OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abduqayum Yo‘ldoshev. Boy (hikoya)

I

Oddiygina ko‘klam kunlaridan birida O‘zbekovul cho‘ponsiz qoldi. Gap shundaki, yigirma yil mobaynida bu kasbni halol va beminnat ado etib kelgan Norboy bobo tuman ijtimoiy ta’minot bo‘limiga qatnay-qatnay, axiyri bir amallab qarilik nafaqasini to‘g‘rilab oldi-yu, o‘zining ham rosa joniga tegib yurgan ekanmi, ko‘k hangisini shu kunning o‘zida arzon-garovga sotib yuborgach, endi ko‘liksiz qolganini, yayov yursa oyog‘i og‘rishini ro‘kach qilgancha, “ola tayog‘imni kimga bersalaring beraveringlar, bizniki endi bo‘ldi”, degan qat’iy qarorini e’lon qildi.
Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q. Shu kunga dovur aksariyat raiyat “senam odammisan” deganday andak yuqoridan kelib qaraydigan, to‘y-ma’rakalarga, qo‘noqlar oldigayam chaqirilavermaydigan, bayramlarda yo‘qlanmaydigan Norboy boboning qadri bir kunda bilindi-qoldi.
Yam-yashil qirda mollarni surnay chalib boqib yuradigan, cho‘ponlik tayog‘ini faxr ila o‘z sulolasi vakiliga topshiradigan cho‘pon faqat kinolarda, tuzsiz teleko‘rsatuvlarda yoinki bachkana gazeta maqolalarida bo‘ladi. Voqelik esa sal boshqacharoq. Chunonchi, O‘zbekovulda mol boqiladigan maydon tobora kamayib bormoqda, bu esa cho‘ponning boshiga it azobini soladigan darajadagi muammolarni qalashtirib tashlamoqda edi. Misol uchun, keyingi uch-to‘rt yil ichida dalaga adashib kirib ketgan mol hech qanday gap-so‘zsiz so‘yilib, go‘shti davlat hisobiga o‘tkazib yuborilardi. Tabiiyki, bu mol uchun javobgarlik cho‘ponning zimmasida. Ana endi janjalni ko‘ring. Egasi “To‘la!” deydi, cho‘pon o‘zini aybsiz qilib ko‘rsatishga urinadi. Bunaqangi boshog‘riqlar istagancha, hatto keragidan ortiq darajada topiladi...
Xullas, qishloqni kuniga bir chimdim bo‘lsayam ko‘k o‘t yeb, quruq o‘t-somondan chiqib ketgan mollarning ayanchli o‘kirishi tutib ketdi. Ne-ne kelinchaklar o‘roqni qo‘ltiqqa qisib dalaga jo‘navorishgan, egilib bir tutam o‘t yulib kelishni o‘ziga or sanagan ne-ne erkaklar uylaridagi zaifalarining achchiq-tiziq ta’na-dashnomlariga chiday olmasdan choponning barini qayirganlaricha choyxonaga qochib chiqishgan...
Har ne bo‘lsa-da, ushbu mushkul vaziyatdan chiqib olmoqning yo‘lini qidirmoq va topmoq joiz edi. Yoshlar tayoq ko‘tarib, “oshi halol” yig‘ib yurishdan or qilishadi, keksalarning esa barisiga vazifa taqsimlanib bo‘lingan: kim jarchi, kim dallol, kim yozg‘uvchi, kim bitmaydigan joyniyam bitirib qaytadigan sovchi, kim ellikboshi...
Choyxonadagi yig‘in ertalabdan to namozshomgacha davom etdi. Birovlar nomzod ko‘rsatishdan charchamadi, boshqalar esa ming bir asosli dalillar bilan ularni rad etishdan. Haligi, o‘z nomzodini qaytib oluvchilar bor-ku, ularning soni ham o‘n beshlarga borib qoldi-yov.
Aloha, beshinchi marta qaynatilgan ulkan samovar bo‘shashi arafasida aksariyat yakdil bir to‘xtamga keldiki, cho‘ponlikka Abdirayim qattiqning kenja o‘g‘li Xo‘roz duxyoldan munosib odam yo‘q!
To‘g‘ri, avvaliga Abdirayim tog‘aning o‘zi qattiq oyoq tirab turib oldi. Lekin sovchilikka boraverib, tili ipakday eshilib ketgan Eshvoy merganning so‘zamolligi shu yerda qo‘l keldi.
– Menga qara, Abdirayim jo‘ra, – dedi mergan salmoqlanib. – Ovulda kamida ikki yuzta qoramol bor. Ha, ana, kattalarniki shulardan qirqtasi deylik. Shundayam bir yuz oltmishtasi qoladi. Narxni oshirmasang ham oyiga ikki qop unning puli shundaygina kissangga tushib turibdi-da. Ikki qop un-a!..
Merganning chuqur mulohazali nutqi, ayniqsa ikki qop un borasidagi hisob-kitoblari oxir-oqibat Abdirayim qattiqni taslim etdi.
Yig‘in tugab, mushkul vazifani sharaf ila ado etganidan mamnunlik tuygan ovul faollari ko‘kraklarini kerganlaricha uy-uylariga tarqalisharkan, biz fursatdan foydalanib, voqeamiz qahramoni bo‘lmish Xo‘rozqul xususida muxtasar ma’lumot berib o‘tsak.
Vaqtida to‘ylarda aroq to‘la kosaga non to‘g‘rab yeyi­shi bilan mashhur bo‘lgan Abdirayim qattiqning kenja o‘g‘li aqlan sal zaifroq bo‘lib o‘sdi. Ovulimizda “dovdir, merov”, qisqasi, “jinni” ma’nosini bildiradigan “Duxyol” laqabi ham Xo‘rozqulga shu sababli taqalgan. Bolapaqir maktabniyam yolchitmadi. Bir amallab hijjalab o‘qishni, pul sanashni o‘rganib olgach, uchinchi yo to‘rtinchi sinfdaydi shekilli, xullas, maktab bilan xayr-ma’zurniyam nasiya qilgancha ota ko‘rsatmasiga binoan o‘zini uy ishlariyu tomorqa parvarishiga urdi. Shundan buyon “faqir kishi panada” qabilida el ko‘zidan yiroqda, jimgina kunini ko‘rib yuradi.
Xo‘rozqul yosh bolalar uchun yaxshigina ermak edi. Tez-tez shumtakalardan birontasi devorga chiqib olib, hovlida timirskilanib yurgan qahramonimizga qarata “Xo‘ro-oz!” deb qichqirib qolsa, Xo‘rozqulimiz darrov shu tarafga o‘girilardi-da, xuddi osh yeyayotganday, o‘ng qo‘lining barmoqlarini juftlab, katta ochilgan og‘ziga olib borgancha aylantiraverardi. Mabodo chaqiruvchi yana bir marta “Xo‘ro-oz!” deb qolsa bormi, tamom, qahramonimiz butkul jo‘shib ketgancha, endi qolgan besh barmog‘iniyam og‘ziga yaqin olib borgancha aylantiraverardi, aylantiraverardi. Oradan ne fursat o‘tib, mashg‘ulotini tugatgach esa, zo‘r ishni uddalab, endi qonuniy olqishini kutayotgan bolakayday irshayib turaverardi.
Ushbu naqlimiz muqaddimasida yo o‘n to‘qqizdan yigirmaga, yoinki yigirmadan yigirma birga o‘tgan Xo‘rozqulimiz shunaqa bola edi.
Ovul faollari yig‘inida balki qahramonimiz ismi mutlaqo tilga olinmagan ham bo‘lardi. Biroq, tasodifni qarangki, bir oycha burun, to‘ppa-to‘sindan Xo‘rozqulning ismi juda mashhur bo‘lib ketgandi. O‘zbekovulning bosh hisobchisi Zikir tirriqning xotini Gulafzal checha qo‘shni qishloqdagi opasining uyidan mo‘ljaliga qaraganda ikki kun ertaroq qaytadi va “Markazga bir haftaga hisobot topshirishga ketaman” degan erini uyda, yana begona bir ayol bilan bemalol oshxo‘rlik qilib o‘tirgan holda ko‘radi. Xotinining ayyuhannos solib, mehmonning yuzini timdalashga chog‘lanayotganini ko‘rgan hisobchi jon holatda oraga tushib, shoshganidan bo‘lsa kerak: “Bu meniki emas, buni men Xo‘rozqulga obkeldim!” deb yuboradi...
Shu-shu, ovulda biron begona qiz-juvonning sharpasini ilg‘ab qolishsa bas, odamlar: “Bu xonim Xo‘rozqulga tegishli-da!” deya qochiriq qilishga tushardilar.
Har yomonning bir yaxshi tomoni bor, deb bejiz aytishmagan. Tabiat qahramonimizni aqldan qisgani bilan kuch-quvvatdan rosa siylaganmi yoxud bola bechora hovlida timirskilanib yuraverib siqilib ketgan ekanmi, ishqilib, keng dalaga chiqdi-yu, orqasi yer iskamaydigan bo‘ldi. Itda tinim bor, bitda tinim bor, ha, ana boring, qurt-qumursqayu qush-darrandada tinim bor, bizning Xo‘rozqulda tinim yo‘q. Pichoqda o‘xshatib ishlov berilgan ola tayog‘ini yelkasiga tashlab olgancha goh podaning boshida paydo bo‘lib qoladi, goh oxirida, goh o‘rtasida... Hatto tol tush pallasiyam sigirlar yaydoq dalada erinibgina kavsh qaytarib yotgan mahal ularning orasida cho‘ponimiz kaliti burab qo‘yilgan qo‘g‘irchoqday pitirlab yurganini ko‘rish mumkin edi.
Ahli ovul: “Nihoyat cho‘ponga yolchidik-da!” deya yengil nafas oldi. Haytovur, bu yoqda raiyat xursand, u yoqda oyiga ikki qop unning pulini qurtday sanab olayotgan Abdirayim qattiq; orada Xo‘rozqulimizga ham u-bu tomib turadi shekilli, kunda-kunora o‘n barmog‘ini og‘zida aylantirib, ming qo‘yli boyday irshaygani-irshaygan...

II

Kamdan-kam uchraydigan voqelik, ya’ni har uchala tomon ham bir biridan rizolik tuyib, ahil-totuvlikda kechirilayotgan kunlarning birida oshdan tosh chiqib qoldi.
Buni endi to‘ppa-to‘sindan “tosh” deb ham atab bo‘lmaydi. Deylik, dastavval yumshoqqina bir nimaydi, bora-bora qattiqlashdi, nihoyat toshga aylandi...
Xalq, bari bir, dono-da. Bunday paytlari soddagina qilib: “Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin”, deydi-qo‘yadi. Juda tushunmasangiz, “Yetishgan yetti ishton ki­yibdi” deb qo‘shib qo‘yadi.
Kim ekanligini endi hech bir o‘zbekovullik aniq aytib berolmaydi, har qalay, molini tekin boq­tiradigan rahbarlardan birovi bo‘lsa kerak, ertalab podaga mollarini qo‘shishga olib chiqqan mahal jafokash cho‘ponimiz sha’niga bir-ikki maqtov so‘zlarini aytish va uning yelkasiga otalarcha g‘amxo‘rlik ila qoqib qo‘yish bilan kifoyalanmay, qo‘liga bitta ilvirab qolgan bir so‘mlikni tutqazadi.
Xo‘rozqulning deng, boshi osmonda, tilla topgan gadoday, ko‘ringanga bir so‘mligini ko‘z-ko‘z qilib, irshaygani irshaygan. Har qalay, oylik pulni otasi yig‘ib olishi sababli, qo‘li pul ko‘rmay yurgan-da bechora.
Hay, mayli, ko‘ngil-da; ushbu hodisot balki o‘z-o‘zidan unutilib, barham ham topib ketardi, ammo saxiy amakimiz chog‘roq bir davrada o‘z hotamtoyligini pisanda qilib o‘tishni uddalaydi. "Shu-u, – deydi amaki salmoqlanib tebranarkan, uch-to‘rt bor mashq qilib, rosa hadisini olgan muruvvatkorona ohangda, – anchadan beri Abdirayim qattiqning cho‘pon uliga har kuni uch-to‘rt so‘mdan berib turaman, baraka topsin, bolapaqir bizding siyirlardi bir boshqacha to‘ydirib, sag‘rinini yaltiratib qaytadi-ey. Bilmadim, ukkag‘ar, yem-pem beradima?.. Otasiga rahmat ammo-lekigin!” Albatta, rahmat aslida kimning buzrukvoriga qaratilgani xususida bahslashishimiz mumkin. Va-lekin, o‘tlab ketishdan o‘zimizni tiyib, voqeaning muxtasarroq bayoniga o‘tadigan bo‘lsak, qo‘pol bir naql bor-ku: “Qo‘shningning xotini qiz ko‘rinadi”, degan, ana o‘shanga o‘xshab, davradagilardan biri qo‘yib-biri olib, haqiqatan-da saxiy amakining mollari daladan qorinlarini boshqacha qappaytirib qaytishi, yelinlari boshqacha tirsillab turishi xususida o‘zlarining “Gap bu yoqda ekan-da” qabilidagi mulohazalarini to‘kib solishga shoshdilar.
Ushbu musohaba hosilasi sifatida yarim kechasi kimdir isiriq tutatib, mollari boshida aylantirib yurganini hamda ertasi kuni Xo‘rozqulimizning qo‘liga naqd yetti so‘m tushganini qayd etib o‘tmog‘imiz joiz. Yetti so‘m-a!
Ayniqsa, saxiy tog‘alardan biri gurillab: “Beshni tashla! – deya cho‘ponimizning kaftiga qarsillatib urarkan, – shunday pullardan bir qopini yig‘sang, zo‘r xotin olib beraman!” qabilida va’dani quyuq qilib yuborishi voqeamizni tadrijiy rivojlanishdan olib, jadallashtirishning qiya so‘qmog‘iga solib yubordi.
Oradan bir oy o‘tar-o‘tmas Xo‘rozqulimiz molini podaga qo‘shishga haydab chiqqan har bir ovuldoshimizning qo‘liga suqlanib qaraydigan odat chiqardi. Eng ayanchli hamda kulguli tomoni shunda ediki, o‘sha odam bir so‘m yoki uch so‘m bersa-berdi, bo‘lmasa... tamom deyavering. Qo‘li qisqalik qilganmi, xasislikmi – buning farqi yo‘q. It tinadi, bit tinadi, qurt-qumursqa tinadi, qush-darranda tinadi – bizning Xo‘rozqul tinmaydi, ola tayog‘ini azot ko‘targancha aynan o‘sha pul bermaganlarning molini tirqiratib quvaveradi, quvaveradi. Sho‘rlik tilsiz jonivorlar halollab na bir tutam o‘t yeya oladi, na bir qultum suv icha oladi – baloi qazoday qaydandir yetib kelgan Xo‘rozqul tayog‘i bilan och biqini aralash bosh-ko‘ziga ayamay uraveradi... “Xasis” mollar dumini xoda qilib u yoqqa qochadi, bu yoqqa qochadi, kechqurun qorni qapishgan, ko‘zidan yosh oqqan, sulaygan, yiqilguday ahvolda tentiragancha bir amallab hovlisini topib keladi. Ana shundan keyin ham moliga joni achigan kishi kissasini kavlamay ko‘rsin-chi.
Axir, el baribir dono-da. O‘xshatib, topib aytgan: “Ahmoqqa zakun yo‘q”. Qani, ovuldan qaysi mard Xo‘rozqul bilan teng bo‘ladi, kim u bilan olishadi? Axir, aslini olganda u hali bola-ku! Buning ustiga haligidaqa! Odam degan sal bag‘ri kengroq bo‘lishi kerak-da! Qo‘yinglar, undan ko‘ra beringlar o‘sha el qatori ataganlaringni, qulog‘imiz tinch bo‘lsin, molimizam...
Alqissa, yig‘ila-yig‘ila bir so‘mlik-uch so‘m­lik­lar­dan bir un qop to‘ldi. Xo‘rozqul xotin borasida dono maslahat bergan tog‘asini yetaklab bordi-da, xazinasini ko‘rsatdi. Donishmand tog‘a sarg‘aygan mo‘ylovini silab bir chuqur o‘ylarga toldi, so‘g‘in, nechukdir yangi xrom etigida qopni uch-to‘rt bor tepib ko‘rib, nelarnidir chamaladi. Aloha, jamg‘armadan bir qisim olib, kitel shimining chuqur cho‘ntagiga solarkan: “Bu tog‘abachchalaringga”, deya izoh bergan bo‘ldi-da, nihoyat jiyaniga ikkinchi qimmatli maslahatni berdi: “Jiyan, yiqqaning qalin puliga yetsayam katta gap. To‘y bor, sarpo-parpo deganday. Xotin olaman desang, sen endi o‘ntalik, yigirma beshtalik puldan yig‘!”
Aytilgan so‘z – otilgan o‘q. Oqil jiyan irshayib kuldi. “Jiyaman!” dedi. Jiydiyam!
Mana shunda Xo‘rozqulimizning xotirasi fav­qulodda kuchli ekanligi yana bir bor ayon bo‘ldi-qoldi. Yaxshiyam, ovul ahli baxtiga o‘sha kunlari pul sal qadrsizlana boshlagandi, lekin shunga qaramasdan bir so‘mginani topishning o‘zi oson emasdi. Shuning uchunmi, Xo‘rozqul sal insofga kelib, pastroq tushdi va xudoning bergan kuni emas, hafta-o‘n kunda mol egalaridan o‘n so‘mlik, yigirma besh so‘mlik ko‘rinishidagi soliq olib turadigan bo‘ldi. Siz agar Xo‘rozqulimizning yaylovda qaysi ho‘kiz yoki sigirni tirqiratib quvib yurganini ko‘rsangiz, bilaveringki, o‘shalarning egasi o‘n kundan oshib ketsayam cho‘ponimizning “zakonniy nalugi”ni to‘lamagan bo‘lib chiqadi.
Yanglishish haqida esa gap ham bo‘lishi mumkin emas edi. El adashsa adashar, lekin bizning Xo‘rozqulimiz adashmasdi...
Yil oxiriga borib ovulda boquvga olib chi­qi­ladigan mollar tuyog‘i deyarli ikki barobarga kamayib ketdi. Xo‘rozqulning ko‘nglini ovlashdan charchagan yoki bunga qurbi yetmay qolganlar asta-sekin mollarini uyda boqishga o‘tdilar.
Xuddi o‘sha kunlari men g‘alati bir xabar eshitib qoldim. Aytishlaricha, Xo‘rozqul sudxo‘rlik qila boshlabdi, ya’ni ba’zi ovuldoshlariga ustamasi bilan qaytarish evaziga qarz bera boshlabdi. Elchilik, bunaqa odamlar hamisha chiqib turadi: kimning to‘yi bor, kimning ma’rakasi.
Avvaliga bu gapga ishonmadim. Ammo Norqul brigadir ko‘pchilikning oldida ko‘zlarini katta-katta ochgancha:
– Abdirayim qattiqning ulidan bir oyga o‘n ming olib, o‘n bir ming besh yuz qilib qaytardim, – deb turgandan keyin ishonmay qayga ham borardim.
Eng qizig‘i, Xo‘rozqulning pulni tiyin-tiyini­ga qadar aniq sanashi, foizni ham to‘ppa-to‘g‘ri hi­soblashi, aslo adashmasligi, bu borada uncha-buncha hisobchilarni ham yo‘lda qoldirib ketishi haqidagi gap-so‘zlar edi.
Ochig‘i, bu gaplarga unchalik parvo qilmadim. “Bolapaqirning ikkinchi iste’dodi ochilibdi-da”, deb qo‘ya qoldim. Buning ustiga voqealar tafsiloti bilan to‘liq tanishib o‘tirishga fursatim ham bo‘lmadi: armiyaga ketdim.

III

Oradan bir yildan ko‘proq vaqt o‘tdi. Ta’tilga qishlog‘imga keldim.
Toshkent aeroportidagi taksichilar o‘rtasida misli ko‘rilmagan talashish-tortishish, siltovlar, do‘q-po‘pisalar, olib qochib ketishlardan bir amallab asrab qolgan katta jomadonim yonimda. Kayfim chog‘. Uddaburon taksichi akamiz ham magnitofonni varang­latib qo‘ygan.
Tuman markazidan o‘tib, ovulga qayrilish yo‘­li­dagi usti hali-hamon yopilmagan nochorgina bekatda qaqqayib turgan Norqul pochchamni ko‘rib qolib, mashinani to‘xtatdim.
Pochcham bilan quchoqlashib ko‘rishdik.
Mashinaga o‘tirdik. Qarindosh-urug‘larni, uydagilarni so‘rab charchamayman, pochcham javob berib.
Hatto mana shu chang ko‘chalar ham odamning ko‘ziga issiq ko‘rinarkan.
Ovulga yaqinlashgan mahalimiz ko‘zlarimga qalq­qan quvonch yoshlarini yashirincha artib oldim.
Pochcham yonboshida turgan tugunchani oldingi o‘rin­diqqa qo‘ydi.
– Magazindan ozroq sorimoy obidim. Erib ketmasin.
Men kuldim:
– Qishloqda yashab turib, do‘kondan saryog‘ sotib olgandan keyin...
Shu payt bizni oppoq "Volga" quvib o‘ta boshladi. Bunday razm solsam, rulda suluvgina juvon. Changda qolgan mashinamiz sekinlashgach, hazillashgim keldi:
– O‘h-ho‘, qishlog‘imizda yangi qiz paydo bo‘ptimi? Hoynahoy, Xo‘rozqulga tegishlidir?
Nazarimda, bu gap bilan men haliyam ovulni hatto mayda-chuyda gap-so‘zlariga qadar unutmaganimni, sog‘inganimni ta’kidlab o‘tmoqchiydim. Ammo og‘zining tanobi qochib o‘tirgan pochcham birdan be­zovtalanib, u yoq-buyog‘iga qaradi, so‘ng jiddiy tortib, tasdiq ma’nosida bosh qimirlatdi va hurmat-ehtirom bilan dedi:
– Ha, ha, Xo‘rozboyning ikkinchi xotini.
– Ie, – quloqlarimga ishonmadim men, – Xo‘rozqul qachondan beri qo‘shxotinli boyga aylanib qoldi?
– Anchadan beri, – siniq kulimsiradi pochcham. So‘ng xo‘rsinib qo‘ydi. – Umuman, ukam, sen qishloqda bir yil bo‘lmading. Bu orada ko‘p narsalar o‘zgarib ketdi.
– Ovul joyidami axir?
– Xudoga shukr, joyida... Endi, uka, men shu yerda tushib qolsam.
– A?
Pochcham ko‘zlarini olib qochdi:
– Suyunchini taksichi akam olar. Men shu yerda tushib qolay.
– Pochcha, yangi uy oldilaringizmi?
– Yo‘g‘-e!
– Hamsoya edik shekilli?
– Ha, endi... Bo‘lmasa, uka, nima desang de, lekin avval Xo‘rozboynikiga kirib...
– Qayoqqa?
– Xo‘rozboynikiga. Uyiyam shunday yo‘lning bo‘yida. Shunday-shunday, armiyadan kelayapman, deganday...
Nazarimda, pochcham meni mazax qilayotganday edi.
– Nima, u suyunchi bergich bo‘lganmi?
– Endi, uka, – tipirchilab qoldi pochcham, – shunday kirib, arzimagan bir-ikkita narsa sovg‘a qilsang...
– Kimga? – tamoman garangsib qoldim men.
Pochchamning jahli chiqdi:
– Aytdim-ku, Xo‘rozboyga deb!
– Nega endi? Armiyaga u meni yuborganmidi?
– Nega, nega, deysan-a! Aytdim-ku, ovulda ko‘p narsa o‘zgarib ketgan deb.
– Nima o‘zgargan axir?
– Ko‘p narsa, – deya jerkib berdi meni pochcham. – Sen hali yosh bolasan.
– Xo‘rozquldan katta edim shekilli?
Pochcham chiday olmadi – tamomila bo‘g‘riqib ketdi:
– Hoy, uka, shunday kirib, xizmatdan otpuskaga keldim, bizga nima xizmat bor, deb bir og‘iz aytib qo‘ysang, nima, bir joying kamayib qoladimi?
– Pochcha, meni mazax qilayapsizmi?
– Uf-f! Nega tushunmaysan-a?! Chulchitmisan nima balo?!
– Bunday tushuntirib gapiring-da bo‘lmasa!
– To‘xtating moshinani! Aka, iltimos... Gap shu: yo hozir to‘g‘ri Xo‘rozboynikiga boramiz, yo men tushib qolib, yayov ketaman!
– Nega axir, pochcha?
– Uf-ey! Qani, tush-chi bu yoqqa.
Ikkalamiz mashinadan tushib, yo‘lning bu chekkasiga o‘tdik.
– Uka, – shu so‘zni aytarkan, pochchamning tovushi tit­rab ketdi. O‘ziyam kichkinagina, mushtipar odamga aylanib qolgandek bo‘ldi. – Uka, besh-olti kun turarsan, o‘zing hammasini tushunarsan, tushunmasang, xaltangni ko‘tarib armiyangga ketarsan. Biz bu yerda qolamiz. Elda gap yotmaydi. “Falonchi armiyada ishlayotgan qaynisi bilan kelayotib Xo‘rozboyning uyi­ni bosib o‘tibdi”, degan gap chiqsa... mengayam yaxshi bo‘lmaydi, sengayam.
Men chiday olmasdan baralla kulib yubordim:
– Yo siz jinnisiz, pochcha, yo men. O‘lay agar bir narsani tushungan bo‘lsam.
Pochcham yana tutaqib ketdi:
– Sen jinnisan! O‘sha yoqlarda stariklardan tayoq yeyaverib, satryasena mazga bo‘lib qolgansan!.. Ey, musulmon, axir o‘zbekchalab aytayapman, shunday kirib: “Xo‘rozboy aka...”
– Aka?
– Uf-f! – yig‘laguday bo‘ldi pochcham. – Aytdim-ku, sen ketasan, biz qolamiz deb...
– Shunga nima bo‘pti?
– Nima bo‘pti deydiya yana!.. Ertan Xo‘rozboy xafa bo‘lib qarzini so‘rab tursa, yemdan siqsa, moydan siqsa...
– Qanaqa moy?
– Moy-da, oq moy! Moysiz ovqat pishirib bo‘­la­dima?
– Endi ovqatga o‘tdingiz, pochcha...
– Menga qara, tushunmaganingni keyin tushunib olarsan. Hozir gapning qisqasi shu: yo men bilan Xo‘rozboynikiga borasan, yo men yayov ketaman! Agar o‘zing ketadigan bo‘lsang, bir-birimizni ko‘rmadik, tamom-vassalom. Uyingga borganda qaytadan ko‘rishaman.
– Yo‘q, pochcha, – endi mening qonim qaynay boshladi. – Yo siz menga hozir hammasini tushuntirib berasiz, yo hozirning o‘zida sizni zo‘rlab moshinaga tiqaman-da...
Mening hezlanganimni ko‘rgan pochcham xavotirlanib orqaga chekina boshladi.
– Jon uka, mening bo‘lmasa opangning hurmati, Xo‘rozboynikiga...
– E, tupurdim o‘shaningizga! Pishirib qo‘yibdimi menga duxyolning uyida!
Rangi kesakday oqarib ketgan pochcham atrofga jovdirab alangladi.
– Bo‘ldi-ey, birov eshitib qoladi!
– Eshitsa nima? Duxyolni duxyol deyman-da!
– Bo‘ldi, deyman! – pochcham qoshimga ildam kelib, atrofga olazarak alanglagancha pichirlab gapira boshladi. – Uka, sening o‘zi esing ko‘p-ku, tushunasan-ku barini. Bilasan, ahmoqqa zakun yo‘q. Sen u bilan teng bo‘lma. O‘zi bir ahmoq bo‘lsa.
– Shu o‘zimizning cho‘pon Xo‘rozqulni aytyapsizmi?
– E, u hozir cho‘pon emas, ovulning eng boy odamlaridan. Obro‘li. Ikki qavatli qasr qurib olgan. Ikkita xotini bor. Bittasini hozir ko‘rding. Pul odamni o‘zgartirib yuborarkan... Fermani sotib olgan. Yem-pem, o‘t-po‘t – barisi qo‘lida. Magazinlarning barini xususiylashtirib olgan... Xo‘rozboyning o‘zi yomon emas. Yaxshi. Qarz so‘rasang yo‘q demaydi. Protsentga beradi. Faqat sal injiqligi bor. Obro‘talabroq. E’tiborni yaxshi ko‘radi. Aytganini qilsang sendan yaxshi odam yo‘q. Yaqinda bankda pul bo‘lmay qolgan ekan, uch oyligimizni yonidan to‘ladi. Yaxshi odam... Sal injiqligi bor... Yaxshi gapni yaxshi ko‘radi. Uch-to‘rtta kallasi qizigan yordamchilari bor. O‘shalar ahmoq. Sallani ol desa kallani oladiganlardan... O‘chakishib nima qildik... Shunday kirib, bir og‘iz qiyomat qarz salomimizni berib o‘tsak bo‘ldi-da. Xursand bo‘ladi. Obro‘yim bor ekan, deydi... Aytdim-ku, arzimagan bir sovg‘a bersang ham bo‘ladi, deb... Jiyanlarga qolganiyam yetadi... O‘ylanma. Sen ketasan. Qasdiga olsa, xafa bo‘lsa, qiyomatgacha esidan chiqarmas. Yem deb molni harom qotiradigan bir narsani tashlab ketadi. Magazinga borib olib: “Munga moy berma, munga un berma...” deb turib oladi. Odamlar kuladi, lekin bir narsa demaydi. Qasdiga olsa, oxiri qishloqdan ko‘chib ketishga majbur qiladi...
– O‘zbekovulning mafiozi ekan-da, – deya istehzo qilishga urindim men.
– Nima desang de, uka... Endi, o‘zi bir aqli zaif bechora-da. Urib bo‘lmasa, so‘kib bo‘lmasa... Bo‘lmasa, o‘zi yaxshi odam. Lekigin qasdlashib qolsa yomon... Ke, qo‘y, o‘shaminan teng bo‘lasanmi. O‘zingni o‘ylamasang bizni o‘yla... Ozgina bo‘lsayam qarzimiz bor... Qarzi bor odamning tili qisiq bo‘larkan... Ertan bir kun qaytib ketsang... Esidan chiqarmaydi... Meni mensimadi, beobro‘ qildi, deb... somonxonamizga o‘t qo‘yib yuborishdan ham toymaydi. Isbotlab ko‘r-chi. Milisa chaqirsang, spravkasi bor. Keyin... ko‘z ko‘zga tushadi, o‘zbekchilik...
– Nima qil deysiz, pochcha?
To‘g‘risi, u kishining ahvolini ko‘rib ezilib ketdim.
– Shu, kirib, bir og‘iz... yo‘lning bo‘yida... Arzimagan esdalik sovg‘a...
Ko‘zlariga yosh qalqqan pochcham ortiq gapirolmay qoldi.
– Yuring-e...
Qaytib taksiga mindik.
Qirdan enayotgan chog‘imiz ovulimizning o‘rtasiga qurilgan yagona ikki qavatli, tomiga qizil shifer yopilgan uyga ko‘zim tushdi.
– Shumi?
Pochcham so‘zsiz bosh irg‘adi.
Qasrga yaqinlashganimizda shu tarafdan kelayotgan oq soqolli qariyani ko‘rib qoldim. Bo‘lam Mirza boboni tanib, haydovchidan mashinani to‘xtatishni iltimos qildim. Yo‘l chetiga o‘tib, bizga diqqat bilan qarab turgan Mirza bobo mashinaning sekinlashganidan niyatimizni ilg‘adi shekilli, shosha-pisha qo‘lini silkitib “Aslo to‘xtamang!” ishorasini qildi. Betma-bet bo‘lganimizda ikkala qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, mulo­yimgina tabassum qilib turgan bo‘lam “Avvalo bu yoqqa qadam ranjida qilsinlar” deganday zo‘r ehtirom ila qasrni ko‘rsatib turardi...
– Endi qayoqqa yuray, yigit? – deya so‘radi haydovchi.
Pochcham shosha-pisha javob berdi:
– Ovulimizning eng boy, eng hurmatli akaxoni bor. Avval shu kishinikiga bir daqiqaga...
Taksichi ma’qullab bosh irg‘adi:
– Agar boy bo‘lsa, albatta, avval shu kishinikiga kirish kerak. Xo‘sh, yigitcha, nima deysiz?
Tovushim negadir bo‘g‘ilib chiqdi:
– Haydang... Xo‘roz...boynikiga!
Pochcham yayrab ketdi:
– Sening bo‘ladigan bola ekanligingni bilardim!

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 1-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.