OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abduqayum Yo‘ldosh. Yetim so‘z (hikoya)

I

Ishxonadan “Mehribonlik uyi”ga jo‘natishdi. To‘g‘rirog‘i, bosh muharrir suratkash bilan borayotgan ekan, meni ham qo‘shib olishdi. Tushunarli, demak, bitiklar kaminaning zimmasida...
Shinamgina, ikki qavatli bino ekan. Serdaraxt hovlisi katta.
Kechagi tongotar choyxona bazmdan so‘ng boshim yorilay deb turgandi. Ammo bir amallab uchrashuv oxiriga qadar o‘tirdim.
Bizni o‘n-o‘n ikki yoshdagi bolalar to‘la kattagina zalga boshlab kirishdi. Taomilga ko‘ra, avval direktorning kirish so‘zi bo‘ldi, so‘ng aziz mehmonlarga navbat berildi. Ular qatorida rahbarim ham gapirdi. O‘ziyam rosa gapga chechan-da qurg‘ur, men hatto o‘zimcha uni kishi bilmas “ish bilguncha gap biladigan zamonaviy rahbarcha”, deb yuraman. Ma’ruza-qutlovi yakunida odatda o‘zi gapirib, o‘zi lazzatlanadigan bosh muharrir jo‘shib ketdi chog‘i, zalga qarab bag‘rini ochgancha:
– Bolalarim! O‘g‘il-qizlarim! – deya hayqirdi. – Men hozirning o‘zidan sizlardek ko‘ngli o‘ksiklarning istagan beshtasini, yo‘q, o‘ntasini uyimga olib ketishga tap-tayyorman! Tap-tayyorman! Ammo ko‘rib turibmanki, bu yerda shart-sharoitlar mening kulbamga nisbatan besh, yo‘q, o‘n barobar yaxshi ekan! Yaxshi ekan!
 Qarsak bo‘lib ketdi.
Mamnun holda ingichka lablarini yalab olgan rahbarim yanada ilhomlanib, avval menga, so‘ng qatorlar orasida apparatini chiqillatib rasmga olib yurgan suratkashga ishora qilarkan:
– Aziz bolajonlar! Qorako‘zlarim! Nafaqat men, balki ana, men bilan birga kelgan iqtidorli bo‘lim mudirimiz ham, mohir suratkashimiz ham xuddi shunday fikrda. To‘g‘rimi, do‘stlarim?
Gulduros qarsaklar og‘ushida “iqtidorli bo‘lim mudiri” sifatida shosha-pisha o‘rnimdan turib, bu fikrni qizg‘in ma’qullayotgan kabi bir necha bor bosh irg‘adim, “mohir suratkash”ning qulog‘i sal og‘irroq edi, biroq shunga qaramasdan, rahbar yana bir hayajonli da’vatni o‘rtaga tashlaganini his qilgan bo‘lsa kerakki, “menam bu gapga qo‘shilaman” deganday o‘ng qo‘lini ko‘tarib qo‘ydi.
Shundan so‘ng homiylarning bolalarga sovg‘alari topshirila boshlandi.
Uchrashuv shu bilan tugaydigandek edi. Holbuki, hali biron tuzukroq fakt olib ulgurmagandim. Yonimda o‘tirgan taqirbosh bola ora-sira menga, tizzamdagi hech narsa yozilmagan yondaftarchamga qarab-qarab qo‘yayotgan edi. Shu tomonga o‘girildim. Peshonasi keng, munchoqday ko‘zlari tiyrakkina bola menga diqqat bilan tikilib turardi. Vaqtni zoe ketkazmaslik uchun darrov uning ismni so‘rab oldim. Sunnat ekan oti. “Ota-onang bormi?” degan savolimga “Yo‘q”, javobini oldim.
Tadbirdan so‘ng bir fursat qolishga, yum-yumaloqligiga qaramasdan serharakat va aftidan – mudom kulib turishiga qaraganda – ancha serzavq direktor bilan suhbatlashishga hafsala qilmadim. Illo, bunday yo‘l tutadigan bo‘lsam, muharrirning meni kutib o‘tirmasligi aniq edi. Demak, ishxonaga xizmat mashinasida gerdayib emas, jamoat transportiga osilib, charchab-horib qaytishimga to‘g‘ri keladi. O‘zi arang o‘tirgan bo‘lsam. Shunisigayam rahmat desin gapdon rahbarim...
Xullas, bosh muharrirning “Hammasi joyidami?” degan savoliga “Joyida” deb javob berib qo‘ya qoldim.
O‘ylaganimdek, ishxonaga birga qaytdik.
Yo‘lda rahbarim:
– Shu songa ulguramizmi? – dedi.
Hech ikkilanmasdan:
– Ulguramiz! – dedim. So‘ng xushomadga o‘tdim: – O‘zingiz hamma yoziladigan gaplarni aytib qo‘ydingiz-ku, xo‘jayin, endi ularni qog‘ozga tushirsam bo‘ldi-da. O‘lar endi kotiblikniyam eplolmasam...
Maqtov kimga yoqmaydi deysiz: ko‘z qirimni tashlab ko‘rdim – har qancha kamtarlik qilishga urinsa-da, ayni haqiqatni eshitayotganiga chippa-chin ishonayotgan rahbarim lab-lunjini yig‘ishtirolmay qoldi...
To‘g‘risiyam, mavzu unchalik murakkab emasdi, hattoki, jo‘ngina edi. Yozib yurgan odam uchun uch qog‘oz maqola ham muammo bo‘ptimi?
Ishxonada ketma-ket to‘rt stakan qatiq ichib, sal o‘zimga kelganimdan so‘ng xonamni ichkaridan qulflab oldim-u, uch qog‘ozlik maqolani ikki soat ichida kompyuterda chaqillatib tashladim. Sarlavha ham o‘z-o‘zidan chiqdi-qoldi: “Mehrimiz sizlarga, bolajonlar!” O‘ylab turib, tagsarlavha ham qo‘shib qo‘ydim: “Biz bormiz, sen aslo e’tiborsiz qolmaysan, Sunnat!”
Tabiiyki, bosh muharrining muborak ism-sharifi birinchi o‘rinda turgani sababli, musahhihlarga ham ish qoldiray, degan o‘yda maqolani qayta o‘qib o‘tirmadim, bir-ikkita tishga tegadigan, sun’iyroq jumlalarni sahifada tuzatib yuboraman, degan o‘yga bordim.
Buni qarangki, maqola rahbarimga yoqipti. Buni kechqurun birinchi sahifa ustiga qizil rangda qo‘yilgan tanish jimjimador imzodan bilib oldim; bosh muharrir kiritgan yagona o‘zgartirish esa suratkashni uchinchi muallif sifatida tirkab qo‘ygani bo‘libdi.
Mayli-da, bizning bag‘rimiz keng...
Maqola ertasi kuni to‘rtinchi sahifada, rangli suratlar bilan e’lon qilindi va shu bilan yodimdan chiqib ham ketdi. Ammo...
 
II

Aniq esimda, juma, namozshom mahali edi.
Bir haftalik yumushni qotirib qo‘ygan odamday horg‘in qaytmoqda edim. Hozir uyga boraman, iliq suvga tushib chiqaman, qaynoq sho‘rva ichaman (nima ovqat tayyorlanayotganini allaqachon qo‘ng‘iroq qilib bilib olganman), so‘ng yumshoqqina divanimda joylashib o‘tirib olgancha, bola-chaqa bag‘rida, maza qilib televizor ko‘raman...
Ko‘ngil tinch, ruh xotirjam, yurak bir maromda osoyishta uradi, o‘tayotgan kuningdan mamnunsan, ertangi kuningdanam yaxshiliklar kutasan... Ey, odamga bundan ortiq yana nima kerak...
Pod’ezd eshigi yonida o‘n yasharlar chamasi, taqirbosh bolakay quyuq salom berdi. Bosh irg‘ab qo‘yib, o‘zimning issiqqina xayollarim og‘ushida o‘tib ketayotgandim, u yo‘limga chiqdi. Noiloj to‘xtadim.
– Assalomu alaykum, – takrorladi bolakay.
– Vaalaykum.
– Tanimadingiz-a?
Dunyoda eng yomon ko‘rgan savolim shu. Axir har kuni qancha odam bilan ko‘rishsam, nima, hammasining afti-angorini bir umrga eslab qolishim kerakmi? Hatto shunday bo‘lgan taqdirda ham, sen mishiqiga yo‘l bo‘lsin... o‘ashim kelganini bildirmaslikka urinib, bolakayga razm soldim. Yo‘q, ovuldan emas, bu aniq, qishloq bolalari hech qachon o‘zlari mehmonga kelgan uy egasiga bu qadar ochiqdan-ochiq tik qarashmaydi; buning ustiga ikkala qo‘li ham bo‘sh. Biron bezbetroq muallifmi desam – qo‘ltig‘iga qistirilgan qog‘oz papka shundan dalolat berib turganday edi – yoshi to‘g‘ri kelmayroq turibdi. Garchand bolakayning tiniq ko‘zlari kimnidir eslatganday bo‘lsa-da, baribir, nimalarnidir eslashga urinib o‘zimni ortiqcha zo‘riqtirgim kelmadi.
– Shahar berdim, uka.
Bolakay istehzoyimni anglamadi shekilli, xursand bo‘lib ketib, darrov o‘zini tanishtirdi:
– Men “Mehribonlik uyi”danman. Biz haqimizda maqola yozgandilaringiz-ku. Sunnatman.
Esladim. Esladim-u, yayrab ketdim.
Ana So‘zning kuchi. Adashmasam, oradan ikki oylar o‘tib ketdi-yov. Shubhasiz, anavi yum-yumaloqligiga qaramasdan serharakat, odamga burni ustidagi ko‘zoynagi osha boladek beg‘ubor tabassum bilan qaraydigan tinib-tinchimas direktorga maqola moyday yoqib tushgan-u, u hechdan ko‘ra kech qabilida bizga rahmatnoma yoinki minnatdorchilik maktubi yozib yuborgan. Jamoasi nomidan, albatta.
Esiz, Sunnatboy tahririyatga borsa bo‘lardi, anavi bir-ikkita meni ko‘rolmaydigan g‘ayir hamkasblarim oldida rosa yayrardim-da o‘ziyam. Hechqisi yo‘q, ertaga bu dilso‘zlarini “E’lonlar doskasi”ga osib qo‘yaman. Har nechuk, gapdon rahbaru kar suratkashdan bir satr bitik umid qilish qisir sigirdan egiz buzoq kutishga barobar ekanligini yaxshi biladiganlar ham bor. Ha, bor. Ular bilishadi maqolaning asl muallifi kimligini. Inchunun, ovoz chiqarib ham aytishadi. Harqalay, bosh muharririmiz meni bejiz “iqtidorli bo‘lim mudiri” demaydi-da. Tan olganidan, haqiqat qarshisida noiloj qolganidan aytadi... Eh-he, bundoq qalamim, bundoq maqolalarim, bundoq tashakkurnomalar bilan men hali tanlovlarda qatnashaman, faxrli o‘rinlarni olaman, nomimni butun mamlakat jurnalistlariga tanitaman. Yetar shuncha kamtarlik qilganim, faqir kishi panada bo‘lib yurganim. Qachongacha tarmoq gazetasida birovlar uchun mardikorlik qilib yuraman axir! Davring kelganga o‘xshaydir, iqtidorli bo‘lim mudiri...
Vujudimni yanada qizdirib yuborgan bundoq yoqimli o‘ylardan battar hayajonlangan holda papkaga qo‘l cho‘zdim:
– Qani, ber-chi.
Sunnat chaqqonlik bilan jild bog‘ichini yechdi va rasmiy blankaga bitilgan nomani chiqarib berdi.
Biroq bu rahmatnoma emasdi, bu tashakkurnoma ham emasdi. Bu... iltimosnoma edi: “...gazetasining bo‘lim mudiri hurmatli Palonchi Pistonchievich! “Mehribonlik uyi”da rejali ta’mirlash ishlari boshlanganligi sababli bizning tarbiyalanuvchimiz Sunnat Nodirovning uch yoki to‘rt oy muddat ichida uyingizda yashab turishini ta’minlashingizni iltimos qilamiz. Oldindan minnatdorchilik bildirib, hamkorligimiz bunday keyin ham davom etadi degan ishonch va ehtirom bilan direktor...”
Nomani bir emas, ikki marta o‘qidim, uch marta o‘qidim. Axiyri mazmuni ongimga yetib borgach esa, ko‘z oldim qorog‘ilashib ketdi.
– Nimani... ta’minlashim kerak? – so‘ray oldim arang.
Og‘zi qulog‘ida Sunnat bajonidil javob berdi:
– Uyingizda uch-to‘rt oy yashab turishimni.
Shu jinqarcha-ya? Mening uyimda-ya?..
Bu qanaqasi axir... Nima, bir “Mehribonlik uyi”da ta’mirlash boshlangan bo‘lsa, bolalarga boshqasidan yo boshqalaridan joy topilmaydimi?.. Nima derdi, ha, aytaylik, bolalarga, o‘sib kelayotgan yosh avlodga alohida e’tibor berilayotgan bizning yurtda-ya?.. Yigirma-o‘ttiztadanmi bo‘lib tashlash kerak, tamom-vassalom. Shundayam joy yetmasa, ana, viloyatlar bor, qolaversa, poytaxtimizga yaqin so‘lim go‘shalarda bolalar uchun maxsus dam olish maskanlari bor. To‘g‘ri, hozircha kunlar sal sovuq, lekin eplasa bo‘ladi: tez orada havo isib ketadi axir. Demak, ta’mirlashni ham yozda boshlagan ma’qul... Harqalay, davlatning kuni menday o‘z ro‘zg‘orini zo‘rg‘a tebratib yurgan, uch farzandi, xotini bilan uch xonali uyda siqilishibgina yashayotgan bir jurnalistga qolmagandir? Eh-he, bunga hafta-o‘n kunda qishloqdan gurros-gurros keladigan mehmonlarni qo‘shing. Uying bozorga yaqin bo‘lgani – karvonsaroyga aylangani deganlari rost ekan o‘zi...
Oniy soniyalar ichidan ko‘ngildan nimalar kechmadi...
Bir ko‘ngil “Qarshingda tirjayib turgan bu jinqarchani oldingga solib hayda!” deydi. Bir ko‘ngil “Nima uchun xatda “...rejali ta’mirlash ...ta’minlashingizni iltimos qilamiz” deb yozilgan. Bunaqa jimjimali jumlalar odatda rasmiy ko‘rsatmalarda bo‘lardi...” degan shubha-gumonlardan qutulolmasdi. Ha, bu yerda bir gap bor. Balki yuqorining maxsus ko‘rsatmasi asosida bo‘layotgandir bu ish. Lekin nega men? Nega endi aynan men? Tinchlikni, xotirjamlikni hamma narsadan avlo ko‘radigan men?..
Hozir bu bolachani boshlab kirsam, uyda janjal bo‘lishi aniq... Buning ustiga... buning ustiga... Men zo‘r berib Sunnatga qarshi dalillar izlay boshladim va bunaqa mahallari miya tez ishlab ketadi chog‘i, shu soniyaning o‘zida topdim ham: buning ustiga, bunaqa joyda tarbiya olayotgan ayrim bolalarning qo‘li egri bo‘ladi, ba’zilari esa ichib-chekadi ham deyishadi. Irsiyat-da: ota-onasidan o‘tgan. Harqalay, risoladagi odam bolasini yetimxonaga topshirmasligi yoinki risoladagi ota-ona bunday huquqdan mahrum etilmasligi aniq. Shunday ekan, bu Sunnat deganlarining uch-to‘rt oy ichida soddagina, ishonuvchan bolalarimga qanday yomon ta’sirlar ko‘rsatishi mumkinligini o‘ylab, dahshatga tushdim... Yo‘q, hech qachon bunga yo‘l qo‘ymayman!
 Kayfiyatim bir pul bo‘ldi. O‘zim shu ahvoldaman-u, yaramga tuz sepmoqchiday, joyida o‘ynoqilab-tipirchilab turgan Sunnat so‘rab qolsa bo‘ladimi:
– Uyimiz qaysi qavatda?
“Uyimiz”? O‘lay agar, tarsaki tortib yuborishimga sal qoldi. Nima, men bu uyni ming-million mashaqqatlar bilan, qarzlar girdobida qolib, arang olgan chog‘imda yordam berib qo‘yganmidingki...
Qalt-qalt titray boshlasam-da, bir amallab o‘zimni bosishga urindim, arang so‘ray oldim:
– Nega... nega bu xat mening nomimga?
O‘n yil oldin yo‘qotgan otasini topib olgan kabi ko‘zlari quvonchdan chaqnayotgan Sunnat gazetaga ishora qildi:
– Axir o‘zlaringiz “Biz bormiz, sen aslo e’tiborsiz qolmaysan, Sunnat!” deb yozdilaringiz-ku. Bizga maqolani katta zalda o‘qib berishdi, qancha bola yig‘ladi... Ko‘plarning menga havasi keldi...
Ha, yozganman, lekin... Qalam, to‘g‘rirog‘i, kompyuter o‘lsin-a...
To‘xta, to‘xta, tilla topgan gadoday terisiga sig‘may quvonayotgan bu jinqarcha “Yozdilaringiz” dedi-ku. Darvoqe, maqolada uchta imzo bor. Inchunun, garchand bir so‘z qo‘shishmagan bo‘lishsalar-da, ular ham bu masalada birday mas’ul. Ha, ha, teng mas’ul. Ism-shariflari qora harflarda yayrab chiqishida haybarakallachilik qilib turgan mardlar endi javobgarlikni zimmasiga olishni ham bilishsin-da...
Birdan Sunnatboyning o‘zi yukimni yengil qilsa bo‘ladimi:
– Direktorimiz har ehtimolga qarshi uchalangizning nomingizga xat qilib bergandi. Birining sharoiti to‘g‘ri kelmasa, boshqasiniki to‘g‘ri kelar, deb.
Ochig‘i, yelkamdan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi, yayrab ketdim:
– E, shuni avvalroq aytmaysanmi, Sunnatboy! Ketdik.
Mening qaytib ko‘cha tomon yurayotganimni ko‘rgan bolakay hayron qoldi:
– Uyga kirmaymizmi?
– Yo‘q! – dedim. – Yur, bir joyga o‘tamiz.
Yo‘l-yo‘lakay nomimga yozilgan nomani bolakayga sezdirmasdan mayda-mayda qilib yirtib tashladim...
 
III

Rasmiy xatni ko‘rgan bosh muharrir tipirchilab qoldi.
Katta-katta zallarni to‘ldirib o‘tiradigan yuzlab odamlarni o‘ziga qaratoladigan shunday biyron odam deng, nima deyarini bilmaydi, nuqul javdirab menga qaraydi.
– Nega... nega menga yuborishibdi? – shivirlab so‘ray oldi u nihoyat.
Sunnatni sal nariroqqa qo‘yib kelgandim, shuning uchun dadil javob berdim:
– Siz endi gazetaning rahbarisiz, xo‘jayin.
– Balki sizgayam yuborishgandir? – shubhalanib qaradi rahbarim. – Bo‘lmasa nega yetaklashib yuribsiz?
Ko‘zimni lo‘q qilib:
– Yo‘q, – dedim. So‘ng yolg‘onni qo‘shaloq qildim: – O‘sha uchrashuvda telefon raqamimni berib kelgandim. Qo‘ng‘iroq qilib, uyingizni so‘rashgandi, boshlab kelaverdim.
– Bekor qipsiz...
Bosh muharrir adoyi tamom bo‘ldi. So‘ng qat’iyroq gapirishga urindi:
– Hech ilojim yo‘q. – U yuqoriga, uchinchi qavatga ishora qildi: – Yangangiz bilib qolsa, uyda qiyomat qoyim qo‘padi deng.
O‘zimni hayron bo‘lganga soldim:
– Nega endi? Axir rasmiy xat bor-ku... Buning ustiga xatda “...rejali ta’mirlash ...ta’minlashingizni iltimos qilamiz” degan so‘zlar yozilgan. Bunaqa gaplar qanaqangi hujjatlarda uchrashini o‘zingiz yaxshi bilasiz.
Boshlig‘im mung‘ayib qoldi:
– Menam shunga ikkilanib qoldim-da. Bo‘lmasa-ku... Kim biladi deysiz, qanaqa idoralardan o‘tgan bu xat...
Qarang, mana shu masalada qarashlarimiz bir ekan.
– Uyni o‘tgan hafta ta’mirdan chiqarganmiz, – nimagadir menga izoh bera boshladi rahbarim. – Parketning o‘zi palon pul... Shunga uyni “siz”lab, o‘zimizni “sen”lab yuribmiz. Bep-begona odam to‘satdan bostirib kirib olsa... o‘zingiz tushunasiz... Qanaqa tarbiya olgan u...
– Bizning “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilarining odob-axloqiga, madaniyatiga har qancha havas qilsa arziydi... – o‘zimizning maqoladan iqtibos keltirdim men.
– Albatta, albatta, – fikrimni ma’qullashga shoshdi muharrir. – Lekin o‘zi o‘shanda familiyamni qo‘ymasangiz bo‘larkan. Bexabar qopman-da. Bo‘lmasa-ku, oldirib tashlardim-a...
Qarasam, men aybdor bo‘lib qoladigandayman. Darrov hujumga o‘tdim:
– Agar esingizda bo‘lsa kechqurun, sahifalarga qo‘l qo‘yishingiz oldidan yana bir marta oldingizdan o‘tgandim...
Miq etolmay qoldi bechora.
– Uch oy-to‘rt oy o‘tadi-ketadi, xo‘jayin. Uyingiz besh xonali bo‘lsa. Biron kichikroq xonanimi, balkonnimi berib turasiz-da. Bahonada sizning bir chin yetimga yaxshilik qilganingiz qoladi. Buni o‘zim alohida katta maqola qilib, markaziy gazetalardan biriga beraman.
Lekin bunday istiqbol unchalik shodlantirmadi shekilli, muharrir peshonasini ezg‘ilagancha ko‘p o‘ylandi, xo‘b mulohaza yuritdi, axiyri olisroqda bizdan ko‘z uzmay turgan Sunnatga xavotirlanib qarab qo‘ygach, yana menga shivirladi:
– Agar ilojim bo‘lganida edi... jon derdim, inim, jon derdim. Lekin bu yerda... bu yerda... bilasizmi, bu yerda Barnaul sindromi bor-da.
– A?
Hayratda qolganimni ko‘rgan (illo, shu kunga dovur “afg‘on sindromi” degan atamani eshitgandim, xolos) rahbarim darhol tushuntirish berdi:
– Bir paytlar xizmatni o‘sha yurtlarda o‘taganmiz. Yosh, o‘t-olov bo‘lganmiz deng... O‘sha yerlik qizlar bilan tanishib deganday... “olaman-tegaman” qabilidagi qizg‘in ahdu paymonlar bo‘lgan... Yangangiz bo‘lsa to‘ydan keyin bundan xabar topib qolgan... Shunga... agar bu bolachani boshlab kirsam, yangangiz darrov eski janjalni boshlashi aniq...
 Rosti, hech nimaga tushunmadim. Yanglishmasam, rahbarim bundan o‘ttiz yillar muqaddam xizmatda bo‘lib kelgan. Sunnatning yoshi esa nari borsa o‘n ikkida... Nima, onasi tuya go‘shti yegan bo‘lib chiqadimi?
Buni aytgandim, bahonasi jo‘yasiz ekanligini sezdimi, qizarib ketgan rahbarim o‘zini oqlashga tushdi:
– Haligi aytishadi-ku, “urug‘ingdir-aymog‘ingdir”, deb... Xotinlarni bilasiz-ku...
– Xohlasangiz tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini olib kelib ko‘rsataman.
Rahbarim ruhsiz qo‘l siltadi:
– Yangangiz bunaqa masalalarda hech kimga, hech qanaqangi qog‘ozga ishonmaydi.
– Lekin Sunnatning sochi qora, ko‘ziyam qora, o‘zi bug‘doyrang...
– Aynan shunisi shubhali ko‘rinadi-da...
Baribir bu yerdagi mantiqni anglashga aqlim ojizlik qildi. Nima, Sunnat endi rahbarimning olis Barnaulda qolgan bolasining bolasi, ya’ni nevarasi bo‘lib chiqadimi? Bunga aql bovar qilmaydi-ku...
Vahimaga tushgan, bujmayib qolgan muharrir yalinishga tushdi:
– Inim, tahririyatda ishongan odamim o‘zingiz bo‘lasiz. Keling, shu masalada yordam bering, yaxshiligingizni bir umr unutmayman. Bilasiz, keyingi oyda o‘rinbosar pensiyaga ketadi. Bu vazifaga sizdan boshqa munosib odamni ko‘rmayapman...
Muovinlik yaxshi albatta. Biroq Sunnatni uyga olib ketishim uchun bu dastak bo‘lolmasdi baribir.
– Maqolada yana bir odamning imzosi bor edi, – dedim men.
Rahbarim menga jovdirab qaradi:
– Lekin unga rasmiy murojaat bo‘lmagan-da.
– Bo‘lgan.
Muharrir menga ishonqiramay qaradi:
– Agar suratchigayam bo‘lsa... demak, unda sizgayam bo‘lgan ekan-da.
Bo‘sh kelmadim:
– Bor bo‘lsa, qani u? Men ko‘rmadim... Ketdikmi, xo‘jayin?
Ko‘z qirim bilan kuzatib turdim, yo‘l-yo‘lakay birinchi imkoniyat tug‘ilishi bilanoq muharrir o‘z nomiga yozilgan rasmiy nomani bolakayga sezdirmasdan mayda-mayda qilib yirtib tashladi...
 
IV

Qulog‘i og‘irligidan tashqari, suratchimizning ozgina to‘ngligi ham bor edi. Kim biladi, balki tobora kar bo‘lib borayotganini sezganidan so‘ng asablarini jilovlash qiyin bo‘layotgandir.
Allaqachon qorong‘i tushib ulgurgandi.
Muharririmizning jon kuydirib tushuntirishlarini bolalar maydonchasida tik turib eshitgan, rasmiy iltimosnomani esa qo‘l telefoni chirog‘ida o‘qib chiqqan suratkashimiz bizdan sal olisda, simyog‘och tagida turgan Sunnat tomonga o‘shshayib qarab qo‘ygach, sigaretasini chuqur-chuqur tortgan ko‘yi gapni kalta qildi:
 – Ruxsat bermayman! Mening uyim – mening qo‘rg‘onim! Unga mening ruxsatimsiz kirishga hech kimning haqqi yo‘q! Siz menga rahbar bo‘lsangiz, soat oltigacha rahbarsiz. Undan keyin men erkin odamman! Bu yerga kelib menga xo‘jayinlik qilishga ham haqqingiz yo‘q!
 O‘sal bo‘lgan muharrir menga mo‘ltirab qaradi. Sarkash suratchiga vaziyatni yotig‘i bilan tushuntirishga urindim:
– Hech kim sizni majburlayotgani yo‘q. Lekin shunday bo‘lib qolibdimi, yetim-esirlarga, qarovchisi yo‘q bolalarga yordam berishimiz kerak. Bu sizning fuqarolik burchingiz, aka.
Suratchi o‘qrayib, yuzimga tutun pufladi:
– O‘zlaringning-chi, o‘zlaringning shunaqangi burchlaring yo‘qmi?
– Nega yo‘q bo‘larkan, bor. Lekin rasmiy iltimosnoma sizning nomingizga kelgan-da. Aynan sizni tanlashgan. Bu bejiz emas, aka. Demak, e’tibordasiz. Bu xat ortida kimlar turishi mumkinligini bir o‘ylab ko‘ring-a... Agar shunaqangi iltimosnoma bizga kelsa edi, shak-shubhasiz darrov rozi bo‘lardik. Chunki...
– Shumi?
Rasmiy xatni burnimga taqagan suratchi to‘satdan cho‘ntagidan zajigalka olib chaqdi va olovni qog‘ozning chetiga tutdi. Hujjat qorayib-buralib turdi-da, birdan “pov” etib alanga oldi. Xo‘jayin ikkimiz biron nima qilib ulgurmadik ham...
Ammo bir yomondan bir yaxshilik chiqishi ham bor gap ekan. Biz hafsalamiz pir bo‘lgan ahvolda, boshimiz qotib qolaverdik. Jahl bilan to‘qqizinchi qavatdagi xonadoni tomon ketayotgan suratchi:
– Ana, juda ko‘chada qolgan bo‘lsa mening bir xonali uyimga tiqmasdan ishxonaga oborib qo‘yinglar! Sakkizta xona huvillab yotibdi-ku. Divan bor bo‘lsa! – deb qolsa bo‘ladimi!
Ana yechim! Shoshganda “labbay” topilmas deganlari shu bo‘lsa kerak-da.
Sunnatni olib ishxonaga shoshdik...
Darhaqiqat, xodimlarning madaniy dam olishi uchun mo‘ljallangan xonada keng-mo‘l divan bor edi. Televizorni, turli gazeta-jurnallarni aytmasa ham bo‘ladi.
Kambag‘alning ishini Xudo qo‘llagan ekan. Buni qarangki, xo‘jayinning kabinetidagi xolodilnikdan biroz qazi-qarta, non ham topildi. Choy bemalol: “Tefal” elektr choynagi gurillab ishlab turibdi.
Qorovul Ergash otaga Sunnatdan – biz uni xodimlarimizdan birining uzoqroq qarindoshi deb qo‘ya qoldik – xabar olib turishni qayta-qayta tayinlagach, rahbar ikkalamiz uy-uyimizga qaytdik...
Yo‘lda muharririmiz:
– Balki bolakayni qorovul shtatiga olib qo‘yarmiz? – dedi maslahat solganday bo‘lib.
– Ergash ota-chi?
Rahbarim pinak buzmadi:
– Yarim stavkaga.
Rosti, quvonib ketdim:
– Yashang, xo‘jayin. Boshingiz oltin-da. Ham ishli bo‘lib qoladi bola bechora, ham joyli. Yeb-ichishi ham o‘zining bo‘yniga... Qo‘ynidan to‘kilsa qo‘njiga-da... Otaxonga esa yarim stavkayam yetib-ortadi. U yoqdan otning kallasiday pensiya olib turgan bo‘lsa...
Uyda “muhim yig‘ilishda ushlanib qolgan” mehnatkash xodim sifatida shosha-pisha ovqatlangach, dam olish uchun yotoqxonaga o‘tdim. Ammo nimagadir uyqum kelavermadi. Muammo-ku silliqqina hal bo‘ldi, biron kishi so‘rab qolsa ham “Bu shaxsan bosh muharrirning tashabbusi bilan amalga oshirildi”, deb turaveraman. Ha, men rahbarimning ko‘rsatmasini bajarganman, xolos. Biroq masalaning boshqa tomoni ham bor. Menga... bizga rasmiy xat yo‘llagan “Mehribonlik uyi” orqasida kim, kimlar turgani qiziqtirardi. Maqsadlari nima ularning?..
Shunday tashvishli xayollar bilan uxlab qolibman.
Tong saharda qo‘ng‘iroq tovushidan uyg‘onib ketdim. Qo‘l telefonimni olmasimdan taxmin qildim: xo‘jayin. To‘g‘ri topgan ekanman, u kishiniyam meni qiynagan savol tuni bilan bezovta qilib chiqibdi: “Agar yuqoridan ishora bo‘lmasa, anavi bo‘g‘irsoq direktor gazetaning rahbariga bunday iltimosnoma bilan chiqishga jur’at etolmasdi. Abdujabbor, bu yerda bir gap bor... Ayniqsa, “ta’minlashingizni iltimos qilamiz”, degan jumla meni ko‘p bezovta qilyapti. Tepaning qaroridan olinganga o‘xshab ketyaptimi-ey... Hammasini aniqlash kerak, hammasini... Ishqilib, qovun tushirib qo‘ygan bo‘lmaylik-da...”
 Qo‘limdan kelgancha rahbarimga dalda bergan bo‘ldim: “Siz judayam oqilona yo‘l tutdingiz, xo‘jayin. Bemalol aytish mumkinki, bir o‘q bilan ikkita quyonni urdingiz. Ya’ni ham topshiriqni bajardingiz, ham bolani uyingizdan ikki, hattoki uch barobar qulayroq shart-sharoiti bor bo‘lgan muassasaga joylashtirdingiz. Axir, aslini olganda, ishxona sizning ikkinchi uyingiz-ku...”
Tilyog‘maligim ish berdi: ie, o‘zim bilmay turib juda aqlli ish qilib qo‘yibman-ku, degan o‘yga borgan shekilli, muharrir sal xotirjam tortganday bo‘ldi-da, mashinasini ertaroqqa chaqirganini aytdi. Ishga birga boradigan bo‘ldik. Avval bolakay bilan gaplashib ko‘ramiz, so‘ng, agar savollarimizga to‘liq javob ololmasak, to‘g‘ri “Mehribonlik uyi”ga o‘tamiz.
 
V

Divan bo‘m-bo‘sh edi.
Shoshib hovliga chiqdik.
Qorovul kechasi bolakayni uyiga oborib qo‘yibdi.
Otaxon o‘zini oqladi:
– Mehmon musofirga o‘xshab ishxonada yotmasin dedim-da.
Xizmat mashinasida qorovulning uyiga keldik.
Buni qarangki, Sunnat tong qorong‘usida hech kimga bildirmasdan hovlidan chiqib ketibdi. Buni eshitgan rahbarimiz tutaqib ketdi. Ammo nima ham qila olardik?
Boshimiz qotdi...
O‘ylay-o‘ylay oxiri “Mehribonlik uyi”ga yo‘l oldik.
O‘sha-o‘sha, yum-yumaloqligiga qaramasdan serharakat, odamga burni ustidagi ko‘zoynagi osha xursand bo‘lib qaragani mahal bolalarni kuldirib yuradigan masxarabozga ham o‘xshab ketadigan direktor bizni quchoq ochib kutib oldi. Uning o‘zini hech narsaday xabarsizday tutishi meni shubhalantirdi.
Kabinetga kirib, bir piyoladan choy ichish asnosida ehtiyotkorlik bilan ta’mirlash ishlari qanday ketayotgani haqida so‘radim.
Savolim direktorni ajablantirdi:
– O‘zingiz ko‘rib turibsiz-ku, ukajon, bino o‘tgan yili to‘liq kapital ta’mirdan chiqqan. Endi o‘n besh-yigirma yil bunaqangi tashvish bo‘lmaydi bizda.
Men muharrirga qaradim, muharrir menga.
Sir boy berib qo‘ymaslik uchun, go‘yoki gap orasida shunchaki qiziqqan kishi bo‘lib, Sunnatni surishtirdim: “Qalay bizning qahramon, sakrab-sakrab yuribdimi?..”
– Yuribdi, ertalab guruhida ko‘ruvdim, – kiprik qoqmay javob qaytardi direktor.
Biz aynan shu guruhga borishga izn so‘ragandik, direktor taklifimizni quvonchdan boshi osmonga yetguday bo‘lib qabul qildi, so‘ng hayajon bilan bu yigitchaning kitobdan bosh ko‘tarmasligini, hatto yashirincha bir nimalar yozib yurishini to‘kib solarkan, mabodo, uning mashqlaridan namunalar talabimizga javob berib, gazetamizda chop etilib qolsa – “Ha, ha, bilamiz nima uchun kelganlaringizni! Qadamlaringizga gul bitsin, akalar!” – butun “Mehribonlik uyi” bizdek bag‘rikeng ijodkorlardan behad minnatdor bo‘lishini, zero, har qanday e’tibor bolalar uchun haqiqiy bayram ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi. To‘g‘ri, deya qo‘shib ketdi direktor, Sunnatjonimizning ancha-muncha sho‘xligi, quvligi ham bor, o‘zicha bir nimalarni o‘ylab topib yuradi, ba’zan shunaqangi jiddiy savollar berib qoladiki, nima deb javob qaytarishni ham bilmay qolasan kishi; ammo buni tushunsa bo‘ladi, xo‘sh, ruhshunosimiz ta’biri bilan aytganda, bola o‘tish yoshida, ong-shuuri, dunyoqarashi shakllanadigan davrda; deylik, asalari gullardan bol yiqqaniday, bizning bitiruvchimiz ham turmushdan o‘zining kelajak hayotini belgilab beradigan ma’lumot-xulosalar yig‘adigan bosqichda. Bu jarayonda sizlardek bag‘rikeng ijodkorlarning ishtiroki esa nur ustiga nur bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz. Axir amaliy ish, ibrat baribir boshqacha-da. Ayniqsa, Sunnatjondek tiyrak nigohli, dunyoga hayrat ko‘zi bilan qarayotgan, uni anglashga urinayotgan ijodkor yigitcha uchun...
Yo‘lakda bir zum o‘sha jinqarchani ta’rif-tavsif etishdan to‘xtagan direktor dars jadvaliga qarab oldi: guruh kompyuter mashg‘ulotida ekan.
Bordik. Sinfdagi bolalar o‘rinlaridan turib, salom berishdi. Ular orasida Sunnat ham bor edi. Alik olganimizdan so‘ng bolalar o‘tirishdi, o‘qituvchining ruxsati bilan mashg‘ulotlarini davom ettirishdi.
Sunnatning yoniga bordim. U kompyuter ekranidan ko‘z uzmas, bekorchi bir nimalarni chizib o‘tirardi.
Unga diqqat bilan qarab turaverdim. Ammo bolakay menga mutlaqo e’tibor bermadi, baayni yonida begona, notanish odam turganday...
Xo‘jayin ikkalamiz ishxonaga qadar “miq” etmay keldik...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.