OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vladimir Jonibekov: “Inson cheksizlikda o‘zi uchun go‘zal go‘shalar topa oladi” (1988)

Kosmos inson tomonidan zabt etilganiga salkam 30 yil bo‘ldi. Shundan beri u taraqqiyot va insoniyat ravnaqi uchun xizmat qilmoqda. Hayotdagi yangi buyuk o‘zgarishlarga zamin tayyorlanmoqda.Kosmonavt-uchuvchi, ikki marta Sovet Ittifoqi Qahramoni, O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining deputati Vladimir Jonibekov bilan suhbat ham ana shular xususida bordi.

Allo, bu Zvyozdniy shaharchasimi? Vladimir Aleksandrovich xonadonimi?

— Ha, eshitaman.

Salomalaykum. Men Toshkentdan, respublika komsomol-yoshlarining «Yoshlik» jurnalidanbezovta qilyapman. Sizni bayramingizKosmonavtlar kuni bilan tabriklayman. Bundan tashqari, jurnalning faxriy redkollegiyaa’zosi etibsaylanayotganligingizni aytib qo‘ymoqchi edim.

— Rahmat! Men bu jurnalni va unda e’lon qilinadigan tasviriy san’at asarlarini Toshkentda bo‘lganimda, haykaltarosh do‘stim Yakov Shapironing uyida kuzatib boraman. Darvoqe, o‘zimning asarlarimdan berish niyatim bor. Lekin redkollegiya a’zosi sifatida biror foydam tegarmikan?

Tegadi.Biz sizni«ayovsiz ishlatish» yo‘llarini o‘ylab qo‘yganmiz. Xo‘sh, endi ishni boshlasak. Yo‘l-yo‘lakay bir-ikki savol bermoqchiman.

— Marhamat.

Nazarimizda, qayta qurishningilk asosi samodan boshlangan edi. Ayting-chi, qayta qurishning samodan zaminga tushishi qiyinlashib, cho‘zilib ketmadimi?

— Savolingiz to‘g‘ri. Lekin men vaziyatni boshqacharoq baholashni istardim. Qayta qurish, siz aytgandek, avval samoda emas, zamindan boshlangan. 60-yillarni eslang. O‘shanda shaxsga sig‘inish illatlarini bartaraf etganimizdan keyin biz ko‘p sohalarda nihoyatda yuksalib ketgandik. Bu yuksalishimiz 1961 yilning 12 aprelida kosmosni zabt etishimiz bilan yakunlangandi. Shundan so‘ng, fikringiz to‘g‘ri, biz zaminda emas, samoda ko‘proq ishlar qildik. Samo haqidagi ilm-fanning qotib qolgan qatlamlarini qayta qurdik. Zamindagi ishlarimiz esa turg‘unlashib qola boshladi. Ammo biz endilikda boshqa bir narsani anglab yetdik: kosmosni tadqiq etish Yerni tadqiq etishdan — insonni, jamiyatimizni mukammal bilishdan boshlanishi kerak ekan. Shuning uchun kosmos inson xizmatiga qaytdi, qayta qurish zaminda ham boshlandi. Endilikda gap qayta qurishning jamiyatimizda erta yo kech boshlanganida emas, uning bizga beradigan hosilidadir.

Yoshlarga qanday istaklaringiz bor?

— Har bir avlod ham tafakkurda, ham amalda taraqqiyotga, tinchlikka, xalqlarning baxt-saodatiga xizmat qiladigan buyuk inqilob yasashi kerak. Bundan bebahra qolgan avlod baxtsizdir. O‘zbekiston yoshlariga esa yurtimizni seving — tabiati, yeri, suvi, dengizi va xalqning ma’naviy boyligini asrang, degim keladi!

Kosmonavtika sohasida o‘zbek yigitlaridan shogirdlaringiz bormi?

— O‘zbek xalqi azaldan samoga intilib yashagan. Beruniy, Ulug‘bek, Ali Qushchi... Bu xalq tengsiz astronomiya maktablarini yaratgan. Endilikda bunday xalqning nasllari kosmosning tadqiqotchilaridir. Shogirdlar masalasiga kelganda, bu hozircha sir...

Biz hozir XXasr oxiridailm-fan g‘oyat yuksalgan davrda yashayapmiz. Lekin insoniyatni minglab yillardan beri o‘ylantirib kelgan ko‘plab jumboqlargahamon javobtopilgani yo‘q...

— Ha, insoniyatni tabiatning birlamchi hodisalari, uning paydo bo‘lish jarayonlari hamisha qiziqtirib kelgan. Bu bejiz emas. Agar biz ibtidoiy savollarga javob topa olganimizda edi, taraqqiyotimiz balkim hozirgidan ham yuksakroq bo‘larmidi. Afsuski, hamon biz o‘zak savollarga javob axtarish yo‘lidamiz. Aytish mumkinki, kosmonavtika bizning bu yo‘ldagi izlanishlarimizni tezlashtirib yubordi. Xo‘sh, kosmos tadqiq etilguncha olamning paydo bo‘lishi to‘g‘risida qanday ilmiy asoslar bor edi? Aytarli hech qanday. Faqat ilmiy farazlarga, fantastik qarashlarga ega edik. Endi esa samodagi harakatlarni, yulduzlar evolyutsiyasi, aniqrog‘i, har xil portlashlarni kuzatib turib, yangi ilmiy dalillar paydo bo‘ldi.

Yerdan boshqa sayyoralarda tirik organizmlar, mavjudotlar borligiga ishonasizmi?

— Kosmonavtika hali ilk taraqqiyot bosqichida. Bizning hozirgi ahvolimiz o‘z uyining ostonasiga chiqib atrofga nazar tashlayotgan odamning holatini eslatadi. Tadqiqotlarimiz ob’ekti hozircha asosan zaminning o‘zini kuzatish va unga yaqin bo‘lgan sayyoralarga nazar tashlashdan iborat bo‘lmoqda. Hali galaktikamizning o‘zida o‘rganilmagan ancha sayyoralar bor. Undan boshqa yana qancha galaktikalar mavjud. Ehtimol, Quyosh sistemasi singari sistemalar ham bordir. Albatta, cheksizlik qo‘ynida hayot mavjud. Unga har qadamda duch kelamiz. Axir butun koinot harakatda ekan, demak, u yashayapti. To‘g‘ri, boshqa sayyoralardagi hayot Yerdagi hayotga o‘xshamasligi mumkin, biroq u qanday formada bo‘lmasin mavjud. Tirik organizmlar, mavjudotlarga kelsak, bu hali tadqiq qilinmagan, o‘rganilmagan. Lekin galaktikalarda hayot bor ekan, ularda o‘ziga xos tarzda yashaydigan tirik organizmlar, mavjudotlar ham bor, deb faraz qilish mumkin. Biroq, biz hozircha boshqa galaktikalardagi hayot va organizmlardan ko‘ra, o‘z zaminimiz haqida, uning tarixi, taraqqiyoti, kelajagi xususida ko‘proq o‘ylashimiz kerak.

Hayot abadiy kurashlardan iborat. Bugungi kunda taraqqiyotda nimalarga erishgan bo‘lsak, u qarama-qarshiliklar asosida dunyoga kelgan. Lekin bu insoniyatga arzonga tushmagan. Zero, fan va din o‘rtasidagi kurashning o‘zi necha ming yillarni qamrab oladi. Kosmonavtikaning taraqqiyoti bu kurashga qanday ta’sir ko‘rsatdi?

— Kosmik tadqiqotlar faqat ilm-fan taraqqiyotini yuksaltiribgina kolmasdan, inson dunyoqarashini shakllantirishga ham hissa qo‘shdi. Endilikda dunyoni tushuntirishda shunday marraga yetdikki, hatto din vakillari ham eskicha tarzda fikr yuritolmay qoldi. Dindorlar fan-texnika yutuqlarini ham xudoning iltifoti sifatida baholamoqdalar... Shu o‘rinda O‘rta asrning buyuk allomasi Ulug‘bek taqdirini eslayman. Samo sirlarini o‘rgangan allomaning hayoti, garchi u shoh bo‘lishiga qaramay din tazyiqi ostida fojiali tugaganligi tarixdan ayon. Olam va samo sirlarini o‘rganmoqchi bo‘lgan Kopernik, J. Bruno, Kibalchich va boshqalarning qismati ham ayanchli yakunlanishida din asosiy rol o‘ynaganligi sir emas. Dunyoda birinchi kosmonavt-uchuvchimiz Yuriy Gagarin: «Bizlar o‘z mehnatimiz, fantaziyamiz va orzularimiz bilan yuksak darajaga yetdik», deb yozganida yuz karra haq edi.

Mana, Gagarin haqida esladingiz. Uning kosmosga parvozi haqidagi xabarni qanday kutib olgansiz? U bilan uchrashganmisiz?

— Yoshlikda odam nimalarni orzu qilmaydi, deysiz. Geolog, astronom, rassom, uchuvchi, shofyor... Toshkentdagi Suvorovchilar harbiy maktabiga kirganimda ham hali kelajakda qanday kasb egasi bo‘lishimni aniqlab olganim yo‘q edi. Keyin birdan Gagarinning kosmosga parvozi haqidagi xabar olamga taraldi. Kosmos, yulduzlar haqida har xil farazlar aytila boshladi. Shundan so‘ng yo astronom, yo uchuvchi bo‘laman degan qat’iy qarorga keldim. Lekin taqdir taqozosi shunday bo‘ldiki, Moskva Davlat universitetining astronomiya fakultetiga imtihon topshirib, Leningrad Davlat universitetinnng fizika fakulteti studenti bo‘lib qolganman. Uchinchi kursgacha o‘qidim. Baribir ko‘nglim to‘lmadi, keyin universitetdan hujjatlarimni olib, aviatsiya bilim yurtiga topshirdim. Yuriy Gagarinni ikki-uch marta yaqindan ko‘rganman, lekin yuzma-yuz uchrashmaganman. Kosmonavtlar otryadiga Gagarinning vafotidan ikki yil keyin, 1970 yilda kelib qo‘shilganman. Kosmosga ilk parvoz... Uning taraqqiyotimizdagi o‘rnini o‘zim kosmonavt-uchuvchi bo‘lganimdan keyin chuqurroq anglay boshladim. Ko‘z oldingizga keltiring: inson xayoldagi olam tomon qadam qo‘ymoqda. U bu xayoliy olamni reallikka aylantiradi. Hayotning abadiyligi va cheksizligini yana bir karra kashf etadi. Inson qudrati, ijodiy yaratuvchiligi oldida beqiyos kengliklar ochiladi. Lekin G‘arbdagi muxoliflarimiz kosmonavtika sohasidagi bu muvaffaqiyatlarning qimmatini pasaytirib ko‘rsatishga urinib, endilikda Gagarinning ilk parvozi atrofida har xil uydirmalar to‘qiyotganlari ham sir emas. Ular go‘yo 12 aprelgacha ham Sovet Ittifoqida kosmosga uchishlar bo‘lgan, biroq bu parvozlar muvaffaqiyatsiz yakunlangani sababli e’lon qilinmagan, ko‘p kosmonavtlar halok bo‘lgan, Yu. Gagarin esa ular shuhratini o‘ziniki qilib olgan, degan bo‘htonlar tarqatmoqdalar. Bu bilan ular mamlakatimiz fan-texnika taraqqiyotini, siyosiy-ma’naviy jihatdan erishgan g‘alabamizni ham rad qilmoqchi bo‘ladilar. Afsuski, haqiqatni soxtalashtirib bo‘lmaydi. Chunki 12 aprelda inson kosmos erasiga qadam qo‘ygani buyuk haqiqat edi.

Gagarin parvozidan keyin: «Planetamiz qanday go‘zal, bu go‘zallikni abadiyat uchun saqlashimiz kerak!» deb yozgan edi. Bu haqda Siz qanday fikrdasiz?

— Tasavvur qiling: zim-ziyo tun qo‘ynidasiz. Atrofingizda vahimali sharpalar. Yo‘l topolmay qiynalyapsiz. Ana shunda qaerdadir yilt etgan shu’lani ko‘rib qolasiz. Shu zahoti o‘sha tomonga yo‘l olishingiz tabiiy. Cheksiz samo qo‘ynidagi inson uchun ham ona sayyora shu’la sochib turgan qadrdon uyday ko‘zga tashlanadi. Demak, o‘z uyimizni abadiyatga asrashimiz kerak-da!..

Kosmosdan turib respublikamizni kuzatganmisiz?

— Albatta, O‘zbekistonni kosmosdan turib topishda menga ikki narsa belgi bo‘ladi. Birinchisi — Orol dengizi. Bu dengiz mamlakatimiz ichki ko‘l va suv havzalari orasida ko‘m-ko‘kligi bilan ajralib turadi. Ikkinchisi Chorvoq GESi. Bu GES besh qirralik yulduz shaklida uzoqlardan ko‘zga tashlanadi. Shundan keyin men bu yulduz atrofidan Toshkentni izlay boshlayman...

Lekin keyingi yillarda kosmosdan olinayotgan suratlarda Orolning tobora kichrayib, uni qum to‘zoni bosib borayotganini kuzatish mumkin. Bu uning taqdiri, O‘rta Osiyo regioni taqdiri haqida jiddiy o‘ylashimiz zarurligini ko‘rsatadi.

Kosmos shu paytgacha badiiy ijodda fantastik tarzda tasvirlanardi. Endilikda u badiiy asarlarda ham, tasviriy san’atda ham hayot haqiqatiga aylanmoqda. Bundan keyin badiiy ijodda kosmos qay tariqa ochib berilishini istardingiz?

— Ha, kosmos mavzui adabiyotimizga tobora chuqurroq kirib kelmoqda. Bunday asarlarning avtorlari hozircha kosmonavtlarning o‘zlaridan iborat bo‘lmoqda. Bu tabiiy. Axir kosmosni ko‘rmasdan turib, uni haqqoniy aks ettirib bo‘larmidi? Yu. Gagarinning «Kosmosga yo‘l», G. Shoninning «Eng birinchilar», G. Titovning «Parvoz», A. Nikolaev, B. Bikovskiy, G. Beregovoy, A. Yeliseev, V. Sevostyanov, K. Feoktistov va boshqa shu singari kosmonavtlarning asarlarida kosmosning turli qirralari aksini topgan. Shuningdek, tasviriy san’at sohasida A. Leonovning, P. Popovichning, V. Volkovning shu mavzuga bag‘ishlangan kartinalarini ta’kidlab o‘tishni istardim. Shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, ularning badiiy publitsistik asarlari kitobxonlaru tomoshabinlarga kosmik fazolar haqida yetarlicha tasavvur bera oladi. Ko‘pincha mendan «Kosmosda ham rasmlar chizganmisiz?» deb so‘rashadi. Yo‘q, kosmos suratlar chizadigan joy emas. U yerda boshqa ishlar ham ko‘p. Lekin men hamisha bir qiziq jarayonni boshimdan kechiraman. Mo‘yqalamni qo‘limga olishim bilan Toshkentga ketgim kelaveradi. Chunki boshqa joylarda bu yerdagidek ilhom bilan ishlay olmayman. Kosmosga parvoz — bu cheksizlik sari yo‘l. Biz chorak asrdan oshiq muddat davomida bu yo‘lning milliondan bir ulushinigina bosib o‘ta oldik, deyish mumkin. Demak, hali oldinda cheksiz-chegarasiz bo‘shliq, koinot yotibdi. Bu bo‘shliqni nafaqat kosmonavtlar, balki ijodkorlar ham o‘z badiiy asarlari bilan tadqiq etishlari kerak. Men buni konkret ma’noda aytyapman. Bilasizmi, samoning, kosmosning ilk tadqiqotchilari kimlar? Ijodkorlar! Axir «Ikar» haqidagi, «Bobil minorasi» haqidagi afsonalarni, «Uchar gilam» to‘g‘risidagi ertaklarni eslab ko‘ring. Ular samoga yuksalgisi kelgan insonlarning orzulari emasmi? Ularni yaratgan ijodkorlar ayni paytda samoni tadqiq qilishga ham urinmaganlarmi? Yoki 1961 yilgacha, kosmosga ilk parvozgacha yaratilgan ilmiy va fantastik asarlarni eslang. Olimlarning samo haqidagi buyuk kashfiyotlari uchun ana shu asarlar, ulardagi ilmiy farazlar ham sabab bo‘lmadimi? Albatta, agar shunday asarlar yaratilmaganida edi, bizning kosmos haqidagi fikrlarimiz hozirgacha g‘arib bo‘lib qolgan bo‘lardi. Demak, ijodkorlarimiz kelajakda ham o‘z asarlari bilan koinotning sirli jumboqlarini ochishda olimlarga turtki beraveradilar, ularni ilmiy va fantastik farazlari bilan ilhomlantiraveradilar. Kosmosning ijodkorlar tomonidan tadqiq etilishi deganda ana shularni nazarda tutaman.

Siz kosmosga besh marta — 1978-, 1981-, 1982-, 1984-, 1985-, yillarda parvoz qilgansiz. Shular ichida Siz uchun qiyin va murakkab kechgani qaysi biri bo‘ldi?

— Eng oxirgisi. Biz V. Savinix bilan o‘sha uchishimizda «Salyut —7» stantsiyasi bilan boshqaruv markazi o‘rtasida uzilib qolgan aloqani tiklashimiz zarur edi. Shuning uchun stantsiya bilan kosmik kemamizni tutashtirish oson bo‘lmadi. 30 martadan ziyod urinishimizga to‘g‘ri keldi. Bu esa Yer atrofini 30 marta qayta aylanib chiqish demakdir. Stantsiyada uzoq vaqt kuzatish ishlari olib bordik. Uning ichiga kirganimizda yong‘in bo‘lganini ko‘rdik. Garchi, vaznsizlik holatida yong‘in katta talofat bermasa-da, kuyib ketgan detallarni almashtirish oson bo‘lmadi. Ishdan chiqqan quyosh batareyalarining o‘rniga yangilarini qo‘yish og‘ir kechdi. Buning uchun besh soatdan ortiq ochiq kosmosda ishlashga to‘g‘ri keldi. O‘shanda biz qiyinchiliklar bilan stantsiyani Yer bilan bog‘lashga muvaffaq bo‘lgan edik. Bunday operatsiya kosmonavtikamiz tarixida birinchi marta amalga oshirildi. Hozirgi paytda «Salyut-7« stantsiyasi normal ishlab turibdi va kosmosni tadqiq etish uchun kosmonavtlarni qabul qilishga tayyor. Bu stantsiya kelajakda kosmonavtlar uchun samo qo‘ynidagi mehmonxona bo‘lib qolsa ajab emas...

Bosh konstruktor S. P.Korolyov Yu. Gagarin bilan suhbatlaridan birida hazil aralash: «Ehtimol yana besh yildan keyin odamlar kosmosga profsoyuz yo‘llanmalari bilan uchishadigan bo‘lishar», deb aytgan edi. Agar bu masalaga jiddiyroq turib yondashsak-chi? Kelajakda shunday bo‘lishiga ishonasizmi?

— Shak-shubhasiz! Mamlakatimiz kosmonavtika tarixida juda katta yutuqlarga erishmoqda. Kosmosda uzoq yashash, ochiq samoda tadqiqot ishlari olib borish, Mars, Oy, Veneraga kosmik kemalarning uchirilishi shular jumlasidandir. U yerda har xil o‘simliklar o‘stirish ustida tajribalar o‘tkazildi. Bularning hammasi yaqin kelajakda kosmosda ham insonning yashashi, ishlashi, dam olishi uchun barcha imkoniyatlar yaratish mumkinligini ko‘rsatmoqda. Shu kunlarda «Mir» orbital kompleksida ish olib borayotgan kosmonavtlar tajribalari ham ana shu yo‘ldagi urinishlardir. Shubha yo‘qki, inson cheksizlikda o‘zi uchun go‘zal go‘shalar topa oladi. Faqat o‘z kuchiga, buyuk qudratiga ishona olsa bas!

Suhbatni Kamol Matyoqubov olib bordi

“Yoshlik” jurnali, 1988 yil, 4-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.