OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asqad Muxtor. Qodiriyni ko'rganman-u (hikoya)

Men Abdulla Qodiriyni ko‘rganmanu ko‘rdim, deb aytolmayman. Bunga Hakim Nazir aybdor.
Marg‘ilon bozorining beshik rastasi shinam choyxona bo‘lar edi. Domlam Obidjon aka bilan bitta non, bir hovuch mayiz olib, endi choy chaqirgan edik, domla:
— Ana, u yoqqa qara...—deb qoldilar shivirlab,— Abdulla Qodiriy o‘ltiribdi.
Men qaradim ikkita soddagina, do‘ppili kishi shaxmat surishyapti. Shu o‘yinga juda berilgan paytim, gazetada chiqqan chigil masalalarni yechib, grosmeysterlarning o‘yinlarini tahlil qilardim. Haligilarning taxtasiga qarasam — juda qiziq vaziyat!... Alyoxin bi-lan Kapablankaning mashhur partiyasi-ku bu!
— Narigisi yutadi — dedim.
— O’shanisi Qodiriy-da,—dedi Obidjon aka.
Mening fikri-zikrim taxtadagi vaziyatda edi,— shu vaziyatda buyuk Kapablanka taxtdan yiqilgan.
Qodiriyni ko‘rdimu ko‘rdim, deb aytolmayman.
Buning Hakim Nazirga nima dahli bor, dersiz? Haknm aka «Lenin uchquni»da ishlardilar. Shu gazetada chiqqan xabarlarim uchun qalam haqi o‘rniga (pul bolani buzadi, degan bo‘lsalar kerak) u kishi menga shaxmat yuborganlar. Donalari jajji, yiltiroq, taxtasi sirlangan. Bunaqasini ko‘rmagan edim, Qo‘ltig‘imda olib yurib, shu o‘yinga ruju qo‘ydim. Bolalik zkan-da...
Bolalik ham qoldi. Shaxmat ham qoldi. Qodiriy esa umrim, kasbim, taqdirim...
Bunday bo‘lishini kim bilib o‘tiribdi deysiz!

1992 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.