozonishi mumkin edi, deb o‘ylab qolaman. Uni hech ikkilanmay «siyosat — iflos qo‘llarning ijodidir» degan jumlaning muallifi deb gumon qilsa bo‘ladi. Ana shunday rahbarlar siyosat foydasini ko‘zlab, o‘zlariga do‘st va hamfikr kishilarni ham, xuddi Rashidov Markaziy Komitet Byurosidagi o‘rtoqlari R. G‘ulomov, M. Muhammadjonovlarga nisbatan ish tutgani kabi, bemalol sotishlari mumkin. Ular yolg‘onni haqiqat deb, qonunbuzarlikni — ezgulik deb taqdim etaveradilar. Rashidov shaxsiga nisbatan «tanqidiy qarash»ning yo‘qolishi bilanoq, O‘zbekistonda amalga oshirilgan ibratli ishlarning hammasi — yer silkinishidan vayron bo‘lgan Toshkentning qayta tiklanishi ham, Mirzacho‘lning o‘zlashtirilishiyu sahroda Navoiydek yangi shaharning barpo etilishi ham «millat otasi»ga nisbat beriladigan bo‘ldi.

Bu xuddi birinchi besh yilliklar, Ulug‘ Vatan urushi va urushdan keiingi tiklanish yillaridagi yutuqlarnn Stalin shaxsiga bog‘laydiganlarning ko‘plab topilishiga o‘xshaydi.

— Bizning «mahalliy Stalinimiz» — Rashidovni ham, go‘yoki uni Yozuvchilar soyuzining a’zosi, shoir deb nom chiqargan sobiq ichki ishlar ministri Yahyoev, ya’ni «mahalliy Beriya»ning qora ishlaridan bexabar bo‘lgan deya himoya qiluvchilar topiladi. Aytish kerakki, o‘tgan besh yilliklar mobaynida respublikada katta ishlar amalga oshirilgan, ammo ularning bari xalqning mardonavor va og‘ir mehnati mevalaridir. Shuning uchun ham bugungi kunda noto‘g‘ri xo‘jalik yuritishning og‘ir oqibatlari — o‘zlashtirilgan Mirzacho‘ldagi yuz minglab gektar botqoqlikka aylangan yerlar, Orol dengizining fojiali taqdiri haqida gapirsangiz ko‘pchilik hollarda yana o‘sha soxta shuhrat qozongan «tanqidga e’tiborsizlik» ishga tushib ketadi: «Rashidov emas, uning atrofidagilar aybdor»,— deyishadi. Xuddi mamlakatimiz bo‘ylab uyqusida Stalinning «qaytishi»ni tush ko‘radiganlar topilgani kabi, bizda ham «rashidovchilik» davrini sog‘inayotganlar oz emas.

— Buning ustiga, matbuotda Rashidovning adabiy qobiliyatini uzluksiz maqtaganlariga qaramasdan, bu o‘rtamiyona asarlarni uning o‘zi yozmagan degan gaplar ham eshitdim...

— 1982 yilda bizning «etakchi adibimiz» o‘quvchilarni yangi asari — «Dil amri» qissasi bilan sevintirishga ahd qilgani haqida jar solingan edi. Rashidovga yaqin yozuvchilarning ishonchli guruhi Markazqo‘mga «muhokama»ga chaqirilib, barcha bir ovozdan yangi shoh asar yaratilganini qayd etgandi. Qissa jurnalda bosilib chiqqandan so‘ng, asarlaridagi mavzular, obrazlar, ifoda va hikoya qilish usullari «millat otasi»ning povestiga «ko‘chib qolgan» muallif — «adabiy egizak»ning ham nomini atay boshladilar. Jiddiy, chuqur tekstologik tekshirish Rashidov asarlarining haqiqiy avtorini aniqlashga yordam berishi turgan gap. Xuddi «Kichik Yer»ning chinakam muallifi aniqlangani kabi. Axir «Ogonyok» jurnalining shu yilgi 4-sonida urush veterani F. Snegirovning adolatli yozishicha: «Brejnev bu asarning avtori emas, demakki, hech qachon u «atoqli, mashhur adabiyotchi» ham bo‘lolgani yo‘q. Bilolmayman, qanday qilib bu begona asar uchun unga Lenin mukofoti berishdi ekan? Kundalik hayotida birga ishlaydigan do‘stlarini ham oldindan tayyorlangan shpargalkasiz qutlay olmaydigan odam qanday qilib Yozuvchilar Soyuzining a’zosi bo‘lib qoldiykin?» Shu kabi Rashidov ham erkin gapirishdan qo‘rqar, siyqa so‘zlar yozilgan, rangsiz tekstdan ko‘zini uzib, mudrayotgan zalga qaray olmasdi.

Rashidovdan so‘ng adabiyotdagi ahvol qanday bo‘ldi?

— Ming afsuslar bo‘lsinki, Rashidovdan keyin ham biz haqiqatning yolg‘on bilan, iste’dodning soxta talant bilan, sog‘lom va erkin ruhning passivlik, qo‘rqoqlik, itoatgo‘ylik bilan kurashini emas, balki guruhbozlarning o‘zaro kurashi guvohi bo‘ldik. Uzoq yillar Rashidov siyosatini yurgizgan, «millat otasi» kabi ko‘plab roman va dostonlarning mualliflari bo‘lgan arboblarni madaniyat sohasini mustahkamlash uchun safarbar qildilar. Ular turli davlat komitetlari, ijodiy soyuzlar va jurnallarni egallab oldilar.

Bizda nima uchundir, respublikaning ijodiy potentsiali har bir kishiga hamma uchun yozish imkoniyatini beradi deb hisoblashadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ministrlarni, ichki ishlar va prokuratura xodimlarini Yozuvchilar soyuzi a’zoligiga qabul qila boshlashdi. Guruhlar kurashining sharqona xususiyati shuki, u o‘lim yoki boshqa ko‘ngilsiz fojialar bilan yakunlanmaydi. Kuchli guruh holdan toyganini o‘z qo‘l ostiga oladi, birgalikda harakat boshlashadi. Respublikaning «etakchi adibi» shon-shuhratini ta’minlaganlar bugun ham xuddi shunday ish olib bormoqdalar. Ilgarigi ustunlikni, o‘ch olishni qanchalar orziqib kutmoqda ular! Dastlabki yengilgina xavf o‘tib ketdi, qaytadan guruhlarga birlashib olishdi, endi bir muddat okoplarda yotishib, yana hujumga o‘tadilar. Ayrimlari esa o‘zlarining ilgarigi lavozimlarini ham egalladi. Ular allaqachon butun boshli yosh ijodkorlar avlodini sarob maqsadlar yo‘lida qurbon qilishga ulgurishgan.

Shu yilning yanvar oyida respublikaning yuqori rahbariyati o‘zgardi. Bugun oshkoralik va demokratiya, adabiyotga sidqidildan xizmat qilish faqatgina ezgu umid-intilish bo‘libgina qolmay, balki ijodiy hayot normasiga aylanishini juda-juda istardim. Bugun 25—30 yoshda bo‘lganlar adabiyotimizga yangilanish olib kirishiga ishongim keladi. Sharqda erta kamolga yetadilar, ammo ijtimoiy hayotga doim ham erta aralashavermaydilar. Men adabiyotga foydasi tegadigan o‘nlab yoshlarning nomini sanab o‘tishim mumkin. Yaqinda ulardan biriga nashriyot davlat komiteti va respublika Yozuvchilar soyuzining mukofotini taqdim etdilar, ammo u: «Men mukofotlar uchun yozmayman, uni uxlayotgan va mukofotlanishini tush ko‘rayotgan birontasiga bera qolinglar»,— deb mukofotdan voz kechdi. Adabiy amaldorlar xafa bo‘lishdi: «Biz uni izzat-hurmat qilsak, u bizning ra’yimizni qaytardi...» Men bu yosh shoirni insonlarcha tushundim — u uzoq yillar hiyla-nayrang, xushomadgo‘ylik chinakam talant egasi uchun yot boshqa illatlar ramzi bo‘lgan mukofotga o‘z munosabatini bildirgan edi.

Suhbatni N. Zagalskaya olib bordi.

«Ogonyok» jurnali, 1988 yil, 29-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.