OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abduqayum Yo‘ldosh. Vido ziyofati (hikoya)

Institutning oxirgi bosqichida o‘qiyotgandim.
Aniq esimda, namozshom palla edi. Guruhdoshim Hamid to‘satdan xonaga bostirib kirdi va menga diqqat bilan tikilib turaverdi. Rangi bo‘zarib, ko‘zlari allanechuk besaranjom boqardi.
— Ha, jo‘ra, tinchlikmi? — dedim.
Hamid oqarib ketgan lablarini arang qimirlatib, pichirladi:
— Ishlar chatoq, jo‘ra...
Beixtiyor o‘rnimdan turib ketdim.
— Nima gap, jo‘ra?
Hamid yana pichirladi:
— Xayrlashgani keldim.
Yuragim “shuv” etib ketdi.
— Maynavozchilik qilmang, — dedim iloji boricha dadil gapirishga urinib.
Hamid indamay ortiga o‘girildi va xonadan chiqib ketdi.
Men joyimda taxta bo‘lib qotib qolgandim.
Aloha, o‘zimga keldim va yo‘lakka otildim. Biroq yo‘lak bo‘m-bo‘sh edi.
Yotoqxonada, ayniqsa, talabalar orasida gap yotarmidi?!
Oradan bir choy qaynagulik fursat o‘tar-o‘tmas Hamidning bedavo dardga chalingani, nari borsa uch-to‘rt oylik umri qolgani haqida sovuq xabar tarqaldi.
Guruhimiz yetakchisi Qadam og‘a rang-quti o‘chgan holda yigitlarni o‘z xonasiga yig‘di.
Hamma jim. Oxiri Qadam og‘a o‘shqirib berdi:
— Nima, bu yerdan o‘lik chiqqanmi, baring qovog‘ingni osib olibsan?
— Endi chiqadi...
Bu gapni Shuhrat shivirlab aytdi. Ammo hamma eshitdi.
Qadam og‘a dovdirab, Shuhrat tomon o‘girildi:
— Shuncha tez ekanmi?
Shuhrat qayg‘u ichida yelka qisdi. U yer-bu yerdan shivirlashlar eshitildi:
— Men uch oy deb eshitdim... Men ikki oy deb... Men uch kun deb...
Hamma jim bo‘lib qoldi.
— O‘zi asli qancha qolibdi, aniq aytadigan mard bormi?
Qadam og‘aning bu savoli javobsiz qoldi.
— Do‘st kulfatda bilinadi, — dedi nogahon o‘rtaga chiqqan Shuhrat jiddiy tarzda. — Yaqin jo‘ramiz bunday ahvolga tushganda biz qo‘l qovushtirib o‘tirsak uyat bo‘lar...
Ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgan, tomog‘iga nimadir tiqilgan Shuhrat ortiq gapirolmay qoldi.
Bunday qarasam, uch-to‘rtta yigitning ham o‘pkasi to‘lgan.
Qadam og‘a Shuhratni jerkidi:
— Indamasak, tippa-tirik odamni borib ko‘mib kelishdan ham qaytmaysan, sen bola! Avval o‘zini topaylik, gaplashaylik...
— Aytmaydi... — umidsiz bosh chayqadi Shuhrat.
— Nimani aytmaydi? — hayron bo‘lib so‘radi Qadam og‘a.
— O‘sha... qachon sodir bo‘lishini...
— O‘zimga qolganda-ku, ichidan sug‘urib olib bo‘lsayam, bilib olardim-a... To‘xta, to‘xta, — shunday deya oqsoqolimiz Shuhratga yovqarash qildi, — sen ikkoving qizlarning ketidan yurardilaring. Yo... bir narsa orttirdinglarmi?
— Qani endi shunday bo‘lsa, — deya og‘ir uf tortdi Shuhrat. — O‘pkasi qattiq shamollagan ekan, suv yig‘ilibdi. Qornida shish bor ekan.
— Mening otam vrach, — deb qoldi shu paytgacha jim o‘tirgan Nodir. — Suv yig‘ilayotgan bo‘lsa... umid qilmasa ham bo‘ladi...
Bu so‘zlar quloqqa hukmday eshitildi.
Xonaga yana pashsha uchsa eshitilgudek sovuq sukunat cho‘kdi.
— Yordam... beramiz, — dedi nihoyat Qadam og‘a hammaning fikrini uqib bo‘lib. — Faqat... avval o‘zini topaylik-chi...
Shuhrat oraga gap qo‘shishga urindi:
— Bunaqa paytda odamning yolg‘iz qolgani yaxshimikin...
Otasi tufayli birdan bu sohaning bilimdoniga aylanib qolgan Nodir bosh chayqadi:
— Yo‘q, bunaqa tuzalmas kasal yolg‘iz qolsa o‘ylanaverib, ich-etini yeb qo‘yadi. Ko‘proq do‘stlari davrasida bo‘lgani, o‘ynab-kulib qolgani ma’qul...
— U hozir qaerda bo‘lishi mumkin?
Shuhrat yelka qisdi:
— Bilmadim... Biron arzonroq kafeda o‘tirgandir. Shu gapni eshitganidan beri oz-moz ichadigan bo‘lib qoldi...
Qadam og‘a yana Shuhratga shubhalanib tikildi:
— Demak, avvaldan xabaring bor ekan-da?.. Nega bizga aytmading?
Shuhrat shosha-pisha o‘zini oqlashga tushdi:
— Uch-to‘rt oydan beri o‘pkam og‘riydi, deb qon tuflab yurardi. O‘tgan hafta majburlab olib bordim vrachga. Bittasining diagnoziga ishonmadi. Kecha o‘zi boshqasiga borgandi. Ana shundan keyin... mening xabarim yo‘q, bir-ikkita bolaning oldiga kirib, xayrlashib chiqibdi...
Nodir asta o‘rnidan turdi va benihoya qayg‘uli tusda sado berdi:
— Xayrlashib emas, jo‘ra, vidolashib. Men uni ko‘rdim. O‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim, — shu yerga kelganda “qult” etib yutinib olgan Nodir gapini kitobiyroq tarzda yakunlashga urindi: — Shamday so‘nib borayapti bechora...
Yigitlarning kipriklari pirpiray boshlaganini payqagan Qadam og‘a baqirib berdi:
— Bo‘ldida-ey! Avval topaylik, gaplashaylik...
Biroq yon bergisi kelmagan Nodir taassuf bilan bosh chayqadi...
— Umid yo‘q, Qadam og‘a... Raz suv yig‘ilayotgan bo‘lsa, qorni shishayotgan bo‘lsa...
— Nafasingni issiq qil-ey! — deya o‘shqirdi Qadam og‘a. — Uning jo‘rasimisan, go‘rkovmisan?..
Xullas, kichik-kichik guruhlarga bo‘linib, Hamidni izlaydigan, topgan zahoti yaxshi gap-so‘zlar bilan yotoqxonaga olib keladigan bo‘ldik.
Har qalay, otasi vrachligi bois bosh maslahatchiga aylangan Nodirdan kerakli yo‘l-yo‘riq so‘rab olgan Qadam og‘a alohida tayinladi:
— Birontang uning oldida kasallikdan gap ochma!
Buni qarangki, Shuhrat yanglishmagan ekan: oradan bir soat o‘tar-o‘tmas Hamidni qahvaxonalarning biridan mast holda topishibdi.
Hamidni taksiga ortib olib kelishdi. Xonasiga olib chiqib, yotqizib qo‘yishdi.
Shu oqshom talabalarning Hamidga mehribonligini ko‘rsangiz edi! Kim peshonasiga muzday sochiq bosgan, kim qaynoq choy damlab kelgan... Voqeadan allaqachon xabar topgan qizlarimiz esa qaydandir qatiq olib kelishib, ugra osh qilib berishga ham ulgurishibdi.
— Alamidan ichayapti-da bechora, — deya izoh berdi Nodir og‘zidan bodi kirib-shodi chiqayotgan Hamidni quchoqlab olarkan. — Axir osonmi, shunday yigitning dunyoni tashlab ketishi?..
Biz yigitlar yarim kechaga qadar Hamidning boshida o‘tirdik.
Nihoyat Qadam og‘a hammamizni haydab soldi:
— Qani, hammang xonangga shagom marsh! Havo yetmay qoldi-ku bechoraga!
Guruh yetakchimizning talabiga ko‘ra bemorning yonida o‘rtog‘i Shuhrat va vrachning farzandi bo‘lganligi sababli “do‘xtir” laqabini olgan Nodir qoladigan bo‘ldi.
Ertasi kuni stipendiya oldik.
Oramizda mard yigitlar ko‘p edi. O‘shalar stipendiyasini yarim-yorti qilib o‘tirmay, butunicha Hamidga berib qo‘ya qolishga qaror qilishibdi.
Yoningdagi o‘rtog‘ing shunday qilib turgandan keyin...
Natija shu bo‘ldiki, qizlar bir oylik stipendiyalarining yarmisini, yigitlar esa to‘laligicha Hamidga atashdi.
Pulni Qadam og‘a o‘z qo‘li bilan yig‘di va peshinga boribgina sal o‘ziga kelgan Hamidga topshirib chiqdi.
Guruh yetakchimiz pul berish uchun qanday bahona topgan, bilmayman, lekin Hamidning xonasidan chiqqanida uning ko‘zlari to‘la yosh edi.
Bizning shosha-pisha bergan savolimizga javoban Qadam og‘amiz titroq ovozda pichirladi:
— Bechora yig‘lab yubordi... Barisini bilib turibdi-da...
Bu gapni eshitgan qizlar hiqillashga tushishdi.
So‘ng hammamiz boshimiz egik holda xona-xonamizga tarqaldik.
Mening ham ko‘nglim huvillab qolgan edi.
Axir, mana, Hamid yigirma yildan oshiqroq yashadi, er yigit bo‘lib yetishdi, besh daqiqasi kam oliy ma’lumotli mutaxassis, u yoqda ota-onasi ne-ne umidlar bilan yo‘liga ko‘z tutib, sarg‘ayib kutib o‘tirishgandir. Bu bo‘lsa... yana bir-ikki oydan so‘ng... yo‘q...
Ishonasizmi, Hamid, ha, o‘sha, yorug‘ dunyoda ko‘rajak kunlari sanoqli qolgan jo‘ramiz Hamid, biz yig‘ib bergan pulga hashamatli restoranlardan birida... buning nomini nima deb atasak ekan, o‘tirish qilib bermoqchi bo‘libdi. Tumtaroq iboralarga o‘ch “do‘xtir” Nodir iborasi bilan aytganda “Vido ziyofati” o‘tkaziladigan bo‘libdi.
Vido... Har qancha kitobiy bo‘lmasin, bu so‘z, baribir, sovuq eshitilarkan.
Darvoqe, Qadam og‘aning rahbarligida yigitlar o‘zaro kelishib, Hamidning nomidan tuzukkina diplom ishi yozishni boshlab yuborishdi...
Ziyofatni qoldirishning iloji bo‘lmadi, bordik. Dasturxon atrofida yigirma chog‘li talaba.
Avvaliga qandaydir o‘ng‘aysizlik, noqulaylik borday edi. Ustiga-ustak, nechukdir hech kimdan so‘ramasdanoq jo‘raboshilikni zimmasiga olgan Nodir dastlabki kirish so‘zidayoq qovun tushirdi. Ya’ni, u salom-aligu “Xush kelibsizlar”dan so‘ng o‘zicha gapni aylantiraman degan o‘yda nogahon:
— U dunyoda yurganlarning joylari jannatning to‘ridan bo‘lsin, — deb yubordi.
Davra muzlab ketdi.
Qizlar boshlarini egib olishdi. Hamidning yuzi bo‘rday oqardi.
Jahldan bo‘g‘riqib ketgan Qadam og‘a kishi bilmas Nodirga mushtini o‘qtalarkan, sakrab o‘rnidan turdi-da:
— Qani, yigitlar-qizlar, dasturxonga marhamat, — dedi ko‘tarinki ohangda. — Bugun Hamid jo‘ramiz do‘stlarini siylab dasturxon yozgan ekan, uni xudo siylasin...
— Menam shuni aytayapman-da... — deya jon holatda oraga qo‘shilishga urindi tipirchilab qolgan Nodir.
Lekin Qadam og‘a bir o‘qrayishda uni qaytarib joyiga o‘tqazib qo‘ydi-da, imosiga mahtal bo‘lib turgan yigitlarga ishora qildi:
— Ochmaysizlarmi anavi bo‘yni uzun zormandalarni!
“Bo‘yni uzun zormandalar” davraga iliqlik va hatto aytish mumkinki, sho‘xchan ruh olib kirdi. Shishalar bo‘shagan sayin yigit-qizlar dadillashib, o‘zaro gurunglashishga, vag‘ir-vug‘ir qilib bahslashishga kirishib ketishdi. Musiqa yangradi. Raqs...
Hamid ko‘p ichdi va tez mast bo‘lib qoldi. U endi goh u jo‘rasini, goh bu jo‘rasini mahkam quchoqlab olar, yuzlaridan o‘par, so‘ng yig‘lamsirab, quchog‘idagining qulog‘iga:
— Umid yo‘q, birodar... — deb shivirlardi.
Oxir-oqibat bu quchoqlashlaru shivirlashlardan qizlar ham bebahra qolishmadi.
Albatta, qizlar hamma gapdan boxabar edilar. Ammo “Erta-indin o‘laman” deb turgan kishining o‘z og‘zidan bu gapni eshitish battar og‘ir edi. Balki shu sabablidir, qizlar tez-tez yashirincha o‘girilib, quyilib kelayotgan ko‘z yoshlarini nafis dastro‘molchalariga artib-artib olardilar.
Endi...
Mayli, bor gapni ochiq aytayin.
Guruhimizda Shahlo ismli qiz o‘qirdi. Go‘zal qiz edi bu Shahlo deganlari. Sarviqomat, yuzi sutga chayib olinganday oppoq, qoshlari qaldirg‘och qanotiday, kipriklari quyuq va uzun-uzun. Ko‘zlari esa... bu ko‘zlar go‘dak bolaniki singari beg‘ubor edi. Shahloning o‘ziyam go‘dak singari sodda va ishonuvchan edi. Ko‘plarimiz unga oshiq edik. Hattoki bachkana seriallarni tomosha qilayotib ham daryo-daryo ko‘z yoshiga g‘arq bo‘ladigan Shahlo jo‘ramiz Hamidning o‘z og‘zidan “Umid yo‘q...” degan jumlani eshitgandan sho‘rqillab yig‘layverdi, yig‘layverdi...
Qadah so‘zlari qayta-qayta aytilaverib, hammaning ko‘ngliga urdi. Hatto Hamid ham qadah ko‘tarib, g‘o‘ldiragancha bir nimalarni gapirgan bo‘ldi. Men faqat uning:
— Hur ketish qiz bolaga yarashadi... — deganini anglaganday bo‘ldim. Bir necha lahzadan so‘ng u yana gapini takrorladi: — Hurlik qizga yarashadi, yigitga emas... Men hur ketishni istamayman... O‘zim borib, jannatning to‘ridan sizlarga joy olib turaman...
Va hokazo...
Xullas, bir amallab yotoqxonaga qaytib keldik.
Hamma xona-xonasiga kirib ketdi.
Nimagadir ko‘nglim g‘ash bo‘laverdi. Uxlay olmadim.
Asta kiyinib, qop-qorong‘i yo‘lakka chiqdim.
Shunda... ikki qadam narida... Shahlo turadigan xona eshigini ohista taqillatayotgan Hamidni ko‘rdim.
Ichkaridan Shahloning:
— Kim u?.. — degan xavotirli ovozi eshitildi.
— Bu men... — deya asta shivirladi Hamid.
— Tinchlikmi, Hamid aka?
— Shu... — Hamid chaynalib qoldi.
— Mazangiz bo‘lmayaptimi?
— Ha, ha, mazam bo‘lmayapti... — shosha-pisha takrorladi go‘yoki bahona topilganidan quvonib ketganday Hamid.
— Unda... — qiz bir lahza o‘ylanib qoldi. So‘ng: — Men Abduvali akani chaqiray bo‘lmasa, — dedi. — Bir o‘zim edim. Anora xolasinikiga ketuvdi...
Abduvali deganlari... men edim.
Xuddi shu lahzada Hamid men tomonga o‘girildi. Ko‘zlarimiz to‘qnashdi.
Hamidning ko‘zlarida yovuz bir o‘t chaqnardi.
To‘satdan... Hamid menga ko‘z qisib qo‘ydi va:
— Abduvalini bezovta qilmaylik, — dedi iloji boricha sekin gapirishga urinib. — U mast... Qotib uxlab yotgandir... Men... siz bilan xayrlashgani bir minutga... Boshqa ko‘rishamizmi-yo‘qmi... Do‘xtirlar “Umid yo‘q” deb aytishdi...
— Unaqa demang... Unaqa demang...
Qiz shosha-pisha eshikni ochdi.
Qorong‘i yo‘lakka bir tutam nur tushdi.
Hamid shu zahoti o‘zini ichkariga oldi.
Eshik yopildi.
Ko‘nglim bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi.
Borib taqillatay desam... Har qalay, Hamid — bemor. Bemor bo‘lganda ham tuzalishiga umid yo‘q bemor. Ehtimol, chindan ham xayrlashishga kirgandir...
Nima qilishni bilmayman... Hovliga chiqaman, qaytib yotoqxonaga kiraman, xonamga kiraman, yota olmay yana hovliga chiqaman...
Bir payt Shahlo yotgan xonadan qiz bolaning zaif ovozda chinqirgani eshitilganday bo‘ldi...
Ammo shu zahoti o‘chdi bu ovoz...
Ertasiga Hamid yo‘qolib qoldi. Xonadoshining aytishicha, tong qorong‘isida gandiraklab kirib kelgan-u, narsalarini olib, indamasdan chiqqan-ketgan. Shahardagi barcha qahvaxonalarni tit-pit qilib ham uni topolmadik.
Ammo bu qidir-qidirlarga, bizning vahimaga tushib izlashlarimizga guruhdoshlarimizning bittasigina qo‘shilmadi. U ham bo‘lsa Shahlo edi...
Qiz kun bo‘yi xonasidan chiqmadi.
Hamidni qidirishni davom ettirdik.
Tez orada uning qishlog‘ida ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Hammamiz sal yengil tortdik.
Qadam og‘a diplom ishining menga berilgan qismini talab qilib qoldi.
Nimagadir... yoza olmadim. Qo‘limga ruchka olsam, bas, nim qorong‘ilikda menga qarab ko‘z qisib qo‘ygan Hamidning nigohidagi yovuz olovni eslayman-u, o‘z-o‘zidan dunyoga sig‘may ketaman... Nazarimda, o‘sha tun bir yomon narsa sodir bo‘lgandek... Guruh rahbarimiz meni urishdi, so‘kdi, hatto urmoqchi ham bo‘ldi, ammo men: “O‘ldirsang o‘ldir, baribir yozmayman”, deganday bez bo‘lib turaverdim.
Tez orada mensiz ham ko‘plashib, hashar yo‘li bilan yozilgan diplom ishi rahbarlarga ko‘rsatildi. Har qalay, domlalar tushungan ziyolilar-da, Qadam og‘aning kuyib-pishib tushuntirishlaridan keyin “Erta-indin o‘ladigan bola”ga rahmlari kelib, ko‘zda yosh bilan a’lo baho qo‘yib berishibdi...
Lekin... Shahlo hammadan o‘zini olib qochadigan, birov bilan ochilib gaplashmaydigan bo‘lib qolgandi.
Shahlo yerga qaragani-qaragan. Bolanikidek beg‘ubor ko‘zlarida esa endi cheksiz-adoqsiz g‘ussani, iztirobni ilg‘ash mumkin edi...
Diplom himoya qilgan kuniyoq Shahlo yurtiga jo‘nab ketdi. U hatto o‘qishni tugatganimiz evaziga uyushtirilgan ziyofatda ham ishtirok etmadi.
Xabar vaqtida borgan ekan, Hamid yetib keldi.
U duch kelganni quchoqlab, yig‘lab-siqtab minnatdorchilik bildirdi, ichib, mast bo‘lib qolganda esa “jannatning to‘ridan joy” va’da qilaverib hammaning joniga tegdi.
Mana shu o‘tirishimizda domlalar ba’zan naqadar rahmdil va saxovatli bo‘lib ketishini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Qadam og‘aning: “Sanoqli kunlari qolgan”, degan vahimasidan so‘ng Hamidga diplom shu yerning o‘zida qo‘sh-qo‘llab tutqazildi.
Bir payt qarasam, Hamid kursimizdagi qizlardan birining qo‘llarini mahkam changallagancha, jon-jahdi bilan shivirlayapti:
— Xonangizga boraman. Men siz bilan vidolashmoqchiman. Vrachlar “Umid yo‘q” deb aytgan...
Ko‘rdimki, qiz bechoraning ko‘zlari to‘la yosh.
Darrov nari ketdim.
Men... Shahloni izlardim. Shahloni qo‘msardim. Ammo u yo‘q edi.
Ko‘pchilik “erta-indin o‘ladigan” Hamid bilan ovora bo‘lib, Shahloning yo‘qligini sezmay ham qoldi. Oradan ko‘p o‘tmay men Shahloning o‘z uyida... joniga qasd qilganini eshitdim...
Oradan yillar o‘tdi. Ishladim.
Qo‘shni viloyatdagi zavodlardan biriga bosh muhandislikka taklif qilishdi. Ishga borgan kunim kasaba qo‘mitasi raisi Ko‘bay aka:
— Bir ishchimizning ahvoli og‘irlashib qolibdi. Shunikiga kirib chiqmoqchiydim, — deb qoldi.
Darhol o‘rnimdan turib, men ham borishimni aytdim.
Yo‘lda bu ishchining kimligi bilan qiziqdim.
— E, o‘zi bir alkash, — dedi Ko‘bay aka jahl bilan. — Ichgani aroq-vino. O‘zi institutni bitirgan, diplomiyam bor. Lekin ishni eplolmadi, pasayib-pasayib, oxiri oddiy ishchi bo‘lib qoldi. Bo‘shatib yuboraylik desak, og‘ir kasal, bechoraning ko‘pi bilan ikki-uch oylik umri qolgan, deyishipti vrachlar. Ikki-uch marta yordam ham berdik. Achinadi-da odam...
Mashinada mavze adog‘idagi ko‘p qavatli uylardan biri yaqiniga bordik.
— Ana, o‘ziyam chiqayapti, — deb qoldi Ko‘bay aka.
Men rais ko‘rsatgan tomonga qaradim.
Darhaqiqat, yo‘lakning qo‘porib olingan eshigi o‘rnidan bukchaygan, soch-soqoli o‘sib ketgan kishi chiqib kelmoqdaydi.
U asta yurib yonimizga keldi.
— Kechirasiz, rais aka, — dedi hazin tovushda. — Kasalxonadaydim... Ahvolim og‘ir... O‘h-ho‘... Bilasiz, o‘pkaga sariq suv yig‘ilgan, yana uch oy yashaymanmi-yo‘qmi, xudo biladi... Kecha vrachim ham “Umid yo‘q” dedi. Tishlarim takillab turibdi... Umid yo‘q, rais aka...
Rais tipirchilab qoldi:
— Qo‘ying, qo‘ying, Hamidjon, darrov borib o‘rningizga yoting. O‘limni o‘ylamang. Ozroq moddiy yordam olib keldik. Mana, oling. Yana to‘g‘rilab beramiz...
Bu gaplarni eshitgan haligi odam mamnun tarzda iljaydi...
Bu iljayish... Bu so‘zlar...
Hamidni tanidim.
“O‘laman”, deb qo‘rqitib, Shahlodayin ma’suma qizni rasvo qilgan Hamid.
Bu esa yashab yuribdi... Hali ko‘p yashaydi...
— Hamid... — deya oldim bazo‘r.
Hamid seskanib ketib menga qaradi. So‘ng, tanidi, aniq tanidi — rang-quti o‘chgancha o‘girildi-yu, uyi tomon ildam yurib ketdi.
Ko‘bay aka uning ortidan baqirib qoldi:
— O‘ranib yoting, uka, aytaman, ertaga xabar olishadi...
Quloqlarim shang‘illab ketib, ko‘z oldim qorong‘ilashdi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.