OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asad Asil. Tashnalik (hikoya)

Arslon chol bir kam saksonga borganida kampiri bandalikni bajo keltirdi. Kutilmagan bu kulfat, bemavrid judolik o‘n yigitga o‘rnini bermay yurgan qariyani dovdiratib qo‘ydi. Otaning nazarida go‘yo o‘zi qatnashib yurgan davralardan birdan fayz ketdi, bu olam huvillab bo‘shab qoldi. U uydan chiqmay qo‘ydi, hatto choyxonaga kirishni ham tark etdi.
Arslon ota yo‘qligi uchun tengqurlar orasida mudom davom etib kelgan askiya, hazil-huzul ham o‘z-o‘zidan barham topdi, davomli, qizg‘in suhbatlar sovidi. Yolg‘iz o‘zi uyiga qamalib, nortuyadek cho‘kib yotgan cholni tengqurlari kelib, davralariga chorlar, qariya esa keskin rad etib, “Har narsaning o‘z vaqti bor”, deb qo‘yardi...
Hamma tomondan “qo‘lni yuvib qo‘ltiqqa urgan” ota bir masalada juda qattiqqo‘l edi. U yakkayu yolg‘iz o‘g‘lini zir yugurtirib, kampirining barcha rasm-rusumlarini vaqti-vaqtida, ko‘ngildagidek qilib o‘tkazdi. Keldi-ketdilar tiyilib, qo‘llar bo‘shagach, ota o‘g‘li va keliniga ruxsat berdi. Bola-chaqasi bilan shaharga qaytib borganiga bir hafta bo‘lmagan edi, ota o‘g‘lini zudlik bilan yana chaqirtirdi. “Ishqilib tinchlik bo‘lsin-da!” Avtobusga sabri chidamay, taksi yollab, hadiksiray-hadiksiray yetib kelgan Javlon otasining jiddiy gapi borligini darrov sezdi. Negaki, chol gapini ma­qoldan boshlagandi.
– O‘ychi o‘ylab bo‘lguncha tavakkalchi ishini bitiradi, o‘g‘lim, – dedi soqolini damba-dam silab qo‘yayotgan otasi Javlonning ko‘zlariga tikilib. – Mana, kunlar ham jo‘nashib ketdi. Endi buyog‘i yoz, uyni sal kengaytirib olsammikan, devdim...
Javlonning xayolida hozir yashab turgan sharoiti, uy ahvoli jonlandi. U kuta-kuta endigina orzusiga erishgan, shaharning chiroyli qismida qurilgan uylarning biridan to‘rt xonali kvartira olgandi. Kvartirasi ikkinchi qavatda, bolalarining kichiklari yonginasidagi bog‘chaga borardi. Xotini o‘qituvchi, maktab ham chaqirsa ovoz yetadigan joyda. To‘ng‘ich farzandlari, xotini bilan qiynalmay, o‘qishga borib-kelib turishibdi. Uyi shahar markazida joylashgani uchun keldi-ketdilar ko‘p. Qishlog‘idan shaharga tushganlarning aksariyati Javlonlarnikiga qidirib boradi. Xotini Muhayyo shaharda tug‘ilib-o‘sgan, juda odamoxun, kelgan mehmonni osh bilan siylamasa, ko‘ngli o‘rniga tushmaydi. Xullas, ikkinchi maosh qo‘lga tekkuncha, birinchisi silliqqina bo‘lib qo‘ldan chiqib turadi. Eski uylarni buzib, o‘rniga yangi imorat turg‘izishning o‘zi bo‘ladimi!..
– Ha, mum tishlab qolding? – ota Javlonning ko‘nglidagilarni uqib turgandek zarda bilan davom etdi. – Sendan bir miriyam so‘ramayman. Onang ikkimiz o‘limlikkayam, uy quramiz, deb bungayam yetadigan mablag‘ to‘plab qo‘ygan edik. Rahmatlik, yangi uyni, bolalarini bag‘rida qo‘rishni orzu qila-qila o‘tib ketdi. Uyni yangilasak, ko‘chib kelsang, onangniyam ruhi shod bo‘larmidi.
Javlonni endi qishloqqa ko‘chib kelish vahimasi bosdi. U uylanish oldidan Muhayyoga: “Umrbod sha­har­da yashaymiz”, deb va’da berib qo‘ygandi. Bolalarining bog‘chasi, maktabi nima bo‘ladi? Bu yerda esa... bog‘cha ko‘p yillardan beri qurilib-qurilmay yotibdi. Maktabda ham ta’lim-tarbiyaning mazasi yo‘q, deyishadi. Buyog‘i qandoq bo‘ldi?! Yigitning xayoli oxiri yo‘q kalavadek chuvalashib ketdi.
– Mundo-o-oq ko‘nglingdagini gapirsang-chi, tiling bormi o‘zi?! – dedi ota chinakamiga jahli chiqib.
– Qaydam, o‘ylab ko‘rarmiz...
– E... senga qolgan kunim shu bo‘lsa!..
Arslon ota etagini qoqib, o‘rnidan turib ketdi. Yo‘l-yo‘lakay ketmonini qo‘liga oldi-da, orqa eshikdan chiqib, bora solib, eski tomni changitib ochaverdi. Ota­ning mehri kabi qahri ham qattiqligini yaxshi bilgan o‘g‘il uning yoniga qayta yo‘lay olmadi-da, orqa eshikdan chiqib, sekingina shaharga jo‘navordi...
– Dadam sog‘-salomat yuribdilarmi, qarindoshlar tinch-omonmi? – har doimgidek darrov surishtirdi, xushbo‘y moshkichirini dasturxonga qo‘yayotgan Muhayyo.
– Ha, – istar-istamas javob berdi Javlon qovoq-tumshug‘i osilib. Odatiga ko‘ra, Muhayyo gapni to‘xtatdi. Eri uyga xafa holda qaytgan kezlarida, “o‘pkasini bosib olguncha”, u indamas, o‘z holiga qo‘yib berardi. Bolalarni ham bog‘chadan o‘zi olib keldi. Har kungidek, bir amallab ozgina ovqat yedirdi, dam yalinib, dam urishib, zo‘rg‘a uxlatdi. Javlon devor tomonga o‘giri­­lib olgancha, har zamon-har zamonda “uh” tortib, miq etmay yotaverdi. Uning uyqusi o‘chib ketgan, otasining g‘amgin va jahldor qiyofasi, oralarida bo‘lib o‘tgan qisqa va keskin suhbat xayolidan sira o‘chmasdi.
Oshxona yumushlaridan qo‘li bo‘shagan Muhayyo, xonalarning chiroqlarini o‘chirdi-da, kelib erining yoniga ohista cho‘zildi. Javlonning yuragidagi dardni taxminan tushunib, past va mayin ovozda ko‘nglidagi gaplarni aytdi:
– Adajonisi, dadam boyaqishga ham qiyin bo‘ldi-da! Qariganda qadrdonlaridan ayrilib yolg‘iz qoldi. Bir o‘ylab ko‘rsakmikan? Agar siz rozi bo‘lsangiz, qishloqqa...
– Ha, endi seniki yetmay turuvdi! Qishloqqa ko‘­chaylik demoqchimisan?! Ko‘chmayman, eshitdingmi, ko‘ch­­mayman! Nima, peshonamga yakkash sarson-sargardon­lik bitilganmi? Yoki meni sinab ko‘ryapsanmi, sir ol­moqchimisan?!
Javlon sakrab turib, divanga o‘tirdi. Stol us­tida yotgan sigaretdan olib tutatdi. Uni tashlab, bosh­qasini chekdi.
– Hay, hay, namuncha dag‘allashib ketmasangiz, - mayingina kulimsirab o‘zini og‘irlikka oldi Muhayyo. – Yangi tanishganimizdagi anavi gaplarni aytyapsizmi? To‘ygacha va’dalarning ko‘pigi ko‘p bo‘ladi. Siz bittagina va’dangizni bajarmay qo‘ya qoling! Men buni hech qachon yuzingizga solmaslikka so‘z beraman. Axir o‘ylab ko‘ring, shahardan qishloqqa borsak, nimani ham yo‘qotardik! Men o‘qituvchiligimni qilaveraman, siz iqtisodchiligingizni. Qolgan kam-ko‘stlarni birga bi­tirib olaveramiz-da... Qani, buyoqqa o‘girilib, bir jil­mayib yuborsinlar-chi!
Javlon Muhayyoning gaplarini jon qulog‘i bilan tinglardi-yu, uning kutilmagan bu taklifiga ishon­qi­ramay, zimdan qarab-qarab qo‘yardi.
– Keling, mug‘ombirlikni qo‘ying! – Muhayyo ovozini bir parda balandlatdi. – O‘zingiz ham jon-jon deb turibsiz-u, taranglikka balo bormi! Ichdan pishganlik sizga yarashmas ekan! O‘n yildan beri birga yashab, xotiningizni haliyam sinamadingizmi? Buyog‘ini bilmoqchi bo‘lsangiz, bag‘ri keng qishloq havosi, odmi odamlari mengayam yoqib qolgan. Yoqish ham gapmi, obdon bog‘lanib, havasmandman shu joylarga!
Javlon indamasdi-yu, Muhayyoning nazarida, erining yuzi yorishib, chiroyi ochila boshlagandek edi. Javlon o‘rniga yotib, xotirjam uyquga ketganidan ke­yingina Muhayyoning ko‘ngli joyiga tushdi.
 
* * *

Peshonasini ro‘molcha bilan tang‘ib olib, tuproq bosib qolgan shox-shabbalarni ajratayotgan Arslon otaning ko‘zi bir zum tinib ketgandek bo‘ldi. Qattiq tashnalikni his etib, nariroqda turgan chovgum jo‘m­ragini og‘ziga tutdi. Chovgumning qopqog‘i kesak­lar orasiga tushdi-yu, cholning og‘ziga bir-ikki tomchi tomdi xolos. U suvni allaqachon ichib bo‘lgan, qolgan-qutgani ham issiqda bug‘lanib ketgan edi. Otaning shu dam juda ko‘ngli tushib ketdi, birdan darmoni quridi. Nogahon kampirini qo‘msab, birdan yig‘lab yuboray dedi-da, jovdirayotgan ko‘zlarini uzoq-uzoqlarga tikdi. Olis-olisda qishlog‘i sari g‘izillab kelayotgan mashinalar ko‘rinib turardi. Chol ulardan ko‘z uzolmay qoldi, chuqur xo‘rsinib qo‘ydi. To‘ng‘ich nevarasi bilan istarasi issiq kelini ko‘z oldiga keldi. Quloqlari ostida kenja nevarasining qichqirig‘i eshitilganday bo‘ldi, bo‘yniga chirmashgan jajji qo‘llarini his etdi. Afsuski...
Darmonsizlanganidan tizzalari qaltirab ketgan ota qalqib, kesaklar uyumi ustiga o‘tirib qoldi. U katta yo‘ldan burilib, mahallasi tomon yaqinlashayotgan mashinadan ko‘z uzolmasdi. Go‘yo bir zum qaramay qolsa, yo‘qotib qo‘yadigandek, kiprik qoqmay o‘tirardi. Mashina sehrlangan kabi Arslon ota uyi tomon burildi. U qiyalikdan vag‘illagancha chiqib kelib, ariqchadan bir siltanib o‘tdi va darvoza yaqinida to‘xtadi. Kabina eshigi ochilib, jingalak soch, qop-qora yuzli shofyor sak­rab tushdi.
– Hormang, boboy, yurakdan ham bor ekan-da, a? Bir o‘zingiz qo‘rqmasdan hamma uylarni buzib tashlabsiz!
Ota shofyor bilan o‘rnidan turmasdan ko‘rishdi, indamasdan qandaydir ilinj bilan uning og‘zini poyladi. Shofyor cholning qo‘lini qo‘yib yubormay turib so‘radi:
– Ota, vetvrach Tursunboy akaning uyi qaerda? Juda kerak bo‘lib qoldi.
Cholning gapirishga madori qolmagandi, qo‘li bilan yuqori mahallaga ishora qildi. Mashina o‘tib ketgach, ota titroq barmoqlari bilan chovgum dastasidan ohista tutdi, o‘ng qo‘liga tayanib, o‘rnidan arang turdi, boshini quyi eggancha, ariq tomonga jo‘nagan ham ediki, ortida mashina to‘xtadi. Arang o‘girilgan otaning ajinlar qurshovidagi ko‘zlari porlab ketdi. Mashinadan tushgan yigit o‘g‘liga, sumka ko‘targan ayol keliniga o‘xshardi. Bolalar ham nevaralari shekilli...
– Bobom, bobojonim!
To‘ng‘ich nevarasi Lola chopgancha kelib, bobosining bo‘ynidan quchdi, yuzlaridan cho‘lp-cho‘lp o‘pdi.
– Ey, Xudo, boringga shukur, ko‘rsatganingga shukr, – shivirladi ota tashnalikdan qaqshab ketgan lab­­lari bilan. Qariya qoqsuyak, qaltirayotgan bar­moqlari bilan nevarasining sochlarini silarkan, serajin yuz-ko‘zlariga yopishgan changda iz qoldirib tomchilar dumalardi. Bu termi, ko‘z yoshlarimi... bilib bo‘lmasdi.

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 6-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.