OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asad Dilmurod. Kunsuluv (hikoya)

Haligina tomchilab turgan yomg‘ir chelaklab quymoqda.
Xufton yaqin: elas-elas qorong‘ilik cho‘kayotir...
Qoshlari o‘rtasiga tugun tushgan Zayniddin moviy «Neksiya»sini shitob haydab borardi. Xayolida goho tim qora ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgan Naima gavdalanar va ko‘ksi sim-sim achishar edi.
Asli sabru qarori chirigan arqon kabi nogahon to‘zg‘ib ketishiga Naima o‘zi sababchi, axir, goh oshkora, goh pinhona qitiq patiga teganib kelgani yolg‘onmi? Aksiga, boshqa ermak topolmaganday, mojaro tutantirig‘iga qaynonasi Oysha xola ham gugurt chaqqani-chaqqan...
Tunov kuni choyxonada uch-to‘rt ulfati bilan papovxonto‘ra oldidan qittay-qittay tortuvdi. La’nati kayf nima balolarni yodiga solmadi deysiz. Birdan dardi yangilanib, shom aralash lang ochiq darvozadan so‘ltanglab — kirdi, oshxonaga bordi-da, ovkatga unnayotgan Naima tomog‘iga sanchqi tiradi.
Ertalab boshi lo‘qillab uyg‘ondi, musibatni bilgach, avval ichkilikni o‘ylab chiqargan manfur kimsani, keyin tegmanozik xotinini ko‘tara qilib rosa yog‘ladi. Hurmatini saqlamabdimi, bas, araz-o‘raz qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘ysin. Tavbasiga tayantirmasa, boshida do‘ppisini qiya qo‘ndirib bekor yurgan ekan, shunday qilsinki, o‘zi akajon deb yalinib kelsin va ikki bukilib poyida yiqilsin!..
Chamasi, tez-tez tutab-yonib turadigan g‘alvadan Naima to‘yib ketgan ekan, oradan ikki hafta o‘tdi hamki, qora bermadi. Mana endi ko‘r bo‘lib, ortidan yo‘rtib borayotir. Ostonadayoq Oysha xola ta’na toshlariga duch kelishini o‘ylab og‘rindi. Chiroqni yoqarkan, g‘ira-shira qorong‘ilik pardasini qiymalayotgan yorug‘liqda elas-elas qora ko‘rdi. Sel yuvayotgan asfalt yo‘l girdida, sharros kuyayotgan yomg‘ir ostida, yupun kiyingan bir ayol suruvdan adashgan qo‘zichoqday junjikib turardi. Arang kaftlarini ko‘ksiga qovushtirib, dag‘-dag‘ uchayotganiga qaraganda o‘lgudek sovqotgan va holdan toygan!..
Ayol qo‘l ko‘tarmagani uchungina emas, o‘z dardi o‘ziga butkul yetib-ortib yotgani sababli to‘xtamadi. Faqat g‘ildiraklar ko‘lmak suvini shundoq ham ivigan, qotmagina gavdaga chippa yopishgan ko‘ylakka shalop etkizib sachratib o‘tgandan keyin beixtiyor tormozni bosdi.
Hamon dir-dir uchayotgan, yomg‘ir ko‘mgan dunyoni emas, hatto o‘zini ham unutgan ayol shig‘illagancha tislangan mashinaga e’tibor qilmadi. Yana battar ajabsingan Zayniddin cho‘ziq signal berdi. Shundan so‘ng u hadik aralash qiyalatib qaradi, iymanibgina eshik dastasiga uzalarkan, ulkan tarvuzday do‘mpayib turgan qorni ko‘zga yakqol tashlandi.
— Singlim, yo‘l bo‘lsin? Muzlab qopsiz-ku!
Tinmay urayotgan yomg‘ir va havo zahri ayolning eti tugul hatto suyagiga qadar o‘tib ketgan edi. Butun vujudi karaxt bo‘lib, oyoq-qo‘li arang qimirlardi. Rangini yo‘qotgan yupqa lablari yaproqtsay titranar, ko‘ksi og‘ir-og‘ir ko‘tarilib tushar, tanglayiga yopishgan tili aylanmas edi.
Ayol bir ozdan keyin to‘kilgudek holda xo‘rsindi, do‘mpaygan qornini avaylab ushlagancha, gavdasini asta o‘rindiq suyanchig‘iga tashladi. Picha isidi chog‘i, kulcha beti xiyol qizillanib, mung cho‘kkan yirik-yirik ko‘zlari kul ostidagi cho‘g‘day yiltiradi.
— Men Zarbandga ketayotuvdim... — yana jimlikni buzdi Zayniddin, g‘alati yo‘lovchini gapga solish ilinjida. — Siz aytmadingiz borar joyingizni.
Ayol kaftlarini betiga bosdi-da, hiqichoq tutib uzoq yig‘ladi, so‘ng arang o‘zini o‘nglab, chaynala-chaynala ko‘nar joyi — umidxonasi yo‘kligani aytdimi-ey, yo falaksan!..
Ma’lum bo‘ldiki, muttaham sayoq er tayini yo‘q bir manjalaqi bilan topishgan, insofga chakirsa, dabdurustdan uch taloqsan degan, bugun bo‘kib ichgan-da, bo‘g‘ib o‘ldirishiga sal qolgan, boshpo‘rti va yana boshqa kerakli qog‘ozlari, hatto esdalik suratlari jamlangan baxmal muqovali albomini tandirga tiqib yoqvorgan!..
— Ismingiz nima? — guldirab so‘radi Zayniddin, Xudojon, o‘zimniki kammidi, degan qayg‘uli fikrni dilidan kechirarkan. — Borar joyingiz bo‘lmasa, ismingiz ham yo‘qmi?
— Ismim bor, — dedi u xiqillab, — Kunsuluv!
— Qarindosh-urug‘ingiz-chi?
— Qaydam. Men bechora yetim o‘sganman!
— Ana xolos.
— Voy, esim qursin... Ha, peshonam sho‘r ekan, ado bo‘ldim anavi go‘rso‘xtani dastidan, — dedi anchadan keyin Kunsuluv g‘iltillab. — Shaharda Mashhura degan dugonam bor. Tikuvchilik sexida birga ishlagan edik.
Zayniddin sezdirmaygina uf tortdi, axir, ikki oyog‘i bir etikka tiqilib turgan paytda, ayniqsa bunaqa yomg‘irda shaharga borib-kelish yoqadimi? Kamida ikki soat vaqt yo‘qotadi. Lekin endi allaqachon g‘isht qolipdan ko‘chdi. Tishini tishiga bosmasa — o‘lgani yaxshi!..
Faqat Kunsuluv nega buncha bezovta, nima uchun bu qadar vahimali boqayotir mung to‘la ko‘zlari!? Birov bo‘g‘ayotgandek entikib-entikib arang nafas olmoqda, ajin tushgan torgina peshonasini marjon-marjon ter qoplagan, zulukdek qoshlari o‘rtasi tugunli!..
— Nima bo‘ldi, Kunsuluv?
Biroq ayol javob beradigan ahvolda emasdi: do‘mpaygan qornini asabiy silab, bir qisqa, bir cho‘zib ingrandi. Shu zahoti ohakday oqargan betiga bir zo‘riqish qalqidiki, buni nogahon qayrshshb ko‘rgan yigit yuragi orqasiga tortib ketdi. Nimagadir aqli yetdi-da, ortiq churq etmay gazni bosdi. Xiyol siltanib olgan mashina shamol kabi yelib, tez orada yomg‘irda cho‘milayotgan shaharga kirdi.
Zayniddin to‘rt qavatli g‘ishtin imorat hovlisida Kunsuluvni bir amallab mashinadan tushirdi. Oyog‘ida zo‘rg‘a turgan ayol xayr ma’nosida bosh irg‘adi, keyin nimadir demoqchi bo‘ldi, ammo ulgurmadi, qayta kuchlangan to‘lg‘oq butun borlig‘ini junbishga soldi. Oppoq kiyingan xodimalar chug‘urlab zambilga yotkizishganda hushini yo‘qotdi. Shaddodligi bilinib turgan, qoshlari qilichdek o‘ynoqlayotgan do‘mboqqina juvon kutilmaganda amirona buyurdi: uzoqlab ketmang-a, akamullo!..
Zayniddin iljayib hovlidan uzildi, bekat do‘konchasidan ma’danli suv olib qaqragan tomog‘ini ho‘llagach, mashinasi eshigani ochdi, ammo shu zahoti qaytarib yopdi. Axir, borar joyiga bari bir kechikdi, shunday ekan, bir soat-yarim soat nimani ham o‘zgartiradi. Yana ozgina chidasin, asakasi ketmas, xushxabarni eshitgandan keyin xotirjam jo‘naydi. Aytgancha, hali Mashhuraga xabar berishi kerak, agar chindan qadrdoni bo‘lsa yolg‘izlatib qo‘ymas.
— Hay, akamullo, hushiga kelmayapti xotiniyiz!..
Ko‘p alomat ekan-ku bu oyimtilla!? Mundog‘ avval so‘rab-surishtirsa biron joyi kamib-netib qoladimi!? Tag‘in yoniga tirg‘ala kelib, qo‘liga bir parcha kog‘oz tutqizgani va qaysi dorixona qaysi ko‘chada joylashganini bidirlab tushuntira ketgani ortiqcha!..
Asli o‘ziyam, Oysha xola aytganidek, lattayi go‘r-da, axir, o‘sha kog‘ozni nima uchun betiga kaytarib otmadi. Bo‘sh-bayovligidan topdi: uyquga cho‘mayotgan shaharning u tarafidan-bu tarafini ko‘zlab bearmon yeldi. Hatto yonilg‘isi tugab, turli rusumli ulovlar tizilgan shoxobchada tars yorilgudek ahvolda navbat kutdi, qisqasi, tug‘ruqxonaga kaytganda vaqt kichik sahardan oshgan edi. Kamini bo‘sag‘ada nari-beri diqqati oshib odimlayotgan do‘mboq juvon to‘ldirdi. Bir zahrini sochib, xumordan chiqishni cho‘tlovdi-yu, qurgur imkon bermadi, dori-darmon solingan yelimxaltani qo‘ltiqtab zipillay ketdi. Noiloj bo‘zarib, cho‘chibgina ayol ahvolini so‘raganda, hatto burilib qaramay: «Sabrdan qismasin-da, akamullo!» — deya boplab chimchiladi. Endi beixtiyor chap yonog‘i aralash chap qoshi pirillab uchaverdi, hey, tavbangdan ketay, sabr jonivorning uyi tamom kuydi-ku!
Zayniddin chalg‘ish va birpas ovunish niyatida mayda-mayda tomchilar ingan, neon chiroqlari yorug‘ida billur kabi tovlanayotgan qizil-sariq atirgul yaproqlariga tikildi. Bahonada Naima tikandan qo‘rqishini eslab kulimsirar ekan, bo‘sag‘ada boyagi pari ko‘rindi. Qiyofasini avvalgidek jahl yoki istehzo emas, afsus-nadomat ifodasi qoplagan, surma tortilgan qalin kipriklari nam!..
Ming azobu ming tahlika bilan chaqaloqni kesib olishibdi, shunday shoshilinch tadbir qo‘llashmasa, yanga bechoraning hayoti butunlay xavf ostida qolarkan. Ko‘pni ko‘rgan, qo‘li yengil shifokor, bo‘lim mudirasi Rohat Komilovna kam bo‘lmasin, muqarrar ajal bilan bir necha soat terlab-pishib mardona olishib, oxiri g‘olib kelgan. Shunaqa, azaldan duo ketgan, tug‘ish ba’zilar o‘ylaganday oson emas, har doim homilador ayol jon talashib narigi dunyoga borib qaytadi. Har holda yanganing Xudoga bir aytgani bor ekan, bechora azob tortsa-da, eson-omon qutildi. Endi siz shukur qiling va bemalol uyingizga boravering, faqat erta barvaqtroq xabar olishni unutmasangiz kifoya!..
Yanga deyvurib kuydirdi-ku bu qaqajon, kanaqa yanga, hey, falak!?
Zayniddin xiyol to‘rsayib jovdirardi, qult-qult yutinib qo‘yayotgan hamshira nigohi bilan nigohi to‘qnashdi-yu, dilidagi malol va g‘ashlik o‘rnini achinishga o‘xshash narsa egalladi. Cho‘ntagida qolgan-qutgan pulini qoqishtirib uzatgach, imillab mashinasi sari yurarkan, nuqul xayolida jarrohlik ustolida beun yotgan ayol gavdalanar edi...
O’lgudek ochiqqan va tinkai madori qurigan Zayniddin tong shafag‘i ufqni ola-chalpoq bo‘yab, chor atrofni dakang xo‘rozlar qichqirig‘i tutganda tanish darvozani ustma-ust qoqdi. Hoziroq ro‘parasida rang-ro‘yi siniqqan Naima paydo bo‘lishini, mung‘aygan ko‘zlaridan shashqator yosh to‘kib poyiga yiqilishini o‘ylarkan, yuragi potirlay ketdi. Oyog‘i kuygan tovuqdek tipirchilab turganda, umidi puchga chiqdi: tirqishdan xo‘mraygancha Oysha xola mo‘raladi...
— Uyalmay kepsiz-da, kuyovto‘ra? — kesatdi qaynona, jahlini arang bosib. — Kaysi insofli erkak ko‘chaga haydab qo‘yadi xotinini?
— Nimaga unaqa deysiz, onajon? — dedi Zayniddin, iloji boricha ovozini yumshatib. — Endi... bir erkalik qilmoqchi bo‘lgan-da! O’zi bilan gaplashay.
— Yo‘liyizdan qolmang. Sudga ariza berib kelgan!..
Kampirsho qo‘l sermadi, sovg‘a-salom solingan to‘rxaltani, bir chetga irg‘itib, burnini jiyirdi. Yer yorilmadi, kuyovto‘ra tushib ketmadi. Sal naridan Naima barini imi-jim kuzatmoqda, u ham onasiga o‘xshab miltiq o‘qlab olgan shekilli?
Zayniddin ipakday eshilib, uzrni qalashtirdi, it yotishu mirza turishdan to‘yganini ham qistirdi. Qayda, Naima arzini eshitmadi, tosh suvratiga kirib, yetti yot begonaday teskari o‘girildi. Qaynonasi zaxarlab tashlabdi-da miyasini, ering — er emas, og‘zidan oshi to‘kilib ketadigan ovsaru landovur yoki senday beozor kush kadrini bilmagan muttaham, iloyo, urug‘-aymog‘i bilan qirilsin, deb ko‘pirgani ehtimoldan xoli emas.
Allabir g‘ubor qopladi shuurini, ichi timdalanib, o‘y-fikri shu kadar chuvalandiki, mashinani qachon jildirgani, qachon qishlog‘iga kirganini tuzukli eslolmasdi. Jonida jon kolmagandi, cho‘zilib yotgisi kelardi biron-bir xilvatda. Yoki noma’lum yokdarga badar ketsami!? Ko‘ksi uvalgudek xo‘rsinib, istar-istamas molxona sari burildi, boshi lo‘killab turganiga qaramay, kun bo‘yi ikir-chikir yumushlarga o‘ralashdi. Zarband ko‘chalarida sarg‘aygani, axiyri, qaynonasi bilan xotini qahriga uchrab qaytganini ukalari tugul hatto o‘zidan ham yashirishga urinar, goho lablarini qonatgudek tishlardi-da, xayolan kimgadir musht o‘qtalar edi.
— Aka, Zarband bir qadam. Nosir amaki bilan Shoyim baxshini elchi kib jo‘natsak, — ertalab nonushta payti noo‘ng‘ay jimlikni buzdi Salohiddin. — Har holda do‘st-dushman oldida yaxshimas. Davralar to‘rini bermay yurgan odamsiz.
— Ma’kul fikr, — darhol kesdi Nizomiddin, qirtishlangan jag‘iga kaftini tirab. — Kennoyim arazlagan bo‘lsayam hurmatini joyiga qo‘yish kerak.
Anchayin to‘liqib o‘tirgan Zayniddin, churk etmay, so‘lg‘in nigohini bir nuqtadan uzmay, bosib-bosib choy ho‘playverdi. Oftob qoraytirgan enli betida sen churvaqalarga kunim kolgani yo‘q tarzidagi kesatiq-zarda zuxurlandi. Kechadan beri o‘zini qurib-qakshagan, sarob pardasiga o‘ralgan o‘zanda ko‘rayotir, esi borida etagini yig‘ishtirmasa, bir umrlik ayriliq tushishi mumkin o‘rtaga. Hoziroq yana Zarbandga otlanadi, bir yo‘lini qilib, ona-bola bilan til topishadi, toki suddan arizani qaytarib olishsin.
Bu yog‘i qandog‘ bo‘ldi: darvozaga otning kallasiday dumaloq qulf osilgan-ku! Alamidan ko‘kardi va hovliga yo‘lamaysan deganday bezraygan kulfni bir tepdi. Atak-chechak bola yetaklagan o‘rta yoshli ko‘shni juvondan hammasini ipidan-ignasigacha bildi-da, tishlarini g‘ichirlatdi. Imondan ayrilgur jodugar bir amallab sudni tezlashtirish payida. Odamovi Naima esa avrashiga laqqa uchganu yo‘lga tushgan...
Kechikkani uchun o‘zini-o‘zi yomon ko‘rib po‘ng‘illadi, yana parokanda xayollar og‘ushida bemajol borarkan, to‘satdan yomg‘ir ola-tasir quyib yubordi. Maysalagan dala-qir va tap-taqir asfaltni savalayotgan tomchilarga tikila-tikila Naimani, keyin... sel ostida ivigan va sovqotib qolgan Kunsuluvni esladi. Nihoyat, Zarbanddan uzoqlashar ekan, shag‘al tosh to‘kilgan, tuman markaziga eltadigan yo‘lga sovuqqina nazar soldi. Chakki bo‘ldi, tuppa-tuzuk rejasi buzildi, endi shaharga tushgani va Kunsuluv ahvolini surishtirgani ma’qul!..
Zayniddin Mashhura yashaydigan mahallani topdi, lekin tomi qizg‘ish laxtakchalar bilan yopilgan, hovlisi yog‘och panjara bilan o‘ralgan uyni uchratmadi, bir bahonada buzib yuborilgan bo‘lsa kerak. Qisqa muddat ikkilangach, bozor bo‘ylab aylandi, u-bu narsa xarid qildi. Tug‘ruqxona eshigida bandasidan o‘tadigan noshukurchilik qimmatga tushishini muhokama qilib parishon turganda tunov kuni zir yugurtirgan tanish hamshira ko‘rindi. Avval, odaticha, qoshlarini qilichdek o‘ynatdi, so‘ng labi-labiga tegmay shunaqa bobilladiki, yigit bechora tars yorilayozdi. Axir, yuragi toshdan ekanligini birinchi bor shu qaqajondan eshitdi-da!..
— Singlim, men siz o‘ylagan odam emasman, — dedi axiyri, sabr kosasi to‘lib. — Til tortmay o‘layki, badanim eskanlaydigan bo‘ldi sizga yo‘liqsam!
— Shunaqami? Rohat Komilovnaga aytasiz arziyizni!..
Zumda Zayniddin o‘zini ola-bula patgilam to‘shalgan, lolanusxa shisha qandilli jimjit va keng-mo‘l xonada ko‘rdi. Xona to‘ridagi oromkursida bemalol jurnal varaqlab o‘tirgan taxminan ellikni qoralagan to‘lagina xushro‘y ayol qoshida kalovlanib qoldi. Jig‘u biyron hamshira bilganu bilmaganini qalashtirib jo‘nagandan keyin u gajaqparini tuzata-tuzata chimirildi.
Hozir yana malomat toshlari yog‘ilishini sezgan Zayniddin hamon qafasga tushgan musichadek javdirar, o‘zini qay yo‘sin himoyalash chorasini qidirar edi. Axiyri, to‘satdan dilida bir jur’at uyg‘ondi-da, yomg‘ir sel bo‘lib yoqqan kuni ro‘y bergan voqeani so‘ylashga kirishdi. Allabir shubha komida tili zo‘rg‘a aylanar, go‘yo bari-barini qayta boshdan kechirayotgandek entikar, g‘ovlagan kallasida, kim ishonardi bu afsonaga, degan fikr aylanishar edi.
Diqqati oshgan Zayniddin a’zoi badanidan asta-sekin qora ter quyildi. Haytovur so‘zlari, uzuq-yuluq yangragan bo‘lsa-da, dilidan chiqibdi shekilli, Rohat Komilovna yuzidan tahdidli ko‘lankalar aridi, saldan keyin bir-bir bosib deraza sari yurdi, tashqarini jimgina kuzatgach, iziga qaytdi-da, ustol g‘aladonidan buklog‘li qog‘oz oldi.
— Sizga atalgan, yaxshi yigit, — dedi keyin xo‘rsinib, oromkursiga og‘ir cho‘karkan. — Tavba qildim-ey. Xo‘sh, haligi... O’likni tegishli idora saranjom qiladi. Qizaloqni yetimxonaga beramiz. Mehrdan qisilsa ham bir kun odam bo‘lar!..
Qing‘ir-qiyshiq bitilgan maktubdan go‘yo urishdan to‘xtayottan yurak sadosi elas-elas eshitilardi. Favqulodda ezgin va zalvarli sado Zayniddin ich-ichida cho‘kib yotgan armon bilan qo‘shilib ketgandek bo‘ldi. Va buni butun vujudi bilan yakqol tuydi, tuyarkan, tunov kuni to‘lgoq paytida Kunsuluv o‘ziga najot istab o‘ksinibgana boqqani va nedir tilagi bo‘g‘zida qolganini xotirladi.
— Opa, tushundim. Shu... Haligi, iloji bormi... marhumani men tuproqqa qo‘ysam!? — dedi nihoyat ikkilanibrok, maktubni ko‘yin cho‘ntagiga solarkan.
— Go‘dagini qaramog‘imga olsam!..
— O’ylab gapiryapsizmi?
— Bola masalasi nozikligini bilaman. Lekin yo‘li topilsa kerak. Oramizda qolsin, quruq qo‘ymayman. Nomard bo‘lay kamida barra po‘stin yopmasam!..
Rohat Komilovna nigohini noma’lum nuqtadan uzdi va bir malolli chimirildi: po‘stinga balo bormi, ukajon? Ayni paytda ayollik qalbi orqali nimanidir payqadi. Hozirgina yangragan ogir-bosiq tovushda nedir shikastalik — taqdirning sovuq bir sharpasi zohir emasmi? Hali uncha e’tibor bermagan ekan: mo‘ltirabgina chaqnayotgan chog‘ir ko‘zlar naqadar horg‘in va naqadar ma’yus!..
Ehtiyotkorlik zarar qilmas, degan o‘yga bordi chog‘i, mudira norasida masalasida aniqroq javob aytmadi. Ayni paytda, haligi taklifdan ko‘ngli o‘sganini ham yashirmadi. Hozircha mayitni beradigan bo‘ldi. Har holda yigit shunisiga ham shukur qildi. Mayli, avval rasm-rusumi bilan sho‘rlik marhumani tuproqqa topshirsin-chi, keyin muruvvatli Egam bir tomonga boshqarar. Chamasi, opaxon achchiq-chuchukni tatib ulgurgan ayol, erta tag‘in bosh egib kelsa, qo‘llab yuborsa kerak.
Umuman, Zayniddin barisi hamirdan qil sug‘urgandek oson ko‘chishiga umid bog‘ladi. Mudira bilan xayrlashayotgan chog‘da ham Tangri madadi bilan og‘iri yengil bo‘lishiga qariyb shubha qilmadi, tinmay urayotgan yomg‘ir seli ko‘llagan hovliga chiqdi-yu, birdan bo‘shashdi. Ko‘z oldidan goh Naima, goh qaynonasi, goh ukalari lipillab o‘tarkan, go‘yo zimziyo chohga quladi. Faqat endi orqaga yo‘l yo‘q: bas, qamishdan bel bog‘lashi, oyog‘i qolib og‘zi bilan yuradigan munofiqlarga zarba berishi, har qanaqa ivir-sivir g‘iybatlardan baland turishi kerak.
Qishloqqa kirganda qil sig‘masdi yuragiga, mashinani darvozaxonada qantarar ekan, badani uvishib sovuqsiradi, ayvonga yetguncha sharros quyayotgan yomg‘irda ividi. Tarnovlardan sharillab tegirmon-tegirmon suv oqardi. Osmon yana gumbirlatib po‘stak qokdi. Yog‘aversin, istaganicha yog‘aversin, baraka-da, deb qo‘ydi ichida. Sal o‘tib ukalari ko‘ringach, quvonish o‘rniga, qovog‘i solindi. Soyayi davlatida semirib yurgan bu bachchag‘arlarga arz-hol qilish o‘limdan ham og‘ir edi. Fursatni boy bermaslik niyatida oxiri noiloj yorildi.
— Yo qudratingdan! Yana bir qaytaring! — qoshlari bir-biri ustiga sapchilab  guldiradi Salohiddin. — Tuzuk eshitmadim, yana bir qaytaring.
— Nimasini qaytaraman?
— E-e, g‘ujala qilmay aniqroq gapiring-da, aka! — oraga hamishagidek suqma qoshiqday so‘qildi Nizomiddin. — Kimni ko‘mamiz deyapsiz?
— Aytdim-ku, uzoq qarindosh... kunidan qolgan bir beva!
Ajabo, og‘zidan shu so‘zlar chiqqan payt ichida nimadir uzilganday tuyuldimi? Rostdan ham o‘sha palla bag‘ri hovuch-hovuch cho‘g‘ yopishganday kuyishib, namdan qaroqlari xiralashdi. Xilvatda yolg‘iz bo‘lsa, o‘kirib yig‘lardi-yov. Buqaday xezlanishni biladigan ukalari dardu holini qayoqdan tushunishsin? Uyalmay-netmay ma’noli ko‘z urishtirib, basharalarini burishtirib o‘tirishdi. Hatto xizmat bor-yo‘qligini surishtirishga ham yaramay juftaklarini rostlashdi. Gumrohlar battar bo‘lishsin, chindan ham o‘shalarga kuni qolgan emas. Hozir o‘zi zipillab machitga o‘tadi, mulla Hayit bilan maslahatlashadi, yordamchisi Musa traktorchini xabarkash kilib tayinlaydi.
Ust-boshi ivib, itdek charchab-toliqib qaytdi-yu, so‘ljaygan gavdasini tappa yupqagina ko‘rpachaga tashladi, hamisha qotib uxlaydigan odam toshta qadar mijja qoqmadi. O’lgur xayoli chuvalanib, har xil qiyofalar o‘g‘irlaydi hushini. Ajabki, ba’zan olisda, g‘ira-shira parda ortida mudira ko‘rinish berar, nogahon u bilan g‘oyibona munozaraga kirishar edi.
Axiyri, zoriqtirgan tong yorishdi, yoru birodarlar to‘planib ulgurmay, biqinida maxsus nishon zarblangan sutrang cho‘zinchoq mashina ko‘rindi. Kattayu kichikni qiziqtirgan, ammo kimligi noma’lum mayit keldi, mayit bilan anglash mahol bir motam keldi. Har kim o‘zicha odob bilan qo‘l bog‘lab, o‘zicha hassakashlik qildi. Kimdir ichi achib yosh to‘kdi, kimdir nomiga oh chekdi, kimdir chekkada kilt etmay bo‘zarib turdi, kimdir malomat bilan shug‘ullandi, jumladan, oydek-oydek kelinlari — Iroda bilan Xayriniso kechroq, odamlar birin-sirin tarqalishgach, oshxonada hasratlasha ketishdi.
Biri tog‘dan, biri bog‘dan sayradi, qisqasi, ovsinlari Naimaxon onasi qornidan baxtiqaro bo‘lib tushgan, bir baloni sezganki, araz-o‘razni katta qilib ketib qolgan bechora! Bemavrid omonatini topshirgan anovi xonimcha Xudo urgan yosuman ekan: tirigini emas, o‘ligini ko‘rsatgani ko‘p alomat hodisa! Bevafo dunyosiga iloyo o‘t tushsin, axir, yaxshi-yomon urchib yotgan shaharda qaysi birovining kundoshi yo‘qligiga kim kafil?!..
Muzdan-da sovuq, tig‘dan-da qattol g‘iybatga guvoh o‘tgan Zayniddin tarsillatib bir urdi peshonasiga, miyig‘ida alamli kularkan, miyasiga qaynoq qon tepchib, ko‘z oldida sonsiz tangachalar jimirladi. Hamon dilini yoritib turgan umid chirog‘i so‘ngandek bo‘ldi, ruhi-joni va vujudi qaqshab, tun bo‘yi o‘zi bilan o‘zi olishdi, aniqrog‘i, ko‘proq xayolan Rohat Komilovna bilan tortishdi.
Tongotarda sal-pal tingan yomg‘ir, motorni yurgizgan hamono, yana savalay ketdi. Rostdan ham osmon teshildi-yov, deb g‘udrandi. Shaharga yetguncha ham, tug‘ruqxona xovlisiga kirganda ham shubha domida edi. Mo‘‘jaz lavha osig‘liq tanish eshikni sekin tiqirlatib qiya ochganda yuragi gupillab tepardi. Oromkursida jurnal varaqlab o‘tirgan Rohat Komilovna sokin jilmayganini ko‘rib andak ruhlandi. Chindan ham mudira chehrasi sal-pal nurlandi-da, janoza qanday o‘tgani bilan qizikdi, so‘ng, muddaosini aytib ulgurmay, beixtiyor nikoh qog‘ozini so‘radi. Ana shunda ko‘ksi bir totli sirqirab, jovillab yosh tiqildi bo‘g‘ziga. Ma’lumotnoma tayyor bo‘lgan hamono mudirani rahmatu tashakkurga ko‘mib tashladi.
Ajabo, mashinasi emas, go‘yo o‘zi qanot bog‘ladi: zuvillab qishloqqa keldi, fuqarolar yig‘ini idorasidan guvohnoma undirdi, qo‘liga mo‘ltirab qaragan kotibni durustgina siylagach, Zarband sari uchdi. Yo‘l-yo‘lakay anchadan beri ustara tegmay nishlagan soqolini silay-silay bir kular, bir to‘rsayar edi. Hali shundoq ham og‘rib yotgan boshida qora kaltak sinishi mumkin. Bemaslahat qadam bosgani uchun ayniqsa Naima shunchaki manglayidan o‘pibgina, qulogini shunchaki burabgina qo‘ymasa kerak.
Ana, u tirs-tirs tomchilar tegayotgan voyish ostida bir qultum suv bilan yutgudek bo‘lib, zulukday qoshlarini xiyol chimirib, nim qizil yupqa lablarini qimtigancha o‘y surmoqda, rang-ro‘yi hamon o‘sha: anchayin zahil tortgan, ma’yusgina boqayotgan tubsiz qaroqlari nafrat va gina-gidirga lim-lim!
Naima qadam tovushini eshitib ilkis seskandi, bir zum hayrat ichra bo‘zarib qolgach, tutqich berishni istamagan kiyikday shitob tisarildi va yelkasi bilan ko‘kimtir temir ustunga urildi. Noxush holat yengil-engil orziqayotgan yigit uchun ayni muddao bo‘ldi, jadal umtilib nozik belidan kuchdi-da, dast ko‘tara borib mashinaga tikdi. Shu zahoti kabina havosi farangiy atrning muattar bo‘yiga belandi.
— Bu nima qiliq, bosqinchi? — yig‘lamsirab-yulqinib qichqirdi Naima. — Sizni ko‘rgani ko‘zim, otgani o‘qim yo‘q!
— Xudo xayr bergur, avval eshitsang-chi! — dedi Zayniddin, tezlikni oshirar ekan. — Otish bo‘lsa qochmas!
— To‘xtating, tushaman! — Naima baralla ho‘ngravordi va birdan rul chambaragiga yopishdi. — To‘xtating! Men baxtikaro bepushtni boshingizga urasizmi? Bitta zormondani ko‘mgan bo‘lsangiz, yana bittasini topib olgandirsiz!
Izzat-nafsi simillab ketsa-da, Zayniddin indamadi. Naima ko‘ksida uyilib qolgan alamlarini to‘kib, har so‘zini bigiz qilib sanchganda ham miq etmadi. Faqat har zamonda yon tarafdan sinikqan betiga tikilib xo‘rsinar, o‘zi kabi uning aqlu idrokini ham bosib yotgan armon nechog‘li zalvarli ekanligini chamalar edi.
Noliy-noliy toliqdi chamasi, Naima oxiri jim bo‘ldi, hatto yuragini bo‘shatgani tufayli bir oz osuda tortdi. Mashina qo‘sh tabaqali darvoza bo‘sag‘asida to‘xtaganda avval e’tibor bermadi, keyin peshtokda ilingan lavhani ilg‘adi-da, yana avzoyi o‘zgardi. Dili tubidan nogahon bodragan xo‘rsiniq dunyoni ko‘mib tashlaganday tuyuldi. Bag‘ri choklangan Zayniddin o‘krab yuborayozdi. Axiyri, chidolmay cho‘ntagidan haligi xatni olib uzatdi-da, darvoza sari yo‘naldi. Hovli to‘riga bo‘ynini qisib shoshilarkan, go‘yo olisdan eshitilayotgan ovoz yuragi torlariga tegib-tegib ketar edi.
«Zayni aka, sizni atigi bir marta ko‘rdim. Erim haydagan yomg‘irli kunda. Taqdirim shu ekan, armon bilan ketyapman. O’ligim ko‘chada qolishi yoki oxirat azobidan qo‘rqmayman. Faqat birgina falokat — yorug‘ dunyoga kelgan go‘dagim xoru zor bo‘lishidan qo‘rqaman. Iloyo, Xudoyim undan shafqatini ayamasin!..»
Allabir sehr og‘ushida Zayniddin goh hushiga kelib, goh hushini yo‘qotayotgan, g‘am-anduhga botgan va chor-nochor qo‘liga qalam olgan Kunsuluv holatini tasavvur qildi. Sho‘rlik ayol armoni yonida nedir umid ham ola ketganiga o‘zini o‘zi ishontirdi-da, bir hayiqib, bir dadil tanish eshikka yaqinlashdi. Ichkari bo‘sag‘a o‘ng tarafida joylashgan postida jonsarak turgan navbatchi kampirga tortina-tortina muddaosini aytgach, sabrsizlik bilan kuta boshladi.
Hademay poyandoz to‘shalgan yo‘lakda oq xalat kiygan, qirovlagan bo‘liq sochlari ajin tegmagan tiniq betiga muvofiq tushgan Rohat Komilovna ko‘rindi. Bugun mudira chiroyi ham, qadam olishi ham boshqacha ekanligini payqash qiyin emasdi: ko‘nglini yoritgan sham yog‘dusi shundoq rang-ro‘yiga ko‘chgandi. Yonma-yon odimlayotgan do‘mboq hamshira yo‘rgak ko‘tarib olgan bo‘lib, quvonchdan ko‘zlari porillar va tinmay bidirlar edi.
— Qarang, akamullo, mittigina-ya! Vay, o‘zim o‘rgilay, dadajonga bir kulon-kulon qib beysinla! Kulon-kulon!..
Zayniddin o‘zini yo‘qotib qo‘ygandek sarosimada: boshi uzra go‘yo chaqmoq chaqib, yuragi qinidan otilib chiqayozgan! «Ey, Xudojon, madad bergil, madad!» — deb takrorlardi nuqul ko‘nglida. Saldan keyin shoshilib cho‘ntagini kovladi. Mudira, u jimgina iljayib uzatgan hujjatlarni ko‘zdan kechirarkan, bag‘ri to‘lib qolgani bilan qutladi, qoshu kiprigiga gard qo‘ndirmay o‘stiring, yaxshi joylarga uzating qabilida ezgu tilaklar ayta-ayta zinaga qadar kuzatib qo‘ydi.
Rohat Komilovna bilan xayrlashgan chog‘dayoq shundoq ko‘z oldida yorug‘ olam butunlay o‘zgarib ketgandek tuyuldi. Ushoq jonning issiq nafasi faqat dilini emas, gird-atrofini o‘ragan dunyoni ham ajab bir inqilobga g‘arq aylagan edi. Yo‘rgak haroratini butun vujudi bilan teran his etar, qo‘rqib-qo‘rqib qadam bosar, sarxush kabi gandiraklar va boshi girillab aylanar edi. Nazarida hozir o‘zini jamiki tirik jon to‘lib-toshib muborakbod qilardi, hatto daraxt shoxlarida qo‘nib chug‘urlashayotgan son-sanoqsiz qushlar ham!..
Shoshilmaygina alanglab yo‘rg‘alayotgan Naimani ko‘rib allaqaeridir jizillab ketdi, hayajonini bosolmay, og‘zi qulog‘iga yetib, nedir muddaoda asta chaqaloq betini ochdi, ocharkan, endi faqat dunyo emas, ko‘ngli ham yanada boshqacha yorishgandek bo‘ldi.
Notanish ayol xatini o‘qigandan keyin Naima o‘pkasi to‘lib ancha yig‘lagan chog‘i — ko‘zlari qizargan, qovoqlari ko‘pchigan edi. Tamshanib qo‘yayotgan go‘dakka nigohi tushgan hamono bir entiqdi, uning rangpar chehrasiga mahliyo bo‘lib uzoq termilgach, puchuq burunchasiga asta barmogini tekkizdi, bir mayin maysalagan qoshlariga ham tekkizdi.
— Vay, namuncha shirin? — dedi shivirlab. — Ismi nima?
— Kunsuluv! — javob qaytardi Zayniddin. — Yarashibdimi?
Naima mamnun bosh irg‘adi-da, kifti tog‘dek baland ko‘tarilgan eridan chaqaloqni avaylab oldi. Shu zahoti go‘yo qachondan beri rutubat cho‘kib yotgan ko‘ngliga chiroq yoqilib, siynasiga bahor oftobi nuriday iliq va yoqimli sharora quyildi.
Tez orada temir toychoq shaharni ortda qoddirdi va trassa bo‘ylab yelib ketdi, olisdan yomg‘irda tozargan qiru adirlar etagida yastangan qishlokdari ko‘zga tashlandi, shunda nigohi quvnagan Naima ko‘ksida haligi sharora yana ko‘pirdi, yana g‘alati orziqdi-da, kipriksiz ko‘zlarini chirt yumgan Kunsuluvni intiqlanib quchdi...
Zaynidtsin hoziroq ukalariga bor gapni aytmoqchi edi, lekin ular panadan-panaga qochib yurishganini eslab aynidi. Egasi ko‘chib ketgandek huvillab yotgan hovlida dastlabki onlarda Naima o‘zini begonadek tutayotganini sezib anqovsiradi, hatto o‘zi ham ancha muddat taraddudlanib qoldi. Necha yillik gurmushlariga shohid o‘tgan uy go‘yo qovoq uyib bo‘zarar, ustiga ustak, chor-atrof allatovur befayz tuyular, ayvon-oshxona va bo‘lmalar qo‘qib-to‘zib yotar, oyoq bosgani joy yo‘q edi.
Nogahon Kunsuluv chirillab yig‘lab yuborgach, kutilmagan hodisa ro‘y berdi: hovli-haram go‘yo osmonu falakdan yemg‘ir o‘rniga sim-sim yog‘ilayotgan shu’laga chayina boshladi.
Naima darhol kukundan quyuqqina sut hozirladi, emizg‘ini Kunsuluv og‘ziga solarkan, nimadir qovushmay o‘ng‘aysizlanar, siynasi osti bir g‘alati achishar edi. Hademay chaqaloq miriqib to‘ydi, osuda tortib beozorgina uxlab qolgach, Naima o‘zi kabi patak-paymona bo‘lgan, bir joyda o‘tirolmay javdirayotgan eriga qarab kulimsiradi. Ushbu damda go‘yo ikkovlon taqdir ko‘ndalang qilgan favqulodda qiyin imtihondan bir amallab o‘tgan edi.
Baraka topgur Naima anchagina uquvli chiqdi: tez orada o‘zini dadil va emin-erkin tutadigan bo‘ldi. Odam tanib, hatto yupqagina lablarini burib jilmayishni odat qilgan Kunsuluv yonida ruhi bir yengil, suyagi bir tetik edi. Endi u chindan ovunchog‘iga aylandi. Sira bag‘ridan qo‘ymasdi, jildirab boqadigan ko‘zlaridagi ma’sumlik joniga quvvat bag‘ishlardi. Emizg‘ini qizg‘anibgina so‘rayotganda birdan to‘liqib ketar, uxlatar chog‘i berilib alla aytar, yoqimli ohanglar toshib-toshib yuragi to‘ridan yangrar edi. 
Zayniddin erta-kech Naimani zimdan qiziqsinib kuzatadi, keyingi kunlarda u yosharib ketganini sezib, ko‘nglida o‘ralib yotgan chigillar yechilib boradi. Aql bovar qilmas sevinch va g‘ururdan boshi ko‘kda! Qolaversa, endi o‘zi ham boshqa odam: qadam olishlari o‘zgardi, ko‘z o‘ngida anduh, g‘am-g‘urbat va iztirobdan ayri ajib olam o‘rnashdi. Faqat goho Oysha xola yodiga tushib mung‘ayib qoladi, axir, kampirsho mojaro qo‘zg‘ashi va ko‘ngillarini xufton qilishi ehtimoldan xoli emas. Oxiri xavotirini bo‘lishdi. Bor vaqtini go‘dakka sarflab hatto o‘zini unutgan xotini ham avval sal bo‘shashdi, keyin jo‘yali maslahat berdi: dangal bo‘lasiz endi, dadasi!
To‘g‘risi ham shu edi. Yana ham tikroq tutdi qaddini. Zarband sari g‘izillab jo‘nadi. Bari bir, ishqilib orqasi tutib quvlamasin-da, degan o‘y tinchlik bermasdi. Ammo bekor tashvish chekibdi: Oysha xola bo‘sag‘ada quloch yozib qarshiladi. Ko‘pdan beri birinchi marta kuyovini o‘tqizgani joy topolmay shoshdi. Yelib-yugurib dasturxon tuzagach, barini eshitganini yashirmadi, hatto bironta suyunchi so‘rab ostonasiga qadam bosmagani uchun ginaladi. Yana ham qizig‘i, jo‘nar payti so‘ramay-netmay asta mashinasiga qo‘ndi, shu kungacha borib qizini qutlamagani, nevarasini erkalamagani uchun aybdor ekanini qayta-qayta ta’kidladi.
Oysha xola oshiqib bo‘sag‘a hatlagan pallada go‘yo peshonasida quyosh balqigan, bo‘yi bir qarich o‘sgan edi. Hozirgina uyg‘ongan norasidani entikib bafiga bosarkan, yelkalari asta-asta titranib, ajin tilimlagan yonoqlaridan mildirab yosh dumaladi.
Qaynonasi qurmagur uyi to‘rini bermay qo‘ydi, Naima bilan birga ertayu-kech Kunsuluv yonidan jilmasdi. Soat sayin to‘lishib borayotgan go‘dak kulgisi va yig‘isi uzoq gazaklagan armonini allaqachon ko‘ksidan surib tashlagan edi. Harqalay kampir qushdek yengil tortgani Zayniddin uchun alohida mukofot bo‘ldi va bahonada shu mushfiq jon onasi o‘rnida ona ekanligini ham e’tirof etdi. Ko‘klam adog‘ida uni bosh-qosh qilib qirqni o‘tkazgach, diliga tugib qo‘ygan niyatini ushatish uchun kirishib, bir shanbada barchani beshikto‘yga chorladi. Do‘stu dushman ko‘ziga sarfu xarajat borasida qisinmadi, muhimi, so‘zida turib, xotirida bir farishta kabi o‘rnashgan Rohat Komilovnani yo‘qladi. Opaxonni izzat-ikrom bilan mashinasida mindirib keldi-da, egniga yal-yal tovlanadigan barra po‘stin yopdi.
Ma’raka kech soat o‘nga yaqin tarqadi, ukalari qora bermaganini aytmasa, rosa tartibli o‘tdi. Yarim tungacha tengqur jo‘ralari bilan yana ezib-ezib hangomalashdi. Axiyri, ular ham jo‘naganda, o‘larday charchagan bo‘lib, oyokda arang turardi. Dahlizda, Kunsuluv belangan beshik yonida suhbatlashib o‘tirgan Naima bilan qaynonasiga xayrli istaklar aytib, jimgina yotoqqa kirib cho‘zildi va hayal o‘tmay kipriklari yumildi.
Tush ko‘rsaki, ayni tong pallasida bir shivalab, bir chelaklab yomg‘ir yog‘armish, marhuma — yupqagina kiyingan Kunsuluv, lablarida iliq bir tabassum, keng dala bo‘ylab urina-surina odimlarmish, nari tomondan tuldor shamsiya tutgan Naima ildamlab kelarmish, Kunsuluv unta bir dona atirgul va bir dona olma uzatib g‘oyib bo‘lganmish!..
Alomat tush go‘yo tasavvuriga toabad nakshlandi. Ertayu kech xayolidan Naimani qarshilash niyatida yomg‘irda ivib, kula-kula, allabir mushtokdik bilan oshiqayotgan Kunsuluv sira jilmas edi. Xar soniya u go‘yo yonginasida nafas olayotgandek tuyular yoki panadan har bir harakatini diqqat bilan ta’qib qilar edi...
Bugun Zayniddin daladan ancha barvaqt qaytdi, allakachon atak-chechak bo‘lib qolgan, qorasini ko‘rgan zahoti qo‘l cho‘zib talpinadigan Kunsuluvni sog‘ingan edi. Hoziroq erkatoyini to‘yib-to‘yib bag‘riga bosishni, yorug‘ dunening tugamaydigan tashvishlaridan bir tsam uzoqroqqa chekinishni o‘ylab darvozadan kirdi-yu, angraygancha to‘xtadi.
Axir, burma yoqali sakkiz tepki atlas ko‘ylak kiygan Naima ro‘parasida qizil guldek ochilib-sochilib turar, surma surilgan tubsiz ko‘zlari ham sirli, ham g‘amzali boqayotgan edi. Saldan keyin hayratini yana ham oshirib, xandon kula-kula, hovli o‘rtasida xiromon aylana boshladi.
— Nordon olma yegim kelyapti, nordon olma, akajon!..

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.