OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdunabi Hamro. Shoirning janozasi (hikoya)

Yomg‘ir ertalabdan beri tinmayotgandi. Oyoq ostidagi oltinrang xazonlar yerga qapishdi. Odamlar orasida jimgina turgan aspirant yigitga go‘yo osmon ham marhum Shoirga aza tutayotgandek tuyulardi.
“Tirigida yo‘qlamaganlarning endi bo‘zrayib turishlarini qarang! – deya xayolidan o‘tkazdi u. – Bechorani itdan xor qilishdi-ya... Hatto o‘ligiyam o‘z uyidan chiqishday baxtdan mosuvo... Darvoqe, o‘zi uyi bormidi Shoirning...
Nihoyat, mayitni opchiqishdi. Ko‘p qavatli “dom” oldidagi chog‘roq maydoncha janozaga kelganlar bilan to‘lgandi. Yomg‘ir hanuz maydalab yog‘ar, ko‘pchilik shamsiya tutib olgan, ayrimlar bosh kiyimi ustiga yelim xaltacha kiydirib qo‘ygandi. To‘rt-besh kishi mayitni o‘rtaga obkelib qo‘yishdi. Mana, hozir domla imom janoza o‘qisa, shu bilan tamom. Shoirning bir-ikkita yaqinlari qabristonga borishsa bo‘ldi-da, shu yomg‘irda kim ham erinmay... yo‘q, yosh va tajribasiz yigitcha har safargiday adashgandi: janoza o‘qishga chog‘langan sallalik kishini chetga surib, soyabon tutgan bir zot oldinga chiqdi.
“Iya, bu kim bo‘ldi tag‘in? Shunisi yetmay turuvdi o‘zi...” – ensasi qotdi aspirantning. U garchi shoirlikka da’vo qilmasa-da, qalam ahlining ko‘pchiligini yaxshi tanirdi. Universitetni tugatib, aspirantura­da qolgach, ilmiy ishiga asqotadigan barcha nishondoru benishon, ma’lum va mavhum, unvonliyu hamyonli qalamkashlar to‘g‘risida zo‘r berib ma’lumot to‘p­layotgandi.
– Nima balo, miting qilishmoqchi shekilli? – deya to‘ng‘illadi kimdir orqaroqdan. – Tavba, o‘likni mahtal qilib... bu nusxa kim o‘zi?
– Tsh-sh! Otaxon-ku bu! – kimdir unga tanbeh bergan bo‘ldi.
Aspirant yomg‘ir pardasi oralab, qariyaga tuzukroq sin soldi. Ha, bu o‘sha, bir paytlar bechora Shoirga kun bermay, uni mahdudlikda, sovet voqeligiga yot ruhdagi pessimistik asarlar bitayotgan badbin sifatida ayblab, sazoyini boshlab bergan zot edi. “Qarang-a, haliyam tirik ekan-da bu, to‘qsonni urib qo‘ygandir o‘ziyam” deya ko‘nglidan o‘tkazdi Aspirant.
– O‘rtoqlar! – qariyaning ovozi biroz bo‘g‘iq, rangi-ro‘yi kabi yoqimsiz edi. – Adabiyotimizning, she’riyatimizning yulduzlaridan biri bo‘lmish shoirimiz Hokisorni so‘nggi yo‘lga kuzatyapmiz...
– “O‘rtoqlar”ga balo bormi shu zamonda, ularning bari to‘qson birinchi yildan narida qolib ketdi, – deya kinoyali shivirladi kimdir. Boyagi tartibsevar esa uni ham tergab qo‘ydi:
– Tsh-sh!
– Biz Hokisorni sevardik! – deya ming‘irladi Ota­xon ko‘zlaridagi yoshnimi, yomg‘ir tomchisinimi artib. – Uni qadrlardik, unga qoyil qolardik. Ha, u tom ma’noda Shoir edi.
“Qadrlaganmishlar! Bechorani ur kaltak-sur kaltak qilganlarning boshida o‘zingiz turmaganmidingiz, ustoz?! Shoirga goh “panturkist”, goh ”panislomist” degan yorliqlar yopishtirib, sal bo‘lmasa imperializm agentiga chiqargan kim edi? Hayriyatki, yurt baxtiga Istiqlol keldi, adolatli rahbarlar Shoir ijodiga haqqoniy baho berishdi, u Xalq shoiri bo‘ldi. Aks holda, senlar uni qayta ko‘karmaydigan qilib, qoziqday yerga qoqib tashlardinglar!”
Shu gaplar xayolidan o‘tgan Aspirant ko‘z yosh to‘­kayotgan qariyaning so‘nggi so‘zlarini eshitmay qoldi. Bu orada Otaxonning o‘rnini egallagan zot ham unga tanish edi. Bir paytlar ulug‘ dohiylarni, ularning “haq ishlari”ni ko‘klarga ko‘tarib, yostiqday-yostiqday kitoblar nashr ettirgan, mustaqillik bo‘lib, mezonlar va qadriyatlar o‘zgargach, besh-olti yil bosim o‘tirib, asarlarini qayta ishlagan, endi har yig‘ilishda, har bir katta-kichik anjumanda kitoblarini chop etishni istamayotgan noshirlarning go‘riga g‘isht qalab yurgan bu kimsa ham bechora Hokisorning bu taxlit xor bo‘lishiga o‘zining “barakali hissasi”ni qo‘shganlardan edi.
– Men Hokisorni juda hurmat qilardim, – deya o‘z diydiyosini boshladi yozuvchi. – Biz u bilan qalin do‘st edik, aytish mumkinki, bir ko‘rpada tepkilashib katta bo‘lganmiz. Uning ilk to‘plami chiqqan yillari...
– “Hah, dunyoi qo‘tir-a! O‘ldi – aziz bo‘ldi, shishdi – semiz bo‘ldi! Bu akamning sayrashini qarang endi. O‘sha ilk to‘plami chiqqan paytlari bechora Hokisorning sho‘riga sho‘rva quyganlardan biri o‘zi-ku! Katta idoralarning buyurtmasi bilan yozib, eng katta gazetada chop ettirgan maqolasida Hokisorni "she’rlaridagi “ulug‘ turk”, “ota Turkiston” jumlalari bilan sovet kishilarining ko‘ngliga shubha urug‘larini ekyapti”, deb badnom qilishga uringan kim edi o‘zi?! Hokisorning she’rlari talabalarning og‘zidan tushmay, mashhur hofizlar uning she’rlariga kuy bastalab, kuylab yurgan kunlari oyog‘i kuygan tovuqday tipirchilab qolgan kim aslida? Hokisor bilan birga o‘qigani, ijara uylarda birga yashagani rost, biroq, qismatning ajabtovur o‘yinlarini qarangki, birov ko‘zga ilmagan, pachoqqina yigit mashhur Shoir bo‘ldi. Bo‘yni g‘o‘laday yo‘g‘on yozuvchi esa hamon itning keyingi oyog‘i...
XX asrning ikkinchi yarmida o‘zining o‘tli she’r­lari bilan millatni uyg‘otgan uch-to‘rtta fidoyi shoirlar orasida Hokisor ham borligini, aynan uning qadimiy turkiy qavmlar birligi haqidagi, buyuk ajdodlar jasorati to‘g‘risidagi fikrlari millat farzandlari ko‘nglini-yu ruhini larzaga keltirganini Yozuvchi bilmaydimi? Yo‘q, juda yaxshi biladi! Chunki, u – o‘zi aytganidek – Hokisor bilan birga o‘ynab, katta bo‘lgan”.
Aspirantning joni bo‘g‘ziga tiqildi. Odam degani ham shunchalik surbet bo‘ladimi? Axir, bu yerda, to‘planganlar uni ham, Hokisorni ham, oralarida bo‘lib o‘tgan voqealarni ham yaxshi bilishadi-ku! Yoshroqlar bilmasa-da, anovi Otaxonga o‘xshaganlar barcha siru sinoatdan xabardor. Aslida mana shu Yozuvchiga o‘xshaganlarning tazyiqlari Hokisor bechorani ikki bora kasalxonaga yotqizib, yurak o‘ynog‘iga duchor qilmadimi?! Ilk to‘plamini o‘z ismi, Rashid Parda taxallusi ostida chop ettirgan shoir Zamonbekning laychalaridan qutilish uchunmi, yo o‘z tabiatidan kelib chiqibmi, keyingi ijodi-da barcha uchun Hokisor bo‘lib qoldi. Jonini jabborga berib tomoq qirayotgan yozuvchiga boqib, Aspirant tag‘in bir voqeani xotirladi. Garchi shaxsan o‘zi guvoh bo‘lmagan bo‘lsa-da, aniq manbalardan eshitgani uchun Aspirant bu voqeaning chindan ham ro‘y berganiga shubha qilmaydi. Xullas, istiqlolning dastlabki yillarida oilaviy turmushi darz ketib, u yer-bu yerda yashab yurgan, g‘irt ishsiz bo‘lgan Hokisorga obro‘li bir jurnal tahririyatidan qo‘ng‘iroq qilishadi. Jurnalga endigina bosh muharrir qilib tayinlangan, iste’dodi o‘rtamiyona bo‘lsa-da, o‘zi nihoyatda bag‘rikeng odam bo‘lgan Bolajon Shoir yangi jamoani shakllantirish jarayonida nogoh Hokisorni eslab qoladi. “Kel, shu darveshni ishga olay, meni duo qilib yursin” deya o‘ylab, unga sim qoqadi.
– Iloyo umringizdan baraka toping, uka! – deydi Hokisor, kutilmagan taklifdan quvonib, – yaxshi o‘ylabsiz-da, bizga bi-i-r rahbarlik qiling o‘zingiz...
Qiya ochilgan eshik ortidan ikki shoir suhbatini eshitib qolgan Yozuvchi bir narsani bahona qilib ichkari kiradi. (U ham yangi jamoaga a’zo qilib olingan, sho‘rlik Bolajon Shoir uni ishga olib, o‘z boshiga baloni sotib olganini hali bilmasdi).
– Shularga qo‘l qo‘yib bersangiz... – deydi u ipakday eshilib, qo‘lidagi ikki varaq qog‘ozni rahbarga uzatarkan.
– Hokisor bilan gaplashib, roziligini oldim, ertadan ish boshlaydi! – deydi Bolajon Shoir terisiga sig‘may, beixtiyor qog‘ozlarga imzo chekar ekan.
– A-a? Ukaginam, meni kechirasiz, rahbar siz, ammo bir narsani aytay... – Yozuvchi u yoq-bu yoqqa alang­lab kursiga o‘tiradi. – Axir, Hokisor “qora” ro‘yxatda turadi-ku! U anovi yangi chiqqan “inqilobchilar” bilan og‘iz-burun o‘pishib yurgani katta idoralarga yoqmayroq turibdi o‘zi. Siz yoshsiz, avtoritetingiz bor, karera qilishingiz kerak hali, kattalar sizga ishonch bildirishgan. Hokisorning Boltiqbo‘yi respublikalariga safari nima bilan tugagani hammaga ma’lum-ku! O‘sha yerda har xil Yanus-panuslar bilan topishgani to‘g‘risida mish-mishlar bor. Qolversa, Hokisorning hech qanaqa hujjati yo‘q, uni ishga olish qiyin bo‘ladi.
– Nega endi hujjati bo‘lmas ekan? – ajablandi Bolajon Shoir. – Axir, Universitetni bitirgan-ku!
– To‘g‘ri, bitirgan, lekin diplom olmagan, bu bizga ishonchli joylardan ma’lum. Pasporti yo‘q, xotini bilan ajrashgandan so‘ng yo‘qotgan, bu aniq. Partbileti yo‘q, partiya a’zosi emas edi, tem bolee, endi partiyaning o‘zi ham yo‘q. Xullas, u komsomolga ham, kasaba uyushmaga ham a’zo bo‘lmagan. Faqat “u yoq”da uchyotda turibdi!
– Shoshmang, axir u Xalq shoiri-ku?!
– Nu i chto?! Bo‘lsa bordir, za to, dokumenti yo‘q.
Alqissa, ertasi kuni ming bir umid bilan kelgan Hokisor tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, qaytib ketadi. Bolajon Shoirga “karera”si azizroq ko‘rinadimi yo haqiqatan ham Hokisor “bezdokument” ekanmi, ish­qilib, bir savob ish amalga oshmay qoladi.
Xiyla ivib bo‘lgan jasad ustiga brezentga o‘x­shagan allambalo mato yopib qo‘yishdi. Miting esa tugay demas, bosh ko‘tarib chiqib, “Hoy musulmonlar, bu nima bedodlik, axir! O‘lik mahtal bo‘lib qoldi-ku! Hozir Mafkuraxonimning zamoni emas, bas qilinglar bu bema’ni tomoshani!” deydigan errayim yo‘q edi. Xayriyatki, yomg‘ir biroz pasaydi, qariyb tindi. Endi u ko‘zga ko‘rinmay shivalar, ko‘rinmasa-da, yog‘ayotganini sezdirib turardi.
Mayit egasi, uy egasi, ya’ni so‘nggi bir-ikki yilda uy-joysiz qolgan Hokisor o‘zining so‘nggi kunlarini yashash uchun bekorga uning uyini tanlamagan Kamtarinning fe’l-atvori Hokisorga judayam o‘xshab ketardi. O‘shanday sodda, samimiy, beg‘ubor, aldam-qaldamdan yiroq...
– Hokisor akam bilan barcha qiyinchiliklarni birga yengib yashadik! – degan chiyildoq tovushni eshitib, Aspirantning xayoli bo‘lindi. Tobut oldida turgan ayolni ko‘rib, u seskanib ketdi. Ikki bor uylanib, baxti ochilmagan bechora shoir oxiri shu xonimning changaliga tushib, butunlay tor-mor bo‘lgandi. Mustabid tuzumning so‘nggi yillarida topishgan ikki yurak biroz tinch yashashdi, so‘ng Hokisorning ishlari kundan-kunga ortga keta boshladi. Keyinroq ayon bo‘lishicha, uning har bir qadamini, har bir olgan nafasini kerakli joylarga yetkazib turgan “savobtalab” aynan shu O‘rgimchakxonim ekan. (So‘nggi kunlarida Hokisor bir suhbatda uni shunday atagandi). Barcha sir oshkor bo‘lgach, Hokisor u bilan ajrashishga qaror qildi, biroq, o‘zi pand yedi: O‘rgimchakxonim uch xonali uyini imi-jimida o‘z nomiga xatlab olganligi bois Hokisor ko‘chaga haydaldi...
Xudo urganni payg‘ambar ham hassasi bilan turtar ekan: ko‘ziga yosh kelmagani yetmagandek, yomg‘ir ham tindi, noiloj qolgan O‘rgimchakxonim diydalarini tupuk surtib ho‘llashga majbur bo‘ldi va tabiiyki, ertalab oyna oldida ixlos bilan surtilgan qora bo‘yoq chaplanib, xonim mo‘ri tozalovchi xotinga o‘xshab qoldi.
Nihoyat, mahalla oqsoqolining toqati toq bo‘ldi. U odamlar orasini yorib o‘tib, oldinga chiqdi.
– Bo‘ldi-da endi, birodarlar, hamma narsaning ham chegarasi bo‘ladi. O‘lik ham, tirik ham ezildi ro­sa. Bu bechorani tirigida birov yo‘qlab, shu ma­hallaga kelganini ko‘rganim yo‘q. Endi bo‘lsa... Ha, no­to‘g‘rimi? Shoshmang, siz kimsiz?
– Men uning qishloqdoshiman, – deya izilladi yupun kiyingan bir chol hiqillab, – bir mahallada o‘s­ganman. Ruxsat bering, oqsoqol, ikki og‘iz gapiray...
Oqsoqol oyoq tiradi.
– E-e, taqsir, qo‘ying endi, odamlar kutib qo­lishdi, ayb bo‘ladi.
– Ikki og‘izgina... – yalindi chol.
– Uf-f, bo‘pti, tezlashtiring. Tavba-ey!
– Hokisor katta odamlarning farzandi, tagli-zotli oilaning o‘g‘li edi. U umrini adabiyotga ba­g‘ishladi, birovdan ehson kutmadi. Uyi, ana, bir soatlik yo‘l shahardan, lekin yillab qishloqqa bormasdi. Xudo uni shunday yaratgan edi, sizlar ham uni shundayligicha qabul qilishingiz lozim edi. Uning o‘zbek xalqi oldidagi xizmatlarini inkor qila oladigan mard bormi oralaringda? Jimsizlar... demak, yo‘q. U o‘zini o‘ylamadi, millatim, Turkistonim, tilim deb o‘tdi. Men traktorchi bo‘lganman, lekin uning barcha she’rlarini yod bilaman. U Vatan qayg‘usi bilan, Turkiston yodi bilan yashadi. Umrining oxirida, mana, xor bo‘ldi, hatto o‘liginiyam xo‘rladinglar. Suf senlarga-ey! Shoiru yozuvchi deganlari senlar bo‘lsang, minba’d qo‘limga kitob olmaganim bo‘lsin. Alvido, do‘stim! Biz gumrohlarni kechir...
Yoz osmonidagi momaqaldiroqdek yangragan bu so‘zlardan so‘ng barchaning dami ichiga tushdi. U yer-bu yerdan yo‘tal, tomoq qirishlar eshitila boshladi. Tartibsevar odamlarga dakki berdi:
– Tsh-sh-sh!..
– E-e, g‘alati bo‘ldi-ku... – deya Oqsoqol kalovlandi, so‘ng beo‘xshov jilmaydi. – Qani domla, o‘qing janozani!
O‘n besh daqiqadan so‘ng maydoncha bo‘shab qoldi. Aspirant namchil yo‘lkalardan asta yurib borarkan, nogoh yuziga tomgan sovuq tomchidan seskanib ketdi. Osmonga qaradi: bulutlar quyuqlashgan, yomg‘ir qaytadan boshlangandi. Osmonning ulug‘ shoirga tutgan azasi hali tugamagandi. Yomg‘ir ezgin, Hokisorning o‘zi bitgani kabi, shig‘alab yog‘ardi.

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 9-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.