OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abulqosim Mamarasulov. Qaroqchilar (hikoya)

    Uchovlon kelishib, bayram kuni rayon markazida qishloqilarni shiladigan bo‘lishdi. Agar har besh minutda ikki so‘mdan ishlashsa ham ikki soatda ancha pul yig‘ilarkan. Keyin restoranga kirishadi. Kreslolarda kerilib o‘tirishadi. Qo‘lini cho‘zgancha, barmoqlarini qisirlatib (xuddi kinolardagiday): “Ofitsiantka, bizga yana yuzta-yuztadan uch yuz gramm obi zam-zamdan bo‘lsin”, deyishadi. Hamma gap qishloqilarni shilishda. Qishloqilar asli qo‘rqoq bo‘lishadi. Yaxshilab bitta do‘q ursa, topgan-tutganini chiqarib beraveradi. Kerak bo‘lsa, Alibek qo‘rqitish usullarini Samarqandga o‘qiyman, deb borganda o‘rganib qaytgan. Alibek ko‘p narsani ko‘rib, bilib qo‘ydi. Ha, gap yoshda emas, boshda. Eh-he! Odam doim tiqilinch bo‘ladigan “qora park”dagi oynavand oshxonada edi-da! Asli shaharlikday, qora ko‘zoynak taqib,  oliftanamo yurish bilan oshxonaga kirdi. Bamaylixotir  ovqat oldi. Hozirgina turib ketganlarning joyiga borib endi o‘tirmoqchi edi, kimdir stulni ko‘tarib ketaverdi. U borgan stol yonidagi qolgan uchta stul egalik edi. Shu sababli Alibek o‘zini haqiqiy studentlarday tutib, olib ketilayotgan  stulni mahkam tutdi.
   - Qo‘yvor, - dedi do‘q aralash shirakayf, baquvvat yigit.
   - Aka, bu stulni men egalladim, - dedi Alibek, uning do‘qiga do‘q bilan javob qaytarishga urinib, ammo eplayolmay.
   Barzangi Alibekni yeb qo‘yguday yuzini yuziga yaqinlashtirib o‘qraydi, urib yuboradigan bo‘ldi, ammo buni oshxonada o‘ziga ep bilmadi, shekilli. Bir siltab stulni tortib oldi-da, Alibekni pashshani surganday chetlatib, o‘tib ketdi. Alibek u bilan yana tortishishga jur’at etolmadi. Qo‘y, shunga teng bo‘lib o‘tiramanmi, deb, o‘ziga boshqa joy izladi. Ovqatini yeb ko‘chaga chiqqanda yo‘lini o‘n ikki-o‘n uch yoshlardagi bola to‘sdi:
   - Hoy qishloqi, men kinoga kirmoqchiman, oltmish tiyin ber.
   Alibekning ko‘ngli erib, kissasiga qo‘l soldi, ammo bolaning ovozidagi do‘q-po‘pisa nogoh unga ta’sir kuchini o‘tkizdi-da, achchiqlandi. “Pulim yo‘q”, deb o‘tib ketayotgandi, bola yayana yo‘lini to‘sdi.
   - Menga oltmish tiyin ber, deyapman.
   Bolaning o‘jarligiga Alibekning kulgisi qistadi. “Mana oltmish tiyin” deb quloq-chakkasiga tortib yuboray dediyu, juda kichkina bola ekan. Arzimaydi. “Pulim yo‘q”, deya o‘z yo‘liga ketayotgandi, kimdir yelkasidan tutdi. O’girilib, boyagi  oshxonadagi  barzangini  ko‘rdi. U zaharli ishshayib turardi. 
   Alibekning ichidan qirindi o‘tganday bo‘ldi.
   - Nima deding bunga? -  deb so‘radi u, yosh bolani ko‘rsatib. – Hali sen o‘zingdan kichkinalarni uradigan, so‘kadigan bo‘ldingmi? Ber aytgan pulini!
   Barzangining ovozi tahdidli edi. Shulardan qutulsam qutulay, deb Alibek kissasiga qo‘l soldi. Bitta besh so‘mlik qolgan ekan, chiqargandi, barzangi tortib oldiyu, bolaga tutdi.  Bola pulni olib jo‘nayotgandi, Alibek “hey, to‘xta”, deb intilgandi, barzangi  so‘rab-surishtirib o‘tirmay uni solib yubordi. Alibek musht zarbidan muk tushdi, yana bir-ikki tepki yedi. Atrofda odam ko‘p edi, birontasi ajratay demadi...
   Ha, o‘shanda Alibek yonida bor pulidan ajragan. Ammo o‘zlari rayonga chiqishganda buncha ko‘p pul talab qilishmaydi. Qishloqilar ham axir umid bilan, bayram qilamiz, deb rayonga kelishadi, kissalarida ko‘p bo‘lsa besh so‘m, bo‘lmasa ikki, uch so‘m  bilan kelaverishadi. Umuman yoshroq, kamquvvatroq bolalarni ushlashadi. Urishsa – yengadigan, quvsa – yetadigan, qochsa – qutuladigan bo‘lish kerak-da!
   Asli bu fikr Toshtemirdan chiqdi. Alibek bilan Lapas quvvatlashdi. Ikkovi bitta brigadada ishlashadi. Toshtemir Samarqandda texnikumda o‘qiydi. Hozir uchinchi kursni bitiryapti.  Sochlarini o‘stirib yuborgan, mo‘ylab o‘stirgan, ko‘zlari yonib turadi. Ko‘rgan odam qo‘rqib ketadi. Uchalasi ilgari bir sinfda o‘qishgan, shuning uchun ko‘pinchaToshtemir shanba-yakshanba kunlari  qishloqqa kelganda kechalari birga o‘tirishadi, shu hangoma payti ... xullas ikkovi tajribali Toshtemirga bo‘ysunishadi. Lapasga bu narsa uncha yoqmagandi, Alibek bilan Toshtemir rosa qiziqtirishdi. Gap pulda emas, gap qishloqilarni tunashda ham emas. Yoshlikda o‘ynab qolish, hayotning achchiq-chuchuklarini totish kerak. Qolaversa, bir yigitga qirq hunar oz, deganlariday, bu ishni ham o‘rganib qo‘ysa, hayotda asqotishi mumkin. Doim shug‘ullanmoqchi emaslar-ku axir! Toshtemirlar Samarqandda eh-he, qanaqa ishlarni qilishmagan. Shunaqa qilib aytib beradiki, he-ech u yoq-bu yog‘i yo‘q ... To‘g‘ri, uning hamma gapiga ishonaverish kerak emas, rostidan lofi ko‘proq bo‘ladi.
   Rayon markazida bayram  - 1 – may! Markaziy ko‘chada odam g‘ij-g‘ij. Qishloqi bolalar ko‘p. Iloji bo‘lsayu, hammasini qator qilib terib, pulini shilsang. Toshtemir – student, basharasi bezoriniki. Alibek ham, kerak bo‘lsa, shahar ko‘rgan. Bitta Lapasni hisobga olmaganda. U ham bo‘sh kelmaydi. Shlyapa kiyib, galstuk taqqan. Olifta!
   - Ishqilib militsiyaga tushib qolmasak go‘rgaydi, - dedi Lapas.
   - Ehtiyot bo‘lish kerak, - dedi Toshtemir. Shuncha vaqtdan beri ularni qiziqtirib, ko‘pirgan bola hozir bir qadar ikkilanib qolgandi.
   - Nimadan qo‘rqasan? – so‘radi Alibek.
   - Qo‘rqqanib yo‘q, - dedi Toshtemir. – aytib bo‘lmaydi, qandaydir tasodif bilan birimiz tushib qolsak ham boshqalarni sotmasi, demoqchiman.
   - Sen qo‘rqayapsan, - dedi Alibek achchiqlanib. – Shu holing bilan nima qilarding bizni chalg‘itib.
   - E-e, - deb Toshtemir bir necha daqiqa Alibekka tikildi-da, - yuringlar, - deya shaxd bilan jo‘nadi. – O’zimizboplaridan topaylik.
   Alibekka qolsa, birinchiduch kelganni shartta yoqasidan olsa, pulingni chiqar desa, chiqarmasa urib-so‘kib tortib olsa. Ammo Toshtemir bunga ruxsat bermadi. “Mendan beruxsat ish qilmanglar”, deb uqtirdi. Kelishuv bo‘yicha Toshtemir bir o‘zi borib bittasini ushlaydi, ikkovi izma-iz kuzatib boradi. Ilojini topsa, Toshtemirning bir o‘zi eplaydi. Yo‘qsa, oldin Lapas, keyin Alibek bilmagan kishi bo‘lib, borishadi-da, Toshtemir bilan quyuq so‘rashishadi, toki u bola Toshtemirning odamlari atrofida ko‘p ekanligini anglab yetsin, xullas, keyin vaziyatga qarab ish tutilaveradi.
   Toshtemir o‘n besh-o‘n olti yoshlardagi, boshi ustara bilan qirilgan, oq surp ko‘ylagi etagining yarmi shimidan chiqib, osilib turgan, g‘irt qishloqining yaqiniga bordi:
   - Iye, assalomu alaykum, jo‘ra! – so‘radi Toshtemir. – Qaerdansan?
   - O’roqlidan. – Bola nimanidir sezib, qo‘rqa boshladi, tashvishga tushdi, ko‘zlari alang-jalang bo‘lib, burilib ketmoqchi bo‘ldi.
   - To‘xta, jo‘ra! – Toshtemir birdan do‘q urdi. – Sigaretdan cho‘z! Nimaga salom bersam alik olmaysan?
   - Sigaretim yo‘q,, -dedi bola, bir zumda rangi oqarib, titragancha Toshtemirning ikki ko‘krak cho‘ntagidagi ikki quti sigaretaga qarab olarkan.
   Toshtemir bolani qo‘ltiqlab oldi.
   - Jo‘ra, qochishga urinma, o‘zingga qiyin bo‘ladi. Tushundingmi?
   - Iye, bayramlaring bilan! Qandaysizlar? – hech narsa bilmagan kishi bo‘lib, Lapas ular bilan ko‘rishib o‘tib ketdi.
   - Ko‘rdingmi? – dedi Toshtemir. – Gap bunday, to‘g‘risini ayt, kissangda necha puling bor? To‘g‘risini aytsang yarmisini olamiz.
   - Hey, lektsiya qisqaroq bo‘lsin! – Orqadan Alibekning betoqat ovozi eshitildi.
   Toshtemir mushtini orqaga qilib, uzoqroq tur, degan ishorani qildi.
   - Xo‘sh?!
   - Uch so‘m!
   - Chiqar!
   Bola chitta uch so‘mlikni chiqardi. Toshtemir o‘ylanib turib, bolani kafening bufetiga yetaklab borib, bir shisha  limonad olishdi. Chidolmagan Alibek Lapasni boshlab yetib keldi. Unda g‘alaba nash’asini  tezroq  surish ishtiyoqi juda kuchli edi.
   - Ikki so‘mini ol, - dedi Alibek, ko‘zlari yonib. – Vijillashib o‘tirasanmi?
   - Yarmiga kelishgandikku, - dedi Lapas to‘ng‘illab. – Bolaga jabr qilmaylik-da!
   Bola bezovta, bir unga, bir bunga angrayib turardi.
   - Aralashmanglar, degandan keyin nima qilasizlar gapni ko‘paytirib, - dedi Toshtemir va bolaga o‘girildi. Bor, jo‘ra, ellik tiyinga bitta sigareta olib kel, ora ochiq  bo‘ladi. – Bola bufetga ketdi, Toshtemir Alibekni koyidi. – Buncha ochko‘z bo‘lmasang. Kelishdikmi, kelishdik. Chaqirmasam, aralashmanglar.
   - Menam shuni aytdim, - dedi Lapas jonlanib.
   Alibekka puldan ham ko‘proq sarguzashtning o‘zi sehrliroq, maroqliroq tuyular, bu ishlarni tez-tez bajargisi kelar, Toshtemirning uzundan-uzoq muzokaralariga toqat qila olmayotgan edi.Axir bayram ikki-uch soatda o‘tib ketadi. Iloji boricha ko‘proq bolani tunash kerak. Bu ahvolda  hech narsaga ulgurishmaydi. Bola sigareta olib keldi. Toshtemir unga yarim stakan limonad tutdi. Ichmayman, degandi, majburan ichkizdi.
   - Mana, endi pulning yarmi seniki, yarmi meniki bo‘ldi, - dedi Toshtemir, -  mendan xafa emasmisan?
   - Yo‘q!
   - Senga javob. Agar ko‘cha-ko‘yda yana birov seni ushlasa, men Tolikning ukasiman,de.Senga inson zoti yaqinlashmaydi. Tushundingmi?
   - Xo‘p, Tolik aka! – Bola oson ajrayotganidan xursand bo‘lib, uzoqlashdi.
   Uchovlon shu taxlit yana bittasidan bir so‘m, ikkinchisidan ikki yarim so‘m undirishdi. Uchinchisi ularni rosa ovora qildi. Gapdon ekan. “Mayli, sizlarning qo‘lingizdagi odamman, nima qilsalaringiz o‘zlaringiz bilasizlar, lekin bir tiyin ham pulim qolmadi”, deb turib oldi. Oxiri u ham Alibekning bir mushidan so‘ng ajradi. Ikkovining muloyimligiga Alibekning jahli chiqardi: “Bizlar qaroqchilik qilyapmiz, haqiqiy qaroqchilarday ishlaylik-da”, derdi u.  Samarqandda yegan kaltaklari hali esidan chiqqan emas. Endi alamimdan chiqaman, desa ikkovi to‘g‘anoq bo‘lyapti.
   Oldilarida ikki bola ketib borardi. Ikkovining ham qo‘lidagi to‘rxaltalar to‘la, boshlarida eski qalpoq, dazmollanmagan kiyimlari beo‘xshov.
   - Ey, to‘xtanglar! – dedi Toshtemir ularga tomon shoshilib, Alibekning gaplaridan achchiqlanib.   
   Ikkovi qayrilib qarashdiyu, tez yurib ketishdi. Toshtemir yugurgancha bittasini ushladi, ikinchisi qochdi. Uni Alibek quvdi.
   - Nega to‘xta desa to‘xtamaysan?! – Toshtemir do‘q urdi. – Qaysi qishloqdansan?
   - Men sizlarga nima qildim? Nima qildim?.. bola zorlandi.
   - Nima qilishni ko‘rsatib qo‘yaman. Ichak-chavog‘ingni sug‘urib olaymi? – Toshtemir ko‘zlarini olaytirdi. Lapasning kulgisi qistab, chetga o‘girildi.
   Bola yig‘lamoqdan beri bo‘lib yerga qaradi. Lapasning bolaga rahmi keldi, qo‘y, qiynama, deganday ishora qildi. Toshtemir bolani chetga olib chiqdi.
   - Hey, yigitmisan o‘zi? Boshingni ko‘tarsangchi! – Toshtemir bolani iyagidan tutdi.
   - Mayli, nima desalaring beray, meni qo‘yib yuboringizlar. – bolaning tishlari takilladi.
    Alibek quruq qaytdi. Ikkinchisi qochib ketipti. Yetolmapti.
   - Kim u jo‘rang? – Toshtemir yana qattiqroq do‘q urdi.
   Alibek yana jig‘ibiyron bo‘la boshladi. Toshtemir ehtiyot shart, tag‘in bexosdan bolani urib yubormasin deb, ikkovining o‘rtasiga o‘tib oldi-da, do‘qlashni davom ettirmoqchi bo‘layotib, boyagi bolaga ko‘zi tushdi. U bir militsionerni boshlab kelardi. Toshtemir: “qoch, melisa!”, dediyu, yugurdi. Lapas ham qochganini aniq ko‘rdi, lekin Alibekni bilmadi.
   Bola esa oshkora yig‘lab yubordi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.