OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdusattor Hotamov. Oftobli kunlar (hikoya)

Teploxod portga kechga yaqin kelishi kerak edi. Sodiq charchagani uchun shahar aylanishni xush ko‘rmadi. Chamadonini oldi-da, hali vaqt bo‘lishiga qaramay portga yetib keldi. Birpas daryoni tomosha qilgisi keldi. Portning katta zali odam bilan gavjum, kelib-ketayotgan kemalarning so‘nggi yo‘qdek edi. Bir maromdagi ola-g‘ovurlar, daryo suvining qirg‘oqqa asta urilishi eshitilardi. Bunaqa paytda safardagi odamni uyqu elitadi. Biroq ko‘chada uxlab o‘rganmagan odam baribir uxlay olmaydi. 
Sodiq ham ana shunday joylarda birinchi bor bo‘lishi edi. Port oynasidan daryoning quyosh nurida zar qog‘ozdek yaltirashiga mahliyo bo‘lib o‘tirib, mudradiyu, uxlamadi.Kecha kechqurun poezdda soqol olgani yodiga tushdi. Chamadonida burab qo‘ysa aylanadigan qayroq toshdek ustarasi bor edi. O‘zini tartibga keltirib olmasa bo‘lmas.
Sodiq chamadonni ochdiyu, hayron bo‘lib qoldi. Chamadon uniki emasdi. Avval qulupnay surati tushirilgan shakldagi sochiq, so‘ng qo‘ng‘ir rang daftar chiqdi. Tavba, qaerda almashtirdiykin? Poezdda-ku almashtirmagan. Oxirgi stantsiyada narsalarini chamadonga joylagani aniq yodida. Portga avtobusda kelgandi, shundamikin? Unday desa chamadoni o‘zi bilan yonma-yon turgandi. Harholda yaxshi bo‘lmapti. Kiyim-kechaklari bor edi. U yoqda bu chamadon egasi ham tashvishdadir. 
Sodiq chamadonni tizzasiga qo‘ygancha shularni o‘yladi. Katak daftarni ochib o‘qidi: “Bugun ishxonamiz bilan lola sayliga bordik. Avtobusimiz keng sayxonlikka chiqqach, hammamiz qichqirib yubordik: lola, qaranglar, lola!”. Atrof qip-qizil edi. Qir tomon chopib ketdik. O‘g‘limning qo‘lidan tutgancha men ham lolalarni quchog‘imizga siqqancha terdik. Ko‘nglim biram ko‘tarilib ketdiki, go‘yo dunyo go‘zalligi faqat biz uchun yaratilgandek. 
Keyin yer kovlab o‘choq qildik. Qozon osdik. Turg‘un degan jingalak soch yigit fartuk taqib, ovqatga unnab ketdi. Qo‘lida kapgiru, ko‘zini mendan uzmaydi. Qizlar oldida biram uyalaman, biram uyalaman... U uylanmagan, men turmush qurganman. Boshiga uradimi meni, deb o‘ylayman.
Sayldan oqshomda qaytdik. Avtobus uyimiz oldida to‘xtagach o‘g‘ilcham bilan birga Turg‘un ham joyidan qo‘zg‘aldi. Qo‘yarda-qo‘ymay yuklarimni pastga olib tushib berdi. Jilmayib, ertagacha xayr, dedi. Beixtiyor ko‘zim ko‘ziga tushdiyu yuragim o‘ynab ketdi. Uning biroz do‘rillagan, yoqimli ovozi hozir ham eshitilayotgandek. 24 aprel”.
Sodiq bu yozuvlarni o‘qib xijolat bo‘ldi. O‘zini xuddi kimningdir o‘ta sirli so‘zlariga quloq tutib turgandek his etdi. Lekin baribir begona ayol taqdiri bu tuyg‘udan ustun chiqdi. Daftarni o‘qigisi kelaverdi. 
Insonning yaxshi kunlari tushdek o‘tib ketar ekan. Sodiqning xotini bilan kechirgan olti oyi olti kundek o‘tdiyu ketdi. Yovuz xastalik xotinining yuragiga chang solganida u sevimli odamidan ayrilib qolishini xayoliga ham keltirmagandi. Yostiqdoshining hamma marosimlari o‘tib, qalbi kimsasiz dunyodek huvillab qoldi. Onasining “Hayotga endi kelayapsan, birorta aqlli-hushli qizga uylantirib qo‘yay” degan gaplari yuragiga tig‘dek botardi. Olamda hali xotinida teng kelar ayol zoti yo‘q edi. 
Mana, bugun Sodiq begona ayolning dardlariga sherik bo‘ldi-da, daftardan bosh ko‘tarolmay qoldi. Kundalikning keyingi sahifasini ochdi. “Bir faylasuf munosib yashash – jasorat” degan ekan... Bu gapning ma’nosini endilikda yolg‘iz qolganimda tushunayapman. Yo‘q, men erimdan ajrashishga qaror qilib yanglishdim, demoqchi emasman. Axir xiyonat qilgan odam bilan qanday birga yashab bo‘ladi. Men o‘g‘ilchamni o‘ylayman. Yakka-yolg‘izimning ota mehrisiz o‘sayotganidan xafa bo‘lib ketaman. Bir ko‘nglimda meni tushunadigan biror kishiga turmushga chiqay deyman. Shunda ko‘zim oldiga Turg‘un keladi. Jingalak soch, tik qomad, xushmuomala. Ortimdan soyadek ergashib yurgani, mehribonchiligini o‘ylayman. Nahotki u meni sevsa? 12 may”.
Quyosh ufqqa yonboshlay boshlaganda izg‘irin turdi. Daryoning baliq hidi aralash shabadasi etni battar junjitardi. Tashqariga chiqqan Sodiq chamadoni adashganidan endi rostakam tashvishga tushib qoldi. Ichida kostyumi ham bor edi. Demak, issiq kiyim sotib olishi kerak. Hozir ulgurmaydi. Teploxodga chiqsa biron portda magazinga kiradi. 
U ichkariga qaytib, taqir stulga chikdi. Yengi kalta ko‘ylak kiygani uchun bilak tuklari tikka bo‘lib ketgandi. Qo‘llarini ko‘ksida qovushtirgancha yana daftarga muk tushdi.
“Bugun yarim kechada eshik qo‘ng‘irog‘ining ketma-ket jiringlashidan uyg‘onib ketdim. O‘g‘ilcham ham qo‘rqib, baqirib yubordi. Asta ochsam yangi qo‘shnimning eri. “Sizda insof bormi-yo‘qmi” deydi o‘dag‘aylab. “Nima gap? – dedim yuragim tez-tez urgancha. – Nima bo‘ldi?” “Uyni suvga to‘ldirib yubordingiz-ku, axir. Yotayotganingizda bundoq u yoq, bu yoqqa qaramaysizmi?” deydi. 
Kvartiramiz oshxonasi jo‘mragi anchadan beri buzuq edi, suv tomardi. O‘lsin, kechalari ham chakillab odamning g‘ashiga tegardi. To‘rtinchi qavatga zo‘rg‘a chiqadigan suv kuchayib, polga, keyin qo‘shninikiga oqib tushibdi. 
Qo‘shnimning dag‘dag‘asi o‘g‘limga ham, menga ham yomon ta’sir qildi. Ona-bola to‘yib-to‘yib yig‘ladik. Ehtimol uyimizda erkak kishi bo‘lganida shu qurib ketgur jo‘mrakni tuzatib qo‘yardi. Birovga xafa qildirmasdi. 24 may”.
Port diktorining ovozi Sodiqni hushyor torttirdi. U kutgan teploxod kelardi. Qirg‘oqdan yog‘och yo‘lakka tushdi-da turistlarga qo‘shilib, kema ichkarisiga kirdi. Kayutasi birinchi qavatda ekan. Zina bilan pastga tushdi. Kayutaning kosa og‘zidek dumaloq teshigi daryo suvidan xiyol yuqori bo‘lib, undan yaqin atrofdagi kemalarning quyi qismi ko‘zga tashlanardi.
Sodiq “Obbo, bizning joyimiz suvning ostida ekan-ku”, – deb o‘ylab turgandi, radiokarnaydan ovoz eshitilib qoldi:
– Qaytaraman. Kimda-kim vokzalda chemodanini almashtirgan bo‘lsa, markaziy foyega chiqsin.
Sodiqning ko‘zi dastlab o‘z chamadoniga tushdi. So‘ngra uning yonida turgan 23-25 yoshlar chamasidagi ayolga. Uning sochlari orqasiga ixcham turmaklangan, dumaloq, qoracha chehrasida o‘ychanlik alomatlari bor edi. 
– Salom, – dedi Sodiq ayolning oldiga asta borib. – Mening chamadonimni siz olganmidingiz?
Ayol bilinar-bilinmas jilmaydi:
– Yo‘q, men emas, siz. 
Ular kulib yuborishdi. Sodiq esladiki, poezdning ikki vagonida shu teploxodda sayr qilishga kelayotgan turistlar bor edi. Poezd manziliga yetganida u bir necha chamadonni yerga tushirishga yordamlashgandi. Shunda o‘ziniki qolib o‘xshashini ko‘tarib ketaveribdi-da. 
– Folbin ekansiz, – dedi Sodiq kulishdan to‘xtagach. – Qoyil-ey.
Ayolning chehrasi darrov jiddiy tus oldi:
– Narsalaringiz joyidamikan, qarab olsangiz.
Begona yigitning o‘ziga tikilib turganini ko‘rib ayol gapni qisqa qildi.
– Chamadon uchun rahmat. Xayr.
– Sizga ham. 
Ayol ortiga bir qaradi-da, indamadi. 
Sodiq teploxodning yo‘lagi eshigini ochib, tashqariga chiqdi. Yuziga izg‘irin shabada urildi. Endi u negadir sovqotmas, boyagi ayol nimasi bilandir xotinini eslatganidan parishon edi. Buning ustiga begona ayolning daftarini o‘qib, uni o‘z ko‘ngliga yaqin bilib qolganini payqadi. 
Kema ortidan gala-gala chag‘alaylar ergashib uchar, sayyohlarning otgan yemishlarini havodayoq tutib olardi.
Bir ozdan keyin palubada raqs boshlandi. Baland bo‘yli xipcha yigit bir qiz bilan allaqanday raqsga chunonam tushdiki, bu boshqalarda ham zavq uyg‘otib, juft-juft aylanib ketishdi. Sodiq yigitlarning biri boyagi ayolni raqsga taklif etayotganini oyna ortidan ko‘rib turardi. Ayol aftidan rad etib nari ketdi. 
Ertasiga tushga yaqin teploxod o‘rmon yonida to‘xtadi. Hamma qirg‘oqqa tushgach, yashil daraxtlar oralab ketdi. Sodiqning ko‘zlari kechagi ayolni axtarib topdi. “Ismi nimaydi, – o‘yladi. – Xosiyat. Kundaligida ko‘zi tushgandi”. 
Shuni esladiyu, birdan xijolat chekdi. Ruxsatsiz birovning daftarini o‘qib o‘tiribdi-ya. Qanchalik farosatsizlik. 
Yigit bir dasta gul ko‘tarib, tashqariga chiqar ekan, Xosiyatning paluba chetida engak tirab xayol surayotganini ko‘rdi.
– Bu sizga, – dedi u guldastani uzatayotib. Keyin uning yo‘q olmayman, deyishidan qo‘rqib darrov qo‘shib qo‘ydi. – Chamadonimni topib berganingiz uchun. 
– Rahmat, – dedi Xosiyat yigitga boqmay guldastani olarkan.
– Tushmadingiz. Biz tabiat mo‘‘jizasini ko‘rdik. Agar rassom bo‘lganimda uni chizardim. 
– Kimsiz bo‘lmasa? – Xosiyat yigitga yarim o‘girildi.
– Agronom. Sizchi?
– Ana xolos. – Xosiyat suhbatdoshi tomon butunlay o‘girildi, chehrasi yorishdi. – Tanishishning xo‘p noyob yo‘lini topdingiz-ku. 
Agar Sodiqdan boshqa odam bo‘lganida ayolning bu gapidan ranjib nari ketardi. Sodiq uning ahvolini tushungani uchun ko‘ngliga olmadi:
– Nima qipti. Men masalan, odamning bir-biri bilan tanishishidan hech qanday yomon narsani ko‘rmayman.
Xosiyat qoshlarini chimirib indamay qoldi. 
– Mayli, – dedi bir ozdan so‘ng shikasta ovozda. – Ayta qolay. Ismim – Xosiyat. Vrachman. Bo‘ldimi? Yoki tarjimai holimni to‘la gapirib beraymi?
– Kerak emas, aslida biz vokzaldayoq tanishib olgan ekanmiz.
Kulishdi. O‘rtadagi noqulaylik ko‘tarilgandek edi. 
Sayohat tugay deb qolganida Sodiq Xosiyatni sayrga taklif qildi.
– Mayli,– dedi ayol, – faqat yarim soatcha. 
Ular qarag‘ayzorning xushbo‘y hididan mast bo‘lib o‘rmon aylanishdi. O‘rmonga oftob nuri tushmas, atrof salqin edi. Ular sayxonlikka chiqishganda kichik anhorga duch kelishdi. 
– Sakrang, – dedi Sodiq qulochini kerib. – Qo‘rqmang, sakrang.
Xosiyat boshini sarak-sarak qildi. 
– Kerak emas, ketamiz.
– Sakrang, keyin sizga ajoyib manzarani ko‘rsataman.
– Nima ekan u?
– Avval sakrang-da, keyin ko‘rasiz.
Xosiyat orqasiga bir-ikki qadam tashladi. So‘ngra yugurib kelib sakradi. Sakradiyu, o‘zini yigitning quchog‘ida ko‘rdi. Sodiq ayolning yoqimli atir hididan o‘zini sarxush sezar, yuragi tez-tez urardi. Xosiyat kiprik qoqquncha lahza jimgina turdiyu, keyin yigit bag‘ridan yulqinib chiqib, nari ketdi. 
– Bu yoqqa qarang, – dedi Sodiq o‘rtadagi noqulaylikni buzib. – Biz suzgan daryo oppoq desak ko‘m-ko‘k ekan-ku.
Ular o‘rmonda aylanib yurib, yana daryo ko‘rinadigan sayxonlikdan chiqib qolishgan edi.
Xosiyatning ko‘zlari yonib ketdi. 
– Olisdan juda chiroyli ekan-a?
Shunday deb yigitga qaragandi, Sodiqning o‘ziga tikilib turganini ko‘rib, qizarib ketdi. 
Ular ancha baland o‘rmonzorlar osha ufqqa botayotgan quyoshga boqishardi. Quyosh olov yonayotgan tandir misol qizarib botardi.
– Ertaga havo ochiq bo‘ladi, – dedi Sodiq ufqdan ko‘z uzmay. 
– Sayohatimiz oftobli kunlarda o‘tdi. – Xosiyatning gap ohangida ilgari Sodiq sezmagan hayotdan mamnunlik alomatlari bor edi. U suhbatdoshiga ochiq chehralik bilan nazar tashladi.
Teploxod manziliga qaytgach, ularning yo‘li ayro tushdi. Sodiq agronom sifatida xorijiy ko‘rgazmada uch-to‘rt kun bo‘lishi, o‘zi yetishtirgan sabzavot urug‘liklarini namoyish etishi kerak edi. 
– Mayli desangiz, xat yozishib tursak, – dedi Sodiq.
Xosiyat biroz o‘ylangach, yerga qarab javob qaytardi:
– Men xatni kecha yozib qo‘yganman, faqat bitta shartim bor. Hozir o‘qimaysiz. – U yigitga ko‘k konvert tutqazdi. – Endi xayr, samolyotdan kechikaman.
Sodiq Xosiyatni kuzatib qo‘ydiyu, sabri chidamay aeroportdagi o‘rindiqqa cho‘kib konvertni ochdi. Katak daftarning o‘rtasidan olingan ikki varaq qog‘ozda dona-dona quyidagi yozuvlar bitilgandi:
“Hurmatli Sodiq aka!
Ehtimol siz safar davomida bo‘lgan suhbatimizdan sezgandirsiz. Men birinchi muhabbati toptalgan odamman. Erim xiyonat qilgan. 
Bir marta og‘zing kuyganidan keyin qatiqni ham puflab icharkansan. Lekin taqdir meni ikkinchi marta aldagandan keyin odamlarga ishonchim yo‘qolayozdi. Birga ishlaydigan T.ismli yigit ko‘nglimni ovlamoqchi bo‘ldi. Rostini aytay, u menga ham yoqardi. Kelishgan, xushmuomila. Nihoyat o‘g‘lim ota mehrisiz o‘smaydigan bo‘ldi, deb o‘ylardim. Bekorlarni o‘ylagan ekanman.
Bir kuni yozuv-chizuvlarim ko‘payib, ishxonamda kech qolib ketdim. “Mumkinmi?” deb xonaga Turg‘un kirib keldi. “Keling” – dedim hurmati uchun o‘rnimdan turib. Uning og‘zidan aroq hidi anqirdi. Bir-ikki poyma-poy gaplar aytgach, menga xiralik qildi. Qurib ketgurning (ha, endi shunday deyman) menga qilayotgan hamma mehribonchiliklari, xushmuomilaliklari qabih niyatini amalga oshirish uchun ekan. 
Yuziga tarsaki tortib yubordim. Chiqib ketgach, o‘tirvolib yum-yum yig‘ladim. 
Tavba, ba’zi erkaklarga xayronsan: beva ayollarning izzat-hurmati yo‘q deb o‘ylashadi. Qarmoq tashlab, ilintirgilari keladi. Bundaylarga na iljayib bo‘ladi, na ko‘proq gaplashib. Nahotki biz bevalarni poklik bilan xiyonatning, rostgo‘ylik bilan aldamchilikning farqiga bormaydilar, deb o‘ylashadi. Nahotki biz ham yorug‘ dunyoga halol yashash uchun kelganimizni bilishmasa? Go‘yoki beva – barglar orasiga yashiringan yolg‘iz olma. Hamma unga kesak otib tushirib, yegisi keladi. 
Sodiq aka!
Siz bir kun menga hazillashib, folbin ekansiz, degandingiz. Yo‘q, folbin emasligim uchun ham men sodda ikki marta yanglishdim. 
Gaplarimni ko‘nglingizga qattiq olmang. Balki siz o‘shanday erkaklardan emasdirsiz. Balki siz ham haqiqatan xotiningizdan ayrilgan, meni sevgan bo‘lishingiz mumkin. Men bilan ham yaxshi niyatda tanishgandirsiz. Bunga shuning uchun ham ishongim keladiki, siz men bilan bo‘lgan olis safarda ham o‘zingizni chin erkakdek tutdingiz (Aslida har kim safarda bo‘lganida sinaladi). Lekin men baribir o‘shanda aytgan taklifingizga qo‘shilolmayman. Qo‘rqaman. Bevalar ikkinchi marta yanglishishi mumkin emas. Men esa shuncha yanglishdim. Endi yolg‘iz o‘taman. 
Siz menga hadya qilgan baxtli, oftobli kunlar uchun rahmat, olgan tuprog‘ingiz oltin bo‘lsin. Sizga birdan-bir istagim shu: o‘zingizga munosib jufti halolingizni toping. Bunga ishonaman. Xosiyat”.
Sodiq o‘yga toldi. Keyin xatni konvertga solaturib, uy manzilgohi yozilmaganini payqadi.
Shamol hamon o‘rindiqda xayol surib o‘tirgan Sodiqning oyog‘iga qaerdandir bir parcha gazeta bo‘lagini olib kelib urdi. Beixtiyor razm soldi. Unda katta-katta harflar bilan ayol va erkaklarning o‘zlariga yostiqdosh qidirayotganliklari, ular necha yoshda, qanday xarakterda bo‘lishlari kerakligi ma’lum qilingandi. Sodiq bu e’londan kulishini ham, achchiqlanishini ham bilmay o‘rnidan turdi.
Shuvillab yomg‘ir yog‘a boshladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.