OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yodgor Sa’diyev: «Kino sehrli bir ko‘zgudir» (2008)

Hayot qanday sirdirki, qandayin sehrdirki, yashaganing sari yashaging kelaveradi. Bu cheksiz sokinlikni, bu cheksiz hadsizlikni anglashning cheki-chegarasi yo‘q.

Ammo... Hayot kimga qancha umr berilganligiga emas, kim qanday yashaganligiga, mehnatiga, intilishiga qarab qadrlaydi, taqdirlaydi, tarix zarvaraqlarida mangulikka muhrlaydi

Bugungi suhbatdoshimiz O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi qoshidagi “Qalqon” studiyasi badiiy rahbari, O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diev bugunni o‘tmish va kelajak bilan bog‘lab turli janrlarda ishlangan filmlarda, spektakllarda bir-biridan butunlay farq qiladigan betakror obrazlar yaratib, qalblarga orzu-umidlar olib kirsam, degan ezgu-istaklar bilan yashaydi. U har qanday vaziyatda ham teatr va kinoga e’tiqod qo‘yib, uni jondan aziz bilib, hayotini unga bag‘ishlab, ulkan maqsadlari cho‘qqisi sari intiladi.

Ayniqsa, taniqli Yozuvchi Tohir Malikning “Shaytanat” asarining muvaffaqiyat qozonishida ham rejissyor, ham prodyusser, ham aktyor sifatida Yodgor Sa’dievning hissasi katta.

— Men, — deydi u “Shaytanat” badiiy filmida Asadbekning ichki dunyosini ochib bera olgan aktyor Yodgor Sa’diev, — o‘zim bosh qahramonni ijro etganim uchun film muvaffaqiyat qozondi, deb emas, bu yutuqning siri — aktyorlar hamda operatorning mahoratida deb bilaman.

— Yodgor aka, “Shaytanat” badiiy filmida Asadbekning obrazini yaratish jarayonida qahramoningizning botiniy va zohiriy olamiga singib ketganligingizni ko‘pchilik e’tirof etishmoqda. Nazarimda, Tohir Malik ushbu asarini xuddi siz uchun yozgandek...

— Gapning ochig‘i, Asadbek bilan xarakterimda yaqinlik bor edi. Shuning uchun tabiatim sajiyasida sodir bo‘lgan o‘zgarishlarning hech biri menga halal bermadi. Yodgor Sa’diev Asadbek bo‘lib o‘ynadiyu, Asadbek Yodgor Sa’diev qiyofasida yashadi... Tohir Malik ham shu odam o‘ynashi kerak, degan fikrda bo‘lgan, sezishimcha.

— Ayni paytda “Shaytanat”ning davomini suratga olish jarayoni qanday kechayapti?

— Filmning oxirgi seriya­larini suratga olish jarayoni nihoyasiga yetib qoldi. Tomoshabinlar uchun muhim yangiliklardan biri - keyingi seriyalarda yangi aktyorlardan Nozim To‘la­xo‘jaev, Ulug‘bek Qodirov, Botir Muhammadjonovlar ishtirok etmoqdalar. Kinoda Asadbek bilan Manzuraning bolalik hayotini ko‘ngildagidek ochib beradigan aktyorlarni topishda, tanlashda biroz qiyinchiliklarga duch kelayapmiz.

Keyingi paytda “Shaytanat”dagi har bir obraz odamlarni hayajonlantirmoqda. Turli bahs-munozaraga, muhokamaga sabab bo‘lmoqda. Tohir Malikning ushbu asari 1980 yildagi voqealar yoritilganligi, ularning barchasi badiiy to‘qima obraz ekanligini yodda tutmog‘imiz lozim.

— Sizningcha, haqiqiy kino qanday bo‘lmog‘i kerak? Haqiqiy aktyor-chi?

— Kino shunday sehrli bir ko‘zguki, unda aks etgan har bir lahza haqqoniyligi bilan tomoshabinlarning e’tiborini tortadi. Bir so‘z bilan aytganda teatr va kino tarbiya o‘chog‘i. Demak, teatr va kino asarlari tomoshabinni ortidan ergashtirishi kerak. Biz inson ruhiyatiga yo‘l topib, qalblarda hayotga muhabbat uyg‘ota oladigan, uni ezgulikka, kezi kelganda, jasoratga undaydigan, kayfiyatini yaxshilashga kuch-qudrat baxsh etadigan ruhiyat muhandislarimiz. Buning uchun badiiy film mavzu, ijro, badiiy tal­qin jihatidan yuksak talablar darajasiga javob bera olishi muhim. Meni quvontiradigan muhim hodisa mustaqillik sharofati bilan qanchalab o‘zbek milliy filmlari ekran yuzini ko‘rmoqda. Lekin ming afsuski, kino olamida o‘rtamiyona, suratga olingan filmlar ham uchrab turibdi. Ayniqsa, keyingi paytda hayotning siy­qasi chiqqan ikir-chikirlari, yengil-elpi ishqiy sarguzashtlar aks ettirilgan mavzusi har xil bo‘lsa-da, mohiyatan bir xil filmlar kishining g‘ashiga tegadi. Ammo sahnalashtirishga, suratga olishga arziydigan yaxshi dramalar, badiiy asarlar kelayapti. Shu bilan birga men xoh teatrda, xoh kino olamida ijod qilmasin umidli san’atkorlar Abdurahim Abduvahobov, Tohir Saidov, Lola Eltoeva, Ra’no Shodieva o‘ynagan rollarni hurmat va mehr bilan kuzatib boraman. Ulardan kelajakda umidim katta.

— Pirimqul Qodirov romani asosida sahnalashtirilgan “Yulduzli tunlar” spektaklida siz yaratgan Zahiriddin Muhammad Bobur obrazi vaqtida katta shov-shuvga sabab bo‘lgandi. Bobur qiyofasini kinoda ham o‘ynash ko‘nglingizda bormi?

— 1967 yilda Teatr va rassomchilik instituti (hozirgi Mannon Uyg‘ur nomidagi O‘zbekiston Davlat san’at instituti)da tahsil olayotgan paytimda birinchi marta “Mirzo Ulug‘bek” spektaklida Farang elchisi, “Dilbarim” filmida Abdusalom obrazini ijro etganimdan so‘ng, Bobur siymosini yaratish eng katta orzuimga aylangan edi. Yaratgan rollarim ichida Bobur obrazi hayotimdagi eng unutilmas va eng hayajonli obrazdir. Endi yillar davomida ko‘nglimda Boburning obrazini kinoda yaratish orzusi bor. Bilasizmi, Bobur Hindistonda turib, Andijondan qovun kutadi. Mana shu syujetning o‘zida bir olam ma’no mujassam. Ayni paytda Bobur haqida yozilgan tarixiy kitob­larni mutolaa qilayapman.

— Yana qanday yangi filmlar ustida ishlayapsiz?

— Yozuvchi Tohir Malikning “Iblis devori”, “Murdalar gapirmaydilar” asari asosida kino olishni rejalashtiryapman. Yaqinda tomoshabinlar e’tiboriga havola etiladigan “Iblis devori” badiiy filmida bugungi kunda odamlar o‘rtasida ko‘tarilgan mehr-oqibat, ota-ona, aka-singil, qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi munosabatlar, muammolar yorqinroq ochib berilgan.

— Yo‘l-yo‘lakay olingan filmlar talabchan tomoshabinlarning talabini qondirmayapti. Saviyasi sayoz filmlar ko‘payaversa, qachon o‘zbek kino san’ati jahon bozoriga chiqadi?

— Kinoda turmushning soxta tafsilotlari bilan, ko‘zbo‘yamachilik qilish bilan shuhrat qozonib bo‘lmaydi. Agar o‘zbek san’ati tarixiga bir nazar tashlasak, jahon kino san’ati bilan bellashadigan o‘zbek filmlari juda ko‘p. Hozirgi suratga olinayotgan kinolarning bir nuqsoni – ko‘proq yoshlar hayotiga bag‘ishlanyapti, yuqorida ta’kidlaganimdek, ishq-muhabbat mavzusi doirasida chegaralan­yapti. Yoshlar muhabbat tuyg‘ulari yuksak tushuncha ekanligini uning obro‘sini to‘kib qo‘ymasligini xohlardim. Bir paytlar ustozlarim Sora Eshonto‘raeva, Nabi Rahimov, Shukur Burxonov, akam Xayrulla Sa’dievdan sahnaga shunchaki chiqmaslikni, shunchaki rol o‘ynamaslikni o‘rganganman. Ak­t­yor tashqi qiyofasi va ichki dunyo­siga mos keladigan obrazni yaratsa, muvaffaqiyatli chiqadi. Yosh aktyorlar katta ustozlardan maslahat olib sahnaga chiqsa “toblanadi”, o‘z yo‘lini topadi. Men ko‘p yillardan beri taqdirini kinoga, teatrga bag‘ishlagan, betakror obrazlar yaratib, xalqning mehr-muhabbatini qozongan mahoratli aktyorlarni ayni kuchga to‘lgan pallada teatr, kinodagi asosiy obrazlarini o‘ynashlarini istardim. O‘shanda biz yuraklarni larzaga soladigan obrazlar yaratib, o‘zbek kino san’atini jahonga ko‘tarishimiz mumkin.

— Aytishlaricha, siz bolaligingizdanoq sport bilan muntazam shug‘ullanib turar ekansiz...

— Otam olamdan o‘tgach, ikki oydan keyin men tug‘ilganim uchun ismimni Yodgor deb qo‘yishgan. Hayotning mashaqqatli qi­yinchiliklarini, turli xil savdolarini boshdan kechirib, onam yolg‘iz o‘zi bizni tarbiyaladi. Ko‘nglimda sportga mehr uyg‘otdi. Sportning barcha turiga qiziqaman. Maqtanishga yo‘ymangu, bir paytlar tan olingan sportchi edim. “Paxtakor” futbol jamoasiga darvozabon ham bo‘lganman. Bir qarashda navqiron, tetik, sog‘­lom ko‘rinishimda sportning hissasi benihoya. Men barchaning sportni sevishlarini, muntazam shug‘ullanishlarini istardim.

— Oilangiz haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz...

— Baxtim shuki, mening bitta xotinim bor. Zaylixon Sa’dieva — san’atshunos. Ijodimga ham ko‘p qayg‘uradi. U tushkunlikka tushganimda olib chiqib ketadigan haqiqiy umr yo‘ldosh. Ikki farzandim bor. Habubilla va Munisxon. Ikkalasi sharqshunos — arab filologiyasi bo‘yicha mutaxassis. Har ikkalasining ham oilasi bor. Omadliman deb bejizga aytmadim. Bunda oilamning roli bor. Xudo iymonli, insofli farzandlar bilan diyonatli kelin-kuyov bergan. To‘rtta nabiram bor. Azizbek, Aslbek, Zarina, Mahbubaxon.

Ular mening — baxtim.

— Milliy matbuotimiz haqida fikringiz qanday?

— Mustaqilligimizning 16 yili davomida mamlakatimizdagi ommaviy axborot vositalari yurtimizda kechayotgan har bir jarayonni erkin, haqqoniy, voqealar qozonida qaynab hozirjavoblik bilan amalga oshirayotganligi diqqatga sazovordir. Fikr, so‘z erkinligi bor joyda, taraqqiyot bo‘ladi. Men har doim gazetalarni muntazam kuzatib boraman. Gazeta sahifalarida chop etiladigan maqolalarning saviyasi meni quvontiradi. Shu bilan birga ko‘cha gazetalarining ko‘payib borayotganligi, ularning asosiy maqsadi qaysidir san’atkor haqidagi mish-mishlarni to‘qib, xalqning ma’naviy saviyasini sayozlashtirayotganlari ham yo‘q emas. Ammo bir kun ommaviy madaniyat, ommaviy ma’naviyat, etika-estetika shakl­lanadi. O‘shanda matbuotning ham saragi sarakka, puchagi puchakka chiqadi.

— Bugun yurtimizda muqaddas Qurbon hayiti bayrami, sanoqli kunlardan keyin Yangi yilni ham nishonlaymiz. Yurtdoshlarimizga bayram tilaklaringiz?

— Qurbon hayiti — muqaddas bayram. Savobli ishlarni har kim ko‘proq qilishi kerak. Bu bayram bilan yurtdoshlarimizni qutlayman. Yangi yilni esa har yili hayajon bilan kutaman. Qalbimda allanechuk tuyg‘ular kechadi. Yangi yil kimnidir bir yilga ulg‘aytirsa, yana kimnidir umriga umr qo‘shadi. Eng asosiysi insonga berilgan vaqtning qadriga yetaylik. Qalbimiz ezguliklarni sog‘inib yashasin. Yangi yil xonadonlarimizga to‘kin-sochinlik, yurtimizga tinchlik-omonlik olib kirsin.

Adiba Umirova suhbatlashdi

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.