OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abulqosim Mamarasulov. Hasharchilar (hikoya)

Mamat molxonasining tomiga loy qordi. Yaxshilab suvab qo‘ymasa bo‘lmaydi. Tomning sog‘ joyi qolmagan. Sal yomg‘ir shivalaguday bo‘ldi degancha, ikki kecha-kunduz tomchi tomib yotadi. Bir yo‘lini qilib, yozga chiqib  olishdi. U bo‘ldi-bu bo‘ldi, qarashsa, kuz ham kelib qolyapti. Xotini qo‘ymadi. Har qalay, xotinlarning ham boriga shukr. Ba’zida to‘g‘ri, ba’zida noto‘g‘ri gapni aytib, erlarini yo‘lga solib turishadi. Mamatning o‘zi sal dangasaroq. Hovlida biron ish chiqadigan bo‘lsa, darrov  otiga minib, bedazorga borishim kerak, brigadir aytgan, deb jo‘nab qoladi. Shunaqa bo‘lgandan keyin uni hal qil, buni hal qil, deb turgan xotinga ham rahmat.
   Mamat shularni o‘yladiyu, kecha ishdan ertaroq qaytib, loy qordi. Mayda somon aralashtirib, rosa obi-tobiga  yetkazgandan so‘ng, achisin, deb ertalabgacha qoldirdi. Kecha brigadirga, shunaqa gap, desa: «Ko‘ryapsiz-ku, ozir bosh qashishga vaqt yo‘q. Hech bo‘lmasa yakshanbagacha to‘xtatib turing», deydi. U yakshanba, bu yakshanba, deb kuz kelib qoldi. Yakshanbagacha yana o‘nta bahona topiladi. Brigadirga o‘xshagan amaldorlar yalintirishni yaxshi ko‘rishadi. Axmog‘ingni topibsan, dediyu, ketdi-qoldi. Xotini aytganday, odam o‘z uyini, o‘lan to‘shagini ham o‘ylashi kerak-da. To‘g‘risini aytsa, uch yil oldin molxona  qurganda loydan bezib qolgan ekan, shekilli, shuning uchun loy qilishni ortga cho‘zib kelayotgandi. Bari bir tirikchilik ekan, mana…
   Ertalab uch-to‘rtta qo‘shnilarni hasharga aytdi. Hammasi tushga yaqin keladigan bo‘lishdi. Faqat Eshqobil… Odamlar juda nozik bo‘lib boyartimi-ey… Mamat bilmay qoldi. Har qalay, barlosliklardan ham oqibat ketyapti: «Kechirasiz, Mamat aka, hech vaqtim yo‘q», deydi. «Kechirasiz»ga balo bormi? He… kechirasizingni ich-chiga… O’zi shu Eshqobil keyingi vaqtlarda ayniyapti. Ayniqsa, bo‘lim bugaltiri bo‘lgandan beri… Qaysi kuni Bahri ham hasharga aytgan ekan, ishim ko‘p, depti.
   Eshqobil to‘y qilganda Mamat o‘zi boshida turgan. O’tgan yili Eshqobil loy qilib, hasharga aytganda  Mamat andava tortgan. Shuning  uchun tomidan bitta chakki o‘tmaydi… Turib-turib, ta’sir qilib ketarkan. Eshqobil… noto‘g‘ri qildi-da. Yaxshi bo‘lmadi, har qalay. Yo Eshqobilni amal buzdimikan? O’tgan yili ketmon ko‘tarib yurgan oddiygina ishchi edi. Qishda nima bo‘ldiyu, ikki oylik bugaltirlik kursiga o‘rin kelib, hisob-kitobdan ozroq xabari bor, deb Eshqobilni yuborishdi. Tok ochiladigan paytgacha Eshqobil o‘qishni bitirib, bug‘altir bo‘lib oldi. Idorada ishlayotganiga besh-olti oy bo‘lib qoldi. O’shandan beri ikki odamning boshi biriksa, Eshqobildan gap ochiladi. Barlosda Eshqobilning gapi yotmay qoldi. Eshqobil unday bo‘lib ketyapti, Eshqobil bunday bo‘lib ketyapti… Qo‘shnisi bo‘lgani uchunmi, bu gaplar Mamatga og‘ir botadi. To‘g‘ri, Eshqobil o‘zgargan, anchagina o‘zgargan. Ilgarigiday, eski-tuskida emas, yangi kostyum  kiyib, galstuk taqadi. Soch o‘stirgan. Kiyimlari doim ozoda. Ko‘chada ham gard tegib qolmasin, deb ehtiyotlanib yuradi. Sa-al kerilib, qorinni chiqarib oladi. Har o‘n qadamda bir-ikki tomoq qirib qo‘yadi. Ana shu odati odamlarga yoqmaydi. Hamma gap Eshqobilning ana shu tomoq qirishidan boshlandi.
   Ilgari to‘ylarda el qatori to‘g‘ri kelgan joyga o‘tiraverardi. Endi bo‘limning kattalaridan ajralmaydi. Boshqaruvchining yonida o‘tiradi.
   Yo‘q, Mamat bu gaplarni \asad qilganidan aytmayapti. Eshqobilning nimasiga hasad qiladi? Qolaversa, yon qo‘shnisi bo‘lim bug‘altiri bo‘lib  tursa – yomonmi? Albatta, idorada ishlagandan keyin yaxshi kiyinadi, lekin… Eshqobil… Mamatning nazarida qandaydir… narsasini yo‘qotganday. Ishqilib, odamgarchilikdan chiqib boryapti. Odamning kimligini bilaman desang amal berib ko‘r, deganlari rost ekan. Eshqobilni amal buzdi. Hozirgi Eshqobil bir yil avvalgi Eshqobil emas. Mamat o‘taketgan savodsiz emas axir, idoradagilarning qachon ishlashiyu, qachon dam olishini uncha-muncha biladi. Taqdirida bor ekan, oddiygina, bedazorning qorovuli bo‘lib yuripti. E-e, bu Eshqobil… turib-turib o‘tib boryapti-da.
   Eshqobilnikidan ruhi tushib, Qurbonnikiga, Yo‘ldoshnikiga, Bahrinikiga, Niyozmatnikiga o‘tdi. Usmon ham keladigan bo‘ldi. Shu Usmon ham qing‘ir yo‘lga ko‘p kirgani bilan qo‘shnilarning ra’yini qaytargan joyi yo‘q. Shaharda student bo‘lishiga qaramay, Qohid ham «bo‘pti, aka», deb qoldi. Qurbon esa:
   - Yangam osh qilib beradimi axir? – deb so‘radi. Qurbon o‘zi shunaqa. Doim hazillashib turadi.
   - Sizdan yangangizning oshi aylansin, - dedi Mamat, ko‘ngli sal-pal yorishib.
   - Yangamning oshi boshqacha bo‘ladi-da. Bo‘ldi! Bizni aytdingizmi, ishonavering, moment hozir bo‘lamiz.
   Mamat xursand bo‘lib ketdi. – Qurbon ko‘ngli ochiq yigit. O’zi aravachali traktor haydaydi. O’tinmi, yantoqmi, tashish kerak bo‘lsa, iltimos qilsang, «yo‘q,» demaydi.
   Tushga yaqin qo‘shnilar hazil-huzul bilan tom suvashni boshlab yuborishdi. Mamatning o‘zi loyxonada paqirlarga loy solib turdi. Qurbon tom ustida turib, paqirlarni tortdi. Tomning yarmini suvab bo‘lay deb qolganlarida Eshqobilning tomoq qirgani eshitildi (loyxona ko‘cha tarafda edi).
   - O’zimning jonajon akajonim kelyapti, - dedi Qurbon xushchaqchaqlik bilan. – Hasharga aytmaganmidingiz, Mamat aka?
   - Hormangla-ar! – dedi bu orada yetib kelgan Eshqobil cho‘zib, yana ikki-uchs tomoq qirarkan. Har qalay qo‘shni emasmi, darrov o‘tib ketolmay, xandakka yaqin kelib, turib qoldi. – Loy juda yaxshi bo‘lipti, zo‘r pishitibsiz, - dedi Eshqobil, yana tomoq qirib olarkan. U amalga mingandan beri aqlli-aqlli gaplarni aytishni, suhbatdoshlarning diqqat markazida bo‘lishni xushlaydigan bo‘lib qolgandi.
   - Ha-a, - dediyu, Mamatning ensasi qotib, Eshqobil arafdagi loylarni ketmon bilan o‘ziga tortaverdi. Bir safar loyi suyuq joyga ketmonni ataylab qattiq urdi. Loy sachrab, Eshqobilning tuflisiga, dazmollangan shimining pochasiga yopishdi.
   - E, uzoqroq turmaysizmi? – dedi Mamat zarda qilib.
   - Mayli endi, hayotda bunday ko‘ngilsizliklar bo‘lib turadi. Xafa bo‘lmang, aka. Ana. Amerikaliklar Nevadada yana atom bombasini portlatishipti. Loy nima degan gap, qurisa, o‘zi ko‘chib tushib ketadi, - dedi Qurbon. – Yaxshisi, bu yoqqa chiqing. Bu yerga quyosh yaxshi tushadi, ham shimingiz quriydi, ham ozro-oq loy tortib, belingizning chigilini yozasiz.
   Eshqobil ikkilanib qoldi. Ish bilan band bo‘lib,  ertalab, «vaqtim yo‘q», deganini unutipti. Aslida to‘xtamasdan o‘tib ketishi kerak edi. Endi Qurbondan qutulib bo‘lmaydi. Hozir aytganini qilmasa, ertaga yuz joyda kalaka qiladi. Buning ustiga qo‘lida aravachali traktor, ba’zan-ba’zan ishing tushib qolsa, darrov aybingni yuzingga soladi.
   - Qo‘lingizdagi papkani qaerga qo‘yishni bilmayapsizmi? – Qurbonning jag‘i tinmasdi. – Ho‘, chetga qo‘ying, turaveradi. Faqat tezroq chiqing. Esingizda bo‘lsin, hasharning o‘rtasida keldingiz, hashar oshining yarmini yeysiz.
   Hasharchilar kulib yuborishdi. Noiloj qolgan Eshqobil narvondan ko‘tarildi.
   - Kostyumingizni yeching, shimingiz loy bo‘lgani yetadi, - dedi Qurbon.
   Eshqobil garangsib, kostyumini yechdi. Bo‘ynidagi galstugini ham Qurbonga uzatdi.
   - Ana endi siz arqonni oling, - dedi Qurbon, - men esa Barlosning sizday ulug‘iga xizmat qilib, kiyimlaringizni qo‘riqlab turaman.
   Eshqobil taqdirga tan berib, yana ikki-uch tomoq qirdi-da, ilgakli arqonni qo‘liga oldi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.