OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin A’zam. Ta’ziya (hikoya)

Ushbu hikoyaning dastlabki nomi «Do‘ppi» edi. Shunday she’ri borligini eslabmi, uni Muhammad Yusufga bag‘ishlamoqchi bo‘ldim. Asarning sarlavhasi o‘zgargach esa, shoir nomi bilan yonma-yon turishi xunukroq tuyulib, fikrimdan qaytdim. Ajabo...
Bugun hikoyani suyukli inimntg unutilmas xotirasiga bag‘ishlamoqdaman.
Muallif


O’zbekning xonadonidan do‘ppi topilmasa-ya!
—    Mana, — deya enam nihoyat kaftlariga urib qoqa-qoqa, kizaklarini torta-torta, qirralari uringan nimdoshroq bir do‘ppini ko‘tarib chiqdilar ichkaridan. — Uy emas bu, karvonsaroy. Do‘ppining bozoridan o‘tib bo‘lmasdi-ya! Otang Toshkanddan bir to‘qqizini ortib kelgan edilar, qani endi? Tunov kuni ukang bir to‘da jo‘rasi bilan kelib, anovi hamsoyaning ta’ziyasiga kiramiz, deb bitta-bitta kiyib ketdi. Bi-irontasi qaytib kelgani yo‘q. O’zing-chi, kelar ekansan, mana shunday to‘y bor, ta’ziya bor, chamadonning tagiga tashlab kelay demaysan. Do‘ppi jonivorning hamku pisandi qolmadi, yaxshi-yomon kunda kiyilmasa, boshiga iladiganni bozordan toping! — Enam javrashdan to‘xtab, mashinaning kalitini barmoqlarida betoqat aylantirib turgan otamga yuzlandilar: — Boshingizdagini ulingizga bering, siz mana buni kiyasiz.
—    Iya, shunday bo‘ldimi? — dedilar otam yasama itoat bilan ohorli do‘ppini menga uzatib. — Alining jandasi Valiga, yangisini akam kiyar ekanlar-da, mayli, mayli.
—    O’zingizning eskingiz. Shungayam jon deng.
—    Jo-o-on! Bo‘ldimi?
—    Noz qilishlarini, ho‘ sho‘-o‘r! Shuyam yo‘q edi, bobom bozordan opkeldi, debdilar.
—    Arablarning o‘zi bosh kiyimga uncha ahamiyat bermas ekan — na to‘yda, na azada, — dedim sho‘x munozarani bo‘lib.
—    Shu uchun aytadilar-da, mullaning aytganinigina kil, deb. Buni endi kimga tushuntirarding? Bosh-yalang borsang, kofir deydi — xuddi do‘ppi kiygan zahoti odam musulmon bo‘lib qoladiganday! Ota-bobomizdan qolgan urf-da, ulim. Bir vaqtlar shuni kiyish ham jasorat edi. Nega shapka kiymaysan, nimaga sha’ma bu, maqsadingni bilamiz, deb sho‘ri quriganlarni ko‘p ko‘rganmiz.
Yo‘q, gap bosh kiyimda emas, aksincha — do‘ppi kiyib musulmonlik da’vo qilib, itoatkor bo‘lib, okibati mana shunday kunga qolganimizdan bahs ochmoqni o‘yladim-u, fikrimdan qaytdim. O’rni emas, mavridi ham emas. Ranjiydilar. Axir, qariyb qirq yillik kommunist, yo‘ldan qaytib, besh yashar nevaralari bilan birga o‘tirib, arab yozuviyu arab tilini mustaqil o‘rganayotgan odam, nimaningdir tagiga yetgan bo‘lishi kerak-ku!
Otam «jiguli»ning eshigini ochib, maslahat soldilar:    
—    Ta’ziyali joy to‘rtta. Xo‘sh, qaysisidan boshlaymiz? Eng uzog‘idan, a? Safarovdan, ustozingdan.
—    Qanaqa ustoz?
—    Salim Safar-chi, muxbir? Qaydam, «Bizning shogird qalay yuribdi?» deb seni ko‘p surishtirardi.
—    Salim Qaror deng!
—    A, o‘shaning familiyasi Safarov edi-da. Sho‘roda kotibligida majlis qarorlarini qoyilmaqom qilib yozgani uchun Salim Qaror bo‘lib ketgan. Laqabday gap, muxbir bo‘lganiga taxallus deymiz.
—    Ie, o‘ldimi? Nima, kasalmidi?
—    Qarigandan keyin nima qiladi — o‘ladi-da. Tag‘in kim bilsin, har xil gap yuradi. O’g‘lining jabriga ketdi, deganlar ham bo‘ldi. Yolg‘iz o‘g‘il, erkaroq o‘sgan. Bo‘lmasa, shunday odamning farzandi, nobop chiqdi. Xotinini urib g‘ilay qilib qo‘ydi. Bir yilmi, ikki yil qamoqdayam yotib keldi. Ukkag‘ar bobo aralashmadi, ko‘rgani ham bormadi. Er-xotinning orasida nimalar bo‘lmaydi, falokat-da buyam, yarashib ketar, o‘rtada jujuqlari bor, neki qilgan bo‘lsa — o‘zining sho‘riga, qo‘yinglar shuni, deb bir og‘iz arz qilib borganida-ku, har qalay, el-yurt ichida obro‘si bor, bu yog‘i mahalliychilik, hammayam odam — chiqarib kelardi o‘g‘lini. Yo‘q. Bir so‘zli-da, printsipial. Ana, o‘g‘il chiqib ham keldi, xotini bilan yarashdi. Bippa-binoyi. G’ilay bo‘lsayam — ko‘z ochib ko‘rgani, boz ustiga o‘zginasining qilmishi. Orada, sadqai sar bo‘lib, bobo o‘lib ketdi. Aytishlaricha, qaynona-kelinning g‘idi-bidisi ham ko‘paygan. U tomon: «O’l sen g‘ilay, ulginamni qamatib keng yaylov qilib o‘tiribsan», degan, bu tomon: «O’zi-dan bo‘ldi-da, ko‘zim shahlo edi», degan, u tomon battar g‘azablagan: «Ulimning joyida bo‘lganimda, sen mochaxarni urib bu ko‘zginangniyam chiqarardim!» Shu-da, eski savdo.
—    Qiyomat odam edi, — dedim Salim Qarorni eslab.
—    Qiyomat ham gapmi! — dedilar otam xayolchan, mashinani ortga tisariltirayotib. — «O’n yettinchi yil-ning yettinchi noyabrida — xuddi inqilob kuni tug‘ilganman, Oktyabrga tengdoshman, asli otim ham yo Oktyabr, yo Inqilob bo‘lishi kerak edi», deb yurardi. — Keyin, nash’a qilgandek, gapda davom etdilar otam: — Tavba, sendan o‘n yoshlarcha kichik bo‘laturib, qaysi yilu qaysi oyda tug‘ilganimni men aniq bilmayman-u, sen enangdan so‘rabsanmi?!
—    E’tiqod-da, ota, dogmatik e’tiqod.
—    Ha, sen aytgan e’tiqodning kuchini shu odamda ko‘rdim. Bosma harfga chippa-chin ishonardi. Bir varaq qog‘ozga bosma qilib «Ukang hukumatning siyosatiga qarshi», deb yozib bersang, jonajon inisiga xoda ko‘tarib chopishdan ham toymas edi. Shundanmikan, bu o‘ramda minmagan mansabi qolmadi. Rayqo‘mu ijroqo‘mda ishladi, avval kolxozga, keyin Sho‘roga rais bo‘ldi, hosilotlik qildi, milisadayam yurdi-yov. E, qolmadi. Oxiri mana shu — muxbirlik. Lekin, qulluqxonadagi gapni aytish kerak: shuncha amallarda yurib, na davlatning, na mardumning biron xasiga xiyonat qilgan. Bo‘lmasa, qanday og‘ir yillar edi u! Urushdan keyingi qahatchilik zamonida o‘z amakisi «Bola-chaqam ochdan  o‘ldi», deb yig‘lab borganida omborxonaning eshigini tambalab, «Bug‘doy yo‘q, davlatniki bu!» deb quruq qaytargan, deydilar. Ana shunday berilgan odam edi. Zamonasozlikni bilmagan sira. Talay yillar o‘g‘lini xatna qildirmay yurdi. Rostmi-yolg‘onmi, enasini janozasiz ko‘mdirgan, degan gap ham bor. Aniq aytolmayman — men Toshkandda, o‘kishda edim. Ishonch-e’tiqodning mahkamligini qara! O’zi, bor-yo‘g‘i chalasavodlik kursini bitirgan. Lekin «Kapital» deysanmi, zamonaning siyosati deysanmi, ko‘zini yumib aytib tashlardi. Dammasi mustaqil mutolaayu ishtiyoqning zo‘ridan! «O’n to‘rt yoshimdan marksistman», der edi, ukkag‘ar. O’ldi.
—    Marksistlar ham o‘lar ekan, — deb qo‘ydim shunchaki, gapning maromiga qarab.
—    Hammayam o‘ladi. Lekin, senlarning tiling bilan aytganda — «ularning porloq xotirasi dillarda abadiy qoladi», shundaymi?
Beozor kinoya aralash bu gapga indamay qo‘yaqoldim.
Tuman markazidan o‘tib bormoqda edik. Ko‘cha gavjum. Qovun-tarvuz qo‘ltiqlagan, xalta-xulta ortmoqlaganlar qaytyapti. Yakshanba, bozor-o‘char.
Ko‘zim shularda-yu, xayol parishon. Xotiralar qatidan bir qiyofa chiqib keladi. Sarupo moshrang libosda. Boshda stalincha shapka, sercho‘ntak stalincha kamzul, baqaloq galife shim, dag‘al matodan etik. Kishin-yozin. Bir yonda kattakon bloknot, ko‘qrak cho‘ntakda qator rang-barang avtoruchqa, etikning qo‘njida bir dasta gazet-jurnal.
Bu odamni boshqa qiyofada ko‘rmaganman. Ustozim...
Ko‘p yillik gap bu. Biror yigirma yillar bo‘ldi-yov.
Yozgi praktikamni tuman ro‘znomasiga oldim. Ro‘znoma muharriri, uzoqroq qarindoshimiz Juma aka yo‘llanmamni ko‘zdan kechirgach, «She’ringni Toshkentda yozasan, uka, kasbing jurnalist, hayotga yaqin bo‘lishing kerak, qora ishni ham o‘rgan», deya meni partiya turmushi bo‘limiga biriktirib qo‘ydi. Bo‘lim mudiri Salim Qarorni chaqirib tayinladi: «Oqsoqol, mana shu bolani quloq-boshini tortib, kuzgacha havodan gazet yasaydigan qilib berasiz».
Salim Qaror deganlarini men ilgari katta-kichik majlis-mashvaratlarda uchratgan, ko‘zimga juda ulug‘vor ko‘rinib, savlatidan hurkib yurar edim. Jo‘ngina bir odam ekan. Mo‘min, muloyim. Kimning o‘g‘li ekanimni eshitgach esa ochilib ketdi: «Otangiz bilan birga ishlaganmiz, jiyan. Kolxoz vaqtida. Otangiz qo‘limda tabelchi edi». Keyin ham, o‘sha davrga oidroq biror nimadan gap ketganda, «Otangizdan so‘rang» deb qo‘yadi-gan bo‘ldi.
She’r yozishimni bilib, armon bilan uh tortdi: «Biz ham yoshlikda yozar edik. Biz g‘azal mashq qilar edik. Qofiyasini to‘g‘ri keltirolmay, bu yoqqa o‘tib ketdik-da. Otangizdan so‘rang».
Qopdek bu odamning bir vaktlar she’r, ayniqsa, g‘azal bitganiga sira ishonolmasdim. Odatdagi maqtanchoqlikka yo‘ydim. Qaysi muxbirni so‘ramang, yoshligida albatta shoirlikni orzu qilgan, ammo turmush sharoiti to‘g‘ri kelmay, qolib ketgan. (Go‘yo shoirlarga birov alohida sharoit yaratib beradigandek!)
O’lgudek ishchan ekan Salim Qaror. Stoldan bosh ko‘tarmaydi. Ertalab oldida bir to‘p gazeta, choynakda choy, ko‘zoynagini burniga qo‘ndirib, ishtiyoq bilan mutolaa qiladi, qizil qalamda belgilar qo‘yadi. Keyin muk tushib, mehnatkashlarning xatlaridan turli-tuman maqola yasaydi. Tushlikni aytmasa, tashqari chiqish yo‘q, dam olish yo‘q, chaq-chaq yo‘q. To‘nkaning o‘zi.
Erinmagan bu kimsaning qorasiga tikilib o‘tiraverib siqiliblar ketaman, xunobim oshadi. She’rimni yozay desam — ilhom yo‘q. Ilhom parilari Toshkentda qolgan: Keyin, qora mehnat uchungina yaralgan bu zotni g‘aflatda qoldirib, chekish bahona, qo‘shni xonaga bosh suqaman. Qishloq xo‘jaligi bo‘limi bilan madaniyat bo‘limi shu xonada. Dunyoning zavqu lazzati ham shu yerda. Chorsi xonaning chor burchini egallagan ulfati chor allaqachon ikki yuz qatordan materialni tayyorlab «hukumatdan qarzini uzgan», endi hangoma bilan mashg‘ul.
To‘rda o‘tirgan sho‘x-shalayim Nazir aka qoramni ko‘rib:
— Ke, ke, Stalin bobomning nevarasi, — deydi darrov yuziga tashvishli tus berib. — Nima bo‘ldi senga? Rang ko‘r, hol so‘r. Ukkag‘ar Stalinning zulmidan bari. Qalay, o‘tiribdimi o‘zi? Uni dev ham urmaydi, qirg‘indan qolgan-da. Beri kel-e, ukam-e, toza tamom bo‘psan-a. Seni o‘zim davolab qo‘ymasam... — U yonidagi temir sandiqdan shisha oladi. — Mana shundan jindakkina otib yuborsang, odam bo‘lasan-qolasan. Nima, deysanmi? Talmovsirama. Dori bu, dori — qultamitsin. Qult-qult yutasan — tamo-om, olam guliston! Qarabsanki, gullar ochilgan, bulbullar sayragan, ilhom bulog‘i jo‘shib turibdi! Yo, bobongdan qo‘rqasanmi? To‘g‘risini ayt, bo‘lmasa o‘zim urib yuboraman. Tagi sayozroq o‘zi. Ha-a, malades, ur! Ye hayot, yo mamot! Chakkidan yala, chakkidan. A, shoir degani mana bunday bo‘pti-da. Anovi Stalin senga ham o‘rgatyaptimi, «She’rni qo‘y, go‘ngni yoz, xashakni yoz», deb? Yozma! Meni desang, yozma shuni, uka! Shu ukkag‘arning gapiga kirib, bizlar go‘ngu xashak bo‘lib qoldik, yetar. Bo‘lmasa, mana, Po‘latdan so‘ra, bir daftar she’rim bor meniyam! Hammasi gulu bulbul, ishqu muhabbatga bag‘ishlangan. Lekin endi, ko‘rib turibsan — go‘ng, xashak... O’zi yozsin, o‘lmaydi. Joni qattiq uning. Stalin bobong bir o‘zi bir kunda sakkizta gazet chiqaradi. Yuqoridan buyruq kelsa — bas!
Nazir aka lof qilayotgani yo‘q, o‘zim guvohman. Tog‘dagi chorvachilik xo‘jaligida amalga oshirilayotgan partiyaviy-siyosiy tadbirlarni ro‘znomada yoritish zarur bo‘lib qoldi. O’sha kuni rayqo‘mda qanaqadir majlis chiqib, Salim Qaror toqqa borolmadi. Ertasi kelib, xo‘jalik rahbari bilan telefon orqali besh minutgina so‘zlashdiyu mashinkaxonaga kirib, ikki soatda ikki sahifa narsa tayyorlab chiqdi. Og‘zaki, aytib turib! Qoyil qolmay iloj yo‘q. «Besharchadan besh saboq». Qiziqsinib o‘qib qaradim. Xuddi borib o‘z ko‘zi bilan ko‘rgandek jonli, batafsil. Dalilu mulohazalar joy-joyida, xulosalar asosli, shiddatvor. Birorta ham nuqsoni yo‘q. Gap shunda-da: birorta ham! Bari barchaga ma’lum, to‘ppa-to‘g‘ri, sip-silliq gaplar. Lekin — har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Ustozim shu hunarning piri ekan, bilsam.
Ish boshlaganimning ikkinchi haftasimidi, u menga topshiriq berdi. Shoyi to‘qish fabrikasidagi ochiq partiya majlisidan ixchamgana reportaj yozib kelishim darkor. Bordim, qatnashdim, yozdim. Bu daqqiyunuslarga bir ko‘rsatib qo‘yay deb, bor iste’dodimni ishga solib yozdim. Mudirimning tahriridan keyin o‘qib ko‘rib esa dod deb yuboray dedim. Soch yulib o‘tirib topgan o‘xshatishu sifatlashlarim, majoziy iboralarim... qani?! «Falon kuni falon joyda falon mavzuga bag‘ishlangan falonday majlis bo‘ldi. Yig‘ilishda falonchi-falonchilar so‘zga chiqib, falon-pismadon dedilar. Majlis ahli falonday qaror qabul qildi. Bu — jonajon partiya-hukumatimizning tarixiy qarorlariga to‘liq hamohangdir». Qolgan gap shu. Xuddi bir dasta gulni silkib-silkib bargini to‘kib tashlagandek. Ayniqsa, ilova qilib qo‘ygan so‘nggi jumlasini o‘qib jonim chiqqudek bo‘laman: shugina majlis ahliki «hamohang qaror» qabul qilgan ekan, yuqorida o‘tirgan partiya-hukumatning nima keragi bor?! Hamonki, qaror «hamohang» bo‘lmoga oldindan ma’lum ekan, shuncha odamni ovora qilib majlis chaqirishdan murod nima?!
Muharrirga arz qilib kirgan edim, Juma aka: «Nichevo, partiyaviy uslub shunaqa bo‘ladi, o‘rgan», deya yuzimga suv sepib chiqarib yubordi. Qo‘limdan kelgani shu bo‘ldiki, kechqurun yashirincha bosmaxonaga tushib, nomimni oldirib tashladim. Axir, buni ko‘rgan birov-yarim: «Yozganing-ku Salim Qarornikidan farqi yo‘q ekan, Toshkentda pashsha qo‘rib nima qilasan?», demaydimi?!
Asta-sekin yuksak she’riyatu badiiy vositalar xayolimdan ko‘tarilib, bor muhitga moslasha boshladim. nsof bilan aytish kerak: yaxshimi, yomonmi, ustozimdan ul-bulni ham o‘rgandim.
Ana shunday saboqardan birini eslasam, hamon o‘zimni kulgidan tiyolmayman. Salim Qaror qayoqqadir ketganida bir maqola tayyorlab, bosmaga topshirdim. Ertasi uni ro‘znomada o‘qib, vahimaga tushib qolmaydimi ustozi!
—    Siyosiy xato, siyosiy xato! — derdi u boshini changallab. — Kapamiz kuydi, jiyanjon! Endi nima qildik? Kelib-kelib Juma Turdievich betobliklarida... «Partiya qarorlari» debsiz. Qaysi partiya: sotsial-demokratlar partiyasimi, eserlar partiyasimi yo kadetlar?! «Jonajon Kommunistik partiyamiz» deb yozishimiz kerak, bildingiz! Buni rayqo‘m o‘qisa-a, ikkovimiz ham, Juma Turdievich ham!.;
Tushlik chog‘i bu noxushlikni Nazir akaga bildirgan edim, u kulib yubordi:
—    Chepuxa! Bor-e, enag‘ar, demaysanmi! Bu devoriy gazetangni kim o‘qirdi? O’qisa ham — chepuxa!
Xayriyat, rayqo‘m bizni chaqirmadi. Yo, u yerdagilar ham Juma Turdievichga o‘xshab o‘sha kunlar betobmikan...
Salim Qaror bilan korrektura o‘qishganimiz bundan ham qiziq. Korrektor qizimizning to‘yi bo‘lib, bir oqshom ro‘znomaga navbatchilik qilgan mudirimga ko‘maklashgani qoldim. Men qo‘lyozmani kuzatib boraman, u kishi bosmaxonadan kelgan nusxasini ovoz chiqarib o‘qiydi. Solishtiramiz. Ustoz hijjalab-hij-jalab o‘qiyapti-yu, men kulib yubormaslik uchun sonimni chimchilab o‘tiribman.
—    «Jo-na-jon Kom-mu-nis-tik... bosh harf bilan, ikkita «m»... par-ti-yamiz-ning ta-ri-xiy...iy... qa-ror-la-ri-dan ruh-la-nib, vergul... a-za-mat par-ran-da-bo-qar-lar yuk-sak zafar quchdilar... «Quchdilar»mi? Ha-a, ana shunday. Sergak bo‘ling-a, jiyanjon...
Salim Qaror yig‘in-pig‘inga ketganida men deraza oldida uzoq-uzoq turib, ko‘chadan o‘tayotgan qiz-juvonlarni tomosha qilaman. Turib-turib xo‘rligam keladi, o‘zimni o‘zim so‘kaman. Bu nima yurish, axir? Diqqinafas xonada, undan-da diqqinafas bir odam bilan, diqqinafas bir muhitda, hech kimga keraksiz, siyqasi chiqib ketgan gaplarni chaynab, talantimni xor qilib, «dalaga nuri chiqarildi», «ko‘prik qurildi», «brigada planini bajardi» deb o‘tirguncha, praktikaga Toshkentning o‘zida qolib, xushhavo chamanlar aro Madinamni qo‘ltiqlab, unga she’ru g‘azal o‘qib yurmaymanmi! Ahmoq, nodon! Hayotni o‘rganarmish, hayotga yaqin bo‘lmoqchi emish! Mana hayot!.. Jo‘ralar qachon kelarkin-a, derazaning tagida mashinasini bip-biplatib? Bugun cho‘milgani sharsharaga bormoqchi edik... Ketaman-ku, kuz kelsin, ketaman! Go‘ngu xashaging o‘zingga siylov, qaror-parorlaring bilan qo‘shmozor bo‘lgur Salim Qaror!
...Tuman markazidan o‘tib olmazorga qayrilayotganimizda otam gapirib qoldilar:
—    «Shogirdimiz bizni boplab bir qo‘lga tushirganda» deb yurardi rahmatli. Nimaligini aytmasdi.
Usha voqeani g‘ira-shira xotirlab, so‘rayman:
—    Ota, enasini janozasiz ko‘mdirgan u, dedingiz boya. Shu odam namoz-pamoz o‘kirmidi o‘zi?
—    O’qigan bo‘lsa o‘qigandir, birov ko‘rgan emas. Dafn-ma’rakalarga qatnashardi-yu, janoza payti chetga chiqib turardi. Nima bo‘lgan edi o‘shanda?
—    E, esda yo‘q...
Esda bor. Salim Qaror kechki navbatchilikka qolganida qarashib yurgan kunlarim edi. Bosmaxona oxirga sahifani tayyorlab bergunicha birpas hovlini aylanay deb chiqib, qaytib kelsam — eshik berk. Qattiqroq siltab itargan edim, zanjiri omonat ekanmi, sharaqlab ochilib ketdi. Qarasam... birov yerga muk tushib yotibdi. Ustozim, Salim Qaror! Sharpani sezib, u apil-tapil yerdan nimanidir yigishtirib olib, stoli tagiga urib yubordi. Joynamozmi? Keyin belini ushlagancha inkillab o‘rnidan turdi-da, hadaha stol ustida yotgan allanimani kafti bilan bosdi va sath bo‘ylab surib borib, bilintirmaygina cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Qizil narsa, hujjatga o‘xshaydi...
—    Keling-keling, jiyanjon, sahifa hali tayyor bo‘lmabdi, — dedi Salim Qaror gunohkorona ohangda va nolish bilan ilova qildi: — Qurg‘ur bel og‘riydi. Shunga birpas yonboshlab olay deb...
Gapni olib qochishini! Namoz o‘qir ekansan, ochiq o‘qiyvermaysanmi, menga nima? Bundan chiqdi, kunduzlari meni nariga xonaga chiqarib yuborib... Uzoq-uzoq qolib ketsam ham indamasliganing sababi bu yoqda ekan-da, hah, mug‘ambir! Lekin, anovi nimarsa edi? Nega tura solib shunga yopishdi?..
O’sha oqshom Salim Qarorni tanib bo‘lmay qoldi. Allanechuk jonsarak, yaltoqi, odatdagidan sergap. Uzi choy damlab, menga manzirat qilgan. Sahifalarga to‘liq imzo chekib bo‘lindi hamki, uyga ketishga shoshilmaydi. Zarofatdan yiroq ko‘ringan to‘nkamijoz kimsa, mendan she’r tinglab charchamaydi. O’tgan-ketgan hangomalardan so‘z ochadi. «Otangizdan so‘rang-da». Ketayotganimizda, bobom tengi odam, ustozim, bir qadam uyimizga kajavali mototsiklida eltib qo‘ymoqni taklif qildi... Taajjub!
Salim Qaror ertasi ishga kelmadi. «Betobman», debdi sim qoqib. Ikki kundan keyin otpuska so‘rab o‘g‘li orqali ariza yubordi.
Bebosh qolganimni ko‘rib, muharrir meni intiq bo‘lib yurganim — madaniyat bo‘limiga o‘tkazdi. Sho‘xshan ulfatlar davrasida yurib, kuz kelib qolganini sezmabman. Sevimli Toshkentimga jo‘nadim.
Salim Qarorni boshqa ko‘rmadim. Keyingi yili kelganimda redaktsiyaga kirib surishtirsam, «Shu ukkag‘arni sen bir balo .kilib ketding-ov, shoir, — dedi kulib Nazir aka. — O’sha bo‘yi qaytib ishga chiqmadi. Ko‘z qurg‘ur xat ishiga yaramay qoldi, deb boshqa sohaga o‘tib ketdi. Bog‘dorchilik brigadasiga qorovul deb zshitaman. Ko‘cha-ko‘yda ko‘rinmaydiyam». Bu jumboqdan boshim qotdi.
Unutilmas ustozim haqida bilganim mana shular. Keyin-keyin u xotiramdan ham ko‘tarilib ketay degan ekan, bugun kelib...
Bog‘ko‘chalar bo‘ylab bir oz aylangach, devorlari nuragan, xarobroq hovliga yetib mashinadan tushdik. Ota-bola sipo tortib, qiyshayib qolgan qadimiy darvoza orqali «keling-keling»siz, to‘ppa-to‘g‘ri hovliga kirib bordik. Etakdagi egri o‘sgan olma tagida odam ko‘rinib, o‘sha yoqqa yurdik.
Zarang yerga to‘shalgan sholchada ikki-uch kishi «manqa» gurung qilib o‘tiribdi. Borib biz ham cho‘kkaladik. To‘rda, yuzlari qat-qat ajin, qabariq ko‘zoynak taqqan ko‘hna bir mo‘ysafid chilcho‘p oyoqlarini betakallufona chalchaytirgancha yostiqqa yonboshlab mudrab yotibdi. Beriroqda undan tetikroq yana bir qariya, to‘xtab-to‘xtab sherigiga gap beradi. Poygakda do‘ppi-belbog‘li kayvonisifat bir yigit. Gap-so‘zlaridan — marhumning jiyani. O’g‘li negadir ko‘rinmaydi.
Bosh irg‘ab salom-alik. Duoi fotiha. Keyin bafurja hol so‘rashuvga o‘tildi.
Fursatdan foydalanib men hovli-tuzga ko‘z yugurtirdim. Do‘ppidekkina, tor. Mahalliy sharoitga sira to‘g‘ri kelmaydi, bamisoli shaharhovli. Vaqti-zamonida birmuncha obodroq bo‘lgan uy-joy ham endi xarob, fayzi ketgan. Hammayoq patarot, olmalarni qurt kemirib yotibdi, kuzaki mevalarini g‘ubor bosgan, kahrabo tusda.
Kayvoni jiyan mendan qachon kelganimu necha kunga kelganimni so‘radi.
—    Ukaning shu odatlari ma’qul-da, — dedi so‘ng otamga yuzlanib. — Kelasolib darrov el-ulusning mavlid-ma’rakasini ko‘zlaydilar. Uzim ko‘rganman-da bir-ikkida. Sog‘ bo‘lsinlar. Rahmat. Savob. — Keyin, bir zum tin olgach, marhumning egasi sifatida, bu yerda o‘tirganlar necha bor eshitgan, yana eshitajak, o‘zi ham necha bor takrorlagan, tag‘in takrorlayajak o‘lim tafsilotini, taomil bo‘yicha, endi bizga so‘zlay boshladi: — Bilmadim, bippa-binoyi yurgan edilar. O’sha kuni deng, bir-ikki joyga ta’ziyaga ham boribdilar, qaytishda bozor-o‘char qilib keptilar ro‘zg‘orga. Baloday. Hech kimning xayoliga kelmagan. So‘ngra deng, bu endi peshin namozidan keyingi gap — Samievning oldiga jo‘nabdilar, direktorning. Shundan shu yoqqa. Piyoda. Oyoqlarida bodlari bor edi, keksa odam. Samiev bir vaqtlar qo‘llarida traktorchilik qilgan ekan, shuni orqa qilganlar chog‘i-da. Mana, o‘zlaring ko‘rib turibsizlar: hovli katalakday, boz ustiga, yarimchasi yo‘lga tushmoqchi. Gap o‘zimizniki-yu, qaynona-kelinning ham sobiqasi kelishmayroq qolgan. Shunga, ullariga bir parcha yer so‘ramoqchi bo‘lganlar-da, yangamizning aytishicha. Samiev nima depti deng: «NKVDda ishlaganingizda otamni qamatgansiz, sizga yer yo‘q». Nokasning gapini qarang! Shuncha zamon o‘tib, eski alaming endi, sovxozga direktor bo‘lganingda esingga tushdimi, nomard! Qamatgan bo‘lsa, otang biron ayb qilgandirki, qamatgan-da. Qolaversa, amakimiz milisada ozroq ishlaganlaridan xabarim bor edi-yu, — eski shapkalarini ho‘v yillari, bolalik-da, biz kiyib yurgich edik, — lekin NKVD-pnkvdsini eshitganimiz yo‘q.
Mudrab yotgan ko‘hna chol daf’atan jonlanib, luqma soldi:
—    E, o‘ vaqtlar o‘ning bari bir edi.
—    Birmidi, bir emasmidi, otasini tus amakim qamatganini kim isbotlaydi, bobo, qani?! — dedi tarafgir jiyan cholga «hujum» qilib. — Samievingiz u vaqtlar enasining qornidayam bo‘lmagandir. Hay, mayli, nimayam derdik endi! — So‘ng bizga o‘girilib, uzr so‘ragandek, gapini aybdorona ohangda davom ettirdi:— Amakimizni bilasizlar: sal haligiday, qizilroq edilar. Boz ustiga deng, keyingi vaqtda bu yerdagi g‘urbatlardan siqilibroq yurgan ekanlarmi, otashin bo‘lib, anovi gaplarini aytibdilar: «O’n to‘rt yoshimdan marksistman». «Bor, o‘sha Marksingga bor, Marksing yer bersin!» debdi-ya enag‘ar Samiev. Bo‘lgan gap shu. Qaytib keptilar, yangamizga picha hasrat qilgan bo‘lib, anovi supaga yonboshlabdilaru jonlari chiqibdi...
Xuddi shuni kutib turgandek, alhol qiziq ish bo‘ddi. G’ir-g‘ir esayotgan beozor shabada to‘zonga o‘xshab bir guvrandiyu girillab uchib kelgan qandaydir do‘ppi tepamizdagi olma shoxiga ilinib qoldi. Shamol tag‘in bir g‘ayrat ko‘rsatgan edi, shohdan uzilib, pastak devor osha qo‘shni hovli tomon parvoz qiddi.
Irg‘ib turib devor sari taYapingan jiyanni beri-roqda o‘tirgan qariya to‘xtatdi:
—    Hah, qo‘ying endi, Mardonboy, halizamon bolalaringiz ko‘tarib chiqadi. — Keyin miyig‘ida kulimsiragan bo‘lib dedi: — Rahmatlining boshida do‘ppi ko‘rganimiz yo‘q edi o‘zi.
Jiyan qaytib joyiga cho‘kkalarkan, xijolatomuz il-jaydi:
—    Yangigina edi. Hali kiyilmagan. Amakim shapka kiyardilar. Rasmiga deb osib qo‘ygan edik-da.
Shundagina ayvondagi dorga tashlab qo‘yilgan ki-yim-kechakka diqqat qildim. Marhumning usti-boshi. O’sha, ko‘zga tanish moshrang liboslar. O’sha kattakon bloknot, o‘sha rang-barang avtoruchkalar.
Chekkarokda, ustun qozig‘ida shumshayibgina bir dona oq yaktak osilib turibdi. Chamasi, do‘ppi shuning tepasida bo‘lgan. Omonatroq ilingan ekanmi qoziqqa...
Harchand urinmayin, rahmatlini bu yaktak, bu do‘ppida tasavvur qilolmadim. O’ ko‘proq anovi liboslarga loyiq edi. Galife bobo...
Keyin — xayr-xo‘sh. Xudo rahmat qilsin. Joylari jannatda bo‘lsin. Qolgan umrlari bizlarga — tiriklarga nasib etsin...
Kayvoni jiyan kuzatuvida ota-bola hovlidan chiqdik.
Qaytyapmiz.
—    Endi Bog‘bologa, — dedilar otam mashinani markazga yetmay yuqoriga burib. — Xalilovnikiga. Yaqinda ukasi mototsikddan uchib o‘ldi. Alomat yigit edi, qo‘li gul. Xalilovning uyini bilarsan, ho‘-o‘ terakzorning orqasida. Asom zo‘rga hamsoya-da.
—    Qaysi Asomni aytyapsiz? — deb so‘radim pari-shonhol. — Asom degan sinfdoshim bo‘lardi...
—    Ko‘nglingga olmagin-u, ulim, Asom zo‘rniki unutgan bo‘lsang, ancha begonalashib qolibsan.
Ko‘nglimga olmadim. To‘g‘ri-da, balki o‘sha men aytgan Asomdir. U ham bolaligida o‘lgudek zo‘mu zo‘ravon edi.
Yo‘dda gap aylanib, tag‘in Salim Qarorga ko‘chdi.
—    Boya shu odamni e’tiqodli edi, deb ta’rifladik, ota. Menimcha, u bor-yo‘ga oddiygina qo‘rqoq bo‘lgan, xolos.
—    Gapingda jon bor, ulim, — dedilar otam. — Stalin zamonida yurak oldirib qo‘ygani rost. Uni Termiz turmasida bir hafta kigizga o‘rab jabrlaganlar. «Kigiz jazosi» degan shunday bir qiynoq usuli bo‘lar ekan. O’z og‘zidan eshitganman. Kolxoz davrida bir kecha xirmonjoyda yotib qolib, mastlik bilan yig‘lab hasrat qilgan edi. Bilasanmi, uni nimada ayblaganlar? «Stalin»ga «betayin»ni qofiya qilgani uchun. Salim Qaror shoir edi-da, o‘-o‘, qanday shoir! G’azal yozardi, keyin shuni o‘zi qo‘shiqqa solib aytardi. Eshitganmiz-da. Biz unda bola edik.
Salim Qarorning «Biz ham yoshlikda yozar edik. Keyin, qofiyasini to‘g‘ri keltirolmay...» degan armonli so‘zlarini xotirladim. Gap bu yoqda ekan-da.
—    Ehtimol, o‘shanda, kigizga solib kiynaganlari-da, chidayolmay ayg‘oqchilikni zimmasiga olgandir? Haligi bobo bir nimaga sha’ma qilganday bo‘ldi-ku?
—    Bo‘lsa bordir, ulim. Neki sir-asrori bo‘lsa, o‘zi bilan olib ketdi endi. Narigi dunyosi obod bo‘lsin, deymiz-da, boshqa nimayam derdik? Rasmi, o‘lganning orqasidan bunday gaplar gapirilmaydi. Ikkovimiz ham gunohga botib bo‘ldik. O’zi qiziq-da: shularni naql qilmasang, yaxshi-yomonni qanday farqlaysan? Tiriklardan gapiray desang — ig‘vo, g‘iybat sanalsa... E-e, ulim, zamonasi ne-ne vallomatlarni mayib qilmadi! Mana shu Asom zo‘rni olaylik...
Xayolim chuvalashib ketdi.
Bog‘boloning dong‘i ketgan sarv teraklari bo‘y ko‘rsatib qolgan edi.
Otamning naqllari qulog‘imga uzuq-yuluq chalinadi:
—...NKVDning odamlari eshikda poylab turibdi. Qayoqdandir buni sezadi. Jon vahmi mansabning mazasiga qo‘shilib, g‘aladondan dumaloq muhrni oladiyu ko‘zini chirt yumib yutib yuboradi. Keyin shartta orqa derazadan tashlab qochadi. Shu ketganicha o‘n besh yillar deganda qaytib keldi. Qanday de? Kapitan libosida. Ko‘kraklarida turli-tuman nishon... Ukasini, o‘z ukasini qamatib yuborib, o‘rniga o‘tirdi. Uning xotiniga uylandi. Ko‘p xushro‘y juvon edi, Zaynab degich. Raislik qildi. Ho‘-o‘v yaqin yillarga dovur. Uka qaytib keldi.. Abgor... O’n yilcha oyoq-qo‘lidan ajralib, shol bo‘lib yotdi. Qilma — toparsan, deganlari shu-da.
—    Kimni gapiryapsiz, ota?
—    Asom zo‘rni-da, Asom zo‘rni. Sulaymonga yazna-pochcha bo‘ladi. Sulaymon esingdami, uyimizga kelib turardi-ku? Cho‘loq, yurganda bir oyog‘i g‘irchillaydigan? Senga yog‘och ot yasab bergan edi bolaligingda...
Asom zo‘r, Asom zo‘r... Ha-a, esladim, esladim... Keling, bunisi yanagi galga qolsin.

1991

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.