OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dilmurod Sodiqov. Dunyotepa sog‘inchi (hikoya)

Azonda Dunyotepani sel yutdi. To‘palangdaryo avval-boshdan sho‘x edi, lekin bunchalik haddidan oshmagandi. Suv terak bo‘yi ko‘tarilib pishqirdi, gumburladi va qabatidagi tepani yutib ketdi. Odamlar ashqol-dashqolini yelkalab, illa, qochib-qutuldi. Bir nechovi oqibam ketdi...
Jala tongda tindi. Qarashsa, ulkan tepalik o‘rnida qip-qizil bo‘tana qaynayapti. Odamlarning yuragi achishdi, eti uvishdi. Xotin-xalaj dod soldi. Shunda Bo‘ri oqsoqol tepadoshlariga:
— Qiy-chuv qimanglar, birodorlar, falakning ishiga shak yo‘q, — dedi. — Azaldan shunday: boshga tushganni ko‘z ko‘radi. Hali Dunyotepadanam baland tepada yashaymiz. U yerlarga To‘polangning qulochi yetmaydi. Dunyotepa abadiy gurkiraydi. Dunyoning eng zo‘r tepasi bo‘ladi. Meniyam aytdi, deysizlar.
Oqsoqolniki bir taskin. U yaxshi biladi: hali ko‘nglida armonlar to‘nglaydi. Endigi Dunyotepasi osmon barobar bo‘lmaydimi, baribir, sel urgan qishlog‘ini qumsayveradi. Asov bo‘lsa-da, To‘polangniyam sog‘inadi. Ana shu damlarda bobosi aytmish hikmat yodiga tushadi: “Mardumni vatanidan ayirmasin! Odam tuprog‘idan ajradimi, tamom, yuragi kuyib ado bo‘ladi”. Bo‘riboy shuni o‘ylaydi-yu, tin oladi. Bulutli osmonga qarab to‘liqadi, xolisroqqa borib yoriladiki:
— Ukkag‘arning To‘polangi, daryo bo‘lsang tek oq-da! Sho‘rimizni quritding-ku! Sen o‘zi tentak daryosan!.
Dunyotepaliklar uch kun tugal yo‘l bosib, daryo suvini ichganmasmi, boz yana Qizilsuv daryosi bo‘yidagi baland daraga qo‘ndi. Qizilsuvning shashti past, yoyilib oqadi. O‘ng betida qadim Chag‘oniyon qal’asining xarobasi — Oqmozortepa, undan narida Zahartepa, Kuloltepa, Qisirtepa bor, so‘ng bepoyon yaylov. Uning ortida Surxoni azim oltinday tovlanadi.
Daryoning so‘l tarafi ulkan dara. Unda ko‘klamgi maysa dengizday to‘lg‘anadi. Buni ko‘rib, Bo‘riboyning guppiligi tutdi. Qulochini keng yirib:
— Mana, bizding yangi yurt. Jodrab-jodrab, dunyoning yarmini egallab yashanglar, — dedi xushnudlik bilan tepadoshlariga. — Ko‘rganlaring to‘y, yeganlaring osh bo‘lsin, bovurlarim. Bugundan bu daraning oti — Dunyotepa. Shu yerda kovulday tomir yozinglar.
Ovuldoshlarning yuziga qon yugurdi. Ayni damda vatanga bo‘lgan mehr iydi, andak ko‘ngli bo‘shroqlari ko‘zyosh qildi. Oqsoqol qiblaga yuzlanib tag‘in jo‘shib aytdiki, bir-birovingga el, yaxshi-yomon kunlarda esh bo‘linglar, g‘ayirlik neligini bilmanglar, azizlarim. Hargiz yaxshilik qilinglar. Yaxshilikning umri boqiy. Dunyotepamiz dunyo turguncha tursin, gullab-yashnasin, deya duoga qo‘l ochuvdiyamki, Do‘sa kaypangning o‘rtanchasi Eshmo‘min shoirning gajirligi tutdi-ku, hov, Bo‘ri buva, shu Dunyotepadan boshqa ot qurib qoldimi? Ana, Parij, Rimga o‘xshash otni qo‘ysak-chi? Dunyotepasi nimasi? Axir, u endi yo‘q, nomu nishoni bilan sel yutib ketdi, deya og‘iz yirtdi.
Oqsoqol dovdiradi. Odamlar dam-tek, dedi. Lekin shoir gapga ko‘nmadi. Poyintar-soyintar gapiraverdi. Vatan sha’ni bilan o‘ynashib bo‘ladimi? Olamon Eshmo‘minni kaltaklab, safidan quvib chiqardi. Hammaning g‘azabi qaynadi. Bir Do‘sa kaypang chidab turolmadi. Ota-da, gapga yetar odamlarga o‘dag‘aylab, bir og‘iz gapga shunchama-a? Quturgan itday qopasan, hammang. Dunyotepaning boshiga To‘polang yetdi. Gaping bo‘lsa, ana, daryoga borib ayt! Bolamda nima ayb?
Eshmo‘min malomatga qoldi. Esariyam, besariyam yovqarash qilib yurdi. To‘y-ma’rakaga aytmay, yakkalab qo‘ydi. Elning qilig‘i shoirga yomon botdi. Uzlatga chekinib, ich-etini yedi. Oxiri chidolmay, tepadoshlarini la’natlay-la’natlay, Zarkentga ketdi...

* * *

Odamlar toshdan uy, paxsadan molxona soldi. Har uy orasi tovush yetar uzoqlikda. Qo‘shnilar bir-birovini imlasa ko‘rdi, hormang-salomat qildi. Shu zayl yangi Dunyotepa qishlog‘i bino bo‘ldi.
Kech kuzakdagi to‘yga tevarakdagi ovullar yoppa xabar qilindi. Biri qo‘y, biri echki yetaklab keldi. To‘y bahona ko‘rishib-tanishib, bovurlashdilar. Bo‘riboy mehmonlarga eli haqida gapirdi. Toqchining qatag‘on urug‘imiz, mard, tanti, tupori dunyotepaliklarmiz, dedi.
Shunda pismiqroq bir mehmon:
— Oqsoqol, bu tep-tekis dara bo‘lsa, nimasi Dunyotepa?, — deya irshaydi.
Pismiqning luqmasi oqsoqolga yoqmadi. Unga humrayib qaradi-da, tomog‘ini qirdi va dunyotepaliklar afsonani aytib berdi:
— Dunyotepa — ota yurtimiz. Bir zamonlar Toshbo‘ri bobom Hisorga chiqib qishlog‘imizga qarasa, xuddi dunyoday keng bo‘lib ko‘rinibdi. Shungacha bir g‘arib tepa ekan. Kela solib eldoshlariga maslahat soptiki, qishlog‘imizni bugundan Dunyotepa deb atasak. Boboylar ma’qullabdi. Qurg‘ur, ko‘ksi baland tepa edi. Oyog‘i ostidagi To‘polangni ko‘rdim demasdi. Oxiri shu daryo yuvdi-ketdi.
Aslida afsonaning tafsiloti sal boshqacha kechgan. Ya’niki, saodatmand Toshbo‘ri chol cho‘bir otida ikki kunlik yo‘l bosib, qiru adirlardan o‘tib, osmon toqiga bo‘ylashgan Hisorga yetadi. Tog‘misan, tog‘. Go‘yo hayot ummonining qirg‘og‘i. Orti yo‘qlik emish. Sekin ortiga burilib qarasa, Dunyotepasi shunday ro‘parasida, savlat to‘kib turganmish. Suyunib yo‘ldoshlariga aytibdiki, i-ya, Dunyotepani qarang-a, Hisor bilan bo‘ylashaman, deydi. U bilmasdiki, qishlog‘igacha behisob adirlaru qirlar nisor yotibdi, buning ustiga ularning bari bir tusda. Shundanmi, tog‘ qabatidagi tepani, mana bizning qishloq, deb ataydi. Tepaning dunyoday kengligi ana shundan.

* * *

Eshmo‘min o‘spirin edi. Bir ko‘zi ko‘r eshshakni minib maktabga qatnar, muk tushib kitob o‘qiydi. Bir necha gal munkigan eshshakdan dumalab, qo‘lini sindirgan. Ammo u ahvoliga parvo qilmaydi. Jizg‘anak so‘qmoq oralab liqillagancha ketaveradi. Uyga kelgach, tapchanga chuzilib, she’r bitadi, enasining ko‘zi tushadi, so‘ng u har kungi jovrashini qiladi:
— Shuyam kasbba, yigitning ishini qilsang-chi?! Ana, ot min, uloq chop.
Shoir bezillab qolgan. Sekin uydan sirg‘alib chiqadi-da, to‘g‘ri Oltinpetaga o‘rlaydi va qosh qorayguncha o‘qiydi. Bo‘riboy buni ko‘rib, quvonadi:
— Shu ukkag‘arning bolasidan bir nima chiqadi-yov. Nuqul Oltintepada o‘qiydi. Oltintepada xislat ko‘p, bolam, g‘ayrat qip o‘qi, kam bo‘miysan!.
Oqsoqolga shoir bolaning ayni shu tepada kitob o‘qigani yoqadi. Oltintepani oqsoqol kashf etgan-da. Bir ko‘klamda qovoq ekayotib xumcha topib oladi. Qarasa, ichi to‘la tanga. Ko‘kish, qizg‘ish tangalar. U shosha-pisha tanganing birovini tishlab ko‘radi, iz qoladi. Quyoshga tutib qaraydi — yaltillaydi. Shunda Bo‘riboy mard ketadi. “Bu Dunyotepaning boyligi”, deydi va qishloqdoshlariga bittadan ulashadi. Shundan keyin tepa Oltintepa nomini oladi.
Shoir poezdda ketayotib shularni o‘ylaydi va xo‘rsinadi.
— Ey, Oltintepanggayam sening... Qaerga qarama, tepa — Falonchitepa, Pismadonchitepa. Tepasiz qishloq yo‘q bizda, — deydi u. —  Agar oynaday yalanglik bo‘lsa, ungayam ot topiladi: Yalangtepa.

* * *

Oqsoqol bosinqi tushlar ko‘rdi. Tushida otasi koyidi. Avvaliga buni hech kimga aytmadi. Boz ko‘ravergach, ayoliga yorildi:
— Kampir, — dedi o‘smoqchilab. — qariyapmizmi-a?
Momo parvo qilmadi. Sababi cholining fe’li ma’lum. Bir qarasang qariyapman, bir qarasang yana biroviga uylansam-chi, deydi. Xullas, aylanadi-o‘rgiladi, kampirining jig‘iga tegadi.
— Behazil, momosi. Uyqu beti ko‘rmayapman.
— Shunday bo‘lsa, pashikastalarni kamroq o‘ylang-da! Yaxshi uxlaysiz.
Oqsoqolning jahli chiqdi.
— Ukkag‘arning kampiri, — dedi ovozini balandlatib. — boslig‘ayapman, uqdingmi, boslig‘ayapman. Tushimga otam kirayapti. Oqibatsiz ulini koyiyapti. Sen bo‘lsa pashikasta, deysan.
Kampir sergak tortdi.
— Qaerdan bilay, eski jirtakiligingizmi, depman-da. Bunday ekan, irim-sirimini qilish kerak.
— Ey, irimi nimasi?! Ko‘ngil otayurtni tusayapti. Dunyotepa ko‘zimdan nariga ketmayapti.
Oqsoqolning ichi tor keldi. Ko‘ringanga Vatandan gap ochdi. Oxiri ularniyam ilhaq qildiki, bolali xotinga o‘xshab ular-da ko‘ngli alag‘da bo‘lib qoldi. Bir Xollaziboygina xo-xo-lab kuldi:
— Bu deyman, har tush ko‘rganingizda To‘polangga borib-kelarkanmiz-da, a, oqsoqol?!, — deya piching qildi.
— Sen buni tushunolmaysan, — dedi Bo‘riboyning g‘azabi toshib. — Ikki dunyodayam tushunmaysan. Senga qo‘shga qo‘shilgan xo‘kizday horsillab yurish bo‘lsa, bas. Bu xil gaplar senga xayf.
Ammo qavatidagi Do‘sa kaypang sho‘rqillab yubordi. Vatandan ayirgandan ko‘ra, jondan ayirsang bo‘lmasmidi, deya o‘kindi. Taqdirning izmi qo‘limda emas, yo‘qsa, hozir boramanda To‘palangga o‘zimni tashlardim. Dunyotepa ne bo‘lsa, men ham shuman. Afsus, bunga hayotning o‘zi yo‘l qo‘ymaydi.
Oqsoqol sal keyin bildiki, bari keksaning ko‘ksi dog‘, Vatanning bir chimdim mehriga zor ekan. Shu kecha to‘lg‘andi, to‘shak qa’tidan chayonlar chaqqanday bo‘ldi, azobga chidolmay hovliga otilib chiqdi. Oppoq tun. Osmonda barkashday oy yog‘du sochdi. Itlar cho‘zib-cho‘zib hurdi, garanda-gurandalar tinmay chirilladi. Oqsoqol oqarib turgan Oltintepaga qanday chiqqanini bilmay qoldi. Chuk tushdi, ayni chog‘da Dunyotepani battar sog‘indi. Ko‘ngli buzildi, to‘liqdi, o‘krab-o‘krab yig‘ladi. G‘imirlagan jonzotning bari jo‘rovoz bo‘ldi. Tunning, yulduzlarning rangi unuqdi, shunda oqsoqolning qulog‘i chippa bitdi, go‘yo, dunyo faryodga to‘ldi, sog‘inch faryodiga.

* * *

Poezd Zarkentga azonda yetdi. Katta shaharni ko‘rib shoirning og‘zi ochildi. Hammayoq yaltillaydi. Odamlari oq to‘sh, oq badan — marmarday tovlanadi. So‘ng o‘ziga boqdi: keng-mo‘l kiyimi, to‘r bosgan yuzi-yu qadoq qo‘llari... rosti uyaldi. Boshini egibroq yurdi. Otasi aytgan kampirning uyini topdi.
— Vey, Do‘saning bolasimisan, yaxshi keldingmi, o‘g‘lim, otang, onang, jagirlaring yaxshimi — deya xursand kutib oldi kampir.
— Rahmat, bari omon, — dedi Eshmo‘min tortinib. — o‘qimoqchiman, katta shoir bo‘lmasdan qishloqqa qaytmiyman.
— Ilm olish — saodat, bolam. O‘qi! O‘qigan — o‘zadi. Qalay, Dunyotepaliklar, tepadoshlaring? Otni qarang, qanday ajoyib!
— Salomat. Sizni so‘rashdi, salom ayt, deyishdi.
— Bo‘ri-chi?
— Zo‘r.
Shoir gap orasida Dunyotepani sel urib ketganini aytdi. Kampirning rangi bo‘zday oqardi, qaltirab, gapini yo‘qotdi. Eshmo‘min uni tinchitish uchun: “Hamma sog‘u salomat, boshqa daraga ko‘chib, uy-joy ham qurib oldik”, dedi. Baribir, bekaning ko‘ngli taskin topmadi, Dunyotepaga ko‘p achinib yurdi.
Kampir — tarixchi olima. Anchayin qadimiy joylarni kezgan. To‘polangdaryo tarixini o‘rganish uchun Dunyotepada oylab yashagan. So‘ng dunyotepaliklar va oqsoqol haqida “Dunyotepa vijdoni”, degan esse yozgan. Unga bu qishloqning dangal, to‘pori odamlari yoqadi. Shu bois hozirgacha yo‘qlaydi.
...Eshmo‘min o‘qishga kirolmadi. Ko‘ngli cho‘kib, hafsalasi pir bo‘ldi. Uni ko‘rib, bekaning ichi achidi. Eshmo‘minni besar yo‘lga kirmasin dedimi, harholda, yaxshilik umidida o‘zining qadrdoni va quruvchilar jurnalining redaktoriga aytdiki, sal to‘pori, ammo yaxshi gapirib ishlatsa bo‘ladi, dedi. Redaktor bekaning hurmatiga shoirni hafta o‘tib ishga oldi.
Aytgancha, “Asr bunyodkorlari” jurnali Zarkent zilzilasidan keyin chiqa boshlagan. Redaktor Oqilboy To‘raboev  quruvchi-jurnalist. Kunduzi uy quradi, kechasi gazeta chiqaradi. U surub bir gapni aytadi: jurnalist ko‘rgan-bilganini yozgani ma’qul-da, ruh bo‘ladi.
Eshmo‘min zamona quruvchilarini kashf eta boshladi. Beka uni jurnalda o‘qib xursand bo‘lar, ba’zi yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatadi.
Kech kuzakda, sokin kunlarning birida kampirning tobi qochdi. Shaharning chetida yashaydigan, injiq erining izmidan bir qadam ham chiqolmaydigan qizi kelib onasining issiq-sovug‘idan xabar olib turdi. Lekin dard chipqonday yopishdi. Kampirning butun tanasi zirqirab og‘ridi. Shifoxonaga eltdi — dardning uchi yo‘q.  Shifokorlar ojiz, nima qilarini bilmadi. Nihoyat uyiga qaytardi.
Kampir uzoq yashamadi. Tezda non, suvdan qolib, qizi bilan Eshmo‘mining ko‘z o‘ngida yorug‘ dunyoni tark etdi.

* * *

Oqsoqol dunyoni Bobotog‘dan Boysuntoqqacha, deb biladi. Bolaligida otasi Bobotoqqa ko‘pkariga olib borgan. Kunchiqar tomon adoqsiz o‘rkach, ustini qalin tuman qoplab yotadi. Mehmon bola juda hayratlandi shunda. Yonidagi mezbon bolani turtib so‘radiki, bu tovlarning naryog‘ida nima bor? Bobotog‘lik iljaydi, ey, jo‘ra, dedi, bu tog‘larning ortida quyoshning uyi bor. Bo‘ri chippa-chip ishondi: “Demak, Bobotog‘ — dunyoning boshi ekanda. Xo‘sh, oxiri qaerda?”. Mezbondan yana so‘rashga iymandi, uyga qaytayotib, otasini qistalang qildiki:
— Ota, dunyoning oxiri qaerda?
Ota jilmaydi. “Bola-da, har narsaga qiziqadi”, deb ko‘nglidan o‘tkazdi. So‘ng sodda qilib dedi:
— Kunbotar tomonda, bolam!
Bo‘ri o‘yladi: “Kun Boysuntoqqa botadi, demak, Boysuntog‘ — dunyoning oxiri”.
Qarang-a, bu gurunggayam yarim asrdan oshibdi. Bo‘riboy oltmishni qoraladi-yu, hamon dunyoning oxirini ko‘rishni istaydi. Shunday orzumand tonglarning birida, shartta otini egarladi-yu, Boysuntoqqa jo‘nadi. Yo‘l yursayam mo‘l yurdi. Oxiri dunyoning tubi bo‘lmish Boysuntoqqa yetdi. Osmon toqiga tutashgan cho‘qqiga chiqib qarasaki, tog‘ning ortida shafaq nuriga cho‘lg‘angan bepoyon o‘lkalar yastanib yotibdi. “Dunyoning tubi yo‘q ekan-da, a?!” — o‘kindi Bo‘riboy. So‘ng:
— Yo‘q, dunyoning tubi Boysuntog‘, — dedi o‘jarlik bilan. Go‘yo ro‘yoga aylangan ishonchini xaspo‘shladi.
Safardan qaytdi-da, ko‘ringan odamga aytib yurdi:
— Birodorlar, shu desanglar, butun dunyoni ko‘rdim. Mashriqdan to mag‘ribgacha. Ko‘rdimki, dunyoning kindigi Dunyotepa ekan. Quyosh xuddi Dunyotepa ustida qiyomga kelarkan.

* * *

Kampir dorulbaqoga rixlat qildiyu, Eshmo‘minning issiq o‘rniga darz ketdi. Injiq kuyov keldi-da, uni uydan quvib soldi. U kampirnikidan g‘azabnok chiqib ketdi.
Shoir boshpana topolmay ko‘p sarson bo‘ldi. Buning ustiga shoirning ishida maza yo‘q. Redaktorning tusi birdaniga o‘zgarib qoldi. Oy yakunidagi yig‘ilishda aytdiki, bir marta tuz totgan uyga qirq marta salom berish — qarz, yo‘qsa, nonko‘rlik bo‘ladi. Redaktori tushmagur ilmoqli gapga usta edi. Gapni o‘rinbosariga qarata aytdi-yu, nishini shoirga sanchdi.
Yangi uylarning oldi bitdi. Bir uylarki, metinday mustahkam, serviqor va serjilo. Katta Quruvchi dahama-dahama kezdi. Bir-biridan xushqad, xushsuvrat uylarga sinchiklab qaradi, kayfi chog‘landi, shunda dimog‘ini qitiqlab bir gap keldiki, bu uylarda baxtli odamlar yashaydi.
“Asr quruvchilari” qo‘lma-qo‘l o‘qildi. Barcha “baxtli odamlar”ning qo‘llariga yetib, uylarning to‘riga ilib qo‘yildi. Bu bir taskin ediki, shipga taqalgan bir enlik gazet kishilarning baxtli ekanliklarini mudom eslatib turdi.
Shunday sururli kunlarda, Qamishzor mahallasidagi uylarning biri lat yedi. Balchiqzor ustiga tuproq tortib qurulmaganmi, imoratning bir yoni cho‘kdiyu qiyomat qo‘pdi. Ko‘rpani bunda-ay ko‘tarib qarashsa, kimsan, qahramon quruvchi Qo‘yboqarov bunyod qilgan uy. Sho‘ri quridi uning. Qo‘li tekkan imorat borki, beburdga chiqdi. Gazetlar uni rosa savaladi. Shunda ko‘pchilikning ko‘nglidan bir o‘y o‘tdi: tekkina suruvni haydab yurgan behroqmasmi, o‘rtoq Qo‘yboqarov, bu nima kun?!
Eshmo‘minni aytmaysizmi, bultur Qo‘yboqarov haqida ocherka yozgani boshiga balo bo‘ldi. Redaktor shoirning maqolasi bosilgan sonni olib ayamay qizilga bo‘yadi. Jo‘pkarchilar girdi-kapalak, redaktorga qutqu soladi, allanarsalarni shivirlaydi, naq shaytoni-la’in. Redaktor ularga boqib so‘lqillagan qovog‘ini uyadi, qalin qoshlarini chimiradi, so‘ng biroz tin olgancha ko‘rsatgich barmog‘ini osmonga nuqub:
— Dahshat, — deydi u. — dahshatki, Do‘saev obe’ktni chuqur o‘rganmasdan yozgan va kechirib bo‘lmas xato qilgan. Imoratning nurashida uniyam hissasi bor.
Eshmo‘min ko‘chada qoldi. Och-nahor yura-yura bir kosibga shogird tushdi. Kosib insofning ko‘chasidan o‘tmagan. Shoirga kuniga arzimas chaqa berar, ustaxonada yotib-turgani uchun yarmini chegirib qoladi. Eshmo‘min toza xo‘rlandi. Shu kezlarda beminnat va mehribon qishlog‘i tushlariga kirib chiqdi. Ayon qildiki, oqsoqol va qishloqdoshlari uni allaqachon kechirib yuborgan. Hatto, uning issiq-sovug‘idan-da havotirda. Eshmo‘min tonggacha yig‘ladi.
Kunlarning birida kosib gap topib keldiki, Qizilsuv daryosi quturib uzanidagi qishloqlarni yuvib ketibdi. Eshmo‘minning badani titrab, oyog‘idan majol ketdi. Ko‘zoldi tinib, yiqilganini bilmadi.
Kosib insofga kelib, shoirni o‘z hisobidan qishlog‘iga jo‘natdi...

* * *

... Eshmo‘min qishloqqa tunda yetdi. Qizilsuvning vajohati hamon tinmagan. Qirg‘og‘ini o‘pirib, qavatidagi Oltintepaga hamla qilib turibdi. U tepaga o‘rladi. Tizzasini quchoqlab o‘tirdi. Xayolini bolaligi — sirli xotiralar band etdi. Irg‘ishlab qo‘zi quvganlari-yu, tirkalib minaman deganlari... Minardi ham. Enasi ko‘rib: “Juvonmarg, go‘shtini harom qilasan, u senga eshakmidi”, deb koyirdi. Eshmo‘min besar edi, gapni quloqqa ilmasdi. Oxiri oyog‘ini qonatib olardi. Onasining yuragi achishib, yaraga bir siqim tuproq separdi. Avvaliga yara guvillab og‘rir, keyin lo‘qillay-lo‘qillay yaxshi bo‘lib ketardi. Eshakdan yiqilib, tirsagi shilinganida hatto, ichi, boshi og‘riganida ham tuproqni qizitib bosardi. “Vatanning tuprog‘i — hamma dardga davo”, derdi u. “Eh, oltin bolaligim, aziz Dunyotepam, sendan ulug‘ beshik yo‘q ekan dunyoda. Saodatning, murodning bari senda ekan. Faqat mengina buni anglab yetmabman”.
Uning o‘pkasi to‘ldi. Qorachig‘ini cho‘g‘day kuydirib yosh qalqdi. Yuziga oqdi, qo‘llariga, tuproqqa tomib, singib ketdi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.