OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulhamid Cho‘lpon. Novvoy qiz (hikoya)

I


Qilg‘ilik qilinib, bechora qizning qizligi olinib, bo‘lar ish bo‘lib bitgandan keyin, ikkalasi jimjit bo‘lib ikki tomonga cho‘zilishdilar. Uyning ichi, tashqari hovli, ko‘cha-ko‘y xuddi tong otishidan sal burung‘i vaqtlarday — chuqur, vazmin va tinch bir jimlikka botqon edi. Ba’zi-ba’zidagina pastak piromondan bir juft er-xotin musichalarning kukulashlari, qo‘shni hovlidan yosh bolalarning o‘yin ustidagi shovqunlari, ko‘cha tomondan yakka-yarim yigitlarning kuchsiz va g‘amli qo‘shiqlari eshitilib qo‘yardi. Darvoza eshikning tor bir yorig‘idan uy ichiga jindakkina yorug‘lik tushar va u ham yolg‘iz qizning so‘lg‘in yuzini yoritardi.
So‘fining shomg‘a aytgan azoni O’lmasboyni qo‘zg‘otib yubordi. U sekingina turib, usti-boshini tuzatdi-da: «Qiz uxlagan bo‘lsa, uyg‘otib qo‘yayin!» deb uning boshiga keldi.
Qiz ko‘zi ochiq, ezilgan, behol... cho‘zilib, xayollanib yotardi. Oppoq oqargan yuzlarini sekingina O’lmasboyga burdi. Xoin erkakning marhamatsiz ko‘zlari bilan aldangan qizning so‘nik ko‘zlari bir-biriga yo‘liqishdi. Erkak mag‘rur. Zaharli va sovuq bir kulish bilan kuldi. Qiz juda og‘ir bir jirkanish bilan yuzlarini burdi. Yana jim bo‘ldilar.
O’lmasboy qizning yuzlariga mag‘rurlik nazari bilan yana bir oz qarab turg‘ach, sharpasiz qadam qo‘yib eshikli terazaga yaqinlashdi va uning bir qanotini sekingina ochdi. Uy ichi birdan yaraqlab ketdi. Qiz tezgina ochiq-sochiq yotgan yerlarini ko‘rpa bilan berkitdi-da, turib o‘tirdi. Shu choq eshikni ochqali borayotgan O’lmasboy bilan qizning ko‘zlari yana uchrashgan edilar. Qizga orqasi bilan turg‘on O’lmasboy yolg‘iz kallasinigina burib, haligi mag‘rur kulish bilan unga qaradi: qiz bu safar iztirob va qiynoq aralash bir yuz bilan to‘ppa-to‘g‘ri erkakning ko‘zlariga tikildi-da, bo‘shang bir ovoz bilan:
— Nima qilib qo‘ydingiz? — dedi.
Zaharli va mag‘rur kulishni yana bir oz kuchaytira turib O’lmasboy ham bezbetlarcha javob qaytardi:
— Maza bo‘ldi, qo‘ya bering...
Qiz bu so‘zdan keyin juda chuqur jirkanish bilan yuzini burdi va titragan lablari orasidan mana shu ikki og‘iz so‘zni zo‘rg‘a chiqara oldi:
— Maza bo‘lmay o‘lsin, ilohim!
O’lmasboy qizning bu so‘zini bir noz va qizlarga xos istig‘no deb anglagan edi. Shuning uchun xursand bo‘lib bir kuldi-da, eshikka qarab yurdi. Holbuki, eshikning bir qanoti ochilgan vaqtda qizning ko‘zlaridan yirik donali ko‘z yoshlari qatorlashib tusha boshlag‘an edilar...
O’lmasboy eshikning yonida turib, orqasiga ham qaramasdan:
— Turing, darrov usti-boshlarishizni tuzating. Xotinlar qovun saylidan kelishib qoladi. Mana men eshikka chiqib turaman! — dedi. Shu gapni aytib bo‘ldi-yu, oyog‘ini ostonaga qo‘ydi va tashqaridan turib eshikni ham yopdi.
Qiz kuyikib-kuyikib bir oz yig‘lagach, irg‘ib o‘rnidan turdi. Naridan-beri usti-boshlarini to‘g‘riladi. Asli o‘zi ham usti-boshlarini yechmagan, och bo‘rining changaliga ko‘chadan kslgan bo‘yicha tushib qolgan edi... Butun borlig‘ida to‘lib-toshgan iztirob va g‘azab, horg‘inlik va darmonsizlikni sezdirmas edi. Biri tokchada va biri yerda yotqon paranji-chimmatni tezgina qo‘lga oldi. Uydan yugurganicha chiqib ketmakchi bo‘lib o‘zini eshikka urdi. Eshik qulflanmag‘an edi. Darrov ochildi. Ochishi bilan eshikda O’lmasboy ko‘rindi. Shu qadar tezlik va shoshilishliq bilan uydan otilib chiqayotgan qiz qandaydir bir kuchning ta’siri bilan yetgan joyida to‘xtadi va ko‘z ochib yumguncha paranjisini irg‘itib uyga kirib keldi. Uning ketidan dumma-dum O’lmasboy ham kirgan edi. Ko‘zlari burung‘iday g‘ururli emas, mardlik aralash bir iztirob bilan juda «mo‘min va so‘fi» bo‘lib ko‘rinar edi.
— Ha, oyim qiz, yo‘l bo‘lsin? Jo‘nab yotibsizmi?
Qiz «oyim qiz» degan ikki og‘iz so‘zning bittadan ikkita nayza bo‘lib tanga botganini sezdi. U titradi, lablari yelga yo‘liqqan yaroqlarday dir-dir qaltiray boshladi. Ko‘ksi qisildi, dami og‘irlashdi, hansiradi. Shu holda bir oz bezgaklanib turgach, birdan baqirdi:
— Imonsiz!..
O’lmasboy bemalol kulib turib dedi:
— Oyim, sizga nima bo‘ldi? Musulmon, kalimago‘y odamni imonsiz deysizmi? Nima gunoh qildik?
Qiz qaltirab turib tokchadan bir piyola oldi va titragan qo‘li bilan O’lmasboyga qarab irg‘itdi. O’lmasboy salgina bir tomonga sing‘ayish bilan piyolani yonidan o‘tkardi-da, bu safar baland g‘urur bilan bir qah-qaha otdi.
Dengiz shu qadar buyukligi bilan hamma vaqt qirg‘oqlardan yengiladi. Achchig‘i kelganda, g‘azabi qaynaganda zo‘r-zo‘r to‘lqinlar kichik-kichik mavjlarni qirg‘oqning tosh-metin gavdasiga qarab otadi. Qirg‘oq, yuqorilarga ko‘tarilib ketgan marmar qirg‘oq, koshki pinagini buzsa! Bechora to‘lqinlar, mavjlar sinib mayda-mayda bo‘lib, yana dengizning ko‘ksiga tushdi. Dengiz ularni yana silab-sipab boshini bir yerga qovushtirib, to‘plab, yana qirg‘oqqa otadi. Yana bo‘linish, yana parchalanish... Tuganmas olishish!
Qiz — dengiz O’lmasboy — qirg‘oqning po‘lat taniga kichkina bir piyolani yolg‘iz bir daf’agina otdi. Shunda ham bu jonli qirg‘oq chap berdi-da, mo‘riga tegib parchalangan bechora piyola bo‘ldi. Shundan so‘ng qiz — dengiz o‘z ojizligini bildi va butun qahri va g‘azabini o‘z taniga singdirib olib, paranjisini boshiga tashladi-da, g‘izillab eshikka chiqdi.
Oh! Zindonga kirganlarning osonlikcha chiqishlari mumkinmi? Bo‘rining changaliga «omon» so‘zi aslida yozilganmi? Sher qo‘liga tushganni qo‘yib yuborish uchun yaratilganmi? Ajdar agar bor bo‘lsa, butun shuhratini marhamat orqasida chiqarganmi? Chuqur jarlar, yuksak qoyalar, vahimali uchurimlar... Odam bolasini yulib, ko‘tarib, yuksaklarga olib chiqmoq vazifasini ko‘radilarmi? Qilich o‘pish beradimi? Xanjar peshonangizdan silaydimi? Chayon nashtarga o‘xshash ignasi bilan chokingizni tikadimi? Yo‘q!..
Qiz uydan ikki-uch qadam jilgan edi... Orqadan o‘sha burung‘i kuchli hirs bilan kelib yopishdi. Omonsiz bilaklar shu qadar «yaxshi» ishlar edikim, qiz bechoraga na baqirish, na chaqirish, na qimirlash va na silkinish uchun ozgina bir imkon qolmagan edi.
Boyagi uyda, boyagi joyda, boyagi erkak boyagiday bosdi....
Qovun saylidan keladiganlar — kelmas bo‘lganlar, tan va tan bo‘laklari kuchli erkakning istaklariga tugal bo‘yin egib ketgan edilar...
Bu safar qiz tez qo‘zg‘aldi. Darrov turdi, ust-boshini tuzatdi, paranjini qo‘lga oldi va shamol tezligi bilan uydan chiqdi.
Orqasidan O’lmasboy g‘urur aralash qah-qaha bilan gapirib qoldi:
— Oyimtilla! Bekor ketayotirsiz! Bu kun xotinlar qovun saylidan kelmaydigan bo‘libdirlar. Qolsangiz tong otguncha bazm qilar edik. Maza bo‘lar edi...
Qiz ko‘cha eshikka yetganda ichkaridan O’lmasboyning baqirg‘oni eshitildi:
— Novvoy qiz! Non to‘la savating qolibdir!

II


Yarim so‘mga yetar-etmas pul bilan qiz bechora uyiga kelgan vaqtida onasi — kampir o‘lim to‘shagida yotgan edi. Oftobda qatiq ichishgan qarindoshlaridan bir kampir uch-to‘rt kundan beri kasalga qaraydi. Kasal bu kun xo‘rdasini ham ichmagan, uni qizga qoldirgandir. Bo‘lmasa, qiz balki issiqsiz qolardi...
O’lim oldidagi onaning bosh tomonida o‘tirib, quruq suvdan qaynatilgan bemaza xo‘rdani ichayotgan, shu kampirdan boshqa bu dunyoda hech kimsasi bo‘lmagan bechora qiz o‘ylaydi:
«O... bechora onam! O’lim oldida ham o‘z nasibasini menga beradi. Oh! Mundan keyin kimning nasibasi bilan to‘yaman!..»
O’y mundan nari o‘tgach, oysiz tunlarday borgan sari qorayadi. Ko‘chalarda sudralib, har bir yo‘liqqanga sotilib, «sevgan»dan o‘pish, «sevmagan»dan qo‘pol bir turtki yeb yashash ko‘z oldig‘a keladi.
So‘fi odamlarni «falloh» (qutulish)ga chaqirgan vaqtida kampir ham... uzildi. Endi qiz bechora hali qanotini rostlamay turib onasini va uyasini yo‘qotib qo‘ygan qushday bo‘lgan edi...
Ona o‘ldi.
Hech kim bilmasdan, sezmasdan ko‘mildi...
Kampirning hech kimi yo‘q edi. Lekin kampirning «har kimi» bo‘lganda ham uning ko‘nini ham bilmagan edi. U onasini o‘zining alamli ko‘nglida allaqachon... allaqachon ko‘mgan edi.
Keng yurt...
Ko‘p xalq...
Kampirning o‘lgani, ko‘milgani bir mahallaga ham bilinmagani bilan, qizning «allakim» bilan o‘ynashib yurgani hammaga bilingan, butun shaharga dovruq bo‘lgan edi.
Axir, qiz hech kim bilan o‘ynashgani yo‘q-ku! Uni: «Uyimda xatmi hojam bor, noningni tugal olaman, yur mening bilan birga», deb olib ketib, kuch bilan bosgan O’lmasboy edi-ku! Qiz besh-olti yil uyida non yopib sotib, birgina onasini boqqani holda, hech kimga qiyshanglab gapirmagan edi-ku! Qizda qilcha ham gunoh yo‘q-ku!.. Lekin bu haqiqatni O’lmasboyning uyidagi devor va terazalar bilan o‘sha yerda qolgan non savatidan boshqa kim biladi? Kim? Hech kim! U jonsiz narsalardan un chiqmasa, ovoz eshitilmasa, tovush kelmasa, nima qilaylik? Nima?..
Oradan rosa ikki yil o‘tmadi — bechora qiz ikki erga tegib chiqdi. Burunroq uning yoshlig‘i, husni, tozalig‘i, bir oz umidi bor edi, endi u narsalardan hech biri qolmadi. So‘nggi eridan chiqqan vaqtida ustida bir qator eski kiyimi, boshida «xudo urgan» bir paranji-chimmati qolib edi. Undan ikki-uch oy o‘tgach, paranji-chimmat ham tashlandi. Endi eski, yirtiq bir qator kiyim, ezilgan yurak, charchagan gavda, gangigan esgina qoldi...

III


Sud.
Ibratli sud.
Kichkina masjidning keng sahni odam bilan liq to‘lgan. Bizning kichkina «tarzan»larimiz — yosh bolalar, tegrasidag‘i daraxtlarning shoxlariga chug‘irchiqday yopishib olg‘onlar. Minglarcha xalq to‘plangan yerda — pastda shovqin kam, yuzcha «o‘zbek tarzanlari» to‘plangan joyda — yuqorida daraxt shoxlarida katta shovqin:
— Ahmad, qaerdasan?
— O... Yo‘lchi! Yo‘lchi hov! Yo‘lchi!!! Bormisan?
— Ergash! Bu yoqqa kel! Men bu yoqdaman!
— To‘xta, tush deyman! Tush! Bo‘lmasa, tepib yuboraman. Ayblanuvchi qassob O’lmasboy Abduqodir o‘g‘li, qishloqdan non olib kelgan bir qizning nomusini buzish bilan ayblanadi.
Sud tinch o‘tayotibdir.
So‘roqlar tugadi.
Shohidlar ham bir-bir o‘tdilar.
Ayblanuvchilar gapirdilar...
Oqlanuvchilar vaysadilar...
Allakimlar isbot qildi...
Allakimlar tondilar...
Aybdor so‘z oldi. Tondi, gapirdi, gapirdi, o‘zini okladi...
Uning so‘zi tugayozganda paranjisiz «papka» ko‘targan yosh bir xotin to‘g‘ri sud hay’ati yoniga keldi. U bezgakday titrardi.
Sud kishilari, oqlag‘uvchi, qoralag‘uvchi, shohid, tomoshachi... hamma, hamma unga tikildi. U bir oz hushsiz qarab turg‘ach:
— Menga so‘z!.. — deb baqirdi. Xalq qoralag‘uvchisi uqtirdi:
— Bu kishi xotinlar sho‘‘basining raisasi! Masala bir xotinning nomusi ustida bo‘lgani uchun munga so‘z berilsin!
U gapini tugatmasdan turib xotin baqirdi:
— So‘z!.. So‘z!.. 
Berdilar.
Yaqinga keldi. Hamma jim qoldi. Masjidning keng sahni to‘ldi, balki ko‘mildi...
Vaqt o‘tadi...
Hamma kutadi.
Xotin jim...
Hammani iztirob bosadi.
Bechora xotin qaltiraydi. «To‘xta parpirak»ning shoxidagi pachgiday qaltiraydi...
Boshladi. Birdan qattiq boshladi.
— Men novvoy qiz edim... Besh yildan beri non yopib, o‘zim sotib qari onamni boqar edim... Bir kun... Bir kun...
U yog‘ini ayta olmadi. Nafasi og‘ziga tiqildi, bo‘g‘ildi, badtar qaltiradi. So‘ngra birdan yovvoyi bir «dod» chiqarib yiqildi.
Pastdan ham bir xunuk «dod» chiqdi. Unda aybdor ham yiqildi. Ikkovini suyab olib ketdilar. Sud buzildi.
Yana sud bo‘lganda...
Dengiz — qiz qullarday jim turib so‘zladi.
Qirg‘oq — O’lmas tog‘larday tinch turib tingladi.
Qirg‘oq ag‘darildi.
Tog‘ yiqildi.
Dengiz mavjlari va to‘lqinlari quchog‘iga olib, ularni qirg‘oqlardan saqlash: qo‘riqlash qayg‘isiga botdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.