OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Qiyg‘irakning shamoli (hajviya)

Sinoptiklarning navbatdagi yig‘ilishi davom etar, kelgusi oy uchun gidrometeorologik byulleten tayyorlash masalasi muhokama qilinmoqda edi.
– Hoy, sen bunaqa g‘o‘rlik qilmagin, Toshko‘mirov!– deya, jamoaga bundan bir oycha oldin kelib qo‘shilgan yosh xodim Toshtemirovga dakki berdi boshliq. – Vodiy haqida tayyorlagan ma’lumotlaring ikki hafta o‘tmasdan yuzimizni shuvit qildi-ku. Byulletenda, xuddi jo‘g‘rofiyadan imtihon topshirayotgandek, viloyatlar qolib, hatto tumanlarning nominiyam ko‘rsatib o‘tibsan. Namuncha mijg‘ov bo‘lmasang, uka? «Vodiy» deyilgandan keyin, gap tomom-da. Bu chekkasida yomg‘ir yog‘masa, u chekkasida yog‘ar, bu tarafiga tuman tushmasa, u tarafiga tushar. He, seni qara-yu...
Boshliq picha jimib qoldi. Ikki tamshanib, bir yutindi. So‘ng o‘tirganlarga bir-bir baqrayib boqdi. Hamma tengdan sezdiki, endi asosiy masalaga o‘tiladi.
– Gap shu! – stolni pashsha o‘ldirish uslubida qattiq shapatiladi boshliq. – Yangi byulleten shunday tayyorlanishi kerakki, unda tulkining inidagidek qirqta tuynuk bo‘lsin. Biron-bir joyda oftob chiqsayam, chiqmasayam, tosh yog‘sayam, yog‘masayam, ma’lumotlarimizga shundoqqina mos kelishi shart.
Bu so‘zlar barchaga taalluqli esa-da, boshliq ko‘zini nuqul unga kamalaklab gapirganligidan tegishli xulosa chiqarib olgan Toshtemirov shumshaygan kuyi: «Xo‘p bo‘ladi», deb ming‘irlab qo‘ydi.
– Qani, fikrlar bo‘lsa, eshitaylik, – atrofdagilarga qiyaladi boshliq.
Birinchi qatorda mazkur muassasaga deyarli tengdosh bo‘lgan uch nafar tullak xodim – Chamaev, Tavakkalov va Folchievlar o‘tirishardi. Folchiev bilan Tavakkalov yoshi andak ulug‘roq bo‘lgan Chamaevga ma’nodor ko‘z tashlashdi. Chamaev tepakal boshidagi uch yarimta sochni avaylab silab qo‘ygach, jangdan charchab qaytgan sarkardalarga xos mudroq qiyofada do‘rilladi:
– Tomdagi flyugerning tumshug‘i uch kundan beri g‘arbga qarab turibdi. Shunga asoslanib aytish mumkinki, shamol surunkali ravishda uning dumi tomonga esmoqda...
– Flyugerni hozircha tinch qo‘yaylik, – uning so‘zini bo‘ldi boshliq. – Xo‘sh, ma’niliroq gap aytadigan odam bormi?
Boshliqning ko‘nglidagini g‘izzo payqab yetgan Tavakkalov chaynalib o‘tirmay, gapni lo‘ndasidan boshladi:
– Mahalliy mirzateraklarning bargi bu yil tepasidan to‘kilib boryapti. Demak, qish qattiq keladi. Qo‘shnim Juman boqqolning fikriyam shu. Aytmoqchimanki, yangi ma’lumotda havoning isishi haqida kamroq bashorat qilganimiz ma’qul.
Kasbdoshining gapi boshliqqa yoqimsiragani Chamaevning g‘ashini keltirdi. Uch yarimta sochi tikkaygudek bo‘lib, darhol qarshi hujumga o‘tdi:
– Rastani bolam, bozorni olam deydigan xumbosh Juman boqqolni fanga tiqishtirib nima qilasiz. Kecha avtobusda ishga kelayotsam, ko‘zidan farosat yog‘ilib turgan qishloqi oqsoqol dalada bir juft laylakni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini aytib qoldi. Laylakki shu paytgacha uchib ketmagan ekan, sovuq kech tushadi.
Raqib ham bo‘sh keladiganlardan emasdi.
– Bema’ni gap! – qat’iy e’tiroz bildirdi Tavakkalov. – Ikkita pandavaqi laylakning hanuz dalada yurishi tashkilotimizga qimmatga tushishi mumkin. Barchamizga ma’lumki, olqarg‘aning shamoli shitobli o‘tdi. Bu – namgarchilik ko‘p bo‘ladi degani. Shunday ekan, havoning sovush ehtimoli borligiga nega ishonmasligimiz kerak?
Ikkala xodim o‘rtasida tortishuv boshlandi. Biri qurbaqalar keyingi kunlarda hovuzdan chiqmay qo‘yishganini pesh qilsa, boshqasi chumolilar hamon inidan bemalol uzoqlab yurganini aytib, o‘zining haq ekanini isbotlashga tirishardi.
– Mayda gaplarni bas qilsalaring-chi, og‘aynilar, – bahschilarga nasihatomuz so‘z qotdi Folchiev. – Balki, ikkovlaringni gaplaringdayam ma’lum darajada jon bordir. Lekin, aniq-tiniq fikr bildirishga hali sal erta emasmikin?
– Xo‘sh, xo‘sh? – birdan ziyraklandi boshliq.
– Jichcha sabr qilsak, erta-indin qiyg‘iraklar o‘tadi,– dam boshliqqa, dam tevarakdagilarga boqib, so‘zlashda davom etdi Folchiev. – Agar qiyg‘iraklar qibladan esgan shamol bilan uchib kelishsa, sovuq ertaroq tushishi aniq. Mabodo, teskari shamol bilan kelishsa...
Qittay kech bo‘lsa ham, ishni pishiq-puxta qilganga nima yetsin. Xullas, byulleten qiyg‘irakning shamolidan keyin tayyorlanadigan bo‘ldi.
Sinoptiklarning ishi juda nozik, o‘ta murakkab. Buni bilgan biladi.

1972 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.