OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin Malik. Gul ishqibozi (hikoya)

Hoji ota sheriklari bilan nahor oshidan chiqib, kelgan joylarining bundoq rejasini olsa, kampiri davolanayotgan kasalxona juda yaqin ekan. Kampiri tushmagur ko‘rgani boraman desa, nuqul unamaydi. «Uyalarmish. Tavba, u uzatilmagan qiz-u, men uylanmagan yigitmidim, odamlardan uyalib. Gapini qaranglar».
Otaning sho‘xligi tutdi. Moshinadan tushib qoldi. Tushdi-yu, kasalxonaning haybatini ko‘rib, xato qilganini biddi. Kampirini qaerdan topadi? Na bo‘limini va na yotgan xonasini bilsa. Obbo... Hali darvozasi ham ochilmapti.
Quyosh endi tig‘ urib kelardi. Xayolida kasalxona g‘arq uyquda yotgandek ko‘rindi. E, so‘rab-so‘rab Makkani topishganida, bitta kampirimni topolmaymanmi? Alloh o‘zi mehribon...
G’ayrati qo‘zidi otaning. Bundoq qarasa, darvoza yonidagi kichkina eshik ochiq ekan. Daydi itlar kirib ketganidan bildi. Hoji ota ham o‘sha eshikdan kirib bordi. Qorovul dong qotib uxlab yotardi. Uyg‘otishga ko‘zi qiymadi. Bir odam qo‘lida ketmon bilan gul sutorib yurardi. Ota o‘sha yoqqa qarab yurdi. Haligi odam yerdan tosh olib, itlarni tirqiratdi. Ko‘zi otaga tushib qoldi-da:
— U, boboy, — dedi baqirib, — uyingizda eshik bormi, kirgandan keyin yopadi-da.
Tavba, ota kasallarni uyg‘otib yubormay deb hassasini yerga yumshoq bosib kelyapti-yu, buning shang‘illashini qarang. Na salom bor, na alik.
— Uzr, o‘g‘lim, men itlardan keyin kirdim, bu eshik shundoq ochiq turarkan deb o‘yladim.
— Yotibdimi anovi shishib... Qorovulmish, he, o‘rgildim...
— Ma’zur tutasiz, o‘g‘lim, kattalar bo‘limi shu yoqdami?
— Ha, borovring.
— Ayollar bo‘limi qaysi tomonda?
— Ayol-erkagi yo‘q, bari aralash-quralash.
Hoji ota ko‘p qavatli binoning marmar zinali eshigiga borganida ichkaridan bir xotin chelak ko‘tarib chiqib qoldi.
— Assalomu alaykum, qizim, — dedi dili yorishib, — Men kampirimni qidirib...
Otaning gapi og‘zida qoldi.
— Kirovring, aytishadi, — dedi ayol beparvogina. Tavba, odamlarga bir narsa bo‘lganmi o‘zi, na salom berishadi, na salomga alik olishadi-ya. Ayb o‘zida, saharmardondan kelib nimaydi, birovning dardi erta kirsa, kech chiqmas.
Shu payt zinada oyoq tovushi eshitildi. Hoji ota shu tarafga o‘girildi, bir, ikki qadam yurdi ham. Bir yosh qiz tepadan yugurib tushdi-da, otaning yonidan «lip» etib o‘tdi-ketdi. Ota og‘zini ochgancha qolaverdi. Nimadir tepaga chiqdi. Ota tavakkal deb tepaga ko‘tarildi. O’ng tarafdagi eshik ochiq ekan. Bo‘sag‘adagi lattaga oldin poyabzalini, keyin hassasini artib, gilam poyandozni bir-bir bosib, to‘rga qarab yuraverdi. Shu payt o‘rtaroqda oq xalatlik ayol ko‘rindi. U otaning yaqin kelishini chidam bilan kutib turdi.
— Assalomu alaykum, — dedi ota shipshigandek qilib, — men kampirimni qidirib keluvdim, — deb ismi va familiyasini aytdi.
— Unaqa xotin bizda yo‘q, boshqa bo‘limdan qidiring, — dedi ayol sovuqqina kilib. Shu payt otaning ko‘zi guldonga gul qo‘yayotgan bir erkakka tushdi. U otaga yelkasi osha qarab turardi. So‘ngra u ildam yurib keldi-da, hoji ota bilan kutilmaganda qadrdonlardek so‘rashdi.
— Ko‘zimga issiq ko‘rinyapsiz, mabodo Chinozdanmasmisiz?
Ota kulib, «yo‘q» degandek bosh chayqadi. Lekin yigitning samimiy iltifotidan, kimgadir o‘xshatganidan xursand bo‘lib ketdi.
— Mabodo Xizrmasmisiz? — deya yana murojaat qildi yigit, keyin zina tomon boshladi. Quchog‘ida bir dasta gul.
Ota yigitga qiziqsinib, boshdan-oyoq sinchiklab qaradi. «Hoynahoy shu yerning bog‘boni bo‘lsa kerak. Anovi sherigi gullarni sug‘oryapti. Bunisi kasallarning bahri dili ochilsin deb guldonlarga gul qo‘yib chiqyapti. Tavba, unisining muomalasi qandog‘-u, bunisiniki qandoq?»
— Xizrmisiz deganimga hayron bo‘lmang, — dedi yigit tabassum bilan, — men har kuni uyqudan oldin tushimga Payg‘ambarimiz (alayhissalom) kirsinlar, deb, Xudoyimga yolboraman, keyin erta bilan yana yolboraman, bugun Xizr bilan ko‘rishtirgin, deb. Xizr buva ham odamning ko‘ziga eski qadrdonidek issiq ko‘rinar ekan-da. Chinozdanmisiz deb so‘raganim, o‘zim chinozlikman.
Chol ovozini balandlatmay kuldi.
— Siz ham menga bir zumda o‘g‘limdek bo‘p qoldingiz, shu ikkovimizdan birimiz Xizrmiz-ov?
— Siz shu yerda o‘tirib turing, men manovi gullarni guldonlarga qo‘yish bahonasida, opoqimning qattaliklarini bilib kelaman, — dedi yigit.
Hoji ota yengil so‘lish olib, o‘rindikqa o‘tirdi. Bir beminnat dastyorni ro‘para qilib qo‘ygan Allohga shukrona aytdi. Ko‘p o‘tmay yigit qaytib keldi.
— Qarang, — dedi o‘sha samimiyat bilan, — opoqim bizzi bo‘limda ekanlar. Navbatchi xotindan so‘rab bildim. Yuring...
Yigit otani eshigi ochiq turgan bir xonaga boshladi.
— Qani, otam, o‘tiring, menga bir duo bering, bugun tushdan keyin ketaman, lecheniyalarim tugadi, — dedi u otani yuqoriga o‘tkazib.
— Ie-e, siz bu yerda ishlamaysizmi? Men sizni...
— Yo‘q, men gul ishqiboziman, — deya ustoli ustidagi kitobga o‘xshagan narsani olib, otaga namoyish qila boshladi yigit. — Qarang manovi gullarni, bari hovlimda o‘sadi. Bular mening o‘g‘il-qizlarim. Bular ham gul-da, a ota, — deya qiqirlab kuldi yigit. — Bola gul deganlar-ku. Men afg‘on urushida bo‘lganman. Tirik borsam, faqat gulchilik qilaman, deb niyat qilgan edim. Axir bizda gul yaxshi kunlarga olib boriladi-da, nima dedingiz, ota? U yoqlarda gul ko‘rmadim, bechoralar urishovrib gul ekishni ham eslaridan chiqarib yuborgan ko‘rinishadi.
Ota albomdagi gullarni ko‘rib, yigitning bolalardek beg‘uborligidan zavqlandi, ta’sirlandi. Keyin uni duo qildi.
Yigit ko‘rsatgan boshqa bir xonadan kampirini topdi. Kampiri xonada yolg‘iz ekan. Bahavo ayvonchaga chiqib, suhbatlashib o‘tirishdi. Bir mahal pastdan gul ishqibozining ovozi yangradi:
— Assalomu alaykum, otaxon, assalomu alaykum, opoqi, qalay mazza qilyapsizlarmi?
Ota, «ha» degandek yigitga ko‘l siltab jilmaydi.
— Hah, o‘lsin, tomi ketgan, — deb kampiri yuzini teskari burdi. — Ertadan kechgacha salom berovrib, mulozamat qilovrib kasallarning joniga tegib ketadi. Odam degan sal og‘ir bo‘lsa-da...
Ota ichida «qaniydi hammaniyam shunaqa tomi ketsa» dedi-yu, kampirini topgunicha bo‘lgan sarguzashtlarini aytib o‘tirmadi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.