OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bibi Robiya. Kuz yomg‘iri (hikoya)

Shahar g‘ala-g‘ovuridan o‘zini chetga olgan bu do‘koncha ko‘hnagina maktab biqinida, ko‘p qavatli egizak binolar o‘rovida joylashgan edi.
To‘rt faslga moslangan poyafzallar bilan to‘ldirilgan do‘konning doimiy yordamchilari – soniyalar, soatlar, kunlar – bozorga borishga erinadigan, zarurat tug‘ilgandagina oyoq kiyim esiga tushib qoladigan xaridorlarni tinimsiz yetaklab kelardi. Shunga qaramay, do‘koncha, daromadidan ko‘ra kirib chiquvchilarining ko‘pligi bilan maqtanishi mumkin edi, xolos. Vaqtning xaridor chorlashdan tinkasi qurib qolgan paytlarda sotuvchi ayol qo‘liga kitob olardi. Eskirib, titig‘i chiqib ketgan bu kitob bilan u ancha yillardan beri suhbatlashib keladi. Suhbat-mutolaa har gal poyoniga yetgach, yana qayta boshidan tushishar, bu esa ayolga bir hayotni takror-takror yashayotganga o‘xshab tuyulardi. Lekin u bundan zerikmas, hatto ko‘nikib ketgan edi.
Har kuni do‘kon oldidan butun orzulari amalga oshishiga ishonadigan bolakaylar, horg‘in va xotirjam yuzlariga o‘tmishlari bitilgan keksalar, umrdan o‘z ulushlarini olib qolish ilinjida yurgan erkagu ayollar betinim o‘tib turishar, do‘kon oynasi go‘yo ekranu, ayol xuddi so‘zsiz film tomosha qilayotgandek bo‘lar va o‘zining bu tasavvuridan miyig‘ida kulib qo‘yardi.
Ayolga eng zavq bag‘ishlaydigan narsa – yonginasidagi maktab qo‘ng‘irog‘ining jarangi va do‘kon oldidan goh bir-birini quvlagancha, goh sho‘x kulgulari bilan yeru osmonni to‘ldirgancha o‘tib ketadigan o‘quvchilarni tomosha qilish edi. Ularni ko‘rgach, xotira kitobidagi qariyb unutilayozgan qaysidir sahifalar ochilardi...
Mana, do‘kon yonidan qirq yoshlar chamasidagi qotmadan kelgan bir ayol yetti-sakkiz yoshlardagi o‘g‘lini yetaklagancha o‘tib ketyapti. Nogahon ayol taqqa to‘xtadi. Nigohlarini do‘kon ichiga yo‘lladi. So‘ng yana ko‘zlarini yerga tikkancha bir-ikki qadam tashladi. Yana to‘xtadi. Go‘yoki kimdir uni goh oldinga, goh orqaga tortqilardi. Oxiri oyoqlari uni do‘kon eshigiga boshlab keldi. Ayol bo‘sag‘ada turarkan, ijozatomuz nigoh bilan ichkariga qaradi. Sotuvchining: “Assalomu alaykum, marhamat, kiringlar, bemalol yoqqanini tanlab olaveringlar”, degan lutfidan keyin ostona hatladi. Bolakay esa bunday antiqa joyga kelib qolganiga quvonib, onasining qo‘lidan yulqinishga urinardi. Ayol kuzgi poyafzallarni o‘zgacha bir havas bilan ko‘zdan kechira boshladi: mana yaltiroq charmlisi, yon tasmachalariga rangli toshlar yopishtirilgani, poshnasi balandi, uchi qush tumshug‘iday cho‘zilganiyu gul shaklidagi mato bilan bezatilgani. U o‘zini muzeydagi qimmatbaho eksponatlarni tomosha qilayotgandek tutardi. Do‘kon burchagidagi oxirgi saflarda turgan bir tufliga ko‘zi tushganda ayol taqqa to‘xtadi va unga tikilib qoldi. Hech qanday bezaksiz, odmigina bu tuflining o‘tgan yilgi mavsumdan “meros” bo‘lib kelayotganidanmi, narxi arzonroq edi. Ayol beixtiyor qo‘lini tufliga uzatdi-da, nimadandir istihola qildimi, darhol tortib oldi va so‘radi:
– Bu... qancha turadi?
Savolni berdiyu butun vujudi quloqqa aylandi. Sotuvchi aytgan baho juda arzon edi. Ammo narxni eshitgan ayol bexosdan kaftlari orasidagi jajjigina qo‘lchani qattiqroq qisib yubordi. Uning soniyalar ichida o‘tgan butun iztiroblari ana shu tarzda ifodalangan edi. O‘g‘li kutilmagan og‘riqdan chinqirib yubordi. Ona darhol jajji barmoqchalarni siladi va sotuvchiga xijolatomuz tabassum qilgancha do‘kondan chiqib ketdi. Ana shu daqiqalarda ayolning uringangina ko‘ylagi va nimdoshgina poyafzaliga ko‘zi tushgan sotuvchining ko‘ngli allanechuk bo‘lib ketdi.
 Bugun savdo g‘ildiragini aylantirishga vaqtning ham qurbi yetmadi. Kichkina qizi shamollagan, do‘konni ertaroq yopib uyiga jo‘nash kerak. Shunday qildi ham.
“Sahar tursang, ishlaring yurishadi, rizqing ko‘payadi”. Bu gapni onasidan ko‘p eshitgandi. Shuning uchun do‘konini bugun odatdagidan erta ochdi. So‘ngra qora bulutlar kuzatuvi ostida do‘koni oldiga suv sepib supurdi. Vaqt xaridor chorlash bilan ovora ekan, u ichkariga kirib kitobini qo‘liga oldi. Ammo xonaga bostirib kirgan yerning nam hidi ruhini allaqayoqlarga chorlagandek bo‘ldi. Qishlog‘idagi tanish manzaralar ko‘z oldidan o‘ta boshladi. Sotuvchi to‘yib-to‘yib, chuqur-chuqur nafas oldi-da, ko‘chada mudrayotgan hayotning uyg‘onishini kutib ko‘zini kitobga tikdi.
Shamol oyog‘i kuygan tovuqdek u yoqdan bu yoqqa yugurardi. Kun peshinga yaqinlashgan. Sahar turmoq hikmatini peshma-pesh sotilayotgan tovarlari tasdiqlab turardi. Sotuvchi do‘kondagi ikki xaridor bilan andarmon bo‘lib turganida bahaybat qora mashina savlatiga yarasha ovoz bilan “g‘iyq” etib do‘kon oldida to‘xtadi. Mashinaning orqa eshigidan o‘zgacha rusumdagi maktab formasi kiygan o‘n to‘rt-o‘n besh yoshlardagi qizaloq va old eshikdan boshidagi kepkasini to‘g‘rilagancha bashang kiyingan bir kishi tushdi. Ayol ularni do‘kon ichiga kirib kelgunlariga qadar kuzatib turdi va shuncha dabdabaga yarashmagan hissiz yuzlariga qarab, ularning suratini chizgan “rassom”ga istara, quvonch ranglari yetishmay qolganiga taajjublandi. Go‘yoki bunday odamlarning yuziga suv sepib o‘ziga keltirish kerakdek tuyulardi. Do‘konga kiriboq ota hali tanlanmagan tufli uchun orqa cho‘ntagidan bir bog‘lam pulni qo‘liga oldi. Qizcha kutilganiday yuqorigi qatorda, alohida mavqe egallagan poyafzallarga ko‘z yugurtirdi-yu, ham narxi, ham poshnasi boshqalariga qaraganda anchagina baland bo‘lgan tuflini barmoq uchlari bilan ko‘rsatib:
– Ana shuning o‘ttiz yettisini bering, – dedi.
Sotuvchi talabni bajarishdan oldin beixtiyor qizning oyoqlariga nazar tashladi. Oyog‘idagi bejirimgina feruza toshli tuflisi bilan qo‘lidagi sumkasining rangi bir xil edi. Qiz tanlaganini kiyib ko‘rar ekan, yuzidan qisqa muddat ichida tabassum yugurib o‘tdi:
– Buni kecha olib bergan marjoningiz bilan ham kiysam bo‘larkan. O, mana bunisini ham olaman. Uyimiz yonidagi do‘konda shunga mos sharf ham ko‘rgandim.
Ota poyafzallarning narxini so‘rab, sotuvchiga pul tutqazdi...
Qora bulut, nihoyat, dard yordi: sharros yomg‘ir quyib yubordi. Sotuvchiga tanish bo‘lgan maktab qo‘ng‘irog‘i jarangladi. Bugun daromad nisbatan mo‘l bo‘lganini o‘ylab o‘tirar ekan, eshikdan bolasini yetaklagancha o‘sha tanish ayol kirib keldi va peshonasidan sizayotgan yomg‘ir tomchilarini artarkan, ostonadan bir qadam o‘tib to‘xtadi. Sotuvchi ona-bolani darhol tanidi va ochiq chehra bilan ularni ichkariroqqa taklif qildi. Ayol yuzida qotib qolgan nim tabassum bilan o‘g‘lini yetaklagancha qil ko‘prikdan o‘tayotgandek ehtiyotlik bilan yurib burchakka bordi va o‘sha ilgari ko‘rib ketgan tuflisiga bir muddat tikilib turdi. O‘g‘li esa, ko‘chada yomg‘irda qolgani yoqmaganmi, jimgina turar, hech narsaga qiziqmasdi. Onasi ko‘zini yerdan uzmagan ko‘yi tuflining narxini yana so‘radi. Bola sotuvchi og‘zidan yana o‘sha narx yangragunga qadar bo‘lgan muddatda onasining yurak tovushini eshitdi. Sotuvchi o‘sha raqamlarni qaytararkan, nima uchundir xijolat tortdi. Shunda farzand nigohlarini onasining oyoqlariga qadadi. Bola onasining shuncha yillardan beri kiyilaverib orqasi ezilib ketgan, old va yonlaridagi ba’zi joylarning choklari so‘kilgan oyoq kiyimini ko‘rib, goh onasi yuziga, goh yerga tikilardi, tikilgani sayin ko‘zlaridagi mung quyuqlashardi. Va shu lahzalarda bolaning bolaligi yomg‘irga ham qaramasdan hech qachon qaytmaydigan bo‘lib do‘kondan chiqib ketdi.
 Ayol o‘g‘lining ruhiyatida nimadir chil-chil singanini onalik qalbi bilan sezdi-yu, sotuvchiga minnatdorchilik bildirgancha tez-tez qadamlar bilan do‘konni tark etdi. Sotuvchi yuragida esa noilojlik donlarini tortqilayotgan saf-saf chumolilar g‘imirlardi.
Do‘kon oldiga bugun ham farrosh bulutlar saharlab suv sepgan. Ichkarida esa sotuvchi ayol qo‘lidagi kitobning sahifasini ochgan ko‘yi bir nuqtadan ko‘zini uzmay xayolga tolgan.
– Assalomu alaykum, horma endi!
 Noxos eshitilgan ovozdan ayol seskanib tushdi. Qarasa, erining janozasidan beri diydorini ko‘rmagan, aniqrog‘i, diydorini ko‘rsatmagan tog‘asi. Ayol quvonganidan yugurib tog‘asiga peshvoz chiqdi. Tog‘a esa butun sog‘inchini ohistagina qo‘l uzatish bilan izhor ayladi. Ancha davom etgan salom-alikdan so‘ng tog‘asi katta qornini ehtiyotlab stulga o‘tirarkan, muddaoga ko‘chdi:
– Yaxshi!.. Yaxshi do‘konni ijaraga opsan deyapman. Balli, ayol boshing bilan eplayapsanmi, qandingni ur. Bungacha qanday qiynalganingni eshitib, rosa achinardim. Ko‘chib ketganingdan so‘ng, mana, uzoq-yaqindan surishtirib do‘koningni topdim. Ko‘rdingmi, boy bo‘lish – qarindoshlarni topishning oson yo‘li, ularning o‘zi seni izlab kelishadi. Ana shunday boyishda davom etsang, boshqa qarindoshlaringniyam ko‘rasan, – miyig‘ida kuldi tog‘a. – Xullas, gap bundog‘: ko‘rib turganingday kuz seryog‘in keldi. Ana bu jonivorni kiyib yurganimga esa ikki yil bo‘lyapti, – u oyog‘idagi tufliga ishora qildi. – Shunga-a-a, bir baquvvatidan, sovug‘u yomg‘irga chidaydiganidan topib ber! Pul begona bo‘lmasin deyman-da.
Yuragi hapqirgancha turgan jiyan tog‘asiga istaganidan ziyodasini topib berdi. Ammo tog‘asining ko‘zlaridan o‘zi istaganini topa olmadi. Qaerlardir, kimlardir, nimalardir haqida so‘ragisi, suhbatlashgisi kelar, ammo tili unga bo‘ysunmasdi. Tog‘a ancha muddat poyafzalning pishiqligini, loyiq-loyiqmasligini sinagach, tufli solingan qutini qo‘ltiqlagancha o‘rnidan turdi:
– Mayli, jiyan, ana shunday shijoatni yo‘qotma. Lekin, onang rahmatlikni o‘zi bo‘libsan. Rahmat, ertaga o‘g‘lim bor-ku – Toshtemir akang, pulini tashlab ketadi. Bo‘pti, yaxshi qol!
Quyuqqina xayrlashgan tog‘asi qo‘lini silkita-silkita tezda do‘kondan yiroqlashdi. Ayol tog‘asining orqasidan kuzatar ekan, yomg‘irga ham qaramay shoshgancha chilp-chilp etib, ehtimol qaytmas bo‘lib ketayotgan oyoqlarga qarab qoldi. Tog‘asi chekkaroqda kutib turgan kulrang mashinaga o‘tirdiyu jo‘nab ketdi. Yomg‘ir esa boshi egik holda turib qolgan jiyanni allanimalar deb ovuta boshladi. Ayol yuzidagi yomg‘ir tomchilarimi, ko‘z yoshlarimi, farqlay olmagancha do‘konga qaytdi.
Bugun ertalabdan beri tog‘asining kechagi gaplarini hazm qilolmay og‘rinib yurdi. Xaridorlar bilan ham gaplari qovushmadi. Kecha berilgan va’da tufayli bu kun do‘kon odatdagidan yanada ertaroq ochilgan. Kirib keladigan har bir xaridordan tanishlik belgisini qidiraverib ko‘zlari ham toliqdi. Ana shu charchoqlarni, bir zumga bo‘lsa-da, haydab soladigan maktab qo‘ng‘irog‘i chalindi. Mana, eshik oldidan beg‘am bolalik o‘tib-qaytishni boshladi. Sotuvchi zavqlanib goh ularni kuzatar, goh savdosiga sho‘ng‘irdi. Do‘konga ozg‘in yuzlariga kuzning rangi singib ketgan bir bola kirdi-da, iymanibgina oxirgi qatorlardan birida turgan poyafzal tomon yura boshladi. Sotuvchi tanidi, axir bu o‘sha bola-ku! Faqat yonida onasi yo‘q. O‘zi kelibdi. Bola birov eshitib qolishidan cho‘chiganday ohistagina:
– Bu nechchi pul? – dedi.
Ana shu bir og‘iz gap sotuvchining shilingan yuragiga tuz sepdi. Sotuvchi mayin ohangda o‘sha arzon va sovuq raqamni takrorladi. Shunchaki tomoshaga kirgan ayollar o‘g‘il bolaning ayol poyafzalini so‘raganiga eshitilar-eshitilmas kulib qo‘yishdi. Bola tezda orqasiga o‘girildi-da, chiqib ketdi. Sotuvchi ayollarga qadalgan naf­ratomuz nigohlari bilan ularni do‘konni tark etishga majbur qildi. Kitobni qo‘liga olgisi kelmadi, xaridorlar bezovta qilmaguncha o‘zi bilan o‘zi suhbat qurdi. Kechgacha ko‘zlari to‘rt bo‘lib tog‘avachchasini kutdi. Yana adashib ketmasin deya har zamonda tashqariga chiqib, ko‘chaning boshi va oxirini ko‘zi bilan kezib chiqdi. So‘ngra o‘zini o‘zi koyib qo‘ydi: “Axir tog‘am-ku, tavba qildim, nima xayollarga boryapman-a. Ehtimol bugun ishlari chiqib qolgandir”. Uyiga qanday yetib borishini o‘ylamay, bugun do‘konni juda kech yopti. Kechasi: “Bugun tushlikka ikkita somsa olib kelgani birrov chiqqandim. Balki o‘sha payt kelishgandir”, degan o‘ylar bilan o‘zini tinchitishga urindi.
Do‘kon ertasiga kechagidan-da erta ochildi. Ba’zan yomg‘irning shitirlab yog‘ishi qadam tovushlariga o‘xshar va sotuvchining umidvor ko‘zlari bo‘sag‘aga yugurardi. Peshin yaqinlashyaptiki, darak yo‘q. Kirib kelayotgan har xaridorga “Ehtimol qo‘shnilaridan berib yuborgandir, ehtimol nabiralaridan, ehtimol...” deya ilhaq termilardi. Tinch­lanish uchun qo‘liga kitobni ham olib ko‘rdi. Ana, yana qadam tovushlari eshitilyapti. Ko‘zini kitobdan oldi. Yuragi esa dukillagancha eshikka yugurdi. Eshikda kamzuli ostidan qavat-qavat ko‘ylak kiygan, qo‘lida eski bozorxalta ko‘tarib olgan, ko‘zlari o‘ynagan lo‘li qiz paydo bo‘ldi. Sotuvchining hafsalasi pir bo‘ldi-yu: “Ehtimol, tog‘avachchamning kirishga vaqti bo‘lmay shu lo‘lidan iltimos qilgandir”, deb o‘yladi va o‘zining xayolidan uyalib ketdi. Lo‘li qiz bamaylixotir kirib, oyoq kiyimlarga ko‘z yugurtirib chiqdi. So‘ng kamzulining cho‘ntagiga qo‘l soldi. Sotuvchi ayolning quvonchdan yuzi porladi: “Aytdim-ku. Ana, hozir pulni chiqaradi”. Lo‘li qiz ancha keng tikilgan cho‘ntakni kavlay-kavlay kichkina idishdagi nosni olib, tilining tagiga tashladi. Ayolning ustiga muzday suv sepilganday bo‘ldi. Lo‘li yaqinginada ota-qiz haybatli mashinada kelib olib ketgan tuflini ko‘rsatib, miyig‘ida kuldi va dedi:
– Apa, mana buniz chan pul?
Sotuvchi o‘sha qimmat narxni aytdi.
– Ebe, apa, nima deyopsiz? Manga munay shutka qimang, xaymi? Oxi, mandayam yorilaykon yurak bor. Xedoye tavba. Ha, apa, manga ber fikr kelli. Man zo‘r fol ochaman. Maniki mana bunizdanam qemmat tursayam, mayli, folemni almashaman. Folem uchun manga nimala berishmagan deysiz. Zarur bo‘gane uchun roze bo‘lomman. Kaftezni bering, sizga kim essiq-sovuq qegan, kim erizni boshini aylantirgan, hammasini aytaman. Tavba, nemaga qo‘rqopsiz, ibi, qo‘rqmang. Uzating, axe qo‘lizni!
Ayolning ko‘ngliga hozir nafaqat lo‘li qizning o‘zi, hatto uning ovozi ham sig‘masdi. Avvalambor, eri avtohalokatda vafot etganiga salkam besh yil bo‘lgan bo‘lsa, buning ustiga, yaqinda tog‘asidan og‘zi kuygan bo‘lsa. Fol uchun yana bitta tuflini berib yuborarmish. Odatdagi muloyimlik bilan lo‘li qizga:
– Singlim, hech qanday fol-mol ochtirmayman. Ularni esa, xafa bo‘lmang-u faqat pulga sotaman. Meniyam tirikchiligim shu-da, – dedi.
Lo‘li qiz:
– Ba Xudo! Birenchidan, folemni mol dema, xaymi, ikkenchidan, ochtirmasang ochterma. Og‘zemdaginiyam zahar qilling, – deya tashqariga nosini tufladi va: – Shuneyam bil – o‘ylab yurgan narsang bo‘maydi, xayme, hali mani aytti deysan. Molmish-a?! Xedo osen, tavba! – degancha jahl bilan do‘konni tark etdi.
Lo‘lining oxirgi gapidan so‘ng ayolning umid torlari birin-ketin uzila boshladi. Endi tovar egasiga nima deydi. “Ehtimol kelishar. Yo‘q. Lo‘li bo‘lmaydi dedi-ku. Xudoyim, o‘zing yordam ber!” Stuliga ohista cho‘kib, boshini kaftlari orasiga oldi. Shu payt, bir bola ichkariga asta mo‘raladi-da, hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, sekin kirib keldi. Ayol boshini ko‘tardi. Yana ko‘ksining qaeridir achishdi. Bola sotuvchiga salom berib, o‘sha tuflining qarshisiga borib to‘xtadi. Anchagacha tikilib turdiyu chiqib ketdi. Ikki tomchi yosh ayolning yuzida iz qoldirdi.
Bugun quyosh hamma joyni birrov nazorat qilgach, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Ayolning yuziga ma’yuslik bilinar-bilinmas soya solgan bo‘lsa-da, uyqusi kechagidan yaxshi bo‘lganligi sezilib turardi. U oxiri shu qarorga kelgandi: “Nima bo‘lganda ham o‘z tog‘am-ku. Pulini bergan taqdirda ham olmasligim kerak edi. Axir shuncha yillardan beri ko‘rishmagan bo‘lsak. E, pul aziz bo‘ptimi”. Odatdagiday odamlarning kir-chiqi bilan kun peshindan og‘di. Mana, yana o‘sha bola. U hech kim yo‘q paytni poylab do‘konga kirdi-da, tanish tuflining qoshiga borib turdi. Sotuvchi ayol darhol tilga kirdi:
– O‘g‘lim, onang yaxshimi, ko‘rinmaydi? Nega u seni maktabdan olib ketmayapti?
Bola ko‘zini yerdan uzmagan ko‘yi dedi:
– Yo‘lni o‘zim topib bora oladigan bo‘ldim.
Shu vaqt do‘konga qotmadan kelgan, elliklardagi bir erkak kirib keldi va oyoq ki­yimlarni ko‘zdan kechira boshladi. Bola boshqa hech narsa demoqchimasdi-yu, beixtiyor ya­­na o‘sha savolni takrorladi:
– Bu nechchi pul?
Boyagi erkak bu savolni eshitib bolaning yoniga asta yaqinlashdi va uning boshiga yengilgina urib qo‘yib:
– O‘ jo‘ja, xo‘roz bo‘l! Ayollarning tuflisini boshingga urasanmi, ahmoq! – dedi.
Bu gapdan so‘ng bolaning qulog‘i, keyin butun yuzi tarsaki yeganday qizarib, do‘kondan otilib chiqib ketdi. Ayol g‘azab to‘la nigohlarini kishiga nayzadek qadadi:
– Bolagayam shunday deydimi? Chiqing bu yerdan, sizga narsa sotmayman!
Erkak hayratdan baqraygan ko‘zlari bilan do‘konni tark etdi. Ayol kechagi lo‘li qizning aytgan oxirgi gaplarini yana bir esladi-da, bugun do‘konini ertaroq yopishga ahd qildi. Tog‘asi bilan izsiz ketgan tuflining narxini qoplash uchun kitob javonini sotish maqsadida uyiga yo‘l oldi.
Ayol bugun ancha xotirjam ko‘rinadi. Qo‘lida o‘sha kitob. Suhbat davom etmoqda. Vaqt yakkam-dukkam xaridorlarni erinchoqlik bilan boshlab kelardi. Ona jajji bolasining “ona” deyishiga ilhaq bo‘lgandek, ayol ham bugun nimagadir darslar tugaganidan mujda beruvchi maktab qo‘ng‘irog‘ini intizorlik bilan kutardi. U bugun bolakayning ko‘nglini ko‘tarish, qo‘lidagi kitobdan rivoyatlar aytib berish uchun astoydil hozirlik ko‘rgan. Mana, kutilgan qo‘ng‘iroq ham chalindi, ammo kutilayotgan insondan darak yo‘q. Soatlar kechgacha “Ana kelar, mana kelar” deya sotuvchini ovutib o‘tirishdi. Nihoyat, hech narsa olmaydigan so‘nggi xaridor – tun do‘kon ostonasiga yaqinlasha boshladi.
Yana sahardan do‘kon eshiklari ochilgan. Sotuvchi ayol bo‘sag‘ada turib, tabiatning ilohiy iforidan to‘yib-to‘yib, chuqur-chuqur nafas oldi. Kecha shamollab yotgan qizining ancha tetiklashib, yuziga qizillik yugurganidan sevingandi. Ana shu pallada sotuvchining xayoliga bugundan boshlab daromadlaridan oz-moz jamg‘arib yurish fikri keldi. Ko‘zlari ancha-muncha xaridorlarni kutib olib, kuzatdi. Tush vaqti ham bo‘ldi. Kutilayotgan qo‘ng‘iroq ham chalindi. Mana, nihoyat, bolaning avvaliga pastakkina qorasi, keyin o‘zi ko‘rindi. Bola hech kimga, hech narsaga qaramasdan do‘konga shiddat bilan kirib kelib, onasi oldin so‘ragan o‘sha poyafzalning oldiga bordi. Uni haliyam o‘sha joyda turganiga amin bo‘lgach, yana o‘sha shiddat bilan do‘kondan chiqib ketdi. Sotuvchi og‘iz juftlashga ham ulgurmadi. Bu kun ham odatdagiday kitobning ahyon-ahyonda qo‘lga olinishi, oldi-sotdi bilan o‘z yakuniga yetdi.
Maktab qo‘ng‘irog‘i yana chalindi. Faqat bugun bola kutilganidan kechroq do‘konga kirib keldi. Kechagi vajohatini esa ko‘chaga tashlab kelganday. Sotuvchi ayol uni mehribonlik bilan kutib oldi. Bola iymanibgina yana o‘sha tuflining narxini so‘radi. Bu safar sotuvchi savolga javob bermay: “Sening onang dunyodagi eng yaxshi ayol. Sen katta bo‘lsang katta o‘qishlarda o‘qiysan, onangni mashinada olib yurasan, men ishonaman”, dedi. So‘ngra rivoyatlar aytib berdi. Bola yuzidagi ma’yuslik tumani asta-sekin tarqala boshladi. U goh berilib, goh xayolga cho‘mib jimgina tingladi. Bu yerda uzoq qolib ketganidan uyalibmi, xijolat chekibmi, sotuvchi bilan xayrlashdi. Ertasiga ham, uning ertasiga ham kunlar bolaning o‘sha tuflini yo‘qlashlari va ana shu zayldagi suhbatlarga guvoh bo‘lib o‘tdi. Bola suhbatlar asnosida hech narsa demas, ammo yuzida kun sayin quyuqlashib borayotgan ma’yuslik nimalardir haqida so‘zlardi.
Bugun havo tund. Yomg‘ir yengil sepalamoqda. Sotuvchi ayolning yuragi yana maktab qo‘ng‘irog‘ini eshitishga hozirlik ko‘ryapti. O‘sha qo‘ng‘iroq ham chalindi. Mana, hozir kirib keladi. Sotuvchi kitob bilan suhbatlarini ana shu bolakay bilan suhbatlarga almashtirgandi. Oradan chamasi bir soat vaqt o‘tdi hamki, undan darak yo‘q. Yana bir soat o‘tdi. Ayol xayolan ming bir ehtimollar ko‘chasiga kirib chiqdi. Uning ertani kutishdan boshqa chorasi yo‘q edi.
Ertasi ham ayolning xizmatida bo‘lgan soatlar, daqiqalar bolani yetaklab kelishmadi. Bugunning keldi-ketdilari nihoyaladi. Shom tongga taqlid qilishni boshladi. Sotuvchi ayol ro‘zg‘oridan orttirib, yig‘ib borayotgan pullarini sanadi. Hartugul mo‘ljalga yetibdi. Ularni bugungi savdodan tushgan barcha pullariga qo‘shib yubordi va sotilgan poyafzallar ro‘yxati yozilgan daftarga bola doim holidan xabar oladigan tuflini ham yozdi. So‘ng uni qutisiga solib, ertaga o‘z egasiga berib yuborish uchun maxsus joyga olib qo‘ydi.
Bugun ham, ertasi, indini ham boladan darak bo‘lmadi. Endi sotuvchi ayol maktab qo‘ng‘irog‘ini ham eshitmasdi. Xavotir unga qo‘rqinchli hikoyalar aytib bera boshladi. Nihoyat sabr kosasi bu hikoyalarga to‘ldi. Savdoning qizigan pallasi bo‘lsa-da, ayol do‘konni yopdiyu maktabga qarab yo‘l oldi. U yerdagi boshlang‘ich sinf o‘qituvchilaridan surishtirib bolaning manzilini topdi. Darhol do‘koniga qaytdiyu qutini olib yo‘lga tushdi. U yozib olgan manzil sari ketarkan, ixtiyorini bir-biridan o‘zishga harakat qilayotgan qadamlariga tashladi.
Mana, qog‘ozdagi yozuvga binoan uzun ko‘cha bo‘ylab uzoq yurdi va chapga qayrildi. Yana ozgina yurib, ko‘p qavatli uylarning oldidan chiqdi. O‘zini sezdirmay turgan chekkaroqdagi burilishni ko‘rdi. Ana, kichik yo‘lakcha. Nihoyat topdi. Yo‘lak oxiriga qarab yurarkan, raqami ko‘k bo‘yoq bilan yozilgan pastakkina eshikka ko‘zi tushdi. Uy esa go‘yoki jon taslim qilish arafasida turgan bemor holatida edi. Eshik qo‘ng‘irog‘ini topolmagan ayol ohista taqillatdi. Har taqillatganda eshik og‘riqdan ingrab qo‘yardi. Yog‘ayotgan kuchli yomg‘ir ovozidan taqillashni ichkaridagilar eshitmaganliklariga yo‘ygan sotuvchi ayol xiyol qattiqroq taqillata boshladi. Sado yo‘q. Qo‘lidagi qutini pastga qo‘yib, boshida jiqqa ho‘l bo‘lgan ro‘molini olib bir siqdiyu yana boshiga o‘rab, eshikni boyagidan kuchliroq va ko‘proq taqillatib turdi. Yana sukunat javob qaytardi. To‘satdan ikki qavatli qo‘shni hovlidan darvozasini qulflash uchun chiqqan kishi bu ayolni ko‘rib:
– Kechirasiz, bu uyda hech kim yo‘q. Ularni yaqinda olib ketishdi, – dedi.
Ayolning yuragi shuv etdi.
– Kimni? – deb so‘radi.
Erkak taajublangan ohangda dedi:
– Shu, bir bola bilan nogiron kennoyini aytyapman-da. Ularning biror qarindoshimisiz o‘zi?
– Nogiron kelinoyi deganingiz kim? – dedi ayol. Uning katta ochilgan ko‘zlarida hayratomuz savol va xavotirlar qatorlashib turardi.
– Shu uyda turadigan kennoyi-da. Yaqinda oyoqlari ishlamay shol bo‘lib qolgandi. Qo‘shnilar shunaqa paytda yordam bermasak, qachon yordam beramiz. Pul yig‘ib nogironlar aravachasi olib berdik. Mayli, Xudo yo‘liga sadaqa qilib turish kerak-ku...
– Qayoqqa olib ketishdi? – ayolning ovozi zo‘rg‘a chiqdi.
– Bunisini bilmadim. Qarindoshlari olib ketdi. Uylarigami, nogironlar uyigami...
Erkak yana allanimalarni javrab-javrab ketdi. Sotuvchi ayol hech narsani, erkakning ovozini ham, izillab yig‘layotgan yomg‘ir tovushini ham eshitmadi. To‘satdan, ko‘z oldi qorong‘ilashdi, oyoqlari ixtiyoriga bo‘ysunmay yerga o‘tirib qoldi. Shu ko‘yi loy hovuchlagan qo‘llarini yerga urib-urib yig‘ladi, bolani o‘ylab o‘ksinib-o‘ksinib yig‘ladi, ayolni eslab kuyinib-kuyinib yig‘ladi. Bu dardga chidolmagan shamol uvillar, sotuvchi ayolni turg‘izmoqchi bo‘lib kiyimlaridan tortqilardi. Eshik ostida esa qutidan oti­lib ketgan bir juft yangi tuflini yomg‘ir ko‘z yoshlari bilan yuvardi...

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 4-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.