OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin A’zam. Aralashqo'rg'on (hikoya)

Musofirning o‘rtancha qizini Kattakonning kuchugi qopgani xabari kelganda biz qo‘rg‘on og‘zidagi qo‘lbola choyxonamizda qartabozlik bilan mashg‘ul edik.

Ie, qachon? Qanday qilib? O’sal emasmikan? Hamma taajjubda: jonivorning jag‘i bir zum tinmagan edi-ku, akillay turib ham qopar ekanmi?
Hamma birdan g‘azabga mindi.
— Bedodlik! Borib turgan bedodlik bu! — dedi jamoatchi muxbir E.Safar o‘rnidan sapchib. — Bir bechora musofirning bolasini-ya! Yozish kerak! Yozaman!
— O’tiring, inim, — deya uni bosib qo‘ydi oqsoqol. — Keyin yozarsiz. Darvoqe, bir urinib ham ko‘ruvdingiz shekilli? Avval bunday bir maslahatini qilaylik. Qoidasi shu.
U har ishning qonun-qoidasini biladi, shuning uchun ham oqsoqollikka da’vogar. Masalan, «Mana shu ariq» deb gap boshlasangiz, «Ariqlik-ka-ku arig‘-a, lekin ichida suv ham oqadi-da» degan qabilda aql o‘rgatishni yaxshi ko‘radi.
— Buni bir balo qilmasak, tinchlik yo‘q, akaxonlar, — dedi daydi shopir. — O’zim o‘ldiraman! Kuchala topsam, bas!
— Shaharma-shahar yurasiz, bir chimdim kuchala yoki margimush qahat bo‘ptimi?!
Fan nomzodining 6u gapiga dotsentning azaliy g‘ayirligi qo‘zidi:
— Tavba! Kuchala ana — Eskijo‘vada! Surmaning suyug‘iyu ignaning teshigidan o‘tgan tuyagacha topiladi! Kuchala shart ekanmi, jimjiloqdek keladigan igna ham kifoya-ku! Bir changal xamir yo bir tuyur go‘shtga joylabgina!
— Voy, voy, oldin u kasofatga yaqin borishni ayting! — deya vahima qildi fan nomzodi.
— Hovliqmanglar, birodarlar, — dedi doimiy murosasoz oqsoqol. — Avval Kattakonning oldilaridan bir o‘taylik. Qoidasi.
— Nima deb o‘tasiz u kishimning oldilaridan? — dedi sipo o‘tirgan do‘kondor ensasi qotib. Bugun uning ishi yurishmagan — bir yillik mo‘ljali amalga oshmay, qo‘rg‘onda ikir-chikir do‘koncha ochishga doir qog‘ozlari atama ulashuvchi idoradan yana qaytgan, jamoatchilik asosida javlon uradigan ezmaroq alloma «Hemiri bir attorlikka Temurxon naslidan bo‘lmish sulton Ulug‘bekning muborak nomini qo‘ymoq — gunohi azim, supermarket ochsangiz, ana unda o‘ylab ko‘rarmiz», deya dilini xufton qilgan edi; «Kenja o‘g‘limning oti — Ulug‘bek» degan vaj-korsoni xisobga olinmadi. Bu yokda esa, hali dargumon yotgan oqsoqollik dastmoyasiga u xam da’vogar. — Xo‘sh, itingizga kuchala yo igna berib o‘ldirsak maylimi, deb so‘raysizmi?
— Shunchalik nodon ekanmiz-da, a? — dedi oqsoqol pinhona raqibiga oshkora o‘qrayib. So‘ng asli yo‘q etagini qoqqandek qo‘l siltab chorpoyadan tushdi-da, kasaba uyushmasi a’zolari, yo‘g‘-e, ahil mahalla ahlini bebosh-etakchisiz qoldirib, hovlisiga qarab jo‘nadi.
O’zini o‘zi saylagan oqsoqolning ztak silkib ketishi — arazi chorpoyadagilarni hovurdan tushirmadi.
— Kattakonning shpioni bu odam! — deb qo‘ydi uning ortidan do‘kondor.
— Qandoq bedodlig-a! — derdi kasbi yuzasidan ham adolattalab E.Safar fig‘oni oshib. — Sho‘rlikning bolasi!
— Boz ustiga, musofir bo‘lsa!
— Shuni ayting! Ota bolam-chaqam deb ertayu kech to‘rva ko‘tarib poy-piyoda bozorga qatnagani qatnagan. O’zi bor-yo‘g‘i manovi sanatoriyga qorovul. Pulni qayoqdan toparkan-a?
Kimning qayoqdan nimani qanday topishi ham bizning mavzumiz zdi.
— O’zi shu odam nega musofir? Qay go‘rdan kelgan? — deb qoldi daydi shopir.
— Kim bilsin, biror poyiz-moyizga osilib kelgan-da, keyin musofir atalib ketgandir, — dedi o‘zi ham asli allaqayoqlik bo‘lgan dotsent. — U yog‘ini so‘rasangiz, hammamiz ham musofirmiz, og‘ayni. — Keyin alohida bir ta’kid bilan qo‘shib qo‘ydi: — Bu dunyoda.
Xuddi devor ortida turib bu gap-so‘zlarni eshitgandek, shu payt qo‘rg‘on darvozasi og‘zida musofirning o‘zi ko‘rindi. Bo‘lgan kor-holdan bexabar, odatdagidek, yelkasida bozorto‘rva, parvoyi falak, munkaygancha lo‘killab kelyapti.
Hamma birdan hushyor tortdi. Lekin hech kim og‘iz ochib churq etmasdi. Nima desin? Hali hodisaning tafsiloti aniq emas. Balki, kuchuk anchayin bir hamla qilgandir o‘quvchi qizga, qo‘rqitgandir, xolos. Noxush gapga suyunchi olib nima zaril? Mana, o‘zi hozir uyiga boradi, eshitadi, xabar topadi, vassalom.
Chorpoyaga yondosh kelganda yukini yerga qo‘yib, musofir biz tarafga bir ta’zim qildiyu yana to‘rvasini yelkalab qo‘rg‘on oralay yo‘rtib ketdi.
Hamisha shunday: salomini beradi-da, o‘tadi-ketadi. Ko‘chib kelganiga bir yillardan oshgan, ammo mahallaga aralashmaydi. Aralashgulik holi ham yo‘q — musofir-da.
O’zi bir g‘arib musofir-u, ajabtovur koshonada yashaydi. Aytishlaricha, kattaroq lavozimda o‘tirgan prokuror qarindoshining pinhona hovlisini yomon ko‘zlardan qo‘riqlash uchun atay ko‘chib kelgan bu yerga. Qaydam, qo‘rg‘onda bunaqa hovli-joy yagona emas: kimdir-birov nomigagina yashab turadi, asl egasini esa dunyoga jar solib axtarganda ham topolmaysiz!
Qarang, shunday ko‘rimsiz, pachoqqina odamning husnda biri biridan ziyoda uch qizi borki, qo‘rg‘ondagi jami bo‘zbola shularga oshiqu shaydo! Mana, endi o‘sha qurmagurlarning o‘rtanchasiga Kattakonning arzanda iti chang solib o‘tiribdi!
Ota boriboq qo‘ng‘iroq qilgan shekilli, bir mahal qo‘rg‘on darvozasida «Tez yordam» moshinasi paydo bo‘ldi. U chorpoya yonidan shuvillab o‘tib bog‘ko‘chaga sho‘ng‘idiyu hayal o‘tmay iziga qaytdi. Moshinaning yon derazalariga oq parda tutilgan, ichida kimlar borligini ko‘rib bo‘lmas edi.
Davrada hodisaning tafsilotiga qiziqish kuchayib turganda do‘kondorning qayoqqadir otlangan yasan-tusan xotini o‘tib qoldi. Tergamoq uchun uning yo‘lini to‘sib chiqqan er qaytib kelib, masalaga uncha-muncha oydinlik kiritdi.
Endi ma’lum bo‘lishicha, kamxarj qo‘lga ul-bul berib, albatta, Kattakon hovlisini qo‘riqlashni, tabiiyki, anovi jag‘ing tinmagur la’natiga ham ovqat-povqat tashlab turishni musofirga topshirib qo‘ygan ekan. Qiz sho‘rlik suyak-puyak ko‘tarib borsa, ko‘cha bo‘yidagi panjara bilan o‘ralgan bog‘chada bog‘log‘liq yotgan kasofat yechilib ketganmi, g‘ippa tish solibdi! Qaeriga? Ishkal, ishkal. Harholda, qiz bola, nozikroq joyi emish.
— Obbo-o! — Otashin E.Safar sakrab joyidan turdi. Nafaqaga chiqqunicha jamoatchi muxbir maktabda boshlang‘ich sinflarga dars bergan, bunga tug‘ma jizzakiligi ham qo‘shilib, xiyla asabiy bo‘lib kolgan edi. — Bu ishga endi ko‘z yumib bo‘lmaydi, o‘rtoqlar, darhol bir chorasini ko‘rishimiz kerak! Men — yozaman! Kattakon bo‘lsa — o‘ziga! Bu nima bedodlik, axir?!
Davra ahli battar mutaassir bo‘lib, junbushga keldi. Endi qartabozlikka ham xush qolmagan edi. Barchaning ko‘nglida mubham bir isyon hissi alangalanar, lekin aniq nima qilmoq kerakligini hech kim bilmas edi.
— Bugunoq kuchala topmasam, meni bu davrada qaytib ko‘rmaysizlar! — deb yubordi olis manzillarda chambarak aylantirib yuraverish jabridan chapaniroq bo‘lib ketgan daydi shopir. — Aytib bo‘ladimi, bizdayam churvaqadan uch-to‘rttasi bor!
— Halitdan oqsoqollik talashguncha, manovi kuchuk masalasini hal qilishni o‘ylash kerak, — dedi tabiatan muloyimroq fan nomzodi kutilmaganda. — Kelinglar, kimki shu kuchukni bir yoqli qilsa — o‘sha bizga oqsoqol, o‘shani saylaymiz! Gap shu!
Hukmdek yangragan bu gapdan hamma lol, birin-ketin chorpoyani tark etdik.

* * *

«Biz» deganimiz — biz, E.Safarning ta’biricha, «mana shu xalqning bir bo‘lagi». Muxbirimiz to‘g‘ri aytadi: sobiq kasaba uyushmasi arbobi — oqsoqol, negadir kamdan-kam odam o‘qiydigan sersahifa gazetaning jamoatchi muxbiri E.Safar (xat-xabarlari shunday imzo bilan chiqadi), ikki nafar fan nomzodi (biri dotsent), «uch-to‘rt churvaqa»siga rizq qidirib yurt kezadigan daydi shopir, yangi zamondan ruhlanib, ko‘zi tushgan joyda do‘kon ochishni maqsad qilgan do‘kondor va hokazolar — xalq bo‘lmay nima?!
Biz shanba-yakshanba kunlari goh choshgoh, goh oqshom chog‘i mana shu qo‘lbola choyxonamizda to‘planib qartabozlik qilamiz: «durak», «pirra» deganday. Do‘kondor aralashib qolganda o‘rtaga pul-mul ham tikiladi. Mahallamizning to‘ng‘ich fuqarolaridan hisoblangan oqsoqol sermeva hovlisidan bir likob olma yo uch-to‘rt bosh uzum ko‘tarib keladi. Choy ko‘pincha yaqinroq manzildan — yonma-yon yashaydigan ikki fan zahmatkashining uyidan chiqadi. Galma-gal. Qip-qizil «Damas»ida shahardagi «to‘chka»laridan xabar olib qaytgan do‘kondor yonimizdan o‘tayotib bir-ikki shisha anovi sabildan tashlab ketadi. Keyin pomidor-bodring ko‘tarib xonaki kiyimda o‘zi ham safimizga qo‘shiladi. Hali ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa-da, bippa-binoyi, beminnatgina choyxona!
O’yin asnosi undan-bundan gurung ketadi. Asosan, qo‘rg‘onimizni tezroq mahalla sifatida rasmiylashtirish, choyxonamizni epaqaga solib, atrofini obodonlashtirish, iloji bo‘lsa, kelajakda yoniga ixchamroq bir hujra ham qo‘shish kabi hozircha xom xayollar. Xo‘sh, kim qiladi bu yumushlarni? Mahallani ro‘yxatdan o‘tkazishni-ku muxbirimizga yuklasak bo‘ladi: tilli-jag‘li, qo‘lida qalami bor, o‘zi ham chaqqongina. Boshqa masalalarda kimdan imdod so‘rash kerak? Ie, Kattakonimiz-chi! Bizga qo‘shilib qarta o‘ynamasa ham, o‘zidan bilib, mana, qo‘rg‘onning og‘zini ikki yondan silliq g‘isht bilan bejirim qilib ko‘tarib, gajakdor temir qopqa o‘rnatib berdi-ku, bu yog‘iga ham qarab turmas! Mahallada elektr, gaz yo telefonga aloqador nimaiki muammo yoki chiqim bo‘lsa — doim shu odam balogardon. Dalolat qilib borgan oqsoqolimizdan surishtirib ham o‘tirmay, darrov cho‘ntak kavlaydi. Ha-a, nimasini aytasiz, zo‘r odam, olijanob! Faqat shu kuchugi bezor qildi-da, it egasiga o‘xshamas ekan.
Iya, oshini yeganingizdan keyin o‘chog‘ining tutuniga ham chidaysiz-da, bratan! Chidaymiz, chidaymiz, quloqlar ham o‘rganib qoldi o‘zi. Shugina bir zum akillashdan to‘xtasa, nimasinidir yo‘qotganga o‘xshaydi odam. Bu ham mahallaning bir fayzi-da. Mayli, akillasa — akillayversin, vovullasa — vovullayversin. Kuchuk bo‘lgandan keyin akillaydi-da — vazifasi. Qaytaga yaxshi — zamon qaltis, har xil yot nusxa bu yoqlarga doriyolmaydi. Akillasin! Shunday deysiz-u, ammo rosa...
Nihoyat, asosiy masalaga o‘tiladi. Mahallaning nomi-ku tayin — «Aralashqo‘rg‘on», bunga atama ulashuvchi anovi idora e’tiroz bildirmasa kerak; xo‘sh, oqsoqollikka kimni saylaymiz? Ana shunda davra bir qalqib, ikki tarafga bo‘linadi. O’rtadagi ko‘ziru jo‘ker, chilligu tappon-mapponlar aralashib-chalkashib ketadi. O’yin o‘z-o‘zidan barham topib, har ishning qoida-rasamadini biladigan, nimagadir rahbarlik qilmasa turolmaydigan oqsoqolimiz bilan davri kelib do‘kondor bo‘lgan qo‘shnimiz goh pinhona, goh oshkora cho‘qisha boshlaydi. Unisi rahbarlik tajribasini pesh qiladi, bunisi — temir sandiqqa bosayotgan sarmoyasini. Biz — tomoshabin, biz — muallaq bir tarafkash. Aslida, bizga baribir. Biz — oddiy xalq-da!
Tajribakor oqsoqolga qarshi zamona zayliga mos ilg‘or fitna usullarini qo‘llab mohirona kurashayotgan do‘kondor dam-badam ko‘rkam chorpoyaga ko‘z qirini tashlab, panjara bo‘yoqlarini silab-silab ko‘yadi.
Chorpoya — benihoya kengish, bahaybat, baquvvat. Boz ustiga — naqshinkor, qadimiy, shohona degulik. Buni chegaradoshimiz bo‘lmish tashlandiq dam olish uyidan yetti-sakkiz kishi arang ko‘tarib kelganmiz. To‘g‘rirog‘i, devordan oshirib olganmiz. Bepoyon bog‘ning shox-shabba bosgan xilvat bir go‘shasida oyoqlari sinib, bo‘yoqlari ko‘chib yotgan edi. Dastlab buning daragini keltirgan — daydi shopir. Toliqtirarli safarlardan qaytganida u churvaqalarining chug‘ur-chug‘uridan qochib temir-beton devordan lippa osharkanu soya-salqinda qiyshayib yotgan mana shu shaloq chorpoyada uxlay-uxlay miriqib olar ekan. Bekor yotgan bu matohni mehnatkashlar tasarrufiga o‘tkazish tashabbuskori esa, tabiiyki, sobiq kasaba uyushmasining xalqparvar arbobi — oqsoqol edi. Qolgan dahmazalarni, o‘z navbatida, do‘kondor zimmasiga oldi. O’zi bosh bo‘lib chorpoyani qayta ta’mirlatdi, ustma-ust ikki qatla zangori tusga bo‘yatdi. Qarabsizki, futur yetgan, yaroqsiz bir uyum yog‘och, bamisoli, lo‘lilarning qo‘lidan o‘tib bozorga chiqqan qo‘tir-qirchang‘idan guldek samanga aylandi-qoldi. «Bosh usta»ning surbetlarcha pisandasiga ko‘ra, bu ishga yarim «ko‘ba» asil taxta, olti kilocha nemis bo‘yog‘i sarflanganmish. Qani, sendan nima chiqdi, mirquruq oqsoqol?
Dotsentimizning lof urishicha, bir zamonlar dehqondan yetishgan, eski chorig‘ini eshik tepasiga osib qo‘yib, muhtasham mansabxonasiga kirganda ham, chiqqanda ham peshonasini urib o‘tadigan do‘lvor davlat arbobi mana shu chorpoyada yonboshlab choyxo‘rlik qilishni yaxshi ko‘rar ekan. Ishchi-dehqon saltanatini mustahkamlash tashvishlaridan horigach, biqiningizdagi xumchoynakda «raisi» choy, tepangizdagi asriy arg‘uvon yaproqlariga tikilib, porloq kela-jak haqida shirin xayollar surish qandoq maza, qandoq huzurbaxsh! Bugun esa, mana, shu chorpoyada biz o‘tiribmiz — o‘sha bobomiz orzu qilgan zamon vakillari. O’rtada qarta, fikru zikrimiz — kimnidir «ahmoq»qa chiqarish. Tuzni joyiga qo‘yib qo‘ying! Ha-a, ana shunday! Valet ko‘zir sizdanmi? Ko‘tarasiz, davay! Hozirgina damangizni bosdim-ku! Ko‘z bormi, ko‘z? G’irromlik ham evi bilan-da, o‘rtoq! Yo‘q!
Yo‘q dedimmi, yo‘q! Mening qo‘lim edi! Bo‘lmasa, qarta qaytadan suziladi, tamom! Mana, o‘zim bir chiylab beray!
Bu olaquroq toifa qaydan paydo bo‘lgan o‘zi?
Uzoq yili shahardagi uy-joyimiz yangi «halqa» yo‘liga tushib, bizga mana shu manzildan yer tekkan edi. Markazdan chetroq bo‘lgani sabab, qurbiga qarab-da, kelgan — keldi, qurgani — qurdi; kelmagani, qurolmagani birovga «hadya» qildi, sotdi, almashtirdi, xullas, ajabtovur bir jamoa, maskan barpo bo‘ldi. Sersuv, unumdor yerlar. Bittagina imzo bilan bunaqa ko‘rkam ma’voni bizga o‘xshaganlarga tortiq qilib yuborgan amaldor, chamasi, yo shinam mansabxonasidan chiqib kelib qarovsiz yotgan bu «tupkaning tubi»ni ko‘rishga eringan, yo E.Safar toifasidagi g‘alvachilardan tezroq qutulish maqsadida arzanda imzosini bosganu yuborgan. Agar charvisi erishidan qo‘rqmay azza-bazza kelganida, uch-to‘rt yil domanasida qandoq obod maskanga aylanishini hechqursa bir tasavvur qilib ko‘rganida bormi, bu atrofda minba’d bizdaqalarni uchratolmas edingiz! (Lofchiroq dotsentning aytishicha, bir asr muqaddam bu yerlar mashhur Mirzakarimboyning huv Yo‘lchivoy g‘ayrat ko‘rsatgan serhosil ekinzori bo‘lgan emish. Qaydam, buning to‘g‘ri-noto‘g‘riligini Oybek domla tirik bo‘lganida, o‘zlaridan so‘rash mumkin edi — bugun esa ishonmoqdan o‘zga chorangiz yo‘q.) Bir tomoni dongdor dam olish uyining devori bilan to‘silgan, bir tomoni — serdaraxt sanatoriyga tutash. Etak tarafda esa qatorlashib imorat tushgan. Tap-tayyor qo‘rg‘on-da! Kimdir bu joy ahlini qurama, aralash degandek gap qilgan ekan, mahallaning nomi o‘z-o‘zidan «Aralashqo‘rg‘on» bo‘lib ketdi. To‘g‘ri-da, daydi shopiru oddiy nafaqachidan tortib, sobiq vaziru vahimali prokurorlargacha shu yerda!

* * *

Musofirning qizini it qopmaganda biz hali-veri, kun tikkaga kelmaguncha o‘rnimizdan qo‘zg‘almas edik: shanba kuni, bekorchilik, jaydari gurung, o‘yin zavqi!
O’tiraversak, tushdan nari qo‘rg‘on darvozasida kumushrang «Lasetti» moshinasi ko‘rinadi. Kattakon! Shunda hamma birdan sergak tortadi, kimdir joyidan nimxez bo‘lib, kimdir qo‘lini beixtiyor ko‘ksiga yuborib ehtirom ko‘rsatadi — katta odam-da!
Orqa o‘rindiqqa joylashib olgan Kattakon, qansharida qora ko‘zoynak, biz tomonga horg‘in o‘girilib, nishonxo‘r dohiy taomilida erinchoqqina qo‘l to‘lg‘ab qo‘yadi: haliyam o‘tiribsizlarmi, hay, o‘tiraveringlar!
Uning izidan birov havas, birov hasad bilan, kimdir esa zavq, allaqanday umidvorlik aralash tikilib qoladi. Ba’zida bir chimdim g‘iybat ham qilib olamiz, lekin beozorgina: bilib bo‘ladimi, oramizda ayg‘oqchisi o‘tirgandir!
Bugun esa chorpoyada odam yo‘q edi, uning tashrifidan hech kim xabar topmadi. Chorpoyani kimsasiz holda ko‘rib o‘zi ham taajjublangandir. Bo‘lgan hodisadan hali g‘ofil-da.
Kattakon deganimiz aslida xipchagina, o‘rtamiyona jussali bir odam. Lekin dami-siyosati zo‘r! Aytishlaricha, yaqin-yaqinga qadar vazir bo‘lgan ekan. Hozir ham chakana emas — vazirlikdan-da moyliroq, chala, yo‘g‘-e, deyarli shaxsiy bir dovrug‘dor korxonaning xo‘jayini emish. Ro‘baro‘ kelganingizda boshini bir yonga solintirib, aftingizga taajjublangandek, ammo beozor tikilib turaveradi. Bunday paytda uncha-muncha odam undan savol so‘ramoqqa ham jur’at etolmaydi. Go‘yoki so‘z boshlasa, qandaydir xunuk bir hol sodir bo‘ladigandek, baayni osmon uzilib yerga tushadigandek tuyulaveradi. O’zi esa salom-alikdan bo‘lak gap gapirmaydi. Vazmin, indamas. Yo pisand qilmasmikan? Ishqilib, sirli odam. Kattakon-da!
Kattakon kunda-kunora, ko‘pincha kechki salqinda kelar, boshida yosh-yalang rasm qilgan soyaboni serbar qalpoqcha — beysbolka, kalta shim — shorti kiyib olib itining atrofida girdikapalak bo‘lib yurar edi. Goh asilzoda seru sinorlar misoli, zanjirlarini shiqirlatib arzandasini sayr qildiradi, goh shunday salobatli odam irg‘ishlab u bilan o‘ynashadi, goh, labida sigaret, buklama kursichasida jonivorga o‘ychan tikilib uzoq-uzoq o‘tiradi. It jinnisi!
Bu erkatoyni sayr qildirish marosimini ko‘rsangiz! Avval, yaqinlashayotgan balodan ogoh etmoqchidek, Kattakonning sersalom haydovchisi o‘n-o‘n besh qadam narida uchragan qo‘ni-qo‘shnini chetga surib, yo‘l ochadi. Hamma devor-devorga qapishib qolgach, gardanida — yaltiroq piston qadalgan endor charm bo‘yinbog‘, har tarafga qarab irillay-vishillay, xo‘jasi yetagida savlat bilan itning o‘zi o‘tadi.
Boz ustiga, har kuni ayni choshgoh mahali baland darvoza oldida kumushrang «Lasetti» paydo bo‘lib, yo‘lda ketayotib ham qo‘rg‘onda ko‘ringan odamga qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salom beradigan keksaroq haydovchi Sindbodga (itning laqabi shunday) azza-bazza ovqat keltirishini ayting! It shundagina, tumshug‘i tagidagi taomga andarmon bo‘libmi, bir dam akillashdan tinadi. Qo‘rg‘on ahli esa birdan hushyor tortib, xavotirga tushadi: nima gap, tinchlikmikan?
Gap shundaki, Sindbod bir kecha-kunduzda ikki martagina omonat tanaffus bilan vakillashdan to‘xtaydi. Xo‘jayini yoki sersalom haydovchi kelganida va qo‘rg‘on ahli uyquga ketganda. Darvoqe, shunda ham tinmaydi, negaki, uxlayotgan odamni tushida it quvlashi mumkindir, ammo bu paytda u akillash sasini eshitmaydi.
E.Safarning muvaffaqiyatsizlikka uchragan (faktlari tasdiqlanmadi!) tanqidiy maqolasidan keyin hamma «Kattakonning kuchugi» deb atay boshlagan bu maxluq aslida jimitdekkina laycha yo jo‘n-jaydari ko‘ppak emas, nakd yo‘lbarsdek keladigan bir balo! Jazavaga tushib vovullaganida ovozi qo‘rg‘ondagi jami imorat devorlarida akslanib, chor atrofdan baravar sado beradi — xuddi quturgan itlar galasi ichida qolgandek bo‘lasiz!
Kattakonning o‘zi bu yerda muqim yashamaydi. Hatto bir kecha ham kelib yotmagan. Goho hordiq kunlari kalta-kulta kiygan bir to‘p zamonaviy yigit-qiz qiy-chuv bilan basseynni boshiga ko‘tarib shalop-shulup cho‘milib ketishini aytmasa, uyda deyarli odam bo‘lmaydi.
Qo‘rg‘on ichida bir «ichan qal’a»dek bu hovli mahallaning etak tarafida. Asli ikki yil burun qamalib, qamoqda o‘zini osib qo‘ygan huv nomdor boyvachchaning koshonasi edi bu. Hovli endi go‘yoki mana shu battol it uchungina sotib olingan — u koshonaning qo‘riqchisi emas, koshona uning atigi bir boshpanasi edi.
Kattakonning mahallaga aralashmasligiga sabab dimog‘dorligidan emas, avvalo, ko‘p ishli odam, bekorchi qartabozligu safsata sotib o‘tirishga fursati yo‘qdir. Hovlisiga keladi-da, birpas kuchugi bilan tillashib, ko‘ngil yozib ketadi, vassalom. Navro‘z arafasimidi, halfana osh qilmoq bo‘lib uni ham taklif etdik. «Shungayam maydalashib o‘tiradimi?» deya, odatdagidek, yonidan kattagina pul chiqaribdi. Masalaning mohiyati tushuntirilgach esa, buni rasmiyroq bir tadbir fahmlagan chog‘i, rostmi-yolg‘onmi, oqsoqolning pichirlab axborot berishicha, «Gapiramanmi? Nima deyin? Galstuk-palstuk taqish shart emasmi?» deb so‘ragan emish. «Qo‘ying-e, hali shorti-porti kiyib anovi bo‘ribosarini ham yetaklab kelmasa edi!» dedi kimdir ensasi qotib. Yo‘q, na o‘zi, na bo‘ribosari ko‘rindi — kelmadi. Shu-shu, biz ham ko‘nikib ketdik: sen — Iso, men — Muso.
Ammo insof bilan gapirganda, Kattakonning birovga ziyoni yo‘q. Aksincha! Mahalla ahli nomidan uni-buni vaj keltirib, oqsoqol undan pul undirgani undirgan. Juda saxiy, serhimmat odam. Qo‘rg‘onda biron bir yo‘sinda hamiyat ko‘rsatmagan xonadoni yo‘q hisobi. Kim darvozasi yonida uyulib yotgan tsementidan so‘raydi, kim — qolgan yog‘och-taxtasini, kim — tashqari bog‘chasida sarjinlab qo‘yilgan guldor g‘ishtiga ishqiboz, yana birov — omborxonasidagi ortib qolgan antiqa kafeliga. Xuddi nimadir aybi uchun barchadan qarzdordek, indamay borini chiqarib beraveradi. Alomat hotamtoy!
Kattakonning himmat eshigini dastlab ochgan odam mana shu oqsoqolimiz bo‘ladi.

* * *

Endi-endi namozning mashqini olayotgan oqsoqol tutila-tutila peshinlikni o‘qib dahlizga chiqqanida, «ta’til kunlari buvisiga yordamga kelgan» qiz nevarasi burchakda turgan telefon go‘shagini tutqazdi:
— Anuv, dotsent amaki.
— Ha domla, yana nima gap? — dedi oqsoqol go‘shakni qulog‘iga tutarkan, ensasi qotibroq. Nima gapligini eshitib bilgach esa, so‘radi: — Bu pismiqi shart kimdan chikdi o‘zi?
— Aytsam, ishonmaysiz — qo‘shniginamdan! — dedi dotsent allanechuk badxohlik bilan.
— Kesakdan — o‘t deng? U kishimga nima ekan? Yo savdogar bilan biron oldi-berdisi bormi?
— Unisini bilmadim, oqsoqol, lekin dotsentlikka o‘tolmay alamzada bo‘lib yurgani aniq. «Publikatsiyam yetmay qoldi», deydi-yu, aslida buningizning kavushi to‘g‘rilab qo‘yilgan!
— Anovi olibsotar nima qilmoqchi ekan, xabaringiz yo‘qmi?
— Hali eshikda turgan edim, «Damas»ini g‘izillatib shaharga jo‘nadi. Do‘kon-po‘konida bir kor-hol ro‘y bergan ko‘rinadi.
— Besh qo‘lingni og‘zingga tiqmay o‘l deng!
— Bu yog‘i endi o‘zingizga qoldi, oqsoqol, — dedi xabarkash ruhlantiruvchi ohangda. — Bo‘shashmaysiz! Biron chorasini topish kerak, ha! Bilasiz, biz — siz taraf. O’shanda bizning devor masalasi ham hal bo‘lib qolar-a, nima dedingiz?
— Hay, bir gap bo‘lar, domla, — deya go‘shakni joyiga qo‘yarkan, oqsoqolning xunobi oshdi: — Kampirning dardi — g‘o‘zada. Bir qarich yerni deb qachondan beri bo‘g‘ishasanlar. He, olim bo‘lmay o‘llaring!
Oqsoqol eran-qaran hovliga chiqib, ayvon chetida pomidor tuzlab o‘tirgan kampiridan so‘radi:
— Kenjang ko‘rinmaydi? Yana biqinib olib she’r to‘qiyaptimi?
Rostdan ham, boya choyxonadan kelganidan buyon shu bolaga ko‘zi tushmadi. Ta’tili boshlangach, qachon qaramang, ayvon devoriga o‘rnatilgan ko‘zgu oldida qo‘qqayib turib sochini taragani taragan. Ota ertalab bog‘ etagida betartib qalashib yotgan anovi temir-tersakni saranjomlab qo‘yishni buyurgan edi. Bari o‘sha-o‘sha ahvolda turibdi.
— Hali podvalga tushib ketgani, salqin deb. Boshi og‘riyotganmish. Sizdan sal oldinroq allatovur bo‘lib kirib keldi. Rangi o‘chgan. Qaydam.
— Chaqir!
Zinapoyada sochi hurpayib ketgan yoqavayron o‘g‘lini ko‘rib oqsoqolning battar jig‘ibiyroni chiqdi:
— Nima qilib yotibsiz, shoir?
— Nima qilay? — dedi o‘g‘il ko‘zini ishqab. — Doim masxaraga olaverasiz!
— Bugun sochlari taroq ko‘rmaganday?
— Hadeb tarayveradimi, deb urishasiz-ku o‘zingiz!
— Davangirdek yigitning bekor shalpayib yurishini qarang!
— Nima qil deysiz, ayting! — O’g‘il kutilmagan-da ho‘ngillab yubordi. — Shoir-shoir deysiz, nima, anaqaga o‘xshaymanmi?!
Oqsoqol birdan bo‘shashdi, ammo zahrini oxirigacha sochmay qo‘ymadi:
— Mana shunday sasib yotaver! Yigit emish! Yigit degani biror ish ko‘rsatmasa, yigit ekanmi?! Qoidasi.
(Shunchaki, otalarcha bir javrash yo‘lida og‘zidan chiqib ketgan bu gapiga u keyin rosa pushaymonlar yedi.)
Oqsoqolning boshi qotgan, o‘zi ham nima qilishini bilmas edi. «Kimki shu kuchuk masalasini bir yokli qilsa — o‘sha bizga oqsoqol!» debdi-ya anovi pismiq ko‘zoynak! O’rgildim sizday saylovchidan!
Rostini aytganda, azaldan oqsoqolning kattakonlarga toqati yo‘q. Kasaba uyushmasi rahbari sifatida u umr bo‘yi oddiy mehnatkashlarning manfaatini himoya qilib, zavod direktorlari bilan olishib kelgan. Afsuski, doim yon bermoqqa, murosaga majbur bo‘lgan. Aks holda, o‘sha jonajon mehnatkashlarning o‘zi unga qarshi chiqishi, navbatdagi saylovda nomzodini qo‘llamasligi tayin edi.
Xo‘sh, bugun-chi? To‘ppa-to‘g‘ri Kattakonga ro‘baro‘ bo‘lib, «Gap bunday, aka, kuchugingizni gumdon qilasiz — mahalla-ko‘yning talabi shu!» deb shartta ayta oladimi?
Aslida, bu — qulay bir imkoniyat. Shu ishning uddasidan chiqolmasa — Aralashqo‘rg‘onda obro‘-e’tibor ham yo‘q, oqsoqollikni ham tushingizda ko‘raverasiz!
Oqsoqol xud-bexud, ozoda engil-boshi bilan nevaralari tuprog‘ini o‘ynatib yuborgan yalang hovli sahniga o‘tirib qoldi.
Bor-budini mana shu zormonda hovliga sarflab, oqsoqol bultur bir masalada tang ahvolga tushgan edi. Boyagi erkatoy bir amallab o‘qishga ilindi-yu, shartnoma pulini to‘lashga kelganda qo‘l savil kaltalik qildi. Boz ustiga, yordami tegdimi, tegmadimi, o‘rtada turgan bachchag‘ar ham kattaroq so‘ragan edi. Shahardagi ikki akadan esa ro‘shnolik yo‘q, xotinlari o‘rab-chirmab olgan. Ana shunda nochor qolgan oqsoqol, qo‘shnichilik bahona, baxt — tavakkal, bir oqshom Kattakonning hovlisiga o‘tib bordi. Uy egasi, odatdagidek, itini o‘ynatib o‘tirgan ekan. Hol-ahvol so‘rashuv asnosi «qurg‘ur shartnoma»dan so‘z ochganida Kattakon buklama kursisidan vazmin qo‘zg‘alib, kalta shimining orqa cho‘ntagidan shartta bir dasta ko‘k qog‘oz chiqardi. Vahimaga tushgan oqsoqol «Yo‘q, yo‘q, naqdi kerak emas!» deya turib olgach, bir haftaga qolmay korxonasidan shartnoma haqini ko‘chirib berdi. «Qarzdor bo‘ldik-da, ikki-uch oygina sabr qilarsiz» degan o‘tinchga u «E, qo‘yavering, qo‘shnichilik-ku!» deya beparvo qo‘l siltab qo‘ygan edi. Bundan tashqari, uning mahallaga ko‘rsatgan beminnat marhamatlari-chi!
Shuncha gapdan keyin qayga borib bo‘ladi, musulmon? Yana deng, ertangi oqsoqollik masalasi ham Kattakonning damisiz bitmasa kerak! U tutun qaytarsa, tamom, ishning pachavasi chiqadi.
Bog‘ tarafdan, qo‘lida likobcha, yerga to‘kilgan o‘rik qoqilarini terib kelayotgan kampiri oqsoqolni bu alfozda ko‘rib, sarosimada qoldi:
— Voy, bu nima o‘tirish?! Nima qildi sizga? 
Shu chog‘ derazadan nevarasining chinqiroq ovozi eshitildi:
— Dedul, dedul! Sizni anuv muxbir amaki chaqirvottilar!

* * *

Aralashqo‘rg‘onda Kattakondan hech nima undirmagan, undan qarzdoru tilqisiq bo‘lmagan birgina odam bor edi: E.Safar!
Jamoatchi muxbir uyiga keliboq, boshini changallab Kattakonning kuchugiga qarshi chora izlamoqqa tushdi. Bu baloi baddan eng ko‘p jabr ko‘radigan o‘zi ekan, o‘ylab qarasa. Uyi naqd ro‘parada, bir devorni demasa, xuddi o‘zining hovlisida vovullayotgandek — chidab ko‘ring-chi! Tabiatan tajang emasmi, turib-turib baqirib yuboradi: «Bo‘ldi-e, padaringga la’nat!» Jonivorning padari betayin; tayini bo‘lganda ham bir tajangning o‘shqirig‘ini tushunarmidi, parvo qilarmidi! Tushunadigan, parvo qilishi mumkin bo‘lgan «dodasi» esa onda-sonda keladi. U keladigan fursatni muxbir yaxshi biladi, bunday mahalda damini ichiga yutadi. Bazo‘r. Chidaydi.
Lekin bir kuni chidayolmadi, toqati toq bo‘ldi — o‘tirib olib «Kattakonning kuchugi» degan feletonnamo maqola yozdi-da, o‘zi hamkorlik qilib turuvchi sersahifa gazetaga olib bordi. Tanish muharrir uni o‘qib ko‘rib, «Xabar topsalar, akaxonimiz bizdan xafa bo‘ladilar-a! Bunchalik ekan, bir siqim xamirmi yo go‘shtga igna tiqib oldiga tashlasangiz-ku, olam guliston. Shunga ham gazetami, E.Safar?! — deya matohini qo‘liga tutqazdi. Qalamkashlik vijdoni qo‘zidimi, keyin sal yumshab, maslahat berdi: — Mayli, mana shu mo‘‘tabar gazetamizni oldiga to‘shab qo‘ying, roziman. Qorong‘i tushishini poylab-da». «Iya, oldiga yaqinlashtirarmidi u battol?!» dedi E.Safar fig‘on aralash. Muharrir «bilganingizni qiling» degandek nochorgina yelka qisib qo‘ydi. Aftidan, Kattakonning yana bir hovlisi muharririmizning mahallasida, u yerdagi «xonanda»si biznikidan ham «xushovoz»roq bo‘lsa kerak.
Jamoatchi muxbir bir muddat o‘zicha arazlab, sinashta gazetasi bilan aloqani uzib ham yurdi.
E.Safar qo‘shni hovlidan kelayotgan muttasil vakillash ostida bosh qotira-qotira, bir yo‘lini topgandek bo‘ldi. Kattakonga mahalla ahli nomidan ochiq xat yozib murojaat qilish kerak! Modomiki, biror kimsa unga ro‘baro‘ bo‘lib, dangal arz qilolmas ekan, shundan o‘zga chorasi yo‘q!
Muxbir bor qalamkashlik mahoratini ishga solib xomaki bir matn tuzdi. Jamoatchilik fikrining ifodasi bo‘lmish bu matnda andak lutf, jindak iltimos, zarradekkina talab ham bor edi. Bir joyiga «Afsuski, mazkur it hatto jamoatchi muxbir E.Safarning ijodiy ishlariga xalal bermoqda» degan pisanda ham qistirib ketilgan.
Bu murojaatnoma-iltimosnoma-talabnomaga birinchi bo‘lib o‘zi imzo chekdi. Keyin, kechki «choyxonabazm»gacha ham sabri chidamay, birin-birin qo‘shnilariga qo‘ng‘iroq qila boshladi.
Do‘kondor shaharda ekan, xotini aytdi. Magazinlaridan birrav xabar olgani ketganmish. Mana shu chala choyxona biqinida ham do‘koncha ochmoqchi u yebto‘ymas. Bu ishda Kattakondan biror nima undirish ilinji ham yo‘q emasdir. Axir, do‘konchani bir balolar bilan to‘ldirish kerak-ku, aks holda, nomi ulug‘-u, suprasi quruq bu katalakka kim qadam bosardi?! Qolaversa, unga baribir — soliqchi yo melisaning dami qaytarib turilsa, bir emas, o‘nta it baravar vovullaganda ham parvo qilmaydi u. Do‘kon ochishni o‘ylaydi. Fikr-zikri shu bilangina band.
Daydi shopir ham qayoqqadir izg‘ib ketibdi. Kuchala qidiribmikan?
Boya choyxonada mardona shart qo‘ygan odam — fan nomzodi xatga imzo chekishdan nomardlarcha bosh tortdi. Kattakon unga telefon o‘rnatishda yordam qilgan ekan — uzdirib tashlashi mumkin! Nomzod esa telefonsiz yashayolmaydi: shaharda onasi og‘ir yotgan emish.
Dotsent gapni qisqa qildi:
— Keling, muxbir, shu ishga aralashtirmang meni! Imzobozlikka xushim yo‘qroq. Bachkanalik-ku bu!
E.Safar ham sanchib oldi:
— Ochig‘ini gapiravermaysizmi, do‘stim! Kattakon bizning direktor bilan qilo‘tmas qadrdon ekan, deb kerilgan siz emasmidingiz?!
Oqsoqollikka da’vogar esa, murojaatnomani eshitgach, bir muddat oqsoqollarcha mulohazaga berildi-da, so‘ng:
— Betamizlik bo‘lmasmikan, muxbir ukam? — deya istihola bildirdi. — Harholda, katta odam!
— Katta bo‘lsa, itini tiyib qo‘ysin-da! Bir kuchukning evini qilolmaydimi shunday odam?!
— Mayli, mayli, qizishmaylik, — dedi oqsoqol tag‘in uning yuziga suv sepgandek. — Bunday qilsangiz-chi, Safarboy — shu arizangiz sal imzosizroq bo‘lsamikan?
Muxbir uning oqsoqollarga xos esarroqligidan ranjimadi — hozir buning mavridi ham emas, aksincha, pandavaqiligidan kuydi:
— Imzosiz xat anonimka hisoblanadi, oqsoqol! — Hisoblanaversin, mayli, lekin egasiga yetgani hisob-da!
— Xo‘p, kim yetkazadi?
— Kim? — Oqsoqol yana mulohazaga ketdi. — Azza-bazza qo‘liga berish noqulaymi deyman-ov, muxbir ukam. Shuginani asta eltib darvozasi tagiga tashlab kelinsa qandoq bo‘larkan-a?
— Kim tashlab keladi, xo‘sh?
 Oqsoqoldan sado chiqmadi.
— O’zlari-da!
— Men?!
— Oqsoqollikka da’vogar bo‘lib yurgan sizmi, menmi?!
Go‘shak bir zum jimib qoldi-da, keyin shiq etkizib qo‘yib qo‘yildi.
E.Safar qo‘lidagi qog‘ozni parcha-parcha qilib yirtdiyu yugurib hovliga chiqdi, bor ovozi bilan bo‘kirib yubordi:
— E, bo‘ldi-e, padaringga la’nat! Fonogramma degani ham bunchalik jonga tegmas!

* * *

Kechki qartabozlik bazmiga E.Safardan boshqa hamma yig‘ilgan. Uning qonbosimi oshib, uyida yotganmish. Battar bo‘lsin! Yozg‘uvchi, ig‘vogar!
Oramizdan hech gap o‘tmagandek, hammamiz ahil qo‘shni, jonajon ulfat siyog‘ida o‘tiribmiz. O’sha gurung, o‘sha manzara. Yangiligi shuki, daydi shopirning aytishicha, xonavayron bo‘layozgan dam olish uyiga boshqa direktor tayinlanibdi. Juda «krutoy» emish.
Biroq, serhimmat do‘kondor ko‘tarib kelgan obi-novvotga pichoq sanchilgan zahoti favqulodda hol ro‘y berdi: qo‘rg‘onimiz osoyishtaligiga «fayz» bag‘ishlab turgan Kattakonning kuchugi tuyqus akillashdan to‘xtadi-qoldi! Jimjitlik! G’alati bo‘lar ekan — zarur bir nimasini yo‘qotib qo‘ygandek hamma bir-biriga qaragan, hammaning qulog‘i ding: tinchlikmikan?
Xiyol o‘tib bog‘ko‘cha tarafdan qiz bolaning chinqirig‘i keldi:
— Dedul! Dedu-ul! Sizni babul chaqirvottilar. Tez kelarkansiz! Te-ez!
— Obbo-o, nevara-ku! — Endigina o‘rtadagi qovunga qo‘l cho‘zgan oqsoqol o‘rnidan og‘ir qo‘zg‘aldi. — Namuncha? He, babul-dedulingdan seni! Nima gap ekan-a?
Salginadan so‘ng nima gapligi ma’lum bo‘ldi. Aql bovar qilmaydigan gap! Oqsoqolning kenja o‘g‘li naqd Kattakonni otib qo‘yibdi!
Qovun so‘yilganicha, tuz — tuzligicha, valet — valetligicha, ko‘zir — ko‘zirligicha qoldi, hamma baravariga o‘rnidan turib ketdi.
Rasvo kun bo‘ldi o‘zi bugun!
Rostdan ham, chorak soatga yetmay, ketma-ket ikkita «Tez yordam» moshinasi zuvillab shu tarafga o‘tdi. Xunuk bir ish bo‘lganiga endi shubha yo‘q edi.
Eshitgan borki, nima gapligini bilgisi, voqea sodir bo‘lgan joyni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgisi kelar, ammo yaqin yo‘lamoqqa hech kimning yuragi dov bermas edi. Kattakondek odamniki otgan bo‘lsa!..
Uncha-muncha tafsiloti kechga boribgina, yolg‘izlikdan ko‘ngil siqilib, odam ko‘chaga chiqqisi, kim bilandir dardlashgisi kelaveradigan zavol pallasi chorpoyaga yig‘ilganimizda ayonlashdi.
Oqsoqolning kenjasi Kattakonni otib qo‘ygani rost ekan. Lekin u Kattakonga nisbatan biror yomonlik qasdida bo‘lmagan, zinhor-bazinhor — anovi la’nati kuchukni o‘ldirish maqsadidagina borgan. Sekin hovliga yaqinlashib, ko‘cha tomondagi baland, jimjimador panjara bilan o‘ralgan bog‘chada jag‘i-jag‘iga tegmay vakillab turgan yaramasni mo‘ljallab tepkini bosganida nogahon darvozadan lop etib, qo‘lida yaloq, Kattakon chiqib qolgan! Birov o‘q borib uning qo‘liga tekkan, desa, boshqa birov (asta’furulloh!) naqd og‘ziga, deydi. E.Safarning o‘ziga o‘xshagan tinib-tinchimasroq xotini Kattakonning og‘iz-burnidan qon oqqanini devor tirqishi orqali ko‘rganmish. Bo‘lsa — bordir.
Asli, bunaqa hodisaning guvohi ikkita bo‘ladi: uni sodir etganlaru tepadagi Egam. Taxmin-tusmollar esa — mingta!
Miltiq-chi, bola miltiqni qayoqdan olibdi? Yerto‘lalarida zanglab yotgan ekan, o‘shani topib obdon tozalabdi, moylabdi, chumchuq otish bahonasida bir-ikki dapqir ishlatib ham ko‘ribdi. Shundan keyingina... Bu maynaotarni esa oqsoqolga hov bir zamonlar tajriba almashgani Irqutga borganida kasabadosh oshnalari sovg‘a qilgan ekan. Sovuq qurolni oqsoqol o‘shandoq joydan qanday opkelgan deng? Sovg‘a qilgan odam xatlab ham bergandir. Atigi bir mayda-mo‘ljal ov miltig‘i bo‘lsa, ko‘tarib kelavergan-da.
Bola-chi, bolaning o‘zi qaerda ekan hozir? O’sha zahoti juftakni urganmish. Qayoqqa qochganini hech kim bilmaydi. Jinoyat qilgan-da! Mana, endi oqsoqolimiz ko‘chaga chiqolmay, yuragini changallab, ustma-ust dori yutib o‘tiribdi. «Men aybdorman, men aybdorman!» der emish nuqul. Negadir melisaga xabar qilinmabdi bu voqea.
Xo‘sh, shugina o‘spirinning bu darajaga borishi, kelib-kelib Kattakonning kuchugiga miltiq o‘qtalishiga sabab nima o‘zi? O’ch olmoqchi bo‘lgan. Musofirning haligi sho‘rlik qiziga oshiqi beqaror emish-da bola! Keyingi kunlarda unga atab bosim she’r bitib yurgan ekan. E, shunday demaysizmi! Yo tavbangdan ketay, ko‘ngil deganlari alomat narsa bo‘lar ekan-da, a!
Ertasi kuni — biz hamon choyxonamizda o‘tirardik — matrab ko‘targan besh-olti itquvar paydo bo‘lib, bu noxushliklarning asl aybdori — Kattakonning yalmog‘izini shovqin-suron bilan yopiq moshinaga bosib ketdi. Shunda qo‘rg‘on bolakaylariga xudo berdi — hov katta yo‘lga qadar moshinaning ketidan vovullab borishdi.
Oradan bir kunmi, ikki kun o‘tib, qo‘rg‘onda hayratomuz bir vahima tarqaldi: eshitdingizmi, Kattakonimiz quturgan emish! Arzanda kuchugidan yuqibdi-da! («Battar bo‘lsin! Qilmishiga yarasha!» deganlar ham topildi, qarang.) Erta-indin do‘xtirlar kelib, mahalladagi katta-kichik hammadan qon olib, tekshiruvdan o‘tkazarmish. Demak, musofirning qizi ham... Ha-da, nozikroq joyidan qopgan ekan uning, qirq kun qornidan ukol olib yotarmish-ku!
Umuman, bu savdolarda ko‘p narsa noayon, jumboq edi. Hayotda ham shunday emasmi o‘zi?
Kattakonimiz qaytib qo‘rg‘onda ko‘rinmadi. Aytishlaricha, koshonasini sotuvga qo‘yganmish. Avval, kimdir-birov uni sotib olibdi, degan gap ham chiqdi. Bekor ekan. Egasi qimmatroq so‘raganmish. Rosa tanti, bag‘ridaryo odam edi-ku? O’zi hech kimga buyurmagan xosiyatsizroq hovli ekan shu.
Kattakonning g‘oyib bo‘lganidan qo‘rg‘onda kimdir xafa — mo‘ljallagan ne bir ishini bitirolmay kolgan, kimdir xursand — bergan qarzini qistab qolishi mumkin bo‘lgan dardisar endi yo‘q. Odamgarchilik yuzasidan unga ichi achiganlar ham topildi, albatta.
Oqsoqolimiz hamon uyida chilla saqlab o‘tiribdi. Ko‘ngli bezovta. Melisadan odam kelib qolmasmikan deb, dori ichgani ichgan. Oqsoqollik orzularini endi xayoliga ham keltirolmaydi. O’g‘il esa allaqayoqlarda qochib yuribdi. Birov Qozog‘istonda emish, desa, kimdir Rossiya tomonlarga ketvorgan, deydi. Ishqilib, noma’lum.
Musofirning o‘rtancha qizini ikki oylardan so‘ng ota yurtidagi ammasiningmi, xolasiningmi, tutal-tutal, g‘alcharoq o‘g‘liga yeng ichida uzatib yubordilar. Kim bilib o‘tiribdi — qishloq joy, lozim-pozim kiyib yurar!
Dam olish uyining «krutoy» direktori bir kuni to‘rt ishchisini boshlab kelib, ana shu savdolarning bevosita shohidi bo‘lgan alomat so‘rimizni, tarixiy ashyo sifatida, qaytib ko‘tarib ketdi. «Hechqursa, bo‘yog‘imning pulini bersin!» deya talay vaqt g‘alva qilib yurdi do‘kondor. Bu mashmashani adolatli hal etmoq qasdida qalam charxlab borgan E.Safarni kechqurun direktorning moshinasi o‘lardek mast ahvolda keltirib uyiga tashladi. Shu-shu, dami ichiga tushib ketdi jamoatchi muxbirning.
Ertayu kech akillash sadolariga to‘lib turgan Aralashqo‘rg‘onimiz shu tariqa tinchidi-qoldi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.