OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Namozov. Ovcharkalar (hajviya)

Qorovullik shtati qisqardi-yu... yo‘q, Zarif ota pensiyaga chiqdi-yu, uning shtati qisqardi. Nachora, bu xususiy korxona bo‘lsa, boshliq shu qarorga kelgandan keyin nima deyish mumkin? Ammo kompaniya binosidagi shuncha mol-mulk, ombordagi mahsulotlar uchun kim javob beradi? Aniqrog‘i, kunduz kunlari ulkan ombor arining uyasidek mijoz va ta’minot bo‘limi xodimlarining g‘ala-g‘ovuridan tinmaydi, biroq kechasi odamlar uxlasa, uning eshigini ochiq qoldirib bo‘lmaydi-da!
– Hechqisi yo‘q, – dedi Voris Jalilovich baqbaqalarini barmoqlari bilan silab, – men o‘zim ikkita zo‘r “Baltik Ziger” olib kelaman.
Ta’minot bo‘limidagilar “Baltik Ziger”ni tushunishmadi, albatta. Hatto, To‘raboev “Nahotki, xorijlik qorovullardan foydalansak?” deb ham o‘yladi. Ular valyutada maosh olishsa kerak, kattagina pul so‘rashsa kerak, zang‘arlar!
– Oylik demaydi, mukofot talab qilmaydi, – davom etdi Voris Jalilovich. – O‘g‘rini ko‘rganida esa tappa bosadi.
Gap nemis ovcharkalari haqida ekan. Yig‘ilganlar boshliqning bu qarorini rosa olqishladilar.
Kechga yaqin Voris Jalilovichning haydovchisi Obid aka tillari yergacha osilib turgan ikkita “Baltik Ziger”ni keltirdi. Keltirdi, deb ham bo‘lmaydi, bu nemis ovcharkalari o‘zini ikki yoqqa urib ketib, bechorani rosa jig‘ibiyron qilishdi. Obid aka yon-atrofga qarab oldi-da, nemis ovcharkalarini o‘zbekchasiga boplab so‘kdi.
Kompaniya hovlisida uzun sim tortilib, bu ikki ovcharka zanjiri ana shu simlarga bog‘lab qo‘yildi. Voy-voy-ey, bularning vovillashini eshitsangiz: osmonda momaqaldiroq chaqib, yon-atrof guldiragandek bo‘ladi. Bunday itlar bor joyga o‘g‘ri tushish u yoqda tursin, ko‘chadan ovozini eshitsa, ishtonini ho‘llab qo‘yishi turgan gap.
– Boshlig‘imiz ishning ko‘zini biladi-da, – maqtadi To‘raboev. – Bitta qorovul o‘rniga ikkita! Tag‘in mehnati beminnat! Zarif ota ming‘irlayverib, tavbamizga tayantirardi. Zo‘r ekan, bu “Baltik Zing‘ir”lari!
Hamma vaqt hadik-xavotirda yuradigan Manzumov pichirlab o‘z mulohazasini aytdi:
– Sur’at aka, ja maqtayvermang. Bizning o‘rnimizgayam ovcharkalar olib kelishmasin tag‘in...
“Baltik Ziger”lar olib kelinganining ikkinchi kuni, ne baxtki, Voris Jalilovichning o‘z oila a’zolari bilan ikki haftaga ta’tilga uchib ketayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda eshitganlar pana-pastqamda qarsak chalib yuborishdi. Boshliq ikki okean ortidagi allaqanday orolda dam olsa, bular shu yerda – ishxonada usiz hordiq chiqarishadi. Qanday rohatbaxsh kunlar! Barcha xodimlar, “ikki kuchukjonning poyqadami qutlug‘ keldi”, deyishardi o‘zlaricha...
Voris Jalilovich ham anoyi emas, albatta. O‘rinbosaridan tortib ekspeditorgacha bir dunyo ishni ro‘yxat qilib yozdirib, bajarish shartligini tayinlab ketdi. Baribir jamoa xursand edi.
Ertasiga birinchi bo‘lib Obid akaning rangiga rang kirdi. U muzdek pivo simirgan, shekilli, tannoz qizlarning oldiga kirib, jig‘iga tegib yurdi chiqardi. To‘raboev, Manzumovlar ham tushlikda “ellik-ellik” oldilar. Tushdan keyin soat uchdayoq kompaniya binosi huvillab qolgan edi.
Ertasi kuni To‘raboev o‘rinbosar Sharipovning huzuriga kirib, bir parcha qog‘oz tashlab ketdi. Sharipov uni o‘qib chiqib, bir chekkasiga “Buxgalteriyaga, ijro uchun!” deb yozdi. Kotibaning talay qog‘ozlari tagida qolib ketgan ushbu “bildirishnoma” tushdan keyin hisobxonaga yetkazildi.
Bosh hisobchi Shohida Sotvoldieva qog‘ozga hayron bo‘lib qaragancha ichki telefondan To‘raboev bilan bog‘lanarkan, so‘radi:
– Bildirishnoma yozishga yozbsiz, asosi qani?
– Qanaqa asos? – yelkalarini qisdi To‘raboev.
– Ey, xuddi bugun ishga kelgandek gapirsiz-a! – jahli chiqdi Sotvoldievaning. – Men papkaga nimani asos qilib qo‘yaman? Jimjimador qilib bildirishnoma yozguncha mablag‘ kimga ajratiladigan bo‘lsa, o‘shalardan asos oling.
To‘raboevning ham achchig‘i chiqdi:
– Ammo ular yozolmaydi-da! Chunki, ular – ovcharka! Baltik bilan Ziger! Yoki ovcharkalar xat yozganini ko‘rganmisiz, opa?
– Siz menga piching qilmang, – bobilladi Shohida opa. – Agar asos bo‘lmasa, bir chaqa ham ololmaysiz.
– Menga qarang, – To‘raboev berdisini aytguncha Sotvoldieva go‘shakni qo‘yib-qo‘ydi.
Jig‘ibiyroni chiqqan To‘raboev hisobxonaga bostirib bordi. Asabiylashgan ko‘yi Sotvoldievaga uqtirmoqchi bo‘ldi, qani endi u quloq solsa! Topgan gapi: asos!..
Uzun-qisqa bo‘lib Sharipovning huzuriga kirdilar. U ikkovining gapini eshitib, o‘ylanib qoldi. Haqiqatan ham chigal masala! Axir, Voris Jalilovich har bir so‘mgacha hisob-kitob qilib ketgan, agar ta’tildan qaytib kelib, ortiqcha xarajat qilingani haqida eshitsa, o‘ziyam uxlamaydi, boshqalarni ham uxlatmaydi. Sotvoldieva g‘olibona bosh ko‘tarib xonasidan chiqib ketgach, Sharipov cho‘ntagini kavlab, To‘raboevdan so‘radi:
– E, shuniyam tragediya qilib yuborasiz-a, qancha bo‘ladi o‘zi?
To‘raboev bir millionga yaqin raqam aytdi.
– Nima? – Sharipovning qo‘li cho‘ntagida qolib ketdi. – Bu Belka bilan Strelkangizga choyxona palov qilib bermoqchimisiz? E, shu...
To‘raboev tishini tishiga bosib, yegulik uchun ajratiladigan xarajatlarni preyskurant bo‘yicha birma-bir hisoblab berdi. Bu ovcharka qurmag‘urlar go‘sht, baliq, tuxum, kolbasa, chuchuk qatiq, tvorogdan tashqari shirin meva, sabzavotgacha yer emish! Tag‘in, deng, bir kunda olti marta ovqatlanarmish! Suyakni kemirmasmish, faqat suyak qaynatilgan bulonni icharmish! Yana, e-he, allambalo yeguliklar: Bewi-Dog (Germaniya), Chicopee (Kanada), Dr.Alder's (Germaniya), Frolik (Rossiya), Pedigree (yana Rossiya), Happy Dog - "Croq" (Germaniya), Pro Pac (AQSh).
Sharipovning tepa sochi tikka bo‘lib, To‘raboevdan bu ro‘yxatni qaerdan olganini so‘radi. To‘raboev bunga javoban ovcharkalar olib kelinganida Voris Jalilovichning qizi faksdan uzatganini aytdi. Ammo o‘sha faks qog‘ozi ham universitetdan yuborilgan, qolaversa, tagida imzo yo‘q edi. To‘raboev bechora qanday qilib boshliqning qizidan imzo talab qilsin?
– Hozircha qotgan non berib turing, – dedi Sharipov bu dahmazadan qutilish uchun.
To‘raboev hozirjavoblik qildi:
– Bu it emgurlar qotgan nonga qayrilib ham qaramayapti.
Sharipov baqirib berdi:
– Unda bilmadim! Toping yo‘lini! Kim ofisga keltirgan bo‘lsa, o‘shandan yozdirib oling! O‘zimga, deb yozsin! Ertaga Voris Jalilovich ham asos so‘raydi.
To‘raboev xonadan chiqib, Obid akani izlab topdi. U bunday talabnomani eshitib, tutaqib ketdi:
– Nega men yozar ekanman? Mening kuchugim emas-ku bular!
– Sizdan nima ketdi, Obid aka, yozib bera qoling.
– Yozmayman. O‘tgan yili, esingizdami, o‘zimning hisobimdan kabel olib kelgandim, berishdimi pulini? Yo‘q! Qaytaga maoshimdan urib qolishdi.
Xullas, Obid aka ko‘nmadi. To‘raboev chaqimchilik qilgani Sharipovning huzuriga kirmoqchi bo‘ldi, ammo endi uning eshigi qulf edi. U ikkinchi o‘ribosar bilan gaplashib ko‘rdi. Zikirov To‘raboevning muddaosini eshitib, osongina qutilib qo‘ya qoldi: “Bu mening vakolatimga kirmaydi, men qurilish ashyolari bilan shug‘ullanaman, bilmaysizmi?” “Bilaman”. “Bilsangiz, eshikni tashqaridan yoping”.
To‘raboev kechgacha ham Sharipovni topolmay, axiyri uning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilishga majbur bo‘ldi.
– Voris Jalilovich ketmasdan, vaqtida smetani tasdiqlatsangiz bo‘lmasmidi?! – dedi Sharipov unga baqirib.
– Men vaqtida berganman, ammo Voris Jalilovich qo‘l qo‘ymagan ekan, – o‘zini oqladi To‘raboev. – Kotiba ichkaridan bir uyum qog‘oz olib chiqdi, men tuzgan smeta eng tagida yotibdi, imzo qo‘yilmagan.
– E, shu... Zikirovga ayting, tushundingizmi?
– Zikirovga aytdim, bu mening ishim emas, kim menga yuborgan bo‘lsa, noma’qulning nonini yebdi, dedi.
Sharipov nima deyarini bilmay, yana dodladi:
– O‘zi biror ish keladimi sizning qo‘lingizdan, a?.. E, shu... Sattorovga ayting, menga qo‘ng‘iroq qilsin.
To‘raboev bu tashvish zimmasidan soqit bo‘lishini tushunib, zing‘illagancha Sattorovni topdi. Sattorov endi uyga ketmoqchi bo‘lib turgan edi, hech nimani anglab-anglamay Sharipovga sim qoqdi. U Sharipov nima deganini yanada anglay olmadi. To‘raboevdan so‘radi. Keyin zanjirini uzmoqchi bo‘layotgan ovcharkalar oldiga borib, bosh qashlab turdi. Baribir bu ish ertaga qoldi.
Sattorov pishiq edi, To‘raboevning bildirishnomasi yoniga mazkur ish bilan ishlab chiqarish bo‘limi shug‘ullanishi kerakligini yozib, kantselyariyaga topshirdi. Kantselyariyadan yuborilgan bildirishnomaga ishlab chiqarish bo‘limi boplab “viza” qo‘yib berdi: “Ishlab chiqarish bo‘limi suyak ishlab chiqarmaydi”! Kantselyariya qog‘ozni Sattorovga qaytardi. Sochi tip-tikka bo‘lgan Sattorov bildirishnomani ko‘tarib Sharipovning huzuriga kirdi-da, undan “Kadrlar bo‘limiga” degan bitik ildirilgan yozuv bilan chiqdi.
Kadrlar bo‘limi boshlig‘i Hulkar opa xo‘ppa semiz emasmi, pishillagancha naq ikki soat mobaynida papkalarni titkiladi. Ungacha vaqt kech bo‘lib, bu yumush ertaga qoldi. Ertasi kuni tushga yaqin “Bildirishnoma” yodiga tushib, Hulkar opa yana papkalarni titkiladi va hech vaqo topolmadi. Shundan keyin dalillar topilmagani va yaxshilab ko‘rgani bois “Bildirishnoma”ning quyi qismiga shunday deb yozdi: “Bu ikkita apcharka shtatlar jadvalida yo‘q!”
Jahli chiqqan Sharipov kantselyariya bo‘limidagilarning po‘stagini qoqib, ularni marketing bo‘limiga yo‘lladi. Bu paytda marketing bo‘limida qaysidir xodimning tug‘ilgan kunini nishonlashar, ular tort kesish, o‘yin-kulgi bilan ovora edilar. Ertasi kuni bo‘limdagilarning “bosh og‘rig‘i” bilan o‘tdi. Indiniga kichkina majlis qilib, “Bildirishnoma”ni muhokama qildilar.
Eng qizig‘i, bu paytda Sharipov reja bo‘yicha xizmat safariga ketib qolgan edi. Marketing bo‘limidagilar “qonunchi” bo‘lishadi – ular “Bildirishnoma” bo‘yicha ikkinchi o‘rinbosar Zikirovga uchrashdilar. “Ohak krak bo‘lsa, ohak topib beray”, – deb tutaqdi Zikirov. U qaysidir o‘rtog‘ining nomini eslay olmay, o‘ylab-o‘ylab, nihoyat tanishlardan so‘rab-surishtirib, unga qo‘ng‘iroq qildi.
– Qalaysan, ulfat? Bormisan? Oqibat bormi o‘zi? Shunchalik ham sog‘intirib yuborasanmi?.. Shunday... shunday... Men qara, zo‘r kuchuklar bor, urishtirsang, bo‘rining ham quyrug‘ini uzadi. Shuni boqib tur, agar yoqsa, senga xuddi shunaqasidan topib beraman!
Kuchukboz bu oshna Jizzaxda ekan. Uch kundan keyin qaytishini aytdi. Zikirov uni boplab so‘kib, go‘shakni tashladi.
“Bildirishnoma” aylanib-aylanib, issiqda lohas bo‘lib o‘tirgan To‘raboevning qo‘liga keldi. Esiz qog‘oz – uning bo‘sh joyi qolmagan, tevarak-atrofi turli “viza”lar, taklif, “o‘zidan soqit qilish” bilan to‘lib-toshgan edi. To‘raboev sakrab o‘rnidan turdi, qo‘lidagi deyarli yaroqsiz bo‘lib qolgan “Bildirishnoma”ni ko‘targancha kantselyariyadagi qizning ortidan yugurdi, ammo unga yetolmadi...
Sharipov xizmat safridan qaytib kelganida bu masala hali ham o‘z nchimini topmagan edi. U yig‘lamoqdan beri bo‘layotgan To‘raboevning qo‘lidagi “Bildirishnoma”ga tikilib turarkan, ittifoqo, Voris Jalilovich xorijdan qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Sharipovning oyog‘idagi titroq To‘raboevga ham o‘tdi. U “xo‘p-xo‘p”dan nariga o‘tmadi. Keyin telefonini sekingina, mehr bilan o‘chirdi. “Nega ovcharkalar haqida gapirmadingiz?” – deb so‘radi To‘raboev yutinib. Sharipov xo‘mrayib javob berdi: “Hali so‘rashmasdan turib, pulni bekorga ishlatmayapsanlarmi?” deb boshlasa, qanday aytaman?”
Voris Jalilovich telefon orqali yana bir olam ko‘rsatma bergan ekan. Jamoa ishga ko‘milib qoldi. “Baltik Ziger” haqidagi hujjat kantselyariyada qolib ketdi. Nihoyat, Voris Jalilovichning kelishi arafasida bu masala ham ijobiy hal etiladigan bo‘ldi: barcha bo‘limlardan chegirilgan mablag‘ evaziga!..
Afsuski, bu haqda ovcharkalarning o‘zi eshitmadi. Chunki, ular allaqachon ochlikdan o‘lib bo‘lgan edi, Umuman aytganda, “Baltik Ziger”lar mablag‘ hal bo‘lganida eshitgan taqdirda ham o‘lib qolishardi – azbaroyi quvonganidan!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.