OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Sudxo‘rning ziyofati (hajviya)

Hatto go‘rkovning ketmonida ham shirin orzu, go‘zal maqsad bo‘lishi mumkin. Guzardagi xotinlar hammomini xususiylashtirib olishdek ezgu niyatini ovozalab qo‘yish uchun mahalla oqsoqolining huzuriga otlanib turgan Esonxo‘ja, ko‘cha eshikdan bezrayib kirib kelayotgan Qarnoqni ko‘rib, ensasi qotdi. Uning tulkitirjayish tarzida bergan salomiga alikni isroflab o‘tirmay, aftini tirishtirganicha jag‘idagi soqolni qashladi.
– Bevaqt kelding, shoshib turuvdim, – deya Qarnoqqa arslonlanib qiyaladi u. – Qolavursa, qarzini uzmay yurgan nomardlar bilan gaplashadigan gapim yo‘q. Esingdami, Qarnoq sulla, yetti so‘m qilib beraman deb, sakson to‘qqizinchi yilda olti so‘m qarz olganiding? O‘shanda yetti so‘mga ikkita tovuq berardi. Qachon qo‘shqo‘ltig‘ingda tovuq bilan kelasan, keyin gapingni eshitaman.
Qarnoqdagi tulkitirjayish tuyqus bo‘rio‘qrayishga aylandi.
– Sizni odam deb, katta pul masalasida maslahatlashgani kelsam… E, o‘rgildim!
Qarnoq zardalanib ortga burilarkan, Esonxo‘ja sergak tortdi. «To‘xta! Qanaqa pul?» – dedi ko‘zi yiltirab.
Qarnoq darhol arazini yig‘ishtirib, o‘tgan kuni nosqovog‘i sinib qolgach, axlatxonadan kichikroq nosshisha qidirib yurib, suvqog‘ozga o‘rog‘lik bir tutam dollar topib olganini maroq bilan so‘zlashga tushdi. Nariroqda hovli supirib turgan bekaning supurgisi qo‘lidan sirg‘anib, yarq etib Qarnoqqa yuzlandi:
– Dollar? Axlatxonada-ya?!
Esonxo‘ja ham na’ra tortib yubordi:
– Bir tutam dedingmi?
– Ha, endi, bir tutam bo‘lgandan keyin, bir tutam deyman-da, – taltanglanib javob qildi Qarnoq.
Esonxo‘janing daf’atan chehrasi yorishdi. Qarnoqqa xushomadlanib quchoq ochdi:
– Ie, ie, ie! Assalomalaykum, Qarnoq boyvachcha. Bir achomlashib qo‘yaylik. Sog‘-salomatmilar? Bola-chaqalar omonmi? Qani, qani, so‘riga yursinlar… Mastona! Bitta achchiq choy damlagin…
Esonxo‘ja Qarnoqni so‘rining to‘rirog‘iga o‘tirgizdi, ishkomning ayrisiga ilingan dasturxonni olib, o‘rtaga yoydi. Hayal o‘tmay, Mastona ham paydo bo‘ldi – choynak-piyola, non, turli noz-ne’mat solingan katta barkashni ko‘tarib kelib, eriga uzatdi. Esonxo‘ja barkashni olayotib, qaynog‘i bosilmagan sho‘rvadan mehmonga bir kosa quyib kelishni xotiniga tayinlay boshlagan ediki, Qarnoq tosrayib gap qistirdi:
– Iltimos, Mastonabonu, ilikli ustixonni alohida bir tovoqchaga sopkelsangiz.
Sho‘rvadagi bittayu bitta ustixonni o‘zi g‘ajib, iligini ham qoqib yegani Esonxo‘janing yodiga tushdi va xotinining qulog‘iga shipshitdi:
– Ustixon itning oldiga yetib bormagan bo‘lsa, atrofiga go‘sht yopishtir. Ilikning o‘rniga dumbayog‘dan tiqvor.
Qarnoq uzatilgan choyni olib, «sal sovug‘im oshib turuvdi», deya uni piyoladagi asalning ustiga quydi, non bilan ataladi, huzurdan labini chapillatib-chapillatib ho‘play ketdi.
– Ayni sovug‘ingiz oshganda, bizning asalga duch kepturganingizni qarang, – dedi Esonxo‘ja gezarib. – Hm… Shunday qilib, bir tutam dollar topvoldim deng?
– Ha, rosa bir tutam, – kavshanib bosh qimirlatdi Qarnoq. – Men sizga aytsam, ilgari dollarni birovlarning qo‘lida g‘ira-shira ko‘rib yurardim. Tap etib kaftimga qo‘ndi-yu, o‘zimni qaysi kavakka sig‘dirishni bilmay qoldim.
– Xex-xex-xe… Joningizni chakki qiynabsiz, Qarnoq boyvachcha. Dollarni topiboq, tezda bizga o‘xshaganlar bilan kengashvolishingiz keragidi.
– Haliyam shunaqa qildim. Shodmon bizneschi esimga tushdi-yu, to‘g‘ri o‘shaning oldiga yugurdim.
Eski dushmanining nomini eshitib, Esonxo‘janing to‘satdan fe’li aynidi.
– Nima-a? – deb bo‘kirdi g‘azabi qaynab. – Uyimda o‘tirib, Shodmonning otini atashga qanday hadding sig‘di, Qarnoq sulla? Dollaringni, kelib-kelib, o‘sha manqaga pulladingmi? Tur o‘rningdan! Jo‘na, qorangni o‘chir!
Esonxo‘ja Qarnoqning yoqasidan tutamlab, ko‘cha sari sudradi.
– E, yoqamni qo‘yvoring-e! – Qarnoq bir siltanib, o‘zini xalos qildi. – Nima, dollarimni Shodmonga berib qo‘yibmanmi? Qallobligi esimga tushib, yarim yo‘ldan shartta orqaga qaytvordim.
Esonxo‘janing qiyofasi zumda o‘zgardi, «bag‘o-o-yat ma’qul ish qipsiz, Qarnoq boyvachcha», deya iljayib boqdi. Qarnoqni quyuq mulozamat ila yana so‘rining to‘rirog‘iga o‘tirg‘izdi.
Mastona sho‘rva bilan ustixonni alohida idishlarda keltirib, dasturxonga qo‘yib ketdi. Qarnoq yutinganicha yaktagining yengini shimardi. Kosadagi sho‘rvani to‘rt-besh simirishda gumdon qilib, yirtqichona vajohat bilan ustixonga yopishdi.
– Qaynayverib, eti suyakdan ajrab ketibdi-ku, – deya go‘shtni olib, butunicha og‘ziga tiqdi-da, chaynayotib g‘o‘ldiradi. – Qiziq! Suyagi qo‘yniki-yu, go‘shti molniki-ya?
– Bu zamondagi hayvonlargayam tushunib bo‘lmay qoldi, Qarnoq boyvachcha, – burni kabi do‘ngalak boshmaldog‘ida tasbeh donalarini surayotib, qiroat bilan so‘zladi Esonxo‘ja. – Tunov kuni bir fermer oshnamnikiga borsam, echkining bolasi cho‘chqani emib turibdi. Ana shu uloq ulg‘aysa, qarabsizki, suyagi echkiniki-yu, go‘shti cho‘chqaniki bo‘pturibdi-da.
Qarnoq avval ham bir sinab ko‘rilgan suyakka qayta ishlov berishga unnayotganida, Esonxo‘ja gapni tag‘in maqsadga burdi:
– Shodmon manqa nihoyatda imonsiz odam. Bundan bu yog‘igayam bizdek oxiratini o‘ylaydiganlar bilan ish qiling.
– Uyga qaytdim-u, juda g‘alati ishlar bo‘ldi, Eson aka…
O‘sha kuni yarim yo‘ldan qaytgach, Qarnoq dollarlarini qaerga yashirishni bilmay, kechgacha uyda ivirsib yurdi. Oxiri, qorong‘i tushirib, sekin tomorqaga o‘tdi. Tomorqa etagidagi qurigan ariqning ichida yotgan eski tunuka choynakni ko‘rib, miyasiga charaqlagan bir fikr keldi. Dollarli suvqog‘ozni choynakning ichiga tiqib, og‘zini tepib bukladi, uni ariqning kamariga joylab, ustiga xas-xashak tashladi.
Bu gaplarni eshitib, Esonxo‘ja mug‘ambirona tirjaydi:
– Ja pixini yorgan odamsiz-da. Nihoyatda puxta ish qipsiz.
– E, puxtaligim qursin, – qo‘lini sochiqqa artayotib, kekirdi Qarnoq. – Palakatni ko‘ringki, kechasi bir ariq suv kelib, choynakni oqizib ketibdi. Kamarni chuvolchangdek titkiladim – yo‘q!
Esonxo‘janing ko‘zlari qinidan chiqqudek bo‘lib, tasbehni chetga uloqtirdi.
– Xumbosh! To‘nka! Eshakmiya! – deya yana Qarnoqning bo‘g‘zidan oldi u. – Qaysi jinni pulni ariqqa tashlab qo‘yadi, Qarnoq sulla? Tur! Tur deyapman, bezot! Yo‘qol ko‘zimdan!
Qarnoq Esonxo‘janing ko‘kragidan itarib tashlab, shang‘illadi:
– Vey! Qanaqa odamsiz? Gapni oxirigacha eshiting-da. Ariqni ikki chaqirim titkilab bordim. Topdim… choynakni.
Bir lahzada iblislashgan Esonxo‘ja, bir lahzada farishtalandi.
– Ie-ie! – og‘zining tanobi qochib, muloyim eshildi u. – Pulni topganlari qutlug‘ bo‘lsin, Qarnoq boyvachcha. Xudo bir qaytarib beribdi-da, a? Qani, qani, to‘riroqqa chiqsinlar…
Mastona kelib, sho‘rvaning idishlarini yig‘ishtirishga kirishdi.
– Sizga yana bitta iltimosim bor, Mastonabonu,– surlanib gap g‘ildiratdi Qarnoq. – Mabodo, shavla-pavlaga urinsalar, ikki dona ko‘k qalampirdanam tashlab qo‘ysinlar.
Mastona eriga qaradi. «Bor, tezroq shavlani tashkil qil», degan buyruqni olgach, qo‘lidagi bo‘sh idishlarni shiqirlatib, oshxona tomonga yo‘rg‘aladi.
Esonxo‘ja Qarnoqning holva oshalashini gezarganicha kuzatib turib, asta so‘z qotdi:
– Hartugur, bilib qo‘yganimiz tuzuk. Dollarlarni menga opkelishdan maqsad nima o‘zi?
– O‘zimizning so‘mga almashtirsam degandim. Bonkaga boray desam, birortasi «buni qayoqdan olding» deb qolsa...
– Ma’qul, Qarnoq boyvachcha, judayam ma’qul. Qani, bu yoqqa uzatsinlar-chi bo‘lmasa.
Bodomli likobni oldiga yaqinroq surayotgan Qarnoq belbog‘ining qatidan suvqog‘oz o‘ramini sug‘urib, dimog‘dorlik bilan uzatdi.
Esonxo‘ja o‘ramni olib, uni ehtiyotkorona ocharkan, tavoze ila so‘z boshladi:
– Endi-i… qiyomat qarz yomon narsa, Qarnoq boyvachcha. Ya’ni, sakson to‘qqizinchi yildagi yetti so‘m qarzingizni aytaman-da. Oldin dollarlarni so‘mga aylantiramiz. Keyin, ikkita tovuqning pulini hozirgi narxga chaqib, menga qaytaradilar.
– Bo‘pti, beraman.
– Barakalla, Qarnoq boyvachcha, barak-k…
Suvqog‘ozni ochib, birdan Esonxo‘janing rangi oqardi. «Hov! Bu nima?» – deb Qarnoqqa chaqchaydi.
– Nima balo, dollarni tanimay qoldingizmi?
– Shuni dollar deb yuribsanmi, Qarnoq sulla?– og‘zidan tupuk sachratdi Esonxo‘ja. – Bolalarning «Biznes-biznes» degan o‘yini bor. Bular o‘sha o‘yinda ishlatiladigan o‘yinchoq dollar-ku.
– Kalla bormi? Pulniyam o‘yinchog‘i bo‘larkanmi?!
– E, tur-e! Tur deyapman senga!
Esonxo‘ja Qarnoqni ko‘chaga ithaydash qilib borgach, eshikni qattiq yopib, kallasi qaltiraganicha tutoqib g‘udrandi:
– He tagi past! O‘zing kim-u, to‘riga chiqvolib, ilik qoqib yeyishingga o‘laymi!
Oshxonadan chiqib kelgan Mastona u yoq-bu yoqqa alanglab olib, eriga hayron ko‘z qadadi:
– Mehmon qani, dadasi? Shavlani boshlab qo‘yuvdim.
–Qanaqa shavla? – tomog‘i yirtilgudek alfozda ayyuhannos soldi Esonxo‘ja. – O‘zi buyoqda ish atala bo‘pturibdi. Bor, o‘tniyam o‘chir, ovozingniyam o‘chir!

2001 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.