OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Davolanish (hajviya)

Atrof zimiston. Yuragim hijil...
Tish-sh! Quloq soling-a, orqamdan pisib kelayotgan ajinalar shivir-shivir qilishyapti. Kaminani bo‘g‘izlamoqchimikin ular? Ana, eshityapsizmi?
Yo‘q. Baqaterakning barglari shildiryapti shekilli. Shabada esib turibdi-da.
Atrof zimiston. Yuragim bejo!
Yo alhazar! Bunisi qanaqa maxluq endi? Hezalaklarga o‘xshab kulyapti. Tishi arrasimon bo‘lsa-ya...
Uf-f, shundan qo‘rqib o‘tiribman-a. Boyo‘g‘li ekan. Uchib ketdi yaramas.
Atrof zimiston. Yuragim taka-puka!!
– A-a-a!
Nega baqiryapman? To‘g‘ri, baqirish kerak. So‘qmoqning qoq o‘rtasida bir ko‘zli odamyutar turibdi. Ko‘zlarining yonishini qarang.
– La ilaha illollo! La ilaha...
Shoshmang-chi. Bular tillaqo‘ng‘izlarmi deyman? Ha-ya! To‘planib olishibdi... Tfu!
Atrof zimiston. Yuragim pachava!!!
Erkakchasiga tan oladigan bo‘lsam, qorong‘ilikni bolalikdan jinim suymaydi. Lekin, boshga tushgandan keyin...
Gap shundaki, rahbarlikka tayinlandim-u, g‘alvalardan asabim taranglashib, yuragim g‘ijimlaydigan bo‘pqoldi. Vrachga borgan edim, u kechalari sokin joylarda sayr qilib turishimni maslahat berdi. Mana, davolanishni boshlab yubordim.

1978 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.