OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ahmad A’zam. Nima qilib qo'ygan ekanman? (novella)

Bugun ertalab betimni yuvayotib birdan ishga borgim kelmay qoldi, o‘zi har kuni shunday bo‘laman, kech yotaman-da, keyin ertalab turishim qiyin, ey, xudo, yana shu ishga borishim kerak, a, deb joyimdan qo‘zg‘algim kelmaydi ishyoqmaslikdan emas, har kuni borib, har kuni bir xil ish qilishdan ko‘nglim qolgan, lekin, bari bir, turaman, choy-poyimni ichib, otlanaman, shunga, ya’ni ishga borgim kelmasligiga, lekin, bari bir, ishga borishga o‘rganib ketganman. Har kuni shu ahvol, ishga borganimdan keyin, nimadir bo‘lsa, kimdir bo‘shasa, kimdir yangi kelsa, jilla qursa, hamkasblarning birovi to‘y qilsa yo… xullas, doimgi ishimizda jinday o‘zgarish bo‘lsa, ishxonaning hamishalik hayotiga sal boshqacha mazmun kirgandek tuyuladi-da, yana hammasi o‘sha-o‘sha iziga tushib ketaveradi. Badga urib qolgan, borgim kelmaydi, yo tangrim, nahotki bir umr bir xilda yashab o‘tib ketaversam, deyman-da, shu umrimdagi bir xillikni qanday o‘zgartirishni bilmay qiynalib boraveraman.
Bugun esa betimga sovuq suv tegdiyu birdan ishga borgim kelmay qoldi. Ishga bormaganimda ham, bir kun-ikki kun, boring-ki, bir hafta bormasman, lekin bari bir, boshqa boradigan joyim, qiladigan boshqa yumushim yo‘q, bari bir, boraman, lekin xuddi shu bugun orqamdan miltiq tirashsa ham, bormayman, to‘pga solib, ishxonaga qaratib otsalar ham, tushmay, havoda bir aylanib kelib, bari bir, uyga qaytib tushaman, dedim.
Bemalol o‘tirib, choyni xotirjam qaytarishimdan shoshmayotganimni xotinim ham sezdi shekilli:
- Tinchlikmi? - dedi.
- Tinchlik, - dedim.
- Sizga nima bo‘ldi? - dedi u.
- Hech narsa? - dedim. - Ishga borgim kelmayapti. Xotinim menga qandaydir begona qaradi-da:
- Nimaga bunday qilyapsiz? - dedi.
- Nima qilibman? - dedim. - Shu, bugun borgim yo‘q. Bo‘zchining mokisimanmi, boraman-kelaman, boraman-kelaman, bugun bormay-chi, -dedim.
- Bormasangiz bormassiz, lekin… hayronman sizga, - deb u bir xavotirli gap qildi.
- O’zi har kuni borgim kelmaydi, bugun esa bormayman, bor gap shu, nimasiga hayron bo‘lasan? - dedim.
- Bormayman deganingizga emas, o‘zingizga hayronman, - dedi xotinim.
- E-e, qo‘ysang-chi, o‘zim o‘sha o‘zim-da, - dedim.
Xotinim menga g‘alati qarab qo‘ydi.
"Qiziq, odam bir kun ishga bormayman desa, boshqacha ko‘rinar ekan-da, kel, ertalabdan ko‘nglini xira qilmay”, deb o‘yladim.
Xotinim ishga ketdi, bolalarim men turguncha o‘qishiga jo‘nagan, uyda bir o‘zim qoldim. Zerikib uydan chiqdim, hovli, hamma narsa joy-joyida turgan bo‘lsa-da, ko‘zimga bo‘m-bo‘sh ko‘rindi, bostirma tagidagi mashinam ham to‘rt g‘ildiragini yerga tirab, ma’nisiz jim qotgan, kechasi bostirma yog‘ochida tunaydigan bema’ni musichalar tomiga, orqa oynasiga shapaloq-shapaloq qilib o‘tirib tashlagan, hozir kalitini burasam, har kungidagidek gurillamaydigandek tuyuldi.
Yengil shabada seziladi, so‘ridagi tokning quruq xazonlari titraydi, havo chalakam-chatti xira bulut, na ochiq, na buzuq.
Darvoza eshigini ochib, qaradim, hech kim yo‘q, mahalladagi kattalar ishga, kichkinalar o‘qishiga ketgan, ko‘chaga, ho‘, hali, tushdan keyin jon kiradi, hozir so‘rashadigan ham odam ko‘rinmaydi.
O’ylanib turgan edim, uy tomondan zing-zing etgan bir tovush keldi, xayol bilan avval anglamadim, keyin bilsam - telefon! Yugurdim Faxriddin ekan.
- O’-o‘, aka, bir so‘rab qo‘yay deb, telefon qilsam, ishxonada yo‘qsiz, -dedi.
- Bugun o‘zimga bir dam beray degandim, - dedim.
- Sal tovushingiz boshqacha, nima bo‘ldi o‘zi? - dedi Faxriddin.
- Yo‘g‘-e, hech gap, - dedim.
- Odam xavotir oladi, aka, bilib qo‘yay degan edim, - dedi Faxriddin.
- Tinchlik, tinchlik, rahmat so‘raganingizga, - dedim Faxriddinga.
Odamoxun, yaxshi yigit shu Faxriddin, ko‘ngil so‘rab turadi doim. Odamning shunaqa ukalari, do‘stlari bori yaxshi-da, o‘zingni yolg‘iz bilmaysan. Xurshid, Murod, Nazar, Ibrohim, Farhod, Normurod, Najmiddin aka, Erkin - hammasi shunaqa, ko‘ngil yaqin odamlarim. Odamning mingta tanishi bo‘ladi, yuztasi bilan so‘rashib yuradi, lekin haqiqiy do‘sti uncha ko‘p emas, besh-oltita, boringki, o‘nta.
Xuddi shuni o‘ylab turgan edim, ko‘nglimdagini sezgandek Rustam aka sim qoqdi.
- Ha, qalay? Tinchlikmi? Ishda yo‘qsiz? Odam sog‘inib qolar ekan, munday gaplashib turaylik, - dedi.
Unga ham, ha, bugun shunaqa-shunaqa, deb tushuntirdim.
- O’ylayvermang, odam o‘ziga ham qarashi kerak, - dedi Rustam aka.
- O’ylaganim yo‘q, - dedim.
Rustam akaning gap ohangida nimadir bordek tuyuldi, lekin parvo qilmadim, u kishi o‘zi shunaqa - doim mehribon, odamni avaylagisi keladi, shunchaki aytyapti-da deb o‘yladim. Lekin sal o‘tmay telefon yana jiringladi Farhod ekan.
- Nega ishga bormadingiz? - dedi. - Nima qilib qo‘ydingiz o‘zi?
- Hech narsa qilganim yo‘q, ishga chiqmadim, shu xolos, - dedim.
- Buni aytmayapman, - dedi Farhod .
- Nimani bo‘lmasa? - dedim.
- Bir gap yuribdi, hayron bo‘ldim? Ha, mayli, oldimda odamlar bor, o‘zim telefon qilaman, - deb Farhod go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.
Farhod ham qiziq, bir gapni boshlaydi-da, uzib qo‘yadi, keyin ishga chalg‘ib, esidan chiqib ketadi, topib, boya nimani aytmoqchi edingiz, deb so‘rasangiz, “Qachon? Qaysi gap edi o‘zi?.. E-e, ha, u-mi, hal bo‘ldi”, deydi. Biron ishingizga o‘zi jon kuydirib yordam bermoqchi bo‘lsa ham, qaytaqayta esiga solmasangiz, unutib qo‘yadi, keyin “Mingta ishim bor, kalla qoladimi, nega aytib turmadingiz?”, deb do‘q uradi.
Farhod qanaqa gapni aytmoqchi ekan, deb o‘ylab, yana o‘zimni biron narsa bilan chalg‘itsammi, deb turgan edim, telefon jiringladi, Farhod, hozir nima dedim, deb so‘raydi, deb o‘ylab, go‘shakni olsam, boshqa odam ovozi sal tanishroq.
- Salom, o‘-o‘! Meni taniyapsanmi o‘zi? - deb senladi.
- Tanigandayman, - dedim dudmol qilib.
- Unda, ayt, qani, kimman? - dedi.
Noqulay bo‘ldim, ezmalanmay, o‘zi ayta qolsa o‘larmi ekan.
- Ha, jo‘ra, bunaqa qipsan? Sen bilan jo‘ramiz deb, yurardim, hayron bo‘ldim, bunaqa odam emas eding-ku…
Bu valdirvoqi bilan qachon jo‘ra kirishgan ekanman deb, ensam qotib turib, birdan esladim - Butunboy, sinfdoshim.
- E-e, Butunboy! Qaydan telefon qilyapsan? - dedim.
Taniging ham kelmadi-ya? - dedi Butunboy. - Shu yerda, "Chinobod"daman, haq bersammi, deb ishingga telefon qilsam, yo‘q ekansan. Bir og‘iz aytsang bo‘lardi, o‘lar joyda emasman, maslahatlashardik.
Butunboy azaldan shunaqa: maktabdaligimizda ham nima qilmaylik, menga oldin aytmabsizlar, deb arazlar edi, to‘qqizinchi sinfda Karim Ma’rifatni yaxshi ko‘rib qolgan ekan, shu Butunboyning qulog‘iga yetibdi, tanaffusda uch-to‘rtovimiz boshqa narsalarni gapirib o‘tirganda, birdan Karimga: “Nega menga aytmading?”, deb tumraydi, Karim qulog‘icha qizarib ketib: “Nega aytishim kerak? Sening qizimi u?”, dedi, Butunboy esa astoydil yig‘lamsirab, “Axir, jo‘ramiz-ku, Ma’rifat ham biz bilan bitta sinfda o‘qisa, bir og‘iz maslahat solsang o‘lar joyda emasman-ku, odamni bunaqa chetga surib qo‘yish yaxshi emas-da”, dedi. Butunboyga hamma jo‘ra, hamma qiladigan ishini oldin unga aytishi kerak, lekin u tumanda tursa, ikki yildan beri ko‘rishganimiz yo‘q, nima qilib qo‘yibmanu unga nima deb maslahat solaman?
Hay, arazlama, men hech narsa qilganim yo‘q, shoshma, deb tushuntirgunim-cha, “Ha-a, aytging kelmayapti, senga men odam emasman-da, a”, deb u go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.
Butunboyni arazlatish ham, ko‘nglini olish ham oson, erta yo indin "Chinobod"ga borsam, hammasi joyiga tushadi, lekin ungacha yetgan gapning o‘zi nima ekan, ishxonaga telefon qilib so‘rasammi, deb chog‘lanib turgan edim, telefonning o‘zi jiringladi. Xurshid ekan.
- O’y, menga qarang, yana nima qilib qo‘ydingiz? - dedi u dabdurustdan.
Xurshid o‘zi shunaqa, men bilan tutun qaytarib gaplashadi, juda qalinmiz, mendan ikki yosh kichkinayu lekin akasinib, mendan doim xavotirda, men-ku, unga zararim tegadigan bir narsa qilmayman, lekin nuqul: “Hech tinch yurmaysiz, odamni juda qiynab yuborasiz-da”, deydi, to‘g‘ri yo‘lda ketayotgan bo‘lsam ham, ishqilib, to‘g‘ri yuring-da, deyaveradi. Mashina olayotganimni aytganimda, “Endi odamni toza tamom qilar ekansiz-da”, dedi, "Mashina oladigan men-ku, nega siz tamom bo‘lasiz?”, desam, u: “Haydashni bilmaysiz-ku!”, dedi, men: “Ola solib haydab ketavermayman, axir, o‘rganaman, maktabida o‘qiyapman-ku!”, dedim. “Piyoda yurishingiz shuncha tashvish edi, endi buyog‘i yurak og‘rig‘i ekan-da”, dedi u. Xafa bo‘ldim, “O’, jo‘ra, qachon nima qilib sizning yuragingizni og‘ritdim?”, dedim. U bo‘lsa uf tortib, “Shu ketishingizda siz bir kuni bir nima qilib qo‘yasiz, ungacha men yuragimni changallab kutib o‘tirishim kerak”, dedi.
- Hech nima qilib qo‘yganim yo‘q, Xurshid, - dedim. - Nega bu hammalaring so‘raysizlar?
- Yana kimlar telefon qildi? - deb so‘radi Xurshid.
- O’ntasi! - deb zarda qildim. - Hammasi nima qilib qo‘ydingiz deydi!
- Ana, aytmadimmi? - dedi Xurshid. - Bir narsa qilib qo‘ygansizki, buni bitta men aytmayapman.
- Xo‘p, Xurshid, men nima qilib qo‘yganimni bilmayman, sizlar bilsangiz ayting: nima qilib qo‘yibman o‘zi?
- O’y, qiziq odamsiz-da? O’zi kechasi bilan yuragim sanchib chiqdi, ertalab do‘xtirga ham o‘tdim, asabiylashgansiz, deydi, asabim buzilganining sababini topolmadim, gap bu yoqda ekan-da, odamni qiynashni qachon bas qilasiz? - dedi Xurshid.
- Xurshid, jon do‘stim, hech narsa qilib qo‘yganim yo‘q, uyimda bir kun tinchgina o‘tiraman degan edim, bo‘lgani shu, sizlar bo‘lsa...
- Sizlar, sizlar emish, - deb Xurshid gapimni bo‘ldi, - sizga faqat o‘zingiz bo‘lsa, odamni ayashni bilmaysiz...
Xurshid achchiq qilib go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.
Buning iddaosini qarang! Tavba, nima qilib qo‘ygan ekanman? “Nima qildingiz?” ham emas, hammasi “Nima qilib qo‘ydingiz?” deydi-ya! Xuddi men og‘ir bir jinoyat qilgan yo bir begunohni bilib o‘ldirib qo‘ygandek! Bugun ishga bormaganimga osmon uzilib yerga tushmagandir, axir? O’zi ishxonada qiladigan aytarli ishim ham yo‘q, bir oylik ishni bir haftada, qattiq o‘tirsam, ikki-uch kunda saranjomlab, bemalol yuraman, yuztaning bittasi xodimman, hafta-o‘n kun bor-yo‘qligim ham bilinmaydi, hayronman, yo biron gap chiqdimikan, deb telefonga qo‘limni uzatgan edim, hali go‘shagini ushlamasimdan o‘zi jiringlab yubordi, yuragim o‘ynab ko‘tarsam, yanaXurshid!
- O’v, - dedi Xurshid boyagidan sal muloyimroq.
- X,a, Xurshid? - dedim.
- Shu, jo‘ra, achchig‘im chiqib, qattiq gapiribman, uzr. Mana, yana dori ichib oldim, - dedi. - Endi jo‘ralarni o‘zgartiradigan yoshda emasmiz, u yoshligimizda oldimizda vaqt ko‘p, jo‘ralarni bemalol yangilasa bo‘lardi. Bu yog‘iga saralanib qoldik, borimiz shu, bir-birimizni avaylashimiz kerak. Do‘stlik ham umrga o‘xshaydi, orqaga qaytmaydi, to‘g‘rimi?
- To‘g‘ri! - dedim ta’sirlanib.
- To‘g‘ri bo‘lsa, jo‘ralarning ko‘ngliga ham qarang-da, - dedi Xurshid. -Men sizga kerakmanmi o‘zi?
- X,a, keraksiz, - dedim.
- Unda siz ham menga keraksiz, ko‘p qiynamang, - dedi Xurshid.
- Xurshid, jon og‘ayni, nima qildim o‘zi sizni qiynab qo‘ygan? - deb yalindim unga. - Munday tushuntiring, nima gap o‘zi?
- Obbo, yana qaytadan boshlayapsizmi? Qo‘ying shuni,- deb Xurshid yana xunob bo‘ldi. - Axir, siz bir nima qilib qo‘ysangiz, men shunchaki o‘zimni avaylab o‘tirolmayman, bilasiz-ku, iltimos...
Xurshid yana bir oz dard qildi, uni ayab, ham bari bir, undan boshqa gap ololmasligimni bilib, nima qilib qo‘yganimni so‘ramadim.
Go‘shagini qo‘yishim bilan yana telefon jiringladi, bunga ham bir gap bo‘lgan shekilli deb o‘ylab, yana ko‘tardim. Ukam ekan. Ko‘nglim sezganidek, bu ham so‘rashmayoq:
- Aka , nima qilib qo‘ydingiz o‘zi? - deb shu gapni boshladi. - Bizni o‘ylash sizda sira yo‘q ekan-da shu. Otamiz nima deb vasiyat qilganlar sizga? Shu ukalaringga qara, qaramasang, hammasi har xil yo‘lga kirib ketadi, deb bizni sizga topshirib ketganlar, axir! Sizning esa qilib yurganingiz teskari, sizga qarab yurishimiz kerak…
- Hech narsa qilib qo‘yganim yo‘q, meni eshitsang-chi, - degan edim, gapimni kesdi.
- Yo‘q, eshitmayman! Siz meni eshiting, - dedi. - Doim shunaqasiz, men bunaqa qilsam, ukalarimga nima bo‘ladi deyish yo‘q, o‘z bilganingizdan qolmaysiz. Xuddi sizga uka bo‘lganimizga biz aybdordek.
Jahlim chiqib ketdi:
- O’v, menga qara! - dedim.
- Qaramayman! Shu vaqtgacha qaradim, yetadi, - dedi ukam.
- Qaramasang qarama! - dedim. - Nima, otammisan, nuqul aql o‘rgatasan, men senga yosh bola emasman-ku! Nega tushunmaysan? Men hech nima qilib qo‘yganim yo‘q! Jimgina o‘tiribman, ahmoq!
- E-e, o‘zingiz… - Ukam meni ham “Ahmoq” demoqchi edi, o‘zini tutib qoldi. - Men kuyinganimdan aytyapman, odamlarning og‘zi bor, falonchining akasi shunaqa qilib qo‘yibdi, degan gap yaxshimi? Men nima degan odam bo‘laman,axir?
- Hech narsa, ukam, odamlarga bu bilan bir qorindan talashib tushganmiz, lekin aka-uka emasmiz, deysan, bo‘ladimi? - deb uzib oldim ukamni.
- Sizchalik til bilmaymiz, mayli, aka, siz dono, biz ahmoq, - deb ukam arazlab go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.
Hammaning ukasi shunaqamikan, xuddi men oldin tug‘ilib, unga tegishligini o‘zimniki qilib olgandek gapiradi-ya! Ba’zan alam qiladi, ba’zan esa, ukam-da, joni achiganidan gapiradi, deb shaytonga hay beraman. Faqat hozirgisi juda oshib tushdi, mayli, o‘ziga kelib qolar, ukam-da, arazi necha kunga borardi. Lekin o‘zi nima qilib qo‘ygan ekanman? Yo ishxonada biron gap chiqdimikan?
Ishxonaga sim qoqqan edim, go‘shakni Najmiddin aka oldi, salomlashganimdan keyin so‘radim:
- Najmiddin aka, ishxonada nima gap?
- Ishxona joyida, ukajon, o‘zingiz-chi? - dedi Najmiddin aka.
- Men ham joyimda, ya’ni uyimdaman, o‘tiribman, - dedim. - Hammasi telefon qilib nima qilib qo‘ydingiz, deb so‘raydi, hayronman.
- Men ham hayron o‘tiribman, - dedi Najmiddin aka, - bir nima qilib qo‘yadigan odam emas edingiz, deb.
- O’zi nima qilib qo‘ygan ekanman, so‘rang-chi? Yo boraymi o‘zim? - dedim.
-Yo‘q, kelib yurmang, shu yerdamiz-ku, siz bir nima qilib qo‘ysangiz, shunday qarab o‘tirmasmiz? - dedi Najmiddin aka.
- Nima qilib qo‘yganman o‘zi? Hamma so‘raydi, hech kim bir gap aytmaydi-ya, - dedim.
- Mayli, - dedi Najmiddin aka mayinlik bilan, - ko‘p o‘ylanmang, balki o‘tib ketar.
Ana xolos! “O’tib ketar”, degani nimasi? Najmiddin aka bosiq-vazmin, uncha-munchaga ochilavermaydigan odam, menga taskin berib gapiryaptimi, bir narsa qilib qo‘yganga o‘xshayman. Yo shu yaqin-o‘rtada birontaning ko‘nglini og‘ritdimmikan? To‘g‘ri, tilim yomon, gohida hazilimning tagi zil chiqadi, o‘zim ham bilmay qolaman. Uch-to‘rt oy oldin ishxonaga kelgan bir tanishim ko‘pchilikka gap bermay, o‘zinikini ma’qullab o‘tirgan ekan, men kirib: "Nima bahs o‘zi?”, desam, u “Bular men bilan bahslashadi-ya, axir, har kuni yigirma to‘rt soat uxlamay ilm qilaman, bilaman buni”, dedi, tilim qichib, "Bu odam bilan bahslashmanglar, har kuni yigirma to‘rt soat uxlamay ilm qiladigan odamdan har gap chiqib ketishi mumkin”, degan edim, hamma kulib yubordi, o‘zi ham, sal rangi o‘zgardi-yu, qo‘shilib kuldi, lekin uch kundan keyin azza-bazza xonamga bostirib kirib, “Nega meni o‘sha kuni ko‘pchilikning oldida yerga urdingiz?”, dedi, “E-e, qo‘ysangiz-chi, qanaqa yerga urish, hazil-ku?”, desam, u: “Yigirma to‘rt soat uxlamay ilm qiladigan odamdan har gap chiqib ketishi deganingiz hazil emas?”, dedi, “Bo‘lmasa, nima?”, desam, “Siz meni jinni dedingiz!”, dedi, “Qo‘ysangiz-chi, shuni ham ko‘ngilga olasizmi? Hay, kulishdik-da, kulmasak, bu dunyoda zerikib ketamiz-ku”, desam, “Siz odamning ustidan kulyapsiz-ku”, dedi, “Xo‘p, og‘ayni, tegib ketgan bo‘lsa, uzr, kechiring”, desam, “Siz avval odamni o‘ldirib, keyin, uzr, o‘ldirib qo‘yibman, deyar ekansiz-da, a? Yo‘q, uzringizmi pishirib yeng!”, dedi, "Xo‘p-e, nima qilay bo‘lmasa? O’sha odamla“ni to‘plab, “Og‘aynilar, bu odam jinni emas ekan”, deb aytaymi”, desam, Mana, shu gapingiz bilan ham odamni mayna qilyapsiz”, deydi! Xullas, u desam, bu deb, kayfiyatni bir tiyin qildi, “E-e, har kuni yigirma to‘rt soat uxlamay ilm qiladigan odam jinni bo‘lmay, nima bo‘ladi, boring, bir to‘yib uxlang, tuzalib ketasiz”, dedim. O’zi yaxshi odam, quyuq so‘rashib yurardik, lekin shu bilan oramiz buzilib qoldi, endi meni ko‘rsa, ola qaraydi. Lekin keyingi kunlari boshqa yana birovga yomon gapirganimni eslolmayman. Bular ham nima qilib qo‘ydingiz deb, boshqa odamga bir nima qilib qo‘yganimni emas, o‘zim nima qilib qo‘yganimni so‘rashyapti. Birovga bir nima qilib qo‘yganimda, albatta, nega falonchiga bir nima qilib qo‘ydingiz, deb otini ham tutgan bo‘lar edilar. Demak, o‘zim bir nima qilib qo‘yganman. O’zim bilmay nima qilib qo‘ygan bo‘lishim mumkin, axir? Bularning so‘rovi xuddi nega bunday o‘z joningga qasd qilding deganga o‘xshab ketadi-ya, astag‘firulloh! Shu o‘ylayman deng, o‘yimning tubiga yetolmayman. Yo ishxonadagi hujjatlarni chalkashtirib yubordimmikan? Yo‘g‘-e, unda boshqacha gap bo‘lardi. Yo birontasi biron tuhmat o‘yladimikan, a? Yo‘q, nimamga tuhmat qilardi, men katta amaldor bo‘lsamki, birontasi joyimga ko‘z olaytirsa, o‘zimning ham birovni ag‘darib, uning joyiga chiqish niyatim yo‘q. Yo o‘zim bilmay biron g‘iybat gap aytib yubordimmikan? Eslolmayman, o‘zi shunaqa gaplarga umuman aralashmayman. Yo noxosdan bironta jo‘ramni sotib qo‘yibmanmikan? Mumkin emas, chunki jo‘ralarimdan birontasi sotadigan ish qilmaydi. Yo... qiziq, kattaroq bir narsa, masalan, Vatanni sotadigan biron xufiya narsaga aralashib qoldimmi, o‘zim bilmay? Esing joyidami, deyman, o‘zimga o‘zim, o‘zing kim bo‘lding-u, sening vatanni sotishga urinishing nima bo‘ladi, chumoli chumoliga osmonni sotmoqchidek kulgili-ku bu. Yo birontasi shunaqa deb yozib yubordimikan? E-e, yo‘q, hozir bunaqa yozadiganlar ham, bunaqani o‘qiydiganlar ham yo‘qolib ketdi-ku, deyman yana. Yana nima qilib qo‘ygan bo‘lishim mumkin? Xavotirga tushib, xayolning mingta ko‘chasiga kirib chiqaman, nima qilib qo‘yganimni bilolmayman, lekin bularning so‘rashiga qaraganda, aniq bir nima qilib qo‘yganman, deyman, javob topolmayman.
Uyda u yoqqa yuraman, bu yoqqa yuraman, o‘ylayman: nima qilib qo‘ygan ekanman, bundan ko‘ra har kungi o‘rganganim ishga borsam yaxshi emasmidi, deyman. Bugun, kecha, o‘tgan kuni, bir haftada, bir oy, ikki oy oldin qilgan ishlarimni bir-bir eslayman, yomoni tugul, aksiga olib, yaxshila–i ham esimga kelmaydi, shu o‘rtada biron bir tuzuk ish qilmabman, shu ishga borib kelaverganimdan boshqa narsani topolmayman. Yo ilgariroq bir narsa qilib qo‘yganim kelib-kelib endi ochildimikan? Ilgari nima qilib qo‘ygan bo‘lishim mumkin? Hamma qatori yashab kelyapman, birovdan pastroq, birovdan balandroq, ishqilib, shoxim yo‘q... Ha, endi, bu dunyoda yuz foiz begunoh odamning o‘zi bo‘lmaydi, o‘tmishini kavlasa, tabiiy, u-bu gunohi topiladi, boshqalardan yashirgani bilan, o‘zi biladi, ko‘pi mayda-chuyda, vaqt o‘tib, eskirib ketgan, aytib, boshqalarning vaqtini olishga ham arzimaydi. Lekin bu yaqinlarimning e’tiboriga arziydigan bir nima qilib qo‘yganman, shekilli, hammasi nima qilib qo‘ydingiz, deyapti. Nima qilib qo‘ygan bo‘lishim mumkin o‘zi?
Bir ishxonaga borib nima qilib qo‘yganimni so‘ragim keladi, bir so‘rashni ko‘z oldimga keltirib, yuragim orqaga tortib ketadi: borsam, hammasi o‘rtaga olib, nima qilib qo‘ydingiz o‘zi, deb so‘rasa, nima qilib qo‘yganimni bilmasam, mening nima qilib qo‘yganim ularga ayon, o‘zimga esa noayon bo‘lsa, ishxonada nima qilaman, deyman.
Bir vaqti darvozaning eshigi qarsillab ketdi, o‘zi shunaqa, moylanmagan, ochib-yopganda qarsillaydi, xotinim ishdan qaytib keldi. Rangi bir hol, menga tashvish bilan qaraydi deng.
- Ha, tinchlikmi, javob oldingmi? - deb so‘radim.
- Yo‘q, qanday o‘tiraman? Hamma so‘raydi, eringiz nima qilib qo‘ygan ekan deb, ezilib ketdim, - dedi.
- Ey, jonim, mana, o‘zim ham o‘ylab o‘tiribman, nima qilib qo‘ygan ekanman, deb,- dedim.
- Ukangiz ham telefon qildi, - dedi xotinim.
- Qo‘yaver, mening ham boshimni qotirdi, - dedim.
- Qishloqdagi ukangiz, uyga tusholmapti, doim telefon band, dedi.
- E, ha, tinchlikmikan?
- Akam nima qilib qo‘ydilar o‘zi, deb mendan so‘raydi, - dedi xotinim. Hayronligimdan kallam ishlamayotgandek tuyuldi.
- Kimdan eshitibdi? - dedim talmovsirab. - Yo‘g‘-e, hech nima qilib qo‘ymagan bo‘lsam, nimani ham eshitardi?
- Yo‘ldan telefon qilyapman, dedi, hali-zamon kelib qolsa ham kerak, -dedi xotinim, bemalol joylashib.
Hozir bu ham boshlaydi, deb o‘ylagan edim, yana telefon jiringladi.
- Sen ol, meni yo‘q, deb ayt, - dedim xotinimga. Xotinim telefonni olgani zahoti so‘rashib ketdi:
- Ha, rahmat! O’zingiz yaxshimisiz, bolalaringiz yaxshimi? Ha... ha, uydalar...
Men: “Yo‘q, de!”, deb shivirladim, qo‘limni silkitdim. Xotinim esa: "Hozir”, deb kafti bilan go‘shakni yopdi-da, menga:
- Qanday yo‘q, deyman, Murod aka-ku! - dedi.
- Ha, Murod bo‘lsa, ber go‘shakni, - dedim.
Murod menga ko‘p ham telefon qilavermaydi, juda ishlik odam, keyin, hamma do‘sting bilan har kuni gaplashavermaysan-ku, uzoqdan ham qalin do‘st bo‘lib yuraverasan, onda-sonda uchrashib qolganing ham yetadi, ko‘ngil uzilmasa bo‘ldi-da.
- Qanday, yomon yo‘qmi? - dedi Murod, gap ohangidan sezdimki, unga ham yetib borgan.
- Yomon yo‘q, Murod aka, - dedim, do‘stim bo‘lsa ham, rahbar odamga uncha botinolmayman, uchrashganda Murodning otini aytaman, telefonda esa, shu quti rasmiyroqmi, aka deb yuboraman.
- Yomon yo‘qqa o‘xshamaydi-ku, - dedi Murod. - Shu paytgacha bir nima qilib qo‘ymagan edingiz-ku?
- Murod aka, o‘zim ham boshim qotib o‘tiribman, nima qilib qo‘ygan ekanman deb, - dedim rostdan ham boshim qotib.
Murod chuqur nafas oldi, uning hatto mo‘ylovini silab o‘tirishi ham ko‘z oldimga keldi.
- Hay, qarang-da, jo‘ra, biron yordam kerak bo‘lsa, kotibamga tayinlab qo‘ydim, aytsangiz, darrov ulaydi, - dedi Murod.
- Yo‘g‘-e, rahmat, siz ovora bo‘ladigan hech narsa yo‘q, - dedim.
- Tortinmang, - dedi Murod, - Bir do‘stning keragiga yaramasak, nimaga yashab yuribmiz o‘zi. O’ylayvermang, biz ham sizni shunday tashlab qo‘ymaymiz...
Murodning gapidan ham ta’sirlandim, ham ko‘nglimdagi g‘ulg‘ula kuchaydi: nima, biron kulfatga uchradimmi, nega xuddi men chorasiz qolgandek, yordam qo‘lini cho‘zyapti, nima qilib qo‘yganman o‘zi, a? O’zimning ahvolim bu, yana xotinim ham menga hamdard qaraydi.
- Menga bunday termilib o‘tirishingdan nima naf? Ishingga borsang-chi? - dedim unga.
- Sizni shu ahvolda tashlab-a? Bormayman, - dedi xotinim.
- E, bor, - dedim. - Ahvolimga hech narsa bo‘lgani yo‘q. Tushlik qilib ol-da, ishxonangga bor.
- Ovqat o‘tadimi shu topda? - dedi xotinim.
- Bo‘lmasa o‘sha yerda tamaddi qilarsan, - dedim.
- O’zi nima qilib qo‘ydingiz? - dedi xotinim.
- Ikkovlashib o‘ylasak ham topolmaymiz, - dedim.
- Uyda o‘zingiz o‘tiraverasizmi shunday? - dedi xotinim.
Xotinimni bir amallab ishiga qaytarib yubordim. Uyda yana bir o‘zim, joyimda o‘tirolmayman, tinmay u yoq-bu yoqqa yuraman, lekin telefondan uzoq ketmayman. Shu yapaloq quti, jim, ammo istagan paytida jiringlab yuborishi mumkin. Albatta, bir yaqinim sim qoqib, nima qilib qo‘yganimni so‘raydi. Men esa, axir, nima qilib qo‘ygan ekanman, deb uning o‘zidan so‘rayman. Ishqilib, endi telefon qilmasinlar-da, deb o‘ylanaman, ammo jim tursa, tors yorilib ketay deyman. Balki birontasi nihoyat nima qilib qo‘yganimni aytib qolar deyman.
Nazar telefon qildi, u hech qachon ko‘p gapirmaydi, “Ha, aka, yaxshimisiz? O’zim shunday”, deydi. Gapni men gapiraman, u indamay eshitadi.
- Nazar, jo‘ra, odam doim bir xilda yashayvermaydi-ku, to‘g‘rimi? -deyman. - Bugun ishga bormadim, lekin hamma nima qilib qo‘ydingiz, deb bezor qilib yubordi. Gap ishga bormaganimda emasga o‘xshaydi.
- E-e, men nima deyishim mumkin? - deydi Nazar. - Qachon nima qilib qo‘ygan bo‘lsangiz, o‘zingiz to‘g‘rilab ketgansiz-ku. Men, qani bu, aka nima qilib qo‘ygan ekan, deb telefon qilayotganim...
Ana xolos! Eng suyanganlarimdan biri Nazar bo‘lsa-da, bu ham menga shunaqa deb tursa!
Erkin telefon qildi:
- Salom! A, a? Nima edi? Ha, bu, jo‘ra, Murod bir gap aytdi, bilasiz-ku, chap quloq uncha eshitmaydi. Go‘shakni shu quloqqa tutgan ekanman, shoshilish-da, jo‘ra, yomon eshitdim, sizni bir nima qilib qo‘yibdi, dedi. A, a? Obbo, shoshmang, jo‘ra, telefon yana shu quloqda ekan. Ha, mana, gapiring!
- Hech nima qilib qo‘yganim yo‘q, Erkin, - dedim.
- Endi yaxshi eshityapman, - dedi Erkin. - Nimaga hech nima qilib qo‘yganingiz yo‘q? Murod shunaqa deyapti-ku, Xurshiddan ham so‘radim, Usmon telefon qildi menga, ukangiz bilan gaplashdim. Nega hech nima qilib qo‘ymagansiz?
- Rost, hech nima qilib qo‘yganim yo‘q, Erkin, - dedim xunobim oshib.
- Endi, shu, jo‘ra, qariyapmiz shekilli-da, - deb Erkin xaxolab kuldi. -Nima qilib qo‘yganingizni o‘zingiz bilmasangiz, biz bilmasak, bu yog‘i g‘alati bo‘ldi-ku! Qizzitaloq, bu yoqda quloqdan olib tursa. O’zi ko‘rishmaganimizga qancha bo‘ldi?
- Uch oy, - dedim taxminlab.
- Uch oy? - dedi Erkin hayron bo‘lib. - Ibrohimnikida o‘tirganimizga uch oy oy bo‘ldimi-ey? Kunning tez o‘tishini!
- Ha, kun tez o‘tyapti, umr ham, - dedim.
- E, bu yaxshi emas, bir shaharda turib uch oydan beri ko‘rishmasak, - dedi Erkin kuyinib. - Uchrashib turaylik-ey!
- Albatta, - dedim Erkinga.
Rostdan, shu topda har kuni-kunora ko‘rishadigan jo‘ralarimni ham, onda-sonda uchrashadigan do‘stlarimni ham ko‘rgim kelib qoldi. Kunda yo oyda ko‘rishamiz, salomlashamiz, hol-ahvol so‘raymiz, ko‘rishib turaylik, bir choyxona qilaylik, deymiz, lekin gapimiz qisqa, chala, yo‘l-yo‘lakay, ammo boshimizga bir dard tushsa darrov birlashamiz, faqat shu birlashish kunini kutib yashashimiz kerakmi, deyman, mana, oxirgi jamuljam to‘planganimiz Shavkatning janozasida edi, boshimiz birikib, bitta yig‘ini ichdan yig‘ladik, “Shavkat hammamizni yana birlashtirib ketdi-ya”, dedik, bir-birimizning oqargan sochlarimizga, mayda o‘rmalagan ajinlarimizga, darddan mo‘ltayib qolgan ko‘zlarimizga zimdan tikilib, yana bittamizni yo‘qotib qo‘yishdan xavotirga tushdik, shu qo‘rquv bizni o‘sha kunlari juda yaqin qilib qo‘ydi, lekin yana har birimiz o‘z uyimiz, ishimiz, tashvishimizga tarqalib ketdik…
- Erkin, hayotning urushidan eson-omon o‘tib kelayotgan yetti-sakkiz jo‘ra ekanmiz, qarang, hammangiz mendan nima qilib qo‘ydingiz, deb tashvishdasiz, lekin men nima qilib qo‘yganimni bilmayman, - dedim.
- Nima qilib qo‘yganingizni bilmayman-u, - dedi Erkin. - Lekin gapni olasiz. “Hayot urushidan eson-omon o‘tib kelayotgan yetti-sakkiz jo‘ra…” Zo‘r!
G’alabani ham nishonlab turaylik, shunda bir-birimizning nima qilib qo‘yganimizni bilib turamiz. Bo‘pti jo‘ra...
Bo‘pti-ku-ya, jo‘ra, lekin men har kuni ishga borib kelishdan, turmushning oqimida umrim bir zaylda qalqib o‘tib ketishidan salgina toriqqan edim, xolos. Hech shikoyat qiladigan joyim yo‘q, lekin xuddi birovning umrini o‘zimga vazifa qilib olgandekman, hayotim ham ishxonaga o‘xshaydi, birovning tartibi bilan yashayotgandekman, bir to‘xtab, shoshma-chi, bu har kuni ishga borib-kelish bilan qayoqqa boryapman-u, kim bo‘lib yetaman o‘sha manzilga deb bir kungina o‘ylasam, degan edim, o‘zi bitta, lekin tumonat savolning ichida qoldim. Hech nima qilib qo‘yganim yo‘q, bir nima qilib qo‘ygan bo‘lsam ham, o‘zim o‘ylab topolmayapman shuni, jo‘ralarimga bu dunyoda borligimdan boshqa biron naf keltirmagan bo‘lsam-da, kerak ekanmanki, hammasi tashvishlanib so‘rayapti, lekin balki o‘zlari bilmas-u, ammo nima qilib qo‘yganimni sezib turgandek, ehtimolki, sezib kelayotgandek, bilgilari kelyapti nima qilib qo‘yganimni.
Ukam ham keldi qishloqdan katta sumkasini ko‘tarib, lekin kirishi bilanoq nima qilib qo‘yganimni so‘ramadi, avval quchoqlab, ikki yuzimga yuzlarini salgina tegizdi, keyin “Assalomu alaykum, aka, yaxshimisiz?” deb siniq jilmaydi, xuddi o‘n yil ko‘rishmagandek g‘alati bo‘lib ketdim: ukam-ukam deb yuraveribman, bu ham to‘rt bolaning otasi bo‘lib, sochlariga oq oralab ketibdi-ya!
Ukam o‘tirgandan keyin:
- Qani, omin! - deb fotihaga qo‘l ochdi. Omin qildik.
- Bolalaring yaxshimi, kelin qalay, o‘zing yaxshi yuribsanmi, qiynalmayapsanmi? - dedim. - Bu soching ham oqarib qolibdi-ya?
- Ha, endi, qirqqa boryapmiz, aka, - deb ukam yana jilmaydi. - Keyin, zotimiz ham shunaqa shekilli. Bo‘lmasa, hayot yomon emas, kunimiz o‘tib turibdi-ku. Jiyanlaringiz ham yaxshi, bobomga men boraman, meni olib borasiz, deb talashib qoldi hammasi.
- Qalay, qishloqda nima gap? - deb ichimni timdalayotgan maqsadga o‘zim o‘tdim.
- Qishloq, xudoga shukr, tinch, - deb ukam o‘rnidan turdi-da, sumkasini olib, oshxonaga o‘tdi.
- Ey, shuncha yukni ko‘tarib nima qilarding, - dedim.
- Mayli, o‘zingizning uydan, - dedi ukam.
- Tashvish qipsan-da, - dedim. - Mundoq o‘tir, gaplashaylik. Nima gap o‘zi, nega shuncha yo‘ldan kelib yuribsan? Nima deyishyapti qishloqda?
- E-e, kimning kim bilan nima ishi bor, aka, - dedi ukam, - hamma o‘zining tashvishi bilan. O’tgan kuni Abdualim aka, sinfdoshingiz, qizini uzatgan edi, Hamroqul aka bilan quda bo‘ldi, to‘yda to‘rt-beshtasi mendan "Akangiz nega bunaqa qilib qo‘yibdi?”, deb so‘radi.
Angrayib qoldim.
- O’tgan kuni?!
- Ha, o‘tgan kuni, - deb ukam menga hayron qaradi. - Nima edi?
- Men ishga, mana, bugun bormadim-ku? - dedim.
- Ishga bormaganingizni men bugun eshitdim, - dedi ukam, - lekin nima qilib qo‘yganingizning gapi anchadan beri yuribdi. Xolmurod akaning o‘tganiga qancha bo‘ldi, bir yarim oymi, ikki oymi, ishqilib, o‘shanda Rizo bo‘lam ham: “Akang nima qilib qo‘ygan o‘zi, bu akangdan so‘rasam, tayinli gap aytmaydi”, dedi. Akamni bilasiz-ku, bunaqa bo‘lsa, bilganini ham bilmadim, deydi.
- Qizig‘-u, hech nima qilib qo‘ymagan bo‘lsam, akam nimani biladiyu Rizo bo‘lamga nimani aytadi? - dedim.
- Oldingi bozorda Sultonov mast yurgan ekan, u ham “Akang nima qilib qo‘ygan o‘zi?”, deb yopishib oldi, “Sizga o‘xshab ko‘p ichib bozorjoyda ag‘nab qolibdi”, deb qutuldim. Opam ham qishloqqa kelib, “Bu akang bir nima qilib qo‘ygan, ko‘nglim sezgan edi”, deb doimgi diydiyosini boshladi, yig‘lab akamnikiga boribdi, akam meni chaqirib, “Bu yerda vahimaning uyasini yasaguncha, bir borib, nimaga bunday qilib qo‘yganining xabarini bilib kelsang-chi”, dedi. Bunga ham ikki hafta bo‘ldi-yov. Hammasi gapiraverganga o‘zimning ham ko‘nglim tinchimadi. Ertalab Jizzaxga ham tushib o‘tdim, o‘zi ishda ekan, kelinga ham xavotir qilmanglar, o‘zim Toshkentga borib kelaman, dedim.
- Nima, Jizzaxga ham boribdimi nima qilib qo‘yganim? - deb hayronligim o‘n chandon oshdi.
- Jizzaxdagilar eshitmay qoladimi? Boshqa yoqdagilar ham eshitgan bo‘lishi kerak, - dedi ukam xotirjam.
- Qaysi boshqa yoqdagilar? - deb so‘radim hovliqib.
- Ha, endi, bunaqa gap yotmaydi, hamma yoqqa ketadi-da, - dedi ukam.
Nima bo‘lyapti o‘zi, a? Nima qilib qo‘yganman, yana bu nima qilib qo‘yganim qachon, qanday qilib qishloqqa, yana o‘zim bexabar, bexabarligimni ham bilmasimdan bir-yarim-ikki oy oldin, balki undan ham oldinroq hamma yoqqa qanday qilib tarqalgan, buni men qanday qilib bilmay qolganman, axir, hamma ana shu tarqalib ketgan narsa mening bir nima qilib qo‘yganim-ku, shu paytgacha nima qilib qo‘yganimdan qanday qilib o‘zim bexabar yurganman? Sira aqlga sig‘maydigan ana shularni o‘ylayman deb umuman kallam ishlamay qoldi.
- Aka, hali bozor qaytmadi, a? - deb so‘radi ukam.
- Hali qaytmaydi. Nima edi? - dedim.
- Ertaga erta qaytaman. Jiyanlaringizga u-bu olay, - deb ukam ruxsat so‘radi, - kechqurun o‘tirarmiz. Bu akam ham kelsa kerak, boya telefon qiluvdim.
Ukam bozorga ketdi, men bilan o‘tirishga ko‘ngli bormadi shekilli, har qalay, ayadimi, yo boshqa men bilishim mumkin bo‘lmagan bir narsani biladimi, ishqilib, doim ochiq gaplashadigan ukam uncha ochilmadi, gapirganida ham mendan ko‘zini olib qochib o‘tirdi.
Yana telefon bilan yolg‘iz qoldim, uyimdan tashqaridagi dunyoning xabarsimi shu qutiga ulangan, u yoqda mendan boshqa, lekin ichida mening nima qilib qo‘yganim ham qalqibqalqib tarqalib borayotgan hayot harakatda, uyda telefonga termilib o‘tirganim bilan u yoqda bir nima qilib qo‘ygan boshqa o‘zim shu nima qilib qo‘yganini bilolmay hamma jo‘ralarimdan, meni bilgan-bilmagan odamlardan nima qilib qo‘yganini so‘rab-surishtirib yurgandek, hatto unga mening mutlaqo aloqam yo‘qdek ham tuyulib, kerak bo‘lsa, nima qilib qo‘yganini o‘zi bilib olsin, deb qo‘l siltashgacha ham bordim. Lekin jo‘ralarga, aka-ukang, qarindosh-urug‘ing, hamqishlog‘u hamshaharlaringga qo‘l siltay olmaganingdek, o‘zingga ham qo‘l siltay olmaysan, halizamon o‘z bolalarim maktabdan nima qilib qo‘yganimning gapini ko‘tarib kelsa, ularga ham javob berishim kerak. Boshqalar, hatto aka-uka, opa-singillarim ham o‘z hayotini mensiz, mening qilganqilmagan ishlarimsiz yashayveradi, lekin oilam, bolalarim mensiz yashamaydi-ku, o‘zimdan har qancha qochmay, bularni o‘zimdan xalos qilib ketolmayman. Mening nima qilib qo‘yganim, birinchi o‘rinda, bularga tegishli-ku! “Dada, bir nima qilganingizda nega bizni o‘ylamadingiz? Siz bilan faxrlanib yuribmiz-ku, siz bo‘lsangiz bunaqa qilib qo‘yibsiz”, deb aytishsa! Aytadilar ham, chunki ikkalasini ham fik–li qilib o‘stiryapman, o‘zim “Mening sizlarga beradigan boyligim shu o‘qish, ilm”, deganman, o‘zim bergan boylik-aqldan kelib chiqib nima qilib qo‘yganimning savolini albatta o‘zimdan so‘raydilar. Lekin bolalarim ham so‘raydigan nima qilib qo‘yganman o‘zi?
Bu o‘rtada Normurod, Usmon, Ahmad, Said sim qoqdi, yana besh-olti uzoqroq og‘aynilarim, hatto “O’zimizning Jonqovul nima qilib qo‘yibdi?”, deb Mahmud aka ham so‘radi, Ibrohim ishga bormaganimni go‘shanishinlik deb ma’qulladi, nima qilib qo‘yganimni ma’qullamadi, bari bir, nimaligini u ham aytmadi, Orziqul haqirlik maqomining yukini tushuntirdi, o‘g‘lim maktabdan kelib, raketkasini oldi-da, tennisga ketdi, salom berib, keyin indamaganidan bildimki, hamma gapdan xabari bor, ichida qiynalib yuribdi, qizim, dugonasi aytib ketdi, tushdan keyingi mashg‘ulotga qolibdi, xotinim ishdan uch marta “Och o‘tirmang tag‘in”, deb so‘rab qo‘ydi...
Uyga qamalib, xuddi quduq qazayotgandek, tobora chuqurlab borayotgandek, o‘ylayman, tubiga yetolmayman, lekin nima qilib qo‘yganimning o‘yi tumonatning xayolida kezib yuribdi, bilyapmanki, ular faqat nimadir qilib qo‘yganimni biladi, xolos, lekin aynan nima qilib qo‘yganimni hech qaysi bilmaydi, ularning xayolida shunday bir tashvishning o‘zigina bor, agar aniq bilganlarida mendan tashvishlanib so‘ramas, nima qilib qo‘ygan bo‘lsa, o‘zi javob beradi-da, deb qo‘l siltab qo‘ya qolgan bo‘lar edilar. Shundan kelib chiqib bilamanki, nima qilib qo‘ygan bo‘lsam ham, o‘zim bilishim kerak, nima qilib qo‘ygan ekanman deb, zo‘r berib o‘zimni kavlayman.
Tug‘ilib, esimni tanibmanki, esimda qolgan qilguliklarimni bir-bir eslashga urinaman, lekin nima qilib qo‘yganimni o‘zim ham aniq bilolmayman. Yo juda zo‘r bir odamning o‘rniga tug‘ilib, u qilishi kerak katta-katta ishlarning o‘rniga mayda-chuyda yumushlarni bajarib yurganmikanman? Universitetga zo‘rg‘a ilinganimda, ham men bechora kirdim-ey, deb xursand bo‘lib, ham o‘zimga o‘xshagan bir bechoraning o‘rniga o‘tdim shekilli, deb ezilib, keyin o‘zimni oqlash uchun nuqul beshga o‘qiganman. Lekin mening o‘rnimga o‘tishi mumkin bo‘lgan o‘sha bechora men o‘tgan to‘siqdan o‘ta olmagan-ku, o‘rniga men tug‘ilgan o‘sha zo‘r odam o‘zi tug‘ilganda ham men duch kelgan to‘siqlardan o‘ta olmay, menday ham odam bo‘lmasligi, katta ishlarni qilish tugul, zo‘rg‘a kun ko‘rib yurishi ham mumkin edi-ku! Yoshligida qanaqa yorqin umidlar tug‘dirgan odamlarning qanchasi devor kavagida qolib ketgan! Xo‘p, birovning o‘rniga tug‘ilib, uning vazifasini bajarib yurgan bo‘lsam-da, aka-uka, opa-singillarim o‘zimniki, jo‘ralarim o‘sha tug‘ilmagan birovga emas, o‘zimga jo‘ra-ku, to‘g‘rimi? Hammasi mendan boshqa birovning emas, mening o‘zimning nima qilib qo‘yganimni so‘rayapti, shunga javobni tug‘ilmagan, tug‘ilishi ham noma’lum bo‘lgan o‘sha birovdan emas, mendan so‘rayapti, men esa nima qilib qo‘yganimni o‘zimdan bilolmay o‘yda o‘tiribman, shu nima qilib qo‘yganimni bilolmay o‘yda o‘tirganim balki nima qilib qo‘yganimning o‘zidir?

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.