OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abduqayum Yo‘ldoshev. Samo elchisi (hikoya)

Ko‘kda suzib yurgan o‘zga sayyoraliklarning uchar likopchasi shiddat bilan uchib kelib shahar hovlilardan biriga qo‘ndi.
Likopchadan tushgan o‘zga sayyoralik atrofga alangladi va qo‘lidagi pult tugmachasini bosib, uchar likopchasini ko‘rinmas holga keltirganidan so‘ng asta qadam tashlab, xonalardan biriga kirdi.
Xonada esa bizning qahramonimiz, 12 yoshlardagi Abdurayim polvon dushmanlar bilan ayovsiz jang olib bormoqda edi. Kompyuterda, albatta.
O‘zga sayyoralik ohista yo‘taldi, ammo Abdurayim eshitmadi. O‘zga sayyoralik yana bir bir necha bor yo‘taldi, biroq o‘yinga jon-dili bilan berilib ketgan, goh-goh “Tep!.. O‘t och!.. Avtomatmi bu, hassami?.. Chapga ot, chapga!.. Sotqinni portlat!.. E-eh!..” deb bo‘kirib qo‘yayotgan polvonimiz uni yana eshitmadi.
O‘zga sayyoralik suzib borib Abdurayimning yengidan asta tortdi. Abdurayim ekrandan ko‘z uzmasdan uni siltab tashladi:
— Xalaqit berma!
 O‘zga sayyoralik yana odob bilan yo‘taldi va lablarini qimirlatmasdan sado berdi:
— E’tiboringiz uchun, yosh do‘stim, kamina sizlar Katta Qisqichbaqa deb ataydigan tuynuk o‘ramidagi Mushtariy burjining 1019-yulduzidan yorug‘lik tezligida uchib kelib, sayyorangizga qo‘nish baxtiga muyassar bo‘lgan ilk samoviy elchiman. Umumkoinot miqyosidagi tamaddunlarning bunday bemisl ahamiyatga ega uchrashuvi sharafiga erishganingiz sizga muborak bo‘lsin, ey yosh do‘stim!
“Ot!.. Portlat!.. Yanch!..” deb tinmay baqirib turgan Abdurayim ekrandan ko‘z uzmay, jahl bilan qo‘l siltadi:
— Bor-e!
Hayron bo‘lgan o‘zga sayyoralik takrorladi:
— Kamina sizlar Katta Qisqichbaqa deb ataydigan tuynuk o‘ramidagi Mushtariy burjining...
Abdurayim polvon yana kompyuterdan ko‘z uzmay qo‘l siltadi:
— Xalaqit berma, dedim-ku! Qisqichbaqam chiqib turipti o‘zi!
O‘zga sayyoralik bir zum o‘ylanib qoldi, keyin jilmayib qo‘ydi va “lip” etib kompyuter ichiga kirib oldi.
Kompyuter ekrani bir lipillab o‘chdi va ekranda o‘zga sayyoralik paydo bo‘ldi.
Abdurayim otilib o‘rnidan turib ketdi:
— Eh! Bu nimasi tag‘in!
O‘zga sayyoralik:
— E’tiboringiz uchun, yosh do‘stim... — deya o‘z gapini boshidan boshladi.
Abdurayim jahl bilan klaviatura tugmachalarini birin-ketin bosaverdi. Ammo hamon gapirayotgan o‘zga sayyoralik ekrandan o‘chmadi.
— ...kamina sizlar Katta Qisqichbaqa deb ataydigan...
Jon-poni chiqib ketgan Abdurayim jahl bilan kompyuterning uyoq-buyog‘iga tegdi, qimirlatib ham ko‘rdi. Ammo ekrandan yo‘qolmagan o‘zga sayyoralik gapiraverdi:
— ...tuynuk o‘ramidagi Mushtariy burjining 1019-yulduzidan yorug‘lik tezligida uchib kelib...
Abdurayim jahl bilan kompyuterning ustiga musht tushirdi. Bunday zarbani kutmagan o‘zga sayyoralik bukchayib qoldi, ammo bir amallab gapida davom etdi:
— Umumkoinot miqyosidagi tamaddunlarning bunday bemisl ahamiyatga ega uchrashuvi sharafiga erishganingiz...
Jahli chiqqan Abdurayim kompyuterni “tars-turs” ura ketdi. Ketma-ket zarbalardan ikki bukilib qolgan o‘zga sayyoralik bir amallab gapini tugatmoqchi bo‘ldi, ammo eplay olmadi. Buning o‘rniga jon alpozda kompyuterdan otilib chiqdi.
Ekranda yana jangari o‘yin davom etdi. Mamnun bo‘lgan Abdurayim joyiga o‘tirdi va jon-jahdi bilan klaviatura tugmachalarini bosishga tushdi.
O‘zga sayyoralik bir muddat Abdurayimga afsuslanib qarab qoldi, so‘ng “lip” etib hovliga chiqdi-da, qo‘lidagi pult tugmachasini bosdi. Uchar likopcha paydo bo‘ldi.
Shu payt Abdurayim o‘tirgan xonadan hayqiriq eshitildi:
— Ura-a-a! Yengdim! Uchinchi bosqichga o‘tdim!
O‘zga sayyoralik telbalarcha irg‘ishlab sakrayotgan Abdurayimga qaradi, bosh chayqab qo‘ydi va yana bir bor “lip” etib uchar likopchasiga chiqib oldi.
Uchar likopcha shiddat bilan yuqoriga suzdi, hovli ustida xayrlashganday bir aylandi, so‘ng besas samoga ko‘tarilib, izsiz g‘oyib bo‘ldi.
Olamshumul voqeadan bexabar, bor-yo‘q maqsadi keyingi bosqichga chiqib olish bo‘lgan bizning Abdurayim esa xonada hamon kompyuterda jon-jahdi bilan jangari o‘yin o‘ynardi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.