OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Qo‘g‘irchoqlar (hikoya)

Gulsanamning tug‘ilgan kunida dadasi unga ajabtovur qo‘g‘irchoq olib keldi. Sochlari mayda o‘rilib, boshiga ko‘k ro‘mol chandilgan, egniga atlas ko‘ylak kiydirilgan bu yoqimtoy qo‘g‘irchoqni bir siltab qo‘ysangiz bas – ichiga o‘rnatilgan mitti moslama o‘z-o‘zidan ishga tushib, “Qizaloq” rosa yig‘lab beradi.
Gulsanam uni silkib ko‘rgan edi, uyni yig‘i tovushi bosib ketdi: qiy-y, qiy-y, qiy-y... Qo‘g‘irchoq yig‘layotgan paytda qo‘lidagi oppoq ro‘molchasini tez-tez ko‘ziga surtib qo‘yishini ko‘rib, avvaliga Gulsanamning kulgisi qistadi, keyin injiqligi joniga tegib uni yotqizib qo‘ygan edi, boshqacha ovoz chiqarib o‘krashga tushdi: vag‘-g‘, vag‘-g‘, vag‘-g‘... Oyog‘ini osmondan qilib ko‘ruvdiki, battar ayyuhannos soldi: a-a-a, a-a-a, a-a-a!!! Gulsanam zarda bilan uni ayvondagi tokchaga o‘tqizib qo‘ydi.
– Bu yig‘loqi bilan endi o‘ynamayman, – deya arazlab, qo‘g‘irchog‘idan yuzini o‘girdi.
– O‘rtoqchilik darrovda tugabdi-da? – deb jilmaydi uning oyisi.
Gulsanam labini burib, javob berdi:
– Shuyam o‘rtoq bo‘pti-yu! Tug‘ilgan kunimda menga qo‘shilib xursand bo‘lish o‘rniga, nuqul vag‘illaydi-ya.
– Menimcha, sen nohaqsan, – tanbeh berdi oyisi. – Agar chinakam o‘rtoq bo‘lsang, o‘z xursandchiligingni o‘ylayvermasdan, uni yupantirishga harakat qilishing kerak, qizim.
Oradan uch kun o‘tgach, kechagina sayohatdan qaytgan tog‘asi Gulsanamga boshqa bir qo‘g‘irchoq olib keldi. Bunisi yanayam antiqa edi. Uni sal qimirlatib qo‘ysangiz bo‘ldi – qizil shlyapali olako‘z bola bo‘yniga osilgan nog‘orani zo‘r berib chalishga tushadi: traka-tak, traka-tak, traka-tak...
Bu qo‘g‘irchoq Gulsanamga juda yoqib qoldi. Uning nog‘ora chalishiga moslab hatto o‘yinga tushadigan ham bo‘ldi.
Bir kuni Gulsanam yangi qo‘g‘irchog‘ini hovlida ko‘tarib yurib, suv sepilgan joyda birdan oyog‘i toyib ketdi-yu, shaloplaganicha loyga yiqildi. Yomon yiqilgani mayliku-ya, yap-yangi ko‘ylagining loyga belanganini ko‘rib, uvvos solib yig‘lay ketdi. Uning qo‘lidan uchib, nariroqqa borib tushgan quvnoq qo‘g‘irchog‘i esa birdan ishga tushib, bazmni qizitib yubordi: traka-tak, traka-tak, traka-tak...
– Bas qil! – nog‘orachi qo‘g‘irchoqqa qarab o‘shqirib berdi Gulsanam. – Men yig‘layin-u, sen hech narsa bo‘lmagandek nog‘ora chalgin-a. He, beting qursin!
Shunda qo‘g‘irchoq qo‘qqisdan tilga kirib, ko‘zlarini o‘ynatganicha dedi:
– Meni yasagan usta faqat nog‘ora chalishimni buyurgan, sen bilan nima ishim bor, yig‘lasang yig‘layver.
U shunday deya mashqni yana davom ettirdi: traka-tak, traka-tak...
– Seni o‘rtoq deb yursam... – Gulsanamning xo‘rligi kelib, qolgan gapni aytolmay ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kdi.
– Qandaydir o‘rtoqchilikni deb, senga qo‘shilib yig‘laydigan ahmoq yo‘q, – hanuz pinagini buzmay gapirdi nog‘orachi qo‘g‘irchoq. – Menga faqat nog‘ora chalishni buyurishgan, vassalom. Ko‘rsatmani buzolmayman.
Gulsanam qo‘g‘irchoqni qo‘liga olib, o‘zidan ancha nariga otib yuborgan bo‘lsa-da, u bezrayganicha nog‘orasini chalaverdi: traka-tak, traka-tak...
Shu payt ayvondagi tokchada ivirsib yurgan mushuk atlas ko‘ylakli qo‘g‘irchoqni beixtiyor turtib yubordi. “qizaloq” xuddi uyqudan cho‘chib uyg‘ongan chaqaloqdek birdan yig‘lashga tushdi: vig‘-g‘, vig‘-g‘, vig‘-g‘...
Uning yig‘isini eshitgan Gulsanam eski qo‘g‘irchog‘iga ma’yus termilib turarkan, o‘zi sezmagan holda asta-sekin yupanib qoldi. Keyin o‘rnidan turib borib, uni qo‘liga oldi.
– Aylanay sendan, o‘rgilay sendan, – deya “qizaloq”ni bag‘riga bosdi u. – Yomon yiqilganimni ko‘rib menga rahming keldimi? Bo‘ldi qilaqol endi. Mana, men ham yig‘lamayapman-ku...
Uydan chiqib kelgan oyisi Gulsanamga har galgidek mehribonlik bilan jilmayib qo‘ydi.
– Hayotda ko‘pincha shunaqa bo‘ladi, – deya qizining boshini siladi u. – Quvonchli oningdagina doimo birga bo‘ladiganlar boshingga qayg‘u tushdi deguncha, anavi nog‘orachiga o‘xshab, senga asqotmay qolishadi. Bunday vaqtda yana eski darddoshingni axtarib qolasan kishi.
Gulsanam oyisining gaplariga tushunmay, unga angrayganicha qarab turardi. Ha, bunaqangi gaplarning mag‘zini tezda chaqishga u hali yoshlik qiladi. Payti kelganda, albatta anglab yetadi va birdaniga onajonisini eslaydi.

1982 yil

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.