OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qahhor. Hiqichoq (feleton)

Uchinchi signal bo‘lib, chiroq o‘chadigan paytda zalga hiqichoq tutgan bir mast kirib keldi. U, bo‘sh joy izlab, shomda qolgan tovuqday bo‘ynini cho‘zib, u yoq-bu yoqqa qaradi, aftidan, hech narsani ko‘rmas edi. Kontrolyor uning qo‘lidan biletini olib ko‘rdi-yu, bo‘sh joyga yo‘lladi. Mast dam-badam hiqillab, qator orasidan odamlarga ketini ishqab o‘tib borar ekan, oyog‘i chalmashib bir xotiining tizzasiga o‘tirib qoldi; xotinning dashnomi qulog‘iga kirmay, shoshmasdan o‘rnidan turdi, nihoyat, bo‘sh joyga o‘tirib yana bir marta «hiq» dedi.

Chiroq o‘chdi. Parda ochildi. Sahnaning o‘rtasida g‘oz turgan artist ko‘ziga ikkita ko‘rindi shekilli, mast bir ko‘zini hovuchi bilan berkitib qaradi; artist ashula aytayotibdi, deb o‘yladi shekilli, tizzasiga urib:

— Do‘st! — dedi.

Uning yonida o‘tirgan kimdir turtdi:

— Jim!..

Mast unga yuzlandi.

— Men sizga do‘st deyatganim yo‘q, oshna! Siz nima qilibsizki... hiq... do‘st deyishlik kerak!.. «Fig‘onkim gardishi davron»ni bilasizmi? Hiq... bilmaysiz!..

— Sahnaga qarang, pulingiz kuyadi!

— Mening pulim kuyadigan pullardan emas... Lekin, qarasam qarayveraman, xohlasam bir ko‘zim bilan... hiq... qarayman, xohlasam ikkala ko‘zim bilan qarayman! O’zimning ko‘zim, o‘zimning biletim, o‘zimning... hiq... pulim!

Mast yonidan papiros oldi, engashib gugurt chaqqan edi. Atrofda bosinqi g‘ovur ko‘tarildi. O’tib borayotgan kontrolyor mastga tomon engashib, qattiq shivirladi:

— Chekmang, shtraf qilaman!

— Ie, opajon, bilet olganimizda shtrafi... hiq... ichida degan edi-ku! Kech... kechirasiz, men bu yerni kino debman... Shtraf emish, men nima gunoh qilibman? Kuchingiz faqat bizga yetar ekan-da! Bularga nega indamaysiz yo bular pora berishganmi? Biz ham naqd pulga... hiq... bilet olganmiz! Men birovni so‘kmasam, birovni urmasam... Birovni ursam, ehtimol, mayda bezorilikka... hiq... kirar edi. Meni hozir hech kim hech narsa qilolmaydi! Qo‘lingizdan kelsa, bilasizmi... hiq... hiqichog‘imni to‘xtatib bering!

Mastni hech tiyib bo‘lmas edi. Unga na yonidagi odamlarning yolvorishi kor qilar edi, na kontrolyorning po‘pisasi. Kontrolyor po‘pisa qilgan sayin mast avj qila boshladi, aftidan, shovqin soladiganga o‘xshab qoldi. Shunda mastning orqasida o‘tirtan bir yigit kontrolyorga «Siz ketavering, o‘zimiz eplaymiz» degan ma’noda ishora qildi-yu, engashib, mastning qulog‘iga shivirladi:

— Yashang! Xotiningiz ham kayfi oshsa, hiqichoq tutib, xuddi o‘zingizday juda shirin bo‘lar ekan!

Mast irg‘ib o‘rnidan turdi.

— Qaerda ko‘rdingiz?

— Eshikning tagida hiqillab o‘tiribdi...

—Xotinim ichmas edi-ku! Qachon ko‘rdingiz? — dedi mast va yigitdan javob kutmay, javraganicha jo‘nab qoldi— Hozir chiqib sakson sakkiz taloq qo‘yaman! Menga ichadigan xotin kerakmas! Ichadigan bo‘lsa ichadigan erga... yo‘q, ichmaydigan erga tegsin!

— Chakki bunaqa dedingiz,— dedi yigitning yonida o‘tirgan bir xotin, — hozir qaytib kelib yoqangizdan ushlasa, nima javob berasiz?

Yigit beparvo javob berdi:

— Hali-veri kelmaydi: uyiga boradi, xotinini chiroqqa solib ko‘radi, og‘zini iskaydi, qasam ichirib, so‘roq qiladi... Ungacha spektakl tamom bo‘ladi.

Bosinqi kulgi qo‘tarildi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.