OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulatif Abdullayev. Ota va bola (hikoya)

Chigirtkalar chirillaydi, qurbaqalar qurillaydi. Og‘il tarafdan to‘yib yotib olgan sigirning inqillashi, baytalning pishqirig‘i eshitiladi. Ota va bola yozning faraxli kechasida, ochiq osmon ostida, shifer tomli uyning oldiga tushgan supada yulduzlarga termulib yotibdi. Bola to‘lay deb qolgan oyga tez tez qarab oladi. Boshida savollar g‘o‘jg‘on o‘ynaydi. Lekin otasining mayus va o‘ychan yotganini ko‘rib, pinjiga tiqiladi-yu, gap qotishga botinmaydi. O‘ziga e’tibor tortish va bahonada uzilib qolgan suhbatni davom ettirish payida otaning deyarli oqarib qolgan uzun soqolini silaydi. Otaning ko‘kka qadar yetib borgan nigohlari iziga qaytib, xayoli bo‘linadi. Kenjasiga yonbosh bo‘lib yotadi. Bola imkoniyatni qo‘ldan bermaydi:
—    Otaa?!
—    Labbay, toychog‘im.
—    Oymomo yulduzlarning enasi-ya?
—    Ha, ulim.
—    Unda otasi qaerda?
—    Ishlagani ketgan.
—    Qachon keladi?
—    Ertalab.
—    Otasi quyoshmi?
—    Himm.
Bola yana yulduzlarga termulib o‘ylanib qoladi. Elas-elas ko‘rinayotganlarini yaqinda tuqqan Ziyrak itining nimjon bolasiga qiyoslaydi. Kunduzi Ziyrak har safar bolalarini emizishga kelganda nimjon gidik enasini emolmay g‘ingshib qolgani esiga tushib, mitti yulduzlar ham ochlikdan yig‘layotganday tuyuladi:
—    Otaa?!
—    ...
—    Otaaa!
—    Hov, ulim... — ko‘zi ilingan ota qo‘l uzatib bolasining boshini silaydi.
—    Yulduzlarga otasi non olib keladimi?
—    Ha, ulim.
—    Xo‘rozqand ham olib keladimi?
—    Himm.
Bola beixtiyor labini yalaydi. Endi yulduzlarga havaslanib qaraydi:
—    Erta mengayam xo‘rozqandga pul berasiz-a?
—    Ha, ulim.
—    Maktabga qachon boraman?
—    Ozgina qoldi. Xudo xohlasa, keyingi yil.
—    Xudoning uyi qaerda, ota?
—    Hamma joyda, bolam. — Ota sergak tortadi. Bu mavzuda bolasiga yanglish tasavvur berib qo‘ymaslikka tirishadi. Charchoq bosib kelayotgan bo‘lsa-da, ko‘zlarini ochib yotadi. Bolasi jo‘njikkanini sezib, yonidagi choponini uning ustiga yopadi.
—    Alloh Xudoning oshnasima? — bola osmondan ko‘z uzmaydi.
—    Yo‘q, bolam. Alloh, Xudo, Parvardigor deganimiz hammasi Xudoning ismlari. Uning to‘qson to‘qqizta ismi bor. Lo‘lilar uyga kelganda tojikcha gapirganini eshitganmisan?
—    Himmm.
—    Usta Tolikning o‘rischa gapirganini-chi?
—    Eshitganman.
—    Hamma Xudoni o‘zining tilida aytadi. Shuning uchun uning oti ko‘p, bolam. O‘zi esa bitta.
—    Enasiyam otasiyam yo‘qma?
—    Yo‘q, ulim. Uni hech kim tug‘magan. Avvaldan bor bo‘lgan. Abadiy bor bo‘ladi.
—    Unda nega ko‘rinmaydi?
—    Sen shamolni ko‘rganmisan, ulim?
—    Yo‘o‘o‘q. U ko‘rinmaydi-ku.
—    Lekin shamolning borligini bilamiz, to‘g‘rimi. Xuddi shunday ko‘rinmas narsalar dunyoda ko‘p, bolam. Xudoni ko‘rib, ushlab bo‘lganda u Xudo bo‘larmidi?! U hech kimga o‘xshamaydi. Hammadan katta. Hammani ko‘rib turadi.
—    Qorong‘udayammi?
—    Qorong‘udayam.
—    Hamma narsani U yasaganmi?
—    Shunday, ulim.
—    Kuchugimizniyammi?
—    Himm.
—    Gidiginiyammi?
—    Himm.
—    Allamang, gidiklarni Ziyrak tuvdi-ku?!
—    Hali hammasini tushunib olasan, endi uxla bolam, xo‘pmi?
—    Xo‘o‘p...
... Atrofga sukunat cho‘kadi. Bolaning xayollarini otaning xo‘rragi buzadi. Boshini ko‘tarib uy tomon qaraydi. O‘rta xonada chiroq yoqiq. Demak, hali onasi irchiq yigirib yoki tikish qilib o‘tiribdi. Bola endi tezroq uxlashga tutinadi. Bo‘lmasa, onasi ham kelib yotganda uxlashga ulgurmasa, bir o‘zi uyg‘oq qolishdan qo‘rqadi. Bir olam savollari boshida aralashib ketadi. Bolani uyqu eltadi...

2014 yil

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.