OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aziz Norqulov. Toshdevor va antenna (hajviya)

Uydagilarni sog‘insam yoki cho‘ntakda shamol aylanib qolsa, dadamning qo‘l telefonlariga qo‘ng‘iroq qilaman. U yoqdan chiroyli ovoz eshitiladi: “Telefon xizmat ko‘rsatish doirasidan tashqarida.”. Ie, har gal shu, keyingi paytlarda dadam ham...
Shunday deymanu qishlog‘imizda qo‘l telefonlarining antennasi birovga tutqich bermasligini yaxshi bilaman. Bitta hamqishlog‘imiz uyiga kattakon antenna o‘rnatgan ekan, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni gaplashaverib, oxiri “bankrot” bo‘libdi. Shundan keyin “sotka” deganlari chiqib, hammaning og‘zi qulog‘iga yetdi. Ammo bu yangilikning ham nag‘masi ko‘p ekan. Uydagilar men bilan gaplashmoqchi bo‘lishsa, antenna chiqadigan joy izlab, qirma-qir oshishadi.
Bir gal odam xijolat tortadigan voqea yuz bergan. Shahardan mehmonlar keladigan bo‘lib qolishdi. Uyimizni aniq bilishmaydi. Telefonda yo‘l ko‘rsatib turishning iloji yo‘q. Tomning ustiga chiqib, bog‘langanday bo‘ldik, ammo gap gapga ulanmadi, uzilib qolaverdi. Yo‘lga chiqishgan ekan. Mashinaga o‘tirib, bir-ikki qir oshib, katta jarlik yoqasida kutib turibmiz, qani endi ko‘rina qolishsa. Telefon qilsak, nuqul “xizmat doirasidan tashqarida” degan gapni eshitamiz. Qosh qorayganida uyga qaytsak, mehmonlar yetib kelib, bitta qo‘yni paqqos tushirib bo‘lishibdi.
Qishlog‘imiz toqqa yaqin emasmi, qo‘l telefonida rosmana gaplashib bo‘lmaydi. Pastroqda yashaydiganlar maqtanib qolishadi:
— Bizning tomda antenna to‘la chiqadi, miriqib gaplashasan.
— Bizniki qiziq, hovliga chiqib, katta xarsangtosh ustiga ko‘tarilsang, shunaqa tiniq eshitiladiki...
— Qo‘shnimning devorini tagiga borishim bilan antenna ko‘rinadi, sal qimirlasang yo‘qoladi.
Qishloqqa borsam, eng avvalo, shaharga telefon qilish uchun qaerda antenna yaxshi chiqishini bilib olaman. Shunaqa uddaburonlar paydo bo‘libdiki, qaysidir telefonga SMS yuborib, telefonlarini qo‘llarida o‘ynatib, to‘lqin tutishadi. Bir gal qish payti, molxona tomiga chiqib, to‘lqin tutayotgan edim, oyoq qurg‘ur sirg‘anib, pastga shunaqa sho‘ng‘idimki...
Qishlog‘imizning o‘rtasida toshdan qilingan devor bor. Qir tomonga o‘tishga eringanlar, tomga, daraxtning ustiga chiqolmaydiganlar shu joyga kelib, devorning ustiga turnaqator bo‘lib tizilishadi-da, shaharga, tuman markaziga, yana allaqaerlarga qo‘ng‘iroq qilishadi. Birov hingir-hingir qiladi, boshqa birov tomog‘ini qirib gaplashadi. Berilib ketib devordan pastga qulaganlar qancha.
Mana, bugun ham dadamga telefon qilayapman. Pul tugaganiga ancha bo‘ldi. Ammo bog‘lanishning iloji yo‘q. Nuqul: “Telefon xizmat doirasidan tashqarida” deydi qizi tushmagur. “Dadangiz toshdevordan ancha uzoqda” desa bo‘ladi-ku? Yo qishloqdoshlar devorni buzib, o‘rniga zamonaviy telefon stantsiyasi qurishayotganmikin-a? Shunday bo‘lishi ham mumkin. O‘tgan gal borganimda qulog‘imga chalinganday bo‘luvdi. Shunday bo‘lsa bormi, rosa miriqib gaplashamiz-da...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.